Jo‘ra Mamatov. Tilimiz istiqbolini o‘ylab (1990)

Millat — bu til, til — bu millat. Shunday ekan, millatning tiliga oid qonun-qoidalar, uning imlosi ishlanar ekan, u, albatta, uzoqni ko‘zlagan, kamchiliklardan xoli bo‘lishi darkor. Bu qonun-qoidalar shoshilib yoki biror rahbarning buyrug‘i bilan ishlanmasligi kerak. Aks holda bunday imlo nazariy va amaliy tomondan til tabiatini haqqoniy ifodalay olmaydi. Shu bois o‘zbek tilining yangi imlo qoidalari (orfografiyasi) to‘g‘risida ba’zi bir fikrlarni o‘rtoqlashish zarurati tug‘ildi.

I. Mashhur rus tilshunoslari Boduen de Kurtene va L. V. Sherba rus tili misolida avval alifbo (grafika) mukammal qilib yaratilishi shartligini va shu asosda tilning imlo qoidalari (orfografiyasi) ishlanishi kerak, deb hisoblaydilar. N. F. Yakovlev esa imlo qoidalari (orfografiya) deyilganda ham alifbo, ham grafika, ham punktuatsiyalarning yig‘indisi tushunilishini aytadi.

Bundan kelib chiqadiki, imlo qonun-qoidalarining (orfografiya) asosini tovush va harflar orasidagi munosabat tashkil qiladi. Chunki harflar yozma nutqning eng kichik birligi bo‘lib, ular og‘zaki nutqdagi tovushlarning in’ikosidir. Demak, orfografiya qoidalari harflar imlosiga bevosita taalluqli ekan, avvalo o‘zbek tilidagi tovushlarni (harflarni) yaxshilab aniqlab olish kerak. Busiz orfografiya haqida so‘z yuritish umuman to‘g‘ri bo‘lmaydi.

II. Mukammal orfografiya qoidalari yaratilar ekan, u quyidagi mezonlar (parametr) bilan o‘lchanishi kerak:

1) Tilning grafik vositalari, ularning tarkibi, mukammal alifbo uchun kerakli talablar hisobga olinishi;

2) Amaldagi orfografik printsiplarga (shu tilning o‘ziga xos tomonlarini e’tiborga olib) rioya qilinishi;

3) Orfografik namunalarning qurilishi — tovushlar (fonemalar) harflarga o‘tishining ilmiy tadqiqi.

Agar yangi orfografiya loyihasiga nazar tashlasak, bu talablarga to‘la rioya qilinmagan, rioya qilingan joylari esa chala, tugal ilmiy tahlil yo‘q.

III. Rus tilidan qabul qilingan telegramma, kvartira, gazeta tipidagi so‘zlarda sof o‘zbek nutqida eng oxirgi a tushib qoladi. Masalan: «Yo‘lchi qayrilib, qo‘ltig‘iga gazet qistirgan Abdushukurni ko‘rdi». Oybek. «Qutlug‘ qon». (Misol «O‘zbek tilining izohli lug‘ati»dan olindi. T., 1981, 183-bet).

Chunki bu unli rus tilida urg‘usiz bo‘g‘inda joylashgan — so‘z urg‘usi boshqa bo‘g‘inda. O‘zbek tilining fonetik qonuniyatiga asosan so‘z urg‘usi ot turkumidagi so‘zlarda so‘zning eng oxirgi bo‘g‘iniga tushadi. Boshqacha qilib aytganda, urg‘u tushgan bo‘g‘in so‘zning oxiri — chegarasidir. Undan keyin har qanday tovush so‘z uchun ortiqcha hisoblanadi. Demak, o‘zbek tili uchun telegramma, kvartira, gazeta tipidagi so‘zlar a unlisini tashlab yuborgandan so‘nggina «o‘zining so‘zi» bo‘lib qolishi mumkin. O‘zbek tilining bu qonuniyati imlo qoidalarida, albatta, aks etmog‘i lozim.

IV. Rus tili orqali kirgan disk, propusk, otpusk, tank, bank kabi so‘zlar ham sof o‘zbek tiliga xuddi shu shaklda o‘zlashuvi mumkin emas. Chunki S + K, N + K kabi undoshlarning birikmalari so‘z oxirida kelishi tilimiz uchun xarakterli emas. Demak, rus tilidan qabul qilingan bu turdagi so‘zlarga o‘zbek tilida a qo‘shilishi tabiiy holdir: Zalga propuska bilan kirgizmoq («O‘zbek tilining izohli lug‘ati», T., 1981, 604-bet). Chunki a unlisini qo‘shibgina S + K, N + K tovush birikmalarini ik ki bo‘g‘inga ajratib yuborish mumkin. Bu undoshlarning ajralmas holati faqat rus tilidagina o‘zini oqlaydi. Rus tilidan olingan shu xil so‘zlarning o‘zbek tiliga moslamay ishlatilishi tilimiz tabiatiga aslo singmaydigan nusxachilikdan boshqa narsa emas. Haqiqiy ziyoli o‘zbek ona tilida gapirganda bu so‘zlarni banka, tanka, diska, propuska deyishi kerak.

V. Yuzaki qaraganda so‘z qabul qilibmizmi, uni o‘z tuzilishi (strukturasi) bilan qabul qilishimiz zarurday, uning shaklini hech qanday o‘zgartirishga haqqimiz yo‘qday tuyuladi. Lekin tilga zo‘ravonlik qilib bo‘lmaydi-da! Axir arab tiliga xos, o‘zbek tili fonetikasi tabitiga mos kelmagan ayn tovushini din ham, ilm ham zo‘ravonlik bilan tilimizga kirita olgani yo‘q-ku! Undan faqat o‘zidan oldingi unlining (turkiy tillarga xos bo‘lgan) uzayishigina qoldi xolos: a’lo, muallim, ma’no kabi so‘zlarda aynni talaffuz qiladigan o‘zbek necha foiz ekan, axir bu so‘zlardan ayn chiqib ketmadimi?!

Agar o‘zbek tili olamda muqarrar bo‘ladigan bo‘lsa, undagi qabul qilingan so‘zlar ham xuddi shu tilning qonunlari asosida yashamog‘i lozim.

VI. O‘zbek tili fonetikasi o‘z qonuniyatlariga ega. Zal, may, mart tipidagi so‘zlarda urg‘uli a unlisi o ga o‘tar ekan buning o‘z sabablari bor. Bu so‘zlarni a aytib a yozadigan o‘zbek yo orfografik qoida yoki lug‘atga asoslanadi. Agar orfografik qoidamiz o‘zbek tilining qonuniyatlariga asoslanmoqchi bo‘lsa, unda shu xil so‘zlardagi a unlisi o yozilmog‘i lozim.

Rus tilidan sud, bulka, sumka kabi tushunchalarni anglatadigan so‘zlar o‘z predmeti bilan birga tilimizga kirib kelgan. Lekin bu so‘zlardagi u unlisi rus tilidagisidan mutlaqo farq qiladi: sud dagi u sut so‘zidagi u emas. Shundoq ekan, nima uchun u o‘zbek tilida qanday talaffuz qilinsa, shunday yozmaymiz, aksincha, rus tilida qanday yozilsa, shunday yozamiz. Axir bu so‘zlarni biz vaqtinchaga va o‘zgartirmaslik sharti bilan qarz olmaganmiz-ku!

VII. O‘zbek tilida ts tovushi fonema bo‘lmasa, nega u alifboda qolishi kerak. Axir olamshumul fonetist L. V. Sherba harf soni fonemalar soni bilan bir xil bo‘lgandagina ko‘ngildagidek alifbo bo‘ladi deb allaqachon aytgan. Agar shunday qilinsa (ts ni ts orqali ifodalansa yoki s bilan ifodalanaversa), xuddi boshqa turkiy tillarda bo‘lganiday, bu harfning o‘rniga ng orqali ifodalanadigan haqiqiy turkiy tovushimiz uchun mustaqil harf qabul qilishimiz mumkin emasmi?

Biz imlomiz va alifbomiz takomillashtirilyapti deb, quvonib yuribmiz. Takomillashtirishning mutasaddisi bo‘lgan olimlar q, g‘, h, o‘ harflaridagi «dum», «belbog‘» «shapka»lardan bizni qutiltira olishga jur’at qilarmikinlar yoki jo‘ra, qalpoq so‘zlaridagi kabi o‘z fonemalarimizni ifodalash uchun u yoki bu harfga yana «dum qo‘yish», «qosh qo‘yish», «ko‘z chiqarish» bilan cheklanib qolaverarmikinlar?..

Umuman, o‘zbek imlosi va alifbosi takomillashtirilar ekan, bu o‘zbek tili tabiati va qonuniyatlaridan kelib chiqqan holda amalga oshirilsagina ko‘zlangan maqsadga erishish mumkin. Toki keyingi yana bir nasl bu masalada bosh qotirib o‘tirmasin.

Jo‘ra Mamatov,

O‘zbekiston FA A. S. Pushkin nomidagi Til va adabiyoti institutining ilmiy xodimi.

“Yoshlik” jurnali, 1990 yil 2-son