Tabiatning go‘zalligi, kishilarning mardligi-yu mehri daryoligi, mehmondo‘stligi-yu odamjonligi bilan olamni lol qoldirgan Farg‘onaga nima bo‘ldi? Ko‘plab transport vositalari, binolarning yondirilishi moddiy zarar sifatida tiklanishi mumkin. Lekin insonning inson tomonidan jabrlanishini unutib bo‘larmikan?
Voqea sodir bo‘lgan kundanoq axborot vositalarining yordamida ko‘zga ko‘ringan fan va madaniyatimiz arboblaridan tortib oddiy kishilargacha dilidagi gaplarni to‘kib solishmoqda. Xalqimizda har kim o‘z qarichi bilan o‘lchaydi, degan gap bor. Ammo ayrim kishilarning bu voqeaga munosabat bildirib, aytgan ba’zi fikrlariga qo‘shilgimiz kelmaydi. Sabab qayerda ekan?
Hayot buyuk muallim. Inson hayotga avvalo bolaligi — bog‘cha orqali kirib keladi. O‘zi suyuq, go‘shtsiz makaron sho‘rva ichib o‘tirgan bola tarbiyachisining tuxum qovurdoq yoki go‘shtqovurdoq yeb o‘tirganini, oshpazning ertalab bo‘sh kelib, kechqurun tirsillab to‘lib ketgan sumkasini ko‘rgan bola dunyoda go‘zallik borligiga ishonadimi? Xuddi shu yerda yovuzlik, o‘g‘irlik, yaxshilikka ishonchsizlik urug‘i unmaydimi?
Qandaydir yo‘llar bilan diplom olib tarbiya mashinasiga o‘tirgan muallim nima qiladi? O‘sha muhaddas mashinani to‘g‘ri yo‘l qolib o‘nqir-cho‘nqirlardan, yaxshi manzil qolib mavhum botqoqlik sari yetaklaydi. Qanday qilib? O‘quvchiga har tomonlama namuna bo‘lish, ketidan ommani ergashtirishi kerak bo‘lgan shaxs — o‘qituvchi o‘quvchilari oldida cheksa, ichsa, beparda so‘zlarni ishlatsa, o‘quvchilari bilan yonma-yon kolxoz bedasiga o‘g‘irlikka kirsa, behayolik qilsa, to‘g‘rilik qolib egrilikni qo‘llasa, eng zaruri — darsda kitobdan o‘qib bersa, uning o‘quvchilari nimalar qilmaydi?!
Oilada ota-onalaridan ta’lim oladi deysizmi? O‘sha ota-onalar ham kechagi o‘quvchimiz-da. To‘g‘ri, barchaga o‘rnak bo‘ladigan o‘qituvchilar, namunali oilalar bor. Afsuski, ular juda ozchilikni tashkil qilishadi.
Tarbiya mashinasining mexanizmlari juda ko‘p. Oila, jamoatchilik, maktabdan tashqari keyingi yillarda militsiya xodimlari ham tarbiya ishiga jalb qilindi. Bu yaxshimi? Maqsad juda yaxshi. Ammo ayrim hollarda ularning ishlari qog‘oz to‘ldirish-u, qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarishdan iborat bo‘lib qolyapti. Bolalarning mehrini qozonadigan, ularning eng yaqin kishilari qatorida bo‘lib qoladigan militsiya xodimlari bolalarning tasavvurida tergovchi, do‘q-po‘pisa qiluvchi, qamoqqa olib ketuvchi kishilar bo‘lib qolmoqda. Xo‘sh, uni kim shunday holga olib keldi? Ayrimlari o‘z bilimsizliklari tufayli shunga erishgan bo‘lsa, ayrimlarini ongsiz ota-onalar, uquvsiz pedagoglar shunday tasavvurga olib kelmoqdalar.
Bola maktabni bitirdi. Bolani hayot «quchoq ochib» karshi oladi. A’lo baholar bilan maktabni bitirib, oliy o‘quv yurtiga kirolmay qaytgan bola zo‘rg‘a «3»ga o‘kigan partadoshining institutga kirib ketganidan kuyib emas, nohaklikdan kuyib yig‘laydi. Sinfdoshi — puldor qo‘shnining o‘g‘li darrov ishga joylashadi, u yillab turli tashkilotlar eshigi oldida sarson-sargardon bo‘lib harbiyga ketadi. Rahbar ko‘shnining o‘g‘li Toshkentda yoki Kavkazda harbiy xizmatini o‘taydi.
Endi hayotning o‘sha «shirin» saboqlarini olib ulgaygan bola kim bo‘lib yetishadi? Hayotning go‘zalligiga, dunyoda ezgulikning borligiga ishonadimi? Ishontiramiz deysizmi? Qanday qilib? Yangicha an’analar, to‘yu-tantanalar, majlislar, bahslar, teleprogrammalar orqali deysizmi?
O‘zbeklarning yuksak tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan kamtarona, dabdabalarsiz milliy urf-odatlari siyqalanib boryapti, mehmonxona-yu choyxonalari jozibasini yo‘qotgan, yangicha urf-odatlar deb tashkil etilgan ba’zi bir tantanali soatlarimiz eskicha deb atalgan motam marosimlaridan ham zerikarli bo‘lib chiqyapti. Ko‘p davralarda o‘zbek yigitlarini do‘stlikka, kamtarlig-u olijanoblikka undagan yig‘inlarimiz o‘rnini quruq shovqinlar bosib ketyapti.
Kutubxonalar-u klublar faoliyatsiz. Quruq gaplardan quloqlar qomatga keldi. Nasihatga til ochgan urg‘unlik davrining bog‘bonlari, o‘z bog‘ingiz mevasini taniyapsizmi? Xonadonlarga o‘t qo‘yayotganlar, o‘z do‘stlariga qasd qilayotganlarni giyohvandlar, piyanistalar, ekstrimistlar deysiz. Farg‘onada ish ko‘rayotgan ichki ishlar xodimlari orasidagi meditsina ekspertizasi boshlig‘ining televideniye orqali aytgan gallarini eshitdingizmi? Halok bo‘lganlar, qo‘lga tushganlarda ichish, chekish alomatlarini topisholmabdi. Yo biz noto‘g‘ri tushunibmizmikan? Ular o‘sha o‘zimiz noto‘g‘ri tarbiyalagan bolalar-ku! Ularning jinoyatlarida o‘zimizning qog‘ozda boshqa-yu hayotda boshqa ko‘rgazmalarimiz, ishlarimizning hissasi yo‘qmikan? Ishongan arboblarimizning partiyaga, xalqqa xiyonati bolalarimizni shu yo‘lga boshlamadimikan? Poraxo‘r, tovlamachi, savodsiz ulug‘larimizning farovon hayoti-yu mehnatkash, bilimdon, halol kishilarning g‘aribona turmushi ana shu yovuzlikka gugurt chaqmadimikan? Munis onalarimizning nochor ahvoli o‘z «hosil»ini bermadimikan?!
Tarbiya o‘chog‘i hisoblangan maktabni remont kilish uchun kerak bo‘lgan arzimas pulimiz yo‘q. Uni o‘kituvchilar cho‘ntagi hisobiga, ota-onalar cho‘ntagi hisobiga remont qilamiz. Huddi shu maktab yonida yuz ming so‘mlab sarflab videobarlar, ma’muriy binolar quramiz. Oddiy xalq oddiygina qulayligi — suvi, badrafxonasi bo‘lmagan ikki qavatli uylarda og‘ir sharoitlarda yashaydi, uni ham ayrimlar pora evaziga oladi. Xuddi shu bino yonida puldor kimsalar barcha qulayliklarga ega bo‘lgan dang‘illama uyda yashaydilar.
Yurtimizda oshkoralik, demokratiya, qayta qurish degan xush sabolar esa boshlanganiga ancha bo‘ldi. Xuddi shu kunlarda turg‘unlik yillariga va uning yomon oqibatlariga qarshi turli yo‘llar bilan kurash boshlandi. Biz Quvasoyda, Farg‘onada, Qo‘qonda bo‘lmadik, to‘polonchilar bilan muloqot qilmadik. Hali u voqealarning sabablari ochilar. Ammo bu narsalarni ekstremistlar, bangilar, giyohvandlar ishi deb baholganlarga shunday iltimosimiz bor. Baho berishga shoshilmanglar. Telestudiyaning salqin, gazeta va jurnal redaktsiyasining baland binosidan turib shoshilib baho bermanglar. Voqea sodir bo‘lgan joylarga kelinglar, odamlar bilan yuzma-yuz gaplashinglar, haqiqiy aybdorni, voqealarning rostini, shu ishlarning ildizini ochishga yordam beringlar!
Nusratillo Rustamov, SSSR Geografiya jamiyatining haqiqiy a’zosi
Muhammad Sodiq, SSSR Jurnalistlar uyushmasining a’zosi
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 27 iyun