Miraziz A’zam. Tatariston safari (1987)

1987 yilning fevralida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining rahbari O‘lmas Umarbekov meni huzuriga chaqirtirdi.
– Qozonda Abdulla Qodiriyga o‘xshagan, 1938 yilda otilgan tatar yozuvchisi Olimjon Ibrohimov tavalludining 100 yillik yubileyi bo‘ladi. O‘zbekistondan meni taklif qilishgandi, vaqtim yo‘q, marosimda qatnashish uchun o‘rnimga siz borib kelsangiz, – dedi u. – Orada yetarli vaqt bor, yubiley o‘zi martda bo‘ladi. Navoiy kutubxonasiga boring: Abdulla O‘razayevning tarjimalari bilan tanishing, keyin o‘zbek-tatar adabiy aloqalari haqida Sherali Turdiyevda ko‘p materiallar bor, maslahatlarini olib, yo‘lga hozirlik ko‘ring.
Men shoshilinch ishga kirishdim. Kutubxonada Ibrohimovdan qilingan ayrim tarjimalar bilan tanishdim.
Olimjon Ibrohimov (1887–1938) tashqi ko‘rinishi, qalbining yoniqligi, imonining kuchliligi bilan haqiqatan Abdulla Qodiriyga o‘xshash otashin yozuvchi, olim, publitsist va jamoat arbobi bo‘lib, o‘sha zamonning eng ilg‘or oliy o‘quv dargohlaridan biri Ufadagi Oliya madrasasini bitirgan, keyinchalik, 1914 yildan boshlab, shu madrasada dars bergan.
Adabiy ijodiyoti 1907 yilda “Madrasadan Zaki shogirdning haydalishi” hikoyasi bilan boshlangan. “Tatar xotini daromad ko‘rmaydi” (1910), “Qozoq qizi” romanlari, “Yoshlar hayotidan sahifalar” (1911), “Dengizda” (1911), “Qari mardikor” (1912), “Qaroqchi mulla” (1912), “Tabiat bolalari”(1914) singari realistik hikoya va qissalari bilan tatar adabiyotida yangi ovoz sohibi bo‘lib tanildi. Bu asarlarida Olimjon Ibrohimov ilg‘or tatar ziyolilarining eski turmush asoslariga qarshi olib borgan kurashlarini ko‘rsatgan. Uning ijodida “Yosh yuraklar” (1912) romani muhim o‘rinni egallaydi. U tatar adabiyotida birinchi psixologik roman bo‘lib, realizm va romantika bir-biriga qorishib ketgan va bu Ibrohimov ijodiga xos xususiyatlardan biridir. Uning “Bizning kunlar” (1920), “Qizil chechaklar hikoyasi” (1922), “Olma-chuvar” (1922), “Qozoq qizi” (1924), “Teran tomirlar” (1928) kabi asarlarida ikkinchi jahon urushidan keyingi qayta tiklanish yillaridagi keskin kurashlar, tatar xalqining qahramonona mehnatlarini gavdalantirgan.
Men ayrim kitoblar bilan tanishganimdan so‘ng yana qomuslarni titib, tatar adabiyoti tarixi bilan tanishdim va bir narsadan g‘oyat ajablandim: tatar mumtoz adabiyoti namunalari sifatida Qul Alining “Qissai Yusuf” dostoni, Qutbning “Xusrav va Shirin”, Xorazmiyning “Muhabbatnoma”, Sayfi Saroyining turkcha “Guliston”i ham sanalgandi. Biz bularni universitetda Xorazmdan chiqqan o‘zbek adabiyoti klassiklari deb o‘tgandik. “Ha, tatarlar bilan bizning yozuvimiz bir bo‘lgan edi, adabiyotimiz ham birmidi?” deb o‘yladim. So‘ng tariximizni, Qutblar zamonidagi Turon jo‘g‘rofiyasini titkiladim. O‘rganishlarim natijasida, u paytlarda hududlarimiz bir-biridan keskin ajratilmagan, bir-birimizning adabiyotimizni o‘z adabiyotimizday tarjimonsiz o‘qirdik, degan xulosa kelib chiqdi. Qul Ali, Qutb, Xorazmiy, Sayfi Saroyi ham, Lutfiy, Navoiy, Bobur, Maxtumquli, Abay, Abdulla To‘qaylar ham hamisha tarjimasiz, o‘z adabiyotimizday o‘qilgan! Xullas, yubileyda aytajak gaplarim shakllana bordi…
Qozonda meni G.Fayzullina ismli talaba, ilk kitobi chiqqan yosh tatar adibasi kutib oldi va Qozondagi mehmonsaroyga joylashtirdi. Keyin Tatariston Yozuvchilar uyushmasiga olib bordi. Uyushmada meni Musagit Habibullin ismli yozuvchi qabul qildi. U meni yubiley dasturi bilan tanishtirdi. Dasturga ko‘ra, Fanlar akademiyasiga bordik. U Ittifoq Fanlar akademiyasining Qozon filiali hisoblanarkan. Olimjon Ibrohimov nomidagi Til, adabiyot va tarix instituti Tatariston Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda yubileyga bag‘ishlab ilmiy konferentsiya o‘tkazdi. Bundagi qizg‘in bahslarda Ibrohimovning arab alifbosidan lotin alifbosiga o‘tish davridagi faoliyatlari haqida ham so‘z yuritildi.
Institutning tarix zalida yozuvchiga bag‘ishlangan muzey tashkil etilibdi, tomosha qildik.
Bundan tashqari, Qozon davlat universitetida talabalarning Butunittifoq ilmiy konferentsiyasi ham bo‘ldi. Tatar yoshlarining o‘z yozuvchilariga muhabbati ularning otashin munozaralarida yaqqol ko‘zga tashlanib turardi.
Poytaxt Qozonning O.Ibrohimov nomidagi ko‘chasida, Tataristonning turli shahar va qishloqlarida ham o‘quvchilar anjumanlari, adabiy-musiqiy kechalar o‘tkazildi.
Yubiley kuni ertalab tatar yozuvchilari, davlat idoralari xodimlari, mehmonlar bilan birgalikda Olimjon Ibrohimovning qabrini ziyorat qilgani bordik, byust poyiga gulchambarlar qo‘ydik. Bir-ikki ichkin ruhli nutqlardan so‘ng qabristondan chiqarkanmiz, daraxtlar ostidagi sokin xiyobonda yurgan bir tatar qariya meni imlab chaqirdi. Borib salomlashdim. Shu yerning go‘rkovi ekan.
– Bu mozorda Olimjon Ibrohimovning suyagi ham, tirnog‘i ham yo‘q, u bu yerga ko‘milmagan. U bir necha ziyolilar bilan birga 38-yilning yanvarida Qozon chekkasidagi bir chuqurlik yonida otib tashlangan. Chuqur ustiga tuproq tortib yuborgach, bik shibbalab, ustidan hojatxona qurg‘anlar, – dedi u.
– Olloh sabr bersin, – dedim. Quchoqlashib xayrlashdik.
Yubiley marosimi Musa Jalil nomidagi Tatar davlat opera va balet teatrida bo‘lar ekan. Bu teatr Qozonda 1939 yilda ochilgan bo‘lib, spektakllari tatar va rus tillarida qo‘yilar ekan. Teatrga Musa Jalil nomi 1956 yilda berilgan. Qozonda yana Aliasqar Kamol nomidagi Akademik drama teatri ham bor. U teatr 1906 yilda faoliyat boshlagan, 1920 yilda davlat maqomi, 1926 yilda Akademik drama teatri unvonini olgan ekan.
Yubiley 1987 yil 12 mart kuni kech soat beshda ochildi. Kecha rayosatida Tatariston Markazqo‘mining birinchi kotibi G.I.Usmonov, viloyat byurosining a’zolari va nomzodlari, davlat idoralari yoshlar uyushmalari, boshqa ijodiy uyushmalar, madaniyat muassasalari, mehnat jamoalari vakillari, Moskvadan, qardosh respublikalardan kelgan qo‘noqlar ishtirok etmoqda edi
Tantanali yig‘ilishni Tatariston partiya qo‘mitasining ikkinchi kotibi A.A.Rodigin ochdi.
Tatariston Ministrlar Soveti Raisining birinchi o‘rinbosari, respublika yubiley hay’atining raisi M.X.Hasanov Olimjon Ibrohimovning hayoti va ijodiy faoliyati haqida ma’ruza qildi.
Keyin Ittifoq Yozuvchilar uyushmasi rayosati kotibi, tanqidchi Yu.I.Surovtsev va bir qancha nufuzli arboblar bilan birga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasidan kaminaga so‘z berildi.
Men o‘z nutqimning qisqacha bayonini keltiraman:
O‘zbek xalqi va Yozuvchilar uyushmasi nomidan ulug‘ tatar yozuvchisi Olimjon Ibrohimov tavalludining 100 yilligi munosabati bilan qondosh va jondosh tatar xalqini tabriklash va salomlar yetkazish sharafi menga topshirildi.
Chinakam yozuvchilarning ikki hayoti bo‘ladi: biri – o‘zi yashagan hayot va ikkinchisi – o‘limidan keyingi hayot. Albatta, shunday yozuvchilar ham bo‘ladiki, tirikligidayoq shundoq xalq ko‘z o‘ngida o‘ladilar, yuqori mansablarga, sovrinlarga va katta-katta kitoblar chiqarishga intilib va shunga erishib yashaydilar, ammo ularni hech kim o‘qimaydi. Olimjon Ibrohimov millatning yuragida va o‘ylarida abadiy yashaydigan yozuvchilar toifasiga kiradi, bunday yozuvchilar bilan o‘quvchilar o‘rtasiga to‘siq qo‘yib bo‘lmaydi, hatto ularning kitoblarini kutubxona javonlaridan va do‘kon peshtaxtalaridan yig‘ib olinsa ham, hatto ularni gulxanlarda yoqsalar ham, hatto muallifini o‘ldirib, o‘ligi ustiga hojatxona qurib, jismini yo‘q qilishga erishsalar ham, millat qaysidir sanoqli nusxalarini asrab-avaylab keyingi avlodlarga yetkazadi, shaxsini yuragining to‘rida saqlaydi.

Miraziz A’zam Olimjon Ibrohimovning O‘zbekistondagi avlodlari davrasida. 1987 yil.

Mana, biz Olimjon Ibrohimovning yuz yilligini nishonlayapmiz. Uning hayoti 50 yoshida uzildi. Yigirma yil kitoblari chiqarilmadi. Ammo so‘ng, 1956–1957 yillardan uning ikkinchi hayoti boshlandi. Oldin uning uch jildli “Tanlangan asarlari” ona tilida chop etildi. 1985–1987 yillarda, yuz yilligi oldidan katta-katta sakkiz jildli “Asarlar” to‘plami nashr qilindi. Har bir jildi chiqishi bilanoq talash bo‘lib o‘qildi va hozirning o‘zidayoq noyob kitoblarga aylandi. Rus va boshqa xalqlar tillarida chiqarilgan alohida nashrlar haqida gap ochmayoq qo‘ya qolaylik. Hozir uning asarlari faqat Ittifoq hududida emas, chet mamlakatlarda ham sevilib o‘qilmoqda.
O‘zbeklarga kelsak, bizning xalqimiz Olimjon Ibrohimovni bugun yoki kecha emas, 10-yillardayoq tanib olgan. Uning “Zakiy shogirdning madrasadan haydalishi”, “Qaroqchi mulla” hikoyalari, “Yosh yuraklar” romani va boshqalar o‘zbeklar tomonidan sevib o‘qilgan. O‘zbek yozuvchilarining esdaliklaridan ma’lumki, Mirmuhsin Shermuhamedov, Lutfilla Olimiy, Shokir Sulaymon kabi bir qator yozuvchi va shoirlarimiz 1915 yilda Ibrohimovning Oliya madrasasidagi ma’ruzalarini ham tinglashgan. Arab alifbosi o‘zgarishidan oldin o‘zbeklar Ibrohimovni tatar tilida o‘qiganlar. Alifbo o‘zgargandan keyin 20-yillarning ikkinchi yarmida “Qora mayoqlar” romani, 30-yillarda “Tabiat bolalari”, “Qozoq qizi” romanlari, “Qizil chechaklar hikoyasi” Abdulla O‘razayev tomonidan tarjima qilingan. O‘rtaga ayriliq solgan qatag‘on yillari o‘tib, haqqoniyat tiklana boshlashi bilan 70-yillarda Abdulla O‘razayev “Qozoq qizi”ni yangitdan ko‘rib chiqib, ikkinchi nashrini amalga oshirdi, undan tashqari, “Teran tomirlar” romanini ham o‘zbekchaga o‘girdi.
G‘urur bilan yana shu narsani ham aytishim o‘rinsiz bo‘lmasa kerak: shaxsga sig‘inishning og‘ir yillarida, shafqatsiz repressiyalar zamonida o‘zbeklar Olimjon Ibrohimovning qarindosh-urug‘larini o‘zlariga o‘g‘il-qiz qilib oldilar. Ular hozir ham Navoiy shahrida, Toshkentda va boshqa kentlarda sog‘-salomat yashamoqdalar.
O‘zbeklar bilan tatarlarning yaqin aloqalari haqida bizning yozuvchilarimiz yozib qoldirgan ba’zi bir so‘zlarini ham aytgim kelyapti.
Shoir, dramaturg, kompozitor Hamza yozadi: “1907 yili otamni Makkaga hajga kuzatarkanman, men ilk bor u bilan Qishqar (Tataristonning Orsk tumanidagi bir qishloq, buni Sharqiy Turkistondagi Qoshg‘ar bilan adashtirmaslik kerak – M.A.)ni ham ziyorat qildik, men u yerda ilk bor “Vaqt” va “Bog‘chasaroy” gazetalari bilan tanishdim va gazeta o‘qiydigan bo‘ldim.
Namanganda qo‘lda harf terishni o‘rgandim. U yerda bir tatar yigiti bor edi, u bilan haftada bir-ikki marta uzoq suhbatlashgan edik. U menga juda chuqur ta’sir o‘tkazdi, o‘shanda men ilk bora podshohlar hayotidan opera romanini yozgan edim. Undan tashqari, she’rlarim o‘shandan keyin milliy va inqilobiy sajiyaga ega bo‘ldi”.
Adibimiz Oybek yozadi:“Biz Olimjon Ibrohimovdan bosh ko‘tarmasdik, uning asarlarini o‘rganibgina qolmay, uning izidan borishga harakat qilardik”.
Sizlarning ba’zi birlaringiz Abdulla To‘qayning 80 yilligi yubiley kechasida O‘zbekiston xalq shoiri G‘afur G‘ulom so‘zlagan nutqni eslasangiz kerak: “Tatar xalqi bilan o‘zbek xalqining yaqin aloqalari tarixga allaqachonlardan beri ma’lum, – degan edi u. – Biz qadim-qadim zamonlardan bir oila bolalari bo‘lib yashab keldik. Xususan, XIX asrning oxirlaridan buyon o‘zbek kitoblari sizning Qozonda bosila boshladi. O‘zbek xalqiga birinchi martaba milliy shrift olib boruvchi ham tatar xalqi bo‘ldi. Birinchi yangi zamon muallimlari ham, o‘qituvchilari ham bizga tatar xalqi farzandlari orasidan keldilar. Birinchi alifbo kitoblari yangi zamon tilida Qozonda bosildi.
Siz o‘z madaniyatingizni ulug‘ rus madaniyati bilan, shuningdek, buyuk Yevropa madaniyati bilan birgalikda Turkistonga olib bordingiz”.
Bizning tatar madaniyatiga muhabbatimiz biryoqlama emasdi. Tatarlar ham o‘zbek ilmi, madaniyati va adabiyotini chuqur ehtirom bilan tilga olardilar. Ayniqsa, Olimjon Ibrohimovday jo‘shqin qalbli, benihoya keng bilimli inson o‘zbek klassikasi haqida katta zavq bilan gapirmasligi mumkin emasdi. Lutfiy, Navoiy, Hamza, Abdulla Qodiriy, Botu, Shokir Sulaymon kabi shoir va yozuvchilar haqida uning aytgan gaplari talaygina. Masalan, ulug‘ o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy ijodiga munosabat bildirib, Olimjon Ibrohimov uni “Sharq she’riyatining quyoshi” deb atagan edi.
Mana, ulug‘ yozuvchi Olimjon Ibrohimovning yuz yillik tavallud kunida men O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Tatariston yozuvchilariga “Alisher Navoiy asarlariga miniatyuralar” kitob-albomini sovg‘a qilib topshirarkanman, agar hozir Olimjon Ibrohimov biz bilan birga bo‘lganida bunday hadyadan tabassumli yuzlari yorishib ketar edi, deb o‘ylayman. Iloho, bu kitob o‘zbek va tatar madaniyatlari do‘stligining ramzi bo‘lib qolgay va o‘zbeklarning Olimjon Ibrohimovning ijodiyoti va shaxsiyatiga chuqur muhabbatini ifodalab turgay”.
Adabiy qism tugab foyega chiqqanimizda atrofimni jurnalistlar va yoshlar o‘rab olib, savollarga ko‘mib tashlashdi. Men o‘zim yozamanmi-yo‘qmi, yozsam nimalar yozishim, qaysi mavzularda; tatar yozuvchi va shoirlaridan kimlarni bilishim, keyingi paytda qaysi kitobni o‘qiganim, tatarchadan tarjima qilganmanmi-yo‘qmi, ayolim kim, u ham yozadimi yo boshqa sohadanmi, nechta bolam bor va h.k.
Ha, men she’r yozishimni, ular bolalar va kattalar uchun yozilganini, mavzularim asosan xalq hayoti, ijtimoiy ma’nolarda bo‘lishini aytishim bilan, “muhabbat haqida yozasizmi?” deb so‘rashdi, “eng sevgan mavzularimdan biri”, dedim. Tatar shoirlaridan Abdulla To‘qay bilan Hodi Toqtoshni yaxshi ko‘rishim, ulardan qilgan tarjimalarim jurnallarda bosilganini, davralarda Toqtoshning “U bilmadi mening yuragimda arislonlar yuxlab yotganin” satrli she’rini o‘qib yurishimni, uning “Kelajakka xatlar” dostonini tarjima qilganimni aytdim. Bizda tatar kitoblari sotilsa, balki ko‘proq o‘qirmidim, deb qo‘ydim. So‘ng ikki marta uylanganim, birinchisi nosir edi, uch o‘g‘illi edik (avtohalokatga uchradi!), ikkinchisi shoira, dedim.
Tanaffusdan keyin Tatariston san’at ustalarining kontserti bo‘ldi.
Ertasiga, dasturga muvofiq, Abdulla To‘qay adabiy-memorial majmuasiga sayohat qildik. Majmua Orsk tumanidagi Yangi Qirlay qishlog‘ida ekan. Yangi Qirlay qishlog‘i Orskdan birmuncha narida, Iya degan kichik bir daryo yoqasida ekan. Daryoning chiroyli bir havzasi bo‘lib, sohilining bir tarafi zich qarag‘ayzor, ikkinchi tarafi suvga engashgan chinorlar, tollar, majnuntol va emanlar bilan qoplangan, daraxtlarning soyalari zilol suvda akslanib, tabiatning betakror tasviriy san’atini namoyish etardiki, uni har qanday odam yuragini hovuchlab tomosha qilardi. Qozondan bu yergacha 80 kilometr. Haryog‘i dalalar, o‘rmonlar va qo‘lda o‘tqazilgan daraxtlar bilan qoplangan g‘oyatda go‘zal manzarali joyda Abdulla To‘qay adabiy-memorial majmuasi har kuni soat sakkizdan o‘n yettigacha ishlab turibdi (dam olish kuni – dushanba). Majmua 1976 yili 26 aprelda ochilgan.
Direktor Zavdat Abdullayevich Xasanov kompleks tarixini aytib berdi.
– Eng oldin 1960 yilda Abdulla To‘qay nomli o‘rta maktab o‘quvchilari shoirning XX asr boshida chiqqan kitoblarini, o‘sha davr gazeta va jurnallarini, fotosuratlarini izlab topa boshlaganlar, so‘ng sinflaridan ikkitasini jihozlab muzey tashkil qilganlar. U faqat bolalarning emas, kattalar, butun tevarak-atrof aholisining ham diqqatini tortib, ziyoratchilarning keti uzilmay qolgan. Kelib-ketganlar ham muzeyni boyitishga o‘z hissalarini qo‘shar edilar. Nihoyat, 1976 yilda unga rasmiy maqom berildi. 1979 yilda RSFSRda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Boqi O‘rmonchi loyihasi bilan muzey uchun maxsus bino qurildi, Iya daryosi bo‘yida 3 gektar maydon istirohat bog‘i qilib ajratildi. Yig‘ilgan eksponatlar oltita zalga joylandi. Dehqon Sa’dining amloki ham shu yerda. Dehqon Sa’di degan odam o‘zi o‘g‘ilsiz bo‘lib, Abdulla To‘qayni yetim qolgan sakkiz-to‘qqiz yoshlarida o‘g‘il qilib olgan kishi edi.
Majmuaning maxsus bir zali qishloq tarixiga va To‘qayning zamondoshlari, hamqishloqlariga bag‘ishlangan; shoirning ijodi haqida hikoya qiluvchi arxiv hujjatlari ko‘rgazma uchun asos bo‘lgan.
Muzeyning ikki qavatli asosiy binosi qarag‘aydan qurilgan. Arxitekturasi (me’moriy ko‘rinishlari) hozirgi zamon uslubi bilan Sharqqa xos milliy bezaklarning bir-biriga qo‘shilishidan bunyod bo‘lgan. Sa’dining amloki esa XIX asrning so‘ngi, XX asr boshlaridagi tatar dehqonlarining amloklari o‘rnagi asosida qayta tiklangan.
Zavdat Abdullayevich muassasa faoliyati haqida yana shu narsani ham ta’kidladi:
– Har yili 26 aprel kuni muzeyda Ona tili bayrami o‘tkaziladi. Bunda asosan maktab o‘quvchilari va o‘qituvchilar qatnashadilar. Bolalarning To‘qay she’rlarini qanday maza qilib o‘qishlarini ko‘rsaydingiz, yangi to‘qaylar avlodi o‘sib kelayotganiga ishonch hosil qilardingiz.
Shundan keyin 18 mayda Xalqaro muzeylar kunini nishonlaymiz. Unda chet elliklar, muzeyshunoslar, olimlar ham ishtirok etishadi. Ba’zi birlari bizga To‘qayga oid yangi hujjatlar berib, quvontirishadi. 1 oktyabrda albatta Qariyalar kunini nishonlaymiz. Tataristonning va Rossiyaning turli mintaqalaridan kelgan mo‘ysafidlar va tabarruk onaxonlar muze­yimizga fayz berib ketishadi.
– Siz aytayotgan tadbirlar katta mablag‘ talab qiladi-ku! Muzeyning iqtisodiy tomoni qanday, kim tomonidan, qanday ta’minlanadi? – deb savol berdim men.
– Kompleksimiz mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish organlariga topshirilgan, ya’ni munitsipalizatsiya qilingan, – deb javob berdi u. – Bir yilda o‘rta hisobda o‘n uch ming kishi kelib tomosha qiladi. Bu yerda sakkiz kishi ishlaydi, xolos, shulardan ikki nafari olimlar. Muzeyda A.To‘qayning hayotligida nashr etilgan kitoblari, To‘qay davridagi qozon tatarlari kiyimlari hamda turmush ashyolari, Qozonning “Bulg‘or” mehmonsaroyi mebeli, shoir va uning do‘stlarining asil narsalaridan tashqari, xalq rassomi Boqi O‘rmonchining me’moriy va boshqa ijod namunalari, mashhur tatar rassomlarining kartinalari ham bor. Biz har yili o‘z fondimizdagi rasmlarni olib, turli shaharlarda “Tasviriy san’atda Abdulla To‘qay” mavzusida ko‘chma ko‘rgazmalar ham tashkil qilamiz, ayrim muzeylar bilan eksponatlar almashamiz.
Biz rassomlarning ko‘rgazmaga qo‘ygan asarlarini ko‘rishga oshiqdik. Zaldagi asarlar ichida Boqi O‘rmonchi yaratgan haykallar, xususan, Qul Ali, Abdulla To‘qay va Olimjon Ibrohimov haykallari kishini hayajonga solar, tafakkurga cho‘mdirardi. “Qissai Yusuf” dostonining muallifi shu qadar ulug‘vor va salobatli ediki, beixtiyor Homer, Aflotun, Firdavsiy, Beruniy, Ibn Sino, Nizomiy, Navoiy kabi buyuklarni yodga solardi. Qadimgi yunon haytaltaroshlarining haykallari kabi o‘lmaslikdan, abadiyatdan so‘ylardi. 76x40x34 hajmli marmarda aks ettirilgan siymo mahobati bilan tomoshabin qalbini yuksakka ko‘tarardi.
Muallif, balandligi 80 sm bo‘lgan, marmardan ishlangan Abdulla To‘qay haykalida olov qalbli, murosasiz qiyofasini juda katta mahorat bilan ko‘rsatib berolgan edi. Bittasiga oq tushgan ko‘zlarning qat’iyatli qarashlari, chimirilgan qoshlar, qimtilgan dudoqlar – bularning hammasida sajiyaning betakror va o‘tkirligi mujassam edi.
Olimjon Ibrohimovning siymosi 70 santimetrli bronzobeton haykalda aks ettirilgan. Uzoqni ko‘ruvchi burgut nazarli ko‘zlar, ikki cheti sal egma, lekin asosan bir chiziqdagi qoshlar, manglay o‘rtasida, qoshlar tepasida ikki tarafga qanotlangan ajinlar, yuzlardagi yonoqdan pastki qismlarda, dahanning ikki tarafi ustidagi mo‘ylablarning uchlaridagi ajinga aylangan chuqurlar, yuzlarda qandaydir nimtabassum ham ko‘rindi – bular yozuvchining qanchalar ko‘p fikr va tuyg‘ularni boshdan kechirganidan hikoya qilardi.
Zalning o‘rtalig‘ida yana bir asar diqqatimni tortdi. Bu yog‘ochga ishlangan gravyura “Suyumbeka” deb atalardi. Yog‘och bir metr, eni 30 santimetr edi. Unda aks ettirilgan ayolning yuzlarida fojia izlari bor edi. Yumilgan ko‘zlaridan yosh tomchilayotir, nomus, or yig‘isi… Dunyoni ortiq ko‘rgisi kelmayotgan ayol…
– Suyumbeka kim bo‘ldi? – dedim hayajonlanib.
– Tataristonning mustaqilligini qo‘ldan boy bergan xonzoda. Xon vafotidan keyin O‘tamish ismli ikki yashar o‘g‘il, an’anaga ko‘ra, xon etib ko‘tarilgan. Amir va a’yonlar vaqtincha taxtni boshqarishni beva xonzoda Suyumbekaga topshirganlar, o‘zlari unga sodiq bo‘lib, xizmat qilishga ont ichganlar. Bu davrda Maskov podshosi Ivan Grozniy bostirib kelib, Qozonni egallagan.
Shu yerda to‘g‘riso‘z og‘aynilardan biri yurgan ekan, bizning suhbatimizni eshitib, gapga qo‘shildi, bir tatar afsonasini aytib berdi.
– Bu vaqiyg‘a 1551 jilda bo‘lg‘an. Munnan oldin Qazan xani bu g‘alemg‘a ko‘z yumgende, aning yerina Suyumbika xansha o‘tirg‘andi. Boyonlar anga sadiq bo‘luvga ant ichgenlar. Bay’at itgenlar, diler, bay’at itmek bu yag‘ni bizim tilde ant ichmekdir. Shu-shu 1551 jilda bir tatar razvedchigi Qozon generalina doneseniye kiltire, Maskov hukumati Qazanni bosib oluvg‘a keledi. Kelemas, digen general.
– Besh yuz pari uchib kile yel bila, davul bila, digen razvedchik.
– Kilsa kilsin davul bila, quvamiz avul bila, digen general. Chindan-da tish-tirnog‘i bilan qurollang‘an besh yuz rus sug‘ishchi qizlari atda “ura-ura” digenche Qazanni oluvga kilelar. Tatar sug‘ish bayanlari rus qizlarini asir alalar, avulg‘a kiltirib, aysh-ishret bile mashg‘ul bulalar. Bu zamanda Ivan Grozniynin erkek sug‘ishchilari Qazan saroyin urab alalar. Suyumbika taslim bo‘luvdan g‘arlanib, o‘zini saray tubasindan jirga tashlag‘an. O‘lg‘an. Bu gravyurada shu-shu Suyumbikenin obrazi kursatilg‘an.
Bu afsonami, tarixmi, bilmadim, harqalay, Abdulla To‘qay adabiy-memorial kompleksi, shu jumladan, “Suyumbeka” gravyurasining muallifi Boqi O‘rmonchini ko‘rmasam, ziyorat qilmasam, ko‘nglim joyiga tushmasligini his qildim.
– Uylariga boramiz, – dedi yo‘lboshlovchi hamrohim, – yaqinda, 28 fevralda Boqi O‘rmonchining 90 yillik yubileylarini o‘tkazganmiz, kayfiyatlari, sog‘liklari juda yaxshi… Harqalay, men oldin bir telefon qilay…
Bordik. Men munkillagan bir cholni tasavvur qilgandim, ammo uni ko‘rganda tetik va baquvvatligidan sevinib ketdim. Bemalol suhbatlashish mumkin.
Kechagi tantanada ham qatnashgan ekan. Bizni ochiq chehra bilan qarshi oldi.
– Suyumbekaning taqdiri – Tataristonning taqdiri… Keling, eng boshidan gaplashaylik, – dedi Boqi O‘rmonchi. – Men tatar bo‘lib tatar tarixchilari asosida emas, rus bo‘lib rus tarixchisi S.F.Platonovning “Ivan Grozniy” asari asosida gapiraman.
XVI asrning boshlarida Qozon hokimiyatparastlari ahmoqona ichki urushlarni avj oldirdilar, Moskva hukumati (u paytlarda “Rossiya” degan hukumat yo‘q edi, rus davlati “Moskva hukumati” deyilardi)ning josuslari Qozondagi boshboshdoqliklar manzarasini o‘z podshohlariga butun tafsilotlari bilan aytib berdilar. Moskva bundan foydalanib qolish uchun harakatga tushdi.
Birinchidan, Moskva Qozonga yurish qilish uchun o‘z qo‘shinlarini imkon qadar tish-tirnog‘i bilan qurollantirdi. So‘ngra rus harbiylari Qozon qo‘rg‘oni yaqinlarida paydo bo‘lib, atrof-javonibni talon-toroj qildilar, shaharga hujumni kuchaytirdilar; ammo Moskva harbiylari Qozon etagida uzoq turolmasdilar, chegaradan uzoq bu yerlarda tub aholi ularga dushman kayfiyatda edi, ruslar yetarli qudratga ega emasdi.
Ikkinchidan, Moskva hukumati Qozonda urishib yotgan guruhlar ichidan biriga yonbosib, Moskvani qo‘llaydigan bir odamni Qozonga xon qilish payida bo‘ldi. Ba’zan bunga erishardi ham. Ammo Moskva qo‘ygan odam odatda taxtda ko‘p turolmasdi. Tatarlar uni haydab yuborardi. Shunday bo‘lsa ham, Moskva tatarlar o‘rtasida g‘ulg‘ulani kuchaytira olganidan mamnun edi. Moskva shu yo‘lda tinimsiz harakat qilib dushmanni zaiflashtirib bordi.
Qozon obdan zaiflashganiga imoni komil bo‘lgan Ivan Grozniy 1546 yilda Moskva xon qilib qo‘ygan Shayxali Shigaley (Shayxali)ni taxtdan haydaganlarini bahona qilib, Qozonga hujumlarini kuchaytirdi. Lekin rus qo‘shini kamquvvat bo‘lgani, tez-tez orqaga qaytavergani bois, Ivan Grozniy 1550 yilda, sotqin Shayxalining maslahati bilan Zo‘ya (Sviyaga) daryosining boshlanish yeri, Qozondan ko‘rinib turadigan Yumaloq tog‘da bir harbiy qal’a qurdi. Ana shundan so‘ng Qozonni bosib olish sistemali tusga kirdi. 1551 yilning may oyida Moskva avangardi Qozon ostonasida edi. U birdan hujum qilib Qozonning qo‘rg‘on devori ostidagi qishlog‘ini tor-mor qildi. Shundan keyin Zo‘yaga jangovar Moskva qo‘shini yetib keldi va Dumaloq tog‘dagi istehkomni zamonning eng mustahkam qal’asiga aylantirdi. Zo‘ya shahri (Sviyajsk) juda tez bitganini ko‘rgan shu yerlik chuvashlar va cheremislar Moskvaga bo‘ysunishga va xizmatini qilishga xohish bildirdilar. Tatarlar Moskva lashkarboshilari bilan muzokara boshlashga majbur bo‘ldilar, ruslarning odami bo‘lmish Shayxalini qayta Qozonga qo‘yishlarini so‘radilar va garov uchun ikki yoshli O‘tamish-Gireyni berishlarini aytdilar. Moskva Shayxalini qaytarishga rozi bo‘ldi, ammo Qozon xonligini ikkiga bo‘lishni shart qilib qo‘ydi. Shayxali tog‘ning Archa, Isleutargacha (ruschasi ikkovi birlikda Orsk deyiladi) bo‘lgan o‘tloqli tomoniga xonlik qiladigan bo‘ldi, barcha tog‘lik tomoni Sviyajsk shahri bilan ruslarga beriladigan bo‘ldi (“biz Xudoning inoyati bilan va qilich bilan bu tomonni egalladik”, deyishdi). Barcha tatar boyonlari bunga e’tiroz bildirsalar ham, Moskva o‘z talabidan qaytmadi. Tatarlar O‘tamish-Girey bilan Suyumbekani Moskvaga eltib berishga va rus asirlarini qaytarishga majbur bo‘ldilar. Oltmish ming rus asiri Sviyajsk orqali uy-uylariga – Moskvaga, Vyatkaga, Permga, Vologdaga qaytdilar.

Rus tarixchisi S.F.Platonovning “Ivan Grozniy” nomli kitobida qayd etilgan Suyumbeka taqdiri shundan iborat.
Men o‘rtaga cho‘kkan og‘ir jimlikdan xalos bo‘lish uchun:
– Domla, o‘z umringizdan ham bir narsalar aytib berasizmi? – dedim.
U o‘rnidan turib, kitob javonidan o‘z albomini olib kelib dastxat yozdi, Flora opa ikkovlari imzolashdi.
– Kitobni asosan Flora opangiz (Qiyom Minniboyev bilan birga) tuzgan va so‘zboshi yozgan. Umrim bayoni – shu yerda, o‘qib ko‘rarsiz, – dedi va: – Men faqat O‘zbekistonga borgan yillarim haqida aytib beray, – deya qo‘shib qo‘ydi.
– Men 1949–1952 yillarda Samarqandda yashaganman. O‘zi 30-yillarda bitirganim “Shaxtachi tatar ayol”, “Shaxtachi tatarlarning baraklari”, “Ishimboyning neft konlarida” kabi kartinalarimni, 1937–1941 yillarda xalq ho‘jaligi ko‘rgazmasidagi haykallarim va tasviriy san’atlarimni ko‘rib, meni Qozog‘istonga taklif qilishgan, u yerda Abay Qo‘nanboyev, Muxtor Avezov, akademik U.I.Satpayev, artistlar: Sara Jandarbekova, Xadicha Bukeeva va turli qahramonlarning portretlarini yaratgandim. Samarqandga borish xayoli esa ichimda institutda o‘qigan yillarimdan beri yashar edi. Dunyo xalqlari me’morchiligi, tasviriy san’atini o‘tganimizda, xususan, domlamiz Sharq san’ati tarixidan Samarqand obidalari – Go‘r Amir, Oqsaroy, Ko‘ksaroy, Bibixonim madrasasi, Kamoliddin Behzod, Muzahhib miniatyuralari haqida zavq bilan so‘ylaganda, albatta bir kun Samarqandga boraman, deb o‘ylardim. Qozog‘istonda o‘sha o‘ylarim yana jonlandi. Shu tariqa o‘zimni Samarqandda ko‘rdim.
“Qosh qoraygan payt”, “Bibixonim madrasasi”, “Poda qaytgach”, “Rasm (Baliq bilan kiyik)”, “Mehnat Qahramoni Abbos Aliyev (uzumchi bog‘bon)”, “Tut daraxtlari”, “Uzum yig‘imi”, “Bonu” (1949–1952) rasmlarini ishladim, keyinchalik “Chingiz Ahmarov” portreti (1973)ni chizdim, 1956 yilda “Ibn Sino” haykali loyihasi bilan tanlovda qatnashdim. Meni shu yili Toshkent san’at institutida o‘qituvchilikka taklif qilgandilar. Men u yerda yuqori kurs talabalari uchun haykaltaroshlik ustaxonasi tashkil qildim va haykaltaroshlikdan dars berdim. Toshkentlik haykaltarosh va rassomlar Ya.Shapiro, S.Abdullayev, N.Pak, A.Nazarov va boshqalar menga ustoz yoki murabbiy deb murojaat qiladilar.
Keyin suhbatimiz o‘zbek musiqasiga ulandi. Shundan Boqi og‘a xalq qo‘shiqlari, laparlari, allalari, aytishuvlari, baxshilar ijrosidagi xalq dostonlarini yaxshi ko‘rishini, faqat mumtoz musiqamizni unchalik yaxshi anglamasligini aytdi. “Men o‘zi o‘zbeklarni juda yaxshi ko‘raman, Uyushmangiz rahbarlariga mening salomimni ayting”, dedi.
Biz juda eski og‘a-inilardek xayrlashdik.
Safarning so‘nggi kuni Yozuvchilar uyushmasida Musagit Habibullin mendan taassurotlarim haqida so‘radi. Men yubiley oqshomi, To‘qay adabiy-me’moriy kompleksiga sayohat, Boqi O‘rmonchi bilan suhbatlar menda unutilmas taassurot qoldirganini aytdim.
– Shoir bo‘lganingiz uchun biz sizga Abdulla To‘qayning besh jildli asarlarini sovg‘a qilyapmiz, – deya u menga bu mo‘tabar kitoblarni uzatdi. “Bu men uchun oltin-javohirlarga ham alishib bo‘lmaydigan bebaho sovg‘a”, – deb, jildlar o‘ralgan qutichani bag‘rimga bosdim.
– Bizdan sizning oilangizga yana bir arzimas sovg‘amiz mana shu – tatar qizlarining san’ati bo‘lgan chakchak, – dedi Musagit og‘a.
– Bizning o‘zbek oilalarida ham hayit va bayramlarda chakchak pishiriladi, ta’mi siznikidan qolishmaydi; tatarcha chakchak sap-sariq oltin tojga o‘xshar ekan, – dedim men.
Sog‘intirgan onajonim Toshkentga shunday taassurotlar bilan qaytib keldim.