Mirzaali Muhammadjonov. Yer, paxta, taqdir (1989)

Keyingi 25—30 yil mobaynida O‘rta Osiyoning hamma joylarida bo‘lgani kabi, O‘zbekistonda ham suv va yerdan foydalanishda pala-partishliklar sodir bo‘ldi. Buning oqibatida respublikaning tabiiy-iqtisodiy holatiga putur yetdi. O‘rta Osiyo sharoitida o‘ta tanqis bo‘lib turgan suv va havoning sanoat chiqindilari bilan ifloslanib borayotganligi aholi salomatligiga ham ziyon yetkazmay qolmadi, tuproq unumdorligi va qishloq xo‘jaliklarining mahsuldorligi sezilarli darajada kamayib ketdi. Keltirilgan iqtisodiy zarar milliard-milliard so‘mlarni tashkil etadi, ijtimoiy va ma’naviy zararning-ku hisobi yo‘q.

O‘rta Osiyodagi barcha ittifoqdosh respublikalar singari O‘zbekiston ham nihoyatda qulay tabiiy iqlim sharoitlariga, yuksak samaradorlik imkoniyatlariga, ayniqsa, mehnat resurslariga ega. So‘nggi o‘n besh yil mobaynida ishlab chiqarish fondlari 3,9, energetika quvvati 2,1, shu jumladan traktorlarning umumiy quvvatlari 8,2, mineral o‘g‘itlar ta’minoti 1,7 baravar o‘sdi. Sug‘oriladigan maydonlar esa, keyingi ikki besh yillik oralig‘ida 900 ming gektargacha kengayib ketdi.

Qishloq xo‘jaligidagi ishlar zamonaviy fan yutuqlariga tayangan holda olib borilsa, har gektar paxta xomashyosi — 45—50 tsentner, beda pichani — 250—270, silosbop makkajo‘xori — 700—800, makkajo‘xori doni — 80—100, sabzavot va poliz ekinlari — 600—800, uzum — 250—280 tsentner, kuzgi boshoqli ekinlar va makkajo‘xori takroran ekilganida esa, sug‘oriladigan har bir gektar yerdan 130— 140 tsentnerdan don hosili yetishtirish mumkin. Chorvachilik mahsulotlaridan esa, sug‘oriladigan 100 gektar yer hisobiga 130—140 tsentnerdan go‘sht, 800—850 tsentnerdan sut yetishtirish imkoniyatlari mavjud.

Bularning barchasi O‘rta Osiyoda sug‘oriladigan yer maydonlari qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligi va chorvachilik mahsuldorligi imkoniyatlari beqiyos va cheksiz ekanligidan dalolat beradi. Yuqorida bayon qilingan kuzatishlar shu narsani ko‘rsatadiki, O‘zbekiston 20—30 million kishinigina emas, balki undan bir necha baravar ko‘p aholini bemalol to‘ydirib-kiydirishi, bundan tashqari, umumittifoq fondiga ham samarali hissa qo‘shishi mumkin.

Biroq ana shu imkoniyatlardan foydalanish nihoyat darajada qoniqarsiz. Respublikada qishloq xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan ishlar samarasiz, bu yerda g‘o‘za hukmronligiga, o‘ylamay-netmay yerlarni kengaytirishga xuruj qo‘yilgan, mehnat unumdorligi hamda aholi jon boshiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining asosiy turlarini yetkazish bo‘yicha daromad va iste’mol darajasi yildan yilga pasayib bormoqda yoxud bir joyda depsinib qolmoqda. Milliy daromad aholi jon boshiga respublikada atigi to‘rt ming so‘mni tashkil etadi, holbuki, mamlakat bo‘yicha bu boradagi o‘rtacha ko‘rsatkich sakkiz ming so‘mga teng. Barcha jihatlari ustun bo‘lgan o‘lkamiz aholisi esa butun mamlakat aholisiga nisbatan go‘sht, sut, sabzavot, meva, uzum va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini 2—2,5 baravar kam iste’mol qilayapti. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, respublikamiz qishloq xo‘jaligi aholisi yiliga kishi boshiga 8 kilodan yoki RSFSR aholisiga nisbatan 8 baravar kam go‘sht iste’mol qilayapti.

Hozirgi paytda O‘zbekiston kolxozlari va sovxozlari paxta xomashyosi va beda pichanidan ikki baravar, silosbop makkajo‘xori yoki jo‘xoridan 4—5, ularning donidan 2,5, sabzavot va poliz ekinlaridan 3—4, mevadan 5 baravar, uzum, go‘sht, sut yetishtirishdan 4 baravar kam hosil yetishtirmoqdalar. Holbuki, bizning tuproq-iqlim sharoitimizda yiliga uch marta sabzavot hosili yetishtirsa bo‘ladi. Respublika xo‘jaliklarining uchdan biri zarariga ishlayapti, 40 foizining rentabelligi 15 foizdan oshmaydi. Ko‘plab kolxozchi va sovxoz ishchilarining oilalari qashshoqlikda yashamoqdalar. Qishloq xo‘jaligida band bo‘lgan har kishi boshiga mahsulot darajasida ikki baravar, AQShga qiyosan esa, o‘n baravar kam mahsulot ishlab chiqarilayapti.

Akademik Mirzaali Muhammadjonov

Ayniqsa, respublikamizning asosiy sohasi bo‘lgan paxtachilik ahvoli chinakamiga jiddiy tashvish uyg‘otmoqda. Paxta hosildorligi past. Respublika 1988 yili ko‘p yillardan buyon birinchi marta paxta sotish planini bajarishga muvaffaq bo‘ldi, hosildorlik gektar boshiga 26 tsentnerga yetdi, bu — avvalgi yildagiga nisbatan 3 tsentner ortiq, 1980 yilga nisbatan esa 3,5 tsentner kamdir, davlat omborlariga 5 million 360 ming tonna paxta xomashyosi yetkazib berildi.

Agrosanoat kompleksining boshqa tarmoqlarida hech qanday o‘zgarishlar sodir bo‘lmadi. Oziq-ovqat Programmasini bajarish va aholini muhim iste’mol mahsulotlari bilan ta’minlash masalalari hamon tashvishli darajada. Qishloq xo‘jaligida mahsulot ishlab chiqarish miqdorining o‘sishi so‘nggi ikki yilda respublika aholisining tabiiy o‘sish sur’atini zo‘r-bazo‘r qoplamoqda. Ko‘rinib turiptiki, respublika mehnatkashlarining moddiy ahvoli yaxshilanayotgani yo‘q.

Bularning barchasi respublikamiz iqtisodiy va ijtimoiy munosabatlarda og‘ir ahvolda ekanini, ekologik jihatdan esa, Ittifoqda ayanchli o‘rinlardan birini egallab turganligini ko‘rsatadi.

Tabiiy suratda, bunday ahvoldan chiqishning chora-tadbiri bormi, degan savol tug‘iladi.

Ha, bor. Buning uchun eng avvalo respublika qishloq xo‘jaligini ilmiy asosga ko‘chirish lozim. Kolxozlar va sovxolarimiz, shu paytgacha bo‘lganidek, bir tomonlama rivojlantirilmasdan, ularning har tomonlama ravnaq topishini ta’minlamoq kerak. Qishloq xo‘jalik ekinlari xilini qancha ko‘paytirsak, yerning tabiiy tuzilishini asrab qolsak, ularning hosildorligiga, o‘simlik dunyosi hamda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining tub samaradorligiga erishgan bo‘lamiz. Xo‘jaliklarning maydonlarida bir xil ekinni surunkali ekaverishga zo‘r berish juda zararlidir. Bunday ixtisoslashtirish, ertami-kechmi, tuproqni toliqtiradi, kuchini oladi, turli zararkunandalarning paydo bo‘lishiga, yuqumli kasalliklarning keng tarqalishiga, begona o‘tlarning ko‘payishiga va boshqa ko‘ngilsiz hodisalarga sabab bo‘ladi, pirovardida esa, ixtisoslashtirilgan ekinning o‘ziga qiron keladi. Qishloq xo‘jaligida bir xil ekin ekishga xuruj qo‘ygan ko‘plab mamlakatlarning achchiq saboqlari bizga ibrat bo‘lmog‘i lozim. Eng ko‘ngilsiz hodisalardan biri aynan bizning sharoitimizda ro‘y berayotganligidan ko‘z yumolmaymiz. Yuqumli vilt kasalligi, qishloq xo‘jaligi zararkunandalari, takroriy sho‘rlanish, yerning botqoqqa aylanishi, hosildorliqning kamayib ketishi yildan-yilga kuchaymoqda.

Shuning uchun ham dehqonchilikda ixtisoslashish me’yorida bo‘lishi kerak. Ana shu munosabat bilan soha strukturasini tubdan qayta ko‘rib chiqish, har bir xo‘jalikda uning muvozanatini saqlash zarur. Bu — qishloq xo‘jaligini ilmiy asosda yuksak madaniyat bilan yuritishning qonuniy talabiga aylantirilmog‘i shart. G‘o‘zani asosiy ekin sifatida maqsadga muvofiq deb bilishdan tashqari, chorvachilik, ipakchilik, bog‘dorchilik, uzumchilik, sabzavotchilik keng suratda rivojlantirilmog‘i, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash, qurilish materiallari ishlab chiqarish, madaniy-maishiy xizmat sohalariga e’tiborni kuchaytirish lozim.

Respublikamizda g‘o‘za va sholi ekinlarining hukmron mavqega egaligi xo‘jaliklarni aynitdi, jamoat va shaxsiy chorvachilik ravnaqiga to‘sqinlik qilib qoldi. Natijada sug‘oriladigan 100 gektar yer maydoniga 41 bosh qoramol, shu jumladan 11 ta sigir to‘g‘ri keladi, xolos. Xo‘jaliklarning 37 foizida sigir, 50 foizida qo‘y zoti yo‘q. Umuman olganda, respublikamizda aholi jon boshiga 20,7 kilogramm go‘sht, 132 litr sut tayyorlanadi, bu borada mamlakatdagi o‘rtacha raqam muqobil ravishda 64 va 341 ni tashkil etadi.

Bir so‘z bilan aytganda, to‘la xo‘jalik hisobiga va o‘z-o‘zini mablag‘ bilan ta’minlashga o‘tish sharoitida ishlab chiqarishni boshqaradigan bosh o‘zak bozor va mahsulot konyukturasidir. Bu — har qanday yo‘l bilan mahsulot ishlab chiqarish «printsipi»ni inkor etadi va ma’lum ekin hukmronligiga chek qo‘yadi. Bu, o‘z navbatida, ekin maydonlari strukturasini tubdan o‘zgartirishni taqozo etadi. Hamma sohalar bo‘yicha ravnaq topayotgan ayrim ilg‘or xo‘jaliklar tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, paxtachilik xo‘jaliklarida g‘o‘za ekinlariga ellik foiz yer ajratishning o‘zi kifoyadir. Ana shu asosda, biz, beda va boshqa ozuqa ekinlariga 30—35, urug‘li don ekinlariga (makkajo‘xori, sholi…)ga 6 foiz, sabzavot, poliz, bog‘ va uzum uchun 8 foiz o‘rmon ihotalari va tutzorlar uchun 6 foiz yer ajratish ma’qul, deb hisoblaymiz. Bu strukturani tabaqalashtirilgan holda amalga oshirish zarur. Masalan, tuproqning meliorativ holati ko‘ngildagiday bo‘lmagan xo‘jaliklarda umumiy yerning 40—45 foizini, sho‘rlanmagan hosildor yerlarda esa 55—60 foizini paxta uchun ajratish mumkin.

* * *

G‘o‘zadan xoli bo‘lgan maydonlarda butunlay almashlab ekishni joriy etish va yerning meliorativ holatini tubdan yaxshilash lozim. Shunda biz respublika aholisini chorva mahsulotlarining asosiy turlari va meva-sabzavot bilan asosan ta’minlaymiz. Bundan keyingi paxtachilik rivoji faqat hosildorlikni o‘stirish hisobiga bo‘lmog‘i kerak. Ilmiy jihatdan asoslangan almashlab ekish va yerga ishlov berishning intensiv texnologiyasini joriy etish bilan dehqonchilikning yangi sistemasini o‘zlashtirish tufayli, shuningdek, bo‘shagan moddiy-texnika resurslarining bir qismini boshqa sohalarga jalb etish hamda ijara pudratiga o‘tish tufayli 1,4—1,5 million gektar sug‘oriladigan maydonlarda paxta hosildorligini o‘rtacha gektar boshiga 35 tsentnerga yetkazish yoki 1995—97 yillarda 5,2—5,3 million tonna paxta yetishtirish imkoniyati yuzaga chiqadi.

Umumittifoq mehnat taqsimotida va respublikamizning iqlim sharoitlariga ko‘ra, paxta yetishtirish bizning burchimiz ekanligini yaxshi anglamog‘imiz kerak. Paxtachilik avlod-ajdodlarimizning bizga qoldirgan merosi bo‘lib, dehqonlarimizning mehr qo‘ygan sohasi va hunaridir. Paxta ishlab chiqarishni o‘stira borish va mamlakatni mazkur xomashyo bilan ta’minlash — respublika ekonomikasining asosiy manbaidir. Hamonki, biz paxta yetishtirish bilan mashg‘ul ekanmiz, respublikamiz aholisining don mahsulotlariga va qisman chorva mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoji ittifoq fondi hisobidan ta’minlanmog‘i kerak.

Sug‘oriladigan paxta maydonlarini va paxta sotish planini qisqartirish xohish-irodamiz ifodasi emas, balki hayotiy zaruratdir, zero g‘o‘za ekini hukmronligi respublika xo‘jaliklari uchun fojiaviy bo‘lib, iqtisodiy va ekologik jihatdan og‘ir oqibatlarga olib keladi. Buni hamma, jumladan SSSR Davlat plani va Davlat agrosanoati ham yaxshi anglaydi. Lekin bu katta mavqega ega bo‘lgan tashkilotlar respublikaga o‘z irodasini o‘tkazish, zararli odatga aylangan «o‘ta markazlashtirish» istagidan voz kechishga o‘rgana olmayotirlar. Bu yil ham paxta sotish yuksak planlari belgilandi, demak, g‘o‘za ekini hukmronligi yana avvalgiday saqlanib qolaveradi. Hamma kulfat shundaki, bu borada qanchalar ko‘p gapirmaylik, amalda hech qanday ish qilinmayotir. Respublikamiz rahbarlari, eng avvalo O‘zSSR Ministrlar Soveti markaz irodasiga mahkam bog‘lanib qolganlar. Axir KPSS Markaziy Komiteti va SSSR Ministrlar Sovetining Orolni asrab qolish haqida 1988 yilning 20 sentyabrida qabul qilgan qarorini bajarishimiz kerak-ku.

Mazkur qarorda, jumladan, quyidagi vazifalar olg‘a surilgan edi:

«Orol dengizi havzasida qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishini tarmoqlar rivojini maqbul yo‘lga solishni, hadeb paxta va sholi yetishtiraverishni tugatishni, tuproq holati yomonlashuvini bartaraf etishni, chorvachilikni jadal rivojlantirish uchun mustahkam ozuqa bazasini yaratishni ko‘zda tutuvchi qat’iy ilmiy asosga o‘tkazish vazifasi qo‘yildi. Shu maqsadda o‘n uchinchi besh yillikda qishloq ho‘jaligini yuritishning tuproqni muhofaza qiladigan va resurslarni tejaydigan zona sistemalari ishlab chiqarilsin va joriy etilsin».

Ko‘rinib turiptiki, qarorda hamma narsa aniq-ravshan bayon etilgan. Paxta maydonlarini va paxta sotish planini qisqartirmasdan turib, g‘o‘za ekini hukmronligiga chek qo‘yish mushkul. Istiqbolda paxtachilik tarmog‘ini samarali rivojlantirish uchun ham ana shu vazifani amalga oshirish lozim. Endilikda ittifoqdosh respublikalar planlar va boshqa masalalarni ishlab chiqishda faol ishtirok etishlari kerak, deb aytdi o‘rtoq M. S. Gorbachev.

Hozirgi paytda respublika 4,1 million gektar ekin maydonlariga ega bo‘lib, shundan 3,4 million gektari sug‘oriladigan yerlardir. Bundan bir million gektarga yaqin maydon kam hosilli, 600—700 ming gektari esa, shag‘alli, zarang, tik adirlar, o‘ta sho‘rlangan va qum aralash yerlardir. Turg‘unlik yillarida qanday qilib bo‘lmasin shon-sharafga erishish maqsadida bu yerlarga paxta ekilaverdi va hozir ham davom etmoqda. Mazkur maydonlar gektariga 5—10 tsentnerdan, nari borsa, 18— 20 tsentnerdan paxta beradi. Bundan tashqari, bu yerlar juda katta suv miqdorini va sarf-xarajatlarni taqozo etadi va xo‘jaliklarga faqat ziyon keltiradi, xolos. Mazkur yerlarda bundan buyon ham g‘o‘za ekishni davom ettiraverish — respublikani holdan toydirishga, Oziq-ovqat Programmasini bajarish vazifalarini to‘la barbod qilishga va Orolning qismatini yanada og‘irlashtirishga olib keladi.

Aytganlarimizni ko‘plab misollar bilan asoslab berishimiz mumkin. Masalan, Farg‘ona oblast, Bog‘dod rayon, «Bolshevik» kolxozining 2-brigadasi shag‘alli yerlarda dehqonchilik qilib, eng qulay kelgan yilda 51 gektar maydonning har gektaridan 11 tsentnerdan paxta hosili yetishtirdi, holbuki, belgilangan plan 21 tsentner edi. Qadimdan sug‘orilib kelingan yerlarda dehqonchilik qilayotgan brigada esa gektaridan 30,7 tsentnerdan hosil yetishtirdi. Agar shag‘alli yer 12 marta sug‘orilgan, 10 marta kultivatsiya qilingan bo‘lsa, odatiy yerda bu — muqobil ravishda, 6 va 5 martani tashkil etadi. Bir tsentner paxta xomashyosining tannarxi shag‘alli joylarda plan bo‘yicha 48 so‘m bo‘lishiga qaramasdan 83 so‘mga tushdi.

Quva rayonidagi sobiq Jdanov nomli kolxoz raisi o‘rtoq Yusupovning aytishicha, dehqonchilik qilinadigan 2 ming 36 gektar yerning 470 gektari shag‘alli, 320 gektari esa, sof qumlik aralash maydonlardan iborat bo‘lib, asosan paxta yetishtiriladi, hosildorlik nihoyatda past, paxta tannarxi juda yuqori, 15 martagacha sug‘orishga to‘g‘ri keladi, har bir sug‘orishda 1200—1300 kubometr suv sarflanadi, 15—16 marta kultivatsiya qilinadi, holbuki, shu joylarda bog‘lar va uzumzorlar barpo qilinganida edi, butun yoz davomida 1—2 marta sug‘orishning o‘zi kifoya edi.

Mazkur rayonning Musa Sherbo‘tayev raislik qilayotgan «Kommunizm» kolxozida ham ahvol shunday.

Farg‘ona oblastida hammasi bo‘lib 312 ming gektar maydonda dehqonchilik qilinadi, buning 54 ming gektari shag‘alli va toshloq, 53,3 ming gektari qumoq va qum aralash, 40 ming gektari adirlardan iborat.

Aholi jon boshiga eng kam yer maydoni to‘g‘ri keladigan Andijon oblastida g‘o‘za ekini hukmronligi yaqqol ko‘zga tashlanib turishiga qaramay adirlardan, shag‘alli yerlardan, barxanlardan paxta uchun o‘n minglab gektar maydon o‘zlashtirildi. 28 ming gektar maydonning paxta hosildorligi gektar boshiga asosan 12—20 tsentnerdan iborat. Bu yerlardagi bir tsentner paxtaning tannarxi gektariga 120(!) so‘mni tashkil etdi, suv sarfi esa uch martadan ziyod. Adirlarni takror-takror sug‘orish oqibatida qadimdan sug‘orib kelinayotgan maydonlarda botqoqlanish, sho‘rlanish hollari yuz berdi.

Namangan oblastida esa, adirlar, shag‘alli maydonlar 54 ming gektarga yaqin maydonni tashkil etadi.

Sirdaryo oblastining Mehnatobod rayonida o‘ta zaranglashgan 20,3 ming gektar maydonga chigit qadaladi. Sovxozlar yangi tashkil topgan 1976 yilda hosildorlik gektar boshiga 7,2 tsentnerni tashkil etgan bo‘lsa, 1987 yilga kelib atigi 11 tsentnerga, o‘tgan yili esa 13 tsentnerga ko‘tarildi. Faqat yettita sovxozning o‘zigina 1981—1986 yillarda paxtachilikdan davlatga 75 million so‘m zarar keltirdi, bir tsentner paxta xomashyosining tannarxi rayon sovxozlarida 159 so‘m 79(!) tiyinga yetdi. Yalpi paxta hosili yetishtirish uchun har qanday noqulay yer sharoitlariga qaramasdan, davlatga qanchalar ziyon keltirayotgani ochiq-oydin ko‘rinib turibdi. Bunday zarang yer maydonlari, Markaziy Farg‘onada ham, Zarafshon vohasida ham anchagina.

U yoki bu sabablarga ko‘ra, asosan tuproq va iqlim sharoitlarining noqulayligi Zomin, Yangiyer, Muborak, Usmon Yusupov, Qo‘ng‘irot, Chimboy, Kogon va boshqa rayonlarda qator yillardan buyon juda kam (gektariga 8—20 tsentnerdan) paxta hosili yetishtirilmoqda. Iqtisodiy jihatdan foydali ekinlarni emas, balki yerlarni g‘o‘za ekini hukmiga bog‘lab qo‘yish respublikani moliyaviy jihatdan og‘ir ahvolga solib qo‘ydi.

O‘zbekiston SSR Agrosanoat Davlat komiteti yer tuzilishi boshqarmasining 1987 yil 1 yanvargacha bo‘lgan ma’lumotlariga ko‘ra, respublikada 321,5 ming gektar yerda; jumladan 238 ming gektar o‘ta sho‘rlangan yerlarda, kapital ta’mirlash va melioratsiya ishlarini amalga oshirmasdan turib, hech qanday qishloq xo‘jaligi ekinlari ekib bo‘lmaydi.

Yuqorida keltirilgan dalillar g‘o‘zaga ajratilgan ekin maydonlarini kamida 600 ming gektarga qisqartirish va bu chora-tadbir bilan qishloq xo‘jaligida yuzaga kelgan og‘ir ahvolni sog‘lomlashtirish mumkin va lozim, degan fikrimizni tasdiqlash uchun asos bo‘ladi.

Qishloq xo‘jalngida g‘o‘za ekinlarini qisqartirish bilan bog‘liq tarmoq strukturasini qayta ko‘rib chiqish, ya’ni g‘o‘za hukmronligiga chek qo‘yish umumiy daromadning kamayishiga olib kelmaydimi?

Yo‘q, albatta. «Savay» sovxozining mutaxassislari murakkab og‘ir ahvol yuzaga kelgani munosabati bilan tarmoq strukturasi va sug‘oriladigan maydonlar strukturasini qaytadan ko‘rib chiqib, almashlab ekishda paxta hissasini 40 foizga keltirdilar, bu — xo‘jalikning umumiy daromadi besh yil ichida 13 milliondan 21,5 million so‘mga ko‘tariladi demak.

Bizning hisob-kitoblarimizga qaraganda esa, qisqartirilgan ekin maydonlariga asosan suv sarfi kam talab qiladigan ekinlar ekish evaziga 4 milliard kubometr suv iqtisod qilib qolinadi. Ana shunday maydonlarda o‘rik, uzum, anor kabi mevalarning sifat jihatidan yangi navlarini ko‘paytirish, ma’lum sharoitlarda esa, qovun o‘stirish zarur. Sanoat negizida ularni quritish, qayta ishlash va qadoqlashni tashkil etish orqali respublikamiz jahon bozorida bemalol raqobatga kirishishi va yetarli miqdorda valyuta daromadini ta’minlashi mumkin. Buning uchun sug‘oriladigan yerlarda almashlab ekish jarayonini tubdan qayta ko‘rib chiqmoq lozim.

Bizning fikrimizcha, paxtachilik xo‘jaliklarida yangicha almashlab ekishni joriy etish uchun bir yil davomida meliorativ holati yaxshilangan yoxud ozuqa ekinlari bilan band bo‘lgan maydonlarda uch yil davomida beda pichani yetishtirilishi, 2—3 yil paxta ekilishi, so‘ngra bu yerlar g‘alla yoki dukkakli g‘alla ekinlari bilan band bo‘lib, keyin yana 2—3 yil davomida chigit qadalishi kerak. Xo‘jalikning tabiiy sharoitlariga qarab, u yoki bu xil ekinlar hissasini qamrab olgan boshqacha sxemalar qo‘llanilishi mumkin. Almashlab ekish, sxemalar va ekin turlarini maqsadga muvofiq tanlash masalalari nihoyatda muhimdir. Shuning uchun ham yaqin muddat ichida respublikamizda maxsus agronomiya mutaxassislari kengashi o‘tkazish, bu masalalarni batafsil muhokama qilish va xo‘jaliklar uchun muqobil tavsiyalarni ishlab chiqarish zarurdek tuyuladi. Agronomiyaning muhim masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan kengashlar 60-yillarga qadar muntazam o‘tkazilib turilar edi, afsuski, bu tajriba keyinchalik batamom unutib yuborildi.

Paxtachilik xo‘jaliklaridagi maydonlarning taxminan yarmi yuqumli vilt kasalligi va boshqa kasalliklar bilan zararlangan, qolgan yarmi esa, sho‘rlanish, haddan ziyod zaharli kimyoviy dorilarni qo‘llash tufayli holdan toygan. Hozircha ilm-fan ana shu illatlarga qarshi kurashning qat’iy metodlarini ishlab chiqa olganicha yo‘q. Biroq, tuproqni ana shu balolardan batamom xalos etishga qodir bo‘lgan, sinovdan o‘tgan xalq usuli mavjud. Bu — sholi ekinidir. Gap shundaki, vilt va boshqa zararkunandalarni qo‘zg‘atuvchilar kislorod bilan oziqlanadilar va ko‘payadilar, dalalar uzoq muddat sholizor kabi suv bilan bostirib qo‘yilganida esa, boshqacha jarayonlar sodir bo‘ladi, ya’ni tuproqda kislorodsiz yashay oladigan mikroorganizmlar vujudga keladi va ko‘payadi. Ana shu mikroorganizmlar barcha zararli hashoratlarni jumladan vilt qo‘zg‘atuvchilarini ham batamom o‘ldiradi. Bundan tashqari, bir yil, ko‘pi bilan ikki yil davomida sholi hosili yetishtirilishi natijasida tuproq sho‘ri to‘la-to‘kis yuviladi, hatto pestitsidlarning yuqidan ham xalos bo‘linadi. Shuning uchun ham sholi — meliorativ jihatdan samarasi yuksak, tozalovchi va kasalliklardan forig‘ etuvchi ekindir. Bizning sharoitimizda tuproq sho‘rlanishi va vilt bilan kasallanishiga qarshi samaraliroq kurash uchun bundan zo‘rroq ekin va bundan foydaliroq usul yo‘q.

Bizning dehqonlarimiz qadim-qadimdan sholining ana shu afzalliklaridan ustakorlik bilan foydalanib kelgan edilar, afsuski, xalq yaratgan usulni biz allaqachonlar unutib yubordik. O‘rta Chirchiq rayonidagi Oxunboboyev nomli kolxoz raisi Miraziz Ro‘zimatov xozirgi paytda ana shu tajribadan keng foydalanib, 130 gektar yerga sholi ekdi va har gektar yerdan 75—80 tsentnerdan hosil olmoqda. So‘nggi paytlarda Xorazm oblastida sholikorlikka ixtisoslashgan xo‘jaliklar maydonining bir qismiga paxta ekildi va bu yaxshi natijalar berdi.

Respublikamiz sharoitida sholizorlardan faqat ozuqa ekinlari yetishtirish uchungina emas, yerlarning meliorativ va sanitariya holatini yaxshilash yo‘lida foydalanish zarur.

Hozirgi paytda respublikamizda asosan Qoraqalpog‘iston ASSR va Xorazm oblastining ixtisoslashgan xo‘jaliklarida 170 ming gektar maydonga sholi ekiladi. Faqat urug‘chilikka mo‘ljallangan xo‘jaliklarnigina qoldirib, sholichilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklarni tugatish masalasi kun tartibida ko‘ndalang turibdi. Sholi ekinlarini paxtachilik va sabzavotchilik xo‘jaliklarida joylashtirish maqsadga muvofiqdir. Sholizorlarning yoppasiga kasallikka chalinishi va ixtisoslashgan xo‘jaliklarda yildan-yilga hosildorlik kamayib borishini bartaraf etish uchun yuqorida biz aytgan yo‘l eng qulayi ekanini ko‘rsatmoqda.

Albatta, sholizorlarni ariq-zovur tarmog‘i yaxshi ishlaydigan xo‘jaliklardagina barpo etish lozim.

Paxtachilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklarda sholizorlar barpo etish sug‘orish uchun qo‘shimcha suv talab qilmaydi, qisqasi, bu — hamma jihatdan qulaydir.

Erdan foydalanishda pudrat sistemasi tobora kengroq yoyilmoqda, shu munosabat bilan almashlab ekishni tashkil etish va o‘zlashtirish shaklla.ri ham o‘zgarib bormoqda. Endilikda yerlarni ijaraga berish va oilaviy pudratlar tashkil etilishi munosabati bilan ijarachilar va oilaviy pudratchilar asosida ekindan tashqari almashlab ekishni joriy etib, boshqa ekinlardan ham foydalanishlari mumkin va shart. Bu — chorva mollariga ega bo‘lish, sabzavot-poliz ekinlari ishlab chiqarish uchun ham zarurdir.

Shu bilan birga yerdan foydalanishning pudrat sistemasi zamirida bitta xavf mavjud, u ham bo‘lsa, ayrim ijarachilar iloji boricha ko‘proq foyda olishga xuruj qilib, yerning bor sharbatini tortib olishlari va hosildorlikka zarar yetkazishlari mumkin.

Shuni ham ta’kidlash lozimki, almashlab ekishni tezroq joriy etish va o‘zlashtirish yo‘lida O‘zbekiston SSR Oliy Soveti va respublika hukumati qarorlar qabul qilgan va bunga javobgarlik belgilangan edi. Bu qarorlar ramziy bo‘lib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun hech kim hech qachon jazo olgani yo‘q. Unday holatga yo‘l qo‘yilmasligi kerak.

Almashlab ekishni o‘zlashtirish va tuproq hosildorligini ko‘tarishning anchagina samarali usullari mavjud. Bu borada ayrim sotsialistik va kapitalistik mamlakatlarning tajribasi ibratli. Masalan, Avstraliya parlamenti yer resurslari va tuproqni muhofaza qilish haqida qaror qabul qilgan bo‘lib, unga binoan butun mamlakat bo‘ylab fermerlar va hukumat vakillaridan iborat rayon maslahat komitetlari tuzilgan. Mazkur komitetlar zimmasiga tuproq buzilishining oldini olish uchun uning holatini o‘rganish va tadbirlar ishlab chiqish vazifalari yuklangan. O‘z faoliyati bilan yerning tabiiy holatiga zarar yetkazayotgan fermerlar yo‘l qo‘ygan kamchiliklarni yo‘qotish uchun tavsiyanomalar bilan birga ogohlantiriladilar. Yezma ravishda berilgan ana shu ogohlantirishga bo‘ysunmaganlarga ikki ming dollar mablag‘ hajmida jarima solinadi. Bizga mos tushadigan ana shu yo‘sindagi qandaydir qonun qabul qilinishi haqida o‘ylab ko‘rish kerak.

Almashlab ekishni o‘zlashtirish va yer resurslarini muhofaza qilish bo‘yicha yetilib qolgan bu va boshqa masalalarni respublikamiz mehnat ahlining moddiy va ma’naviy manfaatlariga binoan hal etish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalardan biridir.

«Guliston» jurnali, 1989 yil, 4-son