Rahmon Qo‘chqor. “O‘tkan kunlar”ning davomi (1993)

Har bir milliy adabiyotda vaqti-vaqti bilan shunday asarlar paydo bo‘ladiki, ularning ahamiyati tarkibidagi badiiy, estetik, ma’rifiy qimmat bilangina emas, balki, birinchi galda, jamiyatga ko‘rsatadigan katta ijtimoiy-siyosiy ta’siri bilan belgilanadi. Muhabbat va nafrat, haq va nohaqlik, imon va riyo kabi alohida mavzular bo‘rttirib markaziga chiqarilgan, ma’lum guruh yoki yoshdagi kishilar tanlab (ta’biga qarab) o‘qishi mumkin bo‘lgan kitoblardan farq qilaroq, bu asarlarni butun millat – yoshi va jinsi, jamiyatdagi mavqei va vazifasi, dunyoqarash va saviyasidan qat’i nazar – o‘qimog‘i, anglashga urinmog‘i va dil-dildan his etmog‘i kerak bo‘ladi. Chunki bunday asarlarda ayni xalqning muhim bir tarixiy bosqichdagi ahvol-ruhiyasi, ma’naviy-imoniy qiyofasi va taxminiy kelajagi yaxlit holda o‘z aksini topadi. Endi bu taqdir birgina inson yoki oilaniki emas, butun millat va mamlakatniki ekani bilan diqqatni o‘ziga tortadi.

XX asr boshida o‘zbek adabiyotida bunday asarni Abdulla Qodiriy bitdi va unga “O‘tkan kunlar” deya tagdor nom berdi. Ijtimoiy-tarixiy tahlil jihatidan chuqur va shafqatsiz realistik asosga qurilgan ushbu romanning yetakchi fikriy qahramoni, yurtning bu yurt tanimagan ma’naviy otasi Yusufbek xoji o‘zining so‘nggi suhbatida Vatan himoyasining eng old jabhasida shahid ketajak o‘g‘li Otabekka qalbini ochib, quyidagi achchiq bashoratni qilgan edi:

“… Ittifoqning ne ekanini bilmagan, yolg‘iz o‘z manfaati shaxsiyasi yo‘lida bir-birini yeb-ichkan mansabparast, dunyoparast va shuhratparast muttahamlar Turkiston tuprog‘idan yo‘qolmay turib, bizning odam bo‘lishimizg‘a aqlim yetmay qoldi. Biz shu holda ketadirgan, bir-birimizning tegimizga suv quyadirg‘an bo‘lsaq, yaqindirki, o‘ris istibdodi o‘zining iflos oyog‘i bilan Turkistonimizni bulg‘atar va biz bo‘lsaq o‘z qo‘limiz bilan kelgusi naslimizning bo‘ynig‘a o‘ris bo‘yindirig‘ini kiydirgan bo‘larmiz. O‘z naslini o‘z qo‘li bilan kofir qo‘lig‘a tutqin qilib topshirg‘uchi – biz ko‘r va aqlsiz otalarg‘a xudoning la’nati albatta tushar, o‘g‘lim! Bobolarning muqaddas gavdasi madfun (dafn etilgan – tahr.) Turkistonimizni to‘ng‘uzxona qilishg‘a hozirlang‘an biz itlar yaratg‘uchining qahriga albatta yo‘liqarmiz!..” (Qarang: Abdulla Qodiriy. Ro‘monlar. G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa birlashmasi. T.: 1992 yil. 237-238 sahifalar.)

Oradan roppa-rosa yetmish yil o‘tib yana bir millat kitobi – Tog‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” romani dunyoga keldi. Bu asar Yusufbek xoji bashorati ro‘yobga chiqishidan, ya’ni Kumushbibi o‘lgan sana – 1853 yildan muqaddima olib, to millatimiz mustaqillikka erishgunga qadar hukm surgan “o‘ris istibdodi”ning 130 yillik tarixi va tabiatidan hikoya qiladi.

Ayni tarix hozirga qadar turli janrlarda yaratilgan o‘nlab asarlarda ham muayyan darajada talqin etilgan edi. Biroq Tog‘ay Murod adabiyotimiz tarixida birinchi marotaba istibdod, milliy genotsid hodisasini yaxlit, butun ko‘lami va bor tabiati bilan chuqur va keng, badiiy original shaklda qayta yaratishga jazm etgan va aytish mumkinki, bu maqsadiga aksariyat holda erishgan ham. Qolaversa, yozuvchi tanlagan janr boshqa birorta janr qobig‘iga sig‘maydigan quvvatga – tiriklik mohiyatini, inson tabiatini behisob usullarda ko‘rish-ko‘rsatish, ruhiy tahlilning, badiiy priyom va san’atlarning istalgan shaklidan foydalanish imkoniyatiga egadir. Zero, reallikni tilga kiritishning, bu reallik bag‘ridagi jamiki ranglar va ohanglarni yuzaga chiqarishning eng samarali shakli va usuli romandir.

Yozuvchi bu asarni yaratgunga qadar o‘nlab hikoyalar, “Yulduzlar mangu yonadi”, “Ot kishnagan oqshom”, “Oydinda yurgan odamlar”, “Qo‘shiq” singari qissalar yozgan, o‘zining boshqalarnikiga sira o‘xshamaydigan usulini, hikoya tarzi va ohangini topishga ulgurgandi. Tog‘ay Murod o‘z asarlari, ayniqsa, “Ot kishnagan oqshom” qissasidayoq inson qadru qimmati, kishining dunyoda bajarishi lozim bo‘lgan vazifasi, olomon hodisasi va uning millat taqdiridagi roli muammolariga jiddiy qaray boshlagan, ayni masalalarni quruq publitsistik uslubda yoxud yuzaki talqinda emas, balki benihoya shirali til va ohangda, chuqur psixologik ko‘lamlarda tahlil etgan edi. Bu tajribalar yozuvchiga, yuqorida aytganimiz, o‘ta mas’uliyatli mavzuni dadil ko‘tarib chiqa olishida ishonchli zamin bo‘ldi.

“Otamdan qolgan dalalar” sahnaga yakka shaxsni, ayrim  insonlar xarakterinigina emas, balki inson qiyofasiga singdirilgan, yana ham to‘g‘rirog‘i, insoniy qiyofa o‘rnini egallab olgan, odam bolasini, butun bir millatni o‘zi to‘g‘risidagi tushunchadan mahrum etgan tuzumlar, mafkuralar, davrlar xarakterini, ruhiyati, maqsad va mohiyatini ham olib chiqdi. Xuddi shu tafayli romanning asosiy qahramonlari ismi ortidan bitta odamni emas, kamida bitta tuzumni, kamida bitta millatni, kamida bitta mafkurani izlash to‘g‘riroq bo‘ladi va bunga muallif ham ochiq ishora qiladi.

“Oqpodsho betini ko‘rmayin-da, kuymayin-da” deb xos, pokiza dalasini to‘ng‘izlarga – kelgindi bosqinchilarga bo‘shatib berib toqqa chiqib ketgan va u yerda ham kuchi ketmon chopishgagina yetgan Jamoliddin va Salohiddinlar XIX asr ikkinchi yarmi Turkistonining; “El-yurtga shunday deb ayt. El-yurt qizillar ig‘vosiga uchmasin. Men qizillarni bitta qo‘ymay qiraman” deya yov bilan erkaklarcha kurashib, bug‘doyzorda o‘ligi qolgan Aqrab (Chayon) XX asr boshidagi Turkiston milliy ozodlik harakatining; hayoti to‘g‘risidagi har bir hikoyasini “bolalarim”, “yurtim”, “uyim” yoxud “men” degan tushunchalar, inson qadr-qimmatini anglatuvchi so‘zlar bilan emas, balki nuqul “dalalarim”, “g‘o‘zalarim”, “ko‘saklarim”, “bechirindi go‘ng” deya boshlaydigan, Surxondaryoda yashab turib xurmo bilan pomidorning farqiga bormaydigan zuryod – kelajak o‘stirayotgan, oxir-oqibat o‘z najasini yeyishga majbur etilgan Dehqonqul XX asrning 30-80 yillari mardumlarining yig‘ma, yaxlit ismlaridir.  Oqpodsho, Kayshovskiy, Uspenskiy, Poltaratskiy, Qizil, Klara Xodjayevnalar esa ko‘zlangan maqsad-manfaatga qarab turfa shamoyilga kirgan manfur tuzum, siyosat va mafkuraning xos nomlari.

“— E-e, Ketmon, Ketmon. Senga ketmon bo‘lsa bo‘ldi. Sen ham odamday bo‘lib, ketmondan bosh ko‘tarsang ekan, dunyodan xabardor bo‘lsang.

— Mana, ketmondan boshimni olib o‘tiribman.

— Qorning ochgandir-da. Bo‘lmasa, ketmondan bosh ko‘tararmiding.

Salohiddin bo‘yrachi shunday deya, yo‘l bosh-adog‘iga qarab oladi. Bobomiz oldiga lip etib sapchib o‘tadi. Bobomiz qabatiga cho‘kadi. Bobomiz bilan yelkama-elka bo‘ladi.

— Farg‘onaga Oqpodsho keldi, – deya pichirlaydi.

— Mullalar Oqpodsho bizni ololmaydi, deyatib edi-yu?

— Olibdi-da.

— Qo‘qondan Olimqul lashkarboshi Chimkanga lashkar tortib ketibdi, deyatib edi-yu?

— Olibdi, olibdi. Ololmas ekan-u, Buxoro amiri Muzaffarxon o‘tirib qo‘yibdi. Olimqul lashkarboshi Chimkanda Oqpodsho yelkasini yerga tekkizibdi. Oqpodsholilarni bitta qo‘ymay qilichdan o‘tkazmoqchi bo‘lib tursa, Muzaffarxon bizning Qo‘qonga daf’a qilibdi.

— Bo‘laman degich el, bir-birini botirim deydi, bo‘lmayman degich el, bir-birini etini yeydi”. (Tog‘ay Murod. “Otamdan qolgan dalalar” romani. “Yoshlik” jurnali. 1993 yil. 1-son.)

Munavvar Qori, Behbudiy, Fitrat singari ma’naviy otalari mahv etilgan yurt bolalarini muqim insoniy ism va qiyofasiz, e’tiqod va maslagi sarob bo‘lmish Kimyo, Fizika, Jug‘rofiya singari “ustozlar” tarbiyalaydi. Saboq beriladigan joy esa na maktab, na-da madrasa, balki to‘rt tomoni paxtazor, kimyoviy zaharlangan dala. Inson, bola ruhini uyg‘otishi lozim bo‘lgan Adabiyot bo‘lsa (bu endi faqat maktabdagi fan emas!) Direktor (faqat yuqorining ko‘rsatmasini bajarish uchun qo‘yilgan mahalliy hokimiyat)ning buyrug‘iga ko‘ra “chopqillab” borib, Ziyodning (ZIYoning deb o‘qing!) “elkalari osha, bellari oralatib” urish uchun g‘o‘zapoyadan xivich tayyorlab berib turadi:

“G‘o‘zapoya yelkalarim oralab-oralab tushadi. Zarbli-zarbli tushadi. Tars-tars tushadi.

Ikkita ko‘k ko‘sak yelkalarimdan oyoqlarimga uchib tushadi.

Ust-boshim yetti qabatligidan ko‘k ko‘sak tayoq o‘tmaydi.

Ko‘k ko‘sak tayoq endi qo‘llarim oralab-qo‘llarim oralab tushadi. Tayoq o‘tadi – ana shunda o‘tadi!

— Enajon, o‘ldim-e, enajon-e!.. – deya zor-zor yig‘layman.

— Bajaraman de, bajaraman de!…

— Bajaraman, jon domla, bajaraman!…” (O‘sha asar)

“Kunda” romani muhokamasiga bag‘ishlanib “Voprosы literaturы” jurnali (1987 yil)da o‘tkazilgan davra suhbatida “Agar Marks “Din – xalqning afyuni” ekanini o‘zicha isbotlamoqchi bo‘lgan bo‘lsa, Chingiz Aytmatov ushbu romanida afyunning xalq uchun din – e’tiqod bo‘lib borayotganini ko‘rsatadi” degan mulohaza aytilgandi. Agar “Otamdan qolgan dalalar” romanida markazga chiqarilgan g‘oyani qisqa va aniq ifodalash talab etilsa, bemalol aytish mumkinki, Tog‘ay Murod bu asari bilan qadrsizlantirilgan, majburiy, ong va tafakkur esh bo‘lmagan qora mehnat xalq uchun ham din, ham afyun bo‘lib qolishi mumkinligini isbotladi, jonli namoyish qila bildi. Bobosi va otasidan farq qilaroq, asarning markaziy qahramoni Dehqonqul biror marotaba Allohning nomini-da tilga olmaydi, masjidga chiqish yoxud nomoz o‘qish, qalban ibodat qilish to‘g‘risida-ku, gapirmasa ham bo‘ladi. O‘z yaratuvchisini tanimagan, unga e’tiqod qilmagan, tanimog‘i va e’tiqodli bo‘lmog‘i uchun fursati qoldirilmay, mehnatga quldek bog‘lab tashlangan insonning o‘zini tanimog‘i, o‘ziga e’tibor qilmog‘i dushvor ekani romanda butun dahshati, ba’zan esa, hatto naturalistik darajadagi ko‘rinishlari bilan namoyon bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan aytganda, agar Engels o‘zining hozirda tanqidiy o‘rganilayotgan g‘alati mashhur asarida “Maymunning odamga aylanishida mehnatning roli”ni o‘zicha isbotlamoqchi bo‘lgan bo‘lsa, Tog‘ay Murod bu romani bilan buning aynan aksini – odamning ongsiz, nafsoniyatsiz, huquqsiz maxluqqa aylanishida yana o‘sha mehnatning “ulushi”ni bo‘rttirib ko‘rsatadi.

Romanni o‘qigach, xalq ommasining tarixiy taraqqiyotdagi o‘rni (bu yerda siyosiy, huquqiy, ma’naviy madaniyatning qaysi pog‘onasida turgan xalq to‘g‘risida gap ketayotgani e’tiborga olinishi zarur, albatta!) to‘g‘risida har qancha to‘lqinlanib gapirilmasin, baribir tarixni, taraqqiyotni ShAXSLAR (bu – bir-ikki odam degani emas, aslo!) boshqarishiga yana bir karra amin bo‘lamiz. Barcha mustabid tuzum va uning “dohiylari” ko‘targan bayroqda, bir shior – yo oshkora yoxud pinhona – albatta, bo‘ladi: jamiyatdan shaxslarni yo‘qotish! Gitler fashistik rejimining, Stalin diktatorlik tuzumining shaxslarga qarshi olib borgan qatli omlarini eslang. Zero, shaxssiz ommani xohlagan shaklga solish, istalgan kuyga muqom qildirish mumkin.

E’tibor bersangiz, romanda Nomoz ismli shaxs olomonni bir muddat haqni bilishga, Allohni tanishga, milliy g‘ururini anglashga chorlaydi. Xalqni mustabidlar istibdodiga qarshi kurashga da’vat etadi, bu ulug‘ kurashning old saflarida uning o‘zi boradi. Ruhlangan omma bosqinchilar ustidan muvaqqat g‘alaba ham qozonadi, maydonlarda bayram ham qiladi. Biroq Nomoz jismonan mahf etilgach (uning ham “sopi o‘zidan chiqariladi”!), hammasi yana o‘rni-o‘rniga tushib qoladi. Kechagina masjid maydoniga g‘azovotga chiqqan el birdan pildir-pis bo‘lib, “tarix g‘ildiragini aylantirish”dek “ulug‘ yumush”ga yana yuvvoshgina bo‘yin egadi, juda nari borsa keyinroq, qora mehnatdan picha holi damlari “oqpodshoning zulmi to‘g‘risida”gi qo‘shiq va termalar, tarixlar to‘qishga o‘tiradi…

“Men bir burchakni olib o‘tirdim. Qo‘l qovushtirib o‘tirdim. To‘rga qarab o‘tirdim.

To‘rdagilar chapak chalsa, men-da chaldim. To‘rdagilar oyoqqa tursa, men-da turdim.

Men to‘rdan ko‘z uzmay o‘tirdim.

Shunda, to‘rimda o‘tirmish bir katta ko‘zlarini bet-boshim lo‘q etdi.

Men yuzlarimni devor burib o‘tirdim.

Katta hamon betimdan ko‘z olmadi.

Men yomon holda qoldim. Boshimni tizzam egdim. Oyoqliboslarim uchiga boqdim…

Men joyimdan turib ketayin, dedim. Tag‘in, qo‘y, dedim. Kattalar oldida qoqilib ketib sharmanda bo‘lma, dedim.

Kattalar biri qo‘yib, biri so‘zladi.

Bir katta bir nima o‘qib-o‘qib berdi.

Bir katta qo‘l peshlab-qo‘l peshlab e’tiroz bildirdi…

Men muztar bo‘lib-muztar bo‘lib anjuman qaritdim…”

Biz hozirga qadar romanning g‘oyaviy pafosi bilan bog‘liq ayrim mulohazalarni aytdik. Xo‘sh, ayni dardning reallashuv, izhor jarayoni qanday kechadi, o‘quvchiga berilayotgan sezim nimalar evaziga kuchayadi, asarning shu janrda yoxud ayni mavzuda yozilgan boshqa asarlardan farqli jihatlari qayerda, badiiy yangiligi nimada?

Bu savollarga asardagi birgina komponent – qahramon masalasining qanday hal etilganini kuzatish orqali javob izlasak.

“Romanning qat’iy talabi – bevositalik, – deydi ispan olimi Ortega-i-Gasset. – personajning qanday ekani haqida menga so‘zlab bermang, men uning o‘zini ko‘rishim kerak. Roman qahramonlarining hayoti to‘g‘risida gapirib berish emas, bu hayotni namoyish qilmoq lozim… Qarshimizda narsalarning o‘zi tursa, shunda ular to‘g‘risidagi izohga hojat qolmaydi. Qahramonni izohlash (xarakterlash)ga urinish romannavisning asosiy xatosidir” (Qarang: Xose Ortega-i-Gasset. “Mыsli o romane”. «Voprosы literaturы» jurnali. 1991 yil fevral soni, 100-sahifa.)

“Otamdan qolgan dalalar” qahramonni ayni shunday – bevosita ko‘rsatish yo‘lini qat’iy tutgan, tasvirga tahlil singdirish printsipini roman uslubi darajasiga olib chiqqan asardir. Asar birinchi shaxs – bosh qahramon tilidan roviylik qilish shakliga qurilgan bo‘lib, bundagi bevositalikka hattoki muallif ham daxl qilolmaydi. Hikoyalashning bu tarzi adabiyotshunoslikda muayyan noqulayliklarga, cheklanishlarga olib boruvchi yo‘l hisoblansa-da, ayni  romanning qahramoni ruhi mantiqi, u o‘ziga talab etadigan ochish-ochilish usulining eng samaralisi shudir. Negaki, Dehqonqulni bafurja o‘ylarga toldirish, o‘z-o‘zini, o‘tayotgan umrini tahlil etishga-da vaqti yo‘qligini bo‘rttirib ko‘rsatish uchun oraga boshqa hech kim, hatto qahramonning mudroq o‘zligi ham aralashtirilmaydi.

Asarning aksariyat personajlari, ayniqsa, Dehqonqul qancha umumlashma, tipiklashtirilgan obraz bo‘lsa, shunchalik individual hamdir. Bu holatni izohlash-chun muallif uslubiga kengroq to‘xtalish lozim bo‘ladi. Uning romanga qadar bitgan qissalarini xotirlsak, ularning markaziy qahramonlari qishloqning sodda, to‘pori, erkin tabiatli odamlari ekanini ko‘ramiz. (Qishloqda bunga ters xarakterli, uncha-muncha Ostap Benderlarni yo‘lda qoldiruvchi insonlar ham, albatta, topiladi!) Hikoyalash tarzi ham, xoh u qahramon, xoh uchinchi shaxs tilidan bo‘lsin, ayni shu odamlar ruhidan, darajasi va kayfiyatidan kelib chiqar, hikoya tilidagi benihoya erkinlik voqea va personaj jozibasini, hatto, ekzotik darajada qiziqarliligini ta’min etar edi (“Yulduzlar mangu yonadi”, “Ot kishnagan oqshom”, “Oydinda yurgan odamlar” qissalarini eslang).

Orada Tog‘ay Murod “Qo‘shiq” (“Momo Yer qo‘shig‘i”) nomli qissa yozdi va unda, asosan, ziyolilar obrazini yaratishni maqsad qildi. Biroq yozuvchi bu muhit, bu insoniy olamni ham avvalgi uslubda ochishga behuda urindi. Menimcha, qissa muvaffaqiyatsizligining bir (balki asosiy!) sababi – unda yozuvchi qo‘liga qalam tutqazgan narsa xolis, chuqur tingan mulohaza, samimiy ilhom emas, balki, hayotiy opponentlaridan “badiiy o‘ch” olish, ularni, nima qilib bo‘lmasin, “fosh etish” ishtiyoqi bo‘lgani edi. Mana shu ijodiy tajanglik holati muvaffaqiyatsizlikning, yuqorida aytilgan ikkinchi sababini ham boshlab keldi. Ya’ni, to‘pori chavandoz Ziyodulla (“Ot kishnagan oqshom”) qalbiga solingan, faqat bir marta ishlatishga yaroqli kalit, deylik, Dahoning (“Qo‘shiq”) yuragiga ham tiqib ko‘rildi. Natijada, bu yurak muallifga faqat yoqimsiz sas taratadigandek tuyuldi – qahramon (INSON!)ni tushunishga emas, qoralashga zo‘r berildi. Holbuki, Dahoning olamini kashf etish, bu singari inson tipini badiiy qayta yaratishning boshqa usul-uslublari juda ko‘p edi. Boyagi “fosh etish” yo‘li esa, har qancha qutquli, junbushga keltiradigan bo‘lmasin, yuksak adabiyotning, san’atning usuli emas edi…

Hayriyatki, adib o‘zining o‘tkinchi bu xatosini tez angladi va “Otamdan qolgan dalalar”da yana o‘z stixiyasiga, uslubiga qaytdi, o‘ziga eng tanish qahramonni, qolaversa, o‘zini tinglashga o‘tirdi.

Xo‘sh, yuzaki qaraganda faqat voqealarning tashqi bayonidek tuyuladigan bu yo‘lda inson ruhiyatini, uning ichki kolliziyalarini berish mumkinmi? Tog‘ay Murod buning mumkin ekanini o‘z romanida yana bir bor isbotladi.

Badiiy-ruhiy tahlilning muhim ikki usulini ajratib ko‘rsatish mumkin. Buning birinchisi jahon psixologik nasridagi an’anaviy yo‘l bo‘lib, bunda qahramon ruhiyati uning ichki o‘y va iztiroblarini maxsus ifoda etish (buning esa turfa usullari bor!) orqali ochiladi. Ushbu yo‘lda Dostoyevskiy, Tolstoy, Gyugo, Kamyu, Oybek, M.M.Do‘st va boshqalarning asosiy asarlari yaratilgan. Ikkinchi yo‘l esa jalb etuvchi syujet ipiga tizilgan voqealarning tashqi bayoni, ularning qahramon holati va hikoya tarziga o‘tkazayotgan ta’siri, muhim ishora va shtrixlar orqali personaj ruhiyatini o‘quvchiga sezdirish, yuqtirish usulidir. E.Xemengueyning aksariyat asarlari, frantsuz adibi Andre Morua romanlari. A.Kamyuning “Begona” qissasi, o‘zimizda esa A.Qahhor va Sh.Holmirzayev hikoyalarida xuddi shu usulni kuzatamiz.

Tog‘ay Murod ham o‘z romanida Dehqonqul va uning qiyofasiga jamlangan millat psixikasini ayni usulda yoritishga harakat qiladi. Xususan, muallif xuddi psixoanalitiklarga o‘xshab o‘z qahramonini bemalol so‘zlashga, hayotini bafurja hikoya qilishga qo‘yib beradi. Qolaversa, Dehqonqul ruhiy nuqtai nazardan ham, aqliy jihatdan ham normadan toygan, toydirilgan bo‘lib (bu jarayon yuqorida qisman to‘xtalganimiz – o‘quvchilarni paxta kampaniyasidagi ishtiroki singari epizodlarda keng yoritiladi!), u muhim-nomuhimligini jiddiy o‘ylab o‘tirmay, o‘zi uchun qiziq tuyulgan voqealarni bir boshdan gapirib beradi. Shu hikoya asnosida Siz bu ijtimoiy bemorning qiziqish, qoniqish, nafratlanish, orzu-yu armon va yana o‘nlab qalb qatlamlari bilan tanishib, yaxlit, hozirga qadar badiiyatda uchramagan qismatni o‘zingiz uchun kashf etasiz. Ilmiy-ruhiy tahlilda bu usuldan birinchilardan bo‘lib mashhur ruhshunos Zigmund Freyd foydalangan edi. O‘z ustozi to‘g‘risidagi kitobida Frits Vittels ushbu jarayonni shunday tasvirlaydi:

“Bemorlar ko‘pincha o‘zlarining sergapligi bilan, ma’lumotlar seli bilan bizni ko‘mib tashlashadi, bunga qarshi qandaydir to‘siq tashlashga biz doimo behuda urinamiz. Og‘zidan gapini olishga ular hech imkon berishmaydi va bizga, tinchgina o‘tirib, makkorona diqqat-la ularni tinglashdan o‘zga chora qolmaydi. Boshqalardan ko‘ra biz – psixoanalitiklarga yaxshi ma’lumki, inson o‘zining asl fikr va tuyg‘ularini yashirmoq niyatida tilni kashf etgan. Shuning uchun biz bemorning nimani gapirayotganiga emas, nimani gapirmayotganiga, nimani qayta-qayta aytayotganiga yoki nimani alohida ifodalar bilan bayon qilayotganiga ko‘proq quloq tutamiz, diqqatni qaratamiz”. (Qarang: Frits Vittels. “Freyd. Yego lichnost, ucheniye i shkola”. L.: “EGO”, 1991 yil, 92-sahifa.)

Biz ham xuddi shu alfozda Dehqonqulga quloq tutsak, u dalasi, g‘o‘zasi, ko‘saklari, solgan dorilari, baxmalni paytava qilib o‘rashi, shlyapa kiyib olib televizordagi xorijiy davlat prezidentiga taqlid qilishi va boshqa hikoyalarni aytish bilan nimalarni aytmayotgani, “aylanib qo‘yay-aylanib qo‘yay” yoki “qizil-qizil” deb takrorlashi, uni turmadan dalalari qaytarib kelishiga urg‘u berishi bilan nimalarga, yana qanday fojialarga o‘zi bilib-bilmay ishora qilayotganini anglash mumkin bo‘ladi. Xususan, romandagi bobchalarning aksariyati mana shu taxlit muqaddima oladi va bundan biz bosh qahramonning fikr doirasi, ruh ko‘lami, qiziqish va qadri to‘g‘risida, u bilan sodir bo‘lib o‘tgan majruhlantirishning achchiq natijalari haqida realistik xulosa olamiz:

“G‘o‘zalarim qirq kunlik bo‘ldi.

G‘o‘zalarim qirqida suvsadi…” (Dehqonqulning ayoli bo‘lsa uyda, og‘iroyoq holida, qulab tushgan devorni tiklash uchun zaxda loy qorimoqda!)

“Dalalarimda assalomalaykum bilan chirmovuq toshdi.

Men yigirma kilo pentaxlor-fenol bilan besh yuz kilo suv aralashtirdim…” (Dehqonqulning sinfdosh do‘sti Ziyodni bo‘lsa osmondan – samolyotdan sepilgan dori zaharlab, bevaqt juvonmarg qilgan!)

“O‘ynab qo‘yay, yangi texnikalaridan o‘ynab qo‘yay!

Kim qancha yildirkim, xo‘jaligimizda KXU-4 degich yangi texnika bor otangga bo‘ladi, bor onangga bo‘ladi…” (Dehqonqulga go‘yo mukofot tariqasida ajratilgan mototsikl uchun uning yil – o‘n ikki oy ishlab zo‘rg‘a topgan haqidan otning kallasiday qilib bosib qoladilar!)

“Er hansiradi.

G‘o‘zalarim bargi och-och yashil tuslana berdi.

G‘o‘zalarim bargi qo‘ng‘ir-qo‘ng‘ir dog‘ bo‘la berdi.

G‘o‘zalarim ochqadi!..” (Dehqonqul uyiga kelishi kutilayotgan “kattalar” – mehmonlar uchun oxirgi so‘mlariga bozor qilib keladi. Ochiqqan, meva yegisi kelgan bolalaridan biri qo‘liga kirgan bir donagina xurmoni olib, urra qochadi. Otasi bo‘lsa, o‘z bolasining ortidan quvlab, tutib olib urib, og‘zi-burnini qonga belaydi!)

“Men dalalarimni aylanib-aylanib qaradim.

Men shonalarimni ko‘zim bilan sanab-sanab qaradim…” (Uyda bo‘lsa, Dehqonqulning xotini umri bino bo‘lib qo‘shni viloyatdagi xushmanzara joyga-da borolmaganidan o‘kinib-o‘kinib yig‘laydi!..)

Yoki romandagi birgina “qizil” so‘ziga singdirilgan botiniy mazmunni olaylik: Oqpodsho bo‘yinsunmaganlarni jazolab Turkiston  o‘lkasini qip-qizil qonga botirdi; bolshevik qizil bayroq ko‘tarib keldi, uning devorga osgan so‘zanasi-da qizil, aytayotgan gaplari-da qizil edi; Aqrabni (Dehqonqulning otasini) “qulog‘i qirqta bo‘lgan” qizillar ta’qib etdilar, nihoyat, shu qizillar uning boshiga yetishdi; Dehqonqul qizil maktabda o‘qitildi, quyosh qip-qizarib botguncha butifos sepilib qizarib ketgan dalada paxta terdi; beshinchi sinf bolalari ichburuq bo‘lib maktab futbol maydonini qip-qizil, to‘da-to‘da qonga to‘ldirib tashlashdi; bolalarning ichidan qon kelib ketguncha ishlatgani va qizil musobaqada g‘olib bo‘lgani evaziga direktor qip-qizil partiya biletiga va ko‘chma qizil bayroqqa ega bo‘ldi; Dehqonqulning xotinini qip-qizil olov o‘z domiga tortib ketdi; ayolning peshonasiga bitgan yakkayu yagona qizil ko‘ylagining qo‘ltiqlari ter va kirdan oqariblar ketdi; Dehqonqul umrbod qizillar uchun ishladi, uni qizil muxbirlar kelib maqola qildi, qizil kinochilar kelib film qildi, qizil yozuvchilar kelib ocherka qildi; nihoyat uni, qizil bayroq ostida Afg‘onistonga bostirib kirgan, u yerni qizil qonga botirib, ko‘zlariga alam xuni to‘lib chiqqan ikki qizil hibsxonada qiynadi, o‘z axlatini o‘ziga yedirdi, erkaklik nomusiga-da tajovuz qildi…

Oxiri esa yana o‘sha:

“ – Nu? – dedi Qizil.

Ivan Ivanovich! Picha oyoq il, endi.

Dalalarim bilan xayr-xo‘shlashib olayin, endi.

Dalalarim bobolarim achchiq-achchiq ko‘z yoshlaridan dala bo‘ldi.

Dalalarim otalarim sho‘rpeshona terlaridan dala bo‘ldi.

Dalalarim ayollarim gulday xazon umridan dala bo‘ldi.

Dalalarim – bobolarim sho‘r-sho‘r peshonasi.

Dalalarim – otalarim yag‘ir-yag‘ir yelkasi.

Dalalarim – ayollarim xazon-xazon umri…”

Asar qahramonining butun fojeiy dunyosi, uning tili va o‘z taqdirini taqdim etish uslubida talab etiladigan adabiy-estetik mantiqdan kelib chiqadigan bo‘lsak, Tog‘ay Murod eng ishonarli, tabiiy yo‘lni tanlaganiga guvoh bo‘lamiz. Murod Muhammad Do‘stning aksariyat shu davr voqealari asosida yozilgan “Lolazor” romanidagi Yaxshiboyevning intellektual darajasi, mug‘ombirona mulohaza quvvati agar ruhiy tahlilning an’anaviy uslubini talab qilgan va bu talab ayni qahramon mantiqiga mos bo‘lsa, “Otamdan qolgan dalalar” qahramoni uchun ayni romanda tanlangan yo‘l tabiiyroq, ishonarliroqdir. Yaxshiboyevning xos jihati undagi chuqur va ayyor mulohazakorlik, har bir qadamni jiddiy o‘ylab – nafaqat shaxsiy, balki omma, xalq kayfiyatini ham o‘ylashni unutmay tashlash niyati bo‘lsa, Dehqonqul fojiasining asosini undagi oddiygina insoniy mulohaza, shaxsiy o‘y va tafakkur inqirozga uchragani – karaxtlangani holati tashkil qiladi. Shu ma’noda insoniy mohiyatning yo‘qolganligi, mohiyatsizlik – Dehqonqulning mohiyatidir, xaraktersizlik – uning xarakteri, qiyofasizlik – uning qiyofasi, ruhsizlik – uning ruhidir. Bunday qahramonni na roviy, na personaj tilidan uyushtirilgan klassik psixologik tahlil usulida ochish, o‘quvchiga ishontirish mumkin edi. Uni izohlash, xarakterlashga urinish muallif qalamini publitsistik pafosga olib ketib qolgan, qahramon tabiatiga o‘tirmagan, unga nisbatan shubha tug‘dirgan bo‘lur edi. Adabiy tip mantiqiga, uning talab va tabiatiga zid bu yo‘l ham qahramonni, ham yozuvchini, ham o‘quvchini qiynagan bo‘lurdi…

Albatta, romanning butun fikriy-badiiy fazilatlari to‘g‘risida batafsil to‘talishning imkoni ham, ixtiyori ham yo‘q bizda. Qolaversa, “Otamdan qolgan dalalar” romanini har jihatdan mukammal asar, deyish fikridan ham yiroqmiz. Ayniqsa, roman pirovardida, Dehqonqul tergovi jarayonida “ichkari”da bo‘layotgan barcha manfur va mahfiy qilmishlarni unga so‘zlab berilishi zo‘rma-zo‘rakilikdan, “fosh etish jazavasi”dan, publitsistik uslubning oson yo‘lini tutishdan boshqa narsa emas. Ko‘ramizki, qachon qhramondan, uning dunyosi va bu dunyoning mantiqi va tabiatidan yiroqlashilsa, yotlashilsa mana shunday qusurlar kelib chiqaveradi. Xullas, bu va boshqa talay badiiy kamchiliklar to‘g‘risida batafsil so‘zlash mavridi ham, albatta, kelar. Biroq, bu qusurlarga qaramasdan, Tog‘ay Murodning bu romani xalqimizning o‘z-o‘zini tanishida, mustaqillik va istiqlol atalmish ne’matning qadriga yetishi va uni asrab-avaylash yo‘lidagi kurashida beqiyos va o‘ziga xos rol o‘ynashi shubhasizdir. Zero, yozuvchining o‘zi aytmoqchi:

“Ko‘nglimda el-yurtim yo‘lida nimaiki dardim bor – barini ushbu romanda to‘kib soldim”.

Bu dard faqat yozuvchi – birgina o‘zbekninggina emas. balki butun millatning, xalqning dardi, dil izhoridir.

… Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar”i faqat tarixiy roman emas, balki 20-yillar Turkistoni uchun juda-juda zamonaviy roman ham edi. Afsuski, “ittifoq ne ekanini bilmagan, yolg‘iz o‘z manfaati shaxsiyasi yo‘lida bir-birini yeb-ichkan mansabparast, dunyoparast va shuhratparast” kimsalar adib nidosini tinglashmadi va oxir-oqibat Yaratg‘uchining qahriga yo‘liqishdi – Vatan “qizil istibdod” ostida qoldi.

… Z.Freyd ham ijtimoiy, ham ruhiy xastalikdan qutilishning yagona yo‘li – O‘Z-O‘ZINI ANGLASh ekanini uqtirib, “SENI HAQIQAT OZOD ETIShI KERAK!” degandi.

Tog‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” romani mana shu – OZOD ETUVChI HAQIQAT bitilgan asardir!