Nodira Rashidova. Usmon Nosir: “Men hayotga qaytishim kerak…” (1988)

http://ziyouz.com/images/uz/usmon_nosir2.jpg1956 yil sentyabr oyining oxirlarida Masodiqova Xolambibi nomiga xat keldi.

«Grajdanka Masodiqova Xolambibiga!

Sizga shuni ma’lum qilamanki, o‘g‘lingiz Nosirov Usmonning ishi tekshirib chiqildi.

O‘g‘lingiz asossiz hukm qilinganligi aniqlandi.

Arizangiz hamda Nosirov Usmonning jinoyat ishi, 1956 yil 3 sentyabr kuni o‘tkazilgan tekshiruv materiallari asosida avvalgi hukmni bekor qilish va o‘g‘lingizni batamom oqlash uchun Bosh Harbiy Prokuror nomiga (Moskva shahriga) jo‘natildi.

Karor haqida Bosh Harbiy Prokuror sizga ma’lum qiladi.

TurkVO Prokurorining o‘rinbosari, yustitsiya podpolkovnigi (imzo)

M. PASTUShENKO»

Xolambibining ko‘p yillar zardobga to‘lib yotgan yuragida umid uchquni paydo bo‘ldi: «U tirik!» Bu uchqunni oktyabr oyining boshida Moskvadan kelgan boshqa bir xat yana alangalatdi.

 

Sizga ma’lum qilamanki, arizangiz Bosh Harbiy Prokuratura tomonndan hal qilindi.

 

O‘g‘lingiz Nosirov Usmonga tegishli jinoiy ish qayta ko‘rib chiqish uchun Oliy Sudga jo‘natildi.

 

Natija Sud tomonidan Sizga ma’lum qilinadi.

GVP bo‘limining Harbiy Prokurori, Yustitsiya podpolkovnigi (Imzo)

PROShKO

«Demak, Usmonxon tirik. Bironta xatda uning vafoti haqida hech qanday gap-so‘z yo‘q, axir! Xolambibi bu gaplarni tovush chiqarib aytishga qo‘rqar, go‘yo bu so‘zlar aytilsa, umidi barbod bo‘lishi mumkindek, shu umid onaning hayotiga bir oz bo‘lsa-da, nur olib kirgandek edi.

Biroq, 1957 yilning aprel oyida kelgan xat… uni qulatdi.

SSSR Oliy Sudining Harbiy kollegiyasidan

1956 y. 30 mart

SPRAVKA

Hibsga olingunga qadar yozuvchi-shoir bo‘lgan Nosirov Usmonning ayblanish to‘g‘risidagi jinoiy ishi SSSR Oliy Sudining Harbiy kollegiyasi tomonidan 1957 yil 21 martda qayta ko‘rib chiqildi.

 

1938 yilning 5 oktyabrida Harbiy Kollegiya tomonidan Nosirov Usmonga tegishli ish yuzasidai chiqarilgan hukm vujudga kelgan yangi vaziyatlarga ko‘ra, bekor qilindi va jinoyat sostavi yo‘qligi tufayli jinoiy ishning ko‘rilishi to‘xtatildi.

 

Nosirov U. vafotidan so‘ng oqlandi.

SSSR Oliy Sudi Harbiy kollegiyasi Sudlovchi hay’atnnig raisi, Yustitsiya polkovnigi (Imzo)

KOSTROMIN.

«Vafotidan so‘ng». Oppoq qog‘ozga qora siyohda yozilgan bu sovuq so‘zlar onaning qalbini bir zumda chil-chil qildirdi.

1937 yilning quyuni uning bag‘ridan biryo‘la uch farzandini: Usmonni, kuyovi O‘zbekiston Kompartiyasi Markazqo‘mning sekretari Nuriddin O‘lmasboyevni, 23 yoshida vafot etgan qizi Ravzaxonni yulib ketdi. Lekin birgina ilinj — Usmonning tirikligiga bo‘lgan ishonch onaga darmon, dalda edi. Xat bu ishonchni ham tilka-pora qildi.

Xolambibi yotib qoldi. O‘sha yili yoz oylarida bir kuni hovliga ozg‘indan kelgan, novcha odam kirib keldi. Ona uni darrov tanidi: bu Usmonning do‘stlaridan biri Ibrohim Nazir edi. U Xolambibi bilan ancha suhbatlashdi. Mehmon ketganidan so‘ng ona o‘rtanib qoldi.

«Usmon og‘ir dardga mubtalo bo‘ldi; uning sovuq urgan qo‘l-oyoqlarini kesib tashlashdi, tsinga kasalidan tishlari to‘kilib ketdi… bir burda non yeyishga zor bo‘lib, Magadanda 1952 yili vafot etdi…» deb aytdi Ibrohim Nazir.

Uning gaplarini keyinchalik Tojihon Shodiyeva ham tasdiqladi.

Ona uchun umidning oxirgi uchquni ham so‘ndi. «Usmon yo‘q!» Bu xayol uni chayondek chaqardi.

O‘sha suhbatlardan so‘ng rangi yanada siniqqan, ko‘rpa-to‘shak qilib yotib qolgan ona hasratini menga, yosh qizaloqqa to‘kardi:

«Usmonni olib ketishganiga uch-to‘rt oycha bo‘lgan edi. Tog‘ang qamoqxonadan xat chiqarib, Ibrohim Nazir va Madamin Davronlarda palto bilan etigi borligini aytib, shu narsalarni yetkazishni so‘rabdi. Men ayang (Rohatxon) bilan qo‘shni qiz Dilbarni Arpapoya mahallasiga yubordim. Madamin Davronning singlisi ularni qarshilab olibdi-da, Ibrohimning eshigini taqillatib qizlar kelganligini aytibdi. Shunda Ibrohim eshikni qiya ochib turib: «Men xalq dushmanning singlisi bilan gaplashmayman!» deb paltoni itqitibdi va shoshib eshigini berkitib olibdi. Rohatoy uyga yig‘lab-yig‘lab qaytdi. Ertasi kuni Madaminning singlisi biznikiga kelib, Ibrohimni kechasi olib ketishganligini aytdi. Mana, Ibrohim ham eson-omon qaytibdi. Tog‘ang esa yo‘q…»

O‘sha kezlarda Xolambibiga O‘zbekiston Yozuvchilar soyuzidan u yerda 1957 yil 2 iyulda bo‘lib o‘tgan majlisning qaroridan ko‘chirma olib kelishdi. Unda Usmon Nosirni Yozuvchilar soyuzi a’zoligiga tiklash va uning onasi Masodiqova Xolambibiga 6 ming (yangi pul bilan 600) so‘m mablag‘ ajratib berilishi to‘g‘risidagi masalalar ko‘rilgan edi.

Ko‘p o‘tmay Xolambibining qo‘liga pul keltirib berishdi. Haykaldek qotib o‘tirgan ona qo‘lidagi bir dasta pulga qarab yig‘lab yubordi. Chunki…

Usmon hech yolg‘iz yurmasdi. Uyga ham hech qachon yolg‘iz kirib kelmasdi; yonida hamisha do‘stlari, o‘rtoqlari bo‘lardi. Kunlarning birida u besh-oltita o‘rtoqlarini mehmonga olib keladi. Ona o‘choq boshida ovqat tayyorlash bilan ovora bo‘ladi… Bir payt Usmon tashqariga chiqib, onasiga qo‘shnidan qarz olib bo‘lsa-da, do‘stlariga sigareta topib keltirishni iltimos qiladi. Yaqinda Qo‘qondan ko‘chib kelgan Nosir ota hali ishga joylashmagani sababli. oilada yetishmovchilik bo‘lsa ham, Xolambibi qo‘ni-qo‘shnilardan bironta narsa so‘ragani tortinardi. Ona o‘g‘liga ahvolni tushuntiradi. Shunda Usmon: «Aya, hech uyalma, qarz uziladigan narsa. Hali vaqt keladiki, mening o‘ligim ham seni boqadi!» deydi. O‘sha kuni bu voqeadan voqif  bo‘lgan Nosir ota Xolambibining qo‘lidagi bittagina uzugini bir xalta sigaretaga almashtirib, Usmonning o‘rtoqlariga kiritib yuborgan ekan. Shularni eslab ona yuragi vayron bo‘ldi.

«Bu pullarni endi nima qilaman?!» deb menga tikilib qolgan buvimning yosh to‘la ko‘zlari hamon dilimni o‘rtaydi.

Xolambibining ahvoli tobora og‘irlasha bordi. 85 yoshlik Nosir ota hamon davlat ishida bo‘lib, Sirdaryodagi qamish zavodida direktorlik qilardi, Toshkentga bir haftada bir marta kelib ketardi. Men xasta buvimning yonida ko‘proq bo‘lishga harakat qilardim. Uni hech yolg‘iz qoldirgim kelmasdi. Uning o‘sha kezlarda yuragidan otilib chiqqan alamlari, hasratlari qalbimga o‘rnashib qolgan…

1936 yilning bahori. Usmon Toshkentdan Qo‘qonga kelib Nosir otaga o‘zining do‘sti Nuriddin O‘lmasboyevga katta singlisi Ravzaxonni turmushga berish niyati borligini aytadi. Ota rozilik beradi. To‘yni o‘tkazib Usmon Ravzaxonni Toshkentga ko‘chirib keladi. Bir oz vaqt o‘tgach, Usmon Qo‘qondan butun oilasini Toshkentga ko‘chirib kelish niyatida yana Qo‘qonga borib: «Endi hammamiz bir joyda bo‘laylik», deb otasini ko‘ndiradi. 1937 yilning bahorida Usmon oila a’zolarini Toshkentga, Chaqar mahallasidagi bir qarindoshinikiga olib keladi. Ikki oylar do‘sti Nodirbek topgan shu mahalladagi Yo‘ldosh qassob degan kishining uyida ijarada turadilar. Nosir ota hovli axtarish bilan shug‘ullanadi. Shu kezlarda Usmon bir kuni uyga mast bo‘lib qaytdi. Uni o‘rtoqlari — artist Muhsin Hamidov bilan shoir Yusufjon Hamdam olib kelishgan edi. Usmon onasiga: «Bugun meni yozuvchilikdan o‘chirishdi,— deb aytdi.— Nimagaligini o‘zim ham bilmayman». Ona sho‘rlik o‘g‘li millatchilikda ayblanib, Yozuvchilar soyuzida «ishi» muhokama bo‘lganini bilmasdi. Usmonga rahbarlardan biri: «Aybingni bo‘yningga ol, keyin gunohing yengillashadi. Men sening tarafingni olib, oqlab chiqaman. Egilgan boshni qilich kesmaydi, axir!» deb avraganini o‘z qulog‘i bilan eshitgan kishi hozir hayot, lekin iltimosiga ko‘ra, uning ismi-sharifini keltirmadik… Usmon unga ishondi. O‘sha majlisda Usmonni rosa talaydilar…

Shunday qilib, endi 24 bahorni qarshilagan shoirning qanotini sindiradilar. Darvoqe, majlis oxirida «ayblanuvchi»ning o‘ziga, shoir Usmon Nosirga so‘z beriladi. U haligi rahbar «aytganini» qilib, aybini bo‘yniga oladi. Lekin qaysi aybini?! O‘zi ham bilmasdi… O‘sha «maslahatchi» dik etib o‘rnidan turadiyu: «Ana, ko‘rdingizmi, u aybini bo‘yniga olyapti! Unga oramizda o‘rin yo‘q. Soyuzdan o‘chirilsin deganlar qo‘l ko‘tarsin!» deydi… Bu ertakka o‘xshaydi. O‘shanda Usmon zog‘lar orasida qolgan bulbulga o‘xshardi.

Bir necha kundan keyin Usmon Nosirning uyiga ertalab bir kishi kirib keldi. O‘zini NKVD xodimi o‘rtoq Mansurov deb tanishtirdi. U kitob-qog‘ozlarni tintuv qildi. Uzoq tintuv qildi. Usmon derazaning tepa toqisiga ikki qo‘lini tiragancha indamay turardi. Nogahon eshikdan yig‘lab kirib kelayotgan singlisi Ravzaxonga ko‘zi tushadi. «Singlingiz o‘lsin, aka! Meni nima uchun bu yerlarga olib kelgandingiz, akajon…» deb bo‘zlar edi u. «Rozochka… Rozochka, yig‘lama, singlim!» deydi jovdirab Usmon va singlisini bag‘riga bosadi. Peshonasidan o‘padi. Ravzaxon akasining bag‘rida hushidan ketadi. Usmonga xonadan chiqishga ruxsat yo‘qligi uchun Ravzaxonni uning qo‘lidan olib hovlining narigi betidagi uyga kiritadilar. Tintuv tugagach, Mansurov Usmonni oldiga solib tashqariga chiqadi. Usmon hovlida turgan otasi va Qo‘qondan ulardan xabar olgani kelgan amakisi Ibodjon bilan quchoqlashib xayrlashadi, singillarining peshonasidan o‘padi. Qo‘shni xonada hamon hushidan ketib yotgan singlisi Ravzaxonga ko‘z qirini tashlaydi-da, Mansurov ketidan ko‘cha eshik tomon yuradi. Izidan: «Usmonjon, bolam, ayang o‘lsin!.. Bizni o‘zing kimlarga tashlab ketyapsan?!» deb faryod qilayotgan onasi tomon qayrilib: «O‘lsang o‘laver!..» deb chiqib ketadi. Onaning faryodi bo‘g‘zida qoladi… Shunchalar «bemehr» o‘g‘lining ketidan chiqish yo chiqmasligini bilmay joyida taxta qotadi. Birov shu zum uning yuragini muzday suvga botirib olganday bo‘ladi. Ko‘zidan selday oqib kelayotgan yoshi bir zumda quriydi. Onaning ko‘z o‘ngida Usmon siymosi qo‘lidagi oppoq kepkasini g‘ijimlagan ko‘yi bir umr muhrlanib qoldi…

1936 yil iyul oyining jazirama kuni ona yuragini roppa-rosa 20 yil kuydirdi. «O‘lsang o‘laver!..» degan so‘zlar o‘sha damda ona yuragiga nishtardek sanchilgan edi. Usmon bu dahshatli so‘zlarni onasining qalbini asrab qolish uchun ataylab aytganini hech kim bilmasdi, albatta. Ona buni ko‘p yillar o‘tgandan keyin ich-ichidan his etdi.

Usmonning izi o‘chdi… U bilan birga oila hayotidan shodligu baxtiyorlik, tinchlik ketdi. Faqatgina bir narsa qoldi — o‘zaro ahillik, o‘zaro totuvlik.

Oila nihoyatda og‘ir ahvolda yashay boshladi. Nosir otaga «xalq dushmani»ning otasi bo‘lgani uchun hech qayerda ish yo‘q, qizlari Rohatxon, Inobatxonlarga hatto maktablarning eshiklari berk, Ravzaxon yana ota-onasi xonadoniga qaytgan. Uning turmush o‘rtog‘i Nuriddin O‘lmasboyev Akmal Ikromovning safdoshi sifatida qamalgan. Nosir otaga: «Usmon sizga o‘gay o‘g‘il, undan ariza orqali voz keching. Siz inqilob uchun ko‘p xizmat qilgan odamsiz. Hukumat sizni qo‘llab-quvvatlaydi, ish beradi», deb maslahat beruvchilar ko‘p bo‘ldi. Lekin Nosir ota o‘g‘lining nomini sotmadi, uning begunohligiga umrining oxirigacha ishondi. O‘g‘li bilan, uning halolligi bilan hamisha faxrlandi. Hatto o‘sha og‘ir yillarda ham Usmonning nomini himoya qildi. Oila esa och-nahor yashar edi. Nosir ota qizlari bilan Toshkent qamoqxonasiga bot-bot oziq-ovqat, kiyim-kechak kiritib turishi kerak edi. Biri Usmonga va yana biri kuyovi Nuriddin O‘lmasboyevga. Ana shunday og‘ir kunlarda ona uydagi jamiki qog‘oz-kitoblarni yig‘ib qopga soladi-da, pistafurushga topshiradi. Bu qog‘ozlar Usmon Nosirovning hali gazeta, jurnal, kitob sahifalarini ko‘rishga ulgurmagan qo‘lyozmalari edi… Ikki yil muqaddam, 1935 yilda yozilgan «Nil va Rim» she’rida Usmon Nosir shunday degan edi:

O‘lim yaxshi, odam agar shunday xor bo‘lsa!
Bir parcha non nima o‘zi! Shunga zor bo‘lsa!

Biz nochorlik va qo‘rquvni hozir unchalik his etolmaymiz. Lekin o‘sha paytlarda odamlarni g‘aflat chirmab olgan edi.

1944 yilning mart oyida Farrux Ahmadiy ismli kishi (u surgundan qaytgach, Muqimiy nomidagi muzikali drama teatrida qorovul bo‘lib ishlagan) Usmonning Sibirdan yozgan xatini singlisi Rohatxonga yetkazadi. Xatda: «Singlim Rohatxon! Eshitdim, O‘tkir Rashid bilan turmush qilibsizlar. Juda xursand bo‘ldim (bu nikoh Usmon Nosirning vasiyati edi — N. R.). Baxtli bo‘linglar. Toshkentga, Yozuvchilar soyuziga «V. I. Lenin», «Shahlo» degan poemalarimni yubordim. Nahotki, butun O‘zbekistonda meni bu yerlardan olib ketadigan bironta do‘st, yoru birodar topilmasa?.. Toshkentga borsam, umrim qamoqda o‘tsa ham mayli edi… Soyuzga ayam iltimos bilan borsin. Mening gunohim yo‘q. Jonim singlim, xatni o‘qigach yoqib yubor!» deyilgan edi.

Barcha harakatlar naf bermadi. Bir oz o‘tgach, «Yozuvchilar soyuziga Usmondan paket kelibdi. Unda «V. I. Lenin» va «Shahlo» poemalari bor ekan», degan xabar tarqaldi. Xolambibi o‘sha yillari Yozuvchilar soyuzining rahbarlaridan bo‘lmish kishining huzuriga boradi. O‘g‘li Usmon Nosirni Toshkentga keltirilishi uchun yordam berishlarini iltimos qiladi, o‘g‘lining o‘z qo‘li bilan yozgan poemalarini ko‘rmoqchi bo‘ladi. Onaga o‘g‘lidan kelgan xatu qo‘lyozmalarni ko‘rsatish u yoqda tursin, «Xalq dushmanining onasi bilan gaplashiladigan gap yo‘q!» deb kabinetdan chiqarib yuborishadi. Ona ko‘cha eshigigacha zo‘rg‘a yetib kelib, ostonaga behol o‘tirib qoladi. Uning yoniga yuzida kinoya aralash tabassum bilan Temir Fattoh kelib so‘rashadi; o‘zini go‘yo avvallari onani hech tanimaganday tutadi. Xolambibining dargohi Qo‘qonda ham, Toshkentda ham Usmonning do‘stlari uchun hamisha ochiq edi. Endi esa… Ona dili vayron bo‘ldi. O‘sha damda Xolambibi shu Temir Fattoh, Nosir ota Usmondan voz kechgan do‘stlarini bir kuni koyigani uchun, matbuot sahifasida bu oiladan keyin alamini olajagini bilmagan edi. («Sovet O‘zbekistoni» gazetasi, 1967 yil 24 sentyabr).

Bugungi kunda o‘sha voqeani Xolambibining qizi Rohatxon yaxshi eslaydi. O‘shanda u onasining yonida edi. Onaning qalbi ilk bor faryod qiladi va birinchi bor nafratga to‘lib, qarg‘ish yog‘diradi…

Oradan ko‘p o‘tmay ona Yozuvchilar soyuzining raisi Hamid Olimjon avtomobil halokatida fojiali vafot etdi degan xabarni eshitadi va Usmonning qo‘lyozmalari taqdirini bilishdan umidini uzadi.

* * *

Ajdarhoga o‘xshash 1937 yil elning ko‘pgina asl farzandlari qatori hali 25 yoshga to‘lmagan Usmon Nosirni ham yutdi. Uni o‘zbek xalqining bag‘ridan tuhmat, hasad, malomatlar yulib ketdi. Xo‘sh, navqiron, surur osmonida parvoz qilib yurgan shoir qanday qilib birdan «xalq dushmani» tamg‘asini oldi?! O‘ylab o‘yga yetish qiyin. O‘sha dahshatli, ajal yog‘dirgan yillar va voqealarning guvohi bo‘lgan, vaqti kelsa ishtirokchisiga aylangan kishilar bugungi kunda hayot. O‘ylab o‘yga yetolmaysan… Axir o‘shalarning ko‘pchiligi mayda shaxsiy manfaatlarini ko‘zlab xalqning boyligiga, bisotiga chang solganlar-ku! Xalqning ma’naviy dunyosini poymol qilganlar-ku!

Mana shunday o‘y-xayollar mening xotiramga Uyg‘unning ulug‘ shoirimiz Hamzaga bag‘ishlangan to‘rt misrasini mixlab qo‘ydi.

Uni o‘ldirganlar bilmadi:
Mumkin emas uni o‘ldirmoq!
U-chi ko‘rki bo‘lib sheriyatning,
O‘tiribdi qo‘r to‘kib to‘rda…

Ha, faqatgina 24 yoshgacha ijod qilgan Usmon Nosir ham bugungi she’riyatimizning «to‘rida qo‘r to‘kib o‘tiribdi». U oradan juda erta ketdi. Lekin o‘zbek xalqining qalbiga uchqun tashlab o‘tdi. Shuning uchun ham Usmon Nosirni baxtli inson deb aytish mumkin. Hozir qaysi o‘zbek shoirining to‘plamini qo‘lga olmang unda albatta Usmon Nosirga bag‘ishlangan she’r o‘qiysiz. Demak, shoir barhayot! Demak, u o‘lmagan!

Usmon Nosir tabiatan juda xushchaqchaq, bag‘ri keng, qo‘li ochiq yigit edi. U bilan bir suhbatda bo‘lgan odam albatta do‘stlashishga intilarkan. Qavm-qarindoshlar ham Usmonni juda hurmat qilishardi. U barchaga barobar mehribon edi.

Naql qilishlaricha, Usmonning o‘gay amakisi Abdurahmon Masodiqov juda qattiqqo‘l bo‘lib, unga ko‘p ozor berarkan. Nosir ota bosmachilarga qarshi kurashib yurgani uchun Qo‘qonga ahyon-ahyonda kelardi. Agar Usmon uyda bo‘lmasa, uni ko‘rgani o‘sha kuniyoq internatga borarkan. Mana shunday kunlardan birida Namangandan kelgan Nosir ota Xolambibiga osh damlatib, izvoshga qizlari Rohatxon va Inobatxonlarni o‘tqazib, Usmon o‘qiyotgan internatga boradi. Internatda ko‘proq yetim-esirlar o‘qir edilar. Usmon esa bu yerga boshqa sababga ko‘ra tushadi: Nosir otaning ukasi Ibodjon Usmonda yoshligidan kitobga, o‘qishga bo‘lgan intilishni sezadi va uning bu xislatini ardoqlaydi. Bir kuni u maktabga bormay ko‘chada bolalar bilan yong‘oq o‘ynab yurgan Usmonni ko‘rib astoydil ranjiydi va akasi Nosir ota bilan uni internatga berish masalasi yuzasidan maslahatlashadi, internat uning tarbiyasiga ijobiy ta’sir qilishini aytadi… Shunday qilib, qizlari bilan birga ko‘rgani kelgan Nosir ota Usmonni qorong‘i xonada dars qilayotganini ko‘rib, yuragi achishadi. Shundan so‘ng Usmonning o‘qituvchisidan ruxsat so‘rab, uni uyiga olib ketmoqchi bo‘ladi. Xullas, u imkoni boricha ko‘nglini ko‘tarishga harakat qilardi. Ammo uning akasi Abdurahmon aka Usmonni ko‘p koyir edi. Balki o‘sha alamlar oqibatida Usmonning quyidagi satrlari yaratilgandir:

Otam o‘ldi, men sarson bo‘ldim,
Shum yetim, deb so‘kdilar meni.
Ajab kunga mubtalo bo‘ldim,
Ko‘chalarga quvdilar meni…
O‘sha kun dilimda hayot
(Og‘ir g‘amni unutib bo‘lmas!)
Tur! — dedilar,— tur, yetimcha zot!
Ilojim yo‘q, turaman birpas.

Ko‘p yillar o‘tib, Abdurahmon ota 1966 yili 101 yoshida vafot etgach, uning yostig‘i qatidan ikki dona surat chiqadi. Biri 1943 yili frontda halok bo‘lgan o‘g‘li Alijonniki, biri esa Usmonniki edi…

Yana naql qilishlaricha, 1932 yili Usmonning amakisi Mansurjon Masodiqov qiz ko‘radi. O‘sha kezda Usmon Nosir «Norbo‘ta» dostoni ustida ishlayotgan ekan. Xabarni eshitgan Usmon hovliga chiqibdi-da: «Qizning oti Sarvar! Sarvar bo‘lsin! Agar o‘g‘il bo‘lganida Norbo‘ta qo‘yardim!», degan ekan hayajonlanib.

Qo‘qondagi katta hovlidan kichkinagina ariq oqib o‘tardi. Usmon besh-olti yoshlar chamasidagi kenja singlisi Inobatxonni ariqqa — suv oqimiga teskari qilib o‘tqazib qo‘yarkanda, o‘zi haholab, zavqlanib, shimining pochasini tizzasigacha qayirib olib tomosha qilishni yaxshi ko‘rarkan. Singlisi esa «to‘g‘on» bo‘lib ariqdagi suvni toshirib yuborarkan. Hovlini suv bosarkan…

Ravzaxon turmushga uzatilgan kezlari Usmon Arpapoya mahallasida  Mutaxassislar uyida shoir Uyg‘unga tegishli kvartiraning bir xonasida yashar edi. Qo‘qondan to‘yga kelgan qarindoshlariga u shu xonadonda ziyofat beradi. O‘sha kunni hozir ham qarindosh-urug‘lari ko‘p eslaydilar.

«Hech yodimdan chiqmaydi. Eshikda oq doka ro‘mollar yopinib kirib kelayotgan ayollarni kutib olayotgan Usmonxon biz bilan kelgan otinlarga qarab: «Kulbamizga xudoning xotinlari tashrif buyuribdilar, qani, qani, marhamat!» deb hazil-huzul qilganini hech unutolmayman», deydi ko‘zyoshini artar ekan Hoshiyaxon aya (u frontda halok bo‘lgan Ibodjon tog‘amning bevasi).

Usmon Nosir shunday edi.

Mana shunday xotiralar, mana shunday o‘y-xayollar meni yoshligimdan Usmon Nosirning izlarini axtarishga undadi. Ongim bilan uning vafot etganligiga ishonsam hamki, qalbim bu fojiani hech qabul qilishni istamasdi. Nazarimda, go‘yo u tirik va men uni albatta topish imkoniyatiga egadek tuyulardi. 1968 yilda Magadan ichki ishlar boshqarmasiga xat yozdim; men tog‘am haqida ma’lumotlaru uning qo‘lyozmalarini izlayotganimni aytdim. U yerdan kelgan javob xatda: «Usmon Nosirov 1941 yilning oxirlarida Kemerovo oblastiga ko‘chirilgan. Uning keyingi taqdiri haqida ma’lumotlarga ega emasmiz», deb yozilgan edi. 1969 yili Kemerovo ichki ishlar boshqarmasidan kelgan xatdan esa men Usmon Nosirov Marinsk shahri yaqinida 1944 yilgacha, ya’ni vafotigacha istiqomat qilganini bildim. Yuragimda g‘ulg‘ula paydo bo‘ldi. Qaysi sana to‘g‘ri? Qaysi biriga ishonish kerak? Kimga ishonay? O‘sha yerlarda qamoq muddatini o‘tab kelgan Ibrohim Nazir, Tojixon Shodiyeva va ko‘pgina boshqa guvohlargami yoki bu xatlargami? Ko‘p yillar shu muammo meni qiynadi.

Va nihoyat, O‘zbekiston Yozuvchilar soyuzi rahbarlarining ko‘magida men Usmon Nosirning qabrini izlab ketdim. Qabristonni topdim. Kemerovo oblast ichki ishlar boshqarmasi arxivida saqlanayotgan Nosirov Usmonga tegishli «delo»dan O‘zbekiston Yozuvchilar soyuzi nomiga berilgan spravkani olib keldim:

O‘zbekiston Yozuvchilar soyuzi pravleniyesi sekretarining yordamchisi o‘rtoq H. Shayxovga

Sizning Nosirov Usmon haqidagi so‘roq xatingiz bo‘yicha shuni ma’lum qilamanki, Nosirov U. Kemerovo oblastining mahbuslar uchun ajratilgan joylariga 1943 yilning boshida keltirilgan.

U uzluksiz ravishda kasalxonaning og‘ir ahvoldagi kasallar bo‘limida bo‘lgan. 1944 yilning mart oyida vafot etgan.

Uni bilgan va davolagan meditsina xodimlari oblastda yashamaydilar.

Nosirov Usmon 1944 yilda Kemerovo oblast, Marinsk rayonining Suslovo qishlog‘idagi qabristonga dafn etilgan.

Kemerovo oblasti Ichki ishlar boshqarmasining boshlig‘i (Imzo)

L. V. PROSIN

O‘sha muammo biribir muammoligicha qoldi: mish-mishlar to‘g‘rimi yoki davlat hujjatlarimi?

Yuragimni hamon gumon kemirardi. Balki boshqa «Nosirov Usmon»dir? Shu sababdan biz shoira Mukarrama Murodova bilan birgalikda Kemerovo oblast Ichki ishlar boshqarmasining boshlig‘i general V. I. Runshikov bilan uchrashdik. Uning yordamida yana bir bora arxiv bilan tanishdik. Hujjatlardagi: «Nosirov Usmon, shoir-yozuvchi, 1912 yili Namanganda tug‘ilgan», degan yozuvlar gumonimizni tarqatdi.

Gumonimiz tarqaldi, lekin ko‘nglimizdagi g‘ubor baribir tarqalmadi. Meni hamon bitta jumboq qiynaydi: xo‘sh, Usmon Nosir o‘limiga aynan kimlar aybdor? Aybdorlarning nomlari bordir, axir?! Axir hamma fojialarni «shaxsga sig‘inish» degan mavhum atama ostiga ko‘mib yuborib bo‘lmaydi-ku!

O‘zbekiston SSR Davlat Xavfsizligi komitetining raisiga, O‘zbekiston SSR Oliy sudining raisiga Usmon Nosir «delo»si bilan tanishishga ruxsat berishlarini so‘rab qayta-qayta murojaat etdik. Lekin iltimoslarimiz oqibatsiz qoldirildi. Nega?.. Ehtimol, shoir nomini yomonotliqqa chiqarishga «ulush» qo‘shgan ba’zi bir «adabiyot korchalonlari» Usmon Nosir «delosi» oshkor etilishiga qarshilik qilishayotgandir? Balki ular tariximizdagi «oq dog‘lar» yuvilishidan manfaatdor emasdir?..

«Aflotun mening do‘stim, lekin Haqiqat menga qadrliroqdir», degan edi ulug‘ allomalardan biri. O‘ylaymizki, Usmon Nosir «delo»sini arxivda saqlayotgan tashkilot mutasaddilari oshkoralik nasimi esayotgan ushbu kunlarda mardonavorlik bilan Haqiqat tomon yuz buradilar. Chunki hozirgi yoshlar, ayniqsa, adabiyotimizning kenja avlodi haqiqatni bilishlari shart.

 

ESLATMA

Quyida Usmon Nosir qamoqdan I. V. Stalinga yo‘llagan maktub e’lon qilinmoqda. Maktub hozircha shoirning oshkor etilmagan shaxsiy delosidan olindi.

VKP(b) MKning sekretari Iosif Vissarionovich Stalinga shoir Usmon Nosirdan

ARIZA

Men xalq dushmanlarining bo‘htoniga uchradim.

Dushmanlarning mish-mishiga qaraganda, go‘yo men Sizni haqorat qilganmishman, pessimistik (tushkunlik) ruhida she’rlar yozgan emishman. 1937 yili (14 iyul kuni) O‘zSSR NKVD tomonidan hibsga olindim. Tergov aldov usullarini qo‘llab, mening tajribasizligimdan foydalanib yolg‘on aybnomaga meni iqror etish yo‘lini tutdi.

1936 yilning 5 oktyabrida men Harbiy kollegiyaning ko‘chma uchligi oldida menga qo‘yilgan yolg‘on aybnomani batamom rad etdim. Lekin kollegiya Yozuvchilar soyuzining sobiq rahbari tomonidan sud boshlanishi arafasida bo‘ynimga qo‘yilgan boshdan-oyoq bo‘htondan iborat ko‘rgazmaga asoslanib, barcha aybnomalarni inkor etishimga qaramay, ayblash uchun hech qanday faktik material bo‘lmasa ham O‘zSSR JKning 67, 64—14 moddalari bo‘yicha kamina 10 yil qamoq jazosiga hukm qilindi. Jumladan, meni 5 yil siyosiy huquqlardan mahrum etishdi.

Bu qaror, bu hukm adolatsizdir.

Men 1912 yili tug‘ilganman, bolalar uyida tarbiyalanganman, o‘sha yerda VLKSM safiga o‘tganman.

Mening 6 ta she’riy to‘plamim, 4 ta tarjima kitobim chop etilgan. Pushkin va Lermontov ijodiy merosidan qilgan tarjimalarim (o‘zimning asarim singari) juda yaxshi baholangan.

Qamoqda o‘tgan 3 yillik umrim mobaynida, barcha qiyinchiliklarga qaramay, men bitta she’riy roman, 3 ta pesa va turkum she’rlar tayyorladim.

Men hali yoshman, ijodiy rejalarim bisyor.

Menga xalq dushmanlari tuhmat qilishdi!

Men mutlaqo asossiz, hech bir aybsiz qamoqda yotibman!

Men hayotga qaytishim kerak, ulug‘ Vatanning to‘la huquqli grajdani bo‘lishim kerak!

Men Sizdan yordam so‘rayman.

(imzo) Usmon Nosir

1940 yil 20 avgust

Muddatni o‘tash joyimning adresi:

Magadan sh. Xabarovsk o‘lkasi, N° 2 Sanoat kombinati

“Yoshlik” jurnali, 1988 yil 9-son