Aleksandr Faynberg. Kelajakni o‘ylab (1989)

Oldindan aytib qo‘ya qolay, O‘zbekistonda hayoti kechayotgan har bir odam respublika tub aholisining milliy tilini o‘rganishi kerak, deb fikr bildirayotganlarning so‘zlariga to‘la qo‘shilaman. Lekin shu bilan birga ko‘nglimda tug‘ilgan ba’zi fikrlarni ham aytishim zarur, deb bilaman. Milliy munosabatlar masalasida til muammosi o‘nlab yillar davomida e’tibordan soqit qilinib kelindi. O‘zbek ziyolilarining o‘z ona tili mavqeini ko‘tarish uchun har qanday urinishlari esa milliy mahdudlikdan boshqa narsa sifatida baholanmadi. Dahshatli repressiya yillarida bunday urinishlar uchun ko‘plar nafaqat qamoqlarning mudhish azoblarini boshidan kechirdilar, balki hayotini ham qurbon qildilar. Takror aytaman: bunday voqealar o‘nlab yillar mobaynida davom etdi. Shuning uchun endilikda mazkur ahvolni qandaydir ikki-uch yil ichida birdan o‘nglab olish nihoyatda qiyin, agar bu borada uzoq vaqt sukut saqlab kelganimiz hissasini birdaniga chiqarmoqchi bo‘lib muammoni hal qilishni kampaniyabozlikka aylantirsak yoki kuch ishlatish bilan hal qilmoqchi bo‘lsak, ya’ni milliy tilni hammadan birdaniga o‘rganishni talab qilsak, ko‘zlangan maqsadga erisha olmaymiz. Aksincha, masalani yanada keskinlashtiramiz. Bu masalani to‘g‘ri hal qilish uchun, avvalo, bir qancha ishlarni amalga oshirishimiz lozim.

Birinchidan, respublika barcha o‘rta, maxsus va oliy o‘quv yurtlarida nafaqat o‘quv yurtlari hamda maktablar uchun, balki bolalar bog‘chalari uchun ham o‘zbek tili o‘qituvchilari tayyorlash nihoyatda zarur. Chunki bolalarning til o‘rganishi katta yoshdagilarga nisbatan osonroq kechadi. Shundan keyin bolalar bog‘chalarida o‘zbek tilidan ta’lim beradigan o‘qituvchilar uchun o‘rinlar ham ajratilishi kerak. O‘qitish ishlari esa nomiga emas, astoydil olib borilishi zarur. Til o‘rganish hamma sohalar xodimlariga birday taalluqlidir. Lekin, nazarimda, maishiy xizmat ko‘rsatish sohasida faqat milliy til hukmronligini istisno qilish kerak. Bu yerda tezlik bilan ikki tillilikni joriy etish lozim, aks holda har xil mayda muammolar ko‘payib ketishi mumkin.

Ikkinchidan, barcha maktablarda hamma uchun o‘zbek tili ham, Alisher Navoiy davridan to Oybekkacha bo‘lgan o‘zbek adabiyoti ham to‘la o‘qitilishi shart.

Uchinchidan, bularning hammasini amalga oshirmoq uchun fanning eng so‘nggi yutuqlari asosida yaratilgan zamonaviy darsliklar, elektron hisoblash mashinalari, televizion eshittirishlar kerak. Buning uchun, tabiiyki, olimlarimiz va madaniyat arboblari miz ter to‘kib mehnat qilishlari zarur. Ayni paytda o‘zbek yozuvchilarining faol ishtirokida ko‘plab xrestomatiyalar yaratilishi lozim. Darvoqe, o‘zbek yozuvchilari gardanida boshqa ko‘plab ishlar qatori nihoyat yana bir ish Karamzinning «Rossiya davlati tarixi» asari singari «O‘zbek xalqining tarixi»ni yaratish majburiyati ham bor. Bu tarixni kattadan-kichik hamma birday sevib o‘qishi uchun, uni quruq ilmiy terminlardan xoli ravishda, qiziqarli qilib ijodkordan boshqa kim ham yoza olardi?

Til muammosi to‘g‘risida gap borar ekan, bugungi kunda ko‘p aytilayotgan o‘z milliy qobig‘iga o‘ralashib qolish, mahdudlikka yuz burish xavfi to‘g‘risida ham uylab ko‘rish kerak. Bunday kulfat boshimizga tushmasligi uchun, fikri ojizimcha, o‘sha bolalar bog‘chalarida milliy tillar bilan birgalikda chet tillardan birini ham o‘qitishni yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq bo‘lardi. Masalan, ingliz tilini. Axir e’tibor bering, mamlakatimizga kelgan chet ellik sayyoh — u Germaniyadanmi yoki Frantsiyadanmi kamida uchta tilni biladi. Biz-chi?.. Tasavvur qiling, bugungi kunda bog‘chalarda chopqillab yurgan bolalar 10—12 yildan keyin maktabni bitirganidan so‘ng o‘zbek, rus, ingliz tillarida bemalol gaplasha oladi. Xo‘sh, o‘shanda ularning Angliya, Yaponiya, Amerika mamlakatlaridagi universitetlarda o‘qishi uchun nima halaqit beradi. Axir ular o‘sha tomonlarda ilm olsa O‘zbekistonga faqat bilim olib qaytmasliklari, balki respublikani iqtisodiy va madaniy jihatdan dunyoning ko‘plab mamlakatlari bilan bog‘laydigan hamkorlik uchun zamin yaratishlari ham ma’lum-ku!

Yana ta’kidlayman, bu masalalarni birdaniga hal qilib bo‘lmaydi. Lekin ba’zi kimsalar, o‘zlari o‘zbek tilini bilmagani holda, voqealarni tezlashtirish orqali masalani yanada o‘tkirlashtirishga, bu muammoni muvaffaqiyatli hal qilishga urinayotganlarga xalaqit berishga urinmoqdalar. Ular faqat o‘z obro‘larini oshirish maqsadida, o‘zbek tilini hamma tezlik bilan o‘rganishi va tezroq hayotga tadbiq etilishi fikrini ilgari surmoqdalar. Yana aytaman, men o‘zbek tilining respublikada yetakchi bo‘lishi tarafdoriman. Lekin uni kampaniyabozlik bilan amalga oshirmaslik kerak. Ya’ni, boshqa xalqlarning o‘zbek tiliga mehrini qahrga aylantirmaslik zarur. Men butun hayotimni O‘zbekistonda kechirgan odam sifatida o‘zbek xalqining donishmandligiga, yetilgan muammolarni oqilona hal qilishga ishonaman.

O‘zbek kinematografchilarilarining film-stsenariy avtorlarini Moskvada va madaniyatimizning boshqa shaharlaridan taklif qilishadi, degan gaplarni ko‘p eshitganman. To‘g‘ri, bu gaplarning aksariyati haqiqat. Lekin, ayni paytda, iqtidorli o‘zbek yozuvchisining yaxshi asarini qo‘lga olib, undan film yaratish ham oson emas. Hatto eng yaxshi badiiy asar ham kinolentaga ko‘chmasligi mumkin. Uning lentaga tushishi uchun esa haqiqiy, kino tilini yaxshi biladigan kinodramaturg bo‘lishdan tashqari, xalq hayotini, uning o‘ziga xos milliy xususiyatini, xarakterini chuqur bilish lozim. Xo‘sh, bunday kinodramaturglar, rejissyorlar, operatorlarni qayerdan olish mumkin? Men bu borada bugungi o‘zbek kinematografiyasida mehnat qilayotganlarni qoralamoqchi emasman. Axir ular orasida iqtidorli ijodkorlar, yaxshi filmlar ham bor, festivallarda g‘olib deb topilgan kartinalar ham mavjud. Lekin vaqt degan ulug‘ daryo oqayotgan ekan, bugun bizni qanoatlantirgan lentalar ertaga korimizga yararmikan? Shuning uchun ham kelajakka tiyrakroq ko‘z bilan nazar tashlashimizni istardim.

Sir emas, Butunittifoq kinematografiya instituti — yigit-qizlarimiz kirib o‘qishni orzu qilgan maskan. Lekin bu orzuga hamma ham erishavermaydi. Ba’zan esa bu maskanni umuman, san’atga aloqasi yo‘q odam ham bitirib chiqaveradi, ya’ni ayrimlar uni ermakka aylantirishadi. Men rejissyorlar, aktyorlarning farzandlari va jiyanchalari oilaviy an’analarni davom ettirib, kinematografchilar avlodlarini yaratishlariga qarshi emasman. Ularning san’atga iqtidori bo‘lsa, xo‘p, yaxshi. Agar bo‘lmasa-chi? Axir kinosan’atimizning kelgusida faxri bo‘lishi mumkin bo‘lgan bolalar qayerdadir — Farg‘onadami yoki G‘ijduvonning olis bir qishlog‘idami tuproq ko‘chani changitib yurgan bo‘lishlari mumkin-ku!

Lekin ularning o‘z orzulariga erishishi qiyin. Chunki ularning hayotlari avlodlar an’anasini davom ettirmoqchi bo‘layotganlardan boshqacharoq kechadi, ularning aktyorlik, operatorlik, rejissyorlik talantini aniqlaydiganlar, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadiganlar bo‘lmaydi.

Ehtimol, men yana, xuddi til masalasidagi singari, milliy kino san’atini rivojlantirish muammolarini hal qilish to‘g‘risida ham bir yoqlama o‘ylayotgandirman. Biroq bu borada ham ishni ijtimoiy fanlarga oid maxsus o‘quv yurtlarida va shuningdek, Madaniyat institutida kinofakultetlari ochib, unda nafaqat shaharlardagi madaniyat saroylarida, balki rayonlarda, eng olis qishloqlarning klublarida ham xizmat ko‘rsatadigan havaskorlik kinostudiyalarining rahbarlari tayyorlashdan boshlashimiz kerak. Bu klublarning binolari, balkim talabga javob bermas, lekin u yerda birov qo‘lida kinokamera yoki ko‘hna proyektor bilan paydo bo‘lsa, ko‘plab yigit-qizlarning unga ergashishi tabiiy. Natija esa o‘z o‘zidan ayon. Agar minglab bolalar orasidan bittasi kinoga ko‘ngil qo‘yganida, tasavvur qiling, xalqimiz orasidan qancha haqiqiy talantlar yetishib chiqadi. Xo‘sh, ularning barchasi kelgusida Butunittifoq kinematografiya institutiga borishi shartmi? Yo‘q, men kelgusida O‘zbekistonning o‘zi uchun alohida bo‘lmasa ham, har qalay, O‘rta Osiyo regioni uchun Kinematografiya instituti ochiladi, deb ishonaman va uning eshiklari iqtidorli yoshlar uchun hamisha ochiq bo‘ladi. Unda o‘zbek kino ustalari Moskva, Leningrad, Tbilisi va mamlakatimizning boshqa shaharlaridan kelgan san’atkorlar bilan hamkorlikda ish yuritadilar. Bu ishning amalga oshirilishi o‘zbek kino san’atida xalq hayotini tashqaridan emas, ich-ichdan, qalb tebranishlaridan his qiladigan, biladigan operatorlar, rejissyorlar, aktyorlar paydo bo‘lishiga, ayniqsa, bugungi kunda o‘zbek kinosi uchun g‘oyat zarur bo‘lgan dramaturglar, aniqrog‘i, kinodramaturglar yetishib chiqishiga zamin hozirlagan bo‘lardi.

Yuqoridagi fikrlarimni aytish bilan yana ta’kidlayman: bu rejalarning amalga oshmog‘i uchun vaqt va toqat kerak. Shoshma-shosharlikka, kampaniyabozlikka berilib ketsak, yerga don ekib, hashak yig‘ib olgan dehqonning holiga tushib qolishimiz mumkin.

Har kim kelajakni ko‘zlaganda bugungi ahvolini rejalab, ertasini mo‘ljallab oladi. Ayni paytda o‘tmishiga nazar tashlab, tarix saboqlaridan xulosa chiqaradi. Shu ma’noda ba’zi ishlarimizga kecha, bugun va erta nuqtalaridan nazar tashlashimiz zarurga o‘xshaydi…

O‘zbekistonning madaniyat arboblaridan hech kimga sir emaski, respublikada turg‘unlik yillarida ham haq so‘zini aytgan taniqli o‘zbek yozuvchisi Abdulla Qahhor hayot paytida mehnatiga, talantiga yarasha qadrlanmadi. Adolat asta-sekin tiklanmoqda. Biroq u yaratgan tarix, ijodkor shaxsi yanada e’zozga loyiq… u yoki Toshkentda, V. I. Lenin maydoniga yaqin joyda, Sharof Rashidovga haykal qo‘yish mo‘ljallangan joyni kim ham bilmaydi, deysiz. Agar baxtimizga qarshi, mamlakat hayoti boshqa yo‘ldan ketganida, balkim bu haykal tiklanishi ham mumkin edi. Faqat o‘z shon-shuhratini o‘ylagan o‘zidan talantliroq ijodkorlarga to‘sqinlik qilgan, haq so‘zni aytgan adiblarni chetlashtirishga uringan insonning nomini, qiyofasini toshga bitib muqaddaslashtirmoq haqiqatga zid bo‘lardi. Biz buni bugun, qayta qurish davrida, oshkoralik to‘fayli yanada chuqurroq angladik.

Xo‘sh, bundan kelajak uchun qanday xulosa chiqarmoq kerak. Nazarimda, biz shahrimizda haqiqiy ijodkorlarga haykallar qo‘ysak, adolatni tiklagan bo‘lardik. Shu ma’noda Abdulla Qahhor — haqiqiy ijodkor va har qanday ta’qiblar oldida egilmagan insondir. Demak, o‘z xalqiga xizmat qilgan bu ijodkorning hay kalini ham tiklashimiz va e’zozlashimiz kerak. Bu kelajak avlodlar uchun nihoyatda zarur.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 12 may