Nazira Yo‘ldosheva. Navoiy nidosi yoki kimyoviy ofat (1989)

Bugungi kunda insoniyatning yer yuzidan qirilib ketish xavfi uch xil tarzda namoyon bo‘ldi: yadroviy, ekologik hamda manaviy halokat xavfi.

Yadroviy falokat yashin tezligida ro‘y beradi va undan hech kim omon qolmaydi. Ekologik halokat nihoyatda iztirobli bo‘lib, asta-sekin kechadi. Keksa avlod — ota-onalar bolalarning borgan sari odam siyoqidan uzoqlashib, mayib-majruh tug‘ilayotganiga guvoh bo‘ladilar. Ma’naviy inqiroz xavfi esa bir-birini ko‘rishga ko‘zi yo‘q, bir-biridan nafratlanadigan yovvoyi odamlar jamiyatiga olib boradi.

Valentin RASPUTIN

Rivoyat qilishlaricha, buyuk hakim Abu Ali ibn Sino ona yurtidan quvg‘in qilingach, oradan yillar o‘tib, Buxoro osmonida bir juft laylak paydo bo‘ldi. Yoz bo‘yi xas-cho‘plar terib kelib, Minorai Kalon tepasiga in qurishdi. Odamlar ularning uzun, chiroyli qanotlarini ohista silkitib, goh balandlab, goh pastlab uchishlarini maftun bo‘lib tomosha qilishar, kuz qut-barakali, yurt tinch bo‘ladi, deb quvonar edilar.

Bir zamon Chingiz lashkarlari shaharga vahshiyona qiyqiriqlar ostida mo‘r-malaxday bostirib kirdilar. Minorai Kalon, masjid, muhtasham obidalar, qadimiy va mashhur kutubxona atrofi bola-baqra, o‘smirlar, ayolu erkaklarning jasadlari bilan to‘ldi. Uch kunda shahar kultepaga aylandi.

Keyingi asrlarda ham laylaklar Buxoroda ne-ne qirg‘inbarot urushlar, odam tugul, qushlarga ham yemish qolmagan qahatchilik yillarining shohidi bo‘ldilar. Ammo shaharni tashlab ketmadilar. Har bahorda ular minoradagi uyasini «pardozlar», Labihovuz suviga to‘sh urib, uchar edilar. Faqat bizning zamonimizga kelib, qut-baraka, mehr-oqibat ramzi bo‘lmish laylaklar Minorai Kalonni tark etishdi… Mana, bir necha yildirki, buxoroliklar bo‘m-bo‘sh, huvillagan uyaga termulib, bu dilovar qushlarning yana qaytib kelishini qo‘msaydilar.

Laylaklardan esa darak yo‘q. Sayrashi dillarni yayratadigan boshqa qushlar ham tobora kamayib bormoqda.

Ammo shaharda sochi butkul to‘kilib ketayotgan yosh-yosh «professor»larning soni ko‘paymoqda. «Buxoro yomg‘irida boshyalang qoldingmi, sochingdan umidingni uzaver». Bu ogohlantirish hozir Navoiy, Karmana shaharlarida ham tez-tez eshitiladi. Nega shunday? Yomg‘ir suvida sochni o‘sishdan to‘xtatadigan zararli modda bormi? Nega o‘n-o‘n besh yillardan buyon Navoiyda yolchitib qor yog‘may qo‘ygan? Bu savollarga navoiyliklar: hammasiga la’nati «tulki» dum sababchi, deb javob beradilar. «Navoiyazot» ishlab chiqarish birlashmasi minoraquvurlaridan burqsib yotuvchi badbo‘y tutunni bu yerda katta-kichik ijirg‘anib ana shu nom bilan ataydi.

Uzoqdan Navoiyga yaqinlashar ekansiz, shahar osmonida oppoq parquv bulutlarni emas, quyuq qoramtir, siyohrang, mallarang tusdagi bulut to‘dalarini ko‘rib ajablanasiz. Tosh otsang yetgudek balandlikda suzib yurgan bu «bulut»lar aslo osmon qa’riga singib ketmaydi. Shamol bilan Buxoro tomonlarga, Samarqand oblastining g‘arbiy rayonlarigacha borib, havo soviy boshlagach, yomg‘ir tomchilariga aylanib, bog‘-rog‘larga, ekinzorlarga, daraxtlarning yaproqlariga va mevasiga qo‘nadi, aholi ichadigan daryo, ariqlarning suviga singiydi. Bu zaharli yomg‘ir dalada qolgan odamning boshini «silaydi» va u tezda «professor» bo‘ladi-qoladi!

Shahar aeroportini o‘rab turgan Malik cho‘li ham yovshanlar, boshqa o‘t-o‘lanlarning xushbo‘yi emas, kimyo sanoati chiqindilarining achqimtil hidiga to‘lib ketadi.

Aeroportdan bir chaqirim shimolda Navoiy rayon parrandachilik fabrikasi joylashgan. Ammo bu yerda boqilayotgan tovuqlarni ko‘rib, ajablanasiz: ular tovuq bo‘lib tovuq emas, jo‘ja bo‘lib — jo‘ja. Patlari siyrak, tuxumlarining kattaligi ham, ozgina mubolag‘a qilib aytsak, musichanikidan farq qilmaydi. Ularning ichi ham, po‘chog‘i ham ko‘kimtir. Fabrika 70-yillarda aholiga 70 million dona tuxum, o‘n tonnalab tovuq go‘shti yetkazib bergan. Keyingi paytlarda u hatto o‘zining sarf-xarajatlarini ham qoplay olmayotir.

—    Atrof-muhit, ichimlik suvining sanoat chiqindilari bilan ifloslanishi odamlar bilan bir qatorda, parrandalarga ham salbiy ta’sir qilmoqda, — deydi fabrika direktori afsus-nadomat bilan bosh chayqab, — «Navoiyazot» birlashmasi burqsitayotgan tutun to‘dalari «Lenin yo‘li», «Qizil O‘zbekiston» kolxozlari ustidan suzib o‘tib, to‘g‘ri fabrikamizga yopriladi. Oqibatda parrandalar bemahal tullab, nimjon bo‘lib qoldi. Mutasaddi tashkilotlarga qancha shikoyat qilmaylik, natija chiqmadi.

 

Yo‘qolgan mo‘jiza

Karmanadan to‘rt chaqirim olisda, quyosh nurlariga cho‘milib yotuvchi paxtazorlar etagida o‘n-o‘n besh xo‘jalik yashaydigan ovloq qishloq bor edi. Uning hovlilari mevali daraxtlar bilan o‘ralgan bo‘lib, anoru olmalar qor yoqqunga qadar shoxlarda tovlanib turar edi. Qishloq polizlarida qoraqand, shakarpalak, novvotrang kabi o‘nlab qovun navlarining xushbo‘y islari dimoqqa urilardi. Bahaybat va serhosil balxi tutlar, husayni uzumlari ko‘zni olguvchi ishkomlar, sal nariroqda esa naparmon bo‘lib gullab yotuvchi bedazor…

Ikki yoniga gujum, tol, terak ekilgan sarhovuzga tutash torgina so‘qmoq yo‘l bahor oylari limmo-lim bo‘lib oquvchi Xonimkonga eltadi. Xonimkonning ikki roshida nafis, binafsharang yovvoyi gullar, jiyda, na’matak, do‘lonalar o‘sib yotar, tillaqo‘ng‘iz, ninachi, gul qanotli kapalaklar qo‘nib-uchib yurar edilarki, tomosha qilib, hatto kattalar ham bolalardek zavqlanishar edilar. Biz yoz bo‘yi soyning ikki yonbag‘rida sigir boqardik.

Sumbula kirishi bilan Xonimkonning suvi zilollashib, kamayib qolar, tarvaqaylab ketgan ildizlari ostidagi kamarlarga yashiringan laqqa, zog‘ora, sazan baliqlarni shundoq qo‘l bilan tutib olar edik. Qish chiqishi bilan esa soy qirg‘oqlari ismaloq, chuchmo‘ma, jag‘-jag‘, qiychi, yalpizlar koniga aylanardi. Nazdimda, u bizning onamiz edi. Yarim chaqirim shimolda esa Zarafshon oqardi. Biz daryoning so‘lim sohillariga to‘qqiz metr balandlikdan tikka yo‘l solib tushib kelardik. Yulg‘unzorlar, yashil baxmalday yoyilgan maysazorlar, o‘t-o‘lanlar oralab katta o‘zanga quyilayotgan billur chashmalarning o‘z qo‘shiqlari, ertaklari bor edi. Daryo ikki o‘zanga bo‘linib, birida bo‘tana, ikkinchisida shishaday tiniq suv oqar, baliqlar dumlari bilan qamishlarni silkitib, sho‘x suzib ketar edilar. Biz qirg‘oqda o‘tirib, ularning harakatlarini kuzatar ekanmiz, «Suv parisi», «Oltin baliq» ertaklaridagi voqealarni eslardik. «Yoriltosh», «Tohir va Zuhra», «Alpomish» dostonlaridan parchalar aytar edik. Tabiat bilan muloqot yuraklarimizga sof, beg‘ubor tuyg‘ular bo‘lib kirar, teran o‘ylarga cho‘mardik. Men qandaydir bolalik ishonchim bilan bu joylar abadiy shunday yashnab turaveradi, hali uzoq-uzoq shaharlarga boraman, odamlarga o‘zim tug‘ilib o‘sgan bu makonning mangu go‘zalliklari, mo‘jizalarini so‘ylab beraman, deb o‘ylar edim…

Endilikda o‘sha sirli Xonimkon ham, jimjit sehrli qishloq ham, ming afsuski, xotiramdagina saqlanib qolgan, xolos. Qishloq ahli hamisha gavjum, sershovqin, Karmanaga olib boruvchi serqatnov magistral yo‘l yoqasiga ko‘chirib yuborilgan. Soy ham, qabristonu sarhovuz, balxi tutlar, chorbog‘lar, ichkari-tashqari hovlilar va ular bilan bog‘liq ne-ne ezgu xotiralar — hamma-hammasi buldozerlar bilan tekislanib, o‘rniga paxta ekib yuborilgan. Beton ariqlar yotqizilgan. Kelgusida esa daryo yaqinidagi o‘sha qishloq o‘rnida qandaydir sanoat korxonasi qurilar emish….

 

Xazon bo‘lgan Xoncharvoq

Bundan o‘n besh-yigirma yillar oldin Xoncharvoq dehqonlari Karmana bozorida bo‘rikalla, shakarpalak, qoraqand kabi qovunlarni, anjir, o‘rik, uzum, nok, anor kabi shirinshakar mevalarni maqtab-maqtab sotishar, narx-navo hozirgidan ancha past edi.

Do‘rmon zonasiga kiruvchi bu bog‘-charvoqlarning mevasini kech kuzda ham terib tamom qilib bo‘lmasdi. Hatto 70-yillarda ham mazkur xo‘jaliklar paxta, sut, go‘sht mahsulotlari bilan birga, poytaxt aholisiga har yili o‘n ming tonnadan ortiqroq olma, uzum, shaftoli va boshqa mevalar yetkazib berar edi.

Ammo endilikda mening bolaligim ko‘milgan mo‘jaz qishloq kabi Xoncharvoqdagi bog‘-rog‘lar ham qurib bitgan. Yo‘llarning ikki tarafida tut niholi, tomorqalarda — makkajo‘xori, dalada esa paxtadan boshqa narsani ko‘rmaysiz. Ayniqsa, «Qizil O‘zbekiston», «Lenin yo‘li» kolxozlarida ahvol juda achinarli. Bir paytlar rayonda mashhur bo‘lgan bu kolxozlar endilikda ming mashaqqatu mehnatning zo‘ri bilan gektaridan 20 tsentnerdan hosil beradi. Kolxozchilar pomidor, olma, yoki boshqa sabzavotlarni xarid qilish uchun shaharga tushadilar, sarson bo‘ladilar. Ko‘pchilik qishloq magazinidagi makaron, un, baliq konservasi bilan kun kechiradi.

«Navoiyazot» birlashmasi yonida, «Lenin yo‘li» kolxozi paxtazorlari atrofiga chiqindi to‘dalari tog‘day uyib tashlangan. Bu to‘dalarda yoz bo‘yi och pashshalar urchib, qishloqqa yopriladi.

Har xil chiqindi va zaharli moddalardan hosil bo‘lgan bu «tog‘plar yonidagi paxta dalalari bir paytlar gektaridan 45 tsentnerdan oshirib paxta bergan Siddiq Jamolov boshliq brigadaga qarashli.

Issiq shamollar burunni yorguday, ko‘ngilni aynatguday badbo‘y hidni dimoqqa keltirib uradi. Ana shu dalalarda qizjuvonlarning og‘iz-burunlarini mahkam o‘rab ishlashayotganini ko‘rasiz.

 

Daryoligi qolmagan daryo

Ulug‘ Alisher Navoiy «Saddi Iskandariy» dostonida yozadi: «Bu zaminda Zarafshon degan bir daryo borki, uni jannat nahri desak, hech kim shak-shubha qilmaydi. Uning suvidan darmonsiz odam ichsa, quvvatga kirib ketadi. Zarafshon kishi umridek tez oqadi».

O‘zbek Sovet Entsiklopediyasida esa quyidagilarni o‘qiymiz: «Zarafshon — oltin sochuvchi daryo. U, asosan, Samarqand va Buxoro oblasti yerlarini sug‘orib keladi. Lekin uning suvidan Jizzax oblasti va Qashqadaryo yerlari ham bahramand bo‘layapti.

Zarafshon vodiysi O‘rta Osiyo xalq xo‘jaligida muhim o‘rin tutadi. O‘rta Osiyoda sug‘oriladigan yerlarning 16 foizi, sug‘orishga yaroqli yerlarniig 12 foizi shu vodiyda. Zarafshon vodiysida chorvachilikni rivojlantirish uchun o‘tloqlar ko‘p.

Vodiy o‘zining ko‘rkam va mahsuldor bog‘lari bilan qadimdan mashhur. Yillik yog‘in miqdori bu yerlarda 114—400 millimetrni tashkil etadi».

O‘zbek qomusi tayyorlana boshlangan 60-yillarda rostdan ham vohada ahvol faxrlanib yozsa arzigulik edi. O‘sha vaqtda Navoiy rayon mehnatkashlari «bizning qishloqlar ham endi madaniylashib, shahar qiyofasini olsa kerak», deb quvonishgandi. Bo‘lajak shaharda ketayotgan qurilishlarga, o‘zgarishlarga zo‘r qiziqish bilan qarashardi. Ishchilarni sut-qatiq, tomorqalaridagi qovun-tarvuz, meva-chevalar, issiq nonlari bilan siylashardi.

O‘sha yillari Navoiy shahri bunyod etilishi bilan birga, Karmananing o‘ng biqinida kattakon GRES qurib ishga tushirildi. Natijada hozirgi Navbahor rayonining Navoiy nomli, «Zarafshon», Sverdlov nomli kolxozlari Zarafshonning toza suvidan mahrum etildilar. GRESning bug‘ qozonlari xlorid kislota bilan yuvilar va bu oqava tozalab-tozalanmay daryoga oqizilardi. Bu esa jonivorlarga hamda tuproq strukturasiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani sezilmoqda edi. GRES bilan bir vaqtda ishga tushirilgan Navoiy tog‘-metallurgiya kombinatining atrof-muhitga yetkazayotgan zarari ham GRESnikidan qolishmasdi.

Ana shularni ko‘ra-bila turib, SSSR Ximiya sanoati ministrligi aholi gavjum joylashgan Karmana shahridan bir chaqirim uzoqlikda yangi kimyo zavodi qurish loyihasini tasdiqladi. Atrof-muhitga katta moddiy zarar yetkazadigan bunday korxonalar aholi zich joylashgan markazlardan kamida uch kilometr uzoqlikda qurilishi lozimligi haqidagi davlat qarorlari bilan hisoblashilmadi. Serhosil dalalar o‘rnida ulkan zavodning tsexlari paydo bo‘ldi. «Qizil O‘zbekiston», «Lenin yo‘li», «Kommunizm» kolxozlari ahlini ichimlik suv bilan ta’minlab kelayotgan Damixo‘ja arig‘i buzib tashlandi. O‘rniga quvurlar yotqizilib, ximzavoddan chiqayotgan oqavalar daryoga tusha boshladi. Xo‘jaliklarda suv tanqisligi kuchaydi. Dehqonlar ariq o‘rnida yotqizilgan quvurlarni o‘n ikki joyidan teshdilar. Ham kulgili, ham qayg‘uli hangoma shundan so‘ng boshlandi. Tarkibida yerdagi biologik mikroorganizmlarga qiron keltiradigan, faqat paxta uchun qisman yaroqli ammiak selitrasi va boshqa ximiyaviy moddalar bo‘lgan texnik suv paxtazorlarga, bog‘-rog‘larga, tomorqalarga oqizildi. Bu suv ba’zan oq, ba’zan ko‘m-ko‘k, ba’zida esa ustiga yog‘mi, kerosinmi to‘kilganday ko‘rimsiz tusda oqardi. Kislota hidi odamning nafasini bo‘g‘ib, ko‘zini yoshlantirardi.

Dastlab tomorqalardagi ekin-tikin quridi. Mevali daraxtlar ko‘klamda gullamay qo‘ydi. To‘rt mingdan oshiq xonadon o‘z tomorqasida sabzavot, meva-cheva yetishtirishdan mahrum bo‘lib qoldi. Paxta, makkajo‘xori, tut daraxtidan boshqa hech narsa bitmay qoldi. Yerning yuza qatlami oyoq bossang, yupqa muz bo‘laklariday qarsillab sinadi.

Kolxoz raisi, brigada boshliqlari birlashma yotqizgan trubalarni teshib, oqavadan foydalanib, katta xatoga yo‘l qo‘yganliklarini tushunishdi. Ammo kech bo‘lgandi. Kolxozning dehqonchilik qilinadigai maydonlariga hisobdai tashqari yuzlab gektar yer qo‘shib olingai edi.

Bu qo‘shimcha suvni talab qilardi. Zarafshon suvining katta qismi esa endilikda Kattaqo‘rg‘on hamda Navoiy sanoat korxonalarida ishlatilmoqda, boshqa suv manbai esa bu yerlarda yo‘q.

Kolxozchilar oqavalarni tozalamay oqizayotgani uchun «Navoiyazot» rahbarlari ustidan shikoyat qila boshlashdi. «Navoiyazot»dagilar ham o‘z navbatida: «Biz kolxozlarni suv bilan ta’minlashga mutasaddi emasmiz. Loyihada oqavani tozalab, Zarafshon daryosiga tashlash ko‘rsatilgan. Kolxozdagilar o‘zboshimchalik bilan teshgan quvurlarimizni tuzatib berishsin, deb mahalliy tashkilotlarga murojaat qilishardi. Bu yozishmalardan o‘ttiz yil davomida yostiqday-yostiqday papkalar to‘ldi-yu, ammo ahvol o‘zgarmay qolaverdi.

Shunday yozishmalardan biri «Navoiyazot» ishlab chiqarish birlashmasining direktori M. G. Pleshkov hamda Navoiy oblast prokurori V. S. Surganovga yuborilgan:

«Navoiy oblast SESi sizga shuni malum qiladiki, «Lenin yo‘li» kolxozi 4-brigadasidagi quvurlar yaroqsiz holga kelganligi tufayli korxonadan oqayotgan chiqindi suvlar ariqlarning suvini ifloslantirmoqda. Bu esa aholi o‘rtasida o‘tkir ichak kasalliklarining ko‘payib ketishiga sabab bo‘lmoqda.

1985 yil 9 sentyabrda Yangiobod arig‘ining suvi tekshirilganda, suvdan vabo kasalligini tarqatuvchi yuqumli bakteriyalarning viruslari topildi. Birlashma tsexlarida ishlatilgai kimyoviy moddalar bilan ifloslangan suv biologik havzalarda qayta tozalangandan keyingina kolxozchilar bilan kelishilgan holda ishlatishga ruxsat etilishi kerak. Ammo hozirga qadar ham bu suvlar iflosligicha Zarafshonga tashlanmoqda. Aholi o‘rtasida kelib chiqayotgan har xil ko‘ngilsizliklarning hamda daryo ifloslanishining oldini olish, zaharli kimyoviy moddalarning suvga tushmasligini ta’minlash maqsadida oblSES quyidagilarni talab qiladi:

4-brigada maydonidagi teshik kanalizatsiya quvurlari almashtirilsin. Zaharli kimyoviy moddalar bilan ifloslanayotgan suvni biologik havzalarda qayta tozalash yaxshi yo‘lga qo‘yilsin. Ushbu ogohlantirish yuzasidan ko‘rilgan chora-tadbirlarni shu yil 25 sentyabrgacha ma’lum qilishingizni so‘raymiz.

D. BELOZEROVA

Navoiy oblast davlat sanitariya bosh vrachi.

16. IX. 1985 yil.

Ushbu xat ham mutlaqo javobsiz qoldi-ketdi.

 

Nochor inshoot

«Navoiyazot» ishlab chiqarish birlashmasiga qarashli suvni biologik qayta ishlash inshooti 1962 yilda qurilgan. U yillari Navoiy hali shahar emas, kichkina posyolka edi.

Tog‘-metallurgiya kombinati shaharga mustahkam o‘rnashib olgach, o‘zining eskirib qolgan suvni biologik qayta ishlash inshootini «Navoiyazot» ixtiyoriga bergandi. Bu inshoot bir kecha-kunduzda 100 kub metr suvni qisman tozalab bera olish imkoniyatiga ega edi, xolos. Bu ko‘hna inshoot endilikda butun boshli oqavalarini qayta ishlashga mahkum. Shahar korxonalarida esa suv ta’minoti oborot sistemasining quvvati 1400 ming kub metrdan oshadi. Bu suvning 90 foizini asosan «Navoiyazot» hamda Elektroximiya zavodi ishlatib keladi.

«Navoiyazot» tsexlardan chiqqan oqavalarning bir qismini to‘g‘ridan to‘g‘ri «Lenin yo‘li» kolxozi 4-brigadasi territoriyasidagi suv havzalariga, qolgan qismini esa inshootda baholi-qudrat qayta ishlab, yana daryoga tashlaydi. Zaharli oqavalar tashlanmigan suv havzasining atrofini oqava yerning ostki qatlamyaga singib ketmaydigan qilib betonlash, suvni yopiq usulda saqlash ishlari amalga oshirilmagan.

6-tsexdan chiqadigan qora qurum aralash suvlar ham loyihaga xilof ravishda ana shu havzaga tashlanadi. Uncha katta bo‘lmagan havzaga sutkada loyihada ko‘rsatilgan 500 kub metr o‘rniga ammoniy sulfat, sinil kislotasi aralash oqava, nitrolakrli kislota tsexlaridan chiqayotgan 1200-1500 kub metr oqava tashlanadi.

Birlashmada 1- va 2-nitron ishlab chiqarishida ishlatiladigan, tarkibida kimyoviy bo‘yoq moddalar bo‘lgan oqavani aholi punktlaridan uzoqda bo‘lgan maxsus maydonga chiqarib tashlash masalasi ham hal qilinmagan. Suvni biologik qayta ishlash inshooti esa bu oqavalardan bo‘yoqlarni to‘la tozalashni ta’minlay olmaydi. Natijada hatto tarkibida katta miqdordagi rodiniyli natriy bo‘lgan oqavalar ham inshootda tozalanib-tozalanmay daryoga tashlanadi.

Inshoot qattiq zo‘riqib ishlashi natijasida unda normal texnologik rejim tez-tez buzilib turadi. Sanitar normaga mutlaqo javob bermaydigan oqava suvlar daryoga tashlab yuboriladi.

Bundan necha yillar burun ana shular haqida mahalliy tashkilotlar tomonidan tanqidiy mulohazalar bildirilib, biri-biridan noxush ma’lumotlar qayd etilgan xatlar birlashma adresiga yuborilavergach, inshootni kengaytirish masalasini SSSR Ximiya sanoati ministrligidagilar ko‘rib chiqishga majbur bo‘lishdi. 10 million so‘m mablag‘ ajratildi o‘shanda. Ammo hozirgacha 500 ming so‘mlik ish bajarildi, xolos. Negaki, inshootni kengaytirishni o‘z zimmasiga olgan buyurtmachilar Navoiy tog‘-metallurgiya kombinati ixtiyoridagi tashkilot hisoblanadi. Bu kombinat uchun esa inshootni kengaytirish masalasi uchinchi-to‘rtinchi darajali ish hisoblanadi.

Karmanada esa haligacha suvni biologik qayta ishlash inshooti ko‘rilmagan, hatto shaharga kanalizatsiya tarmoqlari to‘liq o‘tkazilmagan. Qishloqmi, shaharmi, chinakam obod bo‘lishi uchun uning o‘z xo‘jayini, jonkuyar kishilari bo‘lishi kerak. Ammo Karmanada ham, Navoiyda ham aholini o‘ylaydigan mehribon rahbar topilmadi. Mahalliy gazetalar, hatto markaziy matbuot ham «Navoiyazot» rahbarlarini o‘ttiz yil davomida faqat maqtashdi. Ularning ayrimlari O‘zSSR Oliy Sovetiga necha bor deputat etib saylandi. Ko‘kraklariga ordenlar qatorlashtirib taqib qo‘yildi. Hozirgi paytda Zarafshon daryosi suvining qattiqligi 1965 yildagiga nisbatan ikki baravar, achchiqligi uch baravar, xloridlar miqdori 2,1 marta, sulfatlar 2-3 marta, sho‘rlik darajasi uch baravar oshgan.

—    Ifloslangan suv og‘ir kasalliklarga sabab bo‘ladi, — deydi akademik N. V. Novikov. — Bunday kasalliklar, ayniqsa, bolalarni majruh qilish, hatto o‘limiga sabab bo‘lishi mumkin. Chunonchi, qorin tifi, ichburug‘, vabo, suyak-bo‘g‘in kasalliklari eng avvalo odamlarga ifloslangan suv manbalaridan yuqadi. Suv orqali odamlarga hayvonlardan botkin, yuqumli tulyarimiya, bezgak, ichterlama kabi og‘ir, o‘tkir yuqumli kasalliklar ham o‘tishi mumkin. Sanoat oqavalari aralashgan suv tarkibida tuz va oltingugurt kislotasi ko‘p uchraydi. Ular suvga sho‘r va achchiq ta’m bag‘ishlaydi. Bunday suvlarni iste’mol qilish oshqozon-ichak faoliyatini izdan chiqaradi. Bir litr suv tarkibida xloridlar — 350 mg, sulfatlar 500 mg. dan ko‘p bo‘lsa, sog‘lik uchun xavfli hisoblanadi…

«Navoiyazot» mahalliy aholini toza ichimlik suvdan qanday mahrum qilgan bo‘lsa, toza havo — kisloroddan ham shunday qisib qo‘ydi. Birlashma dudbo‘ronlaridan havoga tarqalayotgan tutun qishloq hovlilariga qora quzg‘unlardek yopriladi. Deraza, eshiklar tirqishidan uylarga kirib, burchakburchakda muallaq turadi-qoladi. Odamlar saratonning jazirama kunlarida, dim havoli tunlarida «tulki dum» dastidan eshik-derazalarni mahkamlab, uyga qamalib olishadi. Paxtakorlar, asosan, ayollar va maktab o‘quvchilari ana shunday sharoitda ham dalada ishlashga majbur.

—«Navoiyazot» etagida joylashgan brigadalarda hozir ayollarimiz paxtani chopiq qilishayapti, — deydi «Lenin yo‘li» kolxozi kadrlar bo‘limining boshlig‘i Boboqul Davronov. — Mabodo, hozir ular ishlayotgan dalalarga borsangiz, zaharli tutun ta’sirida havo yetishmay, yiqilib qolishingiz turgan gap. Ayollar esa o‘rganib qolishgan. Ximiya korxonalarining atrof-muhitni ifloslantirishlari tufayli biz hamma narsamizdan — sog‘ligimizdan tortib ariqlarning bo‘yida o‘sadigan yalpizlargacha mahrum bo‘ldik. Kolxozning 600 gektar unumdor yeri yaroqsiz bo‘lib qoldi.

Bundan bir necha yil oldin Moskvadan, Toshkentdan mutaxassislar kelishib, qirqta quyon ustida tajriba o‘tkazishdi. Quyonlar zaharli tutun ta’sirida o‘lib qolishdi. Mutaxassislar: «zudlik bilan atrof-muhit ifloslanishining oldini olish shart», degan xulosa bilan ketishgandi. Ammo oradan o‘n yillar o‘tdi hamki, ko‘riladigan choradan darak yo‘q.

—    Hovlimda o‘zimni do‘zaxda o‘tirganday his qilaman, — deydi «Lenin yo‘li» kolxozi sobiq brigada boshlig‘i Siddiq Jamolov.— Butun kolxozdan bir mevali daraxtni topa olmaysiz. Ilgarilari har bir xonadonda olma, qaroli, shaftoli, anjir bor edi, gilos, anor bor edi. Endi esa yozning jazirama kuni meva-cheva u yoqda tursin, ikki dona pomidorga, bir bog‘ piyozga, bir kilo bodringga zormiz. Tomorqamizda ekin bitmaydigan bo‘lib qolganiga necha yillar bo‘ldi. Daraxtlardan faqat tut yerning sho‘rlanishiga bardosh berib turibdi, xolos.

Qahraton qishda ham, jazira yoz kunlarida vodoprovodlarimizda suv bo‘lmaydi. Elektroximiya zavodining zaharli oqavalari yerosti suvlarini ichishga yaroqsiz qilib qo‘ydi. Ichishga toza suv bo‘lmasa, tomorqangda ekin-tikin bitmasa, boshing kasalliklardan chiqmasa, shu ham yashash bo‘ldimi, axir?..

Karl Marks nomli maktabning 6-sinf o‘quvchisi Yulduz Shodiyevaning so‘zlarini eshiting:

—    Ertalablari uydan tashqariga og‘iz-burnimizni dastro‘mol bilan mahkam berkitib chiqamiz. Yo‘qsa, zaharli tutundan yo‘talganimiz yo‘talgan. Bu tutunning sassiq hididan yoz kechalari uxlayolmaymiz. O‘qituvchilarimizga shikoyat qilsak: «Davlatimizga kerakdirki, shunday qilishayotgandir…», deb qo‘yaqolishadi. Maktabimizda bir necha o‘quvchi astma, sariq kabi kasalliklarga chalinib o‘ldi. Bir nechasi hozir ham kasalxonada yotishibdi. Shunday paytlarda biz davlatimizdan ham xafa bo‘lib ketamiz. Ayting-chi, rostdan ham davlatimiz qilyaptimi shu ishlarni?

Kichkina qizchaning katta savolidan o‘zimni o‘nglolmayman. Men ham bir vaqtlari shu yerda tug‘ilib o‘sganman. Lekin bolaligimda meni bunday iztirobli savollar qiynamagan edi. Bu qizaloqning bolaligini o‘g‘irlaganlar kimlar?

 

Chernobil fojiasiday og‘ir

Besh gektardan oshiqroq maydonni egallagan «Navoiyazot» birlashmasida katta yoqish xo‘jaligi mavjud. Birlashma tsexlaridan chiqadigan zaharli gazlar shu yerda yoqib yuboriladi. Korxona rahbarlari bu yoqish xo‘jaligini rekonstruktsiya qilishni hanuzgacha orqaga surib keladilar. Buni Yulduzning o‘qituvchilari bilishmaydi, albatta. Kombinatdagi asbobuskunalar hamda tozalash vositalari shu qadar eskirib qolganki, beixtiyor Chernobil fojiasini esga soladi. Ayniqsa ammiak ishlab chiqarish tsexining 1- va 2-navbati, kuchsiz azot kislotasi va uksus kislotasi ishlab chiqarish bo‘limlaridagi ahvol nihoyatda qaltis va xavflidir.

Loyiha bo‘yicha 5-kuchsiz azot kislotasi tsexida 14 ta katalizator samarali ishlashi kerak edi. Ammo bu katalizatorlarning ikkitasi bundan o‘n yillar oldin ishdan chiqib bo‘lgan. 10-va 13-agregatlar qonunga xilof ravishda hech qanday tozalash uskunalarisiz ishlab, har kuni ko‘plab tonna zaharli gazlarni havoga tarqatadi. Birlashma SSSR Ximiya sanoati ministrligi va uning qo‘l ostidagi tashkilotlar bilan ikkita katalitik tozalash reaktorini tayyorlab berish haqida uzoq yillar yozishmalar olib bordi-yu, ammo hech bir natijaga erisholmadi.

Qolgan 12 ta katalizator ham eskirib qolganiga qaramay, normadagidan ikki-uch baravar ortiq ekspluatatsiya qilinmoqda. Bu esa ularning samarasiz ishlashiga, har yili atmosferaga 1,866 tonna azot oksidi va yana shuncha uglerod oksidi chiqarib tashlanishiga sabab bo‘lmoqda.

—    Ittifoqimizda bizning birlashmamiz tipidagi zavodlardan 58 ta bo‘lib, ularning hammasida ham ahvol biznikidan yaxshi emasligini borib ko‘rdik, — deydi tsex boshlig‘i Gennadiy Ovcharenko. — Bundan sakkiz yil burun birlashmaga SSSR Ximiya sanoati ministrligidan vakil kelgan, ahvolni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan edi. U ikkita katalizator undirib berishni o‘z zimmasiga oldi. Ammo keyin qorasini ko‘rsatmay ketdi. Nihoyat, o‘tgan yili ukrainalik do‘stlarimiz ikkita katalizator tayyorlab berishga rozi bo‘lishdi. 400 ming so‘mga shartnoma tuzildi.

Butunittifoq Gaz sanoati O‘zbekiston bo‘limi ham birlashmaga berayotgan tabiiy gaz tarkibida serovodorodning normadagi miqdorini ta’minlamayotir. Bu gazni qayta tozalash katalizatorlarida ish maromining buzilishiga, chiqindilarni tozalashning yomonlashuviga olib keldi. Chiqindilar tarkibidagi azot kislotasining miqdori loyihadagi 0,005 o‘rniga 0,03 foiz, ya’ni 6 baravar ko‘proqdir. 3-, 23-tsexlarda ammiakli selitra changi tozalanmasdan havoga chiqarilishi oqibatida har yili atrof-muhitga 3 ming tonnadan ortiqroq ammiak zarralari yog‘ilmoqda.

Umuman, birlashmada azot kislotasi, ammiak va ammiak selitrasi ishlab chiqarishning dastlabki 1—2-navbati iqtisodiy tomondan foydasiz ishchilarning mehnat sharoiti normadagi talablarga javob bermaydi, tsexlarning havosi chang va zaharlangan.

1981 yili yuqori nazorat organlaridan birlashmaga yuborilgan komissiya mana shu sharoitlarni kuzatib va tekshirib chiqqach, mazkur kimyoviy moddalarii ishlab chiqarish to‘xtatilishi, o‘riiga kuchsiz azot kislotasi ishlab chiqarish uchun yangi uskunalar qurilishi lozim, deb topgan edi. Kombinat rahbarlari komissiyaning bu fikrlari bilan ham hisoblashishmadi.

Nitron — 1 ishlab chiqarishining polemizatsiya tsexlarida nitrolakrli kislotalarning miqdori normadagidan besh-olti baravar ortiq. Uksus va nitrolakrli kislotalarni ishlab chiqarish eski uslubda olib boriladi. Olinayotgan kimyoviy moddalar foyda keltirmaydi. Sexlarda gazlanish darajasi yuqoriligi uchun SSSR Ximiya sanoati ministrligi 1978 yildayoq mazkur ishlab chiqarishni to‘xtatish haqida qaror chiqargan edi. Afsuski, bu qaror ham qog‘ozlarda qolib ketdi.

Birlashmada o‘ttiz yildan beri joriy va kapital remont o‘tkazish muddatlariga rioya qilinmadi. Aksincha, korxonaga zararli va zaharli, yong‘in xavfini tug‘diradigan moddalar normadagidan necha barobar ortiq keltirildi, ammiak selitrasini ko‘proq ishlab chiqarish asosiy maqsad qilib qo‘yildi.

Rahmon Karimov, 23-tsex boshlig‘i:

—    Seximiz 1971 yilda ishga tushirilgan. Har yili 460 ming tonna ammiak selitrasi tayyorlab beradi. Roppa-rosa o‘n besh yil havoga chnqariladigan selitra changini par bilan kontsentratsiya qilish qurilmasisiz ishlab keldik. Yaqin-yaqinlargacha tsex quvurlaridan bir chaqirim uzoqdan o‘tsangiz ham oppoq selitra uniga belanar edingiz. Loyihada bu qurilma ko‘rsatilgan, albatta. Ammo biz 1985 yilning oxirlaridagina 7 loyiha bo‘yicha ishlashga kirishdik. O‘tgan davr mobaynida har yili o‘n martalab murojaat qilishimizga qaramay, SSSR Ximiya sanoati ministrligi birlashmadagi eski, samarasiz asbob-uskunalarni almashtirish, kapital qurilishga bir tiyin ham mablag‘ ajratmay keldi. Faqat o‘tgan yili yangi qurilma o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldik. U selitra changini neytrallashtirib, qisman kamaytiradi, xolos.

Rahmon Omonov; birlashma ishlab chiqarish bo‘limning boshlig‘i:

—    Birlashmamizda yuzdan ortiq tsex bor. Ularni qayta jihozlash uchun juda katta mablag‘ kerak. Birgina 5-ammiak tsexining kapital remonti 42 million so‘mni talab qiladi.

Birlashma har yili o‘rtacha 222 million so‘mlik mahsulot ishlab chiqaradi. Xomashyoning asosiy qismini havodan olamiz.

Ammo birlashma tabiiy gaz va elektr toki uchun davlatga har yili 190 millionga so‘mga yaqin pul to‘laydi. Birlashmada qoladigan daromad ko‘pi bilan 25—30 million so‘mni tashkil etadi. Ishchi-xizmatchilarga maosh, qo‘shimcha mukofot va boshqa sarf-xarajatlar hammasi ana shu hisobdan to‘lanadi.

1986 yilda ayrim yuqori tashkilotlarning tabiatni muhofaea qilish yo‘lidagi da’vatlari tufayli birlashmada qator tadbirlar amalga oshirildi. Jami 1 million 760 ming so‘m, shundan suv manbalarini muhofaza qilish uchun 800 mnng, havoning musaffoligini ta’minlash uchun 960 ming so‘m mablah sarflandi, deb hujjatlashtirildi. 1987 yilda esa suvni kimyoviy qayta tozalash inshootlarini kengaytirish uchun yigirma million so‘m ajratildi. Ammo shunday katta sarf-xarajatlar bilan ham haqiqiy ahvol o‘zgarmayotganini faktlar tasdiqlab turibdi. Negaki, har yilni atrof-muhitni bulg‘ayotgan 11,5 ming tonnadan ortiq zaharli modda, 13 ming tonna ammiak changi va boshqa chiqindilar hamon zarracha bo‘lsin kamaygani yo‘q. Bundan necha yillar oldin birlashmada havoni ifloslantiruvchi 52 ta o‘choq bor edi. Hozir ham bu raqam kamaygani yo‘q.

 

Ertamiz qanday kechadi?

«Navoiyazot» tevarak-atrofdagi hayotni izdan chiqarayotgani 70-yillardayoq mahalliy tashkilotlarni qattiq tashvishlantirayotgan edi. Aholi o‘rtasida turli kasalliklar ko‘payib ketayotgani uchun meditsina muassasalari tegishli tashkilotlarni ogohlantirgandi. Shunga qaramay, 1982 yylda bu yerda yangi elektroximiya zavodi ishga tushirib yuborildi. Sexlarda mehnatkashlar uchun kerakli sharoit yaratilmadi. Kuchli zaharlovchi moddalar bilan ishlanadigan maxsus xonalar ham xavfsizlik normalariga javob bermasdi. Katoran tsexida xonalar, ishchi o‘rinlari va agregatlar zaharli changlardan mutlaqo ta’qiqlangan usullarda tozalanardi. Ishchi o‘rinlarida ammiakning qoldig‘i normadagidan besh barobar, reaktor bo‘limida esa o‘n besh barobar oshib ketdi. Oqibatda zavodda ishchilarning kasallanishi ko‘paydi, kuchli zaharlanish hodisalari qayd etildi.

Zavod har yili qishloq xo‘jalik ekinlari zararkunandalariga qarshi 78 million so‘mlik zaharli dorilar, gerbitsidlar ishlab chiqarishi zarur. Xarajatlarni qoplash uchun kamida 5 million so‘mlik daromad qilish lozim. 1986 yilda SSSR Mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish ministrligi zavodda fazolon tsexini ishga tushirish haqida buyruq berdi. Zavodning quvvati yetadimi-yo‘qmi, bu bilan hisoblashib o‘tirilmadi. Sexda qurilish-montaj ishlari chala yotganiga qaramay, yillik plan belgilandi. Planga ko‘ra o‘sha yiliyoq 457 tonna fazolon tayyorlanishi kerak edi.

Topshiriq bajarilmaslikka bajarilmadi, lekin shoshma-shosharlik oqibatida hal qilib bo‘lmaydigan muammolar ko‘ndalang bo‘lib qoldi. Zavod suvni ifloslantirib, atrof-muhitga jiddiy zarar yetkazayotgani uchun o‘sha yilning o‘zida 2 million 939 ming so‘mlik jarima to‘lashga majbur bo‘ldi.

Zavod Zarafshon daryosidan soatiga 2 ming kub metr suv oladi. Shundan 600-700 kubmetr suv xo‘jalik ishlariga, qolgani ishlab chiqarishga sarflanadi.

—         Zavodni frantsiyalik mutaxassislar qurishgan, — deydi bosh injener Yuriy Qo‘shov, — bosh loyihada oqavani tozalash uskunalarni ham nazarda tutilgan. Ammo ular kam quvvatli bo‘lib, zavod ishga tushgandan bir yil o‘tar-o‘tmas ishdan chiqib qoldi.

Loyihada fazolon tsexidan chiqadngan zaharli oqavalarni 22 kilometr uzoqda bo‘lgan maxsus suv havzasiga tashlash ko‘rsatilgan. Havzaning yonida To‘dako‘l suv ombori bor. Ko‘pincha oqava ko‘lga urib ketib, uning suvini bulg‘amoqda, Zarafshonga quyilib, yer ostiga singib, aholi salomatligiga katta xavf tug‘dirmoqda.

1985 yil 14 martda elektroximiya zavodi bilan «Navoiyazot» birlashmasi o‘rtasida tuzilgan oqavalarni tozalashga doir shartnoma bekor qilindi. Zavod bu masala hal bo‘lgunga qadar o‘z faoliyatini to‘xtatishi kerak edi. Ammo korxonadan mahsulot talab qilindi. Natijada, zavodning 1-navbati ishga tushirilgandan to hozirgi kunga qadar sanoat oqavalarining ma’lum qismi tindirilib, Navoiy kanaliga tashlab kelinmoqda. Kanal suvi esa yaqin atrofdagi kolxozlarning yerlarini sug‘oradi. Sexlarda har kuni qancha suv ishlatiladi-yu, qancha oqava chiqarib tashlanadi, buni hisob-kitob qiladigan odam yo‘q. Turli kimyoviy moddalar aralash oqavalarning kanalga tashlanayotganligi oqibatida «Qizil O‘zbekiston» kolxozining yerlari botqoqqa aylandi. Chorva mollari qirila boshladi. Bu falokatni to‘xtatib bo‘ladimi-yo‘qmi — noma’lum. Nazorat organlari esa nuqul jarima solish bilan ovora. Atrof-muhitning musaffoligi, odamlarning sog‘ligi bilan ularning ishi yo‘q.

Zavodning zaharli ximikatlar aralash oqavalaridan 20 gektar maydonni egallagan sun’iy ko‘l paydo bo‘lgan. Suv oy sayin, kun sayin ko‘payib, dambalarni buzdi va atrofdagi maydonlarni ishdan chiqardi. «Qizil O‘zbekiston» kolxozi, «SSSR 50 yilligi» sovxozi va yana bir necha xo‘jaliklariga katta moddiy zarar yetkazildi.

Keyinroq izofen tsexining zaharli oqavasi Navoiy kanaliga urib ketdi. Shunga qaramay, oqavani sun’iy havzaga tashlash davom etmoqda. Navoiy rayonida birorta ko‘kat ko‘karmaydigan o‘lik maydonlar ko‘payib bormoqda.

—         Kolxozimiz territoriyasida elektroximiya zavodining zaharli oqavasi tashlanadigan oltita havza bor, — deydi «Qizil O‘zbekiston» kolxozi bosh agronomi Hamid Muqimov. — Ular ochiq holda saqlanmoqda. Ustidan qush uchib o‘tsa, o‘ladi. Tirik jon yaqinlashishi mumkin emas. Ammo ular shundoq paxta maydoni yonida bo‘lgach, yaqin bormay iloj yo‘q. Havzalar atrofi, hech bo‘lmasa, o‘rab qo‘yilmagan. Zaharli suvlar yer ostidan uzoq-uzoqlarga oqib, xalq rizq-ro‘zining zavoli bo‘lyapti. Ahvol shu tarzda davom etaversa, besh-olti yildan so‘ng Navoiy rayon territoriyasi tamoman ishdan chiqishi, bog‘-rog‘lar tugul, giyoh ham o‘smaydigan yerga aylanishi, 77 ming aholining hayoti tahlika ostida qolishi turgan gap.

 

O‘lganning ustiga…

Ikki yirik korxonaning atrof-muhitga yetkazayotgan zarari kamlik qilayotgandek, dehqon dasturxoni tobora qurib borayotgani yetmayotgandek, 1984 yilda Navoiy tsement zavodi ham ishga tushirildi. Bu zavod atrof-muhitni ifloslashda avvalgilardan ham o‘zib ketdi. Boshqa rayonlarda suv bilan ishlaydigan zavod bu yerda quruq usulda tsement ishlab chiqarishga moslashtirildi. Zavod mutaxassislari loyihada ko‘rsatilgan namlash qurilmasini ishlata olmadilar. Respublika Qurilish materiallari ministrligi esa filtrlovchi uskunalar topishga kelganda ularning arzini tinglamadi. Ishlayvermaysanmi, atrof-muhitning ifloslanishi bilan nima ishing bor, buning uchun seni javobgarlikka tortishayotgani yo‘q-ku, qabilida ish tutildi. Oqibatda zavod quvurlaridan har yili 22,8 ming kub metr tsement quyqasi aralash suv tozalanmasdan atrofga tashlanaverdi. Janubiy-sharqiy tomondan esayotgan shamol tsement changini O‘rtacho‘l massivi xo‘jaliklariga uchiraveradi. Paxtadan tortib daraxtlardagi mevaga qadar tsement changiga bulg‘anadi.

Shunday qilib, chorak asr mobaynida Alisher Navoiy nomi bilan atalgan shaharning g‘arbiy-janubiy qismi ulkan sanoat o‘chog‘iga aylantirildi. Ulardan har yili regiondagi havo qatlamiga 121 ming tonna zaharli modda uchib chiqadi. Bir yillik chiqindilarning 47 ming tonnasi tsement zavodi, 17,6 ming tonnasi Navoiy GRESi, 11,1 ming tonnasi «Navoiyazot» birlashmasi hissasiga to‘g‘ri keladi… Iqtisodiy zarar yiliga qariyb 30 million so‘mni tashkil etadi. Shahar korxonalarida atrof-muhitni ifloslantiradigan 281 manba bor. «Navoiyazot»ning o‘zida tozalagich uskunalari o‘rnatilmagan manbalar 86 ta. Elektroximiya zavodida 61 ta. Xullas, Navoiy rayon atmosferasidagi o‘rtacha yillik chang miqdori sanitariya normalaridan besh-olti baravar, ammiak miqdori 1,1—2 baravar oshib ketgan. Ayrim vaqtlarda ifloslanish 10-11 baravar ko‘payadi. Ayniqsa shamol sanoat zonasidan aholi punktlari tomon yo‘nalganda keskin gazlanish va changlanish yuz beradi.

 

Sabrning chegarasi

Qishloqlarda surunkali kasalliklar, o‘lim ko‘payavergach, do‘rmonliklar haqiqiy ahvolni kelib tekshirishlarini so‘rab yuqori tashkilotlarga shikoyatlar yozdilar. Vakillar kelib, Xoncharvoq, Do‘rmon qishloqlari va «Lenin yo‘li» kolxozida yashovchi 18 ming aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishdi. Tekshirish natijalari qon raki, kamqonlik, tif, vabo, sariq kasalining og‘ir turlari, tuberkulyoz, turli og‘ir ichak kasalliklari, bronxial astma ko‘payib, odatdagi holdan o‘n-o‘n besh baravar oshganini ko‘rsatdi. Xulosalar o‘sha paytda amalda bo‘lgan Navoiy oblast partiya komiteti va oblast ijroiya komitetiga yozma ravishda ma’lum qilindi. Respublika kasb kasalliklari ilmiy-tekshirish instituti mutaxassislari bu kasalliklarni aniqlab berishlari va shu asosda SSSR SESi, Respublika Sog‘liqni saqlash ministrligiga tashvishli signallar berilishi lozim edi. Ammo oblast partiya komitetining o‘sha paytdagi birinchi sekretari poraxo‘rligi uchun ishdan olinib, jinoiy javobgarlikka tortilgach, yangi tayinlangan rahbar bu masala bilan qiziqmadi. To‘plab berilgan ma’lumotlar hammasi quduqqa tashlangan toshday besamar ketdi.

Oddiy kolxozchining qo‘lidan nima ham kelardi deysiz? Uning Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan haq-huquqlarini talab qilishga na vaqti, na imkoniyati bor edi o‘sha yillari.

Rahbarlar esa, faqat o‘tayotgan kunnn o‘ylashardi, o‘z burchlarini faqatgina paxta planini bajarish deb bilishar edi. Atrof-muhitni muhofaza qilish jamiyatlari bor-ku, deb ko‘ngillarini xotirjam qilishardi.

Oblast SESi xodnmlari shaharning ikki joyidan kunning birinchi va ikkinchi yarmida ikki marta analiz olishadi, xolos. Navoiy rayonidagi jabrdiyda xo‘jaliklarga borish ularning vazifasiga kirmaydi. Rayon SESida esa atmosferaning tarkibini tekshirib, havoning ifloslanish darajasini aniqlab beradigan asbob ham, laboratoriya ham, mutaxassis ham yo‘q. Shunday bo‘lgach, atrof-muhitning zaharli gazlar bilan ifloslanishi aholining sog‘ligini zimdan kemirib borayotganini kim ham isbotlab bera olardi deysiz? Isbotsiz, dalilsiz taxminiy gaplarni tinglashga esa mutasaddi tashkilotlarning ko‘zi uchib turgani yo‘q.

Bor-yo‘g‘i bir necha xodim ishlaydigan sanepidstantsiya shaharning bir chetidagi turar-joy binosiga omonat o‘rnashib olgan. Rayonlarda tekshirish olib borish uchun transport ajratilmagan. Xatirchida, Nurotada ichimlik suaning ahvoli qanday? Karmanada, Navbahorda-chi? Nega bu rayonlardagi shifoxonalarda 4-5 kishiga mo‘ljallangan palatalarda o‘nlab bemorlar yotqizilmoqda? Korxonalar nega zaharli chiqindilarni aholi yashaydigan territoriyalarga tashlashmoqda? Tegishli transport bo‘lmagach, bularning qaysi birini nazorat qilib ulgurishsin ular?!

* * *

«Odamzod boshiga tushadigai ko‘pgina musibatlarning asl maibai sustkashlik, jur’atsizlik va bo‘shaiglikda, deb bilaman. Jangariroq millatlar hamisha ozod va baxtli bo‘lishgan». — deb yozadi G. Lixtenberg. Keyingi yigirma yil ichida Do‘rmonnnng o‘zidan besh ming odam imi-jimida o‘ldi-ketdi. Ularning hammasi ham oshini oshab, yoshini yashab, o‘z ajali bilan ketmadilar. Rayon kasalxonasidagi hujjatlar buni uzoq kelajakda ham isbotlay oladi.

—    Rahbarlarimiz kasalliklar ko‘payib ketayotgani uchun aybni vrachlarga to‘nkashayapti, kasalliklarning kelib chiqish manbalarini tugatish uchun esa hech ish qilinmayapti, — deydi rayon markaziy kasalxonasining bosh vrachi Quddus Abdulqodirov.

Bu bemorxonada hech qachon bo‘sh o‘rin bo‘lmaydi. Deraza oynalari sinib, devorlari sho‘rlab, to‘kilay deb qolgan binoda tug‘ruqxona joylashgan. Insoniyat kosmosga qadam qo‘yganiga necha o‘n yillar bo‘ldi. Ammo bu rayon kasalxonasiga haligacha kanalizatsiya o‘tkazilmagan.

1975 yili rayonda yangi kasalxona binosiga poydevor tashlangan edi. Ammo kuchlar raykomning sobiq birinchi sekretariga atalgan muhtasham qasr qurilishiga jalb etildi-yu, xayrli ish to‘xtadi-qoldi.

—    Bolalar uchun alohida kasalxona u yoqda tursin, poliklinikamiz ham yo‘q, — deydi pediatr vrach Norbibi Qozoqova. — Rayon kasalxonasidagi bolalar bo‘limi esa atigi 40 o‘rinli, xolos. Vaholanki, har kuni yuzlab bolalar meditsina yordamiga muhtoj bo‘lmoqdalar. Ishlatiladigan ichimlik suv aholi o‘rtasida turli ichak kasalliklarini keltirib chiqarmoqda.

Aholining kasalliklarga chalinishi bo‘yicha oblastda birinchi o‘rinda turadigan rayonning markaziy kasalxonasida ahvol mana shunday. 1988 yilning birgina iyul oyida ichterlama bilan og‘rigan 40 go‘dakning hayotini saqlab qololmadik. Qancha harakat qilmaylik, har kuni to‘rt-besh bola nobud bo‘laverdi. Kasal bolalarni palatalarga sig‘dirib bo‘lmasdi. Vrachlarga hayfsan berildi, ba’zilari ishdan olindi. Ammo ichimlik suv, atmosfera ifloslanishining oldini olish haqidagi muammo kun tartibida ko‘ndalang qilib qo‘yilmadi. Suvni, havoni ifloslantirgan sanoat korxonalarini hech kim javobgarlikka tortolmaydi.

1987 yilning birinchi yarmida o‘tkir ichak xastaligi bilan og‘rigan 258 ta bemor kasalxonaga yotqizildi. Shunday og‘ir sharoitda ham o‘n yillar oldin qurila boshlagan bino loyihasi bugungi kun talablariga javob bermaydi, degan bahonada kasalxona qurilishi orqaga surib kelinmoqda.

 

Zaharlanish

Bu voqea 1987 yil 16 may kuni «Narpay» sovxozidagi Ernest Telman nomli maktabda sodir bo‘ldi. O‘quvchilar ertalab odatdagiday quvnoq sinf xonalariga kirib kelishdi. Qo‘ng‘iroq chalinib, dars boshlangach, ko‘p o‘tmay ikki sinfda o‘quvchilar yuqori nafas yo‘llari achishib, o‘qchiy boshlashdi. Muallimlar ularni maktab hovlisiga olib chiqishga majbur bo‘lishdi. Shu payt qo‘rqinchli hol yuz berdi: o‘quvchilar alahlab, hushdan keta boshlashdi. Ikki kun orasida endigina 15-16 yoshga qadam qo‘ygan 200 o‘quvchi rayon kasalxonasining tangu tor palatalariga, koridorlariga amallab joylashtirildi…

Zaharlanish oblast hayotida yangilik emasdi! Ikki yil oldin Zarafshonda baliqlar yoppasiga qirilib, suv betida qalqib oqqan, bir yarim yil ilgari esa 200 bosh qoramol suvdan zaharlanib nobud bo‘lgan, shunga qaramay, zaharlanishning oldini olish borasida keskin chora-tadbirlar ishlab chiqilmagandi.

Navbat bolalarga kelgan edi.

Odatdagiday yana respublika hamda SSSR SESiga, Sog‘liqni saqlash ministrligiga murojaat qilindi. Moskva, Leningrad, Kiyev shaharlaridan vrachlar, epidemiologlar yetib kelishdi. Voqea yuz bergan joyda mehmonlar ko‘zlariga ishonmay qolishdi: ularga ko‘rsatilgan bino maktabdan ko‘ra ko‘proq bechorahol dehqonning bir amallab tiklangan kulbasiga o‘xshardi. Almisoqdan qolgan eski partalar sinf darstaxtasiga tegay deydi. Maktabga tabiiy gaz u yoqda tursin, loaqal vodoprovod o‘tkazilmagan. Bufet yoki oshxona nega yo‘qligi haqida so‘ralganda, o‘qituvchilar bilmasak deganday yelka qisishdi. Oblast tashkilotlari maktablar, bolalar muassasalari uchun sut-qatiq, go‘sht, hech bo‘lmasa, konditer mahsulotlari ham ajratmas ekan.

Kasalxonaga keltirilgan o‘quvchilarning oshqozoni yuvilganda nitratdan boshqa narsa chiqmaganini ko‘rib yoqa ushlashdi: bolalarning hammasi darsga ertalab nonushta qilmasdan kelishgan ekan.

Hodisa oblast rahbarlarini sergaklantirdi, albatta. Xo‘jaliklarda zaharli ximikatlardan foydalanishning ahvoli haqida ma’lumot so‘rash boshlandi. Birgina Navoiy rayon territoriyasida 15 ta mineral o‘g‘it ombori borligi, shundan beshtasida zaharli ximikatlar saqlanayotgani, 11 ta maydonda begona o‘tlarga qarshi ximikatlar, 7 ta punktda paxta defoliatsiyasi uchun ishlatiladigan ximikatlar saqlanayotgani ma’lum bo‘ldi.

Zaharlanish yuz bergan «Narpay» sovxozida zaharli ximikatlar omborlari avariya holatida, ularni yopiq saqlash uchun maxsus bino yo‘q ekan. Ular aholi yashaydigan punktlarda, ariq va kanallarning yonida ochiq saqlanmoqda. Bu ximikatlar yomg‘ir suvlari bilan to‘g‘ri kollektorlarga, so‘ngra esa Zarafshon daryosiga kelib tushmoqda.

Tekshirishlar birgina Qiziltepa rayonida keyingi besh yilda uch million so‘mlik har xil zaharli ximikatlar to‘planib qolganini aniqladi. Rayonda 60 tonna zaharli ximikat foydalanish muddati o‘tgani sababli yerga ko‘mib tashlanibdi.

1986 yili oblast xo‘jaliklariga 19129 tonna azot, 10701 tonna fosfor, 5088 tonna kaliyli o‘g‘it sotilgan. Bir yilning o‘zida har gektar ekin maydoniga o‘rtacha 191 kilogramm azot, 107 kilogramm fosfor, 50 kilogramm kaliyli o‘g‘it solinibdi! 1988 yilning iyun oyiga qadar esa yana oblastda xo‘jaliklarga 17600 tonna azotli, 10663 tonna fosforli, 5630 tonna kaliyli o‘g‘it tarqatildi. Kolxozchilarning xonadonlari tekshirilganda 711 kilogramm zaharli ximikat topildi.

Masala oblagropromning kollegiyasida ko‘rilib, tegishli kishilar jazolandilar. Lekin… hech kim bu qadar ko‘p miqdorda ximiyaviy o‘g‘it ishlatishga qarshi so‘z aytmadi. Aksincha, oblastda 14,4 ming tonna mineral o‘g‘itni saqlay oladigan omborlar, yana 11 ming tonna mineral o‘g‘itni saqlash imkoni bo‘lgan bostirmalar borligi haqida maqtanib gapirdilar. Jami 31 ming tonna mineral o‘g‘itni omborlarda saqlasa bo‘lar ekan. Qiziltepa rayonida esa 10 ming tonna zaharli ximikat saqlanadigan ombor qurilishi nihoyasiga yetay deb qolibdi…

Zaharlanishning sabablarini aniqlashga kelgan meditsina mutaxassislari gapirayotganlarga hayron boqishardi. Tillari so‘zga aylanmay qolgandi. Nihoyat, yig‘ilish oxirida ulardan biri so‘z so‘radi. So‘z berdilar. U uzoq gapirmadi. Faqat: «Bu holda o‘zingiz o‘z bolalaringizni mayib-majruh qilib qo‘yasizlar, hayotiga zomin bo‘lasizlar-ku», dedi. Afsuski, hech kimni bu so‘z cho‘chitmadi…

 

Fojianing ildizi qayerda?

Vaxtiyor Temirov, Navoiy suv manbalari boshqarmasining boshlig‘i: — Respublika suv xo‘jaligi ministrligi tashabbusi bilan har yili O‘rtacho‘lda 3 ming gektar yer o‘zlashtirilmoqda. Keyingi besh-olti yil ichida O‘rtacho‘l va Qarnabcho‘ldan 10 ming gektar yer o‘zlashtirilib, 9 ta yangi sovxoz tashkil etildi. 40 million so‘m mablag‘ faqat kapital qurilishga sarflandi. Ammo endilikda O‘rtacho‘l hatto o‘z sarf-xarajatlarini o‘zi qoplay olmayotir. Zax suvlar yuzaga qalqib, maydonlarni qamishzorlarga aylantirmoqda. Bu maydonlarning meliorativ holatini yaxshilash endilikda juda mushkul bo‘lib qoldi. Aslida bizda har yili ming gektar yangi yer o‘zlashtirishning ham imkoni yo‘q. Bu har xil yetishmovchiliklarni keltirib chiqaradi. Respublika suv xo‘jaligi ministrligi esa aholi soni ko‘payib borayotganini ro‘kach qilib, yiliga 3 ming gektar yangi yer o‘zlashtirishni zimmamizga yukladi. Bu hol ham juda katta suv tanqisligiga sabab bo‘layotir. Natijada oqavadan foydalanmaslikning ilojini topolmayotirmiz. Birgina Konimex rayonida 4,5 ming gektar yer GRESning bug‘ qozonlaridan chiqqan qaynagan kislorodsiz o‘lik suvdan sug‘oriladi. Bu suvning paxtaga ham, boshqa qishloq xo‘jalik ekinlariga ham sira foydasi yo‘q. Aksincha, u ekinni quritadi.

Usmon Ibrohimov, Suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari: — Respublika Ministrlar Soveti suv ta’minoti yomon bo‘lgani uchun oblast xo‘jaliklarida yangi yerlar o‘zlashtirishni davom ettirmaslik to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi. Ammo Malikcho‘l va O‘rtacho‘l massivlari o‘zboshimchalik bilan o‘zlashtirilib, dalalar zahkashlarning sho‘r suvidan sug‘orib kelindi. Bunday o‘zboshimchalik bilan o‘zlashtirilgan yerlarda na kollektor bor, na texnika, na suv. Bularsiz hosil olib bo‘ladimi? Yer o‘lchash paytida bu maydonlar umumiy balansga qo‘shildi-ketdi. Oqibatda bir-biridan murakkab muammolar tug‘ildi.

Ato Bo‘tayev, «Qizil Oktyabr» kolxozining sobiq raisi: — 1971 yilda Malik cho‘lini o‘zlashtirish boshlandi. Suv nasoslar yordamida cho‘lga tashlandi. Buning oqibatida Malikcho‘ldan deyarli qirq metr pastlikdagi kolxozimiz yerlari sho‘rlab ketdi. Zah, sho‘r suvlar Hazoraga kelib tusha boshladi.

Bundan tashqari, Navoiy va Hazora oralig‘ida sakkizta kollektor Zarafshonga quyiladi. Navoiy GRESining xlorid kislotali oqavalari tozalanmay daryoga tashlanadi. Bu daryodagi jonivorlarga, tuproq strukturasiga, odamlarning salomatligiga katta salbiy ta’sir ko‘rsatayotir.

Kolxoz har yili 4 million so‘mgacha daromad qilar edi. Hozir bu ko‘rsatkich 1 million 800 ming so‘mga tushib qoldi. «Navoiyazot» burqsitayotgan zaharli tutun bizni ham tinch qo‘ygani yo‘q.

Rayon kasalxonasi bosh vrachi Quddus Abduqodirov izohlaydi:

— Uyga o‘t tushgandan keyin uni o‘chirish uchun o‘zingni olovga tashlagandan ko‘ra, oldinroq yong‘in chiqish xavfini bartaraf etgan afzal emasmi? Kasalxonada chirqirab o‘zini to‘rt tomonga urayotgan, bronxial astmaga chalinib, yo‘talayotgan bolajonlarni ko‘rib, kechalari uxlolmayman. Mutasaddi tashkilotlar kasalliklarni keltirib chiqarayotgan sabablarni xaspo‘shlashga urinmoqda. Go‘yo og‘ir kasalliklar kelib chiqayotgani va bemorlarni kasalxonalarga sig‘dirib bo‘lmayotgani uchun shifokorlar aybdordek.

—    Qani dalil, qani isbot? — so‘raydi «Navoiyazot» birlashmasining injeneri Shirinov. — Tutundan zaharlangan odamni kim ko‘ribdi? O‘zim yoshligimdan ximiya zavodlarida ishlab kelaman. Mana shu tsexda o‘n yil ishladim. Ammo, ko‘rib turibsiz, to‘rt mucham sog‘. Siz bizga yomon ko‘z bilan qarab, ishimizdan faqat kamchilik qidirish, qildan qiyiq axtarish uchun kelgansiz, bilamiz. Ximiyani qoralamoqchisiz, lekin bir ximiyasiz yashab ko‘ring-chi? Egningizdagi ko‘ylak, qo‘lingizdagi uzuk…

Biz atmosferaga chiqarilayotgan zaharli gazlar miqdorini kamaytirish tadbirlari jadvalini ishlab chiqqanmiz. Ana shu sxema bo‘yicha besh yil ichida atrof-muhitning ifloslanishiga chek qo‘yiladi. Masalani matbuotda ko‘tarib chiqishning nima hojati bor? — deyishadi Navoiydagi zavodlarning rahbarlari.

Chorak asrdan buyon yerli aholini shu yo‘sin aldab keldik. Endi bas. Ximiyaga, ximiklarga tevarak-atrofdagilarni hayotdan to‘ydirish, salomatlikning zavoli bo‘lish huquqi berilmagan. Selitrasiz, zaharli ximikatlarsiz ham xalqning kuni o‘tib turgan edi-ku. Chor atrof bog‘, chor atrof mo‘jiza edi…

Men ximiya zavodlari qurshovida qolgan mana shu zaminda tug‘ildim. U quyosh nurlariga chulg‘anib, shuurimni yoritdi, qalbimni hislarga to‘ldirdi. Men o‘sha, yoshligimning sirdoshi bo‘lgan yam-yashil vodiyni, menga she’r bergan, qo‘shiq bergan nilufar shaharni beg‘ubor ko‘rishni istayman. Bobolarim suv ichgan daryoga borib ta’zim qilishni, quvnoq bolaligim guvohi bo‘lgan bedazorlarni, Xoncharvoqning so‘lim bog‘larini mastona kezishni istayman. Men bu shaharning buyuk shoir nomiga munosib bo‘lishini, Navoiy ijodini million-million xalqlar hayratlanib mutolaa qilayotganlariday, uning nomidagi shaharni ham hayrat, hayajon bilan tomosha qilishlarini, unda yashayotgan har bir inson ustoz orzu qilgan qahramonlarday ma’naviy go‘zal insonlar bo‘lishini istayman. Zotan, yer yuzida g‘azal mulkining sultoni nomi bilan ataladigan shahar tanhodir. Ustoz ruhi kezib yurgan ushbu shahar hayoti, odamlari iztirobiga befarqlik shoir siymosiga hurmatsizlik, katta ma’naviy qashshoqlikdir.

“Yoshlik” jurnali, 1989 yil, 6-son