Abdusaid Nur, Yormamat Rustam. Maktabki nochor, muallimki noqobil… (1990)

Erta tong. Qushlar chug‘uri avjida. Allaqayerda traktor gurillaydi. Oftobning munavvar nurlari yoyilmoqda. Tuproq ko‘chadan tap-tap qadam tashlab jajjigina qizaloq maktabga borayotir. Beg‘ubor xayollar og‘ushida sinf xonasiga kirgan qizchaning shiftga tirab qo‘yilgan ustunlarga, yarmigacha nam tortib, sho‘rlab ketgan devorga, qing‘ir-qiyshiq qalashtirib tashlangan «ko‘rgazmali qurol»larga ko‘zi tushganda xayolidan nimalar kechganini tasvirlash qiyin. Balki u murg‘ak tasavvurida mavjud ahvolni idrok qila olmas, lekin biz kattalar gulday farzandlarimizning og‘ilxonadan farqi yo‘q sinf xonalarida «ta’lim» olayotganidan ko‘nglimiz ozor chekishi shubhasiz. Qishloq maktablarining aksariyati mana shunday ahvolda. Xo‘sh, bunga kim aybdor? Bahonalar, vajlar ko‘p.

Jumhuriyatimizdagi har sakkiz maktabdan biri yoki aniqroq qilib aytganda 1132 maktabga farzandini yetaklab kelgan ota-onaning xayolidan yuqoridagiday o‘y kechishi tabiiy.

Urgutdagi Karl Marks nomli davlat xo‘jaligida «So‘fi» degan qishloq bor. U yerda aholi zich yashaydi. Qishloq markazidagi Lutfiy nomli 78-o‘rta maktab 1960 yilda qurilgan. Hozir 462 o‘quvchi ikki boyeqichda o‘qiydi. 13 ta sinf xonasi mavjud. Xonalar juda tor. Ustalik bilan joylashtirganda nari borsa o‘nta parta bazo‘r sig‘adi. Har bir sinfda 25—30 tagacha o‘quvchi o‘qiydi. Ular qanday qilib joylashadiyu qanday qilib bemalol fanlarni o‘zlashtiradi — tasavvur qilish ham qiyin. So‘nggi paytlarda nuqul yoshlarimiz bilimsiz, oqibatsiz, undoq-mundoq deyapmizu uning asl sababi bilan qiziqmayapmiz chog‘i. Masalan, o‘sha maktabda ertalab soat sakkizda dars boshlansa, soat birdan o‘n minut o‘tganda tugaydi. Hali sinf xonalarini bolalar tark etib ulgurmay, o‘sha sinf xonalarida ikkinchi yarim kunlik mashg‘ulotlari boshlanadi. Albatta xona chang, ifloslangan bo‘ladi bu paytda. Besh minutda uni tozalashning imkoni yo‘q. Shunday qilib mashg‘ulotlar shom tusha boshlaganda tugaydi. Bunday sharoitda sinfdan tashqari o‘qish, o‘quvchilarning bilim saviyasini mustahkamlash yoki to‘garaklar faoliyatini yo‘lga qo‘yish haqida gap bo‘lishi mumkinmi?

Maktabning na hovlisi bor, na bog‘i bor. Sinf xonalari tor. Poli qirq yamoq. Kichkinagina partalarda o‘quvchilar uchtadan bo‘lib o‘tirishadi.

To‘g‘ri, 78-maktab uchun 624 o‘rinli yangi bino qurilishi boshlanganiga roppa rosa 4 yil bo‘libdi. O‘sha yangi bino qurilishini ham borib ko‘rdik. 1986 yilda qo‘yilgan birinchi pishiq g‘ishtlar allaqachon qor, yomg‘ir, shamol ta’sirida yemirila boshlabdi. «Tuya go‘shti yegan» maktab qurilishi uchun davlat ajratgan 923 ming so‘m mablag‘dan 254 ming so‘mi sarflandi xolos. 1990 yilda yana 100 ming so‘mlik ish bajarish mo‘ljallangan edi. Biroq rejaligicha qoldi. Qurilish uchun mas’ul bo‘lgan qishloq xo‘jalik boshqarmasi qurilish bo‘limi xodimlari nima xayolda yurishgan ekan?!.

Urgut nohiyasida ana shunday ayanchli ahvoldagi maktablardan o‘n ikkita ekan. «Partiya XXIV s’ezdi» nomli jamoa xo‘jaligidagi 11-o‘rta maktab, «Uch qahramon» davlat xo‘jaligi hududidagi 14-o‘rta maktab va boshqalar hikoya qilganimizdan ham nochor ahvolda. Samarqand viloyati bo‘yicha esa bunday maktablar 110 tani tashkil qiladi.

Jumhuriyatimizning kelajagi bo‘lgan o‘quvchi yoshlarning taqdiriga bunday panja orasidan qarash xiyonat emasmi? Ommaviy savodsizlikning ildiz otishiga bir sabab mana shu shart-sharoitning yo‘qligi emasmi?

Keyingi yillarda bolalarni og‘ir mehnatdan xolos qildik. Endi ular faqat o‘qishadi, bilim olishadi, deb ko‘krakka uradigan bo‘lib qoldik. To‘g‘ri, endilikda o‘quvchilar paxta yig‘im-terimiga yoki boshqa biron yumushga ilgarigidek ommaviy «safarbar» etilmayotir. Maktablar yopilmaydi. Ammo oila pudrati, ijara zveno degan gaplar ham chiqdiki, bunisi avvalgisidan oshib tushdi. Qo‘polroq qilib aytganda, arqonni qishloq bolasining oyog‘idan olib bo‘yniga solishdi. Ilgari ishga chiqishga tabelchi yoki brigadir majbur qilsa, endi o‘z ota-onasi quvadi. Chunki oilaga bir so‘m kelsa ham harna-da. Axir qishloqda hatto yeyishga non topolmayotgan, unni qarzga olayotgan oilalar ham yo‘q emas, Shunday sharoitda dehqon o‘z bolasining o‘qishidan manfaatdormi? Yo‘q! Avval uning qornini to‘yg‘azishni, egnini but qilishni o‘ylaydi.

Biz, hamma qishloq maktablarida ham ahvol shunday, deyish fikridan yiroqmiz. Biroq ko‘pchilik joylarda, bilim o‘choqlarida mana shunday. Ruhiy muhit o‘qituvchilarga ham ta’sir etmay qolmaydi. Qolaversa, bolalarning chalasavodligiga ularning o‘z kasblariga mehr-muhabbatsizligi, loqaydligi sabab bo‘layotir. Xo‘sh, chalamulla o‘qituvchilar shunday sharoitda paydo bo‘lmaydimi? Bir misol, o‘tgan yili Samarqand Davlat dorilfununida tarix kulliyoti birinchi kurs talabalari bilan savol-javob o‘tkazilgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, yetmish foiz talaba o‘qishga «adashib» kirib qolganligini tan olishgan. O‘z xohishi bilan o‘qimayotganini, boshqa o‘quv yurtlariga o‘tkazishlarini so‘rashgan. Mana, chalasavod yoki bu kasbini sevmaydiganlar qayerdan paydo bo‘ladi! Bunday «adashgan»lar har bir oliy o‘quv yurtida bor. Chunki ular otasining puli, tog‘asining g‘ayrati bilan bir amallab o‘qigan, degan nomni olishsa bo‘lgani, bir kuni kelib nonini topib yer, degan aqidaga ko‘nib yashaymiz.

Yuqoridagi mulohazalarga ba’zilar e’tiroz bildirishlari mumkin. Qishloq o‘qituvchisining qanday yashayotganligi, sharoiti haqida lom-lim deyilmabdi-ku, yozgandan keyin to‘liq yozish kerak-da, deyishlari shubhasiz. Sir emaski, har bir o‘qituvchining xo‘jaligida uch-to‘rttadan mol bor. U mehnat ta’tiliga chiqishi bilan moliga xashak jamg‘aradi, tomorqadan chiqqan besh-o‘n bog‘ yemish hech vaqo bo‘lmaydi. Xo‘jalik rahbariga yalinib biroz yemish olsa-ku yaxshi, ololmasa-chi.

Hamma sohalarda mehnat ta’tili 24 ish kuni hisobida. O‘qituvchilarniki esa 48 kun. Chunki, u yuqorida aytilgan ko‘p ishlarni qilishi, dam olishi kerak. Ana shularning hammasini hisobga olib ularga 48 kunlik imkoniyat yaratib berilgan. Buning o‘rniga ular nima qiladilar. Uy quradilar, g‘isht quyadilar, mol boqadilar. Yangi o‘quv yiliga esa yangi kuch-g‘ayrat bilan emas, charchab-horib qadam qo‘yadilar. Bunday holatda mehnatga, kasbga ishtiyoq qayerdan paydo bo‘lsin? O‘quvchining qanday savodi chiqsin? Nomiga dars o‘tishadi. To‘garaklar qog‘ozda, o‘zlashtirish qog‘ozda, adabiy kechalar, bahslar, qog‘ozda. O‘quv yilining boshida sinf rahbarining tarbiyaviy ishlar rejasiga ko‘z tashlasangiz, qoyil qolasiz. Chunki, hamma narsa o‘z aksini topgan, ammo amalda, o‘quv yilining oxirida-chi? 80 foizi rejalar rejaligicha qolib ketadi.

Ana maktablardagi ahvol qanday. Uning ustiga o‘qish-o‘qitish ishlari yaxshi izga solinmagan. Maktablarda O‘rta Osiyo tarixini o‘qitish, o‘zbek tili va adabiyotidan beriladigan dars soatlarini ko‘paytirish hali ham talabga javob bermaydi.

Xullas, maktab nochor bo‘lsa, muallim noqobilligicha qolaversa, kelajak yo‘llari qachon oydinlashadi. Farzandlarimiz qachon qoniqib bilim oladilar? Jahonga ma’lum va mashhur, yetuk olimu allomalar ularning safidan ham yetishib chiqishi kerakku, axir!

«Guliston» jurnali, 1990 yil, 10-son