Olimlarning hisob-kitobiga ko‘ra, inson bir sutkada o‘rtacha 1,5 kilogramm oziq-ovqat, 2,5 litr suv iste’mol qilar ekan. Odam o‘pkasi esa bir sutkada 13 kubometr havoni yutib chiqaradi. Bu butun bir boshli temir yo‘l tsisternasi hajmiga teng. Odam ovqat yemasdan bir oycha, suvsiz — uch kun yashashi mumkin. Biroq havosiz ikki-uch daqiqadan ortiq yashay olmaydi. Aynan shuning uchun ham odamzod o‘z turmushida biron-bir narsaga muhtojlik sezsa, «havodek zarur»ligini ta’kidlaydi. Buyuk bobomiz Abu Ali ibn Sino g‘ubor va tutun bo‘lmasa, inson ming yil yashardi, deb behudaga aytmagan. Mana shuning uchun ham biz iste’mol qilayotgan oziq-ovqatimiz sifatli va to‘yimli, ichayotgan suvimiz toza, nafas olayotgan havomiz musaffo bo‘lishi haqida qayg‘urishimiz kerak.
Shamolsiz; havo dim paytlarda osmono‘par binolar ustiga chiqib yoki tayyoradan Toshkent osmoniga razm solganmisiz? Bunday paytlarda shahar ustida ko‘kish-qoramtir tusdagi iflos havo qatlami paydo bo‘lib, muallaq turib qoladi. Shunda shaharning shimoliy va g‘arbiy sarhadlariga razm solsangiz, xira parda ichida ko‘rinadi, janubiy va sharqiy tomonlarida esa hech narsani farqlab bo‘lmaydi, kishining nafas olishi og‘irlashadi, ayniqsa bo‘g‘ma kasaliga chalingan, yuragi xasta kishilar o‘zlarini yomon his qilishadi.
1952 yilning yozida London osmonida paydo bo‘lgan shunday iflos havo qatlami tumanga qo‘shilib pastlab, 4 ming kishining yostig‘ini quritgan. 1970 yilda Tokioda 8 ming kishini zaharlab, shifoxonaga yotqizgan.
Bu nima o‘zi, qaydan paydo bo‘ladi? Bu shahardagi o‘nlab zavod va fabrikalarning, qozonxonalarning mo‘rilaridan, shahar ko‘chalarida tong sahardan yarim kechagacha tinmay qatnaydigan minglab avtomobillarning motorlaridan chiqadigan har xil zaharli gazlardir.
Ochig‘i, men ilgari aholisi hozir 2 milliondan oshgan Toshkent shahrining havosi juda aynib ketganligini unchalik his etmasdim. Bir voqea bo‘ldi-yu, bu haqda ko‘p o‘ylay boshladim.
Bundan uch yil muqaddam Issiqko‘lga borib bir oy dam olib qaytdim. Cho‘lponotaga jo‘nab ketayotganimda iyun oyining boshlari, hali Toshkentdan bahor tafti ketmagan, havoning harorati ham u qadar yuqori emas edi. Issiqko‘ldan saraton kirganda qaytdim. Tayyoradan tushib, Toshkent tuprog‘iga qadam qo‘yganimni bilaman, dimog‘imga gup etib chang, tutun, qizigan asfalt hidi aralashmasidan iborat bo‘lgan badbo‘y bir hid urildi. Taksiga o‘tirib, shahar ichkarisiga tomon yurganimda havo battar og‘irlashayotgandek tuyulib, nafas olishim qiyinlasha boshladi. O‘zimda bo‘layotgan holatni taksichiga aytdim. U juda ziyrak, gapdon yigit ekan.
— Hozir qayerdan kelayapsiz, toshkentlikmisiz o‘zi? — deb so‘radi u.
— Ha, toshkentlikman, Issiqko‘ldagi «Oltin qum» pansionatida dam olib qaytayapman.
— Ha, tushunarli. Qalay, dam olishlar zo‘r bo‘ldimi?
— Chakki emas.
— Hech dalada yurib kelib hojatxonaga kirgan paytingiz bo‘lganmi? — deb daf’atan kulib gapni davom etkazdi taksichi.
— Bo‘lgan.
— Balli! Shunda hojatxonaning hidi dimog‘ingizni yorib yuboray deydi. Ammo u yerda biroz vaqt bo‘lsangiz, badbo‘y hidga burningiz o‘rganadi. Hozir sizda shunga o‘xshash holat yuz berayapti, aka. O‘tib ketadi, uyga borgach, qatiq iching.
Haqiqatda taksichi aytganiday bo‘ldi, biroz vaqt o‘tgach, qadrdon shahrimning qo‘lansa havosiga ko‘nikdim. Bu voqeani unutib yuborishim mumkin edi. Bir voqea bo‘lib yana esladim. Yaqinda qo‘limga «Argumentы i faktы» haftaligining 1990 yildagi 10-soni tushib qoldi. Unda 1988 yilda Toshkentda muqim manbalardan osmonga 50 ming tonna qurum ko‘tarilganligi yozilgan edi. Men toshkentliklarga atalgan bu «sovg‘a»da qaysi korxonaning ulushi qancha ekanligini aniqlash maqsadida Toshkent shahar tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasiga bordim.
— Bu raqam noto‘g‘ri, — deyishdi u yerda menga, — aslida toshkentliklar har yili yutayotgan zahar bundan ko‘proq.
— Nima, statistlar xatoga yo‘l qo‘yishganmi?
— Yo‘q, ular yanglishmagan. Biroq ikki asosiy manbani hisobga olishmagan.
— Qaysi manbalarni?
— Masalan, Toshkent GRESini. Bu energetika korxonasi garchi shahar tashqarisida bo‘lsa ham, uning baland mo‘rilaridan yil bo‘yi o‘rlayotgan 50 ming tonna (!) qurum deyarli butkul Toshkent ustiga tushayapti. Bu — birinchisi. Shahar havosini bulg‘ayotgan ikkinchi eng muhim manba shahar avtotransporti va aeroportidir. Shahar havosiga har kuni chiqayotgan zaharli gaz va islarning 60—65 foizi avtotransport ulushiga to‘g‘ri keladi.
— Shahar havosiga yil mobaynida jami qancha zaharli gaz chiqadi?
— 400 ming tonnaga yaqin.
400 ming tonna! Bu naqadar dahshatli raqam ekanligini tasavvur etish uchun bir faktni keltirish kifoya: Toshkent viloyati paxtakorlari 1990 yilda davlatga 350 ming tonna paxta sotdilar. Buni qarangki, Toshkent havosiga o‘rlayotgan zaxarli moddalar viloyat paxtakorlari yetishtirgan paxta hosilidan ham ko‘p ekan.
Men bu faktni bir biolog do‘stimga aytgan edim, u agar o‘n beshinchi asrda yashagan odam bir mo‘jiza bilan tirilib, Toshkentga kelib qolsa, bir haftada bo‘g‘ilib o‘lishi mumkin. Biz esa atrof muhitga birmuncha moslashganmiz. Tabiatdagi barcha tirik mavjudotlar singari inson organizmining ham moslashish xususiyati bor, dedi.
Ammo bu moslashishning ham ma’lum bir chegarasi bo‘lsa kerak. Mana shu chegaradan o‘tilgach, falokat boshlanadi. Bu falokatning belgilari esa hoziroq sezilib turibdi. Havoning zaharli gazlar bilan ifloslanishi va rak, bronxit, bo‘g‘ma kasalliklari orasida uzviy bog‘lanish borligi otsimlar tomonidan ishonchli dalillar asosida aniqlandi. Buni Toshkent shahri misoli ham yaxshi isbotlab turibdi. O‘zbekiston SSJ Fanlar akademiyasi onkologiya va radiologiya instituti ma’lumotlariga qaraganda, onkologik kasallar bilan og‘rigan bemorlar miqdori jumhuriyatimiz bo‘yicha har yuz ming aholiga 88—90 nafarni, Toshkent shahri bo‘yicha esa 167—170 nafarni tashkil etayapti. Eng tashvishlisi, bu miqdor yil sayin o‘sib borayapti. Shahar bolalari orasida o‘pka kasalliklari bilan o‘layotganlar ham ko‘p.
Shaharda ilgari 130 xil qush bo‘lardi. Bog‘lar kamayib, havo ifloslangach, 80 xil qush qoldi.
Biz hozir faqat Toshkent shahri haqida so‘z yuritayapmiz. Aslida Chirchiq daryosi vohasida joylashgan Toshkent shahri va viloyati yaxlit jug‘rofiy tumanni tashkil etadi. Bu tumanda hozir O‘zbekiston aholisining beshdan bir qismi (4 million 200 mingdan ortiq), jumhuriyat sanoat korxonalarining 40 foizi joylashgan. Chirchiqdagi kaprolaktam, elektroximiya zavodlari, Olmaliqdagi qiyin eriydigan va o‘tga chidamli metallar kombinati mo‘rilaridan ko‘kka o‘rlayotgan zaharli gazlarni tog‘dan esgan shabada bir zumda Toshkentga yetkazib keladi. Shuning uchun ham Toshkent shahri va viloyatida havoning bulg‘anish darajasi deyarli bir xil. Bu ahvolning odamlar salomatligiga ham, tabiatga ham yetkazayotgan zarari nihoyatda katta.
Kalinin tumanidagi Xonobod qishloq Soveti Toshkent shahrining shundoqqina yonida, Qo‘yliq bilan Sergeli oralig‘ida joylashgan. Yaqinda shu qishloqlik muallim Yo‘ldosh Asqarov menga shunday dedi:
— Germaniya Federativ Jumhuriyatida har ming aholi orasida yoshi yuzdan oshgan kishilar o‘rtacha 27 nafarni tashkil etar ekan. Bizning qishlog‘imizda esa hozir 25 ming aholi yashayapti. Ammo bular orasida yoshi yuzdan oshganlari bitta ham yo‘q.
Bu fikr meni o‘ylantirib qo‘ydi. Asli men ham xonobodlikman. Ilgari bu qishloqda yoshi yuzdan oshganlar anchagina edi, hatto ularning ismlari ham yodimda: To‘xta buva, Yo‘ldosh buva, Pardaboy buva, Shakar buvi, Bashor buvi… Hozir esa mana shu otaxonlar va onaxonlarning farzandlari, nevaralari bo‘lgan kishilar oltmish-etmishga borib-bormay munkillab, dumalab ketishayapti.
Biz shu paytgacha o‘lkamizda bolalar o‘limi darajasi yuqoriligi haqida ko‘p gapirib keldik. Aslida, bunday sinchiklab qarasak, kattalar umri ham uzayish o‘rniga qisqarayotgan ekan-ku. Xo‘sh, buning sabablari nimada? Men bu hodisaning uchta asosiy sababi bor, deb bilaman: birinchidan, havo, suv va tuproq tarkibi buzildi. Ikkinchidan, Stalin ijod qilgan kazarma sotsializmi shaxs erkini tortib olib, hammani maosh oladigan yollanma qulga aylantirib, inson hayotining halovatini yo‘qotdi. Uchinchidan, turmush kechirish osonlashish o‘rniga, yil sayin qiyinlashib borayapti.
Bir kun Oloy bozorida bir gektarchi dehqon bilan suhbatlashib qoldim. U Bo‘kagacha bo‘lgan hududda qovun bitmayotganligini aytdi.
— Buning sababi nimada? — deb so‘radim undan.
— Havo, suv aynidi, aka. Palak ekinlari juda nozik bo‘ladi, toza havo va suvni xohlaydi.
— Ilgari qanday edi?
— 30—40 yil burun bunday balo yo‘q edi. Yangiyo‘l tumanining ilgarigi nomi qanday bo‘lganligini bilasizmi?
— Bilaman, Qovunchi deyishgan.
— Balli! Hozir o‘sha Qovunchi tumanida qovun u yoqda tursin, hatto pomidor, bolg‘ar qalampiri eksangiz ham pishishga ulgurmay palagi bujmayib qolayapti. Ilgari bu yerlarda dehqonlarning 8—10 yillik qulupnayzorlari bo‘lar edi. Hozir esa qulupnaylar bir marta hosil berayapti-yu, qurib, tamom bo‘layapti. Uzumlarning g‘o‘rasi yetilmay «kul» tushib ketayapti, olma va nashvatilar gulini to‘kib yuborayapti.
Bu faktlar tabiat yaxlitligini, unga nisbatan yo‘l qo‘yilgan befarqlik faqat sog‘ligimizga emas, balki dasturxonimiz to‘kinligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishini isbotlaydi. Aynan shuning uchun jumhuriyatimizning barcha viloyatlari va yirik shaharlari qatori Toshkentda ham tabiat muhofazasi shu kunning dolzarb masalasi bo‘lishi lozim. Bu ishga esa shahar tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi bosh-qosh bo‘lishi kerak. Bu qo‘mita o‘z faoliyatini boshlaganiga ikki yildan oshayapti. Uning 60 nafarga yaqin xodimi bor. Ko‘rinib turibdiki, hali qo‘mita jamoasi nisbatan yosh, tajribasiz. Ammo yangi qonun bo‘yicha mazkur tashkilotga katta huquqlar berib qo‘yilgan. U shahar havosini normadan ortiq bulg‘ayotgan istalgan korxona ishini to‘xtatib qo‘yishi mumkin.
Shu o‘rinda quyidagicha savol paydo bo‘ladi: mazkur qo‘mita tashkil etilgunga qadar ham shaharda tabiatni muhofaza qilishga mutasaddi bo‘lgan biron-bir tashkilot bormidi? Ha, bor edi. Bular — shahar sanitariya-epidemiologiya stantsiyasi, O‘zbekiston tabiiy muhit ifloslanishini kuzatish markazi va boshqalar. Ammo shu paytgacha shaharda tabiatni bulg‘ash bo‘yicha nimaiki nojo‘ya ishlar qilingan bo‘lsa, deyarli hammasi mazkur tashkilotlarning fatvosi yoki loqaydligi oqibatida sodir bo‘lgan. Endilikda shaharda tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi yeng shimarib ishga kirishayapti. Ammo boshqaruvning hozirgi ma’muriy-buyruqbozlik usuli mavjud bo‘lsa, yaxshi niyatlar bilan tashkil etilgan mazkur tashkilot ham qog‘ozbozlik bilan shug‘ullanadigan ko‘plab tashkilotlarning biriga aylanib qolishi aniq. Bu haqda menga mazkur qo‘mitada ishlayotgan xodimlarning o‘zlari gapirishdi. Chunki, ular hozirning o‘zidayoq joylarga borib, amaliy ish bilan shug‘ullanish o‘rniga, ko‘proq yuqori tashkilotlarga har xil spravkalar tayyorlash bilan ovora bo‘lmoqdalar. Hozirgi ahvolida bu tashkilotni tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi deyish ham qiyin. Sababi, qo‘mitada havo tarkibini o‘lchaydigan bitta ham uskuna, bironta ham asbob, bironta ham ko‘chma laboratoriya yo‘q.
— Keyingi davrda qo‘mita xodimlari havoning bulg‘anishini kamaytirish bo‘yicha qanday ishlarni amalga oshirdilar? — deb so‘rayman qo‘mita raisining o‘rinbosari S. V. Samoylovdan.
— O‘tgan yili (1989 y.) shahar havosiga chiqayotgan zaharli gazlarni 18 ming tonnaga kamaytirishga muvaffaq bo‘ldik, — dedi u. — Ammo shahardagi korxonalar kengayishi, shu paytgacha noma’lum bo‘lgan manbalar aniqlanishi natijasida osmonga o‘rlayotgan chiqindilar 16 ming tonnaga ko‘payib, biz erishgan ijobiy ko‘rsatkichni qariyb yo‘q qilib yubordi.
Demak, harholda tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi xodimlari ishlashayapti-ku, lekin shaharda yuzaga kelgan ekologik tanglikni hali-beri bartaraf etishlari qiyin. Chunki shahardagi ekologik vaziyat o‘zida ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy masalalarni, fan-texnika taraqqiyoti, madaniy va ma’naviy jarayonlarni aks ettirgan murakkab muammodir.
* * *
Mutaxassislarning hisobicha, o‘rtacha avtomobil bir yil ishlaganda havoga 800 kilogramm uglerod okisi, taxminan 40 kilogramm azot okisi, 200 kilogramga yaqin turli xil uglevodorodlarni chiqarar ekan. Hozir esa Toshkentda 200 mingdan ortiq avtomobil bor, shundan 150 mingi shaxsiy avtomobil. Mana shu raqamlarning o‘zi shahar havosining bulg‘anishiga avtotransport qo‘shayotgan ulush salmoqli ekanligini ortiqcha izohsiz isbotlab turibdi.
Yig‘ilishlarda texnik jihatdan soz bo‘lmagan shaxsiy avtomobillarning nomerlarini ayamasdan olib qo‘yishga qayta-qayta da’vatlar bo‘lishiga qaramay, havoni normadan ortiqcha bulg‘ash hollari ko‘p uchrayapti. Bu ahvolning turli sabablari bor. Eng asosiylari esa nazoratning sustligi, texnik xizmatning yomonligi, ehtiyot qismlarning yetishmasligi va qimmatligi, toza yoqilg‘ining kamligi kabi sabablardir. Masalan, yoqilg‘i masalasini olaylik. Ma’lumki, benzin yonishi natijasida hosil bo‘lib, havoga tarqaladigan zaharli moddalar orasida eng xavflisi etildan ajraladigan rux (tsink)dir. Moskva, Leningraddagi avtotransport vositalari allaqachonoq etilsiz yoqilg‘i ishlatishga o‘tishgan. Toshkentga esa yoqilg‘ini asosan Chimkent neftni qayta ishlash zavodi yetkazib beradi. Lekin bu korxona hali etilsiz benzin ishlab chiqarishga o‘tgani yo‘q. Bu ham mayli. Toshkent avtokorxonalari va benzokolonkalari olayotgan yoqilg‘ining odatdagidan iflosligining boshqa sabablari ham bor. Chimkent — Toshkent neft quvuri yakkayu-yagonadir. Uning ikkinchi navbatini qurish haqida anchadan beri gap-so‘zlar bo‘layotganligiga qaramay, hali amaliy ishga o‘tilgani yo‘q. Natijada Toshkent Chimkentdan olayotgan barcha neft mahsulotlari — dizel yoqilg‘isini ham, mazutni ham, benzinni ham bitta quvurdan oqizishga to‘g‘ri kelayapti. Buning oqibati nima bo‘layapti? Hozir shahardagi avtomobillarda ishlatilayotgan benzinlar iflos, ularning tarkibida 20 foizgacha boshqa xil neft mahsulotlari bor. Bakiga sifatsiz benzin solingan avtomobil korbyuratori yomon ishlaydi va tez ishdan chiqadi. Korbyuratori yomon ishlagan avtomobilda yoqilg‘i chala yonib, havoga ko‘p zaharli moddalar chiqadi.
Avtotransport vositalarini tabiiy gaz bilan ishlashga o‘tkazish Toshkent shahrida bundan o‘n yilcha burun boshlangan. Bu ishda shahardagi 3-taksopark jamoasi tashabbuskor bo‘lgan. Lekin oradan shuncha vaqt o‘tganiga qaramay, bu masalada durustroq ilgariga siljishga erishilgani yo‘q. Biz buning sabablarini jumhuriyat avtotransport vazirligiga qarashli O‘zbekiston avtotransport texnikasi ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi atrof muhitni muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i T. V. Lepadan so‘radik.
— Shu paytgacha 9 ming avtomobil qisilgan va suyultirilgan gazda ishlashga o‘tkazildi,— dedi u. — O‘n uchinchi besh yillik oxirigacha yana 6 ming avtomobil gaz bilan ishlashga o‘tkazilishi kerak. Lekin Ryazan gaz uskunalari zavodi buyurtmalarimizni bajarmayapti. Shu boisdan,belgilangan rejani to‘la ado etish qiyin.
— Gazda ishlaydigan avtomobillar haqiqatda atrof muhitni benzinda ishlaydigan avtomashinalarga nisbatan kamroq bulg‘aydimi?—deb so‘rayman Tatyana Vasilevnadan.
— Qisilgan gazda ishlaydigan avtomobillar atrof muhitni benzinda ishlaydigan avtomobillarga nysbatan ikki baravar kam bulg‘aydi. Suyultirilgan, ya’ni neft mahsulotlaridan olingan gaz bilan ishlaydigan avtomobillar esa bir xil darajada bulg‘aydi.
Demak, O‘zbekiston sharoitida qisilgan gaz bilan ishlaydigan avtomobillarni ko‘paytirish, garchi atrof muhitning musaffoligini ta’minlash masalasini uzil-kesil hal etmasa ham, harholda istiqbolli ish ekan. Bu yerda masalaning ikkinchi muhim tomoni ham bor: gaz neftga nisbatan arzon. Buning ustiga jumhuriyatimizda gaz zapaslari neftga nisbatan ko‘p.
Shaharda gaz bilan ishlaydigan avtomobillarning ko‘payishiga gaz uskunalari yetishmasligidan tashqari, gaz to‘lg‘azish stantsiyalari tarmoqlari kengaymayotganligi ham xalaqit berayapti.
Bizda belgilangan sanitariya normasi bo‘yicha har bir avtomobil bir kilometr yurganda havoga chiqaradigan zaharli gaz 17 gramdan oshmasligi kerak. AQShda esa bu ko‘rsatkich 2,5 gramga teng. Bunday farqning sababi nimada? Bizda avtomobillar zaharli gazni zararsizlantiradigan qurilma bilan jihozlanmagan. AQShda, boshqa g‘arb mamlakatlarida esa bu masala allaqachonoq hal bo‘lgan. Keyingi paytlarda bizda ham bunday qurilma namunalarini yaratish uchun urinish bo‘layapti. Lekin ular yoki qimmatbaho, yoki texnik jihatdan takomillashmagan.
* * *
XX asrni avtomobil asri deyishadi. Bu transport vositasining dastlabki namunalari dunyoning yirik shaharlarida asrimiz boshida paydo bo‘lgan. Keyin uni ishlab chiqarish tobora ko‘payib, odamlar turmushidan mustahkam o‘rin ola boshladi. Bugungi kunda esa biz hayotimizni avtomobilsiz tasavvur eta olmaymiz. U uzog‘imizni yaqin, og‘irimizni yengil qiladigan ajoyib ko‘makchimizga aylanganiga ancha vaqt bo‘ldi.
Ammo dunyo shaharlarida avtomobillar ko‘payishi bilan turli xil tashvishlar ham paydo bo‘la boshladiki, buning birinchi ifodasini biz atrof muhitning bulg‘anishida, shaharlardagi shovqin darajasi ortib ketganligida ko‘rib turibmiz. Faqat shugina emas. Avtomobillar odamlarning umriga zavol bo‘layotganligi, ularni mayib-majruh qilib qo‘yayotganligi ham, bugungi kunimizning hodisasidir.
Amerika avtomobil mamlakati sanaladi. Bu mamlakatda avtomobil halokati natijasida Amerika butun tarixi mobaynida olib borgan urushlarda qurbon bo‘lganidan ko‘proq odam o‘lgan. Aytish mumkinki, amerikaliklar bu noxush hodisaning oldini olish uchun ko‘p ishlar qilishdi. Ammo hamon avariyalarga batamom chek qo‘ya olganlari yo‘q. Masalan, 1989 yilda AQShda 200 million (!) avtomobil bo‘lib, ko‘cha avtomobil hodisalari natijasida 50 ming kishi halok bo‘ldi, 3,5 million kishi tan jarohati oldi. Germaniya Federativ Jumhuriyatida 30 million avtomobil bo‘lgani holda har yili avtomobil hodisalari natijasida 1500 odam halok bo‘layapti.
Xo‘sh, bizda ahvol qanday? Sovet Ittifoqidagi avtomobillar miqdori AQShdagidan o‘n baravar kam. Ammo ko‘cha avtomobil hodisalari tufayli odamlarning halok bo‘lishi bo‘yicha biz AQShdan ham, GFJdan ham o‘zib ketganmiz. Masalan, Sovet Ittifoqida 1989 yilda 20 million avtomobil parki bo‘lgani holda 600 ming avariya yuz berib, 61 ming odam halok bo‘ldi, 300 ming odam tan jarohati oldi. Bu boradagi yillik o‘sish mamlakatimizda 12 foizni tashkil etmoqda.
Uzbekistonda har yili ko‘cha avtomobil hodisalari natijasida 3000 dan ko‘proq odam (shundan 300 nafari Toshkentda) halok bo‘lib, 18—19 ming odam tan jarohati olayapti. Boshqacha aytganda, jumhuriyatimizda har millionta avtomobil hisobida AQShdagidan olti baravar ko‘p, GFJdagidan 30 baravar ko‘p odam halok bo‘layapti. (Afg‘onistonda o‘n yil davom etgan urushda O‘zbekistondan 1500 kishi halok bo‘ldi).
Agar shunday ahvol davom etsa, mutaxassislarning hisob-kitobiga qaraganda, 2017 yilgacha mamlakatimizda 2 million kishi avtomobil g‘ildiraklari ostida qolib halok bo‘ladi, o‘n milliondan ortiq odam jarohatlanadi. O‘zbekistonda esa 120 ming odam halok bo‘lib, 700 ming odam mayib-majruh bo‘ladi.
Xo‘sh, bu ko‘ngilsiz hodisaning asosiy sabablari nimada? Avvalo yo‘llar yomon, avtomobillar sifatsiz va eng asosiysi — haydovchilar mas’uliyatsiz, surbet, yo‘l-transport harakati qoidalarini nazar-pisand qilishmaydi. Yo‘llarimizni olaylik. – 1990 yilda mamlakatimizda, nari borganda xalqaro standartga yaqinlashib keladigan 872 ming kilometr yo‘l bor edi. AQShda esa amalda etalon bo‘la oladigan 6 million kilometr yo‘l bor. Bu mamlakatdagi yo‘l qurilish sur’ati ham bizdagidan 5—6 baravar yuqori.
Jumhuriyatimizda avtomobil transporti va yo‘llari vazirligiga qarashli 39 ming 200 kilometr, xo‘jaliklar va tashkilotlarga qarashli 67 ming kilometr yo‘l bor. Ammo bu yo‘llar orasida 80 kilometr uzunlikdagi Toshkent — Olmaliq yo‘ligina xalqaro standart talablariga qisman javob beradi. Shunday bo‘lgach, ko‘cha avtomobil hodisalari bizda ko‘paymay, yana kimda ko‘paysin?
Umuman biz avtomobil ishqibozlari uchun yaratgan shart-sharoitlarimiz bilan maqtana olmaymiz. Avtomobillarni yoqilg‘i, ehtiyot qismlar, garajlar bilan ta’minlash, texnika xizmati ko‘rsatish ham tobora murakkablashib borayapti.
Shunday savol tug‘iladi: Avtomobillarga xizmat ko‘ngildagidek bo‘lmagan, yo‘llarimiz bugungi talabga javob bermayotgan, nisbatan ekologik toza avtomobillar hali yaratilmagan sharoitda bu sohada miqdor ketidan quvish to‘g‘rimi? Jumhuriyatimizda va uning poytaxtida avtomobillar nechtaga yetsa maqsadga muvofiq bo‘ladi? Texnikaga bo‘lgan haqiqiy ehtiyoj bilan «texnik» meshchanlikning chegarasi qayda? Bitta katta oilada bitta avtomobil bo‘lishini tabiiy hodisa hisoblash mumkin. Lekin hozirgi turmushimizda ikkita-uchtadan avtomobilli boyvachcha oilalar paydo bo‘layapti-ku, bu hodisani qanday izohlasa bo‘ladi?
Bizda ilgari o‘zimizni maqtab, g‘arbni har jihatdan yomonlash an’anasi bor edi. Hozir esa buning teskarisi bo‘layapti: g‘arb mamlakatlarini har jihatdan maqtab, o‘zimizdagi kamchilik va nuqsonlarni ayovsiz tanqid qilayapmiz. Buning qay biri to‘g‘ri? Ikkisi ham noto‘g‘ri, chunki biz hozir maqtayotgan mamlakatlarning yutuqlari bilan birga, muammolari ham borki, bundan ko‘z yummasligimiz kerak. Masalan, bir qator rivojlangan mamlakatlarda raqobat, foyda ketidan quvish yirik shaharlarda avtomobillarning ortiq darajada tiqilib ketishiga olib keldiki, bu o‘z navbatida boshqa o‘nlab muammolarni yuzaga keltirdi. Jumladan, AQShning yirik sanoat shaharlaridan bo‘lgan Los-Anjelesda 7 million aholi yashaydi, 5 million avtomobil bor. Bu ahvolni maqtab bo‘ladimi? Yo‘q, albatta. Yeki kapitalizm dunyosining yangi «ajdari» — Janubiy Koreyani olaylik. «Komsomolskaya pravda» ro‘znomasining 1991 yil 25 aprel sonida bosilgan «Odam baxtli bo‘lishi uchun qancha avtomobil kerak?» sarlavhali maqolada avtomobillarning beqiyos ko‘payib borayotganligi bu mamlakat uchun kulfatga aylanayotganligi haqida yozildi.
Ammo ko‘pchilik uchun avtomobil ermak emas, hayotiy zaruratdir. Odamlar qimmatli vaqtlarini bekatlarda behuda o‘tkazayotganliklaridan, hamisha tirband avtobuslarda yurib asablarini qaqshatayotganliklaridan, tayyoraga, poyezdga chipta topa olmay jonlari halak bo‘layotganidan shaxsiy avtomobilli bo‘lishga intilishadi.
Xo‘sh, biz o‘zgalar xatosini takrorlamasligimiz uchun, ko‘chalarda avtomobillar me’yorida, avariyalar nisbatan kam, havo musaffo bo‘lishi, odamlar esa istalgan manziliga qiynalmay yetib borishi uchun nimalar qilish kerak? Bu asli alohida bir mavzu, lekin qisqacha aytadigan bo‘lsak, jamiyatda odamlar xususiy avtomobilga ega bo‘lishdan ixtiyoriy voz kechadigan vaziyatni yuzaga keltirish uchun intilish kerak. Buning uchun avvalo yo‘llarga e’tibor berish, jamoat transportini jadal sur’atlar bilan ri-vojlantirish zarur. Ayniqsa, shaharlararo yo‘llar a’lo sifatli bo‘lishi, ularda qulay va shinam avtobuslar qat’iy grafik asosida qatnab turishi lozim.
Shahardagi avtomobillar miqdorini kamaytirish uchun esa birinchi navbatda ekologik beziyon transport vositalari bo‘lgan tramvay, trolleybus va metropoliten tarmoqlarini bundan buyon ham keng rivojlantirish lozim. Metropolitenning shahar markazidan chor tarafga va halqa yo‘l yoqalab qatnaydigan tarmoqlari tezroq qurilsa, ayni muddao bo‘lur edi.
* * *
— Keyingi davrda Toshkent avtokorxonalarida shahar havosining bulg‘anishini kamaytirish yo‘lida biron-bir durustroq tadbir belgilandimi? — deb so‘radim Tatyana Vasilevna Lepadan.
— Belgilandi, — dedi u, — shahardagi deyarli barcha avtokorxonalarda oshxona va dushxonalarga yilning aprel oyidan oktyabrigacha issiq suv beradigan, ekologik jihatdan mutlaqo beziyon geliotexnika o‘rnatdik. Bu uskunalar suvni 50—60 gradusgacha qizdirib bera oladi.
— Mana, buni yangilik desa bo‘ladi, — dedim xursand bo‘lib. — Axir shunday uskunalar yordamida shahardagi turar joy binolari, maishiy xizmat ko‘rsatish muassasalarini ham issiq suv bilan ta’minlab, qanchadan-qancha tabiiy gaz, ko‘mir va mazutni tejash, bundan ham muhimi, shahar havosining ancha tozarishini ta’minlash mumkin-ku. Men bunday geliokollektor uskunalarni bundan bir necha yil muqaddam Pitsundada ko‘rganman. Ular yordamida kurort shaharchadagi sanatoriylarga issiq suv yetkazib beriladi. Bizda esa bu ishga ancha kech kirishilibdi. Lekin hech bo‘lmaganidan, kech bo‘lgani yaxshi.
— Fikringiz to‘g‘ri. Hozir bu masala bilan O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasi avtomatika va energetika instituti xodimlari shug‘ullanishayapti. Bizning avtokorxonalarimizga o‘rnatilgan geliouskunalar loyihasini ham shu institut mutaxassislari tayyorlab berishgan.
Tatyana Vasilevnadan mazkur institut sektor mudiri, texnika fanlari nomzodi O‘tkir Abbosovich Tojiyevning telefonini olib, qo‘ng‘iroq qildim. U kishi men bilan uchrashishga bajonidil rozi bo‘ldilar.
Utkir Abbosovich bilan suhbatimizni tabiiy gazning bizdagi, ittifoqimizdagi va jahon bozoridagi narxlari qanday ekanligi haqida gaplashishdan boshladik. O‘tkir Abbosovichning fikricha, hozir jumhuriyatimizda aholi ehtiyoji uchun ishlatilayotgan tabiiy gazning bir ming kubometri tannarxi 15 so‘mga, Boltiqbo‘yi jumhuriyatlarida 25 so‘mga tushayapti. Jahon bozorida esa har ming kubometr tabiiy gazning bahpyi 91 dollardir.
O‘zbekistonda bir yilda 44 milliard kubometr tabiiy gaz sarflanadi. Agar jahon bozoridagi narx bilan o‘lchansa, bu yoqilg‘ining bahosi 6 milliard dollarga yaqin bo‘ladi. Bu ozmuncha boylik emas. Jumhuriyatdagi tabiiy gaz zapaslarini ham behisob deb bo‘lmaydi. U bizga va bolalarimizga bemalol yetishi mumkin, ammo nabiralarimizga ham yetadi, deb ayta olmaymiz. Vaholanki, o‘lkamizdagi tabiiy boyliklarda faqat bizning emas, kelajak avlodlarning ham haqqi bor. Masalaning boshqa tomoni ham kishini o‘ylantiradi. Hozir yer yuzida neft va tabiiy gaz konlari tobora kamayib, butun jahon energetika tanqisligi tomon borayapti. Bu kelgusida yangi ijtimoiy «portlash»larni, xalqaro tangliklarni keltirib chiqarishi mumkinki, yaqinginada bo‘lib o‘tgan Quvayt va Iroq o‘rtasidagi qonli urush bunga yaxshi misol bo‘la oladi.
Bizning mamlakatimizda esa hozir barcha ittifoqdosh jumhuriyatlar iqtisodiy mustaqillik sari intilishayapti. Bunday sharoitda biz «tuyaga minib» uzoqqa qarashimiz, o‘zimizdagi barcha tabiiy boyliklar qatori gaz, neft va ko‘mirni tejash yo‘llarini izlashimiz kerak. Bu ishning ekologik jihatdan ham ahamiyati kattadir.
Yuqorida ikki million kilovatt quvvatga ega bo‘lgan, tabiiy gaz bilan ishlaydigan Toshkent GRESi shahardagi barcha muqim manbalardagiga teng bo‘lgan miqdordagi, ya’ni 50 ming tonnaga yaqin zaharli gazni havoga chiqarayotganligini aytib o‘tdik. Xo‘sh, jumhuriyatda bunday energetika korxonalari nechta?
Bu o‘rinda shuni aytish kerakki, urushdan keyingi yillarda O‘zbekistonda tabiiy gaz zapaslarining topilishi va ishga tushirilishi O‘rta Osiyo va Janubiy Qozog‘iston energetikasi taraqqiyotida muhim omil bo‘ldi. «Zangori olov» qudratli issiqlik elektr stantsiyalarini yurgazishda asosiy yoqilg‘i bo‘lib xizmat qila boshladi. Toshkent GRESidan oldinma keyin 840 ming kilovatt quvvatli Navoiy GRESi, 600 ming kilovat quvvatli Ohangaron GRESi, har biri 360 ming kilovatt quvvatli Taxiatosh va Quvasoy GRESlari, 240 ming kilovatt quvvatli Farg‘ona issiqlik markazi va nihoyat, ittifoqimizdagi o‘n beshta yirik elektr stantsiyaning biri bo‘lgan, 2,7 million kilovatt quvvatga ega bo‘lgan Sirdaryo GRESi qurildi. Bundan tashqari ko‘pgina shaharlarimizdagi issiqlik markazlari qozonxonalari ham tabiiy gaz va mazut bilan ishlaydi. Mazkur energetika korxonalari jumhuriyatimiz xalq xo‘jaligiga elektr quvvati va issiqlik yetkazib berishdek muhim vazifani bajarish bilan birga, har biri o‘z imkoniyatlari darajasida havoni bulg‘ab turibdi. Bu korxonalarning mo‘rilaridan osmonga o‘rlayotgan zaharli gazlar tarkibida inson salomatligi uchun nihoyatda xavfli bo‘lgan oltingugurt, uglerod, azot okislari kabi moddalar bor. Masalan, uglerod okisi havoda ko‘paysa, quyosh nurini yerga o‘tkazadiyu, lekin issiqlikning tarqab ketishiga yo‘l bermaydi. Natijada yerdagi harorat sekin-asta ko‘tarilib boradi. Bu esa abadiy muzliklarning erishiga, yer yuzida cho‘l va sahrolarning ko‘payishiga olib keladi. Oltingugurt okisi qor va yomg‘ir suvi bilan aralashsa kislota hosil bo‘ladi.
Xo‘sh, bu kabi ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olish uchun qanday choralar ko‘rish kerak? Birinchidan, tabiiy gaz, mazut, ko‘mir bilan ishlaydigan energetika korxonalari qurilishini kamaytirish lozim. Lekin hozircha buning iloji yo‘q. Busiz ham jumhuriyatimizda elektr quvvati tanqisligi yuz berayapti. Seysmik mintaqada joylashganligimiz sababli bizda atom elektr stantsiyalari qurish ham mumkin emas. Asosiy yo‘l — GRESlarning mo‘rilaridan havoga chiqadigan zaharli gazlarni tozalab, zararsizlantiradigan texnologik uskunalarni joriy etishdan iborat. Ammo mutaxassislar bu tadbir juda qimmatga tushishini qayd etishayapti.
Xo‘sh, elektr quvvati hosil qilishda tabiiy gazdan, ko‘mirdan foydalanishni kamaytirishning boshqa yo‘llari bormi? Bor. Bu qayta hosil bo‘ladigan quyosh nuri, shamol, suv kuchidan foydalanib, elektr quvvati hosil qilish yo‘lidir. Bizda suv kuchi bilan ishlaydigan elektr stantsiyalar qurishda ma’lum tajriba to‘plangan. Ammo quyosh nuri va shamol kuchidan foydalanib elektr quvvati, issiqlik hosil qilishda deyarli hech qanday tajribamiz yo‘q. Chet el mamlakatlarida, hatto yon qo‘shnimiz bo‘lgan kambag‘al Xitoyda ham bu sohada anchagina yutuqlarga erishildi. Bu mamlakatning Sintszyan avtonom jumhuriyatida shamol yordamida elektr quvvati hosil qiladigan xonaki elektr stantsiyalarni ham, umumiy elektr tarmog‘i sistemasiga ulangan, butun bir tumanga elektr quvvati yetkazib beradigan elektr stantsiyalarni ham ko‘rish mumkin.
Xitoy Xalq Jumhuriyati bundan bir necha yil muqaddam quyosh nuri yordamida turar joy binolariga issiqlik yetkazib beradigan geliokollektorlar ishlab chiqaradigan zavodni Kanadadan sotib olgan edi. Hozir mana shu zavodda tayyorlangan geliokollektorlarni bir qator chet el mamlakatlariga, shu jumladan Shvetsiyadek rivojlangan mamlakatga ham sotayapti.
Dunyoning eng badavlat mamlakati bo‘lgan Amerikada, shuningdek Kipr, Yunonistonda tomiga geliokollektorlar o‘rnatilgan turar joy binolarini har qadamda uchratish mumkin. Bu uylarga issiq suvni quyoshli kunlarda geliokollektorlar, bulutli kunlarda markazlashgan qozonxonalar yetkazib beradi. Amerikada hatto quyosh elektr stantsiyalari ham qurilayapti.
Bizning jumhuriyatimizda esa, eng serquyosh mintaqada joylashganimizga qaramay, bu muhim, atrof muhit uchun beziyon energiya manbalarini rivojlantirishga durust e’tibor berilmayapti. To‘g‘ri, o‘n ikkinchi besh yillikda xalq xo‘jaligiga geliotexnikani joriy etish bo‘yicha jumhuriyat hukumatining maxsus farmoyishi bor edi. Afsuski, bu farmoyishda belgilangan vazifalar 50 foizga ham bajarilgani yo‘q. Nima uchun? Birinchidan, jumhuriyatimiz geliokolletorlar ishlab chiqaradigan o‘z korxonasiga ega emas. Bizga bunday uskunalarni Bratsk shahridagi zavod yetkazib beradi. Yiliga atigi 100 ming kvadrat metr geliokollektor ishlab chiqaradigan bu korxona butun mamlakat ehtiyojini qondirish imkoniyatiga ega emas. Ikkinchidan, olisdagi korxonadan uskuna keltirish jumhuriyat uchun qimmatga tushayapti. Geliokollektor ishlab chiqaradigan zavodga ega bo‘lishdan aslida sibirliklardan ko‘ra ko‘proq biz manfaatdormiz. Sababi, biz serquyosh o‘lkada yashaymiz.
Jumhuriyat Fanlar akademiyasi energetika va avtomatika ilmiy-tadqiqot instituti jumhuriyatda qayta hosil bo‘ladigan energetika manbalarini o‘n uchinchi besh yillikda rivojlantirish bo‘yicha maxsus dastur yaratish xususida bundan uch yil muqaddam Davlat plan qo‘mitasiga taklif kiritgan edi. Lekin bu taklifga hech qanday aks sado bo‘lgani yo‘q.
* * *
Inson tabiatga zarar yetkazishni bugun odat qilgani yo‘q. U ov qilishni o‘rganib olgan qadim-qadim zamonlardan beri tabiatga zarar yetkazib keladi. Olovni kashf etganidan beri havoni bulg‘aydi. Ammo ming yillar avval o‘tdan foydalanishning zarari katta emasdi. Inson uchun o‘tning tutuni yetkazadigan zarardan issig‘i muhimroq edi.
Hozir esa vaziyat batamom o‘zgargan. Dunyoda millioner shaharlar paydo bo‘lishi, ishlab chiqarishda fan-texnika yutuqlaridan foydalanish kengayishi natijasida atrof muhitga zarar yetkazish avjiga chiqib ketdi. Zamonaviy texiika bilan qurollangan odamzod foyda ketidan quvib, havo, suv, tuproqni zaharli moddalar bilan bulg‘ashni, bu demak, o‘z oyog‘iga o‘zi bolta urishni davom etkazayaptiki, bunga mamlakatimizdagi ko‘pgina shaharlar qatori Toshkentning bugungi ahvoli yaxshi misol bo‘la oladi.
Xo‘sh, Toshkentda ekologik ahvolni yaxshilash uchun bugun va ertaga nimalar qilishimiz kerak? Bu savolga, shahar havosini qattiq bulg‘ayotgan korxoialar faoliyatini to‘xtatish yoki ularni boshqa joylarga ko‘chirish kerak, deb javob beradiganlar topiladi. Ammo bu yo‘l eng osoni bo‘lib, kishidan u qadar aqlli bo‘lishni talab etmaydi.
Bundan ikki yil muqaddam Bo‘stonliqda qurilmoqchi bo‘lgan radiotexnika zavodi xususidagi janjal hamon yodimizda. O‘shanda bu janjal Bo‘stonliq tabiatining himoyachilari g‘alabasi bilan tugab, korxona qurilishi to‘xtatildi. Umuman, Bo‘stonliq tabiatini himoya qilayotganlar harakatini bundan buyon ham ma’qullash va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash kerak. Chunki boy nabotot olamiga ega bo‘lgan go‘zal Bo‘stonliq faqat minglab kishilar dam oladigan maskangina emas, balki aholisi 2 milliondan ortib ketgan Toshkentga toza havo va suv yetkazib beradigan tabiiy «fabrika» hamdir.
Bo‘stonliqni qutqarish harakati avjiga chiqqan kunlarda jumhuriyatimizdagi bugungi ekologik ahvol, uning xalq xo‘jaligini kelgusida qanday rivojlantirish lozimligi to‘g‘risida xilma-xil fikrlar aytildi. Ba’zilar O‘zbekistonda yangi sanoat korxonalari qurilishiga qarshi emasmiz, ammo faqat paxtadan mahsulot ishlab chiqaradigan, tabiatimizni bulg‘amaydigan sanoat korxonalari qurilsin, deyishdi. Ayrim ehtirosga berilgan kishilar esa, bizga sanoatning umuman keragi yo‘q, tabiatimiz musaffo bo‘lsa, paxtamiz, turshak-magizimizning o‘zi boqadi, deyishgacha ham borib yetishdi.
Bundan ikki yil avval boshlangan ekologik jazava hozir so‘nganday bo‘lib turibdi. Matbuotda faqat Bo‘stonliqgina emas, balki Orol dengizi fojiasi haqidagi gaplar ham kamayib qoldi. Bugungi kunda jamoatchilikni bozor iqtisodiyoti sharoitidagi jumhuriyatimizning iqtisodiy mustaqilligi masalasi ko‘proq o‘ylantirayapti. Do‘ppini bunday yerga qo‘yib qarasak, o‘zbek xalqi keyingi yetmish yil mobaynida Sovet hokimiyatining paxta mustaqilligi uchun kurashibdiyu, lekin o‘zi boshqalarga iqtisodiy qaram bo‘lib qolibdi. Aynan jumhuriyat xalq xo‘jaligining shu paytgacha bir tomonlama rivojlanishi natijasida paxta yakkahokimligi, buning natijasi o‘laroq, atrof muhitning ortiqcha bulg‘anishi, ishsizlik, xalqning texnik madaniyati pastligi kabi muammolar paydo bo‘ldi. Endilikda bu xatolikni tuzatish, chinakam iqtisodiy va siyosiy mustaqillikka erishish uchun ko‘plab xilma-xil sanoat korxonalari qurish kerakligini ko‘pchilik tushinib turibdi. Axir o‘zingiz o‘ylang, aholisining miqdori jihatidan mamlakatimizda uchinchi o‘rinda turgan, tabiiy, yer osti boyliklari eng ko‘p bo‘lgan jumhuriyatimiz butun mamlakatdagi sanoat mahsulotining atigi uch foizinigina ishlab chiqaradi. O‘z ehtiyojlariga zarur bo‘lgan 12 milliard so‘mlikdan ortiq mahsulotni ittifoqdosh jumhuriyatlardan, 2 milliard so‘mlikka yaqinini chet ellardan keltiradi. Bu mahsulotlarning asosiy qismi sanoat buyumlaridir.
To‘g‘ri, yozi issiq o‘lkamizda shaharlarning haddan tashqari kattarib ketishi maqsadga muvofiq bo‘lmasa kerak. Shu ma’noda Toshkentda yangi sanoat korxonalari qurilishiga ruju qo‘yishni ma’qullab bo‘lmaydi. Ammo jumhuriyatimizning ishchi kuchlari ko‘p bo‘lgan viloyatlari va qishloq tumanlarida aholi ehtiyoji uchun buyumlar ishlab chiqaradigan kichik va o‘rtacha korxonalarni ko‘plab qurish kerak.
Xo‘sh, unda ekologiya masalasi nima bo‘ladi, o‘lkamizni ham industrlashgan, ham suv va havosi musaffo mintaqaga aylantirishning yo‘llari qayda, deb so‘rashi mumkin qimmatli o‘quvchi. Men bu savolga, o‘zimizdagi va chet ellardagi ilg‘or tajribalarga tayangan holda ish qilish kerak, deb javob beraman. Uzoqqa bormay, Vatanimiz poytaxti Moskvani olaylik. Hozir 8 milliondan ortiq aholi yashayotgan bu shahar mamlakatdagi eng industrlashgan shahar ekanligini hammamiz bilamiz. Ammo Moskva hozir Ovro‘padagi havosi nisbatan toza shaharlardan biri ekanligini ko‘pchilik bilmaydi. Bunga qanday erishildi? Chunki shu yo‘lda ko‘p chora-tadbirlar belgilandi. Biz hozir turg‘unlik davri deb atayotgan yillarda byurokratlashgan ma’muriy-boshqaruv apparatining eng yuqori cho‘qqisida o‘tirgan arboblar o‘zlari yashayotgan shaharning havosi toza, suvi musaffo bo‘lishi haqida qayg‘urdilar. Havoni ortiq darajada bulg‘ayotgan, shahar ehtiyojlari uchun mahsulot ishlab chiqarmaydigan korxonalar boshqa joylarga ko‘chirildi. Qolganlariga havoga chiqadigan zaharli gazlarni filtrlaydigan jihozlar o‘rnatildi. Avtotransport vositalari yuz foiz etilsiz benzin bilan ishlashga o‘tkazildi.
Qozog‘iston poytaxti Olmaotada amalga oshirilgan ishlar natijasida shahar havosining zaharli gazlar bilan bulg‘anishini birnecha marta kamaytirishga muvaffaq bo‘ldilar. Xarkov shahrida boshqa chora-tadbirlar qatori, jamoat transporti safida elektr transporti salmog‘inyng keskin oshirilishi shahar havosining nisbatan toza bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etdi.
Eki biz orzu qilgan kommunizmni o‘z yurtlarida qurib qo‘ygan shvedlarning poytaxti, Ovro‘padagi eng industrlashgan shaharlardan bo‘lgan Stokgolmni olaylik. Bu shaharda osmonga tutun chiqaradigan bironta korxona yo‘q. Avtotransport vositalari yuz foiz zaharli gazlarni filtrlovchi uskunalar bilan jihozlangan. Shahar aholisining atrof muhitga, nabotot va hayvonot olamiga munosabati havas qiladigan darajada. Stokgolm bog‘lari va ko‘chalarida xilma-xil qushlarni, hatto yovvoyi o‘rdaklarni ham uchratish mumkin. Bu o‘rdaklar tosh ko‘chadan karvon bo‘lib o‘tib borishayotganda haydovchilar avtomobillarini ohista to‘xtatib, ularga yo‘l berishadi… Shahardagi qurilish maydonlarida bitta daraxt beruxsat qulatilsa, katta janjalga aylanadi.
— 1981 yilda bir guruh sovet mutaxassislari tajriba almashish maqsadida Germaniya Federativ Jumhuriyatida bo‘ldik,—dedi energetika korxonalarida ancha yillar muhandis bo‘lib ishlagan tanishim L. Hamidov. — Bizni Rur sanoat tumaniga olib borishdi. Bundan maqsadimiz — issiqlik energiya markazi mo‘rilaridan ko‘tariladigan azot va oltingugurt birikmalaridan havoni tozalash bo‘yicha nemislar to‘plagan tajriba bilan tanishish edi.
Men ilgari chet eldagi energetika korxonalaridagi zaharli gazlarni ushlab qoluvchi uskunalar, «tozalovchi jihozlar» haqida eshitgan edimu, lekin ularni borib ko‘rmagandim. Ularni o‘zimcha, zavod mo‘rilariga o‘rnatiladigan qandaydir filtrlar bo‘lsa kerak, deb tasavvur qilib yurardim. Hamrohlarimning ham bu boradagi tasavvuri menikidan ortiq emasdi. Mana shuning uchun ham Dyusseldorf yaqinidagi «Sholven» issiqlik markazida ko‘rganlarimiz barchamiz uchun kutilmagan hodisa bo‘ldi.
Bizni hayratga solgan birinchi narsa shu bo‘ldiki, issiqlik elektrostantsiyasidagi ko‘plab mo‘rilarning hech biridan osmonga tutun chiqmayotgandi, u yerda havo xuddi bizning Bo‘stonliqdagidek toza edi. Bir o‘rtog‘imiz hatto, stantsiya ishlayaptimikan, deb shubhalandi ham. Biroq biz tez vaqt ichida u to‘la quvvatda ishlayotganiga amin, bo‘ldik.
Tozalash uskunalarini ko‘rsatishni iltimos qilgan edik, bizni yaqinda qurilgan, taxminan stantsiya bilan teng maydonni egallagan zavodga olib borishdi.
Zavodni bir yarim soat mobaynida ko‘zdan kechirdik. Bizni boshlab yurgan bosh muhandis har bir inshoot va qurilma nima ekanligi, qancha turishini tushuntirdi. Bizning qiyofalarimiz esa tobora tashvishli bo‘lib bordi. Keyin biz avtobusga o‘tirib, taxminan 45 minut yurib mehmonxonaga qaytdik. Yo‘lda hech kimdan sado chiqmadi. Biz juda muhim va… kishini g‘amnok qilib qo‘yadigan yangilikni bilgandik. Aniqrog‘i, biz ko‘rgan «tozalash qurilmalari» 1,3 milliard marka turishini, ayni paytda stantsiyaning o‘zi esa — atigi 1,1 milliard marka turishini bildik.
Ushbu hikoyani eshitganimda, bir kulgili voqea yodimga tushdi. Toshkent havosining bulg‘anishiga katta hissa qo‘shayotgan shahardagi mavjud yettita asfalt-beton zavodining biri Chirchiq daryosi bo‘yida joylashgan. Mazkur korxona atrofida yashovchi aholi zavod mo‘rilaridan ko‘tarilayotgan qurum atrof muhitga, odamlar sog‘ligiga katta zarar yetkazayotganligi xususida ko‘p joylarga shikoyat qilishibdi. Korxona ma’muriyati esa barcha shikoyatlarga: «Zavodimizni atrof muhitga ziyon yetkazmaydigan qilish uchun 6 million so‘m kerak. Bizga esa bu maqsadlar uchun har yili 150 ming so‘mgina ajrati-ladi, buncha mablag‘ bilan hech narsa qilib bo‘lmaydi», deb javob qilaveribdi. Ammo odamlar ham bo‘sh kelmay, shikoyat xatlari yozishni davom ettiraverishibdi. Shundan keyin korxona rahbarlari «yozuvchi»lar bilan kelishish yo‘lini tutishibdi: ularga yaxshi… choyxona qurib berishni va’da qilishibdi. Men bu choyxonani ko‘rdim, uni serqatnov yo‘l yoqasida keramzit g‘ishtlardan tiklashayapti.
Ushbu satrlarni o‘qigan o‘quvchi, xo‘sh, bu bilan nima demoqchisiz, olaqarg‘aning yurishini qilaman, deb sinchalakning buti yirilgan ekan, biz iqtisodiy tanazzul davrida yashayotgan jumhuriyat bo‘lsak, dunyodagi yigirmata rivojlangan mamlakatning biri bo‘lgan Germaniya Federativ Jumhuriyati yoki Shvetsiya bilan tenglasha olmaymiz-ku, deyishi mumkin. Bu fikr umuman to‘g‘ri. Lekin bu yerda gap faqat bugungi kunimiz haqida emas, balki istiqbolda nimalar qilishimiz lozimligi haqida ham borayapti. Masala shu tarzda qo‘yilganda, so‘zsiz, biz dunyo tajribasiga tayanishimiz kerak. To‘g‘ri, ekologiya sohasida to‘planib qolgan muammolarni birdan hal qilishga qurbimiz kelmaydi. Lekin qachonlardir hal qilishimiz kerak-ku.
Masalan, Toshkent aeroportini olaylik. Uni shahardan olisroq joyga ko‘chirish vaqti yetganligi haqida takliflar aytilib, shikoyat xatlari yozila boshlanganiga ko‘p yillar bo‘ldi. Ammo hali masala o‘rnidan «jilgani» yo‘q.
Toshkent aeroportining qurilganiga 60 yildan oshdi. 20-yillarda bu yerlar shaharning chekkasi hisoblanardi, Toshkentda esa u paytlarda 200 mingdan sal ko‘proq aholi yashardi. Shundan beri o‘tgan davrda jumhuriyatimiz poytaxti ham eniga, ham bo‘yiga beqiyos o‘sib, mamlakatdagi yirik shaharlardan biriga aylandi. Hozir 2 milliondan ortiq aholi yashayotgan poytaxtimizning sharqiy sarhadlari Bektemirdan ham o‘tib, O‘rta Chirchiq tumanining Oxunboboyev nomidagi jamoa xo‘jaligi dalalariga tutashib ketdi. Aeroport joylashgan yer esa shaharning chekkasi emas, qoq markazi bo‘lib qoldiki, bunaqasini dunyoning hech bir shahrida uchratmaysiz.
— Bitta tayyora Toshkentdan Sibirga yoki Leningradga borgo‘nicha qancha kislorodni kuydirishini bilasizmi? — deb so‘radi yaqinda bir uchuvchi tanishim.
— Yo‘q.
— Qirq tonnaga yaqin kislorodni kuydiradi. Bu jarayon ayniqsa tayyora havoga ko‘tarilayotganida kuchli bo‘ladi. Toshkent aeroportiga har kuni 60—65 tayyora kelib ketadi. «IL—86» markali tayyora birsoatda Yutonna, «IL—62M», «IL—62N» 8 tonnadan, «YaK—40» 5 tonna benzin sarflaydi. Faqat shugina emas. V. P. Chkalov nomidagi samolyotsozlik ishlab chiqarish birlashmasi tsexlarida peshma-pesh tayyorlanayotgan tayyoralar ham Toshkent osmonida sinaladi. Sergelidagi mahalliy reyslarga xizmat qiladigan aeroportga hamhar kuni o‘nlab tayyoralar va vertolyotlar qo‘nib, uchib ketadi.
Mana shuning uchun ham Toshkent aeroporti atrofi havosi eng bulg‘angan joy sanaladi. Shahar relefining o‘ziga xos tuzilishy va shaharda esadigan shamollar yo‘nalishi hambu yerda shunday ahvol yuzaga kelishiga sabab bo‘layapti. Ya’ni-Toshkent aeroporti shaharda toza havo kiradigan «darvoza»da — shimolda emas, janubda joylashgan. Buning ustiga, bu yerlar nisbatan ancha pastlik. Yoz va kuzning dim kunlarida ozgina shabada tursa, shahardagi butun «loyqa» havo shu atrofga to‘planadi. Shuning uchun ham bu tumanda oltingugurt gazining havodagi miqdori normadagidan bir yarim-ikki baravar, azot birikmalari ikki-uch baravar, fenol ikki baravar ko‘p. Chang-to‘zon miqdori ham shunga yarasha.
Menga aeroport xodimlari atrofdagi havo nihoyatda ayniganidan hatto gulzorga ekilgan atirgullar ham sal kunda qorayib, qurib qolayotganligini aytishdi. Xo‘sh, unda odamlarning holi nima kechayapti? Ammo hozir bu atrofda yashaydigan aholini havoning bulg‘anganidan ham ko‘ra ko‘proq tayyoralarning kechasiyu kunduzi tinmaydigan shovqini bezovta qilayapti. Bu sohada qay darajada tashvishli ahvol yuzaga kelganligini tasavvur etish uchun Boshliq, Qo‘yliq, Fayzobod, Oq uy, Yangiobod mavzelerida bir-ikki kun yashab ko‘rishning o‘zi yetarli. Bu yerdagi aholi hozir o‘zini katta jang maydoniga tutash joyda yashayotgandek his qilayapti. Bugun bo‘lmasa ertaga biron bir falokat bo‘lishi hech gap emas. Bu ham mayli. Kechasiyu kunduzi tinmay uchadigan tayyoralarning shovqinidan odamlarning asablari qaqshab, sog‘liqlari ishdan chiqayapti. Bolalar injiq, qo‘rqoq bo‘lib o‘sishayapti.
Zamonaviy aerobuslar qay darajada qattiq shovqin chiqarishini ular uchayotganida yaqinida turgan kishigina bilishi mumkin. O‘tgan yili aeroportga tutash bo‘lgan Oq uy mavzeida ko‘ngilsiz hodis» ro‘y berdi. Bir hovlida nikoh to‘yi bo‘layotgan edi. Shunda hovli ustidan borliqni larzaga solib aerobus uchib o‘tib qoldi. Bunday hodisani hech ko‘rmagan kelin dahshatga tushib, hushidan ketdi.
«SSSRda davlat sanitariya nazorati» to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq aeroportlar atrofida 2 kilometrgacha bo‘lgan radiusda turar joy binolari qurilmasligi kerak. Ammo Toshkent aeroporti atrofi esa bu qoidaga xilof ravishda, sanitariya vrachlarining ruhsatisiz turar joy binolari bilan to‘lg‘azib bo‘lindi. Hozir aeroport arofidagi 14 ta mavzeda shaharning 700 mingga yaqin aholisi istiqomat qilmoqda. Bu demak, shuncha aholi osoyishta, tinch hayotdan ham, toza havodan ham bebahra.
To‘g‘ri, Jumhuriyat Vazirlar Kengashi maxsus komissiyaning qaroriga muvofiq Chinoz shahridan 12 kilometr shimolda yangi aeroport uchun joy ajratish to‘g‘risida farmoyish chiqardi. Ammo hozircha bu farmoyishni amalga oshirish bo‘yicha hech bir tadbir belgilangani yo‘q.
* * *
— Zamonaviy shahardagi qulay ekologik holatga poydevor me’mor stolidagi chizmalarda qo‘yiladi,—dedi biz bilan suhbatda tajribali me’mor, jumhuriyat tabiatni muhofaza qilish Davlat qo‘mitasi raisining muovini Dilshod Vohidovich Latipov. — Toshkentda bu borada ancha ishlar qilingan, ammo kelgusida yana ko‘p ishlarni amalga oshirish kerak.
Jumhuriyatimiz poytaxtining ikki ming yillik tarixi bor. Ammo u dunyoning yirik shaharlari bo‘lgan Parij, London, Nyu-Yorkdan birmuncha farq qiladi. O‘tgan asrlarda shakllangan bu shaharlar XX asrga torlik qilib qoldi. Bu shaharlarning bir xil ko‘chalarida avtomobillarning «tiqini» hosil bo‘lishi odatdagi hodisaga aylanib ketgan. Toshkent esa 1966 yildagi zilziladan keyin jahon me’morchiligining eng so‘nggi yutuqlaridan foydalanilgan holda qayta qurila boshlandi. Ammo bu ish hali nihoyasiga yetkazilgani yo‘q.
— Toshkent bosh planini texnik-iqtisodiy asoslashda nimalarga tayanilgan? — deb so‘rayman Dilshod Vohidovichdan.
— Birinchidan, Toshkentning eski, o‘ziga xos qiyofasini saqlab qolishga asoslanildi. Shu paytgacha turar joy masalasini hal etish shiori ostida to‘qqiz qavatli uylar ko‘plab qurildi. Endilikda bu yo‘ldan borilmaydi. Ko‘proq uch-to‘rt qavatli uylar quriladi. Nima uchun? Ko‘p qavatli uylar qurish avvalo seysmik talablar jihatidan maqsadga muvofiq emas. BMTning seysmik mintaqalar uchun belgilangan normasi bo‘yicha har gektar maydonda 300 nafardan ortiq aholi yashamasligi kerak. Shunday qilinsa, zilzila bo‘lgan taqdirda ham qurbonlar ko‘p bo‘lmaydi.
Xalqaro ekologik talab bo‘yicha shaharda yashaydigan har bir kishiga 12 kvadrat metr yashil maydon to‘g‘ri kelishi kerak. (Bunda jamoatchilik foydalanadigan yashil maydonlar nazarda tutiladi). Toshkentda esa hozir har bir kishi hisobiga 4,2—4.5 kvadrat metr hajmida yashil maydon to‘g‘ri kelmoqda. Bu ham shahar tumanlarida rasamadi bilan joylashmagan. Masalan, shahar markazida — ko‘proq mansabdorlar tabaqasi ishlaydigan va yashaydigan joylarda yashil maydonlar nisbatan ko‘p, ariqlarda ham suvlar yoz bo‘yi shaldirab oqib turadi. Chekkaroqdagi dahalarga borsangiz, aholi bo‘yradek salqin joy topolmay qiynaladi, ekilgan daraxtlar saratonga borgach, suvsizlikdan quriydi. Buni ham adolatdan deb bo‘lmaydi.
Kelgusida uch-to‘rt qavatli uylar ko‘p qurilgach, so‘zsiz shahar kengayadi. Hozir uning maydoni 27 ming kvadrat metrni tashkil etayotgan bo‘lsa, 2010 yilga borib 48 ming gektarga yetadi.
Jumhuriyatimiz istiqboliga nazartashlaganda, Toshkent shahri va viloyatiga yaxlit bir jug‘rofiy tuman sifatida qarash kerak. Hozir bu tumanda 4,2 million aholi yashamoqda. Agar aholining tabiiy va mexanik ko‘payishi shu kungi sur’atlar bilan davom etsa, 2010 yilga borib bu tumanda 7,5 million aholi yashaydi. Hozir bu yerda 4.6 million aholini suv bilan ta’minlash imkoniyati bor. Demak, kelgusida aholini suv bilan ta’minlashda qiyinchiliklar yuzaga kelmasligi uchun suvni tejaydigan texnologiyani joriy etishga ham kirishish lozim.
Shu paytgacha Toshkent shahri va viloyat shaharlaridagi aholining o‘sishi ko‘proq migratsiya hisobiga, ya’ni mamlakatning Ovro‘pa qismidan ishchi kuchlarining ko‘chib kelishi evaziga bo‘ldi. Endilikda bu jarayonga ham nuqta qo‘yish, lekin Toshkent shahri va viloyatida aholini rasamadi bilan joylashtirish maqsadida ichki migratsiyani tashkil etish kerak. Buni qanday tushinish mumkin? Masalan, Chirchiq vohasida ikkita «sanoat zanjiri» bor. Birinchisi — Chirchiq-Toshkent-Yangiyo‘l-Chinoz sanoat zanjiri. Ikkinchisi — Angren-Olmaliq-Ohangaron sanoat zanjiri. Bu zanjirlarning birinchisini yetarli rivojlangan deyish mumkin, ikkinchisini esa unday deb bo‘lmaydi. Bu demak, kelgusida aholini ko‘proq Angren-Olmaliq-Ohangaron sanoat zanjirida joylashtirish ham iqtisodiy, ham ekologik jihatdan maqsadga muvofiqdir.
Shaharda ekologik tanglikni bartaraf etish bilan bog‘liq yana bir muhim muammo shohko‘chalarni qayta qurish masalasidir. Nima uchun? Hozir Toshkent shahri ko‘chalaridagi avtomobillar miqdori ham, ularning asosiy ko‘chalardagi qatnov tig‘izligi ham yildan-yilga ortmoqda. Agar 15—20 yil avval shahardagi asosiy ko‘chalarning ma’lum nuqtasidan soatiga 600—700 avtomobil o‘tgan bo‘lsa, hozir bu miqdor 2000 taga borib qoldi. Binobarin, shaharning ichki yo‘llari bo‘ylab zaharli gazlarning havoga tarqali-shi ham ortib borayapti. Bu ahvol o‘z navbatida tegishli idoralar oldiga avtotransport bilan shahar havosi bulg‘anishini nazorat qilishni kuchaytirishni, shahardagi yo‘llar bo‘ylab transport oqimining oqilona taqsimlanishini va eng muhimi, shu kun talabiga javob bermayotgan ko‘chalarni qayta qurishni taqozo etadi. Qolaversa, shaxsiy avtomobil egalaridan olinadigan yo‘l solig‘i keskin oshirildi. Bunday sharoitda yo‘llar ham puliga yarasha bo‘lishi, avtomobil ishqibozlarini qiynamasligi kerak.
Zamonaviy shahardagi keng, ravon ko‘chalarning vazifasi faqat yaxshi transport qatnovini ta’minlashdangina iborat, deb o‘ylash noto‘g‘ri. Bunday ko‘chalar katta shaharga toza dala havosini olib kiradigan «koridor» vazifasini ham o‘taydi. Lekin afsuski, bu haqiqatni Toshkent shahri rahbarlarining biri anglasa, ikkinchisi anglamayapti. To‘g‘ri, 1966 yildagi zilziladan keyin shaharda yangi shohko‘chalar qurish bo‘yicha ancha ishlar qilindi. Xalqlar Do‘stligi, Sofiya, Engels ko‘chalari qurildi. Ammo hali yana ko‘p ish qilinishi kerak. Shahardagi eng serqatnov Kuybishev ko‘chasida avtomobillar «tiqini» hosil bo‘lishi, avtotransportlarning to‘qnashuvlari yuz berib turishi odatdagi voqeaga aylangan. Ahmad Donish, Abdulla Qodiriy, Toshkent temir yo‘li bo‘ylab ketgan Yangi Proletar ko‘chasidan boshlanadigan shohko‘cha qurilishlari oxiriga-cha yetkazilmay, chalaligicha yotibdi. Qorasaroy, Uyg‘ur, Lunacharskiy ko‘chalari ham bugungi talabga javob bermay qoldi.
Ma’lumki, avtomobil qancha ko‘p to‘xtab yursa, shuncha ko‘p tutun chiqaradi. Bu hodisaning oldini olish uchun esa ko‘chalarni kengaytirish va sozlashdan tashqari, chorrahalarni kamaytirish kerak. Toshkent shahar Soveti ijroiya qo‘mitasi 1981 yilda shahar ko‘chalarida yo‘lovchilar uchun o‘n ikkita yer osti o‘tish yo‘li qurish to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi. O‘tgan o‘n yil mobaynida bu qarorda belgilangan yer osti o‘tish yo‘llarining faqat uchtasigina qurildi, xolos.
Shaharga tashqaridan keladigan yuk mashinalari kamroq kirishi uchun sanoat mahsulotlarini qabul qilib olib, tarqatadigan bazalar shaharning chekka qismida bo‘lishi kerak. Ilgari Toshkentda shunday edi ham. Lekin yillar o‘tib, shahar kengayyshi bilan, xuddi aeroport singari, ular shahar ichkarisida qolib ketishdi. Endilikda bu bazalarga jumhuriyatimizning turli viloyatlari va tumanlaridan mol uchun keladigan avtotransport vositalari shahar ko‘chalaridagi qatnov tig‘izligini oshirishayapti.
Toshkentga begona avtomashinalarning kirishini kamaytirishga xizmat qilishi lozim bo‘lgan shahar aylana yo‘lining oddiy ko‘chadan farqi qolmadi. Endilikda shaharga ikkinchi aylana yo‘l zarur bo‘layapti. Bu yo‘lning loyihasi ham tayyor. U Sergeli yonidan boshlanib, Iek yo‘liga tutashishi, bu yerda chapga burilib, Tuzel orqasidan Traktorsozlar shaharchasiga o‘tishi, undan Toshkent GRESiga borib, hozirgi aylana yo‘l bilan tutashishi kerak. Ammo bu yo‘l qurilishi uchun mablag‘ topilmay turibdi.
Umuman, shaharga begona avtomashinalarning kirishini kamaytirishda kelgusida tashkil etilishi mumkin bo‘lgan bozorlarning o‘rnini tanlash ham muhim ahamiyat kasb etadi. Yangi bozorlarni shaharga kiraverish joylarida, shohko‘chalarning bo‘ylarida tashkil etish maqsadga muvofiqdir. Nima uchun? Sababi, bunda tarixiy an’anadan kelib chiqilgan bo‘ladi. «Bozor» — eski fors so‘zi bo‘lib, «darvoza oldi» degan ma’-noni anglatadi. Qadimda bozorlar shahar darvozalarining oldida bo‘lgan. Bu birinchidan, bozorga mahsulot olib kelgan dehqonlar, kosiblar, o‘zga yurtlik savdogarlarga qulaylik yaratgan bo‘lsa, ikkinchidan, shaharni ortiqcha ot-aravalarning shovqin-suronidan xoli qilgan.
* * *
Toshkentni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirishga, havosining musaffoligini ta’minlashga qancha ko‘p e’tibor berib, mablag‘ sarflanmasin, xalqning umumiy turmush madaniyati, ekologik ongi pastligicha qolaversa, baribir kutilgan natijaga erishib bo‘lmaydi. Axloq-odob, turmush madaniyati qoidalari singari, tabiatga nisbatan mehr-muhabbat va g‘amxo‘rlik hislari insonga oilada singdirilishi, keyin esa bu ish bilan maktab, jamoatchilik shug‘ullanishi lozim. Xalqimizda asli ilgaridan shunday bo‘lib kelgan. Binobarin, musulmon olamining asosiy kitobi Qur’oni karimda dunyoni obod-osoyishta qilish ham, xarob-vayronaga aylantirish ham insonning o‘z qo‘lida ekanligi eslatilib, uni bezash har bir mo‘minning burchi ekanligi qayd etilgan. «Hadis»larda esa «Tangri go‘zaldir, go‘zallikni yaxshi ko‘radi», deb ta’kidlanadi. Shuning uchun ham ilgari har bir musulmon oilasida ota-onalar dasturxon atrofida bolalariga oqar suvni bulg‘amaslikni, jonivorlarga, parranda-darrandalarga rahm-shafqatli bo‘lishni, daraxt, gul ekib, olamni bezashni uqtirishgan. Ammo hozir ham barcha oilalarda shunday qilinadi, deyish qiyin.
Agar birov mendan, keyingi yetmish yil mobaynida Toshkent misolida xalqning o‘zligini unutishi nimalarda o‘z aksini topdi, deb so‘rasa, ariqlarga munosabatda o‘z aksini topdi, deb javob bergan bo‘lur edim. Ma’lumki, shaharni ko‘plab kanallar va ariqlar kesib o‘tadi. Bular Bo‘zsuv, Salor, Bo‘rjar, Kaykovus, Qonqus, Qichqiriq, Qoraqamish, Qorasuv, Tolariq, Pulemas va boshqa 80 taga yaqin kanal va ariqlardir. Bu ariqlar g‘arbdan janubga tomon oqib, katta shaharga muzdek suv bilan birga tog‘ havosini olib keladi, zaharli gaz va changlarni yutadi.
Qadimgi bir rivoyatda aytilishicha, shahar obod bo‘lishining quyidagi uchta sharti bor ekan: hamisha to‘lib oqadigan daryosi, katta bozori, mashhur tabibi bo‘lishi kerak. Ehtimol, shuning uchun ham.dunyodagi ko‘pgina buyuk shaharlar — Parij Sena bo‘yida, Leningrad Neva bo‘yida, Budapesht Dunay bo‘yida, Kiyev Dnepr bo‘yida bunyod etilgan. Toshkent uchun esa bunday daryo vazifasini buNdan ikki ming yil avval kushonlar imperiyasi davrida qurilgan Bo‘zsuv o‘taydi. Shahardagi Kaykovus arig‘i ham, Salor, Qorasuv ham, Arpapoya, Bo‘rjar ham — hammasi Bo‘zsuvdan suv oladi. Bu go‘zal kanal bo‘yida biroz o‘tirsangiz, charchog‘ingiz yozilib, o‘zingizni qushday his qilasiz. U biz uchun oddiy sug‘orish inshooti emas, balki Buxorodagi mashhur Minorai Kalon, Ismoil Somoniy maqbarasi, Samarqandning Registoni, Shohi Zindasi singari noyob madaniy yodgorlik, ajdodlarimizning aql-zakovati, g‘ayrat-shijoatiga qo‘yilgan haykaldir. Kanal shunday zo‘r muhandislik san’ati bilan qurilganki, unda asov tog‘ daryosi suvi xuddi suluv kelinchakdek muloyim bo‘lib, qirg‘og‘ini buzmay, hech yerga toshmay, bexavotir oqadi.
Xo‘sh, shahardagi suv shahobchalarining bugungi ahvoli qanday? Ularning ayrimlari, jumladan, Bo‘zsuv, Salor kanallarining shahar markazidan o‘tadigan qismi sohillari metropolitenning birinchi navbati qurilayotgan paytda birmuncha obodonlashtirildi. Lekin qolgan ko‘pgina ariq va kanallarning ahvolini yaxshilash bo‘yicha deyarli hech qanday ish qilinmadi. Hozir bu kanal va ariqlarda oqayotgan suvlarni ichish u yoqda tursin, hatto qo‘l yuvish ham sog‘liq uchun xavfli.
Vodoprovod bo‘lmagan zamonlarda Turkiston xalqlari ariqlarda oqqan suvlarni ichishgan. Bahor yumushlari ariq va kanallarni chopib, tozalashdan, ikki sohilidagi dov-daraxtlarni butab, shakl berishdan boshlangan. Shaharda oqar suv bormaydigan ko‘cha, mahalla, hovli deyarli bo‘lmagan. Suvga yaqin joyda yashash tiriklikning muhim sharti bo‘lgan, bunday imkoniyatga ega kishilar «xudoga yaqin odam» sanalgan.
Ichidan ariq oqib o‘tadigan deyarli har bir hovlida hovuz bo‘lgan. Ariqlardagi suvlar muzlab qoladigan qish chillalarida aholi hovuzdagi suvdan foydalangan. Bundan tashqari, mahallalarning guzarlarida, choyxonalar, masjidlar oldida ham hovuzlar bo‘lgan. Masalan, Buxoro shahrida inqilobgacha 120 tadan ortiq hovuz bo‘lganligi haqida ma’lumot bor, hozirgacha ularning besh-oltitasigina saqlanib qolgan. Gir atrofida azamat sada va chinorlar o‘sgan bu hovuzlar aholi uchun ichimlik suv havzasigina emas, balki yozning issiq kunlarida mo‘tadil iqlim hosil bo‘lib, odamlar hordiq chiqaradigan maskan vazifasini o‘tagan. Xalq orasida har bir tomchi suvning qadri yuqori bo‘lgan, ariqlarga axlat tashlash, mag‘zava oqizish u yoqda tursin, hatto ustidan hatlash, tupirish gunohi azim sanalgan.
Agar birov mendan Toshkentdagi bugungi ekologik tanglikni bartaraf qilish uchun ishni nimadan boshlash kerak, deb so‘rasa, shahardagi asosiy kanal va ariqlarni tozalab, atrofini ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirishdan boshlash kerak, deb javob bergan bo‘lardim. To‘g‘ri, bu ishni birdan qilishni shahar byudjeti imkoniyatlari ko‘tarmas, lekin baribir amalga oshirish kerak. Axir biz 270 kilometr uzunlikdagi Katta Farg‘ona kanalini qirq besh kunda hashar yo‘li bilan qurib tashlagan xalqning farzandlarimiz-ku. Nahotki, bitta shahardagi asosiy ariq va kanallar sohillarini obodonlashtirish qo‘limizdan kelmasa. Men bu xususda bir-ikki mutaxassis bilan maslahatlashib ko‘rdim. Ular bu ishni amalga oshirish uchun 250 million so‘mga yaqin mablag‘ kerak, deyishdi. Menimcha, bu fikrning mubolag‘asi bor. Ishni bilib tashkil etilsa, xuddi Salor sohilini obodonlashtirgandagi singari yirik sanoat korxonalarining imkoniyatlaridan foydalanilsa, u qadar ko‘p mablag‘ ketmaydi. Qolaversa, obodonlashtirish deganda, kanallarni albatta betonlashtirish lozim, deb tushunmaslik kerak. Bu yerda gap asosan ularni tozalab, ikki qirg‘og‘ini ko‘kalamzorlashtirish haqida borayapti.
Tobora urbanizatsiya tomon borayotgan issiq iqlimli shaharda asosiy suv yo‘llari sohillarini obodonlashtirib, hozirgi o‘lik holatdan tirik holatga keltirish odamlarni tabiatga yaqinlashtirish degani bo‘ladi. Buning inson sog‘lig‘i uchun ham, tarbiyasi uchun ham ahamiyati katta. Chunki, tabiat barcha tirik mavjudotlar singari insonning ham ikkinchi onasidir.
Toshkentni kesib o‘tgan barcha yirik kanal va ariqlar jumhuriyat suv xo‘jaligi vazirligiga qaraydi. Avvalo shuni aytish kerakki, barcha yirik suv shahobchalari singari bu kanallarning ham albatta himoya zonalari bo‘lishi kerak. Bu talab shaharning 50-yillardan beri qayta-qayta tuzilayotgan bosh planlarida o‘z aksini topgan. Dastlab kanallarning himoya zonalari 50 metr, keyin 30 metr, undan so‘ng 25 metr qilib belgilangan. Lekin joylarda bosh planda belgilangan bu talabga rioya qilinmayapti. Tumanlarning me’morlari, sanitariya vrachlari «egan og‘iz uyalar» qabilida ish tutib, suv yo‘llarining bo‘yiga turar joy binolari, savdo, maishiy xizmat nuqtalari qurilishi loyihylariga ko‘zni chirt yumib imzo chekib yuborishayapti. Bu ahvolni ko‘rgan aholi esa bundan hambattar ishlarni qilayapti. Masalan, Qorasuv va Tolariqni olaylik. Men shahar ro‘znomasida ishlagan paytimda mazkur kanallar ahvoli bilan qiziqib, boshidan oxirigacha piyoda kezib chiqqanman. Asosan shaharning eski mahallalaridan oqib o‘tadigan bu suv yo‘llari bo‘ylariga odamlar itxona, tovuqxona, hatto hojatxonalar ham qurib olishgan. Kanallarning ichi esa o‘ziga xos axlatxonaga aylanib ketgan. Qishda suv tingan paytlarda bu kanallar ichiga qarasangiz, avtomobil ballonini ham, shisha sinig‘ini ham, teshik tog‘orani ham, it, mushuk o‘liklarini ham ko‘rishingiz mumkin.
Bundan o‘n yilcha muqaddam Qo‘yliqda «Ayiqcha» bolalar bog‘ining ochilishi shu dahada yashaydigan aholi uchun chinakam bayramga aylanib ketdi. Saylovchilar nakazi bo‘yicha tashkil etilgan bu bog‘ni qurish bilan bog‘liq ishlarga Lenin tumani Soveti deputatlarining obodonlashtirish komissiyasi bosh-qosh bo‘ldi. Ishchi va xizmatchilari shu dahada yashaydigan korxrnalar ham hissa qo‘shishdi. Masalan, traktor motorlarini ta’mirlaydigan zavod kanal ustiga metaldan chiroyli ko‘prik va ark qurib berdi. Shaharni ichimlik suv bilan ta’minlaydigan trest bog‘dagi ariqlarga kanaldan suv chiqarib beradigan nasos o‘rnatdi. Yana bir qurilish boshqarmasi bolalar cho‘miladigan yaxshigina hovuz qurib berdi. Shahar yo‘llarni qurish va sozlash boshqarmasi bog‘dagi yo‘laklarni asfaltladi. Tuman ijroiya qo‘mitasi mablag‘i bilan esa muzqaymoq so-tadigan ayvonlar, salqin joylarda chiroyli o‘rindiqlar, bolalar uchun avtodrom qurildi, ertaklardagi qahramonlarning rasmlari paydo bo‘ldi.
O‘n gektarcha maydonni egallagan yangi bog‘ ochilayotganda Lenin tumani rahbarlari nutq so‘zlab, kelgusida bu bog‘da attraktsionlar, ko‘rgazma pavilonlari, shaxmat-shashka, tennis o‘ynash mumkin bo‘lgan joylar quriladi, bog‘ shahar obodonlashtirish Bosh boshqarmasi hisobiga o‘tkazilib, tumandagi uchinchi va shahardagi o‘n oltinchi mustaqil boqqa aylanadi, deyishgan edi. Haqiqatda, bog‘ ochilgan yil bu yer bolalar va kattalar dam oladigan va sayr qiladigan maskan bo‘ldi. Keyin esa undan sekin-asta fayz keta boshladi. Dastlab ertaklardagi qahramonlarning bo‘zga ishlangan rasmlarini kimlardir pichoq bilan kesib ketdi. Keyin rangli chiroqlar marjoni, avtodromdagi svetoforlar tosh bilan urib sindirildi. O‘rindiqlarning taxtalari ko‘chirildi. Oxirida gulzordagi gullarni boqqa tutash xonadonlarga qarashli qoramollar yeb bitirdi. Xullas, bog‘ning fayzi ham, ko‘rki ham yo‘qoldi. Odamlar u yerga bormaydigan bo‘lishdi.
Men bu ko‘ngilsiz voqeadan qattiq ta’sirlandim va bu haqda ko‘p o‘yladim. Xo‘sh, bu bog‘ kim uchun va kimning mablag‘i bilan qurildi-yu, kimlar uni vayron qilishdi? Xalq mablag‘i bilan qurildi, shu xalq orasidan chiqqan qo‘li qichigan, molmijoz kishilar vayron qilishdi.
Men ilgari bunday buzg‘unchiliklarni bolalar qilishadi, deb o‘ylar edim. Chunki bola psixologiyasida qo‘liga tushgan, ko‘ringan narsani urib sindirish, buzish ishtiyoqi bor. Lekin ko‘p kuzatishlardan keyin bu fikrim unchalik to‘g‘ri emasligini angladim. Chunki Qo‘yliqdagi o‘sha bog‘da oyoqlari yerga beton bilan mahkamlangan o‘rindiqlar ham qo‘porib tashlanganki, bu faqat katta odamninggina qo‘lidan keladi.
Ilgari Namangan bog‘lar va gullar shahri bo‘lganlmgini bilardim. Bundan uch-to‘rt yil burun u yerga borganimda, nazarimda shaharning fayzi ancha ketib qolganday tuyuldi. Ayniqsa «Beshchinor» madaniyat va istirohat bog‘iga kirganimda hafsalam pir bo‘ldi. Ilgari shaharning faxri bo‘lgan bu bog‘ning bog‘lik qiyofasi qolmagan, hammayoq ivirsib yotardi, katta hovuzdagi suvning ustini xazon bosib, ko‘karib ketibdi.
Toshkentga qaytayotib, Namangandagi avrli gazlamalar kombinatiga qarashli hunar-texnika bilim yurtida muallim bo‘lib ishlaydigan kishi bilan bir kupega tushib qoldim. Men unga shahardan olgan taassurotimni gapirdim.
— Namangan ko‘chalarida siz ilgari ko‘rgan asriy chinorlarni shahar yo‘llarini kengaytirish bahonasida qulatib, kundakov qilib tashlashdi,— dedi u.— Buni uzrli hodisa deyish mumkin. Shahar bog‘laridan fayz ketganligining sababi esa boshqa. Aytganingizday, ilgari yoz paytlari shahar bog‘lari, ayniqsa «Beshchinor» eng serfayz joy bo‘lardi. Bog‘da deyarli har kuni turli tomoshalar, o‘yin-kulgi bo‘lar, choyxonalaridan odam arimasdi. Shahar odamlari ishdan qaytgach, boqqa borish uchun maxsus tayyorgarlik ko‘rishardi: yuvinib, soqollarini olishardi, kiyimlarini dazmollashardi. Bog‘ har kuni kunduz soat uchdan oltigacha dam oluvchilar uchun berkilardi. Bu paytda u tozalanib, hammayoqqa suvlar sepilardi. Oqshom esa bog‘ chinakam rohatijon joyga aylanardi. Endilikda Namangan bog‘larida bunday manzarani ko‘rmaysiz.
— Buning sababi nima?
— Shahar bog‘larida dam olish bepul bo‘ldi-yu, ulardan fayz ketdi. Asosiy sababi mana shunda. Bog‘ xodimlarining esa maoshlari kam. Manfaatdorlik yetarli bo‘lmagandan keyin ishga qiziqish ham, qo‘nim ham bo‘lmaydi.
Menimcha,bu fikrda jon bor, uning to‘g‘riligini Toshkent bog‘larining ilgarigi va bugungi ahvoli ham isbotlaydi.
Finlyandiyada har to‘rt kishiga bitta sauna to‘g‘ri kelar ekan. Qishi nihoyatda sovuq va uzoq davom etadigan bu mamlakatda sauna fin uchun faqat yuvinish joyi emas, balki «qishdagi jannat», quvonch manbai hamdir. U mehnat bilan o‘tgan kun nihoyasida bu yerda hordiq chiqarib, tan-jonini yayratadi, yangi kuch to‘playdi. Uyiga kelgan mehmonni ham albatta saunaga taklif etadi. Shuning uchun ham u har bir fin hayotining ajralmas qismiga aylangan.
Bizning issiq iqlimli o‘lkamizda esa bunday vazifani go‘zallik va toza havo manbai bo‘lgan istirohat bog‘lari bajarishi kerak. Shaharning har bir katta dahasida albatta dam oluvchilar uchun barcha qulayliklar yaratilgan bitta madaniyat va istirohat bog‘i bunyod etilishi va unga kirish pulli bo‘lishi zarur. Dam oluvchilarga xizmat ko‘rsatishdan tushadigan daromadning bir qismi xodimlarga ustama mukofot tariqasida berilishi, qolgan qismi bog‘ni obodonlashtirishga sarflanishi lozim. Shunday sharoitdagina shahar bog‘lari hamisha obod va gavjum bo‘ladi.
Bog‘ va daraxtlarning inson hayotida tutadigan o‘rni muhimligini, ular shahar va qishloqlarimizga ajib bir husn baxsh etishdan tashqari, changni yutib, havoni namlab, tozalab berishini, haroratni, shovqinni pasaytirishini va eng muhimi, tiriklikning asosiy garovi bo‘lgan kislorod ishlab chiqarishini, ehtimol Rossiya yoki Belorussiyada yashovchi kishilarga uqtirishning hojati yo‘qdir, sababi, bu o‘lkalarda umumiy yer maydonining 40 foizga yaqini o‘rmonlardan iborat. Bizda esa uqtirish kerak. O‘zbekiston ittifoqimizdagi eng «taqir» jumhuriyat sanaladi, uning jami yer maydonining atigi uch foizi o‘rmonlardan iborat, xolos. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha, hatto Turkmanistondan ham orqada turamiz. Mazkur jumhuriyatda umumiy yer maydonining 14 foizini o‘rmonlar tashkil etadi.
Yuqorida biz Moskva Ovro‘padagi nisbatan havosi toza shaharlardan. ekanligini aytib o‘tdik. Ammo uning tabiiy omillari haqida gapirmadik. Vaholanki, Moskvaning havosi nisbatan toza bo‘lishida, shahar atrofi tabiiy «kislorod fabrikasi»— quyuq o‘rmonlardan iboratligining ham ahamiyati bor.
Toshkent atrofidagi tumanlarda esa urushdan keyingi yillarda qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish, g‘o‘zani defoliatsiyalashga qulay sharoitlar yaratish shiorlari ostida ekin maydonlari kengaytirilib, atrofidagi daraxtlar kundakov qilib tashlandi.
Nega shaharlarimizda tez o‘sadigan milliy daraxtlar — ko‘k terak, tol kamayib, «o‘ris» daraxtlar, jumladan sekin o‘sadigan va shira bosadigan akas ko‘payib ketayapti? To‘g‘ri, asl vatani Ovro‘pa bo‘lgan daraxtlar orasida ham yaxshilari bor. Ammo bu milliy daraxtlarni shahardan surib chiqarishga asos bo‘la olmaydi, Kimga qanday bilmayman-ku, shaxsan men Kavkazni sarvsiz, Rossiyani oq qayinsiz, O‘zbekistonni esa teraksiz tasavvur qila olmayman. Shahardan milliy daraxtlarni surib chiqarayotgan mutaxassislar terak chiroyli daraxt bo‘lishidan tashqari, tengi yo‘q tabiiy favvora ekanligini — har kuni o‘zidan besh litrdan ortiq namlik chiqarishini, bitta azamat tol esa yil mobaynida uch yuz kilogramgacha changni yutishini bilisharmikan?
Hozir har bir narsaning foyda va ziyoni haqida ko‘p gap bo‘layapti. Xalqda, otangdan mol qolmasin, tol qolsin, degan maqol bor. Sababi, tol sersalqin daraxt bo‘lishdan tashqari, yog‘och ham beradi. Xalqimizda yana oilada o‘g‘il tug‘ilsa hovli etagiga o‘n bir tup terak ekish odati bo‘lgan. Chunki, ilgari o‘zbeklar sibirdan yog‘och sotib olib kelib imorat qurishmagan, o‘zlari o‘stirgan teraklarni kesishgan. Endilikda shahar va qishloqlarimizda bu yaxshi an’analarimiz tiklansa, atrof muhitning musaffoligi uchun ham, iqtisodimiz uchun ham foydali bo‘lur edi.
Etmishinchi yillarda Akademiklar shaharchasida sakkiz yil yashadim. Men yashagan uy o‘sha paytda yangi ochilgan Jahon Obidova ko‘chasining yaqinida edi. Bu katta ko‘chaning ikki yoqasiga sakkiz yil mobaynida har yili daraxt ekildi. Lekin har yili saratonga borganida suvsizlikdan qurib qolaverdi. Shunda men, shahar bo‘yicha har yili quriydigan ko‘chatlar qancha ekan-a, axir bular kimlarningdir mehnati bilan yetishtirilgan, shahar byudjetidan ming-ming so‘mlab pul sarflangan-ku, nahotki shaharning kattalari orasida mana shu haqda jiddiyroq o‘ylab ko‘radigan inson topilmasa, deb o‘kindim.
Menimcha, shaharni ko‘kalamzorlashtirish sohasidagi hamma ishlarni obodonlashtirish Bosh boshqarmasi jamoasi zimmasiga yuklab qo‘ymasdan, bu ishga yirik sanoat korxonalari jamoalarini ham jalb etish kerak. Nima uchun qishloq sharoitida jamoa va davlat xo‘jaliklari o‘z hududlaridagi yo‘llarning holati haqida qayg‘uradilaru shaharda bunday emas? To‘g‘ri, shahardagi ko‘pchilik korxonalar o‘z daromadlaridan shahar byudjetiga mablag‘ ajratishadi. Ammo tajriba azim shahar sharoitida shuning o‘zi bilan kifoyalanish yetarli emasligini ko‘rsatayapti. Masalan, Rostov-Don shahrida har bir yirik mehnat jamoasi o‘z korxonasiga tutash ko‘chalarning tozaligi va ko‘kalamzorlashtirilganligi uchun masul hisoblanadi, bu narsa korxona qabul qiladigan yillik majburiyatlarda ham o‘z aksini topadi. Bu yaxshi tajribani Toshkentda ham joriy etish kerak.
Shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari, turar joy boshqarmalari dov-daraxtlarni parvarishlashi, sug‘orishi lozim bo‘lgan bog‘bonlar va miroblar, dahalarni supirib-sidirishi lozim bo‘lgan farroshlar bilan yetarli ta’minlangan. 200 taga yaqin avtomashina ko‘chalarga suv sepishi kerak. Hatto shaharda sug‘orish ishlarini yo‘lga qo‘yishga mas’ul bo‘lgan maxsus trest tashkil etilgan. Lekin shaharda shu paytgacha mavjud 142 ta dahadan 112 tasigina qisman oqar suv bilan ta’minlandi. Yoz va kuz oylarida shaharning qaysi dahasi yoki mavzeiga bormang, axlat uyumlariga, suvsab yotgan dov-daraxtlarga ko‘zingiz tushadi. Shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari rahbarlaridan nega bunday ahvol yuzaga kelayotganligini so‘rasangiz, ishchi kuchlari, texnika vositalari, yoqilg‘i yetishmasligini, maosh kamligini bahona qilishadi. Ehtimol, ularning fikrlarida ma’lum haqiqat bordir. Lekin obodonlashtiruvchilarning qo‘llari qisqa ekan-da, deb yuzaga kelgan ahvol bilan murosa qilib o‘tiraversak to‘g‘ri bo‘ladimi?
O‘zbekda ilgari shanbalik bo‘lmagan, ammo hashar bo‘lgan. Bu hasharlarni xalq yilda bir marta — dohiy tug‘ilgan kunda emas, qancha zarur bo‘lsa, shuncha o‘tkazgan. Shunday bo‘lgach, nima uchun mana shu ajoyib milliy an’analarimizni qayta jonlantirib, shaharni tozalash va obodonlashtirish bo‘yicha umumxalq hasharini yilda bir emas, birnecha marta o‘tkazish, bu ishga shaharning yuzlab sanoat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining ishchi kuchlari, texnika vositalarini jalb etish mumkin emas? Axir shahar bir qism kishilarga emas, hammamizga qarashli-ku.
Xullas, do‘stlik va tinchlik shahri bo‘lgan Toshkent yuksak darajada obodonlashtirilgan va ko‘kalamzorlashtirilgan, havosi musaffo shaharga aylanishi kerak. Bu ishning aholi sog‘lig‘i mustahkam, kayfiyati ko‘tarinki, umri boqiy bo‘lishida ahamiyati katta.
“Sharq yulduzi” jurnali, 1991 yil, 8-son