Ochil Tog‘ayev. Qanoti qayrilgan lochin (1989)

Milliy nigilizm haqida adabiyotchining shaxsiy mulohazalari

Toshkentdagi Navoiy nomidagi akademik Katta teatrga tantanali yig‘ilish qatnashchilarini tabriklash uchun kelgan pionerlar teatrdan hafsalasi pir bo‘lib qaytib chiqdilar. O‘sha yillari mafkura mutasaddisi bo‘lgan amaldor yig‘inni ona tilida tabriklashga ruxsat bermagandi. Yetmishinchi yildagi bu voqea meni hozir ham ruhan bezovta qiladi. Ijtimoiy hayotni tuyg‘ular orqali anglay boshlagan murg‘ak qalblarda o‘sha voqea qanday jarohat qoldirganini tasavvur eta olasizmi? Balki, ulardan keyinchalik ona tiliga, milliy udumlarga bepisand, maslaksiz shaxslar, amaldorlar shakllangan bo‘lsa ajab emas.

Shaxsiyatparastlik zulmi hukm surgan yillarda o‘z xalqining milliy ruhiga, urf-odatlariga, tiliga atayin mensimay, past nazar bilan qarovchi amaldorlar tabaqasi vujudga kelgan edi. Bu ijtimoiy hodisani Chingiz Aytmatov milliy nigilizm deb ataydi. Milliy nigilizm qanday kelib chiqqan, uning ijtimoiy mohiyati nimadan iborat?

Bu hodisa, avvalo, milliy ruh, milliy g‘urur, milliy iftixorning qattiq jarohatlanishi oqibatidir. Milliy g‘urur, obrazli aytganda, ona yurt osmonida parvoz etayotgan lochin. Bu ehtirosli go‘zal qushning parvozi ko‘plarni o‘ziga mahliyo etib, ularda qanot paydo qilishi, ommaviy ruhiy ko‘tarinkilik vujudga keltirishi mumkin. Milliy g‘ururi butun, ruhan bardam xalqni esa har kim xohlaganicha idora qilishi qiyin. Shu sababli har bir bosqinchi hukmdor qaram xalqqa nisbatan o‘ziga xos mutelik kontseptsiyasini yaratadi.

Milliy ruh, milliy iftixorni barbod etish ijtimoiy mutelik kontseptsiyasining bosh yo‘nalishi edi. Ma’lumki, tarix xalq xotirasi, milliy saboq-tajriba, milliy iftixor xazinasidir. Shaxsiyatparastlik hukmronligi xalq tarixiga qulf soldi, tarixni mustaqil o‘rganish, tarix saboqlaridan erkin bahramand bo‘lish man’ etildi. Tarixning muayyan sadolari, nodir belgilari ham shafqatsizlik bilan barbod qilindi. Biror kishining uyidan eski o‘zbek yozuvida bitilgan kitob, qo‘lyozma topilsa, o‘sha xonadonning boshiga qora kunlar tushdi. Odamlar qadimiy nodir qo‘lyozma asarlarni ta’qib tahlikasi ostida yo‘q qildilar. Qadimiy o‘zbek me’morligi yodgorliklari ham atayin qarovsizlik va boshqa sabablarga ko‘ra xarobaga aylana boshladi. Buxoroda tarixiy me’morlik yodgorliklari buzib tashlangan yoki buzilib yo‘q bo‘lgan. Samarqandlik keksa Bibixonim madrasasini bir guruh yoshlarga tushuntirayotgan otaxonni grajdan kiyimidagi ikki shaxs, eskilikni targ‘ib qilayotgailikda ayblab, qo‘lidan tutib olib ketganligini afsus bilan so‘zlab bergan edi.

Har bir xalq tarixining istiqbolga nur sochuvchi, uzoq-uzoqlarni yorituvchi o‘z mash’allari bo‘ladi. Bular xalqning kelajakka taqdim etgan umrboqiy farzandlaridir. Xalqqa uning buyuk fareandlari orqali baho beradilar, deydi Rasul Hamzatov. Xalqni ma’naviy mayib-majruh etishning birdan-bir yo‘li uning iftixor mash’allarini yo‘qotishdir. Mahkamachilik xalqimiz tarixidagi hamma nurli nuqtalarni o‘chirishga urindi. Xalq ozodligi, mustaqilligi uchun mardlik ko‘rsatgan fidoyi qahramonlar — Temur Malik, Jaloliddin Manguberdi va boshqa tarixiy shaxslar haqida tuzukroq ma’lumotga ega emasdik, ularning qora surkalgan qiyofalarini xiyol tasavvur etardik, xolos. Amir Temurni buyuk sarkarda sifatida tilga olish katta gunoh sanalar, Zahiriddin Muhammad Bobur faoliyati va ijodi siyosiy shubha ostiga olingandi. Xalq iftixorini qatag‘on etish siyosati sovet davriga nisbatan ham davom ettirildi. Chorakam bir asrlik taraqqiyotimiz davomida xalqimiz tig‘ tegmagan birorta siyosiy iftixorga ega emas. Iftixori yo‘q xalq boshi egilgan mute xalqdir.

Tarix — xalqning ota-onasi. Ota-onasidan uzoq xabar olmagan, undan yuz o‘girgan farzandni, ayonki, el nafratlaydi, oqpadar, deb ataydi. Butun bir xalq chorakam bir asr o‘z tarixidan majburiy judolikka uchradi. Tarixi yo‘q xalq bamisoli ildizi kesilgan daraxt. U asta-sekinlik bilan qurib-chirib tugaydi. Shaxsiyatparastlik hukmronligi tomonidan ishlab chiqilgan intellektual genotsid shunday razil maqsadni ko‘zda tutar edi.

Mutelik kontseptsiyasining yana bir yo‘nalishi ko‘rqitish siyosati edi. Qo‘rqitish siyosati tarixda yangilik emas. Buni XIII asr hukmdori Chingizxon ham o‘z bosqinchilik yurishida qo‘llagani ma’lum. Chingizxon yirik-yirik shaharlarni yer bilan yakson etib, aholisini batamom qirib tashlagan edi. Masalan, bosqinchilarga qarshi bir necha bor bosh ko‘targan ko‘pming kishilik Hirot shahri xarobalari ichida 15-20 kishigina tirik qolgani haqida tarix darak beradi.

Qo‘rqitish — shaxsiyatparastlik hokimiyatining siyosiy mafkura quroliga aylangan edi. Taniqli sovet dramaturgi A. Afinogemovning «Dahshat» (1931) pesasi qahramoni Borodinning quyidagi so‘zlari o‘sha mudhish muhitning ijtimoiy iqlimini ifodalaydi: «Tekshirishdan o‘tkazilganlarning sakson foizi ijtimoiy tayanchdan mahrum bo‘lib qolish vahimasi, do‘q-po‘pisa, qo‘rquv tahlikasi ostida yashardi. Sutchi sigirining musodara qilinishidan, dehqon majburiy kollektivlashtirishdan, sovet xodimi doimiy tozalashdan, partiya xodimi og‘machilikda, ilmiy xodim ideallashtirishda ayblanishdan, texnika xodimi zararkunandalik aybidan qo‘rqadi biz buyuk dahshat davrida yashayapmiz».

Milliy respublikalarda qo‘rquvlarning bari bir nom ostiga jamlanadi. Bu — millatchilik tamg‘asi edi.

Millatchilik nima? O‘z xalqining milliy xususiyatlarini oshirib ko‘rsatish orqali uni boshqa xalqdan ustun qo‘yish, o‘zga millat va elatlarga bepisand munosabatda bo‘lishdir. Gitlerchilarning nemis millatini oliy irq hisoblab, boshqa xalqlardan ustun qo‘yish, ularni bo‘ysundirish siyosati millatchilikning yovuz ko‘rinishi edi.

Sovetlar mamlakatida yangi inqilobiy g‘oyalar va tuyg‘ular bilan qanotlangan xalqlar orasida bunday mash’um illatning bo‘lishi mumkin emas edi. Milliy uyg‘onishni ataylab millatchilik, deb talqin etish siyosati xalqlarni og‘ir kulfatga mahkum qildi.

RKP(b) Markaziy Komitetining milliy respublikalar va oblastlarning mas’ul xodimlari bilan o‘tkazgan to‘rtinchi kengashida (1923) so‘zga chiqqan F. Xo‘jayev va A. Ikromov mehnatkash xalq dardini ochiq aytdilar. Ular V. I. Lenin tirikligida marksistik demokratiyadan foydalanishga, mustaqil muhokama yuritishga jur’at etgan edilar. Lekin ularning bu xatti-harakati qattiq zarbaga uchraydi, faoliyatdan chetlashtiriladi, hibsga olinadi. «Ayniganlar va buzilgan, sinfiy jihatdan yot, millatchi va shovinist unsurlar fosh qilinib, partiyadan haydalayotirlar», deb yozgan edi «Qizil O‘zbekiston» gazetasi 1934 yil 10 sentyabr» sonida. Bu kishilar aslida millatchilikning mohiyatini to‘la anglab yetmagan, «milliy og‘ish»larni xayoliga ham keltirmagan kishilar edilar. Bu kampaniya qildan qiyiq axtarish, tirnoq ostidan kir qidirish, kishilar faoliyatini teskari talqin etish orqali mutelik falsafasini xalq ongiga singdirishdan iborat siyosiy tadbir edi.

F. Xo‘jayev va A. Ikromovning 1937 yili soxta ayblar bilan qatl etilishi «millatchilikka og‘ish» kampaniyasining avj nuqtasi bo‘ldi. Quyidagi afrika xalq rivoyati qo‘rqitish siyosatining asl maqsadini ramziy aks ettiradi. O‘rmon podshosi Sher topshirig‘i bilan o‘ljani taqsimlagan tulki go‘shtning eng katta, lahm joyini Sher oldiga qo‘yadi. Sherning «Bunday aqlni kimdan o‘rganding?», degan savoliga tulki o‘ljani hammaga baravar taqsimlagani uchun Sher yorib tashlagan maymun jasadiga ishora qiladi: «Ana undan!»

Ziyoli — xalqning guli. U jamiyatning harakat tomirlarini ongli tafakkuri va ichki sezgilari orqali nozik fahmlay oluvchi va haqqoniy baholay oluvchi toifa. Shu tufayli mahkamachilik ongli ziyolidan qo‘rqib, unga qarshi millatchilik tuzog‘i tayyorladi. Bu — xalqni ma’rifatdan, o‘zligidan judo etishning boshlanishi edi.

Bunday siyosat ezgu milliy axloqiy tuyg‘ularni ostin-ustun qilib yubordi. O‘z otasini sovetlarga qarshi zararkunandalikda ayblab, ma’lumot bergan o‘g‘li zamon qahramoni, deb madh etildi. Odamlar ezgu milliy udumlar, aqida va tushunchalarga teskari harakat qila boshladilar. Bu — oyog‘ini osmonga ko‘tarib qo‘li bilan yurishdek gap edi. Barcha tarixiy-milliy obidalarni nafratlash va yo‘q qilish boshlandi. Bu — ota-bobolar qabrini, ajdodlar xotirasini buzishdek gap edi.

Qo‘rqitish siyosati oqibatida xalqning haqiqiy guli yo‘q qilingan bo‘lsa, boshqa bir beqaror toifasida ma’naviy aynish yuz berdi. Bu — sharoitga moslashish, itoatkorlik, qullik zanjiriga ixtiyoriy bo‘ysunish edi. Qullik, mutelik falsafasi uzoq yillar qoniga singib, zot belgisiga aylangan amaldorlar toifasi paydo bo‘ldi.

Yuqorda zikr etilgan lochinni eslang. Mahkamachilik o‘qi milliy ruh timsoli lochinning qanotini jarohatlaydi. O‘rmalab yura boshlagan, bamisoli tovuqqa aylanib qolgan lochin hamisha ezgu orzu-parvozni qo‘msaydi. Butun vujudi bilan shunga intiladi. Tovuq parvoziga tenglashib, devorlar ustiga ko‘tariladi. Daraxtlarga uchib chiqib, parillab pastga tushganidan zavq oladi. Unga egalari parvozni va’da qiladilar. Biroq, bu va’da hech qachon bajarilmaydi. Lochin parvoz uchun hamma narsaga tayyor. Parvozparastlik tuyg‘usi mahalliy rahbar bo‘ynidagi sirtmoq. Qayga yetaklasa — ketaveradi, nima buyursa — bajaraveradi!

Xullas, millatchilik g‘oyasining g‘arazli maqsadlarda suiste’mol qilinishi milliy nigilizmni keltirib chiqardi. O‘znikini kamsitib ko‘rsatish, o‘zganikini oshirib madh etish ruhi paydo bo‘ldi. Bu ruh rahbar kadrlar ma’naviyatida muayyan taomil sifatida tobora chuqurlashib bordi. Nimaiki o‘z xalqi fazilati belgisi bo‘lsa, hammasini yerga urish, qoralash, kamsitish ularning falsafasi edi. O‘zinikini ko‘rsatish ruhi qanchalik qoralangan bo‘lsa, o‘zganikini oshirib madh etish, unga sig‘inish shunchalik rag‘batlantirildi. O‘zganikida viqor ko‘rish, o‘zinikini inkor etish — milliy nigilizmning bosh kontseptsiyasidir.

Milliy inkor ruhi respublikalarda siyosiy-ma’muriy huquqlarni tobora cheklash asosida kuchaytirib borildi. Stalin sotsialistik respublikalar ittifoqini shaklan joriy etgan bo‘lsa-da, amalda respublikalar huquqini cheklab, uning mohiyatini, Lenin iborasi bilan aytganda, «manfur avtonomiyalashtirish» kontseptsiyasi darajasiga tushirib qo‘ygan edi.

Milliy ruh va udumlarga g‘oyat ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish, har bir xalq tili o‘z respublikasida amal qilishi haqidagi Lenin ko‘rsatmalari, umuman, demokratiya va oshkoralik printsiplari mahkamachilik yillarida oyoq osti qilindi.

Respublikalarda o‘ttizinchi yillarning o‘rtalarida boshlangan bu siyosiy genotsid elliginchi yillarning o‘rtalarigacha davom etdi. Milliy ziyolilarning iste’dodli qismi uzluksiz ravishda yo‘q qilib borildi. Iste’dodli olimlar, adiblar shunday fojiali qismatga duchor bo‘ldilar Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Usmon Nosir, Abdulhamid Majidiy va boshqalar noqaq o‘limga maqkum etildilar. Bir keksa bolshevikning xotirlashicha, F. Xo‘jayev qamoqqa olinganda u bilan suratga tushgan ellikka yaqin mutlaqo begunoh kishilar bir-ikki kun ichida supurib olinib, dom-daraksiz yo‘q qilingan ekan. Xullas, millatchilik tamg‘asi mahalliy o‘zbek ziyolisi, milliy kadrlar boshi uzra doimo tahdid solib turgan ajal shamshiri edi.

Rahbarlik — siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy madaniy g‘oyaning hayotga amaliy tatbiq etilishidir. Bu — har bir boshliq o‘ziga xos ijodiy rahbarlik uslubiga ega bo‘lishi demakdir. Respublikaning suveren mustaqilligini cheklash milliy rahbar kadrlarni ijrochi malayga aylantirib qo‘ygan edi. Rahbarlikda nomustaqillik — noumidlik, teran fikrlay olmaslik, uzoqni ko‘ra olmaslikdir.

Millatchilik vahimasiga duchor bo‘lgan amaldor yuqoridan ma’qullangan rasmiy ko‘nikma va andozalar bilan ish ko‘radi. Siyosiy anzoda ma’muriy andozani tug‘diradi, ma’muriy andoza hayotiy-maishiy andozaga olib keladi. Andozaparast amaldorning yo‘li bexatar, shuhrati baland. Andoza bilan yashash va ishlash uning qiyofasida ijtimoiy va ruhiy iskanja vujudga keltiradi. Ittifoq siyosiy-nazariy andozasini mahalliy xalqlar hayotiga ko‘r-ko‘rona tatbiq etish shaxsiyatparastlik davrining kasofati edi. Kollektivlashtirish tezislari mahalliy-milliy tahrir o‘zgarishsiz qabul etildi va tatbiq qilindi. Markaziy Rossiya bilan O‘rta Osiyoning iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy taraqqiyoti bir-biridan keskin farqlanishiga qaramay, ikkala regionga ham bir xil stalincha tezlashtirish siyosati qo‘llanildi. O‘zbek qishloqlariga joriy etilgan yangi tuzum odamlarning uzoq o‘tmishdan davom qilib kelayotgan turmush tarzi, ruhiyatiga keskin zid kelib qoldi. Ijtimoiy-ma’naviy qarshilik ko‘rsatish ruhi zo‘ravonlik qahr-g‘azabiga uchradi. Bunday ziddiyat juda katta jismoniy, ma’naviy falokatlarni tug‘dirdi. Majburiy jadallashtirish zarbi ostida vujudga kelgan ruhiy-ma’naviy karaxtlik, mutelik hozir ham davom etmoqda.

Rahbar mahalliy sharoit, aholi milliy xususiyatlarini hisobga olib ish yuritish o‘rniga siyqa umumiy taomil bilan ish yuritadi. Shiorbozlik, haybarakallachilik, kampaniyachilik inson omilining mavqeini yo‘qqa chiqaradi. Insoniy mazmundan milliy-ruhiy o‘ziga xoslikdan ajralgan quruq xo‘jalik boshqarish vujudga keladi.

Milliy nigilizm vasvasasiga uchragan rahbar markaziy mahkamaning ehtiyojini mahalliy aholi manfaatidan ustun qo‘yadi. Mahalliy sharoitga nomuvofiq, ekologiyani buzuvchi tadbirlar vujudga keladi. Markaziy mahkama zo‘ravonligi milliy munosabatlarga jiddiy putur yetkazadi.

Nomustaqil rahbarlik — iqtisodiy va ma’naviy qashshoqlikdir. Respublika xalq xo‘jaligi, moddiy boyliklari ustidan Ittifoq ministrliklarining yakkahokimligi o‘rnatilgan edi. Bu ministrliklar o‘z huquqlarini suiiste’mol qilib, respublikalar tabiati, xalq boyligini talon-taroj qilish bilan shug‘ullandilar. Respublika aholisi manfaatlari ko‘r-ko‘rona poymol etildi. Mahkamachilik, zo‘ravonlik siyosati qat’iy amalga oshirgan iqtisodiy tazyiqning dahshatli mohiyati hozirgi oshkoralik jarayonida yaqqol namoyon bo‘ldi. Sovet O‘zbekistoni aholisi bu iqtisodiy kamsitishning jabrini hammadan ko‘ra ko‘proq tortgan xalqdir. Aholining ijtimoiy ahvoli respublikadagi milliy daromad ko‘rsatkichida ayniqsa aniq namoyon bo‘ladn. SSSR bo‘yicha jon boshiga milliy daromad 2300 so‘mdan to‘g‘ri kelsa, O‘zbekistonda 1200 so‘mni tashkil etadi.

Bunday ahvolning sababi nima? Respublikada jon boshiga yetishtirilayotgan mehnat mahsulotimiz Ittifoqqa nisbatan kam miqdorni tashkil etadimi? Buning bosh sababi — O‘zbekistonning asosan xomashyo respublikasi bo‘lib qolayotganligidir. Respublikada yetishtirilayotgan paxtaning asosiy qismi chetda qayta ishlanmoqda.

Ba’zi iqtisodchilar «xomashyo respublikasi» degan so‘zga e’tiroz bildirishlari, respublikada qurilgan va qurilayotgan o‘nlab sanoat korxonalarini, Toshkent, Olmaliq, Navoiy, Bekobod, Samarqand, Qo‘qon va boshqa shaharlardagi metallurgiya, kimyoviy zavodlarni sanab ko‘rsatishlari mumkin. Ekologik jihatdan o‘ta zararli bu zavodlar, go‘yo ataylab qilingandek, tabiiy xushmanzara rayonlarga joylashtirilgan. Respublika rahbarlarining bu qurilishlarga biron-bir e’tiroz bilan aralashuvi millatchilik tamg‘asi ostida qattiq qoralangan.

Ittifoq ahamiyatiga ega bu zavodlar o‘rnida dehqonchilik mahsulotlarini qayta ishlaydigan zarur korxonalar qurish respublika aholisi manfaatlariga foydali emasmidi? Markaziy shaharlardagi yengil sanoat korxonalari tobora kengaytirilib, respublikada bunday korxonalarning qurilishi Ittifoq plani bo‘yicha ataylab cheklab qo‘yilgan. «O‘zbekiston sanoatida Umumittifoq mehnat taqsimotiga ko‘ra yengil sanoat muhim o‘rin tutadi. O‘zbekistonda yengil sanoat asosan ip yigiruv korxonalaridan iborat bo‘lib, paxta gazlamasi ishlab chiqarish zaif rivojlangan», deb yozadi tadqiqotchi Z. Abdalova V I. Lenin nomidagi Toshkent Davlat universiteti geografiya fakul’teti ilmiy ishlar majmuasida (Toshkent, 1988, 51-bet). Darhaqiqat, 30-yillari qurilgan ibtidoiy inshoot va uskunalarga ega bo‘lgan Toshkent to‘qimachilik kombinatidan boshqa paxtani gazlama sifatida qayta ishlaydigan yirik korxona deyarli qurilmagan.

Xullas, markaziy korxonalarning paxta xomashyosiga bo‘lgan talabini qondirish asosida katta iqtisodiy foyda ko‘rishdan iborat chorizm siyosati stalincha bo‘yoqlar bilan pardozlash astoydil davom ettirildi. Bunday iqtisodiy siyosat respublikada milliy ishchilar sinfining shakllanishi, barqaror kuchga aylanishida asosiy to‘siqlardan biri bo‘ldi.

Ch. Aytmatov bir maqolasida shunday rivoyatii keltiradi. Yuksak lavozimdagi amaldor tirik tovuqning patini yulishni buyuradi. Pati yulingan tovuq yiroqqa ketmay issiq izlab egasining pinjiga o‘zini urardi. Yozuvchi shaxsiyatparastlik davrida xalqlarni moddiy qashshoqlantirish orqali tobelikda saqlash siyosatini shunday majoziy ta’riflagan edi. Shunday printsipga amal qilgan markaziy mahkamachilik respublikalardagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxini suv tekin qilib belgilaydi. Paxta narxi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Bir tonna paxtaning respublika bo‘yicha o‘rtacha tannarxi — ya’ni hosilni yetishtirishga sarf bo‘lgan xarajat 614 so‘m, ba’zi xo‘jaliklarda 1000 so‘mgacha. Paxta davlatga sotish narxi esa 700 so‘m, hatto hosilning tannarxini ham qoplamaydi («Sovet O‘zbekistoni» gazetasi, 17.03.89).

Bir tsentner paxtani bir quchoq o‘tinga tenglashtirish mumkinmi? Aslo! Biroq bu ikki narsaning davlat bahosiga diqqat qiling. Bir kubmetr taxtaning narxi bir tsentner paxtanikidan ikki baravardan ham ortiqroq — 150 so‘m. (SSSR o‘rmon xo‘jaligi davlat komiteti raisi akademik A. S. Isayev daraxt narxining 1990 yilda 8 baraaar oshirilishi mo‘ljallanganligi kamlik qiladi, jahon bozoriga tenglashtirish uchun uch baravar oshirish kerak, degan talabni qo‘ydi («Izvestiya», 14.04.89). Xullas, bu ikki mahsulotning moddiy qimmati bir-biridan shu qadar farq qiladiki, yuqoridagi ikki xil narxning o‘rni almashtirilganda ham paxtaning muayyan qimmatiga aslo to‘g‘ri kelmaydi.

Savdo-sotiq nima? Sotuvchi bilan xaridor o‘zaro kelishgan adolatli muomalani savdo-sotiq deyiladi. Dehqon bilan tayyorlov idoralari orasidagi muomalani savdo-sotiq deb bo‘ladimi? Qizig‘i shundaki, yetishtirilgan mahsulotning narxini sotuvchi emas, sotib oluvchi belgilaydi. Narxdan norozi bo‘lgan dehqon o‘z mahsulotini boshqa bozorga, o‘zga xaridorga sotishga haqli emasmi? Biroq, paxtakor mahsulotining bozori yo‘q. Hozir amal qilayotgan jarayonda mahsulot plan-majburiyat asosida yetkazib beriladi.

O‘zbekiston paxtasi Ittifoqqa har yili 25 milliard so‘m foyda keltirayotgani matbuotda qayd etildi. Boshqa statistik ma’lumotlarga qaraganda, bu raqam ikki yarim-uch baravar ortiqroqdir. (Oddiy bir misol. Bir kilogramm paxta ipi magazinda 80-120 so‘mgacha sotilmoqda.)

Iqtisodiy adolatni tiklashda paxtakorning manfaatini kim himoya qiladi? Paxtani qayta ishlovchi korxona uni yetishtirayotgan dehqonga nisbatan o‘n-o‘n besh baravar ko‘p foyda ko‘rayotganini markaziy mahkamaga dalil qilib ko‘rsatish mumkin emasmi? Paxtakorning og‘ir mehnatini shaxtyor mehnatiga qiyos qilib, shaxtyor mehiatiga belgilangan talay moddiy-ma’naviy imtiyozlardan paxtakor mahrum ekanini, neftchi 800-1000 so‘m maosh olganda paxtakor hatto nogironlik pensiyasidan ham past — 30-40 so‘m maosh olayotgani, Sibir, Uzoq Sharq va boshqa iqlimi noqulay regionlarda belgilangan qo‘shimcha ish haqi qirq-ellik daraja issiqlikda o‘ta zaharlangan dalalarda mehnat qilayotgan paxtakorga nasib etmaganini sobiq bosh amaldor masala qilib qo‘yishi mumkin emasmidi? Yoki respublika mahsulotlari narxini o‘z hukumati mustaqil belgilab, qonunlashtirib, markazga tayyor holda taqdim etish huquqidan foydalana olmaydimi? Hammasini markazdan iltimos qiladigan bo‘lsak, respublikaning suveren huquqi qayerda qoladi? Boltiqbo‘yi respublikalari siyosiy-iqtisodiy sohada to‘la mustaqil yo‘l tutmoqda. Narx belgilashni vijdonli boshliq xalq muhokamasiga qo‘yishni talab etishi mumkin edi. Markaziy mahkamachilik paxta narxini o‘zboshimchalik bilan o‘zi belgilash tartibiga binoan dehqon ham o‘zi sotib oladigan mashina-traktor, o‘g‘it va boshqa narsalarning narxini o‘zi belgilashi kerak, degan mantiqiy xulosani tegishli tashkilotlarga havola qila olmasmidi? Qishloq xo‘jaligi texnikasi va o‘g‘itning davlat narxi uch baravar oshirilgan hozirgi sharoitda paxtaning narxini 42 foiz oshirish so‘ralgani dehqonni qanoatlantiradimi?

Bir gektar yerdagi paxtadan 2400 so‘m daromad olinsa, kartoshkadan 2983 so‘m, sabzavot ekinidan 6379 so‘m daromad olish mumkin, deb yozdi «Izvestiya» gazetasi «Oq oltinning musaffo nuri» degan maqolasida. Ilg‘or bog‘bonning e’tirof etishicha, bir gektar tokzordan 15 ming so‘mgacha daromad olish mumkin.

Dehqonning iqtisodiy mustaqilligi davlatga ham, uning o‘ziga ham foydali emasmi? Biroq, Vatanga eng nodir texnika ekini paxtaning zarurligini his etgan dehqon paxtaga bo‘lgan miig yillik sadoqatidan voz kechishni istamagan ekan, uning ijtimoiy sadoqati munosib qadrlanishi, paxtaning narxi hozirgidan uch-to‘rt baravar oshirilishi lozim. Bunday tadbir gektarlar sonini kamaytirib, hosilni keskin oshirishda katta moddiy rag‘bat bo‘lib xizmat qilishi hammaga ravshan haqiqat-ku?

Ekologik halokat urushdan ham xavfliroq ofat ekanligi endilikda isbot talab qilmaydigan haqiqat. Biroq, O‘rta Osiyoda bu xavfni bir necha baravar oshirishga xizmat etgan yana bir ofat bor. Buning nomi paxta yakkahokimligidir. Bu — el-yurtning surunkali dardi. Paxta yakkahokimligi faqat markaziy mahkamaning qilmishi, deb o‘ylaysizmi?

Ittifoq hukumatining istiqbol rejalarida paxtaning yalpi hosili 2000 yilga borib, 6 million tonnaga yetkazilishi qayd etilgan edi. Parvozni qo‘msagan «lochin» qariyb chorak asr kutishi kerakmidi? Ungacha kim boru kim yo‘q! Mansabni unga ota merosi kabi bog‘lab qo‘ygani yo‘q. Qanoti mayib lochin yolg‘on-yashiqlarni yumaloq-yostiq qilib, saksoninchi yildayoq olti millionlik «oltin cho‘qqi»ga chiqib oldi.

O‘rta Osiyo va Qozog‘iston xalqlarining hayot-mamot masalasi bo‘lgan Orolning quritilishi markaziy mutasaddi tashkilotlar tomonidan yetmishinchi yillardayoq rejalashtirilganligi endilikda ayon bo‘lib qoldi («Yosh leninchi» gazetasi, 11.04.89). Biroq qanoti qayrilgan lochin paxta yakkahokimligini tezlashtirish orqali bu muddatni ham bir necha baravar tezlashtirib yubordi. O‘sha yillarning bo‘yoqdor matbuotida Orolni quritish borasidagi ishlar ulug‘ jasorat sifatida faxr bilan madh etildi. «O‘zbekistonda 70 dan ziyod asosiy kanallar o‘z o‘zanlari orqali 50 kubkilometr suvni eltib quymoqda. Bu suv Amudaryo va Sirdaryoning bir yilgi oqimiga tengdir», deb yozgan edi «Sovet O‘zbekistoni» gazetasi (3.07.82). Paxta bunyodkorligi kampaniyasiga mehrlanib qolgan o‘zbek xalqi yuqoridagi so‘zlar Orol o‘limiga marsiya ekanligini anglab yetmagan edi.

O‘zbekistoi jasorat va jannat o‘lkasi — qanotsiz lochinning bu munofiqlik falsafasi matbuotimizning bosh tashviqot yo‘nalishi edi. Uyida bir to‘g‘ram go‘shti yo‘q dehqon radiolardan xalq farovonligi haqidagi tayyor so‘zlarni beixtiyor takrorlar edi. Aytishlariga qaraganda, sihati yomonlashgan sobiq bosh rahbar menga faqat yaxshi narsalarni ko‘rsating, ijobiy faktlardan, yutuqlardan so‘zlang, deb ko‘rsatma berarkan safardagi hamrohlariga. Ma’naviy ko‘zbo‘yamachilik iqtisodiy ko‘zbo‘yamachilikni oshirib-toshirishga xizmat qildi.

O‘zimiz ishongan yolg‘onga markazni juda osonlik bilan ishontirdik. Oqibati nima bo‘ldi? «Farovon» o‘lkaga go‘sht, sut, hatto kartoshka nima kerak? Naq jannatning o‘zida yashayotgan dehqonlarga maoshning nima keragi bor? N. V. Gogol asarlaridagi singari og‘zini ochsa bas, quymoqlar o‘zi kelib tushaveradi. Qanoti qayrilgan lochin parvoz xumori tutgan kezlarda Umumittifoq ko‘lamidagi barcha ta’minotlardan voz kechishga ham tayyor edi.

Aholining go‘sht, sut bilan ta’minlanishi Umumittifoq darajasidan ikki baravar, kartoshka bilan ta’minlanishi uch baravar kamayib ketganligi, ishchilar maoshi 42 so‘m, kolxozchilar maoshi 39 so‘m past ekanligi qanotsiz lochinning parvozparastligi oqibati emasmi? Xullas, O‘zbekiston aholisining ijtimoiy, iqtisodiy ta’minoti Ittifoq miqyosidan kam bo‘lmagan sohasi, nazarimda, yo‘q bo‘lsa kerak. Shu qadar rang-barang to‘kis boylik yaratayotgan respublikamiz aholisi rizqiga bunday xiyonatning markaziy hamda mahalliy gunohkorlari javob berishlari kerak!

Shaxsiy-individual mulkning kamayishi, dehqon mehnatining munosib baholanmasligi, moddiy qashshoqlanishi unda ijtimoiy mulkka norozilik, dushmanlik ruhini paydo qildi. Dehqonning bunday kayfiyatini kapitalizmga dushman mavqeda turgan ishchilar noroziligiga qiyoslash mumkin. O‘z mehnatiga munosib haq ololmagan dehqon oila tebratishning boshqa xufya tuynuklarini qidirishga majbur bo‘ldi. Nohaq iqtisodiy siyosat xalq xo‘jaligida talon-tarojlik, xo‘jasizlikni keltirib chiqardi.

Aytilganlardan ma’lumki, mansabparastlik bilan tabiiy birikkan milliy nigilizm yangi siyosiy qiyofa kasb etadi. O‘z millatiga xiyonat, sotqinlik, munofiqlik bunday hodisaning tub mohiyatini belgilaydi. O‘zi tobe bo‘lgan hukmronlar oldida tiz cho‘kish, uning milliy xususiyatlariga sig‘inish, o‘zinikini kamsitish hisobiga uni ko‘klarga ko‘tarib madh etish bu toifaning asosiy falsafasi edi.

Qayta qurish mahkamachilik-buyruqbozlik sistemasini inkor etdi. Bu sistemaning barcha kontseptsiyalari qattiq qoralandi va qoralanmoqda. Biroq shaxsiyatparastlik hokimligi sharpasi qayta qurish voqeligi ichra kezib yuribdi. Stalinizm sharpasi, deb yozdi chet el jurnallaridai biri, islohot yo‘lidagi xavfli to‘siqdir. Mahkamachilik buyruqbozlik ruhining xavfli tomoni shundaki, u yangi niqoblangan qiyofada xufya amal qilmoqda.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 9 iyun