Ushbu mulohazalarim poytaxtimizda ilk marta «Toshkent go‘zali» bellashuvi o‘tkazilgandan keyinoq tug‘ilgan, faqat ko‘pchilikka oshkor qilishga iymanib yurgan edim. Fikrimni odamlar, ayniqsa, tengdoshlarimiz to‘g‘ri qabul qilarmikan? Hech kim indamayapti, demak, bu tadbir hammaga yoqayotgandir-da? Ishqilib, «yangilikka qarshi» yoki, yana ham yomoni, «feodal», «qoloq» deganday nomlar orttirib olmaymanmi? Shu singari istiholalar qo‘limni bog‘lab turgan edi. Yaqinda «Yosh leninchi» go‘zallarning yangi bellashuvi shartlarini e’lon qildi. Fevralning 15-kuni esa, O‘zbekiston televideniyesining muxbiri tashkiliy komitet vakili bilan savol-javob uyushtirdi. Rostini aytsam, shundan keyin tag‘in «qoloq»ligim tutib ketdi va endi yozmasam bo‘lmasligini his qildim.
Bizga «Go‘zallar bellashuvi» shunchalik kerakmi o‘zi?
Har qanday inqilob uchun ob’ektiv va sub’ektiv sharoitlarning yetiluvi qanchalik zarur bo‘lsa, chetdan har qanday axloqiy «yangilik» kiritish uchun ham bunday sharoitlar shunchalik zarur. Boshqacha aytganda, «Go‘zallar bellashuvi» agar Parij, London yo Amriqo uchun qanchalik tabiiy bo‘lsa, biz uchun shunchalik g‘ayritabiiydir. Qizishmanglar. Parij, London yo Amriqodan qayerimiz kam, deb ko‘krakka mushtlaganimiz bilan aslo vatanparvar yoxud mag‘rur bo‘lib qolmaymiz. Aslida, Toshkent Parijga ham, Londonga ham o‘xshamaydi. O‘zbekiston esa Amriqo emas, chunki biz boshqacha xalqmiz, deyish vatanparvarlik bo‘ladi. Axir, bu dunyoni qiziqarli va tugal qilib turgan jihat ham shu boshqachalik emasmi?
Balki biz ko‘p masalada G‘arbdan orqadadirmiz, lekin zinhor axloqiy masalada orqada emasmiz. Biz G‘arbning eng yaxshi fazilatlaridan ibrat olsak ziyon ko‘rmaymiz, ammo avlodlar oldida birinchi galdagi burchimiz shuki, o‘zimizning eng yaxshi fazilatlarimizni sof saqlay bilishimiz, takomillashtira olishimiz lozim. G‘arbning (umuman, boshqa xalqlarning) eng yaxshi fazilatlari qaysilar ekanini bilish uchun esa, avvalo, o‘zimizning eng yaxshi fazilatlar qaysilar ekanini aniqlab olmog‘imiz kerak! Bu fikr juda qadim bir haqiqatga borib ulanadi: boshqa xalqdan ustunlik da’vo qilmagan holda har bir xalq avvalo o‘zini tanib bormog‘i darkor. Bu — to‘xtovsiz jarayon. Tarix deganimiz ham, aslida, shu jarayondan iboratdir.
Zinhor G‘arb bilan Sharqni qarama-qarshi qo‘yayotganim yo‘q. Mohiyatga nazar solgim kelyapti, xolos. Mohiyatan Sharq shaklboz (formalist) emas, tashqi ko‘rinish Sharq uchun hech qachon birlamchi bo‘lmagan, hamma narsa — urf-odatlar ham, adabiyot va san’at ham, me’morlik va hatto din ham insonning ruhan va ma’naviyan takomiliga yo‘naltirilgan. Shuning uchun ham darveshning juldur kiyimi bilan u anglab yetgan haqiqat o‘rtasida go‘yo yer-bilan osmoncha farq borday tuyuladi-yu, tushungan odam bu farqni ko‘rmaydi. G‘arb esa, mohiyatan shaklbozlikka (formalizmga) moyilroq. G‘arb hayotining deyarli barcha jabhasida — urf-odati, turmush tarzi, adabiyoti va san’ati, me’morligi va hatto dinida formalizm belgilari ustivor. Shakliy tajribalar dunyoga asosan G‘arbdan tarqashining boisi ham ehtimol shundandir. Qadim-qadimdan shu ruhda tarbiyalanib kelgan xalqlar taraqqiyotning ma’lum bir pallasida ko‘ngilxushlik uchun o‘zlariga «Go‘zallar bellashuvi» singari formalistik o‘yinlarni o‘ylab topishi tabiiy edi. Shuning uchun ularda bu tadbir tezda an’anaga aylanib ketdi. Xos daraxt singari o‘sha tuproqda, o‘sha iqlimda, o‘sha sharoitda unib chiqdi, o‘sdi va meva berdi. G‘arb bu daraxtni o‘zga sayyoradan ko‘chirib kelib tuprog‘iga o‘tqazgani yo‘q. Biz nima qilyapmiz? Biz G‘arbga moslashgan daraxtdan bitta-ikkita shox sindirib kelib, o‘z bog‘imizga suqmoqchi bo‘lyapmiz…
Toshkentda Botanika bog‘i bor. U yerda dunyoning hamma burchagidan o‘simlik va daraxt turlari keltirilib har xil tajribalar o‘tkazilib yotadi. Nazarimda, O‘zbekiston (butun O‘rta Osiyo) ham shu Botanika bog‘iga o‘xshab, har xil tajribalar o‘tkazishga qulay maydon bo‘lib qolayotganday.
Holbuki, o‘zligini yo‘qotgan xalq boshqa xalqlar oldida hurmatini ham yo‘qotadi. Axir, parijlik, londonlik yo amriqolik Toshkentga, Farg‘onaga yo Samarqandga yana bir Parijni, Londonni yo Amriqoni ko‘rgani kelmaydi. Dunyoning hech bir mamlakatida bizning respublikamizdagiday, eski urf-odatlarga qarshi kurashadigan, ularning o‘rniga yangi urf-odatlar o‘ylab topadigan va qarorlar yordamida «hayotga tadbiq» etadigan muassasalar, byurolar yo komitetlar bo‘lmasa kerak. Shuning uchun ham G‘arbda, masalan, eng yuksak taraqqiyot belgilari bilan yonma-yon eng eski urf-odatlar ham nihoyatda uyg‘un holda saqlanib qolganki, bu narsa bizga ibrat bo‘lmog‘i lozim. Qachonlardir G‘arbning cho‘ntagidan tushib qolgan odatlarni «yangitdan» urf qilishimizga hojat yo‘q. Chunki biz ularga har qadamda taqlid qilar ekanmiz, avvalo, o‘shalarning o‘zlarining oldida kulgili ahvolga tushib boraveramiz.
Tajribalarni… kechirasizlar, falsafani bas qilib zaminga tushaylik-chi. ahvolimiz qanday ekan?
Yigirma millionli O‘zbekiston aholisiningqariyb 70-75 foizi o‘zbeklardir. Shularning qariyb 75-80 foizi qishloqlarda yashaydi. Shularning qariyb 75-80 foizi dalada ishlaydi. Shularning qariyb 80-85 foizi xotin-qizlarimiz bo‘lsa kerak. Taxminiy hisob-kitob. Lekin o‘ylaylik: hozirgi zamon qulayliklari yetib bormagan (chetlab o‘tgan) qishloq yozning qirq besh darajali issig‘ida ham, kuzning qoriyu yomg‘irida ham to‘xtatilmaydigan dala ishi; mehnatdan boshqani ko‘rmagan, mehnatdan boshqaga loqayd bo‘lib qolgan ayollar… Mana shunday sharoitda biz bayramona bezatilgan issiq koshonalarga to‘planib olib, «tanlangan qizlarimizning qop-qop paxtalar bukmagan qaddi-qomatlarini, dala oftobi qoraytirmagan, dala sovug‘i burishtirmagan yuzlarini, qovochaq tilmagan barmoqlarini, kirza etik ko‘rmagan oyoqlarini tomosha qilib, baholab o‘tirsak… 80-85 foiz ayollarimiz oldida ham, yechintirilib tomoshaga qo‘yilgan o‘sha qizlarimiz oldida ham uyalishimiz kerak. (Xayriyat, jamoatchilik bu jihatga norozilik bildirdi va bu yilgi bellashuv shartlari sal-pal sharqonalashtirilibdi. Lekin shu shartlardan ham ko‘rinib turibdiki, «Go‘zallar bellashuvi»ning bizga keragi yo‘q, «Iqbol» qizlar teleprogrammasi milliy ruhga yanada yaqinlashtirilib, ozgina takomillashtirilsa kifoya ekan.)
Kichkina mulohaza. Erqut (Irkustk) shahridan kelgan talaba Natalya Kogan o‘tgan yilgi «Toshkent go‘zali» deb topilganini eshitib, rosti, anchagacha qizlarimizning yuziga qarayolmay yurdim va o‘yladimki, bizday internatsional xalq dunyoda bo‘lmasa kerak: agar bellashuv «Toshkent go‘zali» deb emas, masalan, «O‘zbek qizlarining eng go‘zali» deb nomlangan bo‘lganida ham shohsupaga biz Natalya Koganlardan birortasini chiqarishimiz tayin. «Toshkent malikasi»ning suratini ko‘rib turib, go‘zallik nisbiy tushuncha ekaniga yana bir bor iqror bo‘ldim.
Kelinglar, bir tajriba o‘tkazaylik: bironta qishloqqa boraylik-da, duch kelgan qariyadan o‘zi bilgan biror qiz to‘g‘risida fikrini so‘raylik. Imonim komilki, g‘arblikdan farqchli o‘laroq, qariya bizga hech qchachon u qizning tashqi ko‘rinishini tasvirlab bermaydi. «Odobli, mehnatkash, shirinso‘z, kattaga hurmatda, kichikka izzatda»… deb ta’riflaydi. Juda nari borsa, «istarali», «istarasi issiq» deyishi mumkin. Eng yuksak bahosi shu! Biz bunday o‘zbekona ruhdan uzoqlab ketmadikmikan? «U, qomatini qarang! Oyog‘ini aytmaysizmi! Voydod!» deydigan, shundangina lazzatlanadigan bo‘lib qolmayapmizmikan?
Aytmoqchimanki, «Go‘zallar bellashuvi» nihoyatda ozchilikning (asosan, taqlidchilarning) o‘ylab topgan o‘yini bo‘lib, uni mutlaq ko‘pchilikka tiqishtirish shart emas. Har holda, hozir buning mavridi emas. Xotin-qizlarimizni shunchalik suyar ekanmiz, ijtimoiy mavqeini ko‘tarmoqchi ekanmiz, avvalo, ularga risoladagidek turmush sharoiti yaratib beraylik, ularni og‘ir mehnatdan ozod qilaylik. Ularga munosabatda og‘izda emas, amalda ijtimoiy adolatni qaror toptiraylik. Qolaversa, «Go‘zallar bellashuv»lariga sarflanadigan («havoga sovuriladigan», deb o‘qisangiz ham mayli) mablag‘ni ayollarimiz va bolalarimiz salomatligini asrash yo‘lida sarf qilaylik. Ana undan keyin o‘yin-kulgini ham o‘ylab ko‘rsak bo‘ladi. Darvoqe, u payt o‘ylab o‘tirishga hojat qolmaydi, u paytda chin ozodlikka erishgan o‘zbek ayoli ham o‘z ruhiga, didi va tabiatiga mos turli ko‘ngilxushlik tadbirlarini o‘zi topib olgan bo‘ladi.
Har holda, mening fikrim bunday: mohiyat sari, komil inson sari borgan ma’qul.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 3 mart