Rasulxon Abdumajitov. «O‘pqon» (1990)

«Biz nomatlub (pinhoniy) iqtisodiyotning ta’siri ortib borayotganligiga ham beparvo qaray olmaymiz, talay joylarda ana shu «nomatlub iqtisodiyot» ayrim huquqni muhofaza etish organlari bilan til biriktirib olmoqda. Xo‘sh, bundan kim ko‘proq ozor chekayapti?»

(O‘zbekiston Kompartiyasining XXII s’ezdi materiallaridan).

Mamlakatimiz yangi iqtisodiy siyosat arafasida turipti. Uning qay yo‘sinda borishi, ochig‘ini aytganda, mutaxassislarning qizg‘in bahs va munozaralariga sabab bo‘layotir. Shubhalar, gumonlar, haddan ziyod ehtiyotkorlik kelajak ishini bir qadar paysallashtirmoqda. Ayniqsa turli ijtimoiy miqyosdagi to‘siqlar mamlakat iqtisodiy ahvolining qad rostlashiga jiddiy ta’sir ko‘rsatayapti. Boshqaruvning uzoq vaqt davom etgan ma’muriy-buyruqbozlik usuli mamlakat iqtisodini boshi berk ko‘chaga solib qo‘ydi. Boshboshdoqlik avj olgani sari mamlakat ko‘lamida maxfiy iqtisod siyosati ildiz otdi, pulning qadrsizlanishi kuchaydi. Nazoratsizlik, shubhasiz, qora guruhlarning boshini tez biriktiradi. Shunday ham bo‘ldi.

Agar iqtisodiyotimiz bir ulkan daryo bo‘lsa, uning o‘pqonlari maxfiy iqtisodiyotdir. Ana shu o‘pqonning paydo bo‘lishi va ichki tuzilishi nihoyatda murakkab — iqtisodiyotda inqiroz chuqurlashgani sari uning miqyosi ortaverdi. Hozirgi kunda maxfiy iqtisodiyot ijtimoiy va iqtisodiy munosabatlarning turli ko‘rinishlarida, xalq xo‘jaligining barcha sohalarida hamda ma’muriy-boshqarish apparatining quyidan yuqorigacha bo‘lgan bo‘limlarida goh yashirin, goh ochiq o‘zini namoyon qilib turibdi. Xo‘sh, maxfiy iqtisodiyotning o‘zi nima?! U qanday paydo bo‘ladi?!

Qadimdan jahonning barcha davlatlarida mavjud bo‘lib kelgan iqtisodning bu turi rivojlangan kapitalistik mamlakatlarda milliy daromadning 5 — 7 foizini tashkil qiladi. Bizda esa u 17 — 18 foizga chiqib ketgan.

Mamlakat iqtisodiyotining markazida taqchillikning turg‘un bo‘lib qolishi, pul siyosatining kuchayishi rasmiy iqtisodiyotni ojizlantirib, maxfiy iqtisodiyotni ko‘chaytirib yubordi, aholi daromadining o‘sishi 1989 yilda 1988 yilga nisbatan 64 milliard so‘mni, ya’ni 12,9 foizni, xalq iste’moli mollarini ishlab chiqarish esa 30 milliard so‘mni, ya’ni 7 foizni tashkil qildi. Korxonalarda, xo‘jalik faoliyatini yangicha yuritish mahsulot bahosini oshirish imkonini tug‘dirdi. Natijada narx-navo ortib ketdi, aholi daromadining o‘sishi esa, ana shu hisobga ta’minlandi.

Maxfiy iqtisodiyot qonundan tashqari shaxsiy va artellar faoliyatida ham namoyon bo‘ladi. Bunda xususiy ustalar, shirkat, artellar ortiqcha mahsulot ishlab chiqarib, ana shu «ortiqcha»dan davlat hisobiga soliq to‘lamaydilar.

Ishlab chiqarish vositalarini chayqov bozorida sotilishidan keladigan daromad ham maxfiy iqtisodiyotning cho‘ntagini qappaytiradi, bunda olibsotarlar chayqov bozorini kengaytirib, «dirijyorlik» qiladilar.

Maxfiy iqtisodiyotning yashovchanligiga sabab doimiy ravishda partiya, davlat-xo‘jalik, huquqiy tashkilotlardagi shaxsiy manfaatdor kishilarning qo‘llabquvvatlab turishidadir. Uyushgan jinoiy guruhlarning vujudga kelishi va rivojlanishi jamiyat inqiroziga va ijtimoiymulkiy yemirilishga olib keladi.

1985 yilga kelib jamiyatimizda maxfiy iqtisodiyotning dastlabki faoliyati mustahkamlanib, mustaqil yo‘lga kirib oldi. Shuning uchun ham uning tazyiqini barcha fuqarolar seza boshladilar. Bizning jumhuriyatimizda uning urchishiga xalq va partiya hozirgi kunda inkor etib turgan ma’muriy-buyruqbozlik usuli sabab bo‘ldi. Masalan, paxtachilik sohasida «paxta mafiyasi» vujudga keldi va uning o‘lchami 2,5 milliard so‘m deb belgilandi. Shu summadan 800 million so‘m jumhuriyat ichida qolgan bo‘lsa, qolgani paxta xomashyosi borgan joylarda suv bo‘lib ketdi. Bu raqam mamlakat maxfiy iqtisodiyotining 2—3 foizini tashkil qiladi.

Mamlakat bo‘yicha maxfiy mablag‘ni olimlar 110 milliard deb belgilashmoqda. «Paxta ishi»dan tashqari fosh bo‘lgan eng katta uyushgan iqtisodiy jinoyatlardan «Okean» (kit ovlovchi «Slava» kemasi), «Rostovliklar ishi», «Volgogradliklar», «Moskvalik», o‘tgan yilgi «Karpovliklar» va «Xarkovliklar» ishi shular jumlasidandir. Mamlakat bo‘yicha aholiga har xil pinhoniy xizmat qiladigan xususiy kishilarning yillik daromadining yig‘indisi 14 — 16 milliard so‘mni tashkil etadi. Temir yo‘lda sodir bo‘layotgan o‘g‘irliklardan rasmiy iqtisodiyot 10 — 12 milliard so‘m zarar ko‘radi.

SSSR Ichki ishlar ministrligining ma’lumotlariga qaraganda, keyingi ikki yilda mana shu sohada 50 mingdan ko‘proq jinoyat sodir etilgan bo‘lib, asosan chet el mollari o‘g‘irlangan. O‘g‘irlangan mollar asosan chayqov bozorida taqsimot qilinib 2 — 3 barobar qimmatiga sotiladi. Bir yil davomida kishilarning do‘konlar orqali kiyim-kechak xarididagi farq 4 — 4,5 milliard so‘mdan ortib ketgan. Ana shu ortiqcha pul cho‘kib qoladi. Bu esa o‘z navbatida pulning qadrsizligini ta’minlaydi. Savdo muassasalaridagi kamomad ham 171 million so‘mdan ortib ketdi. Andijon shahri bitta ulgurji savdo ombori va bir do‘konning o‘zi 1,26 million so‘m kamomad keltirgan. Aholidan mahsulot sotib olish borasidagi tayyorlov ydoralarining firibgarliklari mamlakatda keng tarqalgan bo‘lib, ular mehnatsiz daromadning ming xil usullarini o‘ylab topishadi. Shulardan eng yiriklari navini almashtirish, sifatini pasaytirish, ifloslik darajasiga qarab o‘zlari xohlaganday narx qo‘yib qabul qilishdir.

Iqtisodiy vaziyatning murakkablashishi chayqovchilik miqyosini yanada kengaytirib yubormoqda. 1989 yilda o‘ziga to‘q oilalarning uchdan ikki qismi olib-sotarlardan mol xarid qildilar. Mamlakat bo‘yicha har bir oila o‘rtacha o‘z jamg‘armasidan 60 so‘mdan zarar ko‘rgan bo‘lsa, Gruziyada — 140, Turkmaniston va Moldaviyada — 80, jumhuriyatimizda — 70 so‘mni tashkil qilgan. Chayqov bozoridagi korchalonlarning foydasi 1,3 milliard so‘m bo‘lib, shundan kiyim-kechak olib sotishdan 350 million, poyabzaldan 250 million, gazlamalardan 110 million, attorlik mollaridan — 100 million, qurilish jihozlaridan 90 million so‘m olib-sotar va ishbilarmonlarning hamyoniga tushgan. Davlat savdo muassasalaridagi qo‘li qing‘ir xodimlar ham mollarga «ustama» qo‘yib sotish bilan 180 million so‘m daromad qilganlar. Shu yilning o‘zida mayda olib sotarlar soni 1,3 marotaba ko‘paygan. Aholining ishsiz, kasb-kori yo‘q qismi borgan sari mayda chayqovchilar «qo‘shini»ni to‘ldirib bormoqda. Huquq-tartibot idoralari bularga qarshi kurashib, biror ijobiy natijaga erisha olmayotirlar.

Maxfiy iqtisodiyotning rivojlanishida ulgurji va chakana bahoning muvofiqlashtirilmagani ham bir omildir. Masalan, yonilg‘i savdosi sohasida o‘ziga xos «qirollar» vujudga kelgan bo‘lsa, spirtli ichimliklar savdosi bilan shug‘ullanadigan restoran bufetchilarining tegirmoniga ham suvday foyda quyilib turdi.

Yonilg‘ining yarmini avtomashina egalari tuynukdan oladigan bo‘ldilar. Natijada davlat 2 milliard so‘m zarar ko‘ra boshladi. Yonilg‘ining sun’iy ravishda taqchillashtirish sababli qurilish ishlarining bajarilmasligidan davlat 3 — 4 milliard so‘m zarar ko‘rdi.

Pinhoniy iqtisod o‘pqonida turli zararkunandalik — vagonlarga mahsulot hajmini kam yuklab, bir-birini aldashlar ham sodir bo‘lib turadi. Bunday hollar xalq xo‘jaligiga ming-minglab so‘m zarar keltiradi. Masalan, SSSR Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining davlat nazorati ma’lumotlarida qayd etilishicha, 1989 yilning 9 oyi mobaynida dengiz, quruqlik chegara qarorgohlariga 8,5 ming chet savdoga chiqarilayotgan «Jiguli» avtomashinasi yaroqsiz, singan, urilgan, o‘g‘irlangan holda keltirilgan, yukxonalarga joylangan mahsulotlar esa haqiqiy og‘irligiga nisbatan 10 — 12 foiz kam bo‘lib chiqqan.

Xalq mulkining talon-taroj yoki isrof bo‘layotganiga yana bir sabab, yuk tashiydigan temir yo‘l xizmati sohasidagi xizmat usulining nomutanosibligidir. Bu sohada tashib ketiladigan yuklarning «yo‘qolishi tabiiy hol» deb qabul qilingan g‘alati aqida bor. Masalan, don mahsuloti yaxshi muhofaza qilingan poyezd yukxonalarida tashilganda har ming kilometrda 2 tonna, oddiy yukxonalarda tashilganda 3,9 tonna isrof bo‘lishi tabiiy hol, deb qaraladi. Aslida mana shuncha miqdordagi don mahsuloti isrof bo‘lmaydi, yiliga 55 — 115 ming tonna don, so‘mga aylantirilganda 9 — 20 million dollar xususiy kishilarni boyitishga xizmat qiladi. Shuningdek, tsement va boshqa sochiladigan qurilish jihozlari ham shu tariqa davlat cho‘ntagidan o‘marib qolinadi.

Bundan tashqari mahsulot sifatini ataylab buzish hollari ham taqchillikka olib keladigan omildir. Masalan, go‘sht mahsulotlaridan kolbasa tayyorlashda korxonada namlik 1 foiz oshirilsa, 1 tonna go‘sht; gazlama fabrikasida bir qatim ip chegirib qolinsa, 500 metr gazlama «daromad» manbaiga aylanadi. Ish jarayonining ipidan ignasigacha yaxshi bilgan ayrim guruhlar shu tariqa xalq mulkini shaxsiy ehtiyojlarini qondirishga xizmat qildiradilar.

Dastaklarga murojaat qilaylik; 1989 yilda Olmaliq shahridagi Tog‘-metallurgiya korxonasida mis eritish zavodidagi tashlandiq g‘ishtlarni uddaburon jinoyatchilar qayta ishlash jarayonida oltin, kumush olishib chayqov narxida sotishgan. Jinoyat fosh qilingach 11,5 million so‘mlik qimmatbaho metall, xomashyo, oltin va kumush mahsulotlar davlat hisobiga o‘tkazildi. Bular fosh bo‘lgandan keyin, ikkinchi guruh ularning tajribasini qo‘llab, yana ish boshlab yubordilar. Bular ham ichki ishlar xodimlari tomonidan qo‘lga olinib, ulardan 640 ming so‘m miqdoridagi 80 kilogramm kumush qaytarib olindi.

Bunday qing‘ir ishlar qurilish sohasida ham ko‘plab uchraydi. Moliya ishidagi xo‘jasizlik oqibatida turli darajada moddiy mablag‘ rasmiylashtirilgan holda o‘zlashtirilib yuboriladi. Masalan, obodonlashtirish ishlari avval rejalashtirilmagani uchun hukumat mablag‘ ajratmaydi. Joylarni obodonlashtirish esa zarur, chunki aholi yakdillik bilan shuni talab qilayapti. Bunday holda joylardagi yirik korxonalar zimmasiga obodonlashtirish ishlari yuklatiladi. Biror qishloq yaqinida bekat quriladigan bo‘ldi, deylik. Mana shu vazifa yuklatilgan tashkilot ma’muriyati uni o‘z mablag‘i hisobiga qurishi kerak. Bekat belgilangan muddatda qurib foydalanishga topshiriladi. Uni qurish uchun, deylik, 3 ming so‘m sarflandi, deb hujjatlar rasmiylashtiriladi. Aslida mazkur bekatning bunyodga kelishida bir-bir yarim ming atrofida mablag‘ sarflangan bo‘ladi. Qolgan bir yarim ming so‘m quloqning boshida turganlar tomonidan o‘zlashtiriladi. Vassalom.

Shu singari jamiyatning illatlari ma’naviyatga ham kelib taqaladi. Pinhona iqtisodiyotda fohishalarning ham o‘z o‘rni bor. Ular hukumat bilan hech qanday oldi-berdi qilmaydilar.

Tadqiqotchilar ularni uch tabaqaga bo‘ladilar. Birinchisi, oliy tabaqa bo‘lib, ular uy-joyga, oliy ma’lumotga, xizmat joyi yoki lavozimga egadirlar. Ular asosan mansabdor shaxslar, chet elliklar bilan aloqada bo‘ladilar. Bir kunlik baho — 100 so‘mdan yuqori! Oliy tabaqadagilarning 19,5 foizi «daromad»ning bir qismini jamg‘arib ham boradilar. Ikkinchi tabaqaning bir qismi ish joyiga va oliy, o‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lib, bir qismi ish joyidan ajralgan, restoran, mehmonxonalarda sang‘ib yuradiganlar. Bu tabaqadagilarning soni ortib bormoqda. Ularning 7,5 foizi kelajak uchun mablag‘ ham jamg‘aradi. Uchinchi tabaqadagilar qorin to‘yg‘azish uchun va spirtli ichimliklar uchungina fohishalik bilan shug‘ullanadilar, vokzallarda, ko‘chalarda tunaydilar. Kunlik daromad — 10 — 15 so‘m. Fohishalar asosan yirik shaharlarga tanda qo‘yishadi…

«O‘pqon»da harakat qilayotgan jinoyatchi, chayqovchi, o‘g‘ri va fohishalar jamiyatimizning xavfli yarasi bo‘lib, tezroq tuzatilmasa, gazak otib kuchayib ketaveradi. Ular millionlab fuqarolarning turmush tarziga iqtisodiy, ma’naviy jihatdan raxna soladilar, mamlakat iqtisodiyotining barqarorlashuviga to‘siq bo‘lib qolaveradilar.

Rasulxon Abdumajitov, Iqtisod fanlari nomzodi, jamiyatshunos.

«Guliston» jurnali, 1990 yil, 2-son