Paxta yakkahokimligi oxir-oqibatda shunday musibatga olib keldiki, yurtimiz ekologik jihatdan dunyodagi eng ayanchli va fojeiy nuqtaga aylandi. Orolning bugungi kulfati, bolalar o‘limining favqulodda ko‘payishi, hatto ona sutidan zaharli ximikatlar chiqishi fikrimizning dalilidir. Bu hali boshga tushajak ko‘rgulikning muqaddimasi. O‘zbekistoi tuprog‘i allaqachonoq zaharli ximikatlar qo‘llanishiga ko‘nikkan, biz esa dalada mehnat qilayotgan paytda, dori sepilayotgan paytda suv va havo orqali shu zaharni yutayotganimiz kamdek, ona suti orqali, paxta yog‘i orqali yana uni iste’mol qilmoqdamiz. Bizda hatto tashqi ta’sirga qarshi immunitet qobiliyati yo‘qolmoqda. Bu juda xatarli alomat.
Irsiy kasalliklar, umuman, genetik kodning buzilishi hech mahalda yaxshilikka olib bormagan. Bugungi suhbat shu muammolar haqida. Unda YuNESKOning «Inson va biosfera» programmasi O‘zbekiston milliy komitetining mas’ul kotibi, taniqli olim Abduqodir Ergashev va tibbiyot fanlari nomzodi Jumanazar Beknazarov ishtirok etadi.
— Qadimgi xitoylarda Tanlar davri bo‘lgan. U davr, nazarimda, biz orzu qilib, tushlarimizga kiradigan ertaknamo hayotni eslatadi. Gap shundaki, o‘sha Tanlar eamoni tarixda boshqa kuzatilmagan jihati — tabiatdan «o‘rnak olib» yashash printsipi bilan keskin ajralib turgan. Tabiatni tinglash, uning yo‘rig‘i bilan ish ko‘rish odatiy rasm bo‘lgan. Tabiat qonuni bilan yashash tan olinib, jamiyat ikkinchi darajaga tushirilgan. Shu tufayli ham qariyb yarim asr insonlar ideal farovonlikda qayot kechirganlar. Vahshiylikdan forig‘ yashay olganlar. Afsuski, inson o‘zi orzu qilgan hayotni aksar hollarda ko‘rmay o‘lib ketadi. Sababi, tabiatga va o‘z-o‘ziga johil munosabatda bo‘lish odamzotni doimo inqirozga olib kelgan.
Abduqodir aka, O‘zbekiston «muammolar o‘lkasi»ga aylanib qolishining asosiy sabablaridan biri ham ulug‘ va ko‘rkam tabiatimizga, ayniqsa, Stalin davrida chaparastasiga, johilona va ko‘r-ko‘rona munosabatda bo‘lib kelganimiz bo‘lsa kerak. Keyinchalik bu munosabat xudbinlik va bosar-tusarini bilmaslik bilan uyg‘unlashib ketdi. Go‘yo tabiatga hech kim xo‘jayin emas — topgan topaloqniki, xohlasang, ota-bobolaringdan qolgan yerni zaharla, xohlasang suvni quritib, nima qilishingni bilmay o‘tiraver…
A. ERGAShEV: Tabiat, biz yashab turgan zamin insonning barcha biologik ehtiyojlarini ta’minlaydigan asosiy manbadir. Inson — aql-idrokli mavjudot, o‘zining sotsial va biologik jihatdan noyobu tanholigiga qaramasdan irsiy programma asosida rivojlanadi. Bu programma esa sof havo, toza suv va oziq-ovqat, yorug‘ nur va yashil manzaraga moslashib yaralgan. Ammo hozirgi ilmiy-texnika inqilobi davrida inson bu muhim hayotiy omillardan juda tez mahrum bo‘la boshladi. Masalan, bugungi kunda insonning o‘zi qirib yuborayotgan minglab o‘simlik yoki hayvon turlari, yo‘qolib borayotgan daryo va ko‘llar, o‘rmonlar tabiat yoki biosferaning rivojlanishiga qancha ziyon yetkazganini kim ham aniqlab bera olardi?! Bunday yo‘qotishlar kundan-kun tezlashib, juda keng qamrovga ega bo‘lmoqda. Hatto tsivilizatsiyaning «qora parovozi» g‘ildiraklari ostiga qo‘yilgan «Qizil kitob» ham bugungi kunda yordam bera olmayapti. Lekin, shunga qaramasdan, biz baribir kelgusi avlodlarimiz oldida qanchalik javobgar ekanligimizni unutmasligimiz va ularga qanday holdagi tabiatni qoldirayotganligimizni doimo yodda tutmog‘imiz lozim. Qandaydir gigantozavr va tiranozavrlarga o‘xshab, oldidan duch kelganini yutib, orqada qolganini bahaybat dumi bilan yiqitib, yanchib yashash inson degan mag‘rur nom sha’niga yarashmaydi.
Bugungi ilmiy texnika taraqqiyoti qudrati bilan qurollanib olgan Inson o‘zining xo‘jalik faoliyatida tabiatni shunday o‘zgartib yubormoqdaki, bu o‘zgarishlar yerdagi hayotning asoslariga ham ziyon yetkaza boshladi. Tuproq, suv, havoda yashovchi mikro va makroorganizmlarning va hatto insonning o‘z irsiyatiga ham salbiy ta’sir qila boshladi.
Tabiat, atrof-muhitimiz asta-sekin har xil mutagenlarga to‘yinib bormoqda. Akademik N. Dubinin aytganidek: «…muhitning mutagenlar bilan ifloslanishi tirik materiya evolyutsiyasi natijasida yaratilgan eng noyob va qimmatbaho javohir hisoblanmish insonning irsiyat programmasiga katta talofat yetkazishi mumkin».
Xo‘sh, tabiatga bunday xavf solayotgan va hatto insonning nasl qoldirishiga ham katta zarar ko‘rsatadigan mutagenlar nima?
Biz yashayotgan atrof-muhitimizda qator kimyoviy, fizikaviy va biologik omillar bo‘lib, ular har qanday tirik organizm hujayralariga kirib, ularning irsiyatini o‘zgartirib qo‘yadilar. Ya’ni, ilmiy tilda aytadigan bo‘lsak, organizmlarda mutatsiyalar hosil bo‘ladi. Ana shunday mutatsiya chaqirish xossasiga ega bo‘lgan omillarga muhit mutagenlari deb nom berilgan. Bunday omillarga, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi, sanoat, uy-ro‘zg‘or ishlari, meditsina sohasida keng ishlatiladigan preparatlarning ko‘pchiligi misol bo‘lishi mumkin. Hozirgi paytda inson tomonidan yaratilgan va hayot faoliyati uchun kerak bo‘lgan 2 mln. dan ortiq kimyoviy moddalar biosferaga kiritilgan bo‘lib, yiliga ularning qatoriga minglab yangi-yangi preparatlar va birikmalar qo‘shilayotir. Biz bu o‘rinda qo‘llaniladigan zaharli kimyoviy moddalar — pestitsidlar, mineral o‘g‘itlar va ularning keltirayotgan foydasidan tashqari tabiatga va insonga yetkazadigan zararlarining ayrim tomonlarinigina yoritishga harakat qilyapmiz.
Ma’lumki, bugungi kunda jahondagi mamlakatlarning qishloq xo‘jaligida ishlatiladigan gerbitsidlar (begona o‘tlarga qarshi), insektitsidlar (hashoratlarga qarshi), fungitsidlar (zamburug‘ kasalliklariga qarshi), defoliantlar (bargni to‘kish uchun) va shunga o‘xshash turli-tuman zaharli moddalar bilan quruqlikning 15 mln. kv. km. qismiga ishlov berilmoqda. O‘z-o‘zidan ma’lumki, shular tufayli yetishtirilayotgan hosilning kattagina qismi saqlab qolinayotir. Lekin shunga qaramasdan, yer yuzida kambag‘allik va ochlik tugatilmadi. «Ximiyaviy revolyutsiya» va «ulkan hosil» olish ideologlari va’da qilgan «jannatdagidek» to‘kin-sochinchilikka erishilmadi. Aksincha, yerimiz, havo va suv havzalarimiz, iste’mol qiladigan meva-sabzavot, oziq-ovqatlarimizdan «do‘zax» hidlari kela boshladi. Insonning salomatligiga, umrining uzoqligiga, qolaversa, kelgusi avlodlar, nasllarga katta putur yeta boshladi.
Fanda ma’lum bo‘lganidek, AESlar chiqindilarining umumiy xavfi (stress-indeksi)ga qaraganda pestitsidlar xavfi 9—10 baravar, kimyoviy o‘g‘itlar esa 2 marotaba yuqori. Ana shuning uchun ham bugungi kunda barchamiz, jumladan, yuqori darajada ximiyalashtirib yuborilgan paxtachilik zonalarida yashab turgan aholi birinchi navbatda o‘zlarining qishloq xo‘jaligida ximiyadan foydalanish madaniyatini tubdan qayta ko‘rib chiqishlari va zudlik bilan ahvolni o‘zgartirishlari zarur. Buni paysalga solish hech qachon tuzatib bo‘lmaydigan xatolarga olib kelishi mumkin. Chunki gap inson salomatligi, uning kelgusi avlodlari taqdiri ustida ketayotir.
Shu yerda bir misol. AQShning Kaliforniya shtatidagi Klir-Leyk ko‘lida pashshalarni yo‘qotishda DDT pestitsidi qo‘llanilgan edi. Dastlabki kunlari suvdagi DDT miqdori 0,02/mln. edi. Bir necha kunlardan so‘ng ko‘lda yashayotgan organizmlardagi dori miqdorini aniqlab chiqishdi. Natija quyidagicha bo‘ldi: suv planktonida 10, plankton bilan ovqatlanuvchi baliqlarda — 903 va baliqlar bilan ovqatlanadigan qushlarda esa bu ko‘rsatkich 2134/mln. ga, ya’ni suvdagidan 100 000 marta yuqori miqdorga yetgan. Ko‘rinib turibdiki, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qilinmagan bo‘lsa ham, qushlar oziqlanish jarayoni zanjiri orqali shu darajada ko‘p miqdordagi zahar ta’siriga duch kelgan va tezda qirilib keta boshlagan. Albatta, bundan keyin DDT ishlatishni butun Yevropa mamlakatlari qonun yo‘li bilan taqiqlab qo‘yishdi. Ammo ayrim mamlakatlarda bu kasofatning zapaslari haligacha xavfli darajada ko‘p miqdorni tashkil etadi.
Pestitsidlarning xavfli tomonlaridan biri — ularning havo oqimlari va shamollar yordamida minglab kilometrlarga uchib borishi va boshqa yerdagi aholining salomatligiga ham kutilmaganda katta ziyon yetkazishidir. Masalan, G‘arbiy Afrikada sepilgan pestitsidlar hech kutilmaganda Barbados oroliga uchib kela boshlagan edi. Bu orol bilan Afrika qit’asi oralig‘i 5000 km. masofani tashkil etadi va o‘rtada katta Atlantika okeani mavjud. Agar biror kishi O‘zbekistonda ishlatilayotgan pestitsidlar yoki defoliantlar Moskva yoki Vladivostok shaharlariga ham yetib kelayotir desa, bunga hayron qolmasa ham bo‘laveradi.
— Bugun kechayotgan kunlar inqilobiy, benihoyat qadrli deb e’tirof etilayotir. Agar hamma sohada ham ish va hayot yo‘li faqat yaxshi tomonga evrilayotgan bo‘lsa, e’tirof chindir. Lekin, ming taassuf, hatto keyingi yillarda ham xalqimizning salomatligiga qanchalik putur yetkazganiga qaramay, har gektar ekin maydoniga tashlanadigan pestitsidlar Ittifoqimizda 1-2 kg. ni tashkil etgani holda O‘zbekistonda gektariga 54 kg. gacha yetmoqda. 1987 yili mamlakat bo‘yicha umuman kimyoviy o‘g‘itlardan gektariga 30 kg. miqdorda foydalanilgan bo‘lsa, O‘zbekistonda bu raqam 1911 kg. ni tashkil etgan. Chet ellardan valyuta hisobi bilan sotib olinayotgan pestitsidlar summasi yildan-yilga oshib borayotir… Men, shaxsan, bir o‘ychan qalamkash sifatida bu hol ekologik qiyomatni kun sayin yaqinlashtiraveradi, deb tasavvur qilaman. Siz — mutaxassislar-chi!
A. ERGAShEV: Bundan 15—20 yil oldin AQShning bir necha shtatlarida ro‘y bergan voqealar tafsiloti esga tushadi. O‘shanda birdan metgemoglobinemiya deyiladigan qon kasalligi va bolalar o‘limi keskin ko‘tarilib ketgan edi. Zudlik bilan maxsus komissiya tuzilib, konferentsiya o‘tkazilib, sabablari aniqlandi. O‘sha paytlarda ancha arzon narxda bo‘lgan azotli o‘g‘itlarni agrotexnika talablaridan oshirib qo‘llash natijasida chorvachilik uchun yetishtirilgan yem-xashakda ko‘p miqdorda nitratlar to‘planib qolgan. Shular bilan boqilgan sigirlar sutida ham bu miqdor juda ko‘payib ketgan va oqibatda sutli mahsulotlarni ko‘proq iste’mol qiladigan yosh bolalarda metgemoglobinemiya kasalligi ko‘p uchrab, ularning ko‘pchiligi nobud bo‘la boshlagan ekan. Bu dahshatli fojiani eslatishning o‘zi kishiga juda og‘ir. Biz buni faqat to‘g‘ri xulosa qilish uchun eslatib o‘tyapmiz, xolos.
Xo‘sh, qishloq xo‘jaligida pestitsidlar va ximiyaviy o‘g‘itlardan foydalanish bizning mamlakatimizda qanday yo‘lga qo‘yilgan? Bu borada ba’zi minbarsevarlar aytayotganidek, «bizda hammasi joyida» emas.
Ma’lumki, keyingi 25 yil mobaynida mamlakatimizda ximiyaviy o‘g‘itlar ishlab chiqarish 15 marotaba ko‘paydi. Lekin hosildorlik deyarli oshgani yo‘q. SSSR Davlat agrosanoat komitetining buyurtmasiga ko‘ra mineral o‘g‘itlarning hajmi 56 mln. tonna bo‘lishi kerak ekan. SSSR Mineral o‘g‘itlar ministri N. M. Olshanskiyning KPSS MKning Mart plenumidagi nutqida «mamlakatimizda ximiyaviy o‘g‘itlar ishlab chiqarish bazasini yanada kengaytirish kerak», buning uchun, albatta katta mablag‘lar talab etiladi, degan fikri bizda bu sohada qayta qurish hali amalga oshmaganligidan, hali ham qishloq xo‘jaligimizda uzoq davom etgan turg‘unlik davridagidek ekstensiv yo‘llardan bormoqchi bo‘layotganimizdan dalolat beradi.
Paxtachilikni olib qaraylik. Ko‘pchilikka ma’lumki, faqat O‘zbekistonda 2 mln. gektardan ko‘proq yer maydonlarimiz paxta bilan band bo‘lib, bu sug‘oriladigan, unumdor yerlarimizning 75 foizini tashkil etadi. Mana, shaxsga sig‘inishning qishloq xo‘jaligidagi ko‘rinishi — yakkaziroatchilik. Oqibatda amalda paxtaga sig‘inish kuchaydi va «hamma narsa paxta uchun» shiori ostida inson unutib qo‘yildi. Vaholanki, tuzumimizning gumanistik mohiyatidan kelib chiqadigan «hamma narsa inson uchun, uning baxt saodati uchun» degan haqiqiy gumanistik shior esdan chiqdi.
Keling, shu yerda bir oz raqamlarga murojaat qilaylik.
1982 yil Pushino shahrida bo‘lib o‘tgan III Butunittifoq ilmiy-koordinatsiya yig‘ilishi «Agroximikatlar (pestitsidlar) qo‘llashning ekologik oqibatlari» materiallarida ko‘rsatilishicha, X besh yillikdayoq O‘zbekistonning paxta dalalarida gektariga 2,2 kg. gerbitsidlar, 16,2 kg. defoliantlar va 36 kg. insektitsidlar qo‘llangan. SSSR qishloq xo‘jaligi ministrligining ruxsatiga ko‘ra paxtachilikda qo‘llash uchun 43 preparat mavjud bo‘lib, bularning qatoriga har yili yana yangi-yangilari qo‘shilmoqda. Respublika Davlat agrosanoat komitetining xabariga ko‘ra, 1981—85 yillarda har gektar paxta maydoniga 241 kg. azot, 120 kg. fosfor va 51,6 kg. kaliy (100 foiz ozuqa modda hisobida) ishlatilib, yiliga jami 412,6 kg. mineral o‘g‘it tashlangan. Bu Umumittifoq ko‘rsatkichidan 3,5 va AQShdan 4,5 barobar yuqori degan so‘z.
SSSR xalq nazoratining yaqinda o‘tkazilgan tekshirishlari natijasi shuni ko‘rsatmoqdaki, bizning mamlakatimizda mineral o‘g‘itlarning 50 foizga yaqin qismi befoyda bo‘lib, hosildorlikni oshirishga emas, balki atrof-muhitni ifloslantirishga olib kelayotir. Paxtachilik sohasida esa shu o‘g‘itlarning atigi 40—45 foizigina foyda berayotganini nima bilan izohlash mumkin?
Bir tasavvur qilib ko‘ring-a, faqat 1981—85 yillarda O‘zSSR qishloq xo‘jaligida jami 9 mln. 172,5 ming tonna sof azot ishlatilib, uning 55—60 protsenti havo, suv havzalarini ifloslantirishga «xizmat» qilgan. Ma’lumki, ammiak selitrasining 1 tonnasini xo‘jaliklar 70 so‘mga, ammofosning har tonnasini 96 so‘m 50 tiyinga (sanoatda davlat bahosi 215 so‘m) sotib olishadi. Kotoran gerbitsidining 1 tonnasi 12000 so‘mni tashkil etadi. Ma’lumki, pestitsidlarning 30—90 foizi atrof-muhitni ifloslash va zaharlashga sarf bo‘lib, hosil uchun umuman xizmat qilmaydi.
Kim bilsin, balki zaharli moddalar, ya’ni pestitsidlar yoki ximiyaviy o‘g‘itlar haddan tashqari ko‘p va xo‘jasizlarcha qo‘llanilib kelgani uchun biznnng respublikamizda har xil yuqumli-infektsion, rak kasalliklari 9—10, bolalar o‘limi 1-1,5, ayrim rayonlarda umumittifoq ko‘rsatkichidan 3,5—4 baravar ortib ketgandir. Balki ana shunday yalpi ximiyalashtirish va qishloq xo‘jaligini ekstensiv rivojlantirish oqibatida qisqa davrda O‘zbekistonday o‘lkada o‘simliklar va hayvonot olamining 220 dan ortiq turlari abadiy yo‘qotilgandir.
— Anglashiladiki, zaharli moddalarning me’yordan ko‘p qo‘llanilishi inson bilan tabiat o‘rtasida ziddiyat paydo qiladi. Inson esa tabiiy kuchlar oldida ojizdir. Men shaxsan o‘ylashimcha, kasalliklar ko‘payib borayotgani — odamning qilmishiga yarasha tabiatdan olayotgan o‘ziga yetarli jazosi. Nahotki biz tabiatga qilgan gunohimizni qayta yuva olmaymiz?!
J. BEKNAZAROV: Biz bugun deformatsiyalangan sotsializm sharoitida yashab mehnat qilayotganimizni tan olishga majbur bo‘ldik. Bu masalaning bir jihati. Masalaning ikkinchi jihati ham bor. «Biz tabiatdan ehson kutib tura olmaymiz…» degan so‘zlardan keyin ona tabiatga keskin va shafqatsiz hujum boshlandi. Natijada inson va ekologiya o‘rtasidagi munosabat tamoman buzildi. Bunga yuzlab misollar bor. Hozirgi paytga kelib, inson daraxtning boshiga chiqib, o‘zi turgan shoxchani kesayotgan Afandi holiga tushib qoldi. Beo‘ylik bilan qilingan ishlarimiz oqibatida, haligi aytganingizday, tabiat insonga noroziligini xilma-xil kasalliklarning paydo bo‘lishi va ularning ko‘payishi, shuningdek, mehr-oqibat, insofning ko‘tarilishi alomatlari bilan namoyon qildi.
Hali-hali esimda: «Jannat nima, bobo?» deb so‘raganim. Bobom biroz o‘ylab turib degandi: «Jannatda hamma narsa inson uchun muhayyo, bolam. Ular nimani kiyish, nimani yeyish to‘g‘risida o‘ylab ham ko‘rmaydilar. Ariqlaridan suv o‘rniga sut oqadi. Daraxtlar shoxlarini o‘zlari egib, g‘arq pishgan mevalarini insonga taqdim qiladi. Kasallik nima ekanligini bilmaydilar, xohlaganicha umr ko‘radilar». Men bu naqlda xurofot va bid’atni emas, balki insonning ulug‘ orzu-havasini ko‘raman. Inson umrining qancha davom etishi asosan uning atrofini o‘rab turgan muhit sharoitiga bog‘liq ekanligining ta’kidini ko‘raman. Sog‘lik, deyiladi jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ta’rifida, jismoniy, ruhiy va sotsial farovonlikning uzviy bog‘lanishidir. Oddiy gaplar. Lekin ayni haqiqat. Mana shu uch mezondan biri ham risoladagiday bo‘lmasa, sog‘lik kemtik bo‘lishi turgan gap. Inson sog‘ligining izdan chiqish sabablari esa 16—18 foiz hollarda genetik va nasliy faktorlarga, 10—15 foiz hollardagina sog‘liqni saqlash xizmatiga bog‘liq bo‘ladi. Ayniqsa, shuni ta’kidlash kerakki, 67—74 foiz hollarda inson sog‘ligi tashqi muhit, ovqatlanish va yashash shart-sharoitlari bilan chambarchas bog‘langan. Keyingi paytlarda, sir emas, tashqi muhit va yashash shart-sharoitlari nochor ahvolga tushib qoldi. Ming afsuslar bo‘lsinkim, biz allaqachon inson sog‘ligi tabiatning buyuk ehsoni ekanligini, bu mo‘jizaning sehrini mumkin qadar uzoq vaqtlargacha ko‘z qorachig‘iday saqlash uchun qayg‘urishimiz zarurligini unutdik. Sog‘liqni saqlash, kasallikning oldini olish faqat sotsial muammo bo‘lib qolmasdan, balki iqtisodiy muammo ekanligi ham bugun ayon bo‘ldi. Kasallik natijasida mamlakat bo‘yicha har kuni 4 million kishining ishga chiqmayotganligi buning isboti emasmi?!.
Inson million-million yillar davomida tabiat bag‘rida o‘sdi, chiniqdi, organizmidagi modda almashinuvi shu muhitga moslashdi, ona tabiat shart-sharoiti bilan muvofiqlashdi va bu qonun tusiga kirdi. Ushbu qonunning buzilishi, albatta, biron bir kasallikni keltirib chiqaradi. Bu kasallikka berilgan quyidagi ta’rifda o‘z tasdig‘ini topgan.
Kasallik ichki va tashqi sharoitlar ta’siri oqibatida unga moslashuvchi organizm kuchlarining sifat jihatdan o‘zgarib, hayot jarayonining izdan chiqishidir. Boshqacha qilib aytganda, organizm ichki imkoniyatlarining tashqi muhit salbiy sharoitiga moslasha olmay qolishidir. Buni quyidagi misoldan yaqqol tushunib olish mumkin.
Chaqaloq tug‘ilgan zahoti maxsus shaffof materialdan qilingan uychada saqlansin deylik. Uychaga havo ham, suv, oziq-ovqatlar ham faqat yuqumsizlantirilgan, ya’ni mikroblari yo‘qotilgan — sterillangan holatda uzatiladigan bo‘lsin. 15—16 yilgacha shunday sharoitda tutib turilgan inson sterillangan muhitli uydan tashqariga chiqsa, unda shu zahoti sepsis kasalligi rivojlanadi va uni har qanday kuchli dorilar ham o‘limdan qutqarib qola olmaydi. Chunki uning organizmida tashqi muhitda yashovchi xilma-xil faktorlarga qarshi kurashuvchi immunitet paydo bo‘lmagan, rivojlanmagan. Iqlimi, ob-havosi, tuprog‘i o‘ziga xos bo‘lgan zaminimizning har bir geografik zonasi o‘sha yerda uzoq yillar davomida yashagan aqlli mavjudotlar uchun xuddi yuqorida aytilganiday o‘ziga xos sterillangan uydir. Inson organizmi va tashqi muhit, uning mikroorganizmlari bir-biriga moslashgan, ya’ni bir-biriga nisbatan sterillangan bo‘ladi.
Albatta, inson yashash jarayonida tashqi muhit salbiy ta’sirlarining o‘zgarishiga javoban o‘zining moslashuvchi, qarshi kurashuvchi kuchlarini o‘zgartirish xususiyatiga ega. Demak, inson organizmi bilan muayyan sharoitdagi ekologik vaziyati o‘rtasida muvozanat ozmi-ko‘pmi o‘zgaruvchan va uning o‘ziga ma’lum bir xos chegarasi bor. Mana shu chegaradan o‘tildimi, tamom, albatta biron-bir kasallik paydo bo‘ladi.
Serquyosh respublikamizda paxta yakkahokimligi oqibatida va kimyoviy dorilar, pestitsidlarning me’yoridan ortiq ishlatilishidan muvozanat chegarasi buzildi, ya’ni sterillangan uyning bus-butunligi barham topdi. Chunki hamma kimyoviy o‘g‘itlar, dorilar, pestitsidlar inson tomonidan sun’iy yaratilgan, tabiiy emas. Shuning uchun ular tabiat olamiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ular o‘simliklarning ham, hayvonlarning ham tanasida modda almashinuvining buzilishiga olib keladi. Bularning ta’siriga uchragan bechora organizm o‘zining ichki kuchlari bilan uzoq vaqt kurash olib boradi. Ammo kurashning ham chegarasi borligi isbotga muhtojmikan?
— Bizda onalik va bolalikni muhofaza qilish xususida faqat dardli gaplar aytilyapti. Ayollarimizning kamqonligi, norasidalar o‘limining yuqoriligini tashvish bilan so‘zlayotibmiz. «Orol — 88» ekspeditsiyasi a’zolarining aniqlashicha, QQASSRning Bo‘zatov rayonida har 1000 go‘dakdan 260 tasi nobud bo‘lyapti ekan. Bu faktlar albatta, sizlarni ham bezovta qilayotgan bo‘lsa kerak!
O‘zbek ayollarinnng 80 foizi kamqonlik xastaligidan qiynalayotgani, har 3 nafar yigitlarimizdan bittasi harbiy xizmatga yaroqsiz (bular matbuotda yoritilgan) deb topilayotgani fakti, shubhasiz, barchamizning yuragimizni og‘ritadi. Xo‘sh, kelajakda ularning ahvoli qanday kechadi? Vaziyatni o‘nglashga umid qilsa bo‘ladimi?
Buyrak, sariq, rak (bu xastalikka chalingan har 3 bemordan 1 tasi o‘lyapti) kasalliklarining ko‘payib borayotganiga sabab nima?
J. BEKNAZAROV: Aholini yoppasiga tibbiyot ko‘rigidan o‘tkazishda Orolbo‘yida yashovchi aholining 70 foizga yaqini u yoki bu xastalik bilan og‘riyotganligi aniqlandi. Xorazm viloyatining bir rayonidagi tibbiy tekshirish uch yoshgacha bo‘lgan bolalarning 95 foizidan ko‘prog‘i kamqonlik, 70 foizida ozib-to‘zib ketganlik (gipotrofiya), 60 foizida raxit xastaligi borligini ko‘rsatdi.
Ma’lumki, Xorazm vohasi va QQASSRda ichimlik suvi haddan tashqari sho‘r. Sho‘r suv ichilganida uning tarkibidagi tuzlar qonga so‘riladi va buyrak naychalariga o‘tadi. Tuzlar miqdori ko‘pligi sabab kristallar hosil bo‘lib, ular nozik naychalarga cho‘kadi. Bu esa buyrak-tosh kasalligini keltirib chiqaradi. Keyingi yillarda haqiqatan ham QQASSR va Xorazm vohasida buyrak-tosh kasalligiga duchor bo‘lgan bolalarning soni sezilarli darajada ko‘paydi. Agar O‘zbekistonda har 10 ming boladan 17—18 tasi buyrak-tosh kasalligidan azob cheksa, yuqorida aytilgan geografik zonada bu ko‘rsatkich yana bir necha o‘n barobar yuqori. Ha, serquyosh respublikamiz buyrakda tosh hosil bo‘lish jihatidan ham Ittifoqda birinchi o‘rinda! Bu faktlar inson va ekologiya o‘rtasidagi muvozanat buzilganligining yana bir yaqqol tasdig‘idir. «Hamma narsa inson baxt-saodati uchun!» shiorini baland ko‘targan sotsializm sharoitida bu ekstremal vaziyatning vujudga kelishini, yumshoq qilib aytganda, fojiaga tenglashtirish mumkin.
Mana shu o‘rinda hurmatli mushtariylarimizning diqqatini bir faktga jalb qilmasdan iloj yo‘q.
Har bir organizm begona jismni o‘ziga qabul qilmay, uni chiqarib tashlashga tirishadi. Masalan, yurakni ko‘chirib o‘tkazishda to‘qimalar mosligi hisobga olinmasa, bu operatsiya foydasiz bo‘lishi turgan gap. Chunki bir necha kunlar yoki oylardan keyin ko‘chirib o‘tqazilgan organni organizm o‘zidan ajrata boshlaydi. Organizmga yot jism kirib qolganida ham shunga o‘xshash hodisa kuzatiladi, ya’ni bu jism o‘rab olinib, organizmdan ajratiladi yoki o‘sha organ uni chiqarib tashlaydi. Buyrakda toshning bo‘lishi ham buyrak uchun begona. U o‘zida joylashgan bu toshni haydab chiqarish uchun bor kuchini sarflab harakat qiladi. Bu harakat natijasida tosh yoki toshlar siydik yo‘li, qovuq yoki uretraga tushib, shu dardga mubtalo bo‘lgan odam undan tamoman qutilishi ham mumkin. Bu holni buyrakning toshni haydash qobiliyati yoki buyrakning o‘z-o‘zini himoya qilish vositasi deb anglamoq kerak. Buyrakning bu xususiyati qanchalik yuqori bo‘lsa, tosh kasalligidan qutulish imkoni ham shunchalik katta bo‘ladi. Ammo, ming afsuslar bilan qayd qilish kerakki, buyrakning ushbu mo‘jizaviy qobiliyati oxirgi yillarda sezilarli darajada pasaydi. So‘zimni isbotlashga harakat qilaman.
Tibbiyot fanlari doktori, marhum professor Karim Tohirov 1949—1959 yillarda respublikamizdagi buyrak-tosh kasalligiga duchor bo‘lgan 1070 bola to‘g‘risida to‘liq va mufassal ma’lumot bergandi. Ulardan buyragida toshi borlari 190, qovug‘ida toshi borlari esa 880 nafar edi. 1959 yildan to 1977 yilgacha faqat Toshkentning 14-shahar bolalar shifoxonasiga 1093 chog‘li «toshbuyrak» bola yotqizilgan bo‘lsa, qovuq toshidan azob chekkanlar 983 bola edi. Keyingi yillarda (1976—1988) esa Toshkent bolalar tibbiyoti instituti klinikalarida 4682 bola operatsiya qilindi. Ulardan qovuqda toshi borlarining soni atigi 429 ga teng bo‘ldi, xolos.
Faktdan qochib qutulib bo‘lmaydi. Qo‘limizdagi faktlar keyingi yillarda buyrakning toshni haydash qobiliyati keskin kamayib ketayotganligidan dalolat beradi. Ekologiya vaziyatining, inson bilan tashqi muhit orasidagi muvozanatning buzilishi oqibatida buyrak-tosh kasalligining nafaqat son jihatdan, balki sifat jihatidan ham o‘zgarishiga sabab bo‘lmoqda. Bundan buyrak o‘z jismida hosil bo‘lgan toshni haydab chiqara olmasdan qiynalmoqda. Ikkala buyragida ham tosh yoki toshlar hosil bo‘lish hollari haddan tashqari ko‘payib borayotganligi shifokorlar diliga g‘ulg‘ula solayotir.
Buning ustiga paxtachilikda qo‘llanilayotgan xlororganik, fosfororganik birikmalarning qoidaga amal qilmay yuqori dozalarda ishlatilishi ekologik «portlash» vaziyatini keltirib chiqardi deb bemalol aytish mumkin. Chunki bu moddalar inson sog‘ligi uchun o‘ta xavflidir. Xlor birikmalarining xavfli tomoni faqat ularning yuqori zaharli xususiyatlari bo‘libgina qolmay, balki bir necha yillardan keyin yuzaga chiquvchi surunkali zararli ta’siri hamdir. Mana shu birikmalarning tipik vakili, dunyodagi «mashhur» zaharlarning orasida ham eng kuchlisi hisoblanmish dioksin va dibenzofurin o‘ta faol biologik ta’sirga ega. Ular tirik organizmda uzoq vaqtgacha saqlanib qoladi. Tashqi muhit ta’siriga ham juda chidamli, oziq-ovqat mahsulotlari bilan inson organizmiga tez o‘tadi. Bu moddalar juda kam miqdorda bo‘lsa ham inson organizmining salbiy ta’sirlarga qarshi kurashuvchi kuchlari, ya’ni immunitetini keskin kamaytiradi, yuqumli kasalliklarga chalinishni osonlashtiradi. Mineral o‘g‘itlar tarkibidagi nitratlar sabzi, karam, piyoz, rediska, sholg‘om, qovun, tarvuz va boshqa poliz mahsulotlarida ortiqcha miqdorda — ruxsat etilgan normasiga qaraganda 30—40, hatto 100 baravar ko‘p to‘planish xususiyatiga ega. Ortiqcha nitratlar organizmga tushgach, nitritlarga aylanadi va organizmda modda almashinuv jarayonini buzadi. Oqibatda organizm zaharlanadi, kuchsizlanadi, ayniqsa vitaminlar va oqsillar miqdori keskin ravishda kamayadi. Mana shu sababli ham yoz va kuz oylarida serquyosh respublikamizda ichburug‘, salmonellez, tif, paratif, oddiy va zaharli ichketma kabi yuqumli kasalliklar keskin ko‘payib, ba’zi joylarda bemorlar soni Ittifoq ko‘rsatkichidan ham 10—15 baravar oshmoqda.
Saraton kezlari quyoshning jaziramasi taftida organizmning darmoni qurib, suv almashinuv muvozanati buziladi. Kuz oylarida ham yosh bolalar orasida me’da-ichak kasalliklari avjiga chiqib, o‘lim hollari ko‘payadi. Mana shuning hisobiga bolalar o‘limining yillik ko‘rsatkichi yuqori bo‘ladi. Nyu-Yorkda oq tanli bolalar orasida nobud bo‘lish darajasi ming kishi hisobiga 16,1 ga, negr bolalarida 19,3 ga teng. Jonajon respublikamizning bu jihatdan ham hech bir maqtagulik yeri yo‘q. Hatto boshi egik. Axir bolalarimizning o‘limi (til bormaydi aytishga) ko‘rsatkichi Amerika oq tanlilaridan qariyb uch baravar yuqori — 45 bo‘lsa, qanday qilib, boshimizni mag‘rur tutamiz?
— Faqat paxta ekiladigan zonalardagina emas, chorvador rayonlar, olis tog‘li qishloqlarda ham, shaharda ham sariq kasalligining ko‘payib borayotganini ko‘rib turibmiz. Kishi etini seskantiruvchi faktlar bot-bot takrorlanib turibdi, ammo uning oldinn olish istiqboli haqida bnror gap eshitayotgannmiz yo‘q…
J. BEKNAZAROV: Oshkoralik paytida bor faktlardan ko‘z yumib, ularni xaspo‘shlashning o‘zi jinoyat. Turg‘unlik yillarida haqiqat bo‘sag‘asigacha borib, ichkariga mo‘ralab ham qaramay, faktlarni bo‘yab ko‘rsatish ekonomikamizni jar yoqasiga olib keldi, shu qatori tibbiyotimiz ham inqirozga yuz o‘girdi. Ro‘y-rostlik va ochiq z’tirof etish johillikning tomiriga bolta urmaydimi axir?! Men shu o‘rinda endi maktabga borgan paytlarimni eslayman. Bu 1960 yillargacha bo‘lgan paytlar edi. «Falonchi qishloqda pistonchi odam sariq bo‘lganmish» degan gaplarni onda-sonda eshitib qolardim. 1958 yilda o‘zim rayonning markaziy yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanganman. Ana o‘shanda butun rayondan atigi 6 kishi sariq kasali bilan muolaja olayotganliklari aniq esimda. Ko‘plar, ha, endi o‘sha paytlar sariq kasali aniqlanmay qolaverganda, o‘sha uchun ham kam bo‘lgan, deyishi mumkin. Ammo bu davo tagida hech qanaqa asos yo‘q. Chunki bu xastalik o‘z nomi bilan sariq, ya’ni ko‘z oqi, badan terisi, shilliq qavatlar sarg‘ayadi. Buni yashirish mumkin emas. Hozir esa 80 foiz aholisi yashayotgan respublikamiz qishloqlarida oila boshliqlaridan yoki farzandlaridan biri sariq bo‘lmagan oila kamdan-kam topiladi. Hattoki, ko‘pchilik qishloq mehnatkashlari tasavvurida sariq kasalligi oddiy xastalikka aylanib qolgan. Bu tasavvur va tushunchaning o‘zi fojia! Tibbiyot nuqtai nazaridan sariq kasali bilan og‘rigan bemorlarning uchdan biri bir umr mayib bo‘lib qolishini nega sir tutishimiz kerak ekan?! Xo‘sh, buni kimdan yashiramiz? Xalqimizdanmi?!
Sariq kasalligining bolalar o‘rtasida keng tarqalgani har qanday loqayd odamning ham qalbini zir titratadi. Axir ular kelajagimiz-ku?! Axir ular kelgusida vatanimiz taqdirini hal qiluvchi navqironlar bo‘ladilar-ku! Ammo ularni nega sariq kasalligiiing shafqatsiz hujumidan saqlay olmayapmiz? Nega har yili 200 mingdan oshiq o‘suvchi avlod jigarini sariq kasali viruslariga makon qilib qo‘ymoqdamiz? Bunga kim aybdor? Bu savollar hali ham aybimizni bo‘ynimizga olishni xohlamayotgan biz kattalarning tizzasini qaltiratib, «Hamma yaxshi narsalar — bolalarga!» degan shiorga mahliyo bo‘lib ishonch bilan qarayotgan bolalardan kechirim so‘rashga undamayotirmi? Axir, sir emas, minglab gektar paxta maydonlarida me’yoridan ortiq ishlatilayotgan xlororganik kimyoviy moddalar organizmning, ayniqsa, jigarning viruslarga sezuvchanligini haddan tashqari oshirib yuboradi, ularga qarshi kurashuvchanlik qobiliyatini kamaytiradi. Natijada sariq kasalini chaqiruvchi virus inson organizmida, ayniqsa, yosh bolalarning ichki apparatlarida, xususan, jigarida o‘zini haddan tashqari erkin sezadi, ko‘payadi va sariq kasalini keltirib chiqaradi. To‘g‘ri, sariq kasalligini xuddi shu tarzda rivojlanadi, deb o‘ylash soddalik bo‘lur edi, ammo men murakkab tibbiy terminlar bilan to‘ldirilgan tushuntirish yo‘lidan ongli ravishda chekinaman. Lekin shundoq ham Ittifoqimizdagi hamma sariq kasalligidan azob chekayotgan dardmandlarning naq uchdan biri respublikamizda ekanligining siri ozmi-ko‘pmi ayon bo‘ladi. Men shifokor sifatida sariq kasalligining kelib chiqishida zaharli kimyoviy faktorlarning roli juda ham katta ekanligiga aminman. 14-shahar shifoxonasi va Toshkent bolalar tibbiyoti institutining bolalar jarrohligi kafedrasida ishlovchi anesteziolog (og‘riqsizlantirishni ta’minlovchi shifokorlar) vrachlarning hammasi sariq kasali dardiga mubtalo bo‘lganliklari yuqoridagi fikrimga dalil emasmi? Ha, zaharli dorilar ta’siriga uchragan jigar virus uchun eng qulay yemishga aylanib qoladi.
Aniq ma’lumotlarga qaraganda har bir sariq kasalini davolash uchun ketgan sarf-xarajat 700 so‘mdan 1054 so‘mgacha bo‘lar ekan. Demak, faqat bolalar sariq kasalligini davolash uchun sarflanayotgan xarajat bir yilda respublikamizda 196—295 million so‘mni tashkil qiladi. Hurmatli akademigimiz E. Yusupov ToshDU tolib va talabalari bilan bo‘lgan uchrashuvda shu besh yillikda respublikamizni rivojlantirish uchun 67 million so‘m sarflanishini aytdilar. (Toshkent oqshomi, 9.VI.89). Ana endi raqamlarni solishtiring-da, xulosani chiqarishga shoshilmang. Qani bir o‘ylab ko‘raylik, respublikamizda sariq kasali bilan og‘riganlarning umumiy soni qancha ekan? Bu og‘ir dard oqibatida jigari bujmayib, jigar tsirroziga duchor bo‘lganlar soni-chi? Bu kasallik muolajasiga sarf bo‘layotgan xarajat qancha, bu dard tufayli ish qobiliyatini yo‘qotganlarning kasallik varaqasiga qancha to‘lanmoqda? Umuman, sariq kasalidan ekonomikamiz qancha zarar ko‘rmoqda? Balki mana shu raqamlarga javob kimyoviy zaharli moddalarni saqlash qoidalarini mensimayotgan, xavfsizlik qoidalariga amal qilmayotgan, balki bu qoidalarni o‘zlari ham bilmagan to‘ralar ongiga ta’sir qilar? Balki O‘zbekistonning meditsina uchun sarf qilinishi kerak bo‘lgan 1 milliard 400 million so‘mining kattagina qismini o‘pqondek yutib yuborayotgan sariq kasalligiga qarshi kurash programmasi ishlab chiqilar? Bu kasalga nisbatan loqayd bo‘layotgan shifokorlar armiyasi dahshatdan bir sapchib tushar? Balki bu kasallikdan jigari chirib yoki butunlay bujmayishdan alahlab, oxirgi soatigacha, es-hushini yo‘qotgunicha tuzalishdan umid qilib qarindosh-urug‘lari bilan vidolasha olmay qolganlar ruhi uchun ham bu kasallikka oid barcha sirni ochish kerakdir? Bunga respublikamizning yetuk infektsionist olimlari nima derkinlar? Amaliy natijalari xalqdan sir saqlanishi lozim sanalayotgan ilmiy ishlardan kim naf ko‘rishi masalasini ham o‘ylab ko‘rish vaqti keldi deb hisoblayman.
Men shu o‘rinda yana bir masalaga e’tiborni qaratmoqchi edim. Ba’zan igna sanchilib dori yuborilgandan keyin odamlar sariq kasali bilan og‘rib qolsalar shifokorlar sha’niga malomat toshlari ayovsiz yog‘iladi. Ammo bu ignalar markazlashgan holda, yuqori bug‘ bosimi ostida yuqumsizlantiriladi-ku! Yana boshqa bir jihati ham bor. Har yili sariq kasalining bu formasi bilan respublikamizda 40 ming kishi og‘riyapti. Bundan 28 mingi bolalardir. Bu ko‘rsatkich har 100 ming aholi soniga hisoblaganda Ittifoq ko‘rsatkichidan 5 marta ko‘p. Shuni aytish kerakki, bir marta ishlatiladigan shprits va ignalar umuman Ittifoqimizda juda ham kam. Demak, boshqa shifoxonalarda ham ko‘p marta ishlatiladigan shprits va ignalar ishlatiladi. Shu vaziyatda bir savol tug‘iladi. Xo‘sh, ukol qilish sharoiti bir xil bo‘lsa-yu, nega unda respublikamizda sariq kasalining «igna orqali yuquvchi» formasi ko‘p. Bunga kim aybdor? Shifokorlarmi?
Buning ustiga biz yashayotgan zaminda buyrak kasalliklari ham ko‘p. Masalan Moskvaga qaraganda 11 marta, Yerevan va Xarkovga qaraganda 6—8 baravar, Armanistonga nisbatan 4 baravar, Estoniya respublikasi bilan solishtirganda 3,5 baravar, Aktyubinskka nisbatan olganda esa 1,5 baravar ko‘p. Ma’lumki, oziq-ovqat mahsulotlari, suv bilan organizmga kirgan zaharli kimyoviy moddalar buyrakning nozik koptokchalaridan filtrlanib, naychalarga o‘tadi. Bu moddalar suzilib o‘tish jarayonida buyrakning nozik to‘qimalariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu esa buyrak kasalliklarining paydo bo‘lishiga sharoit yaratadi. Bizda buyrak kasalliklarining ko‘pligini faqat tashqi muhit bilan bog‘lash noto‘g‘ri bo‘lur edi. Chunki bu xastaliklarning kelib chiqishida ota-onalarning me’da-ichak, buyrak kasalliklari bilan og‘rishining ham katta hissasi bor.
— Respublikamizda aqliy zaiflikning yildan-yilga kuchayib borayotgani xususida statistik ma’lumotlar bor. Dard ustiga chipqonday o‘rmalab kelayotgan bu kasofatning bosh sabablari haqida Sizning fikringizni bilmoqchi edik.
J. BEKNAZAROV: Xlorli organik birikmalarning yana bir xususiyati borki, uni eslashning o‘zi dahshat. Eng kam miqdorda ham ular insonning jismoniy va aqliy qobiliyatini pasaytiradi. Bu mening «sensatsiya» uchun o‘ylab chiqargan fikrim emas, balki akademik A. V. Fokinning dalillarini qayd etish, xolos. Balog‘at yoshiga yetgan navqironlarning 40—45 foizida surunkali kasalliklardan birining qayd qilinayotganligi, chaqiruv yoshiga yetganlarning har uchdan biri harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilayotganligi tashqi muhitdan surunkali zaharlanish oqibati, ildizi xlorli organik birikmalarning xususiyatiga borib taqaladi…
— Yer yuzi bo‘yicha har yili 2 mln. kishi pestitsidlardan zaharlanib, shulardan 50 mingining yostig‘i qurir ekan. Lekin bu raqam ichiga SSSR kirmaydi. Zaharli kimyoviy moddalar boshqa turli ofatlardan tashqari insoniyatni tag‘in bir ko‘rgulikka giriftor qilayotgani ma’lum bo‘ldi: insonning genetik kodi o‘zgarib, buzilib, irsiyat halokatiga olib kelmoqda. Suhbatimiz avvalida qisman bu haqda gap bo‘ldi. Bu narsaning dahshatlarini bizdan ko‘ra Sizlar to‘laroq tasavvur qilishingnz turgan gap. Xo‘sh, u qanday oqibatlarga olib keladi!
A. ERGAShEV: Laboratoriya va dala sharoitida o‘tkazilgan tajribalarimizning ko‘rsatishicha, paxtachilikda qo‘llaniladigan pestitsidlar, jumladan, kotoran, butifos, butilkantaket, magniy xlorati va boshqalar faqat tuproqdagi foydali mikro yoki makroorganizmlarga katta ta’sir qilib qolmasdan, balki paxtaning qimmatbaho navlarining irsiyatini ham buzishi mumkin ekan. Buning o‘ziyoq juda katta iqtisodiy zarar ekanligi o‘z-o‘zidan ma’lum.
Bundan tashqari, pestitsidlarni juda keng qo‘llagan regionlarda tuproqda yashovchi mikro va makroorganizmlarning miqdoriy va sifatiy ko‘rsatkichlari keskin o‘zgarib ketishi kuzatiladi. Buning oqibatida tuproqning unumdorligi va ekinlarning hosildorligi ham pasayishi mumkin. Tabiatdagi muvozanat buzila boshlaydi. Shu bilan birga yangi-yangi yuqumli kasalliklar paydo bo‘lib, bu narsa nafaqat bir rayon yoki respublika miqyosida, balki butun mamlakat va hatto u yoki bu qit’ani qamrab olishi mumkin. Bunday kasalliklar faqatgina qishloq xo‘jalik ekinlari yoki hayvonlari uchungina emas, balki insonga ham taalluqlidir.
Yuqorida aytib o‘tilganidek, ximiyaviy o‘g‘itlar ham noto‘g‘ri ishlatilsa, ya’ni agrotexnika talabi darajasidan oshirib qo‘llanilgan hollarda juda ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Masalan, azotli o‘g‘itlarni olaylik. Azotning har xil birikmalari, ayniqsa, nitratlar (azot kislota tuzlari) tuproqdagi mikrobiologik va bioximiyaviy jarayonlar natijasida nitritlarga aylanadi. Bular esa hayvonlar yoki odam me’dasiga tushgach, nitrozobirikmalarga aylanadi. Ma’lumki, nitrozobirikmalarning ko‘pchiligi kantserogen (rak chaqiruvchi modda) va mutagen aktivligiga egadirlar. 1950 yillardayoq olimlarimiz azot kislotasining mutagenlik mexanizmini batafsil o‘rganib, uning tirik organizmlar irsiyatiga bo‘ladigan xavfini ochib bergan edilar. U DNK, ya’ni tirik organizmlar irsiyat programmasi yozilgan ulkan molekula bilan reaktsiyaga kirishib, aminogruppalarning yo‘qolishiga olib keladi. Hosil bo‘lgan bo‘sh joylarga esa kislorod atomi o‘rnashib oladi. Natijada, aminogruppasini yo‘qotgan adenin odatdagicha tijin bilan emas, balki tsitozin bilan juftlik hosil qiladi. Keyingi bosqichda esa tsitozin guanin bilan juftlashadi. Shunday qilib, genetik kodning harflarida xato hosil bo‘lib, bu tirik organizmlarning u yoki bu belgilari xususiyatlarining o‘zgarib ketishiga olib keladi.
J. BEKNAZAROV: Respublikamizda ekologiya vaziyati tibbiyot nuqtai nazaridan yaxshilanayotgani yo‘q. Yaxshilanyapti, deb hech kimni ishontira olmaysiz ham. Chunki vaziyat xlororganik birikmalarning inson sog‘ligi uchun o‘ta xavfli ekanligini hali yetarli ravishda tushunib yeta olmaganimiz sababli ham yaxshi tomonga o‘zgargani yo‘q. Bo‘lmasa boshqa mamlakatlarda ishlatilishi allaqachon taqiqlangan xlorli pestitsidlarning o‘zidan har yili 6 ming tonnasi qo‘llanilarmidi? Holbuki, bu ahvol 10 yildan beri davom etib kelmoqda. Keltan, bromofos, diuron deb ataluvchi o‘ta zaharli pestitsidlarni naq oltinga teng valyuta puliga xorijdan sotib olmoqdamiz.
Amerika olimlar assotsiatsiyasining ma’lumotiga qaraganda jami pestitsidlar tarkibida dioksin moddasi bor. Bu zaharning trilliondan o‘n ulushi ham rak kasalini chaqiradi, asab sistemasini zaharlaydi, ayollarning mo‘jizakor sehrli funktsiyasi — nasl qoldirish jarayonini juda ham izdan chiqaradi. Asosan, mana shu oxirgi sababga binoan ham ustidan bir marta «sariq ofat» (tarkibida dioksin bor) sepilgan Vetnam ayollari, necha yillar o‘tsa hamki, to shu kungacha bola tug‘ish imkoniyatidan mahrum bo‘lishgan.
Pestitsid va gerbitsidlarning aybi faqat yuqorida aytilganlar bilan cheklanmaydi. Boshqa «og‘ir jinoyatlar» qilishga ham qodir ekanligi faktlar to‘lqini qarshisida dovdirayotgan yurakka o‘q bo‘lib qadaladi. Respublikamizda chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi xo‘jaliklarda yashovchi aholi qonida paxtachilikda ishlatiladigan pestitsidlarning topilishi va ularning inson yoshi o‘tgan sari qondagi miqdori oshib borishi atrof-muhitning ta’siri, albatta. Bu moddalar organizmda surunkali ravishda to‘planib, miqdori yil sayin oshib boraveradi, normadagi modda almashinuv jarayoni ham buzilaveradi. Paxtachilik bilan mashg‘ul bo‘lgan odamlarning qonidagi xlororganik pestitsidlarning miqdori har qanday «tepsa tebranmas» odamlarning ham qalbini zir titratishi turgan gap. Axir bu zaharli moddalarning qondagi miqdori chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalikdagi odamlar qonidagiga nisbatan 60—100 baravar ko‘p bo‘lsa, bunga loqayd qarash mumkinmi? Umidli yosh olim, tibbiyot fanlari nomzodi Pirimqul Nazirovning keltirgan dalillari qonida pestitsidlar miqdori ko‘p topilgan zonada sil kasalligiga duchor bo‘lganlar soni ikki-uch baravar yuqori ekanligidan dalolat beradi. Ularda bu kasallik nihoyatda og‘ir kechishi bilan birga, jigar va me’da-ichak yo‘li ham surunkali zaharlangan. Ularni muolaja qilish samarasi ham odatdagidek emas. Mana shu fakt oldida mulohazani kengroq olaylik: agar organizmga fosfororganik pestitsid — fozalon zahri qotilidan eng kam miqdori surunkali tushib tursa (sichqonni o‘ldirish dozasining ham 500 dan bir hissasi) jigar, taloq, suyak muguzi va limfa tugunlarida bir qator salbiy o‘zgarishlar chaqiradiki, buning oqibatida shu organlarning immunitetlik qobiliyati ancha pasayadi. Bu esa ularni kasallik urchishi uchun qulay manbaga aylantiradi. Ana endi quyidagi xulosaga kelish uncha qiyin emas: paxtaning hosildorligini oshirish maqsadida qo‘llanilayotgan har bir gramm pestitsid xalqimiz salomatligi uchun juda katta zarardir.
— Jumanazar aka, Siz sariq kasalligi, ayniqsa, uning bolalar o‘rtasida tarqalib qanday oqibatlarga olib kelgani haqida batafsil to‘xtaldingiz. Bari bir bizga hozir fojialarimiz ro‘y-rost aytilishi, so‘ngra ulardan qutulish yo‘l-yo‘riqlari havoday zarur. Holbuki, o‘zingizga ma’lum, sil kasalligining ko‘payib ketayotganligini tasdiqlovchi faktlar sariqnikidan kam emas…
J. BEKNAZAROV: Tuberkulyoz, ya’ni sil kasalligining rivoji, uning organik tarqalib xavfli tus olishi sotsial shart-sharoit, inson yashash tarzi va farovonligi bilan uzviy bog‘langan. Muayyan sotsial sharoitda yashash farovonligi naqadar yuqori bo‘lsa, sil kasalligi ham shunchalik kam bo‘ladi. Shuning uchun dadil aytish mumkinki, respublikamizda atrof-muhit tozaligini ta’minlamasdan, aholining yashash shart-sharoitini keskin yaxshilamasdan turib, qishloq aholisi o‘rtasida hali ham uchrayotgan sil kasalligini tag-tomiri bilan yo‘qotish mumkin emas.
Xalq tabobatida qadim-qadimdan shifobaxsh giyohlar keng qo‘llanib kelingan. Ammo hozirgi paytda bir dahshatli xatar ular ustiga ham shafqatsizlik bilan bostirib kela boshladi. Bu hujumning o‘ta shafqatsiz bo‘lishi mumkin ekanligi shifokorlar qalbini zir titratdi. Yerga sepilgan o‘g‘itlar tarkibidagi nitratlar shifobaxsh giyohlar tarkibida ham xavfli miqdorda to‘plana boshlaganligi ba’zi bir joylarda qayd qilinmoqda. Ayniqsa, ular miqdori qichitqi o‘t, otquloq, yalpiz, moychechak, dalachoy va boshqa giyohlarda ko‘proq to‘planish xususiyatiga ega ekanligi aniqlandi. Ma’lumki, ko‘pgina giyohlar xo‘jaliklarda yetishtiriladi. Ana endi o‘zingiz tasavvur qilavering: giyohlar bilan birga nitratlar yutsak! Foydasidan ko‘ra zarari ko‘proq emasmikin? Aytmoqchi, nega giyohlar tarkibida mineral o‘g‘itlar paydo bo‘lib qoldi? Bu mash’um fakt yana plan, majburiyat, qanday yo‘llar bilan bo‘lsa ham yuqorida turgan boshliqqa yoqish illatlariga borib taqalmasmikan? Ba’zi joylarda yerning meliorativ holati keskin buzilganligi oqibatida yurakka yaxshi kor qiluvchi dorilar — yurak glikozidlari olinadigan o‘simliklardan bu malhamni olishning imkoni bo‘lmay qolganligi nahotki bizni insofga chaqiruvchi omil bo‘la olmasa?! Tabiatning yaratgan mo‘jizalarini inson aql-zakovati yana ham mo‘jizaliroq qilishi imkondan tashqari. Uning formasini, shaklini, tusini o‘zgartirish mumkin, ammo ximiyaviy tuzilishini, strukturasini o‘zgartirish nafaqat tabiat jonzotlari, balki insonning o‘zi ham o‘z yaratuvchisi qo‘ynida mangu yashash imkoniyatini haddan tashqari qiyinlashtirishini hisobdan chiqarish aslo mumkin emas.
— Kelajak avlodlar, zot-zuryod, farzandlar haqqi, mavjud ahvolning o‘nglanib ketishi uchun sizlar ham albatta, o‘zingizni mas’ul sezasiz. Biroq hamma gap muayyan taklif, reja, ularni amalga oshirish uchun kurashishda. Hozir hamma ochiq gapira oladi. Bari bir e’tiqod amal bilan kuchli…
J. BEKNAZAROV: Yuqorida aytilgan mulohaza va mushohadalardan savol tug‘iladi: zaharli kimyoviy o‘g‘itlar, pestitsidlar bilan yerning qalbini kemirib, unda sun’iy ravishda surunkali kasallik chaqirish shartmikin?! Yerimiz mayib bo‘lgan. Nahotki uni ko‘rib ko‘rmaslikka olyapmiz? Uni tezda operatsiya qilib tuzatilmasa, kasallik avj olishi turgan gap. Mana shu nuqtai nazardan uning xastaligini kuchaytiruvchi «zahriqotil»lar berishni umuman ta’qiqlash zarur. Men bir shifokor sifatida O‘zbekistonni kimyoviy zaharli moddalar ishlatilmaydigan zona deb e’lon qilinsa deb butun jamoatchilikka murojaat qilaman. Biz bu tadbirni qat’iylik bilan olib borgan taqdirda ham yer o‘zining qaddi-bastini 8—10 yildan keyin tiklab olishi mumkin. Chunki hozirgi holatdagi zaharlardan uni xalos qilishning o‘zi bir mashaqqat, kimyoviy zaharli moddalar mana shu muddatlardagina o‘zining strukturaviy tuzilishini yo‘qotishi mumkin.
Mutaxassislarning fikricha, hosilning 25—30 foizi o‘g‘itlar hisobiga bo‘layotganmish. Mayli, to‘g‘ri ham bo‘la qolsin. Lekin 2 million gektar yerga sepilsa har yili 30 kg.dan to‘g‘ri keladigan mahalliy o‘g‘itlardan foydalanilsa bo‘lmasmikan? Axir go‘ng o‘zimizda tekin-ku, yillik zapasi 60—70 million tonnadan oshadi-ku! Ko‘zlangan maqsad esa inson sog‘ligining yaxshilanishi, nasl-nasabning buzilmasligi. Axir sotsializm jamiyatida insonga xizmat qilish birinchi o‘ringa qo‘yilmaydimi? «Inson sog‘ligi — Vatan boyligi» shiori xo‘jako‘rsingami?
Qadr-qimmatini bilgan har bir inson o‘z sog‘lig‘i to‘g‘risida, qadr-qimmati va obro‘sini e’zozlagan davlat o‘z xalqi sog‘lig‘i to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi. Yaponiya o‘z xalqining o‘rtacha umr ko‘rishi to‘g‘risida yaxshi niyatlar bilan xotinlar o‘rtacha yoshini — 86, erkaklar o‘rtacha yoshini — 79 yilga yetkazishni maqsad qilib qo‘ydi. Shu munosabat bilan bir narsani aniqlash joizdir. Respublikamiz mehnatkashlarining o‘rtacha yoshi qancha ekan? Insonlar umrini uzaytirishdek buyuk ezgu niyat programmasi Sog‘liqni saqlash ministrligimizda mavjudmikin? Agar bor bo‘lsa, unda ekologiya muammosini hal qilish to‘g‘risida qanday yechimlarni hal qilish hukumatimiz oldiga qo‘yilgan ekan? Chunki atrof-muhit sharoitini yaxshilamasdan turib, inson yashash farovonligini oshirish to‘g‘risida o‘ylashning o‘zi ham kaltabinlik bo‘lur edi. Xalqimizdan plan va majburiyatlarni bajarishni talab qilish bilan birga, yashash sharoitini tubdan yaxshilash masalasi ham partiya va xo‘jalik rahbarlarining diqqat markazida bo‘lishi kerak. Axir plan va majburiyatlar sog‘likka xizmat qilishi kerakmi yoki sog‘liq plan va majburiyatlarga xizmat qilishi kerakmi? Aholisining 70 foizga yaqini bemor zonaning aynan o‘zini shifoxonaga aylantirgan taqdirda ham sog‘lik ko‘rsatkichini jiddiy ravishda yaxshi tomonga o‘zgartira olmasligimiz aniq. Chunki biz ildizga e’tibor berishni unutayotganga o‘xshaymiz.
Xulosa qilib aytganda, yurtimizni jannat misol makonga aylantirmas ekanmiz, yetti iqlimga jar solganimiz bilan xalqimizning sog‘ligini risoladigaday qila olmaymiz.
A. ERGAShEV: Albatta, tabiiy savol tug‘iladi. Xo‘sh, ekologik vaziyat bizda juda jiddiy ekan, endi uni tuzatish yoki vaziyatni bir oz yumshatish mumkinmi? Bunga javob berish juda qiyin. Lekin ayrim fikr-mulohazalarimni bildirishga urinib ko‘raman.
- «Butun mamlakatni ximiyalashtirish tufayligina sotsializmga erishamiz!» degan chaqiriqning noto‘g‘ri ekanligini keng mamlakat doirasida tan olishimiz darkor.
- Qishloq xo‘jaligida, jumladan, paxtachilikda zaharli ximiyasiz va kam miqdorda kimyoviy o‘g‘itlar sarflab yuqori hosil olayotgan va ekologik sharoitini yaxshi asray olgan kolxoz va sovxozlar (bizda har holda uchrab turadi) tajribasini keng targ‘ib qilish. (Radio, televideniye, gazetalar va hokazolar orqali).
- Tezlik bilan O‘zSSR tabiatni muhofaza qilish Davlat Komiteti, O‘zSSR Ministrligi va O‘zSSR FAsi hamkorligida maxsus genetika markazini tashkil etib, unda yuqori malakali olim va mutaxassislar birgalikda bizning paxtachilikda qo‘llanilayotgan eng xavfli preparatlarni aniqlab olish va ularni birinchi navbatda ishlab chiqarishdan olib tashlash kerak.
- Respublikamiz huquq organlari ximiyaviy zaharli moddalar va mineral o‘g‘itlardan noto‘g‘ri foydalanayotgan xo‘jaliklar va ularning rahbarlariga nisbatan qattiq tartib o‘rnatish choralarini ishlab chiqishlari juda zarur, deb o‘ylayman.
- Paxtachilikda hukm surib kelgan ekstensiv texnologiya talablari asosida g‘o‘za sortlari selektsiyasini tubdan o‘zgartirish, ya’ni ularda faqat iqtisodiy va sifatiy ko‘rsatkichlar emas, balki ekologik ko‘rsatkichlar ham juda muhim deb qarash kerak.
- Xalq harakatini keng quloch yoydirish, «Tabiatga lenincha munosabatda bo‘lish» shiorini olg‘a surish va shu bilan birga «Hamma narsa paxta uchun» degan turg‘unlik davri shiorimizni «Hamma narsa inson uchun, uning baxt saodati uchun», degan, unutilayozgan haqiqiy gumanistik shior bilan yangilab, unga hayotda qat’iy amal qilish kerak.
— Samimiy suhbat uchun Sizlarga tashakkur.
Suhbatdosh: Sobir O‘nar
“Yoshlik” jurnali, 1989 yil, 9-son