Muhammad Solih. Achchiq saboqlar (1989)

Men Farg‘onaga birinchi kuni, u yerda tartibsizliklar boshlangan kuniyoq uchib bordim. Marg‘ilon shahar partiya komitetida bo‘ldim. Marg‘ilon shahar partiya komiteti hamda Markaziy Komitet xodimlari va mahalliy Sovet vakillari bilan birgalikda o‘zaro nifoqni to‘xtatishga harakat qildik. Vaziyat biz o‘ylagandan ancha murakkabroq ekan. Bir necha qotilliklar sodir bo‘lgan, o‘nlab uylar yondirilgan edi.. Mahalliy aholi ichidan tartibsizliklarni boshlaganlarga ta’sir qila oladigan, gapini o‘tkaza oladigan kishilarni topmoq uchun biz din arboblariga murojaat qildik, ular o‘z naabatida tasarrufidagi barcha kishilarni bu xunrezlikka qarshi kurashga safarbar qilishga va’da berdilar va ularning bevosita yordamlari natijasi o‘laroq olomon tomonidan garovga olingan uchta mesxeti turki ozod qilindi.

Ma’lumki, turklar va o‘zbeklar etnos sifatida ildizlari birdir. Turk va o‘zbek tili bir buyuk tilning shevalaridir, deyish mumkin, bu tillar bir-biriga rus va ukrain tillaridan ham yaqinroqdir. Bu ikki xalqning dini ham birdir.

Mesxeti turklari Stalii tomonidan 1944 yilda quvg‘in qilingan edi va shu kungacha biz bilan og‘a-inilardek bo‘lib bizning o‘rtamizda begonasiramay yashashgan, juda ko‘p aralash oilalar bor. Turmush tarzi, udumlari o‘xshash, shuning uchun ham Quvasoy va Marg‘ilonda bo‘lgan voqealar biz uchun kutilmagan dahshatli zarba bo‘ldi. Ammo men qahr-g‘azabga to‘lgan olomon qarshisida turarkanman, bir narsani angladim — ular o‘z tarixlarini unutganlar, bu odamlar o‘z bobokalonlari tarixini bilmasdilar, bilganlarida edi xotira ilmi ularni siyosiy ig‘vo qurboni bo‘lishga yo‘l qo‘ymas edi. Stalin bizni faqat tariximizdangina ayirgani yo‘q, u butun boshli xalqlarni vatanidan ham ayirdi. Bunday ayriliq qurbonlaridai biri mesxeti turklaridir.

Qanday qilib aynan shu jafokash xalq vakillari va o‘zbeklar o‘rtasida dushmanlik paydo bo‘ldi? Fikrimcha, bu chuqur o‘ylangan ig‘vo: bu ikki tig‘li o‘tkir qilichning bir tomoni qondosh, qarindosh turk xalqi bilan o‘zbek xalqining do‘stlik rishtalarini uzishga, ikkinchi tomoni esa demokratiyani, aniqrog‘i, uning jumhuriyatimizning turli qatlamlarida paydo bo‘layotgan belgilarini qirqishga qaratilgandir.

Bunday miqyosli siyosiy ig‘voni tadbiq qilishga esa zamin tayyor edi, bu zamin hozir ham bor. Marg‘ilon va uning atrofida, birodarkushlik ro‘y bergan joylarda minglab ishsizlar bor. Uylar yonayotgan Farg‘onada esa ishsizlar soni undan ham ko‘proq. Vodiyning har bir joyida, ayniqsa, bugun hammamizning e’tiborimizni tortib turgan nuqtalarida ishsizlar ming-minglab topiladi. Bu ishsizlarning turmush darajasi nihoyatda nochor, qashshoqlikdan ham tubandir.

Ko‘pgina farg‘onaliklar Jizzax viloyatiga, Toshkent viloyatiga ish izlab keladi, boshqalari noqoratuproq yerga va Sibirga jo‘naydilar, yana bir qismi bir burda non izlab qishloq va shahar o‘rtasida ovoradirlar. Yana shunga alohida to‘xtalish kerakki, paxta hosili uchun olib borilgan yalpi kurash xalqning tirikligiga qarshi yalpi kurashga aylandi. O‘zbekistonda paxta yakkahokimligi tajovuz qilmagan bir parcha yer qolgani yo‘q. Paxta eng ko‘p suv ichadigan o‘simlikdir. U bizning daryolarimizni ichib quritdi va oqibatda O‘rta Osiyoning yolg‘iz dengizi — Orol o‘ldi. Yerning sho‘r bosishi, yer mag‘zi — gumusning yemirilishi natijasida butun-butun rayonlar sahroga aylandi. Zaminning qashshoqlanishi bevosita paxta yetishtirayotgan kishilar qashshoqligi bilan hamohangdir. Ular o‘zlarining silla qurituvchi mehnatlari evaziga 40—50 so‘m maosh oladilar. Bir dehqon hazillashib shunday degan edi — «bir so‘tix paxta chopig‘i uchun menga 19 tiyin berishadi, shaharda kooperativ hojatxona narxi 20 tiyin. Mening bir kunlik ish haqim faqatgina o‘sha hojatxonaga 4 marta kirish uchun yetadiya. Bu alamga to‘lgan odamning achchiq hazili edi Men shu odamni yoki uning o‘g‘lini Farg‘ona fojiasi boshlangan Toshloqda isyonkor olomon ichida ko‘rib qolsam, hayratlanmagan bo‘lur edim.

Yillar davomida yig‘ilib yotgan ijtimoiy-iqtisodiy halokat bir kuni yuzaga urib chiqishi turgan gap edi. Normal hayot oqimiga yo‘naltirilmagan kuch tabiiy ofatdan dahshatliroqdir. Men o‘sha kuchni, g‘azabga to‘lgan odamlarni ko‘rdim. Turklar bu fojianing yuzaga chiqishiga bahona bo‘ldilar, xolos.

Ba’zi rahbarlarimizdan ko‘ra O‘zbekistomning haqiqiy ahvolini yaxshiroq bilgan ig‘vogarlar esa bundan ustalik bilan foydalandilar. Ha, bugun bir necha alamlar o‘chog‘i o‘chirildi, ammo bizga bunday o‘choq boshqa yerlarda yonmaydi deb kim kafolat beradi? Toki millatning qariyb 80 foizini tashkil qiladigan qishloq ahliga nisbatan ijtimoiy adolat tiklanmas ekan, bu kafolatni hech kim berolmaydi. Biz uzoq yillar davomida jumhuriyatimizdagi iqtisodiy bo‘xronni yashirib keldik, mana endi u bilan yuzma-yuz turibmiz. Mana endi bu bizning regionda siyosiy vaziyatni belgilamoqda, uni yo‘naltirmoqda va birgina milliy masala chegarasiga sig‘mayapti.

«Literaturnaya Rossiya» gazetasi, 1989 yil 16 iyun

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 23 iyun