Ko‘hna Sharq tarixi — bu nafaqat jangu jadal yoxud bir-biriga qilich qayragan sulolalar yodnomasi, balki yuksak deqqonchilik va hunarmandchilik, tijorat madaniyati tarixi ekanligi haqida muarrixlar, allomalar, sayyohlar ajoyib insholar yozib qoldirmishlar. Afsuski, hanuz Sharqning, xususan, Turkistonning o‘tmishdagi savdo aloqalariga oid omon qolgan ma’lumotlardan bexabarmiz. Shu bois hozirgi savdogarlik, bozor-savdo ishlarida jaholat, qabohat, xudbinlik hukmron. Ma’rifatsizlik tufayli bu jabha vakillari pulparastlik balchig‘iga botib qoldi…
O‘rta Osiyoda bozor ham sug‘orma dehqonchilik madaniyati singari qadimiy ekaniga hech bir shubha yo‘q. Akademik Yahyo G‘ulomov tadqiqotlariga ko‘ra, sug‘orma dehqonchilik jahonning biror mintaqasida bizdagidek qadimiy, o‘ziga xos emas; miloddan oldingi 3 ming yillik oxirlari — Bronza davrida o‘troq dehqonchilik taraqqiy etganini tarixiy manbalar tasdiqlaydi. Zardushtiylikning muqaddas kitobi «Avesto»da shunday bitik bor: «Qayerdaki, don, ziroat, mevali daraxtlar ko‘proq ekilsa, qayerdaki quruq tuproqni sug‘orsalar, ortiqcha sersuv (botqoq) yerlarni quritsalar o‘sha joyda yer quvonadi…
Erdan bug‘doy unib chiqishi bilanoq devlar titray boshlaydi, ekin o‘rib olinganda ular ingray boshlaydi, xirmon uyulganda devlar qochadi, xamir qorilganda devlar halok bo‘ladi… g‘alla hosili mo‘l bo‘lganda devlar xuddi qizdirilgan temir labiga tekizilganday aqldan ozadi».
Ajdodlarimiz to‘garak olamning asosiy to‘rt unsuri — tuproq, olov va suvni, havoni ulug‘laganlar: olovga sig‘ingan bo‘lsalar, o‘z ixtiyorlaridagi suv va yerni pok saqlashga tiyrak mas’uliyat tuyganlar. «Avesto»da yer Ayolga qiyoslanadi, uni erkalashga, parvarishlash va mehr ko‘rgizishga da’vat etiladi.
Ovchilik, baliqchilik va sug‘orma dehqonchilikning rivoj topishi, olovning kashf etilishi, misdan tayyorlangan pichoq, bigiz, igna va boshqa asboblar, keyinchalik mis va qalayi aralashmasidan hosil bo‘lgan jez zeb-ziynatlarni yasash hunari o‘zaro mol ayirboshlash — iqtisodiy munosabatlar kurtaklarining ko‘zini ochdi. Shu tariqa ma’danchilik, metallardan turli mehnat va harbiy qurol-aslahalar yasash, to‘quvchilik rivoj topib, boshqa o‘lkalar bilan tijorat aloqalarini o‘rnatish zarurati barqarorlashdi. Yunon muarrixi Gerodot Xorazm va So‘g‘dda yashagan massaget, shak, day va boshqa qavmlarning qurol-aslaha va zeb-ziynatlari haqida shunday ma’lumot beradi: «Massagetlarning kiyim va maishatlari skiflarnikiga o‘xshaydi. Doim otliq va piyoda jang qiladilar, ikki xil jang usulini biladilar, ular o‘q-yoy, nayza hamda shamshir (dudama kalta qilich) bilan sodda qurollanganlar. Bu qurollarni hunarmandlar jezdan yasaydilar, bosh kiyimlari va kamarlarining bog‘ichlarini esa oltin bilan bezaydilar. Otlarning ko‘krak qalqonini ham jezdan yasaydilar. Yugan, so‘liq va boshqa jabduqlarga oltin qadaydilar. Temir bilan kumushni mutlaqo ishlatmaydilar, chunki ularning mamlakatida oltin bilan mis nihoyatda ko‘p bo‘lib, temir bilan kumush mutlaqo yo‘qdir».
Tarix shahodatnomalariga ko‘ra, bu zar tuproqqa dunyoning ko‘p zobitlari, jahongirlari, dunyoparastlari bezbetlarcha qorin ilinjida qon va non qo‘msab, bostirib kelganlar, kelaverganlar. Aftoda va mehmondo‘st ajdodlarimiz norasida go‘daklariga bir tishlam luqma olib kelish uchun bozorga har haftada bormasa bormaganki, bosqinchi-kelgindilarni bozori va ro‘zg‘oridagi bor-budi bilan mehmon qilavergan, siymu zarini sovg‘aga beravergan.
Xalq bozor haqida qadim-qadimdan ibratli naqllar ijod etgan: «Bozor ko‘rgan echkidan qo‘rq», «Bozordan qolsang bir kun qolasan — Yaxshidan qolsang, ming yil qolasan», «otang bozor — onang bozor», «Bozorda boriga baraka», «Bozori chaqqon yigit», «O‘zini bozorga soladi…», «Bolali uy bozor», «Bozorga borib baxtingni sina».. Eh-ha, bozor bilan bog‘liq naqllar ummoniga g‘arq bo‘lib, undan suzib chiqish, ularni sanab adog‘iga yetish oson emas… Bugun biz Yusuf Xos Hojibning «Savdo-sotiqda kimki rost bo‘lsa, fe’li to‘g‘ri bo‘lsa, zarur bo‘lganda unga mol topilmay qolmaydi», degan o‘giti hamma asrlarda yashagan insonlarga dastur bo‘lganini anglasak, nechog‘li yaxshi!
Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy: «Dehqonki, dona sochar, yerni yormoq bilan rizq yo‘lini ochar…» deganida olamning obodligi dehqon mehnati tufayli ekanini ta’kidlaydi! Dehqonning o‘zini Odam Atoga, uning qo‘lidan rizq-ro‘z ko‘ruvchilarni farzandlariga o‘xshatadi. Hazrat o‘zining muborak «Mahbub-ul qulub», «Nasoim-ul muhabbat» asarlarida ahli jamoani to‘rt guruhga: dehqonlar, ziyolilar (ma’no va safo, ziyo va ishq ahli — darveshlar), sultonlar (beklar, vazirlar), hunarmandlarga ajratib, bu toifalarning har birini ta’rif-tavsif etadi. Haqni tanish, ya’ni «futuvvat ahli»ning ma’naviy komilligi xususidagi bashoratangiz fikrlar zuhur etilgan ularda. Mana, o‘z mehnati bilan ro‘zg‘or tebratgan futuvvat ahli — avliyo-darveshlardan ba’zilari: Abu Said Xarroz — etikdo‘z, Muhammad Sakkok — pichoqchi, Abu Hafiz Haddod — temirchi, Abulabbos Omiliy — qassob, Ibrohim Ojiriy — g‘isht quyuvchi. Navoiy ma’naviy komillikka intilmagan, insonlik mohiyatini anglab yetmagan kosib-hunarmandlarni tanqid qiladi: «Bozorda savdogar kosib — tangriga xoin va va’daga kozib. Birga arzirni yuzga sotmoqdin alarga ming mubohot, mingga tegarni yuzga olmoqdin yo‘q zarra uyot. Rostlik bila savdo alarga ziyonkorliq va va’daga vafo alarg‘a badkorliq».
Insonning hayvondan sharifligi shundaki, unga aql berilgan. Aql insonga Haqni tanishi uchun yo‘l ochadi. Aql ma’rifat ziyosi bilan yo‘g‘rilgandagina Haqiqatga erishadi. Navoiy ta’rif etgan ahli jamoa toifalari — dehqon ham, darvesh ham, sulton ham, hunarmand ham ma’rifat nuri bilan aql-zakovatini charxlab, Haqni tanimoq barobarida Bozorda Adolat o‘rnatganlar.
Tijorat ahli — savdogarlar halol rizq uchun uzoq, mashaqqatli yo‘llarni bosib o‘tadi. Bir yurtda serob mollarni boshqa yurtga olib borib, o‘sha yerdagi tanqislikka barham beradi. Bu bilan ular dehqon va hunar egalari mehnatining qadrsizlanib qolmasligini — bozor muvozanatini saqlaydilar, yurt obodonchiligiga hissa qo‘shadilar. Sharqda savdogarlik olibsotarlik, chayqovchilikdan baland qo‘yilgan. Sharq mutafakkirlari xalqni, jumladan, savdogarlarni ham futuvvatga chorlaganlar.
Bozor, ming yillardan beri tarixning zalvorli yukini yelkasida ko‘tarib, bani bashar farzandlarini ahillika undab, moddiy va ma’naviy hayotning botiniy va zohiriy rishtalari bilan turmushning oltin qozig‘iga qaytara olgan muqaddas ro‘yoga aylandi.
Adog‘i ne ko‘rgulik bilan tugashi qorong‘u siyosat va siyosatbozlik zulmidan ingranayotgan Iqtisodiyot va Madaniyat inqirozi yillarida bozorga nima bo‘ldi? Bu nechuk sehrli so‘zki, hamma «bozor, bozor», deya javrab qoldi, to‘rtta odam yig‘ilsa, bir-biriga navbat bermay gapirgani gapirgan: «Bozor iqtisodiyotining taqdiri nima bo‘lar ekan? Tovarlarning narxi uch terak barobar ko‘tarilib ketibdi! Endi qanday yashaymiz?»
Tarix sabog‘i shuki, Adolat aql va bilim orqali qaror topadi. Aqlga yo‘g‘rilgan ilm-fanga muhabbat va e’tiqod Adolatga yaqinlashtiradi. Bozorda barcha narsalar taroziga solib tortilganidek, tovarlarni bozorga olib chiqqan hunar egalarining munosabatlari, bu munosabatlarga hukmronlik qiluvchi ijtimoiy tartibotlar, hodisalar ham Adolat tarozisida tortib ko‘rilishi kerak! El qalbidan quvonch yo‘qolgani, ruhida charchoq, yuzida tundlik zohir bo‘lganiga bosh sabab bozorda narsalar tortiladigan temir torozilar va ijtimoiy hayotdagi Adolat tarozusining buzuqligi emasmikin?!
Buzuq tarozular xususida so‘zlashdan oldin bugungi kundagi «bozor» tushunchasini tavsiflash o‘rinli, deb o‘ylayman. «Bozor» deganda hozir ko‘pchilik yurtdoshlarimizning ko‘z oldida kundalik ehtiyojlarni qondirish uchun zarur oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa buyumlar sotib olinadigan «Chorsu», «Oloy», «Farhod» kabi poytaxtimizdagi dehqon bozorlari, olib-sotarlar hukmronlik qiluvchi tartibsiz chayqov bozori — iste’mol bozorlari namoyon bo‘ladi. Bular bozor haqidagi ilk tasavvur — tor tushuncha bo‘lib, bozor keng ma’noda mahsulotni ishlab chiqarish qonuniyatlari bo‘yicha tashkil qilingan Ayriboshlash, Mol va Pul muomalasi munosabatlarining majmuidir. Bozor — ishlab chiqarish bilan iste’molni bog‘lovchi Oltin ko‘prik! «Qobusnoma» muallifi avlodlariga shunday pand-nasihat qiladi: «Ey farzand! Oz foydaga qanoat qilgil! Xaridorni ko‘p qattiq turib va og‘ir baho bilan o‘zingdan qochirmagil, toki shu hunaring bilan rizqing ziyoda bo‘lsin. Xalqsening oldingga bir narsa olish uchun kelsa, jonimsan, do‘stimsan, birodarimsan, deb qarshi olgil.
Ammo to‘g‘ri so‘zlagil, baxil bo‘lmagil, foydani yaxshi sarf qilgil. Savdoda ko‘p qattiq bo‘lmagil, yolg‘ondan ont ichmagil va odamlar bilan qattiq muomalada bo‘lmagil. Pok dil bo‘lgil…»
Ayriboshlash miqyosining hududiy va huquqiy chegaralari bor: mahalliy bozor, milliy bozor, dunyo bozori — ichki va tashqi bozorlar muayyan ijtimoiy qoidalar asosida harakat qiladi. Ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmi, oldi-sotti miqdori bozor munosabatlarining mavqeini — hajmini belgilaydi. Bozorni «ijtimoiy birlashmalar»ning iqtisodiy taraqqiyoti yoxud tushkunligini ko‘rsatuvchi ko‘zgu, makon va zamon o‘lchagichi — Adolat Tarozisi — Oliy hakam deyish mumkin: bozor jamiyat (faylasuflar ta’biricha, «shahar») a’zolarining talab va ehtiyojlarini qondirishga, pul muomalasini barqaror saqlashga, mahsulot bahosi bilan ishlab chiqarishga ketgan xarajatlarning mos bo‘lishiga hamda xalqlar va davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga xizmat qiladi.
Sho‘roviylar hukumati ham 73 yildan so‘ng hududi bepoyon Ittifoqqa birlashtirilgan mustaqil davlatlarning o‘zaro iqtisodiy va madaniy aloqalarning yangi Ittifoq Shartnomasi asosida chinakam bozor bilan uyg‘un, insoniyatga sinashta iqtisodiy munosabatlarga tayanib tiklashga bel bog‘ladi. Zero, bozor iqtisodiyotining afzalliklarini jahondagi taraqqiy etgan barcha davlatlar tajribasidan ko‘rib turibmiz. Bozor iqtisodiyoti hukumat siyosatining odamlar moddiy va ma’naviy ehtiyojlarining qaysidir darajada qondirilishiga yo‘g‘rilib, ular bilan uzviy bog‘langandagina, fuqarolarning manfaatlari ijtimoiy qonunlar bilan himoyalangandagina, har bir kishining siyosiy, iqtisodiy va madaniy erkinligi, omilkorligi muhofazasi ta’minlangandagina ro‘yobga chiqadi. Zero, bozor munosabatlari tadbirkor, uddaburon, ma’rifatli odamlarning ijodiy qobiliyati, ishbilarmonlik va tadbirkorligini yuzaga chiqarish asnosida xalq moddiy va ma’naviy farovonligini ta’minlashning birdan-bir yo‘lidir. Jurnalist Vladimir Strugatskiyning mashhur iqtisodchi V. V. Leontev bilan «O‘z foydasini o‘ylash ham yaxshi» otliq suhbatida («Menejer», 1990, 16-son) shunday mulohazalarni o‘qiymiz: «Men u kishidan Sizning nazaringizda, hozirgi vaziyatda, Sho‘ro iqtisodiyotini nima qutqarib qolishi mumkin, deb so‘raganimda dabdurustdan shunday dedi:
— Xususiy ishbilarmonlik. Eng muhimi, sizlar bir narsadan voz kechishingiz kerak — yalpi tenglik mafkurasi. Qaytaraman: badavlat Ford yangi mashina ishlab chiqqanida xalqning g‘amini yeb, xayrli ish qilishim kerak, deb harakat qildi deysizmi? U bu ishni o‘z manfaati uchun — foyda uchun qildi. Foyda taraqqiyotni yetaklovchi kuch tarzida xizmat qiladi. Sizlarda ilgari bo‘lganidek, harbiy usul bilan ham iqtisodni yaratish mumkin, albatta. Ha, harbiy sanoat yomon ishlamadi, chunki, sarf-xarajatga umuman ahamiyat bermadi va bu turli soliqlar to‘lovchi oddiy, bechora odamlarning bo‘yniga tushayotgani bilan hech kim qiziqmadi. Vaholanki, daromad keltiruvchi iqtisodiyotgina mo‘tadildir. Hech kimni chuv tushirib bo‘lmaydi, o‘zingdan boshqa».
Agar biz Leontevga o‘xshagan allomalarning mulohaza va takliflariga tayanganimizda, balkim, bizning iqtisodimiz bunchalik xarob ahvolga kelib qolmasmidi?! Rusiyolik aviakonstruktor Sikorskiy AQShning fuqaro va harbiy aviatsiya sanoatini bunyod etgan, iqtisodchi Leontev esa umr bo‘yi Amriqo va Yapon iqtisodiyoti bilan shug‘ullanib, bu mamlakatlarni misli ko‘rilmagan darajada taraqqiy ettirayotgan bir vaqtda mamlakatimiz zaiflashib, so‘nib bormoqda. Faqat o‘z umrining so‘nggi daqiqalarida vatandoshlarimiz uzoq Amriqodan turib, necha o‘n yillar mobaynida yuksak madaniyatli mamlakatlar amal qilib kelayotgan o‘z maslahatlari bilan yordam berishga intilmoqda. Bir vaqtlar xoin, sotqin, qochoq deya la’natlangan ko‘hna Turkiston fuqarolarining endilikda Arabiston, Turkiya, Olmoniya va Amriqoda o‘ziga to‘q, badavlat hayot kechirib, hatto bugun iqtisodiy tanazzulga botgan yurtdoshlariga ko‘mak berayotganlari-chi?
«Tenglik mafkurasi»ning ziyoni — inqilobdan keyin ko‘hna Turkistonda ham uch ming yillik tarixga ega bo‘lgan savdogarlik kasbi va xususiy savdoga bo‘g‘ov solinib, jahon va ichki bozor yo‘llarining temir panjaralar bilan to‘silgani tufayli xalqimiz tabiatida muqim tijorat madaniyati zaxa yedi, sinashta tamoyillar buzildi. Futuvvatli savdogarlarning avlodlari olib-sotarlarga, chayqovchilaru o‘g‘rilarga aylanib qoldi: nonvoy bitta nonini bir, dehqon bir kilo piyozini besh, bog‘bon bir kilo mayizini o‘n, do‘ppido‘z bitta do‘ppisini ellik so‘mga sotayotgani ayb emas, ehtimol, bozor talabi shundaydir, ammo ellik tiyinlik sigaretni besh, o‘n besh tiyinlik saqichni bir so‘mga, noyob mollarni omborlar, do‘konlarning orqa eshigidan pullab, mo‘may foyda ko‘rayotgan noinsoflar ham shu qora xalqning farzandlari ekanligini o‘ylab o‘yingga yetolmaysan!
Shoir Mirza Kenjabek «Tijorat tarixi» maqolasida shunday yozadi: «Savdogar» degan so‘z bizning zamonda birmuncha salbiy ma’no kasb etdi, noxush haqorat sifatiga ham aylandi. Ma’naviyatida nuqson, fe’lida ta’ma bo‘lgan, har narsadan foyda ko‘zlaydigan shaxslarni «He, u bir savdogar-ku!» deb ta’riflashadi. Bizning xalqimiz fe’lidagi savdogarlik yoki savdoga o‘chlik ayrim kimsalarni g‘ashlantiradi ham. Biroq, savdogarlik aslida halol bir kasb yoki hunar bo‘lib, bu soha tarixining ildizlari juda qadim zamonlarga borib taqaladi. Savdogarlik — qadimdan qolgan yuksak madaniyat, salohiyat belgisidir». Savdogar degani faqat sotish qobiliyatiga ega bo‘lgan foydaparast, chalasavod kimsa emas, balki «kitob tanigan», o‘z ona yurti va o‘zga yurtlarning iqtisodiy-siyosiy ahvolini yaxshi bilgan, dunyo ishlarini mustaqil mushohada eta oladigan xush, ma’rifatli, madaniyatli kishidir. O‘tmish savdogarlarining so‘nggi vakilini biz o‘lmas san’atkor Abdulla Qodiriyning «O‘tgan kunlar» asaridagi ilg‘or fikrli, oriyatli, vatanparvar zot — Otabek siymosida ko‘ramiz. «Savdogar» degan so‘zning butun ko‘rkamligi, ijtimoiy salmog‘i Otabekning ismu jismida mujassamdir. Otabek — o‘z «kir» zamoni, o‘z ona Vatani va yurt ostonasida fursat poylab yotgan rus bosqinchilari xususida hushyor, qayg‘uli, tashvishli fikr yuritadi. U el-yurt dardi bilan yashaydi.
Savdoning noni halol, deganda chayqovchilik yoki savdoda o‘g‘irlik qilib kun ko‘rish tushunilmaydi. Biroq chet ellardan tovar keltirib, o‘zga o‘lkalarga buyum eltib sotib, tijoratning azobini tortib davlat orttirish to‘g‘ridir. Chetga chiqarilayotgan mol ham asl hunarmandlik mahsuli bo‘lmog‘i lozim. Muhammad alayhissalom hadislaridan birida: «Bozorlarimizga xorijdan mol olib kelish go‘yo Tangri yo‘lidagi jihod kabidir», deganlar.
«Sizlar savdogardan juda qo‘rqasizlar. Ular esa bugungi mamlakatingizdagi yagona ishbilarmonlardir. Ular do‘zaxiy sharoitda ishlayapti, masalan, shimolga mandarin olib borish uchun militsiya amaldorlariga yo‘l bo‘yi pora beradi. Shunday bo‘lgach, o‘zini ham unutmaydi. Bir paytlar men Rijkovdan: «Bir ko‘z oldingizga keltiring-chi, agar hamma Sho‘ro savdogarlari to‘satdan ish tashlash e’lon qilsa, qanday chora ko‘rgan bo‘lardingiz?», deb so‘radim. U faqat jilmayib qo‘ydi. Mening ishonchim komilki, sizning iqtisodingiz juda ham ortga burilib ketardi. Chunki, bugungi kunda deyarli har bir inson nimanidir chayqov bozoridan xarid qiladi. Bu esa aholi talabining bir qismini qondiradi.
Mustaqil holda xolis harakat qilish qobiliyatiga ega ishbilarmonlar kerak. Shunday mustahkam mulkchilik zarurdirki, ertaga hech kim uni musodara qilmasligiga ishonch bo‘lsin. Faqat shundagina bu mulk foyda keltiradi», — deb yozadi mashhur iqtisodiyotchi V. Leontev. Sho‘rolar zamonida ishbilarmonlar yo‘qsullarga aylantirilib, mulk musodara — talon-taroj qilinganini endi-endi tan olyapmiz. Odamlar qalbidagi mulkka, iqtisodga, siyosatga, madaniyatga, hokimiyatga bo‘lgan E’tiqod, Ishonch va Umid ko‘prigi buzilib, o‘rniga Navbat, Taqchillik — Yo‘qsullikning qil arqoni tortildi. Qil arqonda yurish esa o‘ta xavfli.
Yo‘qsullar diktaturasi davrida ishchining, dehqonning, ziyoli va xizmatchining ixtiyori o‘zida bo‘lmadi. Hamma narsa davlatniki — «Bersa bor, bermasa yo‘q!» aqidasiga amal qilindi. Shu bois ishchi, dehqon, ziyoli, xizmatchi ijodkor— yaratuvchi emas, yo‘qsullar diktaturasining tovonidan qulog‘igacha mas’ullik arqoni bilan chirmab tashlangan tobe, mute qullarga — harakatsiz murvatchalarga aylanib qoldi. Hamma narsa — siyosat, iqtisod, madaniyat buyruqqa — rejaga bo‘ysundirildi. Vijdonan halol mehnat qadrlanmadi — maosh vijdonliga ham, vijdonsizga ham bir xil. Dehqon davlat rejalarini bajarishga majbur. O‘zi mehnat qilgan bir kilo paxtani uyiga olib ketsa o‘g‘rilik; uydagi qarg‘adek tirishgan tovug‘iga ikki kilo don olib borsa jinoyat; bog‘da o‘zi yetishtirgan uzum, shaftoli, anor, anjirdan ololmaydi — hamma yerda qo‘riqchi… 50-yillarda besh kilo bug‘doy uchun o‘n yil qamalganlar, Sibirga surgun qilinganlar son-mingta edi.
Ziyoli olimning ham ahvoli og‘ir. Dissertatsiya yoqlash uchun rahbarni Moskvadan topishi, unga sovg‘a-salom, aslida naqd pul berishi kerak. Naqd pulga «ilmiy ish» qilganlar Moskvada, Toshkentda, Samarqandda — mamlakatning hamma burchagida istagancha topiladi. Bu sir ko‘pchilikka «oshkor» etilmaydi, xolos. Biror ilmiy dargoh, oliy o‘quv yurti miqyosida bu masalani o‘rgansak, ijodkor dotsent ham, umrida birorta axborot yozmagan dotsent yo professor ham teng maosh olaveradi va yagona yo‘qsullar mafkurasining nog‘orasini chalishni qoyillatadi.
Turg‘un zamonning zukko olimlari ham yo‘q emas. Ularga shak keltirish og‘ir gunoh. Zakovatli olimlardan «kufr» so‘zlarim uchun uzr so‘rayman-u, ammo zamon «ilmdonnlarining katta foizi o‘z-o‘zini, yonidagi do‘stlarini, oilasini, bola-baqrasini, qolaversa, xalqini pinhona va oshkora aldab yurgan, aslida, yo‘qsillar kajavasida nog‘ora chalib kun kechirayotgan, chunonchi, Xoja Ahmad Yassaviy pirimiz bashorat qilganlaridek, «oxir zamon zolimlari»dirlar. Qing‘ir yo‘llar bilan olimlik rutbasini qo‘lga kiritgan «zolimlar» yo‘qsillar yaratgan sharoit tufayli bemaza qovunning urug‘iday shu qadar ko‘payib ketganki, rostini aytganda, men bilgan «boyvachcha» va «xonimcha» olimlarning qo‘lidan ilmu irfon fidoyiligi kelmaydi, ishga kirishga eplab ariza yozolmaydiganlari, Hamzaning «badxatroq» domlasiga o‘xshaganlari bisyor. Adolatning buzuq tarozusi qayta-qayta chiranishlarimizda ham tuzalmayotganiga o‘shalar ham qisman sababchi emasmikanlar?..
Ayon bo‘ldiki, Ishchi ham, Dehqon ham, Ziyoli ham, Xizmatchi ham, yagona yo‘qsullar mafkurasi, iqtisodiy tamoyiliga bo‘ysunishga majbur qilib qo‘yilgan. Yo‘qsullar yakkahokimligi yagona siyosiy firqa mafkurasi bilan uyg‘unlashib ketgan. U og‘izda ijtimoiy himoyaga muhtoj odamlar manfaatini ko‘zlasa-da, avvalo yakkahokimlik manfaatini hamma narsadan ustivor qo‘yadi, Shu tariqa yo‘qsullar yakkahokimligi hamma ijtimoiy guruhlar — ishchi, dehqon, ziyoli va xizmatchilarning yo‘qsullarcha Yashashidan manfaatdor. Jamiyatda hamma qatlamlar yo‘qsullashib qolgan. Yo‘qsullar manfaatiga mos kelmagan munosabatlar shakllanib, unga zid harakatlar sodir bo‘la boshlasa, to‘qnashuvlar gulxani lovullab yonishi tayin. Hozirgi buzg‘unchilikdan xoli demokratik harakatlar bilan bo‘layotgan «tortishuvlar»ning ma’no va mantig‘i ham shu.
“Yoshlik” jurnali, 1991 yil, 10-son