Bekjon Toshmuhamedov. El to‘q, mamlakat obod bo‘lsin (1989)

Inson va uning tirikchilik tashvishlari odam va hayvonot fiziologiyasi bo‘yicha tadqiqotlarniig asosiy mahzari hisoblanadi. Taomga ehtiyoj, ovqatlanish muammosi esa turmushimizdagi jamiki narsalardan farqli o‘laroq so‘nggi oy, so‘nggi yil yoki biron besh yillikka surib bo‘lmaydigan kunlik zarurat sifatida namoyon bo‘lib turadi.

Biz tanovul qiladigan mahsulotlarda oqsillar, yog‘, uglevodlar (karbon suvlar), shuningdek, vitaminlar va mineral tuzlarning ehtiyojga muvofiq me’yorda bo‘lishi to‘g‘ri ovqatlanishning asosiy shartidir Nonushtamizda oqsillarning ahamiyati beqiyos, u insonning asosiy quvvai madori hisoblanadi. Katta yoshdagi kishilarning oqsil moddalariga ehtiyoji bir kunu-tun hisobiga 100 grammni tashkil etsa, shuniig yarmisi hayvonot yog‘lari hisobiga to‘g‘ri kelishi kerak. Bu degan so‘z bir kecha-kunduzda 250 gramm, yil davomida zsa 90 kilogramm go‘sht mahsulotlari iste’mol qilish zarur deganidir. Hozir Estoniya aholisi aynan shu normaga teng miqdorda go‘sht va yana bunga qo‘shimcha 26 kilogramm baliq mahsulotlari ham iste’mol qiladi Og‘ir jismoniy mehnat bilan band bo‘lganlar, issiq iqlim sharoitida ishlovchilar, shuningdek, homilador va bola emizuvchi ayollar go‘sht, sutdan iborat oqsil moddalariga yanada ko‘proq (normaning uchdan bir qismi miqdorida) ehtiyoj sezadilar. Dasturxon ne’matlaridagi oqsil moddalarining kamligi yoki biologik jihatdan qimmati past turadigan o‘simlik moddalari oqsillari bilan kifoyalanish esa, oddiy qilib aytganda, inson organizmida oqsil yetishmovchiligini keltirib chiqaradi. Bu narsa, ayniqsa, bolalarda tezroq biliiadi va hali unchalik taraqqiy etmagan organizmda muayyan asoratlar tug‘dira boshlaydi.

Hayvonlarda olib borilgan tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, oqsil kamchilligi tufayli organizmning kasalliklarga qarshi himoya kuchi (immuniteti) birdaniga tushib ketadi, allergiyaga chalinish xavfi oshadi. turli xil zaharli moddalarning xatarli ta’siri bir necha bor kuchayadi. Shu tariqa oqsil mahsuli bo‘lgan quvvayi darmondan qolish biologik jarayonlarning turli fiziologik o‘zgarishlarga yuz tutishiga olib keladi. Organizmning atrof-muhit bulg‘anishiga chidamliligi haddan ziyod susayib, ekstremal sharoitlarga moslashish qiyinlashadi. Bunday hollar asosan kunlik taomlarimizda oqsil miqdori ikki barobar kamaygan taqdirda kelib chiqadi. Hatto bir-birining o‘rnini bosa olmaydigan uglevod va yog‘lar nisbati buzilgan taqdirda, ya’ni go‘sht-sut oqsillari o‘rniga nuqul o‘simlik oqsillari bilan kifoyalangan taqdirda ham shunday hol yuz beradi.

Inson fiziologiyasi va iste’mol taomlariga doir bu masala O‘zbekiston uchun favqulodda dolzarb muammodir. Chunki respublika iqtisodi va qishloq xo‘jaligining nomutanosib rivojlanishi o‘lka aholisining dasturxonida, iste’mol mahsulotlarida ham aks etayotir. Dasturxon ne’matlarimizda hayvonot oqsillariga boy mahsulotlar kamayib, non-tuzimiz asosan o‘simlik mahsulotlaridan tayyorlanadigan guruch va xamir ovqat, non-choydan iborat bo‘lib qolayotir. Bu ko‘ngilsiz hol rasmiy statistik ma’lumotlarda ham o‘z ifodasini topgan. Agar go‘sht, sut, tuxum iste’mol qilish mamlakat bo‘yicha jon boshiga o‘rtacha 64 kg 341 l va 272 donani tashkil etsa, bu miqdor O‘zbekistonda 29 kilogramm go‘sht, 186 litr sut va 112 dona tuxumga to‘g‘ri keladi. Bu farqlar — hatto mamlakat bo‘yicha ko‘rsatkichlarning o‘zi ham ilmiy asoslangan normalardagidan ancha pastligini inobatga olmagan taqdirda ham — hazilakam emas.

Yuqorida aytganimizdek, xamir va guruch ovqatdagi oqsil hech qachon go‘sht mahsulotlaridagi oqsil o‘rnini bosa olmaydi. Chunki ularning tarkibida bebaho aminokislotalardan biri bo‘lmish lizin moddasi juda kam. Shuning uchun ham ularning hazm bo‘lishi og‘ir va to‘yimlilik jihati past. Hatto kartoshkadagi oqsil ham donli ekinlar tarkibidagi oqsildan bir necha barobar to‘yimlidir. Ammo respublikamiz aholisi kartoshkani ham Ittifoq darajasidagiga qaraganda uch baravar kamroq iste’mol qiladi. Buning ustiga baliq mahsulotlari, qand, hatto sabzavot va mevalar iste’mol qilish jihatidan ham biz mamlakat bo‘yicha o‘rtacha darajadagidan orqadamiz.

Bu vaziyatni yanada murakkablashtirayotgan omillar: muhitning bulg‘anganligi, oziq-ovqat mahsulotlarida mineral tuzlar, zaharli kimyoviy moddalar, og‘ir metallar va boshqa xil zararli unsurlarning xatarli darajaga yetganligini ham aytmasdan bo‘lmaydi. Masalan, oddiy selitrani ishlatish me’yoriga amal qilinmasligi sabzavot-poliz mahsulotlaridan zaharlanishga olib kelayotganligi hammaga ma’lum. Paxta dalalarida pestitsidlarning qo‘llanilishi umumittifoq darajasiga qaraganda o‘nlab barobar ko‘pdir. Shuning uchun ham, xlororganik modda nafaqat paxta yog‘ida, hatto onalarning ko‘krak sutida ham uchrayapti.

Endi aholining mol-holi, uy hayvonlarining yemishlariga nazar tashlaylik. Qayoqqa boqmang, el-ulusning moli faqat yo‘llar atrofidagi siyrak, g‘uborli o‘tlarni qirtishlab yotganini ko‘rasiz. Yo‘llar atrofi shaxsiy sigiru qo‘y-echkilar o‘tlaydigan yagona joy. Bu joylardagi o‘t-o‘lanlar yo‘llardan tinimsiz o‘tib turgan mashinalar, poyezdlarning tutunlariga, ular tarkibidagi zaharli moddalaru qo‘rg‘oshinga bir necha bor to‘yingan. Qo‘rg‘oshin mollarning organizmida to‘plana borib, ularning sutini ham og‘ulaydi. Holbuki aholini sut-qatiq bilan ta’minlovchi manba mana shu kishilarning shaxsiy qaramog‘idagi mollardir. Ularning suti tarkibini muntazam tekshirib borishning esa amalda iloji yo‘q.

Nihoyat qator oblastlarimizda ichimlik suvning o‘zi ham maza matrasiz. Amudaryoning quyi qismidagi ichimlik suvlarining sho‘rligi normadagidan bir necha barobar oshib ketgan. Aynan shu joylarda yurak-qon tomir kasalliklarining yuqori darajaga yetganligi boisi ham shunda. Bunday zaharli omillar bir-biriga qo‘shilgan holda xalqimiz sog‘lig‘i uchun nihoyatda xatarli bo‘lgan ekstremal sharoitlarni keltirib chiqardi. Bu manzara ham respublikamizning tibbiy statistikasida o‘z aksini topgan.

Keyingi yillarda kamqonlilikning keng yoyilganligi ko‘p tilga olinayotir. Bu ayni haqiqat. Xo‘sh, u qanday sharoitlarda yuz berayapti? Ro‘y-rost aytish kerak, kamqonlikning bosh sababi oqsil yetishmovchiligi va boz ustiga quvvai-madora manbai bo‘lgan bu ne’matning zaharli ximikatlar ta’sirida battar nochor ahvolga tushayotganligidir. Serfarzand onalarda kamqonlikning juda yuqoriligi ham ularning homiladorlik davrida serquvvat taomlarga, oqsili ko‘p go‘sht-sut mahsulotlariga ehtiyoji oshishi va bu ehtiyojni ta’minlay olishning imkoni yo‘qligi bilan izohlanadi.

Oqsil yetishmovchiligi tufayli odam tanasining himoya kuchlari susayishini aytdik. Bu hol yuqumli ichak, sariq, sil kasalliklari keng yoyilishining asosiy sabablaridan biri bo‘lib turibdi. Bolalarda yuqumli ichak kasalliklari va ayniqsa, ona sutidan ajralgandan so‘ng kelib chiqadigan “diareya” xastaligi uglevodlari ko‘p-u, ammo oqsili kam bo‘lgan ovqatlarga o‘tilishi bilan bog‘liqdir. Allergik kasalliklarning ko‘payishi va umuman ovqat bilan bog‘liq allergiyaga moyillik iste’mol mahsulotlarining sifatsizligi, kimyoviy moddalar ta’siriga duchor bo‘lganligi tufaylidir. Kasalliklar, xususan bolalar o‘rtasidagi xastaliklar ko‘pligining bosh sababi ham aslida oqsilga boy, to‘yimli taomlarning taqchilligi bilan izohlanadi. «Pravda Vostoka» gazetasida e’lon qilingan «Go‘sht o‘rniga makaron» deb nomlangan maqolada Farg‘ona oblast xalq ta’limi bo‘limining inspektori E. Oxunjonov shunday ma’lumotlarni tilga oladi: «O‘tgan yili oblastning qishloq maktablari oshxonalarida kuni uzaytirilgan gruppalar uchun ishlatilgan go‘sht har bir o‘quvchi hisobiga kunnga 5 grammdanga to‘g‘ri kelgan». Demak, 200 o‘quvchining qorni bir kilo go‘sht bilan «to‘yg‘azilgan». Bu aqlga sig‘adigan gapmi? Paxta mustaqilligiga erishgan yurt, rivojlangan sotsializmni bezaydigan faktmi? Qoraqalpog‘istonlik bir uchastka vrachining iqror bo‘lishicha, o‘ziga to‘q oilalarga u juda kam boradi. Sababi, bunday oilalarda kasallik kamligi uchun uni yo‘qlashmaydi…

Tekshirishlarimiz ko‘rsatayotganidek, kasalliklar bir qadar kamaygan hollar qayerdaki bo‘lsa — bu o‘sha joyda ovqat sifati yaxshilanganligi, uning tarkibi boyib, rang-barang va to‘yimli bo‘lib borayotganligi bilan bog‘liq tarzda kechayotir. Ammo antropometrik ma’lumotlar hali respublikamiz aholisida bu boradagi rivojlanish dryarli sezilmayotganini ko‘rsatyapti. Harbiy komissariatlarning ma’lumotlarini tilga olmasdan ham bemalol aytish mumkinki, balog‘atga yetgan hisoblanib, xizmatga chaqirilayotgan yoshlarimiz o‘smirlardan kam farq qiladi. Bu onalarning homiladorlik jarayonlarida, bola tug‘ilgandan keyingi emizish oylari va so‘nggi parvarishlar davomida ularning organizmida oqsil moddasi yetishmasligi oqibatidir. Bunday shart-sharoitlarda dunyoga keladigan bolalarning odatda vazni kam, bo‘yi past va ushoq, turli kasalliklarga moyil va o‘lim xavfi ko‘proq bo‘ladi. Respublikamiz bolalar o‘limi ko‘pligi jihatidan Ittifoqda oldingi o‘rinlardan birida ekanligi, bu noxush manzara bizda mamlakat bo‘yicha o‘rtacha dvrajadan ikki baravar, Yaponiyaga nisbatan esa o‘n baravar ko‘pligining sababi ham shunda. Aynan bolalar o‘limi va o‘rtacha umr ko‘rish darajasi u yoki bu mamlakat va region aholisining farovonligi, turmush tarzi nechog‘lik ekanligini ko‘rsatuvchi muhim belgidir.

Butunittifoq XIX partiya konferentsiyasi materiallarida mamlakatni oziq-ovqat bilan ta’minlashni yaxshilash ulkan sotsial-siyosiy masala sifatida qayd etib o‘tildi. Bugun bu masala jamiyat hayotining eng keskin va eng mushkul muammosi bo‘lib turibdi. O‘ebekistonda esa oziq-ovqat problemasi bilan bog‘liq vaziyat yanada keskinroqdir. Go‘sht bozorda davlat narxidan uch-to‘rt baravar qimmat. Ko‘p bolali, kamxarj oilalarning bunga qurbi yetadimi? Yetmaydi. Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad ham mamlakat bo‘yicha olib qaraganda, bizda ancha past, ayniqsa, aholining 60 foizi istiqomat qiladigan qishloq joylarida bu hol keskinroq tarzda namoyon bo‘lib turibdi. Sug‘oriladigan maydonlar cheklangan sharoitimizda bir tusda rivojlangan paxtachilik hammani yuqori daromadli ish bilan yetarli darajada ta’minlay olmaydi. Xo‘jalik yuritishning yangi formalari qo‘llanilishi munosabati bilan kelajakda bu tendentsiya yanada kuchayadi.

Yana statistik ma’lumotlarga murojaat qilaylik. O‘zbekistonda qishloq aholisi jon boshiga yiliga 8 kilogrammdan go‘sht to‘g‘ri keladi. Bu Estoniya qishloq aholisinikidan o‘n baravar kam. Buning ustiga oqsilga boy baliq, tuxum, sut va sut mahsulotlari ham bu yerda bir necha baravar kamligini aytdik. Mamlakatning biron joyida oziq-ovqat mahsulotlari bu qadar tanqis emas, biron joyda oqsilga boy ne’matlar kam bo‘la turib, yana uni shahar va qishloq aholisiga taqsimlashda bu qadar nomutanosiblikka yo‘l qo‘yilayotgani yo‘q. Shak-shubhasiz, bunday mushkul ahvol birinchi navbatda paxta monokulturasi, xo‘jalikning g‘oyatda kamtarmoqligi bilan bog‘liqdir.

O‘zbekistonda aholi jon boshiga 250 kilogrammdan paxta yetishtiriladi. Hamon paxta yetishtirishga ixtisoslashgan ekanmiz, ta’minot ham shunga yarasha to‘liq muvofiqlashtirilishi zarur. Qardoshlik udumi ham shuni taqozo qiladi Ya’ni borini birgalikda baham ko‘rish kerak.

Partiya va hukumatimizning turli hujjatlarida respublikalar va mamlakat regionlari iqtisodiy taraqqiyotidagi farqlar va nomutanosibliklarni tezroq bartaraf etish zarurligi qayta-qayta uqtirilmoqda. Ammo O‘zbekistonda bunday programma amalda yo‘q va hech kim qachon. qaysi yili biz umumittifoq darajasidagi ko‘rsatkichlarga chiqa olishimiz mumkinligini aytib bera olmaydi. Orol dengizini asrashning hozircha real programmasi bo‘lmagani singari bunday oziq-ovqat programmasi real ishlab chiqilmagan.

20 millionlik respublika aholisining oziq-ovqat ta’minoti bilan bog‘liq va uzoq yillar mobaynida orqaga surib kelinayotgan oqsil yetishmovchiligi muammosi bu borada zudlik bilan hal qiluvchi amaliy chora-tadbirlar belgilashni taqozo etadi. Bu sohadagi qoloqlikni bartaraf etishning yagona yo‘li respublika qishloq xo‘jaligi tarmoqlari strukturasini o‘egartirish va uni kooperatsiya to‘g‘risidagi yangi qonunlarga muvofiq qayta qurmoqdir. Hozircha yetishtirilgan paxtaning 7 protsentigina respublikada qayta ishlanib, qolgan 93 protsenti boshqa regionlarga jo‘natilmoqda. Shunga qaramay, hozir ayrim matbuot sahifalarida o‘ylamay-netmay «paxtakor respublikalarning boshqalarga boqimanda bo‘lib qolayotgani» xususida asossiz da’volar uchrab turibdi. Holbuki, paxta xomashyosi asosan qayta ishlanib, realizatsiya qilinadigan joylarning daromad manbaiga aylanishini eslab o‘tish ortiqchalik qilmaydi. Endilikda xo‘jaliklarni qat’iy plan buyurtmalari o‘rniga dala mehnatkashlarining moddiy manfaatdorligidan kelib chiqqan holda aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘la ta’minlash imkonini beruvchi sohalar asosida ixtisoslashtirish maqsadga muvofiqdir. Oziqli ekinlardan yiliga 2—3 hosil olish mumkin bo‘lgan bizning iqlim sharoitimizdan ham to‘g‘ri foydalana bilishimiz zarur.

Ekonomikani va xalq farovonligini o‘stirish yo‘lida amalga oshiriladigan bunday tub o‘zgarishlar shubhasiz aholining sihat-salomatlik darajasiga juda tez ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, Xitoyda yosh aholini keng ko‘lamda tekshirishdan o‘tkazish natijalari shundan dalolat bermoqda. Mutaxassislarning guvohlik berishlaricha, Xitoyda amalga oshirilgan iqtisodiy islohotlar natijasida aholining sihatligi, binobarin, jismoniy rivojlanish xususiyatlarida (xususan, kishilarning bo‘yi, vazni, ko‘krak qafasining hajmi va h. k.) bir qadar ijobiy o‘zgarishlar qayd etilgan. Bu aholining sihat-salomatligi bilan oziq-ovqat ta’minoti, uning sifati va ratsional ekonomika o‘rtasida chambarchas bog‘liqlik borligini ko‘rsatuvchi ob’ektiv misoldir. Shuning uchun ham qishloq xo‘jaligimizni tubdan qayta qurish, ma’lum shart-sharoitlarni hisobga olgan holda, ehtimol, mamlakatning boshqa regionlariga nisbatan ham yanada jiddiyroq qayta qurmoq lozimdir.

Hozirgi paytda birinchi darajali vazifa chorvachilik uchun ozuqa bazasini vujudga keltirishdan iborat. Parrandachilik, quyonchilik va bizning sharoitimizda ancha samarali bo‘lgan baliqchilikni rivojlantirish ham katta istiqbollar ochadi. Bu o‘z navbatida almashlab ekilayotgan beda va oqsili ko‘p paxta kunjarasi asosida servitamin kontsentratlar ishlab chiqaruvchi zamonaviy biotexnologiya korxonalari qurishni zaruriy shart qilib qo‘yadi. Hozir respublikada oqsil taqchillig‘iga qaramay, hatto paxta kunjarasining 70 foizi boshqa joylarga yuborilmoqda.

Yana bir muhim omilni ko‘zdan qochirmaslik kerak. Hammaga ma’lumki, odatda har bir kishi statistika bo‘yicha o‘ziga to‘g‘ri keladigan go‘shtni ham olish imkoniga ega emas. Xo‘sh, biz qishloqlardagi barcha kishilar yiliga 8 kilogrammdan go‘sht iste’mol qilayapti deb ayta olamizmi? Yo‘q, albatta. Chunki 8 kilogramm — bu o‘rtacha ko‘rsatkich. Ehtimol, vaqtinchalik bo‘lsa ham kartochka sistemasini joriy etib ko‘rish kerakdir? Xo‘sh, qanday qilib 8 kilogramm go‘shtni 12 oyga taqsimlaymiz? Yoki 12 oyga to‘g‘ri keladigan 800 gramm baliqni-chi? Ha, qora ikrani emas, baliqning o‘zini!

Respublikaning mavjud go‘sht mahsulotlari fondi territoriyalar bo‘yicha to‘g‘ri taqsimlaiishini yo‘lga qo‘yish kerak. Toki, go‘sht mahsulotlarini barchaga barobar taqsimlashda sotsial adolat qaror topib, ko‘pbolali, kamxarj oilalarning unga dasti yetadigan bo‘lsin. Bizning aholi tig‘iz joylashgan va tez o‘sayotgan, demografik jihatdan ancha aktiv shart-sharoitimizni, sug‘oriladigan maydonlarning cheklanganligini hisobga olib, qishloq xo‘jaligi ekonomikasining yo‘nalishlarini tubdan o‘zgartirish, uni oziq-ovqat ta’minotiga, aholini ish bilan band qilishga, atrof-muhitni va umuman jamiyatni sog‘lomlashtirishga kafolat beradigan yo‘nalishlarga muvofiqlashtirish nihoyatda zarurdir.

Respublika qishloq xo‘jaligi tarmoqlari strukturasini o‘egartirish, uni qayta ko‘rib chiqishni xohlamaslik esa konservativ aqidalarga yopishib olishning aynan o‘zidir. Bu chinakam qayta qurishga bo‘yin bermaslik, ehtimol, uning ob’ektiv earurat ekanligini tan olmaslik natijasidir. O‘zbekistonda planlashtirish sohasidagi «beozor xatolar» tufayli mana shunday ekologik va oziq-ovqat krizisi kelib chiqdi Bu shak-shubhasiz, jamiyatning boy berilgan imkoniyatlaridir. Endi ahvolni shu tahlitda davom ettirishga haqimiz yo‘q.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 1 yanvar

O‘xshash maqolalar: