Begali Qosimov. O‘zbek milliy uyg‘onish adabiyoti (2000)

Bu mavzu doirasida bir qator masalalarda mutaxassislar bilan fikr almashib olish zaruriyati bor.

Birinchi – mazkur davrning yetakchi tendentsiyalari va unga qanday yondashish masalasi. Bu davr adabiyotimiz tarixining XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlaridagi 50-60 yillik muddatni qamrab oladi. Bu bosqichni alohida ajratib o‘rganish yangi gap emas. Buning ham qariyb yarim asr­lik tarixi bor. Faqat biz bundagi milliy uyg‘onish mazmuniga alohida urg‘u ber­yapmiz. Aslida bu ham yangi emas. 20-yillarda bu atama “moda”da bo‘lgan. Mohiyatan bu davr mumtoz adabiyot bilan hozirgi adabiyot o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tagan. O‘sha zamonda u aniq-tiniq “jadid adabiyoti” deyilgan. Bu — yangi adabiyot degani. Lekin taqdir taqozosi bilan u “Milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti” deb atalib ketdi. Bunday talqin va yo‘nalishda adabiyotning estetik jihatlaridan ko‘ra g‘oyaviy masalalariga e’tibor ko‘proq bo‘lyapti.

Biz bunda mustaqillik ehtiyojlaridan kelib chiqdik. Istiqlol tarixga ham, adabiyotga ham sinfiy yondashuvni rad etib, milliy yondashuvni kun tartibiga qo‘ydi.

Boshimizdan tegirmon toshi tushgach, atrofga nazar solsak, ko‘rdikki, insoniyat degani odamlardan iborat ekan, odamlar esa, faqat milliy qiyofadagina namoyon bo‘lar ekan. Shundan boshlab dunyoning mehvari biz uchun ham o‘zgardi. Har qanday ijtimoiy fikr millat manfaati nuqtai nazaridan baholanadigan, uning atrofida aylanadigan bo‘ldi. Bu mavsumiy emas, metodologik masaladir.

Lekin masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Biz millat, milliyat haqida ko‘p gapirmoqdamiz. Bu tushunchalar bugun aniq ta’rifiga egami? Biz eskicha qarashlardan qutula oldikmi? Jadidlar bu masalaga jiddiy qaragan edi. Gaspralining “Milliy g‘oya”, “Milliyat” sarlavhali maxsus maqolalari bor. O‘zimizda ham Behbudiydan Cho‘lpongacha birortasi uni chetlab o‘tmagan. Sovet davrida, unda ham 20-yillarning 2-yarmidan “millatchi” degan nom ustiga tavqi la’nat bosildi. Oldin u “millat deguvchi” ma’nosida edi. Bugun millat, milliyat haqida gapirmoqda ekanmiz, bu tushunchalarning mohiyati, tarixi va talqinlaridan har birimiz o‘z ixtisosligimiz doirasida xabardor bo‘lishimiz zarur, deb o‘ylayman.

Millat haqidagi gap juda eski, albatta. Jalil Mamadqulizoda bir munosabat bilan bu tushunchaning qadim yunonlarga borib bog‘lanishini yozgan edi. Keksa Demokrit uni taqriban shunday tushuntirgan ekan: “Har bir mamlakatning yagona bir sohibi bor, uning oti millatdir”. Shundan so‘ng bu tushuncha tarix qatlarida qolib ketdi,—deb davom etadi Jalil Mamadqulizoda.— Va milodiy tarixning 1793 yilida yer yuzining eng najib millatlaridan bo‘lmish frantsuz jamoati tomonidan yana aks-sado berdi”.

Umuman, to‘g‘ri, albatta. Millat o‘zligini XVIII asrda namoyish etdi. Va milliyat shaklida namoyish etdi. XX asr siyosatchilaridan biri mazkur jarayonni kuzatar ekan, yozgan edi: “Milliyat fikriga, bu azim quvvatga hech bir kuch bas kela olmadi, yuz ming­larcha haybatli qo‘shin bu fikr qarshisida yengildi. Milliyat atalmish buyuk qudratga bugun to‘p va miltiq bas kela olmaydi”.

Alisher Navoiy ham “millat” atamasini deyarli shu doirada qo‘llaydi. “Tarixi anbiyo va hukamo”dagi “Iso alayhissalom osmondin ingay, dag‘i dajjolni halok qilib, soyir milal ahlin xotimai nubuvva millatig‘a dalolat qilg‘ay” iqtibosi, “Tarixi muluki Ajam”dagi “Gushtasp zardo‘sht dinin ixtiyor qilib, elni ham ul millatg‘a kiyurdi..” ko‘chirmasi ham buning dalilidir.

Shoirning she’rlarida esa bu so‘z ko‘pincha tasavvufiy mazmunga xizmat qildirildi, tavhidni anglatish uchun ishlatildi. Masalan, “Zihi tojing, gavhari kibriyo, Bu gavhardin ofoq topib ziyo” matlai bilan boshlanadigan va borliqqa ko‘chgan Allohning tazohiri tasviriga bag‘ishlangan g‘azalda “Sening millatingdan chu topib sharaf, Saodat libosi kiyib atqiyo” degan bayt borki, uning mazmuni ham yuqoridagi fikrga bo‘ysundirilgan. Lekin “millat” so‘zining “xalq”, “millat” ma’nolarida ishlatilgan o‘rinlari ham yo‘q emas. Masalan: “Emdi bilkim, buhurekim ba’zining tarkibi-la hosil bo‘lur, o‘n to‘qquzdur, ba’zi arabqa maxsus va ba’zi ajamqa maxsus va ba’zi mushtarak va ba’zi turk shuarosiga millati iste’molidan hech qaysi bu vaqtqa degincha maxsus emas ermish…” (“Mezonul avzon”, 14-jild, 142-bet).

Bu yerdagi “millat” etnik mazmunga ega, bunga shubha yo‘q. Navoiy goho “millat” va “din” tushunchalarini baqamti, yonma-yon ishlatadi. Masalan, Jomiyga berilgan “nurul-millat va-d-din”, ta’rifida yoki “shams ul-millati vad-din” (Pahlavon Muhammad) “sayyid ul-millati vad-din” (Sa’duddin Koshg‘ariy), “zayn ul-millati vad-din” (Al-Havoqiy) kabi sifatlarda buni kuzatish mumkin.

Demak, “millat” atamasi Navoiy ijodiy merosining barcha janrlarida uchraydi; shoir bu atamaga aksariyat an’anaviy ma’no yuklaydi. Undan din – mazhab tushunchalarini anglatish uchun foydalanadi. Ayni payt­da uning ilmiy ishlarida, zamondoshlari haqidagi xotiralarida ushbu istiloh etnik tushuncha sifatida ishlatilgan. Qolaversa, “millat” atamasiga bunday ma’no berish, ya’ni uning mazmunini bugungi tushuncha tomonga boshlash Navoiygacha bo‘lgan adabiyotimiz namunalarida uchramaydi.

Gap “millat” atamasi ustidagina ketyapti. Milliyat, ya’ni milliylik borasida Navoiyning tushuncha-tasavvurlarigina emas, o‘z dasturi ham bo‘lganki, bu alohida bir mavzu.

“Millat” va “din”ni muqobil tushunish, aytish mumkinki, XX asr avvaligacha davom etdi. “Tavhidi islom” (“panislomizm”) shunga suyanar edi. Shunisi qiziqki, islomchilarning o‘zlari ham din boshqa, millat bosh­qa ekanini yaxshi bilgan. Masalan, Gasprali “Milliyat” maqolasida “din va milliyat birdir” degan gap “eski bir nazariyayi siyosiya” ekanini, uning hayotga singmaganini, fors va turk musulmonlikni qabul qilsa-da, arab bo‘lib qolmaganini yozadi.

Gasprali G‘arbdagi millat bilan bog‘liq nazariyalarni tahlil qilar ekan, ulardan ikkitasini mo‘tabar tutadi:

1) Millat mabnii lison ila mutakallim kimsalar majmuidir. Demak, bu yerda millatning birinchi va asosiy belgisi —til.

2) U millatdan o‘lmoq istayan kimsalarning majmuidir. Ya’ni bu yerda mezon – xohish (“orzuyi intisob”). Tilning ham, dinning ham, hatto irqning ham ahamiyati yo‘q. Va misol sifatida Shveytsariyani keltiradi. U yerda 2 mazxabga mansub 3 tilda so‘zlashuvchi xalq yashaydi.

Muallif fikricha, bu uch nazariyadan qaysi birining ilmiy asosli ekanini aytish qiyin. Har uchalasi ham amaliy masalaga aylangan. Tarix va tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, davlat hududi bilan millat hududining birlashish jarayoni kechmoqda. Va bu katta saltanatlar ichida katta g‘avg‘olarga olib keladi. Masalan, millatga til asos qilib olinsa, Rusiya o‘z tobe’larini ruslashtirishga, Usmonli esa turklashtirishga urinadi. Yoxud din asos qilib olinsa, biri xristianlashtirishga, ikkinchisi musulmonlashtirishga kirishadi. Lekin XX asrda bularni oshkor amalga oshirish qiyin. Shunda “majburiy ixtiyoriy” printsip ishga tushadi va “orzui intisob” (“xohish”) asosga olinadi. Lekin bu jarayon albatta amalga oshadi deb hisoblaydi Ismoilbey.

U haq bo‘lib chiqdi. Bizning o‘z ixtiyorimiz bilan milliyatini yo‘qota boshlagan “sovet kishisi”ga aylanganimiz buning yorqin misoli edi.

Maslahatlashib olinadigan ikkinchi masala davr adabiyotining o‘rganilishi bilan bog‘liq.

Avvalo, ko‘lam haqida. Biz 1983 yilda chop etgan “Izlay-izlay topganim…” risolamizda 1905-17 yillar adabiyotiga bevosita daxldor bo‘lgan 84 nomni keltirgan edik. Bu 18 yil oldingi ma’lumot. Bu raqam hozir, shubhasiz, ko‘paygan. Ikkinchidan, milliy uyg‘onish davrini biz uch bosqichga bo‘lamiz: 1865-1905 yillar; 1905-1917 yillar; 1917-1929 yillar. 84 raqami shu uch bosqichning birgina davriga tegishli. Agar har uch bosqichda yashab, ijod etgan adiblar adadi jamlansa, 300 dan oshishiga shubha yo‘q. Adabiyotning ko‘lam darajasini ijodkorlar adadi belgilagan emas, albatta. Lekin, ayni paytda o‘shanday sharoitda shuncha qalamkashning faoliyat ko‘rsatishi sokinlik nishonasi emas, aksincha, qizg‘in adabiy jarayon, milliy uyg‘onish belgilaridan hamdir.

Lekin biz ulardan bugun qanchasini tanib oldik? Nechta ijodkorning asari o‘quvchilarga yetdi? Nechta ijodkorning asari ilmiy muomalaga kiritildi? Bu boradagi ishlar tog‘day bo‘lib oldinda turibdi. To‘g‘ri, Behbudiy, Fitrat, Avloniy, Cho‘lpon, Ibrat, Sidqiy Xondayliqiy, Sidiqiy-Ajziy, Elbek, Botu, Abdulhamid Majidiy, Ziyo Said, Xislat, Xurshid, Faqiriy kabi XX asr boshi adbiyotining bir qator vakillari asarlari oz-ko‘p nashr qilindi, ilmiy iste’molga kiritildi, targ‘ib-tashviqi yo‘lga qo‘yildi. Lekin bular ishning boshlanishi xolos. Yaqinda mutaxassislardan biri rasmiy fondlarda 103 ming kitob saqlanayotganligini yozdi. 103 ming xususiy kishilar qo‘lida emish. Ularni birma-bir ko‘zdan kechirish, saralash va yuzaga chiqarish 5-10 yillik ish emas. Va bular uchun mutaxassis kerak, fidoyilik zarur.

Bugun Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Hamza, Ayniy ijodi va faoliyati qayta baholanmog‘i kerak. Biz bu ulkan san’atkorlarimiz haqida qilingan ishlarning o‘z vaqtidagi buyuk ahamiyatini hech bir kamsitmagan holda ularga bugungi ko‘z bilan qaramog‘imiz, ularni bugungi aql bilan baholamog‘imiz lozim. Bu mezonning nomi milliylikdir, Millat va Vatan manfaatidir.

Haziniy, Muhyi, Saryomiy, Muhsiniy, Fazliy, Tabibiy kabi o‘z davri adabiy muhitida katta mavqega ega bo‘lgan ijodkorlarning o‘rni ilmiy asoslarda ko‘rsatib berilmog‘i lozim.

Bugun XIX asrning oxiri XX asr boshlari ijtimoiy-siyosiy voqealarni o‘rganishda anchagina ishlar qilindi. Po‘latxon voqeasi, vabo qo‘zg‘oloni, Andijon qo‘zg‘oloni, 1916 yil voqealari, 1917 yil Fevral, 1917 yil Oktyabr, Turkiston muxtoriyati, bosmachilik va hokazolar haqida yangi zamonaviy nuqtai nazarlar o‘rtaga tushmoqda va ilmiy ishlarimiz uchun asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu borada jadidchilik nomi ostida qilingan va qilinayotgan ishlarni alohida ta’kidlash kerak. Biroq, millatning, xususan ziyolilarimizning mustamlakachilikka qarshi olib borgan goh oshkor, goh pinhona kurashlari va eng muhimi, bularning adabiyotdagi badiiy ifodasi o‘rganilgan emas. Bu jarayon harakatchilik nuqtai nazaridan Avloniy bir munosabat bilan tilga olgan 1904 yildagi “jadidlar to‘dasi”dan 30-yillardagi “Botir gapchilar”gacha, 1905 yil 15 avgustda Oka daryosidagi Struve paroxodida 300 vakil ishtirokida tuzilgan va Ismoilbek “Tarixi jadidimizning bosh sahifasi” deb baholagan “Sho‘royi ummat” — “Ittifoqi muslimin”dan “Turon”, “Chig‘atoy gurungi”, “Turk Adam markaziyati”, “Ittihod va taraqqiy”, “Milliy ittihod”, “Milliy istiqlol” jamiyatlarigacha Vatan va Millat manfaatlaridan kelib chiqqan holda o‘rganilmog‘i kerak.

Adabiy-tanqidiy nuqtai nazardan esa, Furqatning Xudoyorxon tilidan aytilgan “Demish xon”idan Cho‘lpon va Fitratning 20-yillardagi yurakka o‘t soluvchi isyonkor satrlarigacha milliy istiqlol g‘oyasi nuqtai nazaridan yaxlit va izchil tadqiq etilmog‘i kerak.

Umuman davr va ijod, inqilobiy davr poyetikasi, an’anaviylik va novatorlik, qo‘yingki, ko‘p asr­li mumtoz adabiyotimizning yangi adabiyotga aylanish jarayonini o‘rganishning nazariy va amaliy masalalari daxlsiz turibdi.

Nihoyat, bu davrni o‘rganishda turli soha mutaxassislarining filolog, filosof, pedagog, tarixchi, iqtisodchi, dinshunos, san’atshunos, qonunshunoslar hamkorligi kerak. Chunki jadidchilik yaxlit hodisa edi. Uning uchun o‘rta asrlar Renessansidagi singari universalizm xos edi.

Uchinchi masala – milliy uyg‘onish davri adabiyotini o‘rganishda vaqtli matbuot materiallaridan foydalanishdir.

Mutaxassislarga ma’lumki, mazkur davrda matbuot yo‘lga qo‘yilgan va o‘lkamizning o‘zida o‘nlab gazeta-jurnallar chiqqan. Masalan, Ziyo Said 1870-1927 yillarda Chop etilgan gazeta-jurnallar haqida fikr yuritganda 45 gazeta, 36 jurnalning nomini tilga oladi. Buning ustiga Kavkaz va Volgabo‘yida, Markaziy Rusiya shaharlarida, Istanbul, Kobul, Hindistonda, Misrda chiqib turgan matbuotning ham Turkistonga kelib turganini va Turkiston hayotini yoritib turganini ko‘zda tutsak, kutubxonalarimizda juda katta xazina borligiga ishonch hosil qilamiz. Ayniqsa, Ismoil Gaspralining “Tarjimon”i, Rizo Faxriddinning “Sho‘ro”si, Fotih Karimiyning “Vaqt” gazetasi, Jalil Mamadqulizodaning “Mulla Nasriddin”i kabilar jahoniy miqyosga ega bo‘lgan va butun dunyo­ga tarqaladigan gazeta-jurnallar edi. Va ularning hammasida Turkiston mavzui mumtoz bir o‘rinni egallab kelar edi. Muhimi, xayrihoxlik bilan yozilgan edi.

Ahamiyatiga ko‘ra mana shunday g‘oyat muhim masalalar ko‘tarilgan vaqtli matbuot namunalaridan juda kam foydalanamiz. Ularni to‘plash, nashr qilish, ilmiy muomalaga olib kirish kerak.

To‘rtinchi masala – mazkur davrni o‘rganishda xorijiy adabiyotlardan foydalanishdir. Bu — davr ehtiyoji. Bizning ijtimoiy fanlarimiz sinfiy asosga qurilgani uchun, sotsialistik bo‘yoqqa bo‘yalgan shovinizm nuqtai nazarini ifodalagani uchun bugun yaroqsizgina emas, zararli hamdir. Biz bugun bu fanlarning talqinlarini emas, keltirgan faktlarini ham qayta ko‘rib chiqish majburiyati ostidamiz. Ayniqsa, tarix fani va qadriyatlarimizni. Shu sababli Prezidentimizning bu masalalarni kun tartibiga qo‘yishida juda katta asos va ma’no bor.

Chetdagi kitoblar bunday tazyiqdan xoli. Bu haqda gap ketganda, birinchi navbatda Zaki Validiy asarlari alohida ahamiyatga ega. Olim Yevropa sharqshunoslarining turkiy xalqlarning kelib chiqishi — ona yurti haqidagi fikrlarini tasnif etadi. Millatlarni o‘zaro gij-gijlash, “maydala – yut” shiorini ushlagan imperialistik siyosat bilan bog‘lab tahlil qiladi.

Ma’lum bo‘lishicha, turkiylarning ona-Vatani haqida bir emas, 5-6 nazariya bor ekan. 1. Oltoy (Veydeman-1838, Chastren -1848, shot – 1849). 2. Baykal (Parker- 1924). 3. Uzoq Sharq (Ramshtet). 4 Ural mintaqasi (Nemich). 5. Tiyonshon (Olmosi). 6. Orol mintaqasi (De Kvik).

Turkiy xalqlarning jahon tsivilizatsiyasidagi o‘rni haqida dunyo­da xilma-xil gipotezalar bor ekan.

1) Venalik professor Shmidt va Mengen fikrlariga ko‘ra, Old Osiyo va Nil bo‘yi buyuk davlatlarini O‘rta Osiyodan borgan ko‘chmanchi qabilalar bunyod etgan. Bu fikrni Misr tarixchi mutaxassisi Shebesta isbotlashga harakat qilgan.

2) Aka-uka Grimlar German va turkiy qavmlarni ko‘p jihatlardan qardosh ko‘radi.

3) Arxeolog F. Xommel fikricha, O‘rta Osiyo turkiylarining ajdodlari miloddan 5 ming yil oldin Old Osiyoga borib, shumerlar nomi bilan dunyoga dovruq solgan. Uningcha, qadim shumer tilidagi 350 so‘zning kelib chiqishi turkiydir (Rasin dramalari 700 so‘z bilan yozilgan).

4) Ariyonlar kelishidan bir qancha vaqt oldin dunyoga kelgan Moxinijidoro, Xarappa madaniyatlarining bunyodkorlari turkiy xalqlardir. Bu fikr professor Nemechga tegishli.

5) Uzoq Sharqda bir qism turkiylar Jong Tik nomlari bilan mil. av. 1328 yilda jiddiy bir siyosiy quvvatga ega bo‘lgani Xitoy manbalarida uchrar ekan. Tik nomini Turkning buzilgani deydilar.

6) Turkiy xalqlarning O‘rta Amerika madaniyatining asoschilaridan deb qaraydiganlar bor. Ke­yingi paytlarda Amerika hindularining tilidagi turkiy elementlar haqida fikrlar o‘rtaga tushmoqda. Rassom Rerix Oltoy tili bilan Amerika hindularini benihoya o‘xshash topadi.

Demak, bu xalq agar Sohibqiron Amir Temur aytganidek, turkning bosh bo‘g‘ini bo‘lsa, sovet davri qo‘shiqlarida kuylanganidek “nomi qul, qashshoq, gado” emas, jahon tsivilizatsiyasining chorrahasida kelgan, dunyoga dunyodorlik qilgan bir millatga avlod ekanmiz. Va bu, shubhasiz, har bir millatdoshimizda g‘urur, iftixor uyg‘otadi…

2000 yil, dekabr