Ibrohim Rahim. Go‘zal Farg‘ona, senga ne bo‘ldi? (1989)

Shoirlarga ilhom bergan ipakday muloyim Marg‘ilonimizdan kelayotgan mudhish xabarlar azaldan insonparvar bo‘lmish xalqimning, har bir o‘zbekning qalbini tirnadi. Bu yerlarda kutilmaganda yuz bergan qonli fojia boshimizga g‘am-g‘ussa keltirib, qalbimizni qayg‘u-alamga to‘ldirdi.

Farg‘ona tuprog‘ida kechagi do‘st-birodarlar orasida, shu kungacha ahil yashab kelayotgan qardosh odamlar orasida ur-yiqit chiqishini kim o‘ylabdi?! Aql bovar qilmaydigan fojia nimadan va qayerdan paydo bo‘ldi? Bu tuproqni qonga belagan johillik, qotillik, berahmlik nimaning oqibati? O‘zbek elining azaliy tinch-totuv an’analarini nimalar parchaladi? Baynalmilalchi har bir o‘zbekning dilida ham, tilida ham shu kalima aylanmoqda. Shoir tili bilan aytganda, go‘zal Farg‘onam, senga ne bo‘ldi?

«Millatlararo negizda tartibsizlik keltirib chiqargan, odamlarni halok qilgan, «spirtli ichimlik va narkotik moddalar iste’mol qilib quturgan bezorilar» kimlar? Oshkoralik davrida bular ro‘y-rost aytilishi kerak. Haqiqat to‘laligicha ochiq-oydin aytilmagani tufayli 3—4 iyun kunlarida yuz bergan «qonli voqealar» mishmishlarga qorishib johillik yong‘inini tobora alangalatmoqda.

Go‘zal Farg‘ona ustida qora bulut paydo qilgan bu voqea albatta ipidan-ignasigacha oshkor bo‘ladi, haqiqiy gunohkorlar topilib, o‘z jazosini tortadi. Ammo to‘kilgan qon, yo‘qotilgan jonni qaytarib bo‘larmikan?

«O‘yindan uchqun chiqdi, uchqundan alanga», deydilar. Alanga chiqargan uchqunni esa birovlar bir krujka pivodan, boshqa birovlar esa, bir likop qulupnaydan ko‘ryapti. Aslida shundaymi?

Masala chuqurroq emasmikin? Balki, pivo bilan qulupnay bu portlashning bahonasi bo‘lgandir? Qonli mojaroning asl sabablari, tashabbuskorlari aniq aytilishi kerak. Albatta, besh qo‘l barobar bo‘lmaganiday har bir xalqning ichida donosi ham, ahmog‘i ham, bezorisi ham yo‘q emas. Mesxeti turklari orasida nonko‘rlar, bosar-tusarini bilmay ketgan ayrim bezorilar ham bordir. Lekin ular uchun butun elat xun to‘lashi shartmi? Keksalar, ayollar, go‘daklarda nima gunoh? Hovli-joylar, binolar, ro‘zg‘or-buyumlarda nima ayb? O‘sha bezorilar, o‘sha qotillar qonun oldida javob berib, qattiq jazolanishlari lozim!

Ayrim bosar-tusarini bilmagan bezorilar chiqargan janjal elatlar o‘rtasidagi qonli mojaroga aylanishi ham gunoh, ham jinoyatdir. Xunrezlik bilan odamlardan qonli o‘ch olish, odamlarni xonavayron qilish, bola-chaqalari bilan istiqomat qilayotgan oilalarning uyiga o‘t qo‘yish musulmonlarning, ayniqsa, o‘z qadrini yaxshi bilgan o‘zbekning qonida yo‘q. Bu xil johillik xalqqa isnod keltiradi, xolos.

Shu kunlarda o‘ylab o‘yimga yetolmayapman: nimaning oqibati bu? O‘tkinchi, yuzaki bahonalar bu og‘ir voqeaning sababi bo‘lolmaydi. Uning negizini turmush tarzimizdagi, ijtimoiy hayotimizdagi ayrim nomutanosib omillardan izlash ham joizga o‘xshaydi. Ha, ayni shunday bo‘lib chiqadi. Jamiyatimizda o‘tmish yillarda yig‘ilib toma-toma ko‘l bo‘lib qolgan muammolar o‘z vaqtida yechimini topolmay odamlarning tinkasini quritib, asabini tarang qilib qo‘ydi. Yuzaga chiqqan iqtisodiy, sotsial, ekologik muammolar ham, davlat tomonidan belgilab qo‘yilgan tengsiz narx-navo siyosati ham mehnatkashlarni alamzada qilib qo‘ydi. Farg‘ona ipagi nima uchun boshqa respublikalardagi narxlardan ikki baravar kam baholanadi? Mashaqqatli mehnat mahsuli, davlatga jaraq-jaraq oltin, valyuta keltirayotgan paxta suv tekin olinadi? Nima uchun? Nima uchun?.. Bu kabi savollar qatorlashib qolgan.

Butun O‘zbekistonda bo‘lgani kabi Farg‘ona oblasti yoshlarining ko‘pi ishsiz. Navqiron kuchlarini qayerda ishlatishni bilmaydilar. Buning ustiga ularda tirikchilik manbai yo‘q. Boshqa mamlakatlarda ishsizlar hisobga olinadi va ularga muntazam muayyan ishsizlik nafaqasi to‘lab turiladi. Bizda ishsizlarning hisobi ham olinmaydi, tirikchiligi uchun qora chaqa ham to‘lanmaydi. Farg‘onalik ishsizlarning holi nochor. Bular ham ko‘pchilikning me’dasiga tegib, asabini tarang qilganligi ma’lum.

Mojaroga qo‘shilib ketganlar orasida aldanganlar ham anchagina bor. O‘z-o‘zini idora qila bilmaganlar ham ko‘p. Jahl chiqsa — aql qochadi.

Hozir aql-idrokni, es-hushni rostlab harakat qilish zamonida yashayapmiz. Ammo rahbariyatimiz ham shu omilga amal qilyaptimi? Aftidan Farg‘onaning katta-kichik rahbariyati bu sohada sustlik va faoliyatsizlik ko‘rsatib, fursatni qo‘ldan berib qo‘yganga o‘xshaydi.

Bu masalada Moskvadan Farg‘onaga kelgan SSSR ichki ishlar ministri V. Bakatin ham samolyotdan tusha solib, vaziyatni o‘rganib olmay, gapni do‘q-po‘pisadan boshlashi qayta qurish davrining, demokratiyamizning aks sadosi emasday bo‘lib ko‘rindi. Shu kunlarda yetti o‘lchab bir kesgan kishi yutadi.

Farg‘ona aqlini yig‘ib oladi, tafakkurni ishga soladi, noxushliklarni bartaraf qilib, dorilomonlik, do‘stlik, totuvlikni tiklaydi, deb ishonamiz!

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 9 iyun