To‘ra Nafasov. «Baliqchi» nomining ma’nosi (1991)

«Baliqchi» tarzida yoki shu so‘z yordamida yasalgan qo‘shma nomlar O‘zbekistonda talaygina. Uning yaratilish tarixi, tilda qo‘llanishi, ma’no va vazifasini aniqlash tilshunoslik, tarix, etnografiya fanlari uchun muhim ahamiyatga ega.

U tarixan yasama so‘z: baliq + chi. O‘zak so‘zning baliq (suv hayvoni) tushunchasiga mutlaqo aloqasi yo‘q. U turkiy, mo‘g‘ul, tungus-manjur tillariga mansub eng qadimiy so‘zlardan sanaladi. Qadimgi turkiy yodnomalarida — balыq. To‘nyuquq yodgorligi, Manixey va Turfon matnlarida xam balыq — shaharni bildiradi. Masalan: uch o‘tuz balыq sыdы — 23 shaharni vayron qildilar. Turfon vohasidan topilgan bitiklarda o‘qiymiz: ertmish o‘dun bir ulug‘ balыq bor erti — qadim zamonlarda bir buyuk (ulug‘) shahar bor edi. El-taras hoqon sharafiga 690—693 yillarda bitilgan yodnomalarda baliq so‘zi qo‘rg‘on ma’nosida: qamuq baliqqa tegdim — ko‘p qo‘rg‘onlarga hujum qildim. Uyg‘ur yozuvida bitilgan Manixey matnlarida baliq so‘zi ko‘p ishlatilgan: baliqdin baliqqa, ulushdin ulushqa, eldin elga tingchi, savchi bo‘lup yurudimiz ersar — shahardan shaharga, qishloqdan qishloqqa, eldan elga so‘z olib boruvchi, sovchi bo‘lib yursak. Qadimiy yodnomalarda u o‘rdu (qasr), ulush (qishloq) kabi ma’nosi yaqin so‘zlar bilan juft so‘z shaklida ham qo‘llanilgan: balыq o‘rdu — shahar va qasr, ulush balыq— qishloq va shahar.

Akademik V. V. Bartold balыq, balыg‘ so‘zining O‘rxun-Enisey yodgorliklarida qayd etilganligiga asoslanib, barcha turkiy tillar uchun umumiy ekanligini ko‘rsatgan. V. V. Radlov lug‘atiga ham bu so‘zning qadimgi turkiy bitiklardagi ma’nosi asos qilib olingan, unda balыq, palыq — shahar, qo‘rg‘on deb izohlangan.

Balыq, balыg‘, palыq, balыx, baluk so‘zi, ayniqsa, V—XI asrlar yodgorliklarida ko‘p uchraydi. M. Koshg‘ariyning ta’kidlashicha, X—XI asrlarda bu so‘z ancha eskirgan. Xalq nutqidagi bu holatni to‘g‘ri anglagan M. Koshg‘ariy shunday yozadi: «balыq — johiliya davridagi (islom paydo bo‘lishidan oldingi davr—T. N.) turklar va uyg‘urlar tilida — shahar. Uyg‘urlarning eng katta shaharlariga Besh balыq deyilishi shundandir. Besh balыq besh shahar demakdir. Uyg‘urlar boshqa bir shaharlariga Yangi balыq — yangi shahar deydilar». XIII asrda yaratilgan O‘g‘uzxon haqidagi yodgorliklarda bu so‘zning baluq ko‘rinishi qayd etilgan.

Turkiy, mo‘g‘ul hamda tungus-manjur tillaridagi manbalarning qiyosi shuni ko‘rsatadiki, mazkur so‘zning eng so‘nggi ma’nosi shahardir. Bu ma’no shaharlarning yuzaga kelishi, taraqqiyoti va yiriklashuvi bilan bog‘liq. Uning eng qadimiy va pirovard ma’nosi o‘rtasida mantiqiy-moddiy aloqadorlik bilan bir qatorda, farqi ham bor. Farq shundaki, balыq so‘zining turkiy tillardagi qadimiy ma’nolari — devor, devorli to‘siq, devor bilan o‘ralgan joy (shahar, qo‘rg‘ondir). Shu ma’no sariq uyg‘urlar tilida saqlangan, xolos. Akademik V. V. Radlov «Turkiy tillar lug‘ati tajribasi» asarida bu so‘z qo‘rg‘on ma’nosiga ega ekanini ko‘rsatgan. Beshbalыq ko‘rinishidagi qo‘shma nomlarning yaratilishiga qo‘rg‘on ma’nosi asos bo‘lgan.

Balыq so‘zining o‘zak tuzilishi haqida ham turli mulohazalar mavjud. S. Ye. Malov mazkur so‘z loy ma’nosidagi bal so‘zidan yasalgan, deydi. G. Dyorfer bu so‘z ma’nosidagi o‘sishni quyidagicha e’tirof etgan: loy devor bilan o‘ralgan joy — shahar. Qadimgi uyg‘ur tilidagi balaqasun, balqasu(n), hozirgi mo‘g‘ul tilidagi balg‘as (shahar), buryatcha balg‘aahan so‘zlarining kelib chiqishi bir ekanligi ma’lum. Turkiy tillar tarixining teran bilimdoni E. V. Sevortyanning aniqlashicha, mo‘g‘ul tillaridagi bu so‘zning tuzilishi turkiy balыq balq — balaqa (shahar) so‘zi bilan mantiqan o‘zakdosh. Eng qadimiy turkiy til xususiyatlarini o‘zida saqlab keluvchi yoqut tilida balag‘an— uy-joy, turar-joy, yog‘och uy, kulba, qishgi yoki yozgi qora uy, cho‘p-xodadan tiklangan uy ma’nosida ishlatiladi.

Bu so‘z keyinchalik yoqut va mo‘g‘ul tillaridan tungus-manjur tillariga o‘zlashgan. Evenk, even, negidal tillarida balag‘an, udey va orok tillarida balag‘a, balaqa — turar-joy, go‘sha, yog‘och uy, qishliq uy, yerto‘la, yog‘och g‘o‘lasidan qilingan chayla, barak; zvenk tilida balag‘an — turar-joy, uy; even tilida balag‘amiya — eski bino (imorat), balag‘an — yog‘och uy; even tilining barguzin shevasida balg‘ahun — yozlik turarjoy, uy. Bu shevaga balg‘ahun so‘zi mo‘g‘ul tilidan o‘tgan. Manjur tilida falg‘a — qishloq, sloboda (500 uylik), daha (10 uylik), uylar qatori, maxsus yashash joyiga ega bo‘lgan urug‘. Qalmiq tilida balg‘ad shaklida, ma’nosi — qishloq, shahar. Tungus-manjur tillariga turkiy va mo‘g‘ul tillardan o‘tganligi uchun ham tovush, ham o‘zak tuzilishida farqlar bor.

N. A. Baskakovning aniqlashicha, turkiy, mo‘g‘ul va tungus-manjur tillariga tegishli bu so‘zning eng qadimiy asosi — palg‘a, palg‘. U, aslida, ugor tiliga oid. Bu tildan boshqa tillarga insoniyatning o‘troqlashish pallasida o‘tgan.

Baliq tarkibiy qismli nomlar V—XI asrlarda yaratilgan. S. Ye. Malovning ta’kidiga ko‘ra, Urumchi bilan Guchen oralig‘ida X—XI asrlarda turkiy xalqlar — uyg‘urlar viloyatida besh shahar bo‘lgan: Sulmi, Qo‘yu, Yanbalыq, Beshbalыq, Yangibalыq. M. Koshg‘ariy bu shaharlarni Iskandar Zulqarnayn bino qilgan deydi. Akademik V. V. Bartold asarlarida va boshqa tirixiy manbalarda balыq so‘zidan yasalgan o‘rta asrlardagi bir qancha shahar va qishloqlar nomi qayd etilgan: Ilibaliq — hozirgi Iliysk, Ili daryosi bo‘yidagi shahar. O‘rdubalыq — o‘rta asrlardagi uyg‘ur shaharlaridan biri. Targ‘ubalыq — o‘rta asr Mo‘g‘ulistonida O‘rxun daryosi bo‘yidagi qo‘rg‘on, G‘ubalыq, ya’ni Quz balыq — Balasag‘unning turkiy nomi. Baybalыq — Selenga daryosi bo‘yidagi uyg‘ur shahri. Bu nom Shimoliy Mo‘g‘ulistonda topilgan Mo‘yun churu bitiklarida ham zikr etilgan.

«Altun yaruq»da tilga olingan yirik aholi maskanlaridan birining nomi Uchag‘andir. Bu nom ikki bitikda Uchag‘an balыq, Uchag‘an ulush tarzida ishlatilgan. Demak, baliq va ulush so‘zlari deyarli ma’nodosh bo‘lgan. XI asrda ulush so‘zi qishloqni anglatgan. Baranas balыq — XII—XIV asrlarga oid uyg‘ur hujjatlarida qayd etilgan shahar (Baranas, Baranasi—sanskrit tiliga xos nom). Quzbalыq — Qadimgi Yettisuv viloyatining markazi — Balasag‘un shahri nomlaridan biri ekanligi «Abdullanoma» asarida alohida ta’kidlangan. Balasag‘un o‘tmishda Quz ulush ham deyilganligi ma’lum. Quzbalыq ayrim manbalarda G‘ubalik (ruschasi Gobalik) ham bitilgan. Baliq so‘zi bilan yasalgan qadimiy nomlarning ayrimlari hozirgacha saqlanib qolingan. Shoir Mirtemirning yozishicha, uning tug‘ilgan qishlog‘i sahro tomonidagi qadimiy shahar o‘rni — tepalik nomi — Boybalx. Shubhasiz, uning azaliy shakli Boybaliq bo‘lgan.

Ko‘rinadiki, baliq so‘zi qo‘z, bay, o‘rdu, besh, yangi kabi turdosh otlar bilan birikib, muayyan joyning turli xususiyatlarini bildiruvchi yangi nomlar yaratgan.

Masalan, Ili azaldan daryo nomi bo‘lgan, uning bo‘yidagi shaharni turkiy xalqlar Ilibaliq deb yuritganlar. Vavilon esa qadimgi turkiy yodnomalarda Bobil baliq tarzida bitilganligi ma’lum. Bu nom XII—XIV asr uyg‘ur yodgorliklarida ham uchraydi. Balasag‘un nomining tomiri ham shu so‘zga daxldor. Tovush tuzilishi uning mo‘g‘ulcha shakliga yaqin. Qadimgi mo‘g‘ul tilida balaqasun, balg‘asun, balg‘asu(n) — Balasag‘un. So‘nggi bo‘g‘inlarida tovush almashinishi yuz bergan.

Sharqning eng qadimiy shaharlaridan biri bo‘lmish Balx nomi baliq so‘zining sal o‘zgargan shakli deb taxmin qilish mumkin.

V. V. Bartoldning yozishicha, to‘g‘uz o‘g‘uzlarning yozgi qarorgohi Panjikat o‘tmishda Panjikas deb ham atalgan, u turkiy beshbaliqning forscha o‘girmasidir. «Hudud ul-olam»da bu shahar Tangritog‘ning shimolida o‘rnashganligi qayd etilgan.

Ugor tilidan palg‘ so‘zi turkiy tillarga o‘tgach, turli ma’nolarga ega bo‘lgan. Unga yasovchi qo‘shimcha qo‘shilib qo‘shma so‘zlar yasalgan: balыqchi, balыqsы. Bu so‘z dastlab o‘troq aholi — shahar yo qishloqda doimiy yashovchi, shaharlik ma’nosini bildirgan. Keyinchalik bu ma’no qat’iylashib, aniqlashib borgan. Tarixchi R. G. Kuzeevning ta’kidlashicha, boshqird tilida balыqsы — istehkomli shahar qo‘riqchisi, ya’ni shaharni talonchi ko‘chmanchilar hujumidan saqlovchi kishi(lar)dir. N. Logofet XIX asr oxirida 102 o‘zbek urug‘ini qayd etar ekan, baliqchi degan o‘zbek urug‘ini ham sanab o‘tgan. Qozoqlarning ulug‘ juzida ham balыq, balыqchi urug‘i borligi ma’lum. S. M. Abramzonning yozishicha, balыqchi urug‘i qirg‘izlarning saru qabilasiga mansubdir. Akademik S. P. Tolstov balыqsы, balыqchы urug‘i yovmut turkmanlarida mavjudligini qayd etgan. Balыqchы urug‘i tuvalarda ham uchrashini tarixshunos L. P. Potapov aniqlagan.

Chorvador qipchoq turkiy xalqlarda paydo bo‘lgan balыqchi, balыqsы kabi atamalar hozirgacha turli tumanlarda aholi maskanlari nomi sifatida saqlanib kelmoqda.

To‘ra NAFASOV, professor

“Sharq yulduzi” jurnali, 1991 yil, 10-son