1945 yil, sentyabr
Chorjo‘ydan ko‘tarilgan samolyot sekin Toshhovuz aeroportiga kelib qo‘ndi. Bundan uch yilu to‘rt oy muqaddam ZIS yuk mashinalarida Chorjo‘y shahri tomon yo‘l olgan edim. Endilikda xuddi shu yo‘ldan havo orqali qaytib keldim. Ketishda biz 100 nafarcha ziyoli yigitlar edik. Qaytishda bir o‘zim. Safardoshlarimdan birortasi menga yo‘ldosh emas. Ketishda ne mashaqqatlar bilan qum barxanlarini kechib, og‘ir kechinmalarda yo‘l bosganmiz. Qaytishda havoda ohista parvozdaman. Tabiiy, kayfiyatim g‘olibona. Bir yarim soatlik havo parvozi men uchun bir zumcha bo‘lmadi. Toshhovuzga yetib kelguncha samolyotning kichkina derazasidan yo‘lni kuzatib keldim. Mashinalarda yo‘l bosib o‘tganda olov purkab turgan sahro, o‘rkach-o‘rkach tovlanib yotgan qum barxanlari, ora-sira ko‘zga tashlanadigan saksovulzorlar, yomg‘ir suvi natijasida paydo bo‘lgan tuzli tekisliklar ko‘z oldimdan o‘tdi. Qumu qirlarni o‘rtadan bo‘lib, sahro beliga bog‘langan tilla kamar singari ko‘rinadigan Amudaryo samolyotni pastdan kuzatib bordi.
Bu manzara menga ko‘p voqealarni eslatardi. Biroq ular ichida esda ko‘proq saqlangan 1942 yildagi urush tomon bosilgan yo‘l edi. Daryo tufayli ko‘kalamzorga aylangan burchak — sahro kemtigi Darg‘on-ota shaharchasini sahroda o‘z go‘zalligini ko‘z-ko‘z qilib turgan afsonaviy Drovoxonimni yana bir bor, endi yuqoridan turib ko‘zdan o‘tkazdim va hayot-mamot jangidan qaytayotib yana bir gal bu joylarga ko‘zim tushganiga cheksiz shukronalar aytdim. Biroq safardoshlarimdan birontasining qismatidan xabarsizligim mening yuragimni ezib turgan og‘ir armon edi. Umuman kim biladi: ulardan kim tirik qolgan, kim yo‘q! Manzilimga yetgach, ularni izlash menga orzu edi.
Xizmatdan ozod qilinganimdan keyin darrov elimga yetib olaqolay, deb shoshilmadim, garchi, otam-onam, qarindosh-urug‘larim meni toqatsizlik bilan kutayotganliklarini bilsam ham, Moskvada bir necha kun turdim, Toshkentga kelib 1940 yili yurgan ko‘chalarimdan yana bir gal o‘tdim. Kechqurun teatrga borib spektakl tomosha qildim. O‘shanda, ya’ni 1945 yil sentyabrda M. Shayxzodaning «Jaloliddin» dramasini ko‘rdim, ko‘rib o‘zimning jangovar yo‘llarimni esladim. Yana o‘sha yoshlik tufayli Toshkentda turib ham: «Men kelayapman», deb ota-onamga ikki enlik telegramma yo‘llamabman. Kutilmaganda kirib borish istagi ustun edi shekillik menda. Samolyotdan tushar ekanman, men o‘zimni boshqa bir shaharga tushgandek his qildim: meni hech kim kutib olmadi. Buyum xaltamni yelkamga olib aeroportning ko‘rimsizgina eski imoratidan chiqib shaharning katta ko‘chasiga burildim. U paytlarda Toshhovuz aeroporti shahar bilan tutash edi: ko‘chada ham biror tanish odam ko‘zimga ko‘rinavermadi. Uyga xabar bermaganimdan pushaymon yedim. Xo‘rligim kelgandek bo‘ldi. O‘zimni yot bir joyda qayoqqa borishni bilmay ketayotgan musofirdek his qildim.
— Yoshlik ekan-da!— o‘ylayman bugun.
Tug‘ilib o‘sgan qishlog‘im — Hallang shaharning g‘arbida bo‘lgani uchun o‘zimga bog‘liq bo‘lmagan tuyg‘u bilan katta ko‘chaning g‘arb tomoniga yo‘l oldim. Ozgina yo‘l yurib Shovot ko‘prigiga boradigan yo‘lni qisqartish uchun tor ko‘chalar oralab ketdim. Bir qavatli tanish imoratlar. Imoratlardan birining eshigiga «Toshhovuz rayONOsi» degan yozuvga ko‘zim tushdi. Birdan noxush kayfiyatim o‘zgardi. Go‘yo ochiq sahroda borayotib boshpanaga duch kelgan yo‘lovchidek his qildim o‘zimni. Xuddi shu rayONOdan urushga ketganim yana bir gal xayolimdan o‘tdi. Ikki tabaqali katta darvoza o‘rtasida ochiq turgan eshikka qadam qo‘ydim. Mening bu qadamim tamoman beixtiyor edi. Safarbar qilinganimda Toshhovuz RayONOsi boshqa joyda — Tozabozor posyolkasida bo‘lgani uchun bu joyning hovlisi men uchun tanish emas edi.
Hovli tomon qancha qadam tashlaganimni bilmayman, kutilmagan tezlikda bir necha yigitlar xuddi uzoq vaqtlar izlanib topilib qolgan aybdorni tutib olish niyatida bo‘lganlaridek mening ustimga tashlandilar. Bir zum o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. Birozdan keyin menga tashlangan yigitlarning biri o‘z ukam Otamurod, boshqalari o‘rtoqlari ekanini angladim. Ular o‘qituvchilar tayyorlash institutini bitkazib, ish olish uchun bu yerga kelishgan ekan. O‘zimdan qanday gap chiqqanini bilmayman. Ular esa nimalardir deyishar, biroq nima deyayotganlarini darrov anglab olish holatida emas edim. Faqat bir narsa esimda — ular o‘zlarida yo‘q darajada xursand edilar. Ikki tomon — men, ular darrov tushunib olish qiyin bo‘lgan holatda edik. Men bu tasodifiy uchrashuvdan hayron bo‘lsam, ular jahonni qamrab olgan urush olovidan chiqib qaytib kelganimdan o‘zlarida yo‘q xursand edilar. Faqat bir necha daqiqalardan keyin o‘zimizga kelib, bir chekkada o‘rnatilgan o‘rindiq tomon o‘tdik va o‘tirib hol-ahvol so‘rashdik. Urush tugab ona yerimga yetib kelganimni endi his qila boshladim.
Urushning olovli yillarida nazarimiz g‘arbga tushar, qadamimiz ham G‘arbga qo‘yilar edi. Tug‘ilib o‘sgan qishlog‘imga yetib olish uchun yana G‘arb tomon qadam tashlash kerak bo‘ldi. Biz yo‘lga chiqdik. U vaqtlarda na mashina bor, na yo‘lda biror arava uchraydi. Zotan unga ehtiyoj ham yo‘q. Urush paytlarida kuniga 40 chaqirimdan yo‘l bosgan soldat uchun 8 chaqirim yo‘l nima degan gap. Ukam uchun esa bu — yurib yurgan yo‘l.
O‘sha kezlari Toshhovuz kichkina shaharcha edi. Meni pinhonan ko‘rganlar ham bo‘lgan chamamda, qishloqqa «chopar» jo‘natishibdi. Qishloqning yarim yo‘lida ayollar — singlim va jiyanlarim oldimga chiqishdi. Ular bilan ko‘rishib-so‘rashib ozroq yo‘l yurdik. Bir mahal qishloq tomondan yelib-yugurib kelayotgan odam qorasi ko‘rindi. Bu onam ekanligini uzoqdan fahmladim.
Men ham unga intilib qadamimni tezlatdim. Yaqinlashavergach, meni kuzatib qolgan paytdagi chang-to‘zon ichida paydo bo‘lgan haykal ko‘z oldimda yaqqolroq gavdalandi. U endi men tomon yana ham jadalroq intilar, chang bosgan yuzlariga oqib tushayotgan ko‘z yoshlariyu harakat natijasida paydo bo‘lgan changli terni ko‘ylagining uzun yenglari bilan artar ekan, nimalardir der, faqat yaqin kelgandagina «bolog‘onomoy, bolog‘onomoy» degan so‘zlari qulog‘imga kelib yetdi.
Onamning quchog‘ida qancha bo‘lganimni eslay olmayman, biroq shu narsa esimdaki, onam topib aytgan so‘zlarni takror qilish qiyin. Bir paytda u yig‘i aralash urushni ham, fashistni ham bir qator yomonlab chiqdi, o‘zining boshiga tushgan kulfatlarini ham qisman aytib ulgurdi. Shu orada yuz-ko‘zlarimni bir emas, bir necha bor o‘pib, yalab-yulqashga ham ulgurdi. Ozg‘in va chayir qo‘llari bilan silab-siypaladi. Go‘yo u mening a’zolarim o‘z joyida ekanligiga ishonch hosil qilmoqchidek edi. Yo‘lni davom ettirganda, onam mening yonimdan yarim qadam nariroqqa ham o‘zini olmas, go‘yo bundan 3,5 yil muqaddam meni olib ketgan yuk mashinalari paydo bo‘ladi-yu, yana taxta o‘rindiqlarga o‘tqazib olib ketadigandek. U meni yeru ko‘kka ishonmaydi. Bir qarasam, gimnastyorkamning etagidan tutib olibdi, goh o‘ng tomonimga o‘tadi, goh chap tomonimga. U shu topda meni yaratganning o‘ziga ham ishongisi yo‘q!
Katta Hallang qishlog‘ining bir qismi bo‘lmish men tug‘ilib o‘sgan qishloqcha — Ziyligiga yaqinlashib qoldik. Onam hamon odamlar boshiga kulfat solgan urushni yomonlar… Uyga yaqinlashgan sari oldimizga chiquvchilar soni ko‘payabordi. Hatto tabiatan o‘ta vazmin, ha deganda his-hayajonga berilavermaydigan, boshqalarga, xususan farzandlariga bo‘lgan iliq munosabatini yashirib, tarbiyada xushomaddan ko‘ra talabchanlikni afzal ko‘radigan otam ham yarim chaqirimcha joyga yurib kelib oldimga peshvoz chiqdi, esimni taniganimdan buyon birinchi gal menga qarab quchog‘ini ochdi.
Tabiiy, urush yillari uzoq va g‘urbatli. To‘p-to‘p bo‘lib shaharlardan shaharlarga, qishloqlardan qishloqlarga o‘tganimiz bor. Ularning ko‘pisi na shaharga na qishloqqa o‘xshardi. Aql bovar qilmaydigan vayronagarchilikning o‘zi edi. Shaharlarning ko‘chasi qayerdayu, turar joylari qayerda ekanini aniqlay olmay o‘tgan paytlarimiz bo‘lgan. Ba’zi bir qishloqlar o‘rnida u yer — bu yerda do‘ppayib turgan pechka mo‘rilarini ko‘rganmiz xolos. Bu manzaralar qay darajada achinish hissini uyg‘otmasin bunga ko‘nikib qolgan edik. Biroq ona qishlog‘imga kelib kirayotib bu yerdagi ko‘rimsiz manzaraga ko‘nikishim qiyin bo‘ldi.
Yosh paytlarimizda qishlog‘imiz ko‘kalamzorlikda tengi yo‘q jannatmakon joy hisoblanar edi. Katta va kichik ariq bo‘ylarining har tomoni ikki-uch qatordan ekilgan osmono‘par daraxtlar — mirzaterak, ko‘kterak, xush havo oq va qora tollar, har bir hovli oldida bulutdek yerga soya berib turadigan gujumlar; ba’zan to‘g‘ri, ba’zan biroz egri ravishda ekin maydonlariga boradigan ariqchalar bo‘yi, quchoq yetmaydigan o‘rik, nok, tut, jiydalar… Endi esa ulardan nishona ham yo‘q edi. Go‘yo diniy kitoblarda qayd qilingan dajjol bu yerga qadam qo‘yibdi-yu bir na’ra tortib hamma mevali-mevasiz daraxtlarni tub-tomiri bilan yulib qayerlargadir uloqtiribdi. Ilgari daraxtzorning qalinligidan o‘q ariq bo‘yiga joylashgan ikkinchi yo uchinchi uyni ko‘rish amrimahol edi. Endi hammayoq yuvib yalangandek. Qishloqqa kirib borar ekanman, posyolka sifatida qurilgan xonadonlarning eng adog‘idagi uylar ham, «mana men» deb ko‘zga tashlanib turar edi. Poyezd yo‘li atrofidagi Qozog‘iston cho‘llari esimga tushdi, bu manzarani ko‘rib.
Posyolka tufayli uylarda ham avvalgi salobat, fayz yo‘q edi. Na ularda bolaligimda ko‘zim o‘rganib qolgan kungiralar bor, na yoshligimizda jamuljam bo‘lib qochirma to‘p, chillak cho‘p o‘ynagan maydonlar bor. Hammasi qolipdan chiqqandek bir-birlariga o‘xshagan tor, ko‘rimsiz uylar bo‘lib, bamisoli tekis joyga terib qo‘yilgan bir xil shakldagi qutilar edi. Bizning uyimiz qishloqning bir chekkasiga joylashgan bo‘lganidan yangi «madaniy hayot» nishonasi hisoblangan o‘sha kezlari dehqonlarga ko‘p zarar keltirgan posyolkachilikka chap bergandek bo‘lib turar edi.
Aslida qishloqlarni posyolkalashtirish 39—40 yillarda boshlangan bo‘lib, «zarbdor» rahbarlar bu ishni tezlashtirdi — ariqlar ko‘mildi, daraxtlar kesildi, uylar bir xil andozada safga tizildi. Shunday qilib qishloq yuz va ming yillik an’analarga asoslangan dehqonbop go‘zal qiyofasini yo‘qotdi. Uylar «tartibga» tushgandek bo‘ldi, biroq yerlar, suvlar, yo‘llar aralash-quralash bo‘lib ketdi. Obihavo, muhit buzildi.
Birinchi kun qarindosh-urug‘lar qurshovida bo‘ldim. Har kim menga nisbatan hayrixohlik va quvonch hissini bildirish uchun harakat qilar, jang maydonidan men yozgan xatlarni eslashar edi. Ular meni ham gapga solmoqchi bo‘lishar, nimagadir ba’zi bir uzuq-yuluq jang xotiralaridan boshqa gaplar kelavermasdi. Buning ustiga qishloq manzarasi mening nafasimni bo‘g‘ib qo‘ygandek edi. Bilaman, ular bu manzaraga ko‘nikib qolishgan. Shu sababdan ular bu haqda gap ochishavermas, ko‘proq boshqa mavzularda gap bo‘lardi. Bir o‘tirishning o‘zida 4 yil davomida qishloqda ro‘y bergan barcha yangiliklarni aytib meni xabardor qilishdi — birini eshitib xursand bo‘ldim, ikkinchisidan xabar topib xafaligim oshdi. Qishlog‘imizning manman degan yigitlari orqasidan qora xat kelgan yoxud bedarak bo‘lib ketishlari meni yetim bolalar o‘rniga qo‘yib qo‘ydi. Yo‘qotishlar, qayg‘u-alamlar faqat urush maydonlarida emas, balki urushdan uzoq-uzoqlarda joylashgan qishloqlarda ham ozmuncha bo‘lmasligini bilar edim. Biroq qishloqning bu darajada huvillab qolishini tasavvur qilganim yo‘q edi.
Balkim shuning uchundir onamning quvonchi ichiga sig‘masdi. Uy bilan eshik orasida kirib-chiqib xizmatda yurganda ham mendan nazarini olmas, xuddi urushga jo‘nab ketgan kunimdagidek menga alohida saxovat bilan mehrini sochardi, ko‘rib ko‘zi to‘ymayotgandek edi. Gap orasida xursandchiligini ifoda qilish maqsadida bo‘lsa kerak:
— Qaranglar bu bolani, ketayotganda 3 oyda qaytib kelaman deb, meni aldab ketdi! Men ishonib kun sanadim. Kunlar, oylar o‘tib ketaverdi, bundan darak yo‘q!
Yana nimalardir deb, meni suyasuya qarindoshlariga «yomon»lagan bo‘lardi. Bu gaplarni ham u oyoq ustida yurib mehmonlarga choy-non, ovqat olib kelaturib gapirardi.
— Xabar qilmasdan kelishini aytmaysizlarmi?! — deyardi qarindoshlardan biri.
Bu xildagi gaplar oyimga yoqib tushar va odatda hammaga ma’lum onalar uchun o‘ta alamli quyidagi so‘zlarni takror-takror aytardi:
— Onaning ko‘ngli bolada, bolaning ko‘ngli dalada!
Onam kelajakka tegishli nimalarnidir his qilgandek:
— Yo‘q! Yo‘q! Endi hech qayoqqa yubormayman, bo‘ldi,— deyardi, ko‘zlarimdan nimalarnidir anglab olmoqchi bo‘lgandek menga teztez gumonli nigoh tashlab qo‘yardi. Mening xayolimda nimalar borini u bechora onaizorim hech ham bilmas edi.
Yarim oqshomlarga borib mehmonlar tarqalishdi, bir zumda uy huvillab qolgandek bo‘ldi. Bu xildagi jim-jitlik, xotirjamlik boshqa shaharlarda talabalik va urush yillarida jang maydonidagi ola-g‘ovurlardan keyingi odatdan tashqari bo‘lib sezildi menga. Mehmonlarni kuzatib qo‘yib onam yomon ko‘zdan saqlasin ma’nosida tuz va piyoz urug‘larini aralashtirib isirig‘ tutatdi. Ayvonning bir tomonida suhbatlashib o‘tirishgan otam va akamga zimdan nazar tashlab qo‘yib, ichida nimalarnidir o‘qidi. Shundan keyin ayvon to‘ridagi katta yog‘och karovatning bir chekkasiga joy solib berdi, boshimning tagiga bir chimdim tuz qo‘ydi. Shu orada meni o‘ziga jalb qilib bir burchakda turgan qopga ishora qildi-da:
— Charchagansan, to‘yib-to‘yib uxla, ertaga otang bilan men bozorga ketamiz, — dedi va yana qopdagi narsaga ishora qilib, — bo‘z, sening kelishingga qarab to‘qib qo‘yganman, sotib xarj-xarajat qilamiz, hali seni ko‘rgani uzoq-yaqindagi qarindoshlar keladi, — dedi.
Hali muhitni to‘la o‘zlashtirib olmadim shekillik, oyimning bu gapiga ko‘p ham e’tibor bermadim. Biroq qandaydir sir borligini his qilar edim bu gaplarda.
Ertalab o‘rnimdan turganimda uyda kattalardan hech kim yo‘q edi. Bir o‘zim qolganimdan foydalanib, esimni taniganimdan buyon qadrdon bo‘lib qolgan uy-joylar va uning atroflarini ko‘zdan kechirmoqchi bo‘ldim.
Bu o‘rinda cho‘ziqroq bo‘lsa ham o‘quvchimga izoh berishga majburman.
Xorazm vohasida uy-joy qurishning o‘ziga xos an’analari bo‘lar edi. Ilgari uylar katta qilib qurilar, devorlari qalin — qariyb bir gazlik, ba’zan undan ham qalin bo‘lardi. Shu sababdan ular yozda salqin, qishda issiq qolardi. Endi bilsam bu iqlim talabi ekan.
Qurilish jihatdan ham o‘ziga xos edi. Bugungi biz tushungan fundament o‘rniga bir o‘lchovda kesilgan yo‘g‘on-yo‘g‘on yog‘ochlar, uning ustidan qalin qilib qamish bosilardi. Bu devorni zaxlab ketishdan tashqari uning ichida havo almashib turishini ta’min qilar ekan. Qamishdan keyin paxsa qo‘yilar edi. Paxsa devorga o‘ziga xos naqshlar qo‘yilar edi. Bu xildagi uylarning yuz yillab buzilmasdan turganlarini ko‘rganim bor.
Hajm jihatdan ham uylarning sathi kamida yarim tanob keladigan bo‘lib, kichikroq bo‘lsa, har burchagidan bittadan jami 4 ta kungira qo‘yilardi, agar kattaroq bo‘lsa har ikki yon tomonga bittadan kungira o‘rnatilardi. Shu boisdan «4 kungirali», «6 kungirali» uy degan tushuncha ham bo‘lar edi. Kungiralar uylarga alohida salobat bag‘ishlar, shu ma’noda ular me’moriy ahamiyatga ega bo‘lar edi. Bundan tashqari ular uzun devorlarning mustahkam turishlari uchun suyanch ham edi.
Uyning darvozasi albatta janubdan qo‘yilar edi. Eshik shimoldan qo‘yilib, uni «yoz eshik» deb atar edilar. Kirdi-chiqdi qishda darvoza tomondan bo‘lib, yoz paytida esa bu vazifani «yoz eshik» bajarar edi. Yoz eshik oldida bostirma bo‘lib, uni «chortoq» deb ham atashardi. Yoz paytlari oila kecha va kunduz o‘sha chortoq tagida bo‘lar edi. Chortoq oldida o‘q ariqning narigi tomonida biroz chetroqda ot, sigir, buzoq bog‘lanadigan maxsus soya-salqin joylar bo‘lardi.
Ichki tuzilish jihatidan ham voha uylarining o‘ziga xos tuzilish tartibi bo‘lardi. Yoz eshik o‘rtada joylashgan katta uydan ochilardi. Uni odatda «ayvon» deb atashardi. Ayvon boshqa uylardan ikki-uch baravar katta, boshqa uylarga nisbatan bir gaz chamasi yopilar va kamida ikki tomonida darchalar qo‘yilardi. Yoz paytlari bu darchalar g‘ir-g‘ir shabada berib ayvonning havosini tozalab turardi. Bahor va yoz oylari qisman qishda ham oilaning asosiy makoni o‘sha ayvon hisoblanardi.
Bizning uyimiz ayvonidan ikki yon tomonga eshik qo‘yilgan bo‘lib, ular sovuq kishlarda yashaydigan xonalar hisoblanardi. Bir tomondagi xona ichkarisidan yana bir eshik bo‘lib undan «talak» deb ataladigan uyga kirilardi. Umum tushunchada bu — ombordir. Oilaning butun boyligi o‘sha talakda saqlanardi. Ayvondan talakka karama-qarshi uyning eshigi molxonadan qo‘yilgan bo‘lib, unda mol yemi va somon saqlanardi. Shu sababdan bu uyni shunchaki «somonxona» deb ham atar edilar. Dag‘al hashaklar esa tomda joylangan bo‘lardi. Ayvondan hovli eshigi orqali dalanga chiqilar, dalan esa ikki hovli (molxona ma’nosida) o‘rtadan bo‘lib darvozasigacha cho‘zilardi. Dalanning oxirida bir tomon «jilovxona» bo‘lib, undan mehmonxonaga o‘tilardi. Jilovxona ro‘parasida juvozxona joylashgan bo‘lardi. Usta ishlatishga o‘xshagan, ba’zi xo‘jalik yumushlari odatda jilovxonada bo‘lardi.
Ko‘rayapsizki bu xildagi uylar faqat yashash uchun emas, balki katta bo‘lmagan dehqon xo‘jaligini yuritish uchun ham ancha qulay edi. Hamma narsa bir joyda, bir tom tagida: yashash joyi ham, mol-hol ham, tegirmonu juvozi ham, ot-ulovlar, ho‘kizu qo‘sh aslahalari, hovlidan tashqarida tandir va chig‘irdan (suv chiqaradigan charxipalak) boshqa narsa bo‘lmasdi. Ba’zi epchilroq oilalar hatto quduqqa ham tom tagidan joy topardi. Bu asrlar osha Xorazm vohasidagi dehqonlarning yashash tarzi edi. Yoz oylarida chig‘ir o‘q deb ataluvchi ariq bo‘yida qurilgan 2—3 chig‘ir, hovli atrofi, eshik oldini yoqimli obi-havo muhiti bilan ta’minlab turar edi. Bugungi fermer darajasidagi bu xo‘jalikning barham topib, dehqonlarning ko‘cha-ko‘cha qilib bir andozaga asoslangan uylarga ko‘chib o‘tishlari ularni ishlab chiqarishdan uzoqlashtirishdan boshqa narsa emas ekan.
Birinchi galda talak tomondagi uyni kirib ko‘rish istagi tug‘ildi menda. Eshikni ochaturib kutilmagan bir manzaraga ko‘zim tushdi. Uyning o‘rtasiga to‘quv do‘koni qurilgan edi. Sonsiz-sanoqsiz ishlar shiftga ilingan moslama orqali pastga tushirib, dastgohga ulangan. Dastgohning old tomonida to‘qib chiqarilgan mato bir gaz chamasidagi moslamaga o‘ralib boradi. Moslama bilan to‘quv uskunasi orasidagi bir parcha mato ustida mol shoxidan chiroylik, bejirim qilib yasalgan moki yotardi. Moki o‘rtasida arqoqka mo‘ljallangan ip o‘ralgan g‘altak, uyning bir burchagida ip tortadigan charx, uning yonida paxtani chigitdan tozalaydigan «chig‘iriq» turar edi. Kecha uyga kelib karindosh-urug‘lar bilan ko‘rishganda hammalarining ustiga bo‘z kiyim keng qilib tikilgan ko‘ylak, ishton, hatto bo‘yalgan bo‘zdan tayyorlangan do‘ppi borligini ko‘rgan edim. Ularning bu xil kiyinishlarining sababini endi tushundim. Tushundimu ikkinchi tomondan ajablandim. Urushdan oldin yetar-etmasliklarga qaramasdan ip yigirish, mato to‘qish asboblaridan foydalanish tamoman man qilingan edi. Borlarini yig‘ib olish u yoqda tursin, biror xonadonda bu hol asboblarning biror bo‘lagi uchrab qolsa ham jinoiy javobgarlikka tortilar edi.
— Bu ham o‘sha davrlardagi hammani barobarlashtirish, hatto oddiy tirikchilikni ham bir xil qolipga solish yo‘li ekanda, — o‘ylayman bugun.
Biroq o‘sha vaqtda boshqa bir xulosa hokim edi. Bechora onam okopni eslatadigan zax chuqurda o‘tirib dastgoh yuritibdi. Bo‘z mato to‘qib butun oilani kiyintiribdi, boqibdi, uning ustiga mening kelishimga zarur xarj-xarajatlar uchun sotishga mo‘ljallangan bo‘zini qopga tiqib eshak aravada bozorga jo‘nabdi. Bularni men endi, to‘qiyverishga tayyor turgan bo‘z do‘konini ko‘rgandan keyin angladim.
Do‘konxonaga aylangan uydan talakka kirdim. Ilgari bordon-bordon har xil don-dun, ko‘zalar to‘la mol yog‘i, arja-parja mol-mulk saqlanadigan talak bo‘m-bo‘sh edi. Zax u yer bu yerda latta-puttalar, chuvagi chiqqan eski ko‘rpa to‘shaklar yotardi. Hech vaqt — hatto ocharchilik yillari ham talakni bu darajada bo‘m-bo‘sh ko‘rgan emasman. Bu manzara meni chuqur o‘yga tortdi.
Mendan keyin akam — Bekjon (hozir urush invalidi) frontga jo‘nagan, otam (urushdan keyin 1964 yilda vafot etgan) Uralga ishchilar bataliyoniga safarbar qilingan ekan, demak onamning bir o‘zi ukalarimni och-yalang‘och qoldirmabdi, hatto shuncha qiyinchiliklarga bar dosh berib ukam Otamurodni o‘qitibdi. Buning uchun qancha kuch va qudrat, qancha iroda va chidam kerak ayol kishiga! Bularni tasavvur qilib oyimning matonatiga cheksiz ofarinlar aytishga tayyor edim. Eng muhimi, u o‘z xizmatlarini biron sabab topib qayd qilib pisand qilishdan uzoqda turar edi. Bularning hammasini u tabiiy hol deb tushunar edi.
Talakdan chiqib hovli — molxona eshigi tomon burildim. Ayvonning burchagidagi qo‘l tegirmoniga ko‘zim tushdi. Bu — men biladigan o‘sha eski tegirmon. U taxminan ikki pud keladigan toshdan yasalgan bo‘lib, bir chetidan kichkina uydimga tepadan osilgan xoda ilingan tegirmon shu dastak xoda vositasi bilan aylantirilar edi. Demak oyim ne azoblar bilan bir parcha yerdan undirgan don-dunlarini qo‘l kuchi bilan aylantirib, shu tegirmondan un chiqaradi. O‘choqqa o‘t yoqib issiq ovqat pishiradi, tandirni qizdirib, non yoki zog‘ora tayyorlaydi. O‘tin ham — oqbosh yo yantoq, yoxud buyan. Ularni ham daladan o‘rib eshak aravada olib keladigan oyimning o‘zi. Bu ishlarni qilish uchun ham qanchadan-qancha matonat, bardosh kerak ayol kishiga!
Yana o‘tmishni, bolalik yillarimni eslayman. Ayollar deyarlik jismoniy ish bilan shug‘ullanmas edilar. Ular ko‘proq do‘konda har xil matolar to‘qishar, oila a’zolariga kiyim-kechak tayyorlashib, uyning har xil ishlari bilan band bo‘lardilar.
Yuqorida aytilgandek, ayvon eshigidan chiqsangiz o‘ng va chapda joylashgan ikkita molxonaga ko‘zingiz tushadi. Ko‘rdimu taajjubda qoldim. Ikki-uch arava bemalol aylanaveradigan, 40— 50 qo‘y bemalol sig‘adigan hovli — molxonaning usti ochiq, hovli o‘rtasida o‘rnatilgan ustun orqali o‘tgan besh kesa to‘sin turibdi, xolos.
— Bechora onam bir o‘zi hovlini mayda to‘sinlari, xodalarini o‘tin qilib, eshakka yuklab, bozorga olib borib sotgan ekan-da! Nahotki bitta ayolning qo‘lidan shuncha ish kelsa! — derdim ichimda.
Hovlilar — qo‘ra va saysxonalar bo‘m-bo‘sh edi: na ilgarigi ot-ulovlar, sigiru buzoqlar bor, na 30—40 talab qamaladigan qo‘ylar bor. Bir burchakda yurgan kichkinagina qo‘zichoq «men borman» degandek sekin ma’ragandek bo‘ldi.
— Buni ham shoyad o‘g‘lim kelib qolsa so‘yib yedirarman deb, onam men uchun olib qo‘ygan bo‘lsa kerak, — deb o‘yladim.
Urush-ku urush. Biroq endi o‘ylab ko‘rsam, o‘zini-o‘zi eplab, shu bilan barobar elni yedirib-ichirishga, kiydirib-kerishtirishga ma’lum hissasini qo‘shib turgan bu xildagi xo‘jaliklarni barbod qilish urushdan ancha oldin boshlangan edi. Urush esa yotganning ustidan tepgan bo‘ldi.
Dalan bo‘ylab to‘g‘ri yurib, darvoza tomon bordim. Yana o‘tmishni esladim. Bu yerda qishlog‘imizning mashhur duradgori usta Yangovoy yasab bergan chiroylik katta ot arava odatda shu dalanda turardi. Arava yo‘q edi.
— Oyim ot va katta aravani tutishni eplay olmay sotib, eshak arava olibdi-da!— o‘yladim. Shu zahoti O‘g‘iljon buvim aytib yuradigan bir gapi esimga tushdi.
Oxir zamon bo‘lgani
Otdan eshak o‘zgani.
Esladimu oxir zamon kelganiga ishonmasam ham inson uchun hayot mashaqqatli bir nuqtaga kelib yetganini angladim.
Yo‘limni davom ettirib, juvozxonaning eshigini ochdim. Juvozning langar moslamasi o‘rik yog‘ochdan yasalgan o‘qi o‘qqa bosim beradigan egri ilma yog‘ochi yerda tartibsiz ravishda yotar edi. Faqat juvozning o‘zi xonaning o‘rtasida so‘qqayib turardi. Ular tashlandiq edi, ustlarini chang, cho‘p-chor bosgan. Tovuq ham qamalgan shekillik, hammayoq tovuq axlati edi. Bir vaqtlar sidirib-sidirib saqlanadigan, bir burchagida dam oladigan supa qilinadigan bu yerda otam bilan juvoz haydab uning pishgan kunjit yogiga non botirib yeganlarim esimga tushdi. Bu manzarani ko‘rib ancha achindim.
Undan chiqib odatda mehmonlarning otini tutib mehmonxonaga taklif qiladigan jilovxonaga, undan o‘tib mehmonxonaga o‘tdim. Mehmonxona allaqachonlar egasi ko‘chib ketgan tashlandiq uyni eslatardi. Bir vaqtlar u yerda otamning uzoq-yaqindan kelgan mehmonlarni kutgani, ularning kimligini bilish, gaplarini eshitib olish uchun havas bilan ularga choy, ovqat tashiganlarim esimga tushdi. Esimga tushdi-yu, bu tashlandiq uyga egalik qilib, uning ustiga bataliyondagi otam, urushdagi akam va mening uchun hijron o‘tida doim qovrilgan onam yana bir gal ko‘z oldimda to‘laligicha gavdalandi. Uning ahvoliga ich-ichimdan achindim, nima bo‘lsa ham shu oilani tebratib o‘tirganidan faxrlandim. Keyin bilsam, urush yillari bu xonada Rossiya tomondan ko‘chirilgan Parnoy familiyali yevreylar oilasi turgan ekan. Urushning oxirlarida ular ko‘chib ketishibdi. Oyim, ukam, Otamurod ular haqida ko‘p yaxshi gaplarni aytishdi. Ular bu yerda ahil turishgani sababli urushdan ancha keyin kelib-ketishgan ham ekan.
Umuman oyimning mehnatkashligidan faxrlansam ham uning qismatiga rahmim kelardi. Kolxoz paydo bo‘libdiki, u zarbdor a’zolardan biri edi. U qilmagan ishni men bilmayman. Ketmon chopish bo‘lsa, u birinchilar qatorida, qazuv qazish bo‘lsa qo‘lida belkurak hammadan ko‘p hissa olib ishlaydi. Kunduzlari paxta terib, kechalari ko‘rak chuviydi. Ba’zan bu ham yetmagandek, oydin kechalarda erkaklar qatori, bizni ham yetaklab jo‘xori o‘rishga boradi. Bu yerda tomorqada o‘roq o‘rishmi, o‘toq olishmi, mollarga dasta-dasta o‘t ko‘tarib kelishmi — bular ham uning bo‘ynida edi. Otam, akam uzok joylarga (ular cho‘pon — kolxozning qo‘ylarini boqar edilar) jo‘nab ketishsa, kech kuz va qish paytlarida biz ukam bilan o‘qishdan qaytguncha qo‘ylarni dalaga chiqarib boqib keladigan ham o‘sha oyim edi. Bozor-o‘charlarni aytmaysizmi? Bu ishda ham oyimning o‘rni ma’lum edi. Xullas, onamning hamma ishlarini hisobga olsam, buncha mehnatga bitta odam bardosh bera olishiga hech kim ishonmaydi. Buning ham ustiga otam ko‘p fazilatlar egasi bo‘lishiga qaramasdan biroz jahli tezroq odam edi. Uyda bo‘lgan vaqtlarda har daqiqa uning ham ra’yiga qarab turishi tabiiy, uning burchi edi. Shu mehnatlar, hatto ko‘rgiliklarni boshidan o‘tkazgan ayolning yuzni ko‘rganini (1890—1990 yil) tasavvurimga sig‘dirolmayman.
Zamonlar o‘tib tarixning bir bosqichi sifatida kolxoz tuzumida xizmat qilganlarga haykal qo‘yiladigan bo‘lsa, bu haykal asosida onam qiyofasini ko‘rgim kelib qoladi.
Darvozani ochib tashqariga chiqdim, o‘ng tomonda bir andozada shahar ko‘chalari shaklida ikki tomonga qurilgan ko‘rimsiz paxsa uylar. Ko‘pisi tashqari tomondan suvalmagan. Ba’zilari to‘la bitmagan. Urush boshlanganidan keyin tashlab qo‘yilgan. Chap tomonga burildim. U yerda o‘zi vafot etib, bolalari boshqa joyga ko‘chib ketgan amakimning gujumi bo‘lar edi. Urushdan oldin amakimning uylari kesak qilib yerga o‘g‘it sifatida ishlatib yuborilgan bo‘lib, gujum esa uyimiz atrofining ko‘rki bo‘lib turar edi. Nimagadir gujum ko‘zimga ko‘rinavermadi. U tomon yurdim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, gujum kallaklangan bo‘lib faqat tut yog‘ochi dikkayib turardi. Yonimda yurgan jiyanlarimdan qiziqib so‘radim.
— Rais chopib olib ko‘prikka ishlatdi,— dedi ular beparvolik bilan. Men bu ishga beparvo qaray olmas edim. Bilar edimki, mevali daraxtni kesib, chopish mumkin, lekin odam boshiga soyabon gujumni chopish na musulmonlikka, na odamgarchilikka to‘g‘ri kelar edi. Bu ish xudo oldida ham katta gunoh ish hisoblanardi.
Ancha vaqt shoxlaridan judo qilingan gujum to‘nkasi oldida turib qoldim. Menga bu jang maydonidagi uylar buzilib, ulardan qolgan tikkayib turgan pechka mo‘rilarini eslatdi.
Kechga qarab onam qandaydir «o‘ljalar» bilan qaytib keldi. Kela solib meni «tergov» qila boshladi. Nima yeb, nima ichganim bilan qiziqdi, kim kelib, kim ketganini surishtirdi. Bir zum ham dam olmasdan kechki ovqatga unnadi.
Kechqurun hamon izi uzilmagan mehmonlarga ovqat tortar ekan, men onamning omilkorlik bilan ish bitiradigan qo‘llariga razm soldim. Ne ko‘z bilan qarayki, yoshi endigina 50 dan oshayotgan oyimning qo‘llari faqat pay va suyakdan iborat edi. Odatda odam qo‘li chig‘anoqdan pastki ikki suyakdan iborat bo‘ladi. Biroq bi lakning ikki suyakdan iborat ekani doim ham sezilarvermaydi. Onamning bilagida esa bu suyaklar mana men deb bilinib turardi. Ular orasi et bilan emas, balki pay va tomirlar bilan to‘lgan edi.
Shunday yaratilgan ekanmizki, onalarimizning mehr-shafqatidan har daqiqa, har soatda bahramand bo‘lamiz, biroq hech vaqt bu mehr-shafqatni onalarimiz darajasida ularga qaytara olmaymiz. Ming afsus!
Mehmonlar tarqalishgandan keyin onam menga:
— Bugun bozor yomon bo‘lmadi, yana biroz ish qilaman, keyin 15—20 kunlardan keyin sening omon-eson kelganing uchun to‘y qilib beramiz, — dedi.
«Shu ahvolda to‘y ham bo‘larkan-da», o‘ylandim men. O‘ylab onamning bu rejasini miyamga sig‘diraolmadim.
Onam «ish qilaman» degan payt ertalabki ko‘rgan bo‘z do‘koni ko‘z oldimga keldi. Darhaqiqat, ertalab o‘sha uyda bir xil maromda taqir-tuqur, shaq-shuq ovozlari qulog‘imga eshitilardi.
— Bechora onam bo‘z to‘qiyapti, kechasi ham to‘la uxlamagan bo‘lsa kerak, — deb o‘yladim men.
«Guliston» jurnali, 1990 yil, 10-11-sonlar