
Qonun egasining qonunsizlik qurboni bo‘lgani xususida
O‘ZBEKISTON SSR PROKURATURASINING BUYRUG‘I:
«Kitob rayon prokurori Xayrulla Ostonov 1986 yil 4 avgust kunning ikkinchi yarmida Navoiy nomidagi sovxoz direktori Ashurovning qarindoshinikida o‘tkazilgan diniy marosimda (sunnat to‘yi — red.) ishtirok etib, spirtli ichimlik iste’mol qilgan. Kechki payt esa u kayfi taroq holda Kitob shahri markazida paydo bo‘lgan. Meditsina ko‘rigidan o‘tkazilganda unda o‘rta darajadagi mastlik holati aniqlangan. O‘z xatti-harakati bilan X. Ostonov prokuratura xodimi sha’niga dog‘ tushirgan. SSSR prokuraturasi prokuror va tergovchilarni rag‘batlantirish hamda intizomiy mas’uliyati qaqidagi Nizomning o‘ninchi modda ikkinchi qism va o‘n ikkinchi modda oltinchi qismini qo‘llab
BUYuRAMAN:
Qashqadaryo oblast, Kitob rayon prokurori, birinchi darajalm yurist Xayrulla Ostonov o‘z vazifasidan ozod qilinsin, prokuratura sohasidan chetlashtirilsin, uni yuristlik darajasidan mahrum qilish haqida tavsiyanoma tayyorlansin…
O‘zbekiston SSR prokurori,
ikkinchi darajali davlat maslahatchisi
A. V. BUTURLIN».
SSSR BOSh PROKURORI, HAKIQIY YuSTISIYa DAVLAT MASLAHATChISI A. M. REKUNKOVGA
«Menga nnsbatan qo‘pol ravishda buzilgan sotsialistik qonunchilikni tiklashingizni, meni adolatsizlik va qonunsizlikdan himoya qilishingizni iltimos qilaman.
X. OSTONOV».
QAShQADARYo OBLAST, ULYaNOV RAYON, «MOSKVA» SOVXOZIDA ISTIQOMAT QILUVChI XAYRULLA OSTONOVGA
«Sizga tushuntirilgan sabablarga ko‘ra Sizni prokuratura sohasiga tiklashning iloji yo‘q. Sizni noqonuniy qo‘lga tushirgan militsiya xodimlarining javobgarligi masalasini ko‘rib chiqish respublika Ichki ishlar ministrligiga topshirilgan.
O‘zbekiston SSR prokurori o‘rnnbosari,
yustitsiya katta maslahatchisi
A. JUKOV»
«O‘ZBEKISTON ADABIYoTI VA SAN’ATI» GAZETASINING BOSh MUHARRIRIGA
«…1981 yilning 6 noyabr kuni O‘zbekiston SSR prokurorining buyrug‘iga asosan Qashqadaryo oblast Kitob rayoniga prokuror etib tayinlandim. Rayonda jinoyatchilik yil sayin o‘sgan, lekin kamaymagan edi. Uning sabablarini o‘rgana boshladim. Rayon ichki ishlar bo‘limi faoliyati, grajdanlar arizasi qanday hal qilinayotgani bilan qiziqdim. Xat-xabarlar oylab, hatto yillab ro‘yxatga olinmay, o‘rganilmay kelingan hollarga guvoh bo‘ldim. Jinoiy ishlar sifatsiz va muddatiga rioya etilmasdan tergov qilingan. Rayon va oblast prokuraturalarining yozma ko‘rsatmalari asossiz ravishda e’tiborsiz qoldirilgan, bajarilmagan.
Davlat mulkini talon-taroj qilgan jinoyatchilar aksariyat holda militsiya xodimlari homiyligida jazodan qutulib qolishgan. Rayon ichki ishlar bo‘limidagi bu salbiy va nosog‘lom holatlar militsiya boshlig‘i Saidmurod Safarovning bevosita rahbarligida avj olib kelgan. Tekshirish davomida aniqlangan qonunsizlik hollari yuzasidan yettita jinoiy ish qo‘zg‘atilib, tergovga o‘tkazildi. Ana shu aniqlangan qo‘pol xato va kamchiliklar, militsiya xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari xususida 1986 yilning 10 fevral kuni oblast’ ichki ishlar boshqarmasm boshlig‘iga, oblast’ prokuroriga va rayon partiya komitetining birinchi sakretariga yozma ma’lumot kiritdim.
Mening nazarimda militsiya bo‘limidagi bu qonunsizlikdan ko‘z yumish — jinoyat edi. Ma’lumot oblast ichki ishlar bo‘limida ko‘rib chiqilgach, bosh tergovchi Xolmurodov ishdan bo‘shatildm, tergovchi Bozorov qattiq ogohlantirildi, Kitob rayon partiya komitetining 1986 yil 17 mart kungi byuro qaroriga asosan ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i S. Safarovga hisob kartochkasiga yozish sharti bilan hayfsan berildi va uni o‘z vazifasidan bo‘shatish haqida oblast ichki ishlar boshqarmasiga taklif kiritildi. Boshliq o‘rinbosarlari O‘roqov, Javliyev hamda partiya tashkiloti sekretari Latipovlar ham jazolandilar. Shu kundan e’tiboran Safarov bilan O‘roqov meni zimdan ta’qib eta boshlashdi. Militsiya xodimlarini menga qarshi qo‘yishdi.
1986 yil 4 avgust kuni rayon xalq sudi raisi Erkin Almurodov bilan ikkalamiz Navoiy nomidagi sovxoz direktori Qurbon Ashurovning qarindoshinikidagi to‘yda ishtirok etib qaytganimizda, kech soat to‘qqiz yarimlarda rayon prokuraturasi oldida Safarov bilan O‘roqov o‘n besh nafar militsiya xodimi bilan birga meni kuch ishlatib, qo‘l-oyog‘imni qayirib, militsiya bo‘limiga olib kelishdi. Vrachlardan «o‘rta darajada ichgan» degan xulosa olib, butun respublikaga sharmanda qildi. Respublika prokurori esa ularning nog‘orasiga o‘ynab meni ishdan bo‘shatdi, o‘z sohamdan chetlashtirdi, xizmatim evaziga olgan yuristlik darajalarimdan mahrum qildi. Kitob rayon ijroiya komiteti meni deputatlikdan chaqirib oldi. Rayon partiya komiteti esa meni partiya a’zoligiga kandidatlikdan o‘chirdi…
Hurmatli bosh muharrir! Yoshim o‘ttiz beshda. Hayotda nimani ko‘rdimu, nimani o‘rgandim, bilolmay qoldim. Qaysi og‘ir gunohlarim uchun meni bu qadar shafqatsiz jazolashdi? Menga yordam bering! Meni himoya qiling!
X. OSTONOV».
…1986 yilning 4 avgust kuni yuz bergan bu voqea nafaqat Qashqadaryoda, balki butun respublikada katta shov-shuvga sabab bo‘lgan edi. Barcha rayon, shahar va oblast prokuraturalarida favqulodda chaqirilgan yig‘ilish ishtirokchilari respublika prokurorining rasmiy buyrug‘ini muhokama qilib, bir ovozdan ma’qullagan edilar. Faqat Qashqadaryo oblast prokuraturasida bu buyruq norozilik bilan qabul qilindi. Apparat xodimlari oblast prokurori Botir Kalonov huzuriga kirib, Ostonovga nisbatan adolatsizlik qilinganini, uni hech bo‘lmasa prokuratura sohasida olib qolish lozimligini iltimos qilishadi. Hatto respublika prokuraturasiga Ostonovni himoya qilib, iltimosnoma ham tayyorlashadi. Lekin o‘sha paytlar spirtli ichimlik iste’mol qilgan, buning ustiga diniy marosimlarda ishtirok etgan rahbarlarni himoya qilish mumkin emas edi. Negaki bu paytlar alkogolizmga qarshi qaror endigina chiqqan, Markazqo‘mning ideologiya kotibasi R. Abdullayeva esa machitlarni yopish, Navro‘z bayramini taqiqlash kabi «jo‘shqin faoliyatini» avj oldirib yuborgan paytlar edi.
Xayrulla Ostonovni abvsiz jazolashdi. Lekin hech kim — unga «militsiyani tartibga keltir» deb fatvo bergan raykomning birinchi kotibi Yuriy Melentev ham, atigi sakkiz oy burun unga ijobiy xarakteristika yozib rayon prokurorligiga tavsiya etgan oblast prokurori Botir Kalonov ham, uni himoya qilishga jur’at etishmadi. Endi esa, o‘sha davrdagi voqealarga xolis baho berilayotgan bir paytda ular aybni respublika prokuraturasiga to‘nkashyapti. Go‘yo Buturlin shunday jazolanglar deb ko‘rsatma bergan emish. Abdullayeva sunnat to‘yini eshitib jazavaga tushgan emish. «Sobiq»larni ayblash oson. Biri uzoq yurtga ishga ketgan, biri ozodlikdan mahrum bo‘lgan kishilar endi bu masalaga oydinlik kiritisholmaydi. Istaysizmi-yo‘qmi bu ishlarni, bu chigalliklarni siz bilan biz, shu yurtning, shu sohaning hozirgi kishilari hal qilmog‘i, yechmog‘imiz lozim.
Komandirovka davomida bir narsani aniqlamoqchi bo‘ldim. Militsiya bilan prokuror orasida munosabat qanday edi? Respublika prokurorining Ostonovni ishdan olish haqidagi buyrug‘ida u (ya’ni, Ostonov) kunning ikkinchi yarmida diniy marosimda ishtirok etib, spirtli ichimlik iste’mol qildi, deyilgan. Rayon prokuraturasining o‘sha paytdagi kotibasi Nasiba Norova o‘z tushuntirish xatida yozishicha, Ostonov o‘sha kuni soat beshga qadar ishxonasida bo‘lgan. «Kech soat beshlarda prokuror qabuliga kelgan bir kishini jurnalga qayd etib, ichkariga kiritdim-da, ruxsat so‘rab uyga ketdim», deb yozadi Nasiba. Biz arxivdan 1986 yil 4 avgust kuni prokuror huzuriga kirgan kishining familiyasini aniqlab, u bilan suhbatlashdik. Oybek ko‘chasining 9-uyida istiqomat qiluvchi Nurullo Ahmedov haqiqatda ham 4 avgust kuni kech soat beshlarda rayon prokurori huzurida bo‘lganini tan oldi. Bundan tashqari Qashqadaryo oblast matlubot jamiyatlari soyuzi pravlaniyesining katta revizori, KPSS a’zosi Xolmamat Berdiyev ham xuddi shu kuni kech soat besh yarimlarda prokuror bilan ish yuzasidan suhbatlashganini ma’lum qildi.
Shunisi qiziqki, bu janjalga oid barcha guvohlik va hujjatlar shaxsan militsiya bo‘limi boshlig‘i ko‘rsatmasiga asosan yozilgan va guvohlarga o‘qib berilmasdan, ulardan faqat imzo qo‘yish talab qilingan. Buning ustiga prokurorni kuch ishlatib militsiya bo‘limiga olib kelish, uni so‘roq qilish, tintish kabi hollarga guvohlik qilgan kishilarning aksariyati mayda bezorilik qilib qo‘lga tushgan, tergovga tortilgan yoki militsiya ro‘yxatiga olingan qonunbuzarlar ekan. Bir so‘z bilan aytganda, ularning hammasi militsiyaga bog‘liq va mute kishilar.
Endi Ostonovni militsiya bo‘limiga olib kelish holatini tahlil qilsak. Odamlarning guvohlik berishicha, uni rayon prokuraturasi oldidan tungi to‘qqiz yarimlarda o‘n besh nafar militsiya xodimi o‘z boshliqlari Safarov va O‘roqov rahbarligida ur-yiqit va to‘polon bilan, kuch ishlatib bo‘limga olib kelishgan. biz Saidmurod Safarovdan tungi paytda shuncha militsiya xodimini rayon prokuraturasi oldida nega ushlab turgan edingiz, deb so‘raganimizda, u «mayda bezorilik bilan qo‘lga tushgan kishini jazolash uchun xalq sudi raisini kutib turgan edik», deb javob qildi. Nahot mayda bezorilik bilan qo‘lga tushgan kishini qo‘riqlashga o‘n besh nafar militsiya xodimi jalb etilsa? Bu ham yetmagandek ularga militsiya boshlig‘i va o‘rinbosari kuzatuvchanlik qilishsa? Qolaversa, ishdan so‘nggi paytda rayon sudyasini kutish ham aqlga sig‘maydi. Safarov bu gumonimizga javoban shunday dedi: «Agar biz shu kuni o‘sha jinoiy ishni hal qilmasak, muddati o‘tib ketardi…» Holbuki, O‘zbekiston SSRning ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi Nizomida «mayda bezorilik harakatini 233-moddaga binoan rayon ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, o‘rinbosari ham ko‘rib chiqib, tegishli ma’muriy jazo chorasi qo‘llashi mumkin», deb yozib qo‘yilgan.
Nega ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Safarov yoki uning o‘rinbosari O‘roqov bu masalani o‘zlari hal etishmadi? Nega ular tungi to‘qqizga qadar rayon prokuraturasi oldida soqchilik qilishdi? Bugun bu savollarning javobi kitobliklarga ham, oblastdagilarga ham yaxshi ma’lum. Prokuror Ostonovning adolatli tavsiyanomasi asosida raykom byurosida qattiq jazolangan va o‘z vazifasiga noloyiq deb topilgan Safarov bu odil hamyurtini ta’qib etgani va nihoyat 4 avgust kuni spirtli ichimlik ichdi deb badnom qilgani haqida biz bugun to‘la ma’lumotga egamiz.
O‘sha kuni prokurorni noqonuniy qo‘lga tushirishda ishtirok etgan militsiya xodimlarining aksariyati uning printsipialligi asosida jazolangan yoki o‘z qarindosh-urug‘lariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atgani uchun undan ranjigan kishilar edi. Militsiya boshlig‘i Safarov uning o‘rinbosarlari O‘roqov va Javliyevning prokuror ma’lumotiga ko‘ra jazolanganlarini biz yuqorida aytdik. Ichki ishlar bo‘limi partiya tashkiloti sekretari Aqmadjon Latipov rayon prokurori Ostonov nomiga 1986 yil 7 yanvar kuni yozgan tushuntirish xatida voyaga yetmagan o‘smir Shoyanov Eshmo‘minga nisbatan zo‘ravonlik qilganini tan oladi. U prokuror tomonidan ortiq bunday noqonuniy xatti-qarakat qilmaslikka chaqiriladi. Oradan olti oy o‘tgach, prokurorning o‘zini qo‘lga tushirish Latipov uchun ham zavqli edi, albatta. Rayon ichki ishlar bo‘limi suratkashi Aktam Rustamov ham o‘z akasi ustidan yozilgan arizaga jiddiy e’tibor bergani uchunmi, har qalay qo‘llari shilinib qonagan, kiyim-boshi betartib holda zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan prokurorni har tomondan, takror-takror suratga tushirishdan erinmadi.
O‘sha kuni militsiya xodimlari prokurorni rayondagi eng so‘lim go‘shalardan biri — Jovuz qishlog‘idagi ziyofatda, deb o‘ylashgan edi. Aktam bilan u yerga borishdi ham. Bu haqda suratkashning o‘zi bizga quyidagilarni yozib berdi: «1986 yil 4 avgust kuni OBXSS xodimi, marhum Ahat To‘rayevning mashinasida Ma’ruf ismli yigit bilan kattalarning topshirig‘iga binoan ikkita mashinada kechga yaqin Jovuz qishlog‘iga borganimiz rost. Nima uchun borganimizni bilmayman. Menga fotoapparatlarni ham olish buyurilgan edi. Qishloqqa kirdigu, chiqdik. Kimni, nimani izlaganimizni bilmayman».
Ularga hamrohlik qilgan Ma’ruf Tursunovning tushuntirish xatidan: «…suratkash Aktam bilan kun botar payti rayon prokuraturasi oldiga keldik. bizni bu yerga militsiya navbatchisi yuborgan edi. Militsiya boshlig‘i prokuror bilan uzoq tortishdi. So‘ng Safarov jahl bilan: «Ol, mashinaga tiq prokurorni», deganini eshitdim, xolos. Militsiya xodimlari prokurorga yopisha ketishdi. Birpasda uni bizning mashinaga tiqishdi. Uni mashinaga majburan kiritishayotganda qo‘li va bilagi sidralib qonadi. U qarshilik ko‘rsatayotgan edi, lekin kuchi yetmadi. Umuman, juda yomon voqea bo‘ldi. Ertalab shu janjal bo‘yicha meni oblastdan kelganlar so‘roq qilishdi. Lekin hech kim, hech narsa deb yozdirib olmadi».
Ha, negadir mazkur voqeani o‘rganish uchun, oblastdan kelgan mas’ul o‘rtoqlar bir yoqlamalik bilan ish tutishgan. Faqat prokurorni qoralab, militsiya boshlig‘ini yoqlab ketishgan. Bo‘lgan voqeani ro‘y-rost aytgan kishilardan atay hech narsa yozdirib olinmagani kishini ajablantiradi. Bugun militsiya xodimlari ham, ushbu janjalga aloqador boshqa o‘rtoqlar ham prokurorga nisbatan kuch ishlatilmagan deb bizni ishontirmoqchi bo‘lishadi. Rostdan ham shundaymikin? Sud med-ekspertiza guvohlik berishicha, Ostonovning qo‘li, bilagi va badaniga qattiq, to‘mtoq narsa bilan tan jarohati yetkazilgan. Nega bu jinoiy harakatlar o‘z bahosini olmadi? Nega militsiya formasidagi zo‘ravonlar rayon prokurorini noqonuniy tarzda qo‘lga tushirishganda, uni xo‘rlashganda rayon va oblast rahbarlari jim turishdi, nega? Ularning hammasi o‘zidan, o‘z mansabidan qo‘rqqan. Oblast prokurori Kalonov rayon prokuroriga nisbatan sodir etilgan qonunsizlik aybdorlarini jazolashni talab qilganida, obkomning ma’muriy bo‘lim mudiri Utkin ham adolatli pozitsiyada turganida, Ostonov bugunga qadar qonunsizlik qurboni bo‘lib qolmasmidi. Yo‘q, bu rahbarlar jarga qulagan kishini qutqarish o‘rniga uning yaxshiroq qulashiga mustahkam zamin yaratishdi. Oblast ichki ishlar bo‘limi va respublika ministrligidagi rahbarlar esa bu «jasorat» bilan tergov va prokuratura oldida o‘z mavqelarini bir qadar tiklab olishdi… Holbuki, prokurorga nisbatan nohaqlik qilinganini ularning har biri yaxshi bilardi. Rayon ichki ishlar bo‘limi xodimlari Ostonovga nisbatan xalq deputati statusining 34-moddasini, SSSR ichki ishlar ministrining 130-buyruqlarini qo‘pol tarzda buzgan edilar. Lekin bu qo‘pollik va bu qonunsizlik uchun hech kim hanuzga qadar jazolanmagan? Nega?
Aslida prokurorni militsiya bo‘limiga olib kelinishi xato edi. Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi Nizomda yozilishicha, «ko‘chalarda, stadionlarda, xiyobon va istirohat bog‘larida, boshqa jamoat joylarida inson qadr-qiymatini va ijtimoiy axloqni tahqirlab, mast holda yurgan» shaxslargina militsiya e’tiborini tortishi mumkin. Ostonov esa sud raisi bilan to‘ydan chiqib sovxoz direktorining xizmat mashinasida prokuraturaga kelgan, o‘zini kutib turgan shofyori bilan uyga ketmoqchi bo‘lgan. U spirtli ichimlik iste’mol qilganini inkor etgani yo‘q. U ichgan. Lekin ishdan keyin. Birovni so‘kmagan, birovni urmagan, jamoat tartibini buzmagan. U uyiga ketmoqchi edi. Lekin uni ketgani qo‘yishmadi. Tongga qadar prokuror va deputat bo‘lgan kishini tahqirlab militsiya bo‘limida ushlab turishdi. Bundan bir necha oy muqaddam uning «taqdimnomasi» asosida ichki ishlar bo‘limi rahbarlarini boplab jazolagan raykom byurosi endi uning o‘zini hech bir mas’uliyat sezmagan holda partiya a’zoligiga kandidatlikdan chiqardi. Holbuki, uning rayon prokurori qilib tayinlanganiga bor-yo‘g‘i sakkiz oy bo‘lgan edi. Shu qisqa davr ichida u rayondagi jinoyatchilik va huquqbuzarlikka qarshi murosasiz o‘t ochdi. Eng muhimi, shu davr ichida u kitobliklar qalbida sotsialistik qonunchilikka nisbatan mehr uyg‘ota oldi. U o‘zining haqiqiy qonun egasi ekanini isbot qilayotgan edi. Lekin, afsus, uni bu sharafli va mas’uliyatli ishini davom ettirishga qo‘yishmadi.
Qashqadaryoda bo‘lganimda qarshilik tergovchilar Ostonovning olti kilo tillo topgani haqidagi voqeani aytib berishdi. Oblast prokuraturasidagi hujjatlar orasida esa Ostonov tomonidan qo‘lga tushirilgan tillo buyumlarning ro‘yxati zikr etilgan: «Besh so‘mlik Nikolay davrining tillo tangalari — 297 dona, o‘n so‘mlik tanga — 341 dona, yetti yarim so‘mlik — 3 dona, o‘n besh so‘mlik — 22 dona, Angliya qirolichasi Viktoriya tasviri tushirilgan o‘n so‘mlik tillo tangadan — 9 dona, qirolicha Yelizaveta tasviri tushirilgan sakson so‘mlik tillo tangadan 54 dona, quyma yombi — 19 dona, 56 ming 100 so‘m pul…» Usmon Yusupov rayonidagi «Paxtakor» sovxozining sobiq bosh hisobchisi E. Azimovni tintuv qilish payti topilgan bu boylik Xayrulla Ostonov tomonidan musodara etilib ro‘yxatga olingan va rasmiylashtirilgan. O‘sha payt unga juda ko‘p pul va boylik va’da qilishgan, lekin o‘jar va odil tergovchi bunga ko‘nmagan.
Safar davomida tug‘ilgan juda ko‘p savollar hanuz menga tinchlik bermaydi. Nega endi to‘yda ishtirok etib, ichimlik ichgani uchun Ostonovni shu qadar qattiq jazolashdiyu, uning davradosh va aytish lozim bo‘lsa… shishadoshlarini bitta hayfsan bilan saqlab qolishdi? Nega Ostonovni mashinaga bosib, militsiya bo‘limida meditsina ko‘rigidan o‘tkazishdiyu, uning sherigi — rayon sudi raisi Erkin Alnazarovni tekshirishmadi? Nega tungi o‘n ikkidan so‘ng sovxozga borib prokuror mehmon bo‘lgan xonadon sohiblarini bezovta qilib, qo‘tondagi qo‘ylarni sanab, o‘nlab begunoh kishilarni to tongga qadar militsiya bo‘limiga chaqirib so‘roq qilgan o‘rtoqlar o‘z qonunsiz xatti-harakatlari uchun jazolanmadi? Nega?
Saidmurod Safarov rahbarligida amalga oshirilgan bu fitna, bu ayanchli va noxush hol rayonda yagona emas. Xuddi shunday voqea 1986 yilning 12 may kuni rayon partiya komitetining qishloq xo‘jalik bo‘limi mudiri Ziyodulla Po‘latov bilan ham yuz bergan edi. O‘z uyida aziz mehmonlari bilan tug‘ilgan kunini nishonlab turgan raykom xodimini «Safarov chaqirtiryapti, raykomga borarkanmiz» deb militsiya bo‘limiga majburan olib kelib, meditsina ko‘rigidan o‘tkazishgan. U ham rayon Sovetining deputati edi: «Hisob kartochkasiga yozish sharti bilan qattiq hayfsan berishdi. Ichganligim uchun yuz so‘m jarima ham to‘ladim. Deputatlikdan chiqarib olishdi. Shu voqeadan keyin yuzim chidamay, o‘zim ariza yozib raykomdan ketdim…» deb yozadi Ziyodulla aka.
Nahot shu bedodliklar qayta qurish davrida, 1986 yilda ro‘y bergan deb o‘ylab qolaman. Men bu maqola bilan ichishni targ‘ib etmoqchi yoki unga ruju qo‘yganlarni himoya qilmoqchi emasman. Aslo! Yevgeniy Yevtushenko «Literaturnaya gazeta»dagi maqolalarining birida «ishdan so‘ng yoki dam olish kuni o‘z yaqinlari bilan bir stakan vino ichmoqni istagan kishini bu istagidan judo qilmoqqa kimning haqqi bor?» deb yozgan edi. Men yuqoridagi voqealarga ham xuddi shu nuqtai-nazar bilan yondashmoqchiman. Qolaversa, ichkilikka qarshi qaror e’lon qilinganidan so‘ng mamlakatda yuzaga kelgan noxush hol hanuz yodimizda. Lekin bizda qaror chiqdi deb uni o‘z bilganicha bajaruvchi «siyosatchi»lar hanuz juda ko‘p.
Xo‘sh, rayon prokurorini badnom qilishga bel bog‘lab, bu jirkanch niyatiga jirkanch yo‘l bilan erishgan KPSS a’zosi, militsiya boshlig‘i Saidmurod Safarovning keyingi taqdiri nima bo‘ldi? Bo‘lib o‘tgan voqeadan so‘ng ko‘p o‘tmay u o‘z vazifasidan ozod etiladi va … oblast ichki ishlar bo‘limida katta inspektor qilib tayinlanadi. Ajab, respublika ichki ishlar ministrining 1986 yil 11 avgust kungi buyrug‘i bilan «o‘ziga topshirilgan vazifani eplay olmagani uchun» ishdan bo‘shatilgan kishi oblast ichki ishlar bo‘limida — mas’ul lavozimda ishlay boshladi. 1988 yilning 20 oktyabridan e’tiboran esa unga yana bir ishonch bildirildi: u Koson rayon ichki ishlar bo‘limining OBXSS gruppasiga boshliq etib tayinlandi…
Biz u kishi bilan oblast prokuraturasi binosida uzoq suhbatlashdik. So‘ng suhbatimizga Xayrulla Ostonovni ham taklif etdiq. Saidmurod aka o‘zining sobiq prokurori bilan hech narsa bo‘lmagandek iliq ko‘rishdi. O‘rtaga og‘ir sukunat cho‘kdi. Men Xayrulla akaning ko‘zlariga qaradim. Ularda g‘azab va nafrat emas, balki cheksiz o‘y-alamga qorishib ketgai og‘ir bir dard, og‘ir azob ko‘rgandek bo‘ldim. Va yana… armongami, iltijogami o‘xshash yana nimadir. Ortiq qarab turolmadim. Juda og‘ir edi uni kuzatish. Shundagina men nohaqlik, bo‘hton va zulm kishini qanchalar g‘arib va mahzun tuyg‘ularga oshno etishini, qanchalar cho‘ktirib qo‘yishini ich-ichimdan yana bir bor aniq his etgandek bo‘ldim. Saidmurod aka esa xotirjam, o‘z ishidan, o‘z hayotidan mamnun holda menga sinchkovlik bilan tikilib turardi… Har qalay uning ham qalbida nimadir o‘rtanayotganini, o‘rtadagi og‘ir sukunatdan uning ham ko‘ngli g‘ashlanayotganini sezish mumkin edi.
— Umuman yaxshi ish bo‘lmapti, — dedim nihoyat jimlikni buzib. — Siz-ku, mana, ishlab yuribsiz. Lekin Xayrulla akaga javr bo‘libdi.
— Men bunchalik bo‘ladi deb o‘ylamagandim…
Vo ajab! Saidmurod aka bilmbmi-bilmaymi, beixtiyor o‘z aybiga iqror bo‘ldi. U bu gapni chuqur ichki hayajon bilan aytib yuborganini o‘zi ham sezmay qoldi. «Men bunchalik bo‘ladi deb o‘ylamagandim». Xayriyat, tuyg‘ularimiz hali o‘lmabdi. Vijdonimiz bor ekan hali, xayriyat!
— Yo‘q, siz meni tushunmadimgiz, — dedi shosha-lisha o‘z xatosiii anglab yetgan Saidmurod aka, — men bo‘lib o‘tgan voqealarda faqat o‘zimni ayblamoqchi emasman… Bu kishidan ham o‘tgan. Fikringizga men ham qo‘shilaman. Xayrullani sohasidan chetlashtirib xato qilishgan. Uni qaytarish kerak…
«Uni qaytarish kerak.» Qayerga, nimaga qaytarish kerak uni? O‘z sohasigami, hayotgami? Saidmurod aka buni aniq aytmadi. Shunisiga ham shukr. U kishini ham tushunish kerak! Xayrulla akani o‘z sohasiga qaytarish lozimligini faqatgina uning raqibi — Saidmurod aka aytgani yo‘q. Buni Xayrulla akaning Kitobda orttirgan do‘stlari, hamkasblaridan tashqari deyarli oblast prokuraturasining hamma xodimlari, yangi prokuror Tohirjon Saidahmadov ham aytgan edi. Negaki ular Xayrulla Ostonovga adolatsizlik qilinganini yaxshi bilishadi. Biz esa xuddi shu taklifni bundan roppa-rosa olti oy muqaddam matbuot konferentsiyasida ishtirok etgan respublika prokurori Dimitriy Alekseevich Usatovga aytgan edik. Shunda u kishi «marhamat, agar qo‘lingizda yetarli dalil-isbot bo‘lsa, marhamat, biz sizlar bilan har qanday taklifni ham ko‘rib chiqishga tayyormiz», degan edi. Yaqinda oblast va respublika prokuraturalari redaktsiyamizning izchil aralashuvidan so‘ng Ostonov masalasiga yana qaytib, uni o‘z sohasiga qaytarish lozim degan xulosaga keldi. Biz esa buni juda xushyorlik va ehtiyotkorlik bilan qabul qilingan Ostonov masalasidagi birinchi ijobiy qaror deb bilishmi istardik. Negaki, bizning nazarimizda, Xayrulla Ostonovni nafaqat o‘z sohasiga qaytarish, balki uni o‘z vazifasiga tiklash lozim. Shu bilan birga, uning yuristlik darajalariyu, partiya masalasini ham o‘ylab ko‘rish kerak.
Men Qarshiga qo‘ng‘iroq qilib, Xayrulla akaga shu gaplarni aytsam, u kishi «Men o‘z joyimni da’vo qilayotganim yo‘q, el-yurt oldida yuzim yorug‘ bo‘lsa bas, xizmatimni esa boshidan boshlashga ham tayyorman», dedi. Nima ham derdik. Oq yo‘l! Faqat endi hushyor bo‘ling, Xayrulla aka!
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 12 may

