Azim Suyun. Yaponiya jannat emas, ammo… (1991)

Bundan ikki-uch yil burun kunchiqar mamlakati hisoblanmish olis Yaponiyada «Yaponcha-o‘zbekcha lug‘at» nashr etilganligini eshitib hayratlangandim. Yaqinda esa o‘zbek tilida gapira oladigan va yoza oladigan yapon olimi — Tokio dorilfununi adabiyot kulliyoti dotsenti, sharqshunoslik kutubxonasining ilmiy xodimi Xisao Kumatsu bilan tanishib juda xursand bo‘lib ketdim.

To‘g‘risi, til bilish odatiy hol hisoblanishi kerak. Xorijiy davlatlarda aslida ham shunday. Lekin shundoq yonginangda o‘z ona tilini — o‘zbek tilini bilmay, bilishni istamay, bilsa ham «yumaloq yostiq» qilib gapiradigan, gapirsa ham o‘z fikrlarini ikki enlik qog‘ozda ifoda etolmaydigan jujun (manqurt)larni ko‘raverib… yoki O‘zbekistonda yetmish yildan buyon yashab, o‘zbek tilining «o‘» harfini ham «hazm» qilolmay kelayotganlarning goh ochiq, yashirin ta’na-dashnomlarini eshitaverib… sabr-toqat bilan kun kechirayotganingda… birdan bir yapon sen-la ona tilingda erkin, ravon suhbat qursa, gurunglashsa hayratlanmay, sevinmay bo‘ladimi, axir?!

Xisao Kumatsu jahondagi har tomonlama rivojlangan davlatning farzandi. Elektronlashtirilgan, kompyuterlashtirilgan mamlakat olimi. Ammo g‘oyat samimiy, nozikta’b, muloyim, xushfe’l inson.

«Yaponlarning ham armoni bormi?» — deb so‘radim undan yarim hazil, yarim chin ohangda. «Armonsiz odam, hatto armonsiz davlat bo‘lmaydi, — dedi u jilmayib. — Bizning ham armonlarimiz ko‘p, ularni qo‘yaturaylik, biroq o‘sha texnikalashgan, mashinalashgan, robotlashgan diyorimizda tabiiy odamgarchilik, insongarchilik tuyg‘ulari taqchil bo‘lib borayapti. Aytaylik, bir ota-onaning ikki farzandi bir dasturxon ustida bemalol suhbatlashib o‘tirolmaydi. «Temirtan»lar bilan band, ular bilan ko‘proq «suhbat» qurishadi. Bunday hayot kechirish keyingi yillarda yoshlarimiz ichida sezilarli noroziliklarga sabab bo‘lmoqda. Temirlar hech qachon insonga insondek do‘st bo‘lolmaydi…»

Xisaoni, uning dardini tushungandek bo‘ldim. Ammo mening O‘zbekistonim bugun Yaponiya kabi mamlakatlar rivoji, taraqqiyoti sari intilmoqda. Men unga shu haqda so‘zlab berdim. Xisao ham meni tushungandek bo‘ldi. Taraqqiy etish yo‘llarini o‘zicha sharhyaadi.

«Eng avvalo, — dedi u, — hamma sohada birday ish yurituvchi til — o‘z ona tilingiz bo‘lishi kerak. Faqat ona til orqaligina inson siyratidagi bor mavjud imkoniyat yuzaga chiqadi! Ona til bilangina asl ma’rifatga erishiladi. Milliy kadrlar paydo bo‘ladi. Axir, ona tilda ish yuritilmasa haqiqiy yurt egalari qayoqdan tug‘iladi? Begona tillilar… sizning Vataningiz uchun emas, o‘z shaxsi va o‘z vatanlari manfaati, deya goh oshkora, goh yashirin holatda harakat qiladi. Inson tabiatan shunday yaralgan.

Mamlakatingiz taraqqiyotga erishaman desa, tezroq chin istiqlolga — mustaqillikka ega bo‘lmog‘i kerak! Mustaqillik yagona bo‘ladi. Uning iqtisodiy, siyosiy… kabi turlari yo‘q.

Mustaqillikka erishgan mamlakat, albatta, birinchi galda o‘z ichki imkoniyatlarini ishga soladi, chet davlatlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa qiladi. O‘zbekistonning ichki imkoniyatlari juda katta. Men ishontirib aytamanki, Yaponiyada ham bunday imkoniyat yo‘q. Tangri bergan saxiy oftob, tabiiy boyliklar, tengsiz iqlim… eh-he, O‘zbekistonning kelajagi porloq!

Tag‘in bir gap. O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iston, Tojikiston, Turkmaniston har bir jabhada qadimgi Turkiston kabi hamjihatlik bilan ish yuritish zaruriyat bo‘ladi. Axir, yo‘lingiz bir, suvingiz bir, havoingiz, tuprog‘ingiz bir! Taqdiringiz bir! Xabarim bor… Xalqlaringiz orasidagi nifoq — uzoq qullik zanjirlarining uzilishiga emas, balki, yanada yashovchanligiga xizmat qiladi!

Yaponiya jannat emas, ammo mustaqil davlat. Uning baxti faqat shunda!»

Xisao Kumatsuning bu mulohazalari mening uchun yangilik emas. Yigirma-yigirma besh yildan buyon shunday o‘ylab kelaman. Lekin buyuk bir mustaqil davlat olimi fikrlari bilan o‘zimning qarashlarim xosu mos, mushtarakligidan, rosti, ichimda xursand bo‘lib qo‘ydim. Uning gaplarini jim turib eshitdim.

Xisao «O‘zbekiston taraqqiyot talabi bilan ham mustaqillikka erisholmasligi mumkinmi?» degan savolimga «Ha, chin demokratik kuchlar, partiyalar xilmaxilligi bo‘lmasa mumkin, uzoq davom etishi mumkin!» — deya qat’iy javob berdi.

Shundan so‘ng uni tarix, adabiyot, san’at doirasidagi suhbatga tortdim. O‘zi, qilayotgan ishlari haqida so‘zlab berishni iltimos qildim. U rozi bo‘ldi.

— 1951 yil 28 fevralda tug‘ilganman. Lekin bu muhim emas. Muhimi: yigirma yildan buyon XIX asrning ikkinchi yarmidagi va XX asr boshlaridagi Turkiston tarixi, adabiyoti bilan shug‘ullanib kelishim. Asosiy ishim Fitrat faoliyati va ijodi haqida.

«Fitratning «Munozara» asari haqida qaydlar» degan ilmiy risolam 1981 yilda Anqarada nashr etilgan. «Fitrat va «Yosh buxoroliklar»ning fikr harakatlari tadriji» degan risolam esa ingliz tilida chiqqan. Bundan tashqari «Buxoro mahallalariga doir», «Buxoro va Qozon», «O‘rta Osiyo musulmonlarining ahvoli», «Toshkent eshonlari», «Andijon qo‘zg‘oloni va Madali eshon», «Qo‘qon va Istanbul» singari maqolalarim turli manbalarda e’lon qilingan.

Turkiyada uch yil tadqiqotlar olib bordim. Turk va o‘zbek tillarini shu yerda o‘rgandim…

Ha, Xisao o‘zbek, turk tillariga samimiy muhabbat qo‘ygan. U bundan tashqari ingliz, rus tillarini ham puxta egallagan olim. Xisaoning til bilishdagi yutuqlarini ko‘rib, o‘zimizning bechora «tilsiz» olimlarimizning noshudligini esladim. Ko‘pchiligi hatto o‘z ona tillarida erkin gaplashishni bilishmaydi-ya, yozib-chizishni-ku qo‘yavering!

Xisaoning aytishicha, umuman hozir Yaponiyada, o‘zbek tilini bilishga qiziqish kuchaygan. Kiato universitetida chig‘atoy-o‘zbek tili o‘qitilayapti ekan. Mano degan professor Zahiriddin Muhammad Boburning «Boburnoma»sini yapon tiliga tarjima qilibdi. Bir qancha mutaxassislar nazarlari Alisher Navoiy, Abulg‘oziyxon, «Shayboniynoma» muallifi Muhammad Solih, Ubaydullaxon va boshqa shoir, olim, davlat arboblari ijodi, hayoti, faoliyatlarini o‘rganishga qaratilmoqda ekan. Eng muhimi, o‘zbek tilini o‘rgatuvchi darslik yaratilibdi…

Xisaodan bunday qiziqishlar izohini so‘raganimda, quyidagicha javob berdi: — Bizning hisob-kitobimizga qaraganda, dunyodagi jamiki o‘zbeklar soni yigirma to‘rt millionni tashkil etadi. Bunday qadimiy va katta xalqning jahon tsivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi ham beqiyos! Shunday ekan, Yer yuzidagi har bir o‘zini bilgan millat o‘zbek tilini, tarixini, madaniyatini, adabiyotini, san’atini o‘rganmasligi, unga e’tiborlarini qaratmasligi mumkinmi?..

Yaponiyada o‘zbeklar yashash-yashamasligi bilan ham qiziqdim. «Bilishimcha, — deydi u — bizda ozchilik — uch-to‘rt oilagina yashaydi, ammo qondoshlaringiz tatarlar bilan bir yuz yigirma-bir yuz ellik oilani tashkil etadi. Yaqinda Yaponiya hukumati bu musulmonlar uchun alohida masjid qurib bermoqchi. Ular o‘z urf-odatlari, rasm-rusumlarini unutgan emas».

Xisao Kumatsu bugungi O‘zbekiston bilan bir olim sifatida chuqurroq tanishga harakat qildi. U Samarqand, Buxoro, Andijon viloyatlari safarida bo‘ldi. «O‘zbekiston tarixiy yodgorliklari va madaniyatini saqlash jamiyati»da, Toshkent tumani «Lenin yo‘li» davlat xo‘jaligida ajoyib gurunglar berdi. Filologiya fanlari nomzodlari, olimlar Ortiqboy Abdullayev, No‘monjon Rahimjonov, «Yodgorlik» ilmiy-ishlab chiqarish firmasining bosh direktori Amirsaid Usmonxo‘jayev va kamina Xisao suhbatlaridan bahramand bo‘ldik. Dunyoning bir chetida o‘zbek tilini o‘rganib, xalqimiz tarixini, madaniyatini olamga o‘zicha tanitayotgan yapon do‘stimizdan minnatdorligimizni yashirib o‘tirmadik, unga, yapon xalqiga atalgan yaxshi so‘zlarimizni aytdik.

«Xalqlar, davlatlar iltifoqi ikki kishining oddiy muloqotidan, do‘stligidan boshlanadi, mana bizlar do‘st bo‘ldik, endi navbat O‘zbekiston va Yaponiyaga…» — deydi Xisao shirin jilmayib.

Xisao Kumatsu Qozonga uchib ketdi. Undan Istanbulga o‘tadi. U o‘z vataniga borganidan so‘ng ilmiy ishlar bilan shug‘ullanishidan tashqari biror yapon maktabida o‘zbek tilidan dars bermoqchi!

Omad senga yor bo‘lsin, o‘zbekning do‘sti, do‘stim Xisao Kumatsu!

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati», 1991 yil 16 avgust.