Toshkentdan avtobusda borayotgan yo‘lovchi «Temur darvozasi»dan o‘tganidan so‘ng ob-havoning keskin o‘zgarganini darrov sezadi. Chunki siz shu paytda meridian chiziqlari kesishgan G‘allaorol nohiyasiga kirib kelasiz. Nurotaning tuya o‘rkachli tizma tog‘lari hamda G‘o‘bdin tog‘lari bilan o‘ralgan G‘allaorol o‘zining tabiati, yeri, iqlimi, jo‘g‘rofiy o‘rni jihatidan jumhuriyatimizda alohida o‘rin tutadi.
G‘allaorol zamini asosan dashtdan, ya’ni sug‘orilmaydigan yerlardan iborat. Lekin bu zaminda yerosti xazinasi beqiyos. Shundan bo‘lsa kerak, nohiyani «mamlakatning valyuta tsexi» deb ham aytishadi. Chunki G‘allaoroldagi Marjonbuloq oltin qazib chiqarish korxonasi mamlakatimizga eng yuqori sifatli oltin yetkazib beradi. Shuningdek, nohiyadagi Qo‘ytosh konlaridan olib ketilayotgan volfram metali oddiy lampochkadan tortib, kosmik raketalar yasalishiga ham ishlatilayotir. Qolaversa, jumhuriyatimiz bozorlaridagi eng oldi mayiz ham shu zamin saxovatidan nishonadir. G‘allaorolning lalmikor bahori bug‘doyidan tayyorlangan undan yopilgan nondan yemabsiz — bu dunyoga kelmabsiz! Sovxozlarning cho‘llarda yoyilib yurgan suruv-suruv qo‘ylarining sanog‘i yo‘q. Xullas, G‘allaorolni sanoat, chorvachilik, dehqonchilik nohiyasi, desak yanglishmagan bo‘lamiz.
Hoynahoy, jurnalxonlar shunday zaminda yashovchilar boy-badavlat, turmushlari to‘kis, tashvishdan yiroq kun kechirsalar kerak degan xayolga borishlari aniq. Afsuski, yanglishadilar. Chunki oltini bor yurtning hammasi ham obod bo‘lavermas ekan. Biz G‘allaorol nohiyasida shoir bobomiz Muqimiy bundan salkam bir asr muqaddam ta’riflagan xarob qishloqlardan ham nochor qishloqlarni ko‘rib bunga guvoh bo‘ldik.
Turg‘unlik yillaridagi va hozir ham ba’zi joylarda davom etayotgan ma’muriy-buyruqbozlik tufayli bir tekisda rivojlanish bo‘lmadi. Nomutanosiblik shu darajaga borib yetdiki, oralig‘i bir necha chaqirim bo‘lgan ikki aholi istiqomatgohida osmon bilan yercha farq qiluvchi manzarani ko‘rish mumkin. Masalan, konchilar shaharchasi Marjonbuloqda yashash uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo etilgan. Zamonaviy nusxada qurilgan sotsial, madaniy-maishiy binolar, tabobat muassasalari ko‘zni quvontirgudek. Shaharcha aholisining asosiy qismi mamlakatimizning turli burchaklaridan kelganlar. Dasht o‘rtasida yashnab turgan bu rabotdan atigi 1,5-2 chaqirim narida G‘o‘bdin va Gumsoy qishloqlari bor. Ikki qishloqda 200 dan ortiq xonadan istiqomat qiladi. Yuqorida tilga olingan Marjonbuloq shahridagi sharoitning yuzdan bir foizi ham mazkur qishloqlarda yo‘q. Yasli-bog‘cha, hammom, klub, telefon, kutubxona ko‘pdan beri g‘o‘bdinliklarning xayoliy orzulariga aylangan. Ayniqsa, ichimlik suv muammosi bu qishloqlarni qattiq iskanjaga olgan.
Ilgarilari qishloq aholisi tog‘lardan oqib kelayotgan buloq suvlaridan iste’mol qilardi. Lekin quduqlar qazilib va ulkan quvurlar orqali buloqlarning suvi katta shaharlarga yuborilgach, qishloqqa keladigan suv tortilib qoldi. Endi g‘o‘bdinliklar 3-4 chaqirim uzoqlikdan ichimlik suvini tashib kelishga majbur bo‘lishayotir. Lekin ovoz eshitilgudek masofadagi Marjonbuloqdan vodoprovod quvuri orqali qishloqqa suv keltirishni biror rahbar o‘ylashni ham o‘ziga ep bilmayotir. Qaqrab-qaqshab ketayotgan bu qishloqlar umumiy e’tibordan allaqachon chetda qolgan. Ikki qishloqqa xizmat ko‘rsatuvchi yagona qishloq vrachlik ambulatoriyasi holiga esa maymunlar yig‘laydi. Changi chiqib yotgan katalakdek bu uychaning o‘zi antisanitariya holatidadir. Qishloqdagi ijtimoiy-iqtisodiy turmush darajasining pastligi kishilarning kun kechirishini og‘irlashtirib yuborayotir. Shunisi achinarliki, G‘o‘bdin qishlog‘ining asosiy ko‘pchilik mehnatga layoqatli aholisi oltin konlarida va Marjonbuloq oltin qazib chiqarish korxonasida mehnat qiladilar. Qon rahbariyati arzon ishchi kuchini xush ko‘rsa-da, ularning turmush darajasini o‘stirishni o‘zlarining vazifalari deb bilmaydilar.
Bunday ayanchli ahvolni G‘allaorol nohiyasining qator qishloqlarida ham ko‘rish mumkin. Moltop, Sovruq, Sovruqsoy, Jarbuloq, Robat, Korizquduq, Ko‘tal, Chayonli, Baxmal, Qorong‘ul qishloqlarining bugungi ahvoli shunchalik pastki, bu manzilgohlarda yashayotgan kishilarning sabr-bardoshiga beixtiyor tan berasiz.
Lekin sabrning ham chegarasi bor. Chunki hozir Farg‘onadagi fojiali voqealar hali hammaning xotirasida turibdi. Bu yerda iqtisodiyotning tanazzulli holati, mehnatkashlar turmush darajasining pastligi, ishchi kuchlarining oshib-toshib yotganligi o‘sha fojialarning eng asosiy sabablaridan biri bo‘lganligi sir emas. Shu nuqtai nazardan qaralganda, G‘allaorol nohiyasidagi mehnatkashlarning moddiy ahvoli, madaniy-maishiy turmush darajasi nihoyatda nochor. Nohiyadagi har bir ishlovchi ishchining yillik daromadi 1200 so‘mdan oshar-oshmas. Agar hozir bozorda bir kilo go‘sht 6-7 so‘mligini, erkaklarning bir juft poyafzali 50-60 so‘mligini nazarda tutsak, yuqoridagi daromad summasi hozirgi hayot tarzi uchun urvoq ham bo‘lmasligi ayonlashadi.
Nohiya bo‘yicha bolalarni bog‘chayaslilarga jalb etish 23 foizni tashkil etadi, xolos. Mavjud bog‘cha-yaslilardagi ahvol ham qoniqarli emas. Biz «Kommunizm» sovxozining «Do‘stlik» bolalar bog‘chasida bo‘lganimizda u yerdagi ahvolni ko‘rib, mahalliy rahbarlarning shunchalik loqaydligiga so‘z topishga ojiz qoldik. Bolalarga berilayotgan taomlar bilan qiziqdik. Oshxonada bor-yo‘g‘i bir xil ovqat pishirilmoqda. Bu ham go‘shtsiz, kartoshkasiz, suyuq. Bolalar ichayotgan suvni kattalar ichsa kasal bo‘lishi tayin. Bolalar sanepidstantsiya allaqachon ichish mumkin emas, deb xulosa chiqargan suvni, noilojlikdan ichishga majbur bo‘lishayotir. Nafaqat bog‘cha bolalari,butun Katta Moltop qishlog‘i inson salomatligiga putur yetkazuvchi suvdan ichib tanlari ozor chekmoqda. Qishloqdan atigi 500 metr narida esa, tog‘lardagi shaffof buloqlarda yig‘ilgan suv quvur orqali Marjonbuloq oltin fabrikasiga boradi. Bu suv fabrikada rudani yuvish uchun ishlatiladi.
Oziq-ovqat iste’molining kamligi, ekologik ahvol, oilaviy byudjetning tengsizligi, ijtimoiy sohalarning yetishmasligi, ayniqsa, nohiyadagi xotin-qizlarni mushkul ahvolga solib qo‘yayotir.
Mehnatga qobiliyatli ayollarning ijtimoiy foydali mehnatga jalb etilmasligi natijasida ular umumittifoq qonunlarida ko‘zda tutilgan imtiyozlardan mahrum bo‘lib qolayotirlar. Yuqorida nomlari tilga olingan qishloqlarda yashovchi xotin-qizlarning 90 foizi ishsiz.
Mehnatga layoqatli, ijtimoiy ishlab chiqarishda mashg‘ul bo‘lmagan aholining soni G‘allaorol nohiyasida yil sayin ortib borayotir. O‘z qishlog‘ida ish topishning mushkulligi tufayli birgina «Kommunizm» sovxozidan 1500 ga yaqin kishi uzoq yo‘l bosishib boshqa joylarga borib ishlaydilar.
Ayniqsa, yoshlar uchun ishsizlik ofatdir. Kishi jamiyatga o‘zining keraksizligini his qilsa, ma’naviy tushkunlikka tushishi aniq. Masalan, nohiyadagi G‘o‘bdin qishloq Soveti territoriyasidagi maktablarni 350 o‘quvchi bitirib chiqadi. Shulardan 200 tasi oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlariga hamda ishga joylashsa, qolgani beish qolayotir. Hozirgi kunda bu yerda 1200 ga yaqin mehnatga layoqatli kishilar ish bilan ta’minlanmagan. Ayniqsa, biz Sovruq qishlog‘ida bo‘lganimizda turg‘unlik yillaridagi inson taqdiriga befarq qarashning oqibatlari natijasida yuzaga kelgan ayanchli manzaraning guvohi bo‘ldik. Bir paytlar fayzli, zich bo‘lgan qishloq o‘rnida hozir chordevor xarobalari, egalari ko‘chib ketgan, to‘kilay deb turgan uylar, qurigan bog‘larni ko‘rasiz. Rahbarlar qishloq joylarda ish o‘rinlarini tashkil etish o‘rniga, ishsizlik muammosining oson yo‘lini tanladilar. Ya’ni, ortiqcha ishchi kuchlarini ish bilan ta’minlash uchun Rossiyaning noqoratuproq zonalariga, Sibir tomonlarga va qo‘riq yerlarga yuborishni tashviq qildilar. Ko‘pchilik baynalmilalchilik shiori ostida joylarini bo‘shatib, o‘zga yurtlarga ish qidirib ketdilar. Tirikchilik o‘tkazish uchun qo‘riq yerlarga odamlarning ko‘plab ko‘chib ketishi natijasida nohiyadagi qishloqlardan fayz ketdi.
Shaxtyorlar posyolkasi hisoblangan Qo‘ytoshda ham mahalliy xotin-qizlar uchun qo‘l kelayotgan mehnat turi — kasanachilikni joriy qilish uchun yetarli imkoniyat bor. Lekin buning uchun posyolka Soveti rahbarlari, kon boshqarmasi ma’muriyati xalq haqida jon kuydirishi lozim. Afsuski, ular hozircha «bosh yorilsa qalpoq ostida» qabilida ish yuritishib, ishsizlik muammosini xaspo‘slashga harakat qilishayotir.
Biz G‘allaorol nohiyasining o‘nlab qishloqlarida bo‘lganimizda 10 ming nafardan oshiq mehnat resurslari — ishchi kuchlari to‘planib qolganligini aniqladik. Bu juda katta kuch. G‘allaorolda yaqin yillar ichida 2 ming ishchi ishlashi mumkin bo‘lgan «Elektrasboblar» zavodi qurilishi loyihalashtirilayotgan ekan. Albatta qurilajak zavod ishsizlik muammosini hal etishga ojizlik qiladi. Shu o‘rinda haqli bir mulohaza tug‘iladi. Jumhuriyatimizda yetishtirilayotgan paxtani o‘zimizda qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish bilan nafaqat G‘allaorol nohiyasidagi, balki butun jumhuriyatimizdagi bir yarim million ishsizni ish bilan ta’minlash mumkin emasmikin? Qolaversa, hozirgi joylardagi rahbarlar mamlakatimizda kechayotgan qayta qurish jarayoniga mos ishlasalar, turli imkonlarni qidirib, xalqning madaniy, maishiy, iqtisodiy turmush darajasini ko‘tarsalar. Afsuski, biz bo‘lgan G‘allaorol nohiyasi rahbarlariga XIX partiya konferentsiyasi, SSSR Xalq deputatlarining I s’ezdi ruhi hali yetib bormagandek tuyuldi. Hamon ular eskicha ish yuritishni, ya’ni ishni kabinetda o‘tirib boshqarishdan voz kecholmayotirlar. Ular xalq orasida bo‘lganlarida edi, elning dardini anglagan bo‘lar edilar. Tomi bosib qolay degan maktablarni, qishda sovuq, yozda issiq xarob kasalxonalarni, bochkalarda keltirilgan suvga navbat kutib turgan ayollarni ko‘rgan bo‘lardilar.
Qolaversa, G‘allaorol nohiyasi o‘z yeridan chiqayotgan oltindan, volframdan nima naf ko‘rayotir?!. Bu Ittifoq idoralariga bo‘ysunuvchi korxonalar nohiya byudjetiga hech qanday foyda bermayotir. To‘g‘risi, kon rahbarlari hech kimni daromadga sherik qilgulari yo‘q.
Jumhuriyatimizda bir nohiya bor. Nomi G‘allaorol. G‘allaga boy. Chorvaga boy. Xazinaga ham boy. Lekin xalqi… nochor ahvolda, kambag‘al yashamoqda.
Abdurazzoq Karimov, «Guliston» jurnalining maxsus muxbiri
«Guliston» jurnali, 1989 yil, 12-son