Fozila Sulaymonova. «Boburnoma»ga ishlangan rasmlar (1990)

O‘zbek xalqining atoqli farzandi Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zining qisqa hayoti davomida katta adabiy va ilmiy meros qoldirdi. Uning musiqa va harbiy ishga doir risolalaridan boshqa hamma asarlari bizgacha yetib kelgan. Bular orasida adibning shoh asari «Boburnoma» alohida ahamiyat kasb etadi.

«Boburnoma» o‘zbek klassik adabiyotidagi nasriy asarlarning yetuk namunasi, XV—XVI asr adabiy tilining nodir yodgorligidir. «Boburnoma» O‘rta Osiyo, Afg‘oniston va Hindiston xalqlari tarixi bo‘yicha qimmatbaho ma’lumotlar manbai sifatida salkam besh asrdan buyon tarixchilar, sharqshunoslar, etnograflar, iqtisodchilar, tilshunos, adabiyotshunoslar va umuman ilmma’rifat ahllarini bahramand qilib kelmoqda. Shu boisdan asar XVI asrdan boshlab fors, golland, frantsuz, ingliz, nemis, rus, hind, usmonli turk tillariga tarjima qilingan.

Boburning nabirasi Akbarshoh topshirig‘i bilan «Boburnoma» XVI asrda Hindistonda uch marotaba fors tiliga ag‘darildi. Dastlabki ikki tarjima Akbarni qanoatlantirmagach, uning topshirig‘i bilan Bobur lashkarboshisi, shoir Bayramxonning o‘g‘li, shohning yaqin do‘sti Abdurahimxon 1589 yili uchinchi va eng muvaffaqiyatli tarjimani amalga oshiradi. Asarning asli o‘zbek tilidagi nusxasining qadimiy qo‘lyozmasi bizgacha yetib kelmagan, bizga hozirda Hindistonning Haydarobod shahridagi Salorjang muzeyida saqlanayotgan, XVI asrda ko‘chirilgan qo‘lyozmasigina ma’lum xolos.

Bobur saroyda. Miniatura. 16 asr

«Boburnoma»ning forsiy tarjimasi qo‘lyozmalaridan mo‘jaz rasmlar bilan bezatilgan uch nusxasi bizgacha yetib kelgan. Ularning biri Londondagi Britaniya muzeyida saqlanadi, afsuski, unda ko‘chirish tarixi ko‘rsatilmagan. Ammo, qog‘oz, xat uslubi, ayniqsa mo‘jaz rasmlar uslubiga binoan uni XVI asrning oxirgi choragiga taalluqli deb hisoblaymiz. Ushbu qo‘lyozmada (inventar raqami 3714, 528 varaq) O‘rta Osiyo, Xuroson va Hindiston rassomlarining mo‘yqalamiga mansub bo‘lgan 96 ta ajoyib mo‘jaz rasmlar bor. Buyuk Akbar kutubxonasi uchun tayyorlangan ushbu kitobni inglizlar Hindistondan, Boburiylar saroyi kutubxonasidan olib ketganlar.

Ikkinchi qo‘lyozma Yangi Dehlidagi Milliy muzeyda (inventar raqami 50336, 378 varaq) saqlanmoqda. Bu qo‘lyozma 1598 yili kitobat etilgan bo‘lib, 183 ta mo‘jaz rasm bilan bezatilgan. Xati go‘zal, yirik nasta’liq, lekin xattot nomi ko‘rsatilmagan. Bu qo‘lyozma uchun ishlangan miniatyuralar musavvirlari London qo‘lyozmasidagilarning aynan o‘zlari, mavzu jihatidan ham ikki qo‘lyozma rasmlari bir-biriga yaqin.

«Boburnoma»ning yana bir nusxasi Hindistonning Alvar shahridagi Davlat muzeyida (inventar raqami 2) saqlanayotganini domla Hamid Sulaymon aniqladilar. Bu qo‘lyozmalar Alvar maharajasi Jey Sang mulki bo‘lib, mamlakat mustaqillikka erishgach, janob Jey Sang saroyi, kutubxona va nodir san’at buyumlarini davlatga topshirgan va shu mulk asosida Alvar Davlat muzeyi tashkil etilgan edi. Alvar «Boburnoma»si ham fors tilida bo‘lib, 457 varaqdan iborat, xattoti Ali al-Kotib. Qo‘lyozma yaxshi saqlangan. Kitob hoshiyasi abri bahor uslubida bezatilgan, unda 18 ta mo‘jaz rasm bor. Lekin nima uchundir miniatyuralar qo‘lyozmaning ikkinchi yarmiga ishlangan, ular, asosan, Hindistonga bag‘ishlangan boblar voqealarini aks ettiradilar. Domla Hamid Sulaymon qo‘lyozmaga tavsif berar ekanlar, «tarix 937-1530» deb yozadilar. Bu yerda qandaydir anglashilmovchilik ro‘y bergan bo‘lsa kerak. 1530 yil Bobur vafot etgan yil, asarni fors tiliga ag‘darish haqida hali hech gap yo‘q edi. Ikkinchidan, asarni bezovchi mo‘jaz rasmlar XVII-XVIII asrdagi hind uslubida ishlangan. Balki xattot Ali al-Kotib kolofonda asar aslining tamom bo‘lishi yilini yozgan bo‘lishi mumkin, degan fikrga keldik.

Bobur ovda. Miniatura. 16 asr

Yuqorida zikr etilgan uch bezakli qo‘lyozmadan tashqari, «Boburnoma»ning XVI asrda ko‘chirilib, hozir yo‘qolib ketgan yana bir forsiy nusxasidan yirtib olingan, Moskvadagi Sharq xalqlari madaniyati muzeyining mulki hisoblangan 69 ta alohida miniatyuralar ham bor. Ularni 1960 yili san’atshunos olim, prof. S. Tyulyayev Moskvada nashr ettirgan edi.

«Boburnoma»ning bizga ma’lum bo‘lgan mo‘jaz rasmli uch mo‘tabar qo‘lyozmadan eng yaxshi saqlangani Londondagi Britaniya muzeyinikidir. Bu qo‘lyozmadagi mo‘jaz rasmlardan ayrim namunalar avval chet ellik san’atshunos olimlar va domla Hamid Sulaymon tomonidan chop ettirilgan. 1970 yili esa Britaniya muzeyi qo‘lyozmasi miniatyuralari to‘liq muraqqa’ sifatida domlamiz tomonidan nashr ettirildi. Endilikda «Boburnoma»ga ishlangan rasmlar» muraqqa’si Dehli va Alvar qo‘lyozmalari rasmlari bilan boyitilgan holda «Fan» nashriyoti tomonidan GDRda 1991 yilda chop ettirilmoqda.

Behzod va uning shogirdlari ijodida yuksak bosqichga ko‘tarilgan kitobat san’ati XVI asr boshlaridagi mahorabalar natijasida vujudga kelgan notinchliklar davrida uch o‘lka — O‘rta Osiyo, Eron va Hindistonga ko‘chdi. Miniatyura san’atining takomili bundan keyin shu mamlakatlarda davom etdi, ularda Hirot maktabining eng ilg‘or an’analari mahalliy san’atkorlar mahorati bilan boyitilgan holda yangi mazmun, yangicha shakl kasb etdi.

XVI—XVII asrlardagi hind miniatyuralari ko‘pchilik olimlar tomonidan «Buyuk mo‘g‘ullar miniatyurasi» deb nomlanib kelinmoqda. Tarixiy haqiqatga zid bo‘lgan «Buyuk mo‘g‘ullar» iborasi o‘rniga «Boburiylar davri miniatyurasi» degan yangi iboraning ilmda qo‘llanilishini ilmiy jihatdan to‘g‘ri va adolatli deb hisoblaymiz. Bobur va Boburiylar davrida O‘rta Osiyo bilan Hindiston o‘rtasida iqtisodiy va madaniy aloqalar keng ko‘lamda o‘rnatildi, bu jarayon hind madaniyatini yangicha yuksalish yo‘liga boshladi. Xususan, Boburiylar davri hind miniatyurasi Temuriylar, Safaviylar va O‘rta Osiyo san’at maktablari bilan mahalliy hind kitobat san’ati an’analarining ijodiy qorishmasi sifatida dunyoga keldi.

Bobur Qobulga kirmoqda. Miniatura. 16 asr

Boburning o‘g‘li Humoyun Shoh Taxmasp Safaviy saroyidan, Tabrizdan Hoja Abdusamad Sheroziy va Mir Said Ali Tabriziylarni Hindistonga olib ketadi. Behzodning shogirdi Mir Said Ali hind miniatyurasiga Hirot maktabi an’analarini olib kirsa, Xoja Abdusamad Eron maktabi an’analari bilan uni boyitdi. Boburiylar davri san’ati rivojiga ayniqsa Akbar katta hissa qo‘shdi. Shoh farmoni bilan Hirot, Eron va Turkistondan 50 san’atkor Dehliga taklif etildi, Amir Hamza rivoyatlari 12 jildga jamlanib, 1700 mo‘jaz rasm va Temuriylar sulolasi tarixi yozilib, 140 rasm bilan bezatilgan qo‘lyozmalar tayorlandi. Bu voqea kitobat san’ati rivoji sohasidagi boshlang‘ich qadam edi. San’at rivojidagi faoliyatida Akbar bundan — keyin hind san’atkorlarini ham jalb etadi. Hind rassomlari hirotlik va tabrizlik ustozlardan ta’lim oladilar, natijada Hirot, Eron va Turkiston rassomlik an’analarini o‘zida mujassamlantirgan hind maktabi dunyoga keladi.

Hind rassomlari eski an’ana tusini olgan diniy shartlilikdan chekinib, asarlariga portret janri, qahramonning ichki dunyosini bera biluvchi asarlar yaratishga, ko‘p yo‘nalishli tabiat manzaralarini turli bo‘yoqlarda berish, naqshin sahifalar yaratishga o‘tadilar. Boburiylar davri kitobat san’ati hind miniatyura san’atining yangi namunasini tashkil qildi va yuqori nafosat ham balog‘at bosqichiga ko‘tarildi.

XVI-XVII asrlarda hind madaniyatining taraqqiyotiga Boburiylar juda katta hissa qo‘shdilar, shu davrda yaratilgan san’at mo‘jizalari hanuzgacha muxlislarni hayratga solib kelmoqda. Bularning barchasi jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy sharoiti bilan bir qatorda Boburiylarning ma’rifatparvarligi va yuksak nafosat olamlari bilan izohlanadi. Akbarshohning vaziri Abul Fazl «Oyini Akbariy» asarida Akbar yoshligidan tasviriy san’at — nafosat va go‘zallikning muhim sohasi deb hisoblab, uning taraqqiyotiga katta ahamiyat bergani haqida yozib, «hind rassomlarining detallardagi aniqlik, rasmdagi umumiy tugallanganlik, bo‘yoqlar monandligi, ijrodagi balog‘at mahoratini» ta’kidlaydi.

Britaniya muzeyi va Yangi Dehli muzeyida saqlanayotgan «Boburnoma» qo‘lyozmalariga ishlangan rasmlar mavzu va uslub jihatidan biri biriga yaqin. Har ikkala qo‘lyozmaga ishlangan mo‘jaz rasmlarni bir xil musavvirlar chizganlar. Dehli qo‘lyozmasida faqat Londonnikida bo‘lmagan uch rassom nomini — Muhammad Kashmiriy, Mukro va Bahkvanlarni aniqlashga muvaffaq bo‘ldik. Har ikkala qo‘lyozma rasmlarini ishlashda 44 yirik san’atkor qatnashgan bo‘lib, ularning ko‘pchiligini hindlar tashkil etgan, eng ko‘zga ko‘ringanlari — Kesu Gujarotiy, Ras, Dahniroj, Sangar Gujarotiy, Sarun, Taryo, Bahvoniy, shuningdek turkistonlik va eronlik Ustod Mansur, Ibrohim naqqosh, Abdulloh, Farruhbek, Jamshid, Ibrohim Qahhor va boshqalar.

Hayvonot dunyosini tasvirlashda Ustod Mansur benazir edi, bu sohada hech kim unga tenglasha olmagan. «Boburnoma»dagi Hindiston tabiat manzaralari va hayvonot dunyosini aks ettiruvchi 36 suratning ko‘pchiligi Ustod Mansur mo‘yqalamiga mansub bo‘lib, ular hayotiyligi bilan ajralib turadi.

«Boburnoma» rasmlarining mavzui juda boy. Ularning faqat 20 tasi harbiy yurish va jang lavhalarini tasvirlasa, qolganlarida tarixiy voqealar, turmush manzaralari, ov, ziyofat, Hindistonning hayvonot va nabotot dunyosi yorqin bo‘yoqlarda tasvirlangan. Umuman, «Boburnoma» suratlari mavzu tanlash, voqealarning jonli berilishi va haqqoniyligi bilan kishini maftun etadi. Umuman olganda, hind san’atkorlarining mahorati juda kuchli, ular nafosatni, rasm va bo‘yoqlar muvozanatini sezish va ranglarni tanlay bilish qobiliyatiga ega bo‘lganliklari tufayli davrning ruhi va go‘zalligini aniq shaklda gavdalantira olganlar.

Boburiylar davri mo‘jaz rassomchiligi boshqa maktablar uslubidan mustaqilligi, nafosat talablari bilan ajralib turadi. Sharq miniatyurasining shartliligi, ya’ni kichik sathda butun bir voqeani tasvirlash, tekislik uslubida rasm chizish kabilardan «Boburnoma» rassomlari mohirlik bilan foydalanganlar. Murakkab voqealarni ko‘rinishlarga ajratib, ularni sahifaning pastidan yukorisiga qarab joylashtirganlar (masalan, Boburning Xonzoda begim bilan uchrashuvida to‘rt manzara aks etgan).

«Boburnoma» rasmlarida musavvirlar hamma o‘rinda ham hindistonliklarga xos qahra monlarni yaratdilar, odamlarning yuzi, ko‘zi, soqol-mo‘ylovi, kiyim-kechagi asli hindcha. Afsuski, hind rassomlari «Boburnoma»ning Movarounnahr va Xuroson qismiga oid voqealarni hayotiy tasvirlay olmaganlar. Boburning Andijonda taxtga o‘tirishi, Shayboniylarga qarshi janglari, Samarqand, Hirot voqealarini chizar ekanlar, hammasida Hindistonga oid tabiat, binolar, odamlar tasvirlangan.

«Boburnoma» qahramonlari orasida ko‘pchilikni asarda nomlari tilga olingan tarixiy shaxslar egallaydi, ayniqsa asosiy o‘rinni Zahiriddin Muhammad Boburning siymosi ishg‘ol qiladi. Bu, albatta, tabiiydir — 129 mo‘jaz rasmdan 72 tasida Bobur turli holatlarda tasvirlangan. Shunisi muhimki, hamma o‘rinda ham — jang, ov, ziyofat, davlat ishlarini bajarishni tasvirlovchi suratlarda bir kishi qiyofasi ifodalangan. Bobur ularda kuch-quvvatga to‘la, irodali, jasur, ayni vaqtda mehribon qalbli, nigohidan nur yog‘ilib turgan, ruhiy dunyosi boy inson sifatida gavdalanadi. Ularning hammasi shoirning bog‘da kitob o‘qib o‘tirgan paytini tasvirlovchi mashhur suratlarga aynan o‘xshaydi.

«Boburnoma»ga ishlangan rasmlar asar mazmunini kitobxon tomonidan yanada chuqurroq idrok etishga yordam berish bilan birga kitobxonga ma’naviy lazzat baxsh etadi. Afsuski, asarning o‘zbek tilidagi qo‘lyozmasi — badiiy bezakli nusxasining birontasini uchratmadik.

«Boburnoma»ga ishlangan mo‘jaz rasmlar Samarqand, Hirot, Buxoro, Tabriz, Sheroz va mahalliy hind rassomlik maktablarining eng yaxshi an’analarini o‘ziga ijodiy singdirgan hind tasviriy san’atining tengi yo‘q nodir namunalari bo‘lishi bilan birga XVI asr oxiridagi Akbarshoh davrida yaratilgan hind miniatyura san’atining yuksak darajadagi yangi uslubini ham namoyish qiladi. Bu holat, o‘z navbatida, Markaziy Osiyo xalqlari o‘rtasidagi uzoq tarixga ega bo‘lgan do‘stlik va hamkorlik an’analarining yana bir isboti, namoyishi ekanini ko‘rsatadi.

«Guliston» jurnali, 1990 yil, 9-son