Otam olamdan ko‘z yumganiga o‘ttiz yil bo‘ldi, biroq men hamon biz birga bo‘lganimiz o‘sha kunlar yodi bilan yashayman. U manim uchun halollik va sadoqat bilan xalqqa xizmat qilishning hamishalik yorqin namunasidir. O‘z navbatida xalqimiz uni mehr va ixlos tuyg‘ulariga chulg‘adi.
Tug‘ma artist edi u. Ajoyib ovozi, yorqin iste’dodi turli xil sohalarda ham namoyon bo‘lardi. Qadimiy milliy kuylarni dutorda nazokat bilan xonish qilishini, sharq musiqasini butun jilolari bilan nozik his etishini uning hozirda hayot do‘stlari hamon yaxshi eslaydilar. U nihoyatda chaqqon, usta qilichboz edi. Sahna mahoratining barcha usullarini puxta egallagan edi. Lekin u yozuvchilik iste’dodidan ham benasib bo‘lmaganligini, uning pesasi asosida sahnalashtirilgan «Avaz» spektakli o‘ttizinchi yillarda Hamza nomli teatrda muvaffaqiyat bilan namoyish etilganligini hamma ham bilavermasa kerak.
Bularning barchasini favqulodda tabiiy iste’dod bilan izohlash mumkindir, biroq ularni ravnaq toptirish va ro‘yobga chiqarish juda katta iroda va mehnat mashaqqatini taqozo etardi. Men deyarli Hamza nomli teatr bag‘rida o‘sdim, uning to‘ng‘ich avlodi vakillarini yaxshi bilaman va artistlik mehnatining naqadar og‘irligidan boxabarman. Hamma dam olishga qaytayotganida artist uchun ish kuni boshlanadi. Biror kech ham ularning bo‘sh vaqtlari yo‘q. Ertalabdan yana mashqlar davom etadi, zero ijoddan tashqarida kechgan hayot artistni karaxtlikka mahkum etishi mumkin. Oddiy xizmatchidan ham past haq evaziga artist ikkiyoqlama — ham jismonan, ham ma’naviy jihatdan og‘irchiliklarga dosh berishi kerak. Sahnani chinakamiga sevgan va o‘z xalqiga cheksiz sadoqatli ijodkorgina ana shu mashaqqatlarga o‘z ixtiyoricha rozi bo‘ladi.
1951 yilda 51 yoshli otamni vrachlar pensiyaga chiqardilar va shu paytdan boshlab, «Otello» spektakli haftada bir marta o‘ynaladigan bo‘ldi. Otam bu rolni 500 marta sahnaga olib chiqdi. Va hamisha teatr zali odamga liq to‘la bo‘ldi, hayrat ovozlari, qarsaklar yog‘ilar, sahna yuzi gullarga to‘lib ketardi. U esa xorigan va charchagan ko‘yi yarim kechasi kirib kelar, faqat ko‘zlaridagi yolqingina baxtiyorlikdan masrur ekanligini ko‘rsatib turardi. 1958 yilning aprelida 500-marta o‘ynalgan spektakldan parchalarchi ko‘rgan kishi 16 yil davomida bu timsolga sayqal bergan Abror Hidoyatovning mahoratidan bir zumgina voqif bo‘ladi, xolos. Shuning uchun ham Angliya parlament delegatsiyasi Shekspir vatanida ham hech kim hech qachon Otelloni bu qadar iste’dod bilan o‘ynamagani haqida e’tirof etganlar, buyuk Papazyan va Xorava uning qarshisida bosh egganlar.
O‘sha paytlarda uni sahnada ko‘rgan kishilar o‘zlarini baxtiyor his etganlar, chunki uning siymosida kuch-quvvatga to‘lgan ulug‘vor yorqin san’atning guvohi bo‘lganlar. Men spektaklni o‘ttiz martagacha ko‘rgan kishilarni, uning barcha monologlarini yoddan bilgan odamlarni, bu mo‘jizani o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish uchun olis shaharlardan maxsus yo‘lga chiqqanlarni bilardim. Lekin sahnada bu qadar mahoratga otam qanchalar buyuk mehnat evaziga erishgani juda ozchilikka ma’lum.
U rol o‘ynaydigan kun hammamiz uchun ham o‘ziga xos kun hisoblanardi. U saharda — soat oltilarda o‘rindan turardi. Yettilarga qadar bog‘da u-bu yumush bilan band bo‘lar, so‘ng nonushtaga o‘tirar, keyin esa xonaga kirib ketib, har bir voqea, kichik sahna, monolog va luqmalarni birbir qaytarar, har bir so‘zning tiniq va aniq talaffuz etilishiga intilardi. Bunday mashq kunduzi soat birga qadar davom etardi. Kunduzi soat ikkida esa, oilamizning sadoqatli va saxovatli xizmatchisi Fayya opa osh suzar va hammamiz dasturxon atrofiga o‘tirardik. Otam bu asnoda hech kimga deyarli so‘z qotmas, butunlay o‘z roli og‘ushida bo‘lardi. U faqat har birimizga diqqat bilan razm tashlar, go‘yo o‘z roliga singdirish uchun har birimizdan allanarsalarni qidirayotganday bo‘lardi.
Soat to‘rtda uydan chiqib, teatrgacha yayov borardi. Soat besh yarimda uni sartarosh Viktor kutib olar va bir soat mobaynida grim qilish bilan shug‘ullanardi. Spektakl o‘yinlari u paytlarda yetti yarimda boshlanardi. Otam yarim soat mobaynida chuqur o‘yga cho‘mganicha jim o‘tirar, yettida sekin o‘rnidan turib, har bir qadamini o‘lchaganday sahna tomon yurardi. Har bir qadam uni sahnaga yaqinlashtirar va har bir qadam olijanob va halol, soddadil va ishonuvchan habash ichki dunyosiga olib kirardi. Soat yettiyu o‘ttizda esa, u shuhrat va baxt yog‘dusini taratish uchun sahna bag‘riga otilishga shay bir holatda turardi. To‘rt soat davomida zal to‘la tomoshabinlarni butunlay o‘z hukmida ushlab turar, oh urish va hayratdan yoqa ushlashga majbur etardi. Spektakl nihoyasiga yetgach, zal bir lahzagina suv sepganday jimib qolar, oradan yana bir necha daqiqa o‘tib, o‘ziga kelgan xaloyiqning larzakor qarsaklaridan zal titrab ketardi.
O‘zi esa yana bir kun rol ta’sirida bo‘lardi. Uning butun hayoti ana shunday davom etgandi.
Darhaqiqat, u hayotda ham xuddi Otello yanglig‘ to‘g‘riso‘z va halol inson edi. Biror marta hazil uchun ham yolg‘on so‘zlaganini men eslolmayman. Birovni mazax qilish yoxud kishilar nuqsonidan kulish uning uchun yot edi. «Agar yoru do‘sting seni hurmat qilsin desang, hech qachon yolg‘on gapirma», deguvchi edi otam.
1921 yildan partiya saflariga kirib, 37 yil davomida uning sodiq a’zosi bo‘ldi. U o‘sha paytlardagi kommunistlarga xos hayot kechirdi, men bu o‘rinda, kommunistik ahloq talablaridan biroz bo‘lsa-da chekinish ayovsiz jazolanadigan 30-40-yillarni nazarda tutayapman, ya’ni hamma Vatan va ertangi kun ilinjida yashardi. Biz ham ish haqiga tayanib kun kechirardik. Og‘ir kunlarda ba’zan qarz-havola bilan ro‘zg‘or tebratishlarini ota-onalarimiz bizdan yashirishmasdi. Bu hol biz bolalarda ularning halolligiga ishonch tuyg‘ularini mustahkamlar edi. Onam — SSSR xalq aktrisasi Sora Eshonto‘rayevaning biror qimmatbaho taqinchog‘i bo‘lmagan. Onamning faqat 1953 yildagina oltin xalqa sotib olganlari yodimda — xonadonimizda bayram bo‘lib ketgan edi.
Atrofimizni o‘ziga to‘q kishilar qurshagan bo‘lsalar-da, bizlar — bolalaru kattalar hasad tuyg‘usidan batamom yiroq edik. Otamning bilgan-netgani — ish, ijod, teatr edi. U sahnasiz, teatrning hidisiz, hamkor hamkasblarisiz o‘z hayotini tasavvur eta olmasdi. Ana shunday buyuk hayot oqimi qarshisida barcha yaltiragan va buyum holidagi qimmatbaho narsalar o‘z tusi va ahamiyatini yo‘qotar edi. Kimlargadir bu so‘zlarim erish tuyular, lekin otam biz uchun xalqqa sadoqat bilan xizmat qilishning hamishalikka yorqin namunasi bo‘lib qolaveradi.
Goga Hidoyatov, professor, tarix fanlari doktori
«Guliston» jurnali, 1990 yil, 8-son