Murod Abdullayev. Qodiriy qadrini so‘rar avlodlar (1989)

Oqshomlarining biri edi. Hali quyosh ufqqa bosh qo‘ymagan. Havo dim. Asfalt yo‘l, osmono‘par uylar go‘yo havo yetishmaganidan hansirab nafas olayotganga o‘xshar, shahar uzra quyuq qora rutubat bulutdek suzib yurardi. Anhor bo‘ylari, bog‘lar, favvoralar atrofi issiqdan qochib orom istagan kishilar bilan to‘lib-toshgan. Transportlar shov-shuvi asab buzgudek bo‘g‘iq sado beradi…

O‘shanda «Toshkent oqshomi» redaktsiyasida ishlardim. Muharrir topshirig‘i bilan atoqli adib Abdulla Qodiriy yashagan uyga, uning o‘g‘li Habibullo aka huzuriga yo‘l oldik. Hamkasbim To‘lqin Rasulov bilan «Samarqand» choyxonasi yonidan o‘ngga burilib, Termiz proyezdini surishtirib borganimizda hali qorong‘ulik tushmagan, ko‘hna qishloqlarni eslatuvchi uy-joylar atrofidagi ekin-tikinlar, daraxt va gullar oqshom shabadasida mayin silkinib, ko‘chalarga ajib fayz berib turardi. Ulug‘ yozuvchi yashagan hovliga yaqinlashganimizda dastlab e’tiborimizni tortgan narsa ham issiqdan entikib borgan kishiga jannat shamoliday tuyuluvchi mayin salqinlik bo‘ldi. Adl qad rostlagan shamshod teraklar shoir aytganidek «so‘zsiz qotib turar», quyuq bog‘-rog‘lar og‘ushidagi oppoq uylar dengizdagi kemadek yashillik cho‘ynida ohista suzib yurganga o‘xshardi.

Yo‘lda To‘lqin aka bu uyga avval ham kelganini, Qodiriyning bog‘ hovlisi, u yashagan. O‘z qo‘li bilan bunyod etgan uylarni ta’riflab kelarkan, bu qutlug‘ qadamjoga yaqinlashgan sayin meni hayajon bosardi. Axir, Abdulla Qodiriyning nomi bilan bog‘liq tabarruk xonadonga, u yashagan, ijod qilgan, xalqimiz qalbi to‘ridan mangu joy olgan o‘lmas asarlarini yaratgan qutlug‘ manzilga kelib qolgan edik. Bundan bir necha yil muqaddam, studentlik praktikasi davrida Yasnaya Polyanaga — ulug‘ rus adibi Lev Nikolayevich Tolstoyning bog‘ hovlisiga birinchi bor borgandagidek kuchli bir entikish vujudimni qamrab oldi.

Darvozadagi qo‘ng‘iroq tugmachasini jur’atsizgina bosib o‘tmish xayollari girdobida turarkanmiz, ko‘p o‘tmay qo‘sh tabaqali o‘ymakor eshik ochildi. Habibullo akaning qizlari bizni xushtavoze’lik bilan hovliga taklif etar ekan, To‘lqin aka o‘zini va meni tanishtirib ulug‘ yozuvchimizning bog‘ini ziyorat qilmoqchiligimizni, Habibullo aka bilan biroz suhbatlashish niyatimiz borligini aytdi. Habibullo aka shifokor, o‘sha kuni kasalxonada navbatchi ekanlar. To‘lqin aka:

— Qizim, bobongiz yashagan uy va bog‘ hovlini ko‘rsak, so‘ngra Habibullo akamlar bilan bafurja suhbatlashgani kasalxonaga o‘tarmiz, — dedi.

— Mana bu uyni bobomning o‘zlari qurgan ekanlar. Habibullo akaning qizlari shunday deya bizni keng sahnli hovlining yon tomonidagi ikki qavatli, sinchkori uy tomon boshladi. Bog‘ va hovli asli qiyalik, notekis yerda joylashganligi uchunmi Qodiriy 20-yillarning oxirlarida yangidan qurgan bu uyning birinchi qavati hovli sahnidan ancha pastroq. Uy orqasi esa yana pastqamlik, yam-yashil bog‘, oqshom payti eram gulzoridek yashnab turibdi. Ana shu bog‘ kiftidagi bu mo‘jaz bino oddiy va kamtar qiyofada mung‘ayib tursa-da, u davr shiddati, yillar suroni, yarim asrdan ko‘proq yozu qishning gardu guborlariga guvoh. U o‘z atrofidagi yangi uylardan qanchalik farq qilmasin va ular kabi qanchalar oddiy tuyulmasin mening nazarimda nuroniy keksalar kabi o‘tmishni yod etib, «Bu yerda ulug‘ yozuvchi Abdulla Qodiriy yashagan edi!», degan xitoblarga quloq tutib turganga o‘xshardi. Yaxshilab razm solsangiz yoki Qodiriyning o‘zi «O‘tgan kunlar»ning so‘zboshisida aytganidek, moziyga qaytib xayollarga erk bersangiz, bu oddiy bino sizu bizga suronli davr haqida qanchadan-qancha hikoyalar «so‘zlab» berishi tayin. Ha, benazir yozuvchining qalbi, butun borlig‘i bilan yozilib, ming-minglab kishilar yuragidan joy olgan asarlar shu tabarruk go‘shada dunyoga kelgan. Bu bino bitganida «O‘tgan kunlar» allaqachon xalq orasida mashhur bo‘lib ketgan, «Mehrobdan chayon» esa nashrga tayyorlanayotgan edi. Bu bino faqat yozuvchining butun dunyoni zabt etgan asarlari yozilgan uygina emas, u Qodiriy huzuriga tashrif buyurgan o‘z zamonining fozilu fuzalolari, adabiyot va san’at namoyandalarining uzoq suhbatlariga ham guvoh. Bu yerda ulug‘ rus yozuvchisi Aleksey Tolstoy rafiqasi bilan mehmon bo‘lgan. Sadriddin Ayniy, So‘fizoda, Oybek kabi alloma adiblar ham shu uyda Qodiriy mehmoni bo‘lib, ne-ne yorug‘ va miskin suhbatlar qurishgan.

Habibullo aka «Otam haqida» deb nomlangan esdaliklarida shunday yozgandilar: «1930 — 1931 yillarga kelib, yangi bog‘-obodonchilik ishlarimiz deyarli tugab, ma’lum tartibga tushib qolgan edi. Tashlandiq yerlar o‘rnida uzumzor, olmazor, shaftolizor, olchazorlar tartib berilgan; devor tagi va ariq bo‘ylariga qator-qator terak, tol, ko‘ksulton kabi og‘ochlar o‘tqazilgan; qovun, tarvuz, jubori, kartoshka va rezavor ekiladigan joylar alohida, katta gulzor va bedazorlar alohida.

Shuningdek, ichin-tashin ikki qavatli oq tunukavanli binolar (bu binolar ustalar qo‘li bilan durilgan bo‘lsa ham) donxona, oshxona, o‘tinxona, molxona kabi yordamchi uylarni biz bolalar yordamida dadamning o‘zlari qurgan (u kishi g‘isht terish, suvoq qlish, bino yopish ishlarini ham yaxshi bilar edilar), hatto mo‘rchagacha qurib bitkazilib, bog‘imiz go‘zallashgan edi Ayniqsa, pastki bog‘imiz o‘rtasida qurilgan shiyponimiz bu go‘zallikka manba kabi edi».

Beixtiyor ana shu manzaralar bilan hovlining endigi ko‘rinishini bir-biriga qiyoslayman. Taajjubki, yarim asrdan ko‘proq vaqt o‘tganiga qaramay ular o‘rtasida deyarli farq yo‘q. Hovli sahni vayish toklar, atirgul va rayhonlar bilan shunday orasta qilinganki, go‘yo ulug‘ yozuvchimiz shu yerda bog‘ oralab yurgandek yoki o‘zlari qurgan uyning ikkinchi qavatida o‘tirib, yangi zamonning muhabbat qissalarini bitayotgandek tuyuladi…

Hovlining to‘g‘rog‘ida, Qodiriy yashagan uyga ro‘parama-ro‘para qilib qurilgan va eskicha usulda sayqallangan yangi shinam uy e’tiborimizni tortdi. Uni Habibullo aka agar Abdulla Qodiriyning uy muzeyi ochilsa zarur bo‘ladi, degan yaxshi niyatda qurgan ekanlar. Ulug‘ yozuvchimiz haqidagi xotiralarini kitob qilib, xalqimiz hurmatiga sazovor bo‘lgan yozuvchi va shifokor Habibullo akaning, u kishi farzandlarining bu bog‘-hovlini ko‘z qorachig‘iday asrab kelayotganligi, otalari va bobolari xotirasiga ko‘rsatayotgan lutfu-ehtiromiga tahsin o‘qiysiz. (Ammo afsuski, Habibullo aka shuncha yil bu hovlini A. Qodiriyning bog‘-muzeyiga aylantirish orzusida yashab, yelib-yugurib yana shu buyuk armon bilan hayotdan ko‘z yumdilar…)

O‘shanda biz ko‘p yillardan buyon ta’rifu tavsifini eshitib kelayotgan Abdulla Qodiriyning mashhur bog‘shiyponini ham ko‘rgimiz kelgandi. To‘lqin aka bog‘shiyponni ko‘rsatishni ham Habibullo akaning qizlaridan iltimos qildi. Darvozadan o‘n-o‘n besh dadam pastlik tomoy yurib, yana bir yangi tipda qurilgan hovliga kirib bordik. Bu uyda Qodiriyning qizi Nazifa aya o‘g‘illari bilan turarkanlar. Bog‘ning o‘ng chekkasidagi ikki qavatli shiypon Habibullo aka «Esdaliklari»da ta’rif etganidek o‘z davrida me’moriy ko‘rinishi, muhtashamligi bilan mashhur bo‘lgan. Yillar o‘tib, qarovsiz qolganidanmi uni yaxshilab remont qilib, o‘z qoliday asrash imkoni bo‘lmaganidanmi ikki qavatli, sharqona va yevropacha uslublarni o‘zida mujassamlantirgan shiypon ilgarigi salobatini bir oz yo‘qotganday tuyuladi. Yana buning ustiga qo‘shnilardan biri shunday tarixiy yodgorlikning yonginasiga uy ham qurib olibdi. Bu yerda bir paytlar G‘afur G‘ulomning «Arpapoya» ko‘chasidagi uyi kabi o‘z zamonasining yetuk alloma-yu shoirlari, adabiyot namoyandalari, mashhur xonandayu sozandalari yig‘ilishgan. Yangi hayot haqida, ijod haqida qizg‘in tongotar suhbatlar bo‘lgan… Bugun esa ustunlar va shiftdagi fanerlarning sirlari ko‘cha boshlagan, bo‘yoqlar, rangin naqshlar o‘z jozibasini yo‘qotgan. Tomdan o‘tgan chakka birinchi qavatning ba’zi joylariga shikast yetkazgan. Bu manzaralarni ko‘rgan kishining ruhi eziladi. Ulug‘ yozuvchimizdan yolg‘iz xotira bo‘lgan yodgorlikni ta’mir etib, asrab-avaylash zarurligiyi ich-ichdan his etasiz. Qodiriydek zabardast adibning adabiy merosiga ehtirom ramzi sifatida ham bu ishni tezroq qilishimiz zarur edi…

O‘sha oqshom shiyponning asil qiyofasi, bu mo‘tabar joy bilan bog‘liq xotiralarni eshitish uchun Habibullo akaning huzuriga ham bordik. U kishi shahar chekkasidagi urush veteranlari shifoxonasida xizmat qilardilar. Shifoxona bog‘ida Habibullo aka bilan uzoq suhbatlashib o‘tirdik. Bog‘-hovlini muzeyga aylantirish xususidagi rejalarni so‘radik. U kishi yuqoridan ko‘rsatma berilganiga qaramay, shahar Soveti tashkilotlari ishni cho‘zayotganligi, bu rejani ro‘yobga chiqarishga unchalik ham chiziqmayotganligini kuyunib gapirib berdilar. Bu gaplarni ich-ichimizdan ezilib eshitsak-da, Habibullo akaning tinib-tinchimasligi, yelib-yugurishlari, fidokorligi bilan ajoyib bog‘ saqlanib qolinganining o‘zi ham menga katta bir mo‘jizadek bo‘lib tuyulgandi.

Ona xalqini, ona zaminni katta bir iftixor bilan seva olgan Abdulla Qodiriy, nainki fidokor bobodehqon, ayni paytda adabiyotimizning usta bog‘boni edi. Qanchadancha yosh adiblar o‘z xalqiga, adabiy mehnatga mehr-muhabbatni, ijod sabog‘ini undan o‘rganmoqda. Kelgusi avlodlar ham uni o‘zlariga muhtaram ustoz sifatida yod etishiga shak-shubha yo‘q. Shuning uchun bu yerda Abdulla Qodiriyning bog‘ muzeyini tashkil etish masalasini yana uzoq yillar cho‘zib yurmasdan tezroq hal etish kerak. U kelgusida Qodiriyning o‘lmas san’atidan bahramand yozuvchi va shoirlar, adabiyot ixlosmandlari, oddiy kitobxonlar to‘xtovsiz keladigan qutlug‘ ziyoratgohga aylanishi kerak.

Boqqa tashrif buyurgan, ajib sukutga cho‘mgan keksa daraxtlarga nigoh tikkan har bir kishi ulug‘ yozuvchimiz yaratgan asarlar, ularning qahramonlari haqida, o‘zbek sovet adabiyotining Abdulla Qodiriy va Usmon Nosir, Oybek va Abdulla Kahhor, Hamid Olimjon va G‘afur G‘ulom kabi zabardast siymolari yashagan, ijod etgan suronli yillar haqida, ularning pok qalbi, betakror hayoti, adabiy merosi haqida o‘ylarga tolishi tabiiy. Agar yaxshilab ta’mir etilsa shiypon yana o‘z holiga qaytib, adabiyot muxlislarining ziyoratgohiga aylanishi shubhasiz. Jamoatchilik bu masalani ko‘p bor o‘rtaga tashladi. Ammo bu sa’y-harakatlardan hali natija chiqqanicha yo‘q.

Holbuki, bugungi kunda qayta qurish sharofati bilan juda ko‘p rus adiblari, san’atkorlari yashagan qadamjolarni ziyoratgohlarga aylantirish, qo‘riqxonalar tashkil etish bo‘yicha qanchadan-qancha xayrli ishlar qilinmoqda. Biz esa negadir hamon turg‘unlik yillarining ikkilanishlaridan qutula olmayapmiz. Uzoq yillar kimningdir jur’atsizligi, yana kimlarningdir atayin «jim» turishi oqibatida bu ish paysalga solib kelindi. 37-yilning qora kunlarida ruhimizga singgan yovuz ehtiyotkorlik hissi nechundir hamon bizning qo‘limizni bog‘lab turibdi.

Turg‘unlik yillarida garchi bog‘-muzey qilaveringlar, degan ko‘rsatmalar berilgan bo‘lsa-da, mutasaddi tashkilotlar «ana bo‘ldi-mana bo‘ldi», deb masalani qog‘ozbozlik tushoviga tashlab qo‘ygan edilar. Bugun ham shu inertsiya davom etib kelayotir. Hamon va’dalar berilyapti. Biroq endi ortiq chidab bo‘lmaydi! Masalani uzil-kesil hal qilish kerak. Toki shuncha yillar omon saqlab kelingan bog‘-muzey o‘z ko‘rki-tarovatini yo‘qotmasdan turib, adabiyot muxlislarining mulki-manzilgohiga aylansin. Alloma shoirimiz G‘afur G‘ulomning «Alisher Navoiyning qabri ustida» degan she’rida shunday hikmatona misralar bor: Dilim ravshanligni hissim yo‘lida oftob aylab, Mozoring boshida turmakdurman  sarhisob aylab… Garchi, o‘zbek adiblarining aksariyat qismiga hazrat Navoiyning qabrini ziyorat qilish hali nasib etmagan bo‘lsa-da, ushbu misralarni o‘qigan kishi xayolan o‘zini Hirotda yurgandek, Navoiy xoki poyini ziyorat qilgandek his etadi.

Navoiy bobomizning qabrlari-ku o‘zga mamlakatda ekan. Ammo o‘z mamlakatimizda hali hanuz qabri topilmagan ulug‘ siymolar qanchadan-qancha! Yaqindagina Usmon Nosirning ramziy bo‘lsa-da mozori topildi. Kemerovo oblastida unga yodgorlik o‘rnatildi. Uzoqda bo‘lsa ham shoirni yod etadigan bir yodgorlikka asos solindi. Ammo hanuz Qodiriy haqida gap ketganda, o‘zini o‘zbekman, ulug‘ yozuvchimizning muxlisiman deb bilgan har bir odamning xayoliga beixtiyor Abdulla Oripovning: «Kodiriy qabrini so‘rar Otabek», degan nidoli misralari keladi…

Darvoqe, o‘sha oqshom Habibullo aka huzuridagi suhbatimizda bu xususda ham so‘z borgan edi. U kishi rahmatlik Abdulla Qodiriyning qabrini surishtiraverib qanchalar ovorai sarson bo‘lganligini, ammo biror jo‘yali javob ololmaganipi ko‘zda yosh bilan o‘ksib aytib bergan edilar. Nahotki, qayta qurish va oshkoralik ul mash’um qora kunlar yuzidagi mudhish niqobni uloqtirgan kunlarda ham bu haqda biror mujda eshitmasak?!

Necha yillardan buyon paysalga solib kelinayotgan ish — bog‘-hovlini memorial bog‘-muzeyiga aylantirish rejasi amalga oshsa, ko‘plab muxlislarning ko‘ngli bir oz tasknn topardi. Necha yillab kutilgan orzu bir qadar ro‘yobga chiqardi. Biz bu ulug‘ ishni Qodiriyning 80 yilligida kutdik. 90 yilligida ham kutdik. Bo‘lmadi! Endi yana xavotirdamiz. Nahotki, ulug‘ adibning yaqinlashib kelayotgan 100 yilligida ham muxlislar adibni yod etgani biron arzugilik ziyoratgoh topolmay bo‘zlab yursalar…

O‘sha yoz oqshomidagi ilk sayohatdan so‘ng ham bu boqqa To‘lqin aka bilan bir necha bor kelib-ketdik. Har gal borganda Habibullo akaning suhbatlari, xotiralaridan bahramand bo‘lardik. Bugun esa bu ajoyib inson, fidokor adibimiz hayot emaslar. U kishining orzulari hamon shu bog‘ni kezib yuribdi. Oradan shuncha vaqt o‘tganiga qaramay bog‘ning o‘sha oqshomdagi manzarasi sira ko‘nglimdan ketmaydi. Ufqqa bosh qo‘yayotgan quyosh nurlari ko‘hna bog‘ning azim daraxtlari yaproqlarida qizg‘ish shu’la qoldirib, dilingizni mahzun xayollarga to‘ldiradi. Sokin bog‘ nelarnidir kuylayotganga o‘xshaydi. Beixtiyor ijodiy shijoati, taqdiri Qodiriynikiga o‘xshash shoir Usmon Nosirning ushbu misralari xayolingizdan o‘tadi.

Jim!.. Ufqdan botar
quyoshni
Shart kesilgan boshga
o‘xshatdim.
Parcha-parcha kuygan
shafaqlar
Tirqiragan qonni
eslatdi…

Mana, yana bahor keldi. Qodiriy o‘z qo‘li bilan bunyod etgan bog‘dagi daraxtlar ham qayta uyg‘oydi. Bu yerdagi har bir nihol, har bir yaproq, har bir go‘shada ulug‘ adibning ruhi kezib yurganga o‘xshaydi. Bu bog‘ o‘z bog‘boniga qo‘yilgan muhtasham bir haykaldir. Ne tongki, u yana necha asrlar bu joyga keluvchilarga o‘zining saxiy bog‘boni — sevimli Julqunboyimiz haqida hikoyalar aytib tursa… Bu yodgorlikning umri adib asarlari, qahramonlari umri kabi, kishilar qalbidagi ulug‘ ehtirom singari barhayot bo‘lishini istamagan kim bor? Maqolaga so‘nggi nuqtani qo‘yishga taraddudlanayotibman-u, beixtiyor xayolimga yana Usmon Nosirning ushbu misralari quyilib kelaveradi:

Bargdek uzilib ketsam,
Unutmas meni bog‘im:
Ishimni hurmat qilur,
Gullardan haykal qurur,
Ming yillardan keyin ham
Unutmas meni bog‘im.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 24 mart