Choyxona va choyxona xizmati — qadimgi milliy an’analarimizdan.
Inqilobdan oldin O‘rta Osiyoda, jumladan, O‘zbekistonda mehmonxonalarning kamligi, radio, televizor kabilarning omma orasida keng tarqalmaganligi va hatto yo‘qligi sharoitida mehnatkashlar ishdan bo‘sh vaqtlarini ko‘pincha choyxonalarda o‘tkazganlar. Shaharlardagi choyxonalarda qishloqlardan, uzoq yurtlardan kelgan mehmonlarni kutib olish uchun maxsus hujralar bo‘lib, mehmonxona vazifasini ham bajargan. Dastlab kelgan odam shahar hayoti, xalqning urf-odati, madaniyati va hokazolar bilan ham xuddi shu yerda tanishgan.
Choyxonalarda shirinsuxanlik va mehmondo‘stlik qadimiy an’analardandir. Ularda hamisha milliy taomlar — non-patirlar, shirinliklar muhayyo bo‘lgan. Istagan kishilar shu yerda palovxo‘rlik ham qilishgan.
Qadimgi choyxonalarda dutor, g‘ijjak, nay kabi milliy cholg‘u asboblari mavjud bo‘lib, xalq qo‘shiqlari, ayniqsa, klassik ashula-kuylarni ijro etuvchi mashshoqlar, xonandalar, kishilarga ma’naviy, estetik zavq bag‘ishlaganlar. To‘r qovoqlarda kaklik va bedanalar tinimsiz sayrab turgan. Shu ma’noda choyxona madaniy dam olish, hordiq chiqarish maskani ham hisoblangan. Chunki inqilobgacha shaharlarda ham, qishloqlarda ham klublar bo‘lmagan.
Choyxona O‘rta Osiyo xalqlari, ayniqsa, o‘zbeklar va tojiklar orasida juda keng rasm bo‘lgan. Choyxonachilar choyxonaga qadam ranjida qilgan har bir mehmon oldig‘a o‘sha zahoti patnisda issiq non, qand, mayiz va choy keltirib qo‘yganlar. Bu yaxshi odat qat’iy tartibga aylangan. Aksariyat choyxonalarda nuroniy keksalar uchun yuqoridan maxsus joy ajratilgan; u joy g‘oyatda toza va tartibli saqlangan. Keksalar uchun ajratilgan joylarga hech qachon yoshlar o‘tirishmagan.
Mahalla choyxonalari o‘sha joydagi hayotning hamma sohasini kamrab olgan, mahallada kimda kim biror nojo‘ya ish qilib qo‘ysa, buning gapi choyxonada qaynagan. Nojo‘ya ish qilib qo‘ygan kishining yuzi shuvut bo‘lib choyxonaga chiqaolmay — odamlarga qo‘shila olmay qolgan. Chunki har kimning barcha yaxshi va yomon xislati choyxona orqali tarqalganligi uchun jamoatchilikdan gap eshitishdan qattiqroq jazo bo‘lmagan. Nojo‘ya ish qilgan kishining qarindosh-urug‘lari, yaqin do‘stlari ham noqulay ahvolda qolganlar.
Choyxona ommaviy-siyosiy va madaniy ishlarni olib borish uchun qulay bo‘lganligi boisidan u Sovet hokimiyatining dastlabki yillarida targ‘ibot-tashviqot hamda tashkiliy-tarbiyaviy ishlar markaziga aylandi. 20-yillarda Turkiston kommunistik partiyasi tashkiloti ideologik ishlarni olib borishda mahalliy aholiga yaqin, tushunarli bo‘lgan xalq an’analari va urf-odatlaridan ustalik bilan foydalandi. Turkiston Siyosiy, madaniy-oqartuv boshqarmasining 1921 yil 28 iyunda tasdiqlagan «Agitatorlarga ko‘rsatma»da aholi amal qilayotgan mahalliy turmush sharoitini, urf-odatini, didi, axloqi, e’tiqodi, dam olishi, mashg‘uloti va hokazolarga diqqat bilan e’tibor berish kerakligi bejiz aytilmagan edi. Partiyaning bu ko‘rsatmasi O‘zbekistonda ideologiya ishini kuchaytirishda, uni targ‘ib qilishning qulay vositasi bo‘lgan choyxonalarning rolini oshirishda muhim rol o‘ynadi.
Choyxonalarda Qizil burchaklar tashkil etildi, ular fan, madaniyat tariqqiyotini ko‘rsatuvchi plakatlar, adabiyotlar, gazeta va jurnallar bilan boyitildi. Qizil alvonlarga turli chaqiriqlar yozilib, choyxonalarga ilib qo‘yildi. Shu tariqa Qizil choyxonalar vujudga keldi. Masalan, Toshkentdagi Qizil choyxonalardan biridagi manzara quyidagicha edi: Qizil choyxona viloyat ijroiya komiteti yaqinidagi keng va yorug‘ binoga joylashgandi. U yerda ozodalikka rioya qilinardi, devorlarga o‘zbek, rus, qirg‘iz, tatar tillaridagi plakatlar ilib qo‘yilardi, gazetalar muntazam keltirib turilardi va savodsizlar sharoiti hisobga olinib ovoz chiqarib o‘qilardi. Choyxo‘rlar bu yerda shaxmat-shashka o‘ynab, qo‘shiq-kuy tinglardilar, askiya eshitardilar.
Xullas, Qizil choyxonalar O‘zbekistonning barcha oblast va rayonlarida tashkil etilgan. Agar 1923 yilda Turkiston respublikasida 137 ta Qizil choyxona mavjud bo‘lgan bo‘lsa, 1925 yilda ularning soni 227 taga yetgan. Choyxona o‘sha vaqtlarda klub vazifasini ham bajargan.
70-yillardan boshlab respublika oblastlarida namunali choyxonalar, masalan, Toshkentdagi «Salom», «Samarqand», «Moviy gumbaz», oblast, rayon markazlaridagi «Otalar choyxonasi» kabilar ishga tushdi. Xususan, Samarqand, Namangan, Qo‘qondagi bir necha choyxona binolari atrofmuhit bilan uyg‘unlashtirib qurildi va yaxshi jihozlantirildi. Bunday choyxonalarda shahar aholisining o‘ziga xos nozik didini,tabiatini, mehmondo‘stligini, xushmuomalaligini ko‘rish mumkin.
Shoir H. Sa’dulla «Namangan haqiqati» gazetasining 1986 yil 24 may sonida e’lon qilgan «Choyxonada diydorlashaylik» maqolasida foydali takliflarni ilgari suradi. Maqolada ta’kidlanganidek, O‘zbekistonning birinchi xalq shoirlaridan bo‘lgan Muhammadsharif So‘fizoda, shoir Rafiq Mo‘min, atoqli san’atkor, SSSR xalq artisti Razzoq Hamroyev va boshqa madaniyat namoyandalari bir vaqtlar Namangan shahridagi «Sharq» choyxbnasidan minbar sifatida foydalanganlar. Keyinchalik Namanganning gavjum choyxonalarida qo‘shiq aytib, choyxo‘rlar diliga zavq-shavq baxsh etuvchi san’atkorlar «Sharq» an’analarini davom ettirganlar. Shoir va hofiz Sho‘xiy, O‘zbekiston SSR xalq artisti Muhritdin Mansurovlar choyxonalarga fayz kiritishgan. Xullas, choyxona bir vaqtlar eng erta ochilib, eng kech yopiladigan, ba’zan esa kun tunga, tun kunga ulanib ketadigan dargoh edi.
Ammo hozir-chi? Choyxonalarga munosabat hamma joyda ham bir xil emas. Ko‘pgina choyxonalarda esa, milliy an’analar yaxshi saqlanmagan. Ayrim kerakli joylarda choyxonalarning yo‘qligi yoki kamligi, ularning zarur paytlarda ishlamasligi undan ham yomon. Masalan, Toshkentga ertalab chetdan horib kelgan mehmon choyxona izlab to shahar markazidagi «Moviy gumbaz» choyxonasigacha kelishi kerak. Chunki temir yo‘l va avtobus vokzallarida durustroq choyxona yo‘q.
Bir voqea sira esimdan chiqmaydi. 1985 yil 20 sentyabr edi. Toshkentdan Namanganga qaytayotgandim. O‘shanda Janubiy temir yo‘l vokzali ishga tushgan paytlar edi. Qashqadaryo oblastining Yakkabog‘ rayonidagi «Sharq yulduzi» kolxozidan shaharga kelgan pensioner Pirim ota Rustamov mendan choyxonani ko‘rsatib qo‘yishimni iltimos qilib qoldi. Afsuski, to‘rt-besh kilometr atrofida birorta choyxona topishning iloji bo‘lmadi.
Umumiy ovqatlanish boshqarmalarining savdo tashkilotlaridagi «ishbilarmon» ba’zi korchalonlarining, ba’zi savdo mutasaddilarining tashabbusi bilan choyxonalar plan bilan ishlaydigan korxonalarga, daromad manbalariga aylantirildi. Ko‘plab oshxonalar restoranlarga, oshxonalar huzuridagi choyxonalar esa, o‘z-o‘ziga xizmat qilishdek bema’ni tartibga o‘tdiki, bu narsa choyxonaning chinakam mohiyatini yo‘qqa chiqaradi. Bu o‘z-o‘zidan choyxonalar ahamiyatining susayishiga olib keladi, uning fayzini, qadrini yo‘qotadi. Endilikda ahvol shungacha borib yetdiki, choyxonalarning juda ko‘pchiligida mis samovarlar, chinni choynaklar, piyolalar o‘rniga bak, tunuka choynak, stakanlar paydo bo‘ldi. Toza gilamlar, ko‘rpachalar, yaxshi yog‘och chorpoyalar o‘rniga bir ahvolga tushgan kirchil paloslar, stol va stullar paydo bo‘ldi. Choy navlarining pastligi tufayli damlangan choylarning bemazaligi, xushta’m emasligi, bo‘ynini xaridek qilib o‘dag‘aylovchi ba’zi choyxonachilar to‘g‘risida gapirmasak ham bo‘ladi.
Yana bir narsa xususida eslamaslikning iloji yo‘q. Ko‘pgina yangi qurilgan choyxonalarda milliy arxitekturadan foydalanilgan bo‘lsa-da, ayrim nozik tomonlar, jumladan, derazalar va ochiq ayvonlar bo‘lishi hisobga olinmagan. Misol uchun Toshkentdagi oynavand qilib qurilgan «Moviy gumbaz», Janubiy temir yo‘l vokzalidagi har tomoni oyna bilan o‘ralgan bunday choyxonalar qish mavsumi uchun biroz ma’qul bo‘lsa-da, asosan erta bahordan to kech kuzgacha davom etadigan issiq kunlar uchun hech mos emas.
Yana bir masala. Shaharlardagi ko‘p qavatli uylarda yashovchi ming-ming kishilar o‘z milliy urf-odatlarini yuritish imkoniyatiga ega emaslar. Bordiyu bir amallab biror tadbir o‘tkazadigan bo‘lsalar ba’zi qo‘shnilar tomonidan har xil ta’nalarga duch keladilar. Mahalliy sharoitni — milliy xususiyat va geografik-psixologik iqlimni hisobga olmay qurilgan bunday uylarda kishilarning hamfikrligini, yaqinligini ta’minlash imkoniyati yo‘q. Agar har mahallada bitta odmi choyxona qurilganda ayni muddao bo‘lur edi.
Kishilarning didiga mos tushadigan, dam olib hordiq chiqarish uchun tegishli sharoitga ega bo‘lgan choyxonalarimiz ham yo‘q emas. Masalan, Chust shahriga borgan kishi madaniyat va istirohat bog‘iga kiradi-da, u yerdagi shinam va ozoda «Kamar sada» choyxonasida mehmon bo‘ladi. Choyxonaga kirib ko‘rpachaga o‘tirishingiz bilanoq choyxonachi sizni iliq kutib olib, aytmasingizdanoq darrov patnisda obi non, qora mayiz, qand va did bilan damlangan ko‘k choyni keltirib: «Xush kelibsiz, mehmon», deydi. Bordi-yu ulfatlar dam olib, palovxo‘rlik qilishni istasalar, ular uchun barcha zarur narsalar ham muhayyo.
Saharlab yog‘ tushsa yalagudek qilib supirib-sidirilgan, sarishta, choyi xushta’m, joyi bahavo, atrofi gulzorga aylanib ketgan choyxonaga kim ham intilmaydi deysiz. Qolaversa, choyxonachilar tanti va sahovatli bo‘lishsa, sha’niga dog‘ tushmaslik uchun choyning eng toza navlarini topib kelsa, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib joy ko‘rsatsa, pokiza choynakka choy damlab, ozoda piyola bilan oldingizga qo‘ysa, unga ne yetsin. Bugungi kun tajribalari shuni ko‘rsatadiki, xalqning chinakam, haqiqiy choyxonalarga bo‘lgan ehtiyoji o‘sib bormoqda.
Xulosa qilib shuni aytish kerakki, milliy an’analarni, ijtimoiy hayotning taraqqiyot qonunlarini yaxshi bilmay turib, sub’ektiv qarashlar bilan xalqimizning choyxona bilan bog‘liq ezgu urf-odatlarini rivojlantirish qiyin. Tarbiyaviy ahamiyati bo‘lgan choyxonalarga katta e’tibor berish zarurligini davrning o‘zi talab etmoqda. Hatto choyxonachilar tayyorlaydigan maxsus kurslar ochilsa ham yaxshi bo‘lardi. Choyxonalarning asl ko‘rinishini va mohiyatini tiklab, ular huzurida mohir nonvoylarning turli xildagi obi nonlar yopib turishini, har xil sharqona shirinliklar bilan savdo qilinishini uyushtirish hech qanday qiyinchiliksiz amalga oshirsa bo‘ladigan ishdir.
Hozirgi yoshlar tarbiyasidagi ayrim nuqsonlarning mavjudligi ham ularning choyxonalarga kirmay qo‘yganliklari, keksalarning foydali va ibratli pand-nasihatlari ni eshitishdan mahrum bo‘lganliklaridandir. Choyxonalarga faqat ovqatlanish uchungina kirganliklari tufayli hozirgi ba’zi yoshlarda ko‘p hollarda kattalarga nisbatan andishasizlik, hurmatsizlik hollari uchraydi.
Umuman, hamma vaqt kishilar bilan gavjum bo‘ladigan choyxona choyxonadek bo‘lishi, xalqning eng sevgan oromgohiga aylanishi lozim. Unda chinakam sharqona choyxonalarga xos bo‘lgan milliy an’analar o‘z ifodasini topishi lozim.
«Guliston» jurnali, 1989 yil, 4-son