Azim Suyun. O‘zlik (1991)

Milliy o‘zligini bilmagan millatlar boshqa millatlarga yemish bo‘lgay.

Mustafo Kamol Otaturkning maqbarasi devoridagi yozuvlardan.

Ming eshitgandan bir ko‘rgan a’lo, deb bekorga aytmaslar ekan. Turkiyaga bir haftalik safarim va unda ko‘rganlarim bisyor kitoblardan o‘qiganlarimdan, so‘nggi paytlarda borgan, kelgan do‘stlarimdan eshitganlarimdan albatta, ma’qulroq kechdi desam xato qilmagan bo‘laman.

Moskvaning Sheremetevo qo‘nalg‘a (aeroport)sidan ko‘tarilgan uchoq (samolyot)imiz uch yarim soat deganda Istanbulga qo‘ndi. Uchoqda asosan markazliklar edi. Ular katta-katta safar to‘rvalarini sudrashib (keyin bilsam, chayqovchilikning uyini kuydiradiganlar shunday uchoqlarni to‘ldirishib qatnar ekanlar) apil-tapil tushib ketishdi. Uchoqda o‘nga yaqin odam, bir qozoq bovurdosh akademik va men qoldim. Biz Anqaraga havo yo‘lini davom ettirishimiz kerak edi. «Turkiy uluslar she’riyatida turk tili» mavzusida bo‘ladigan xalqaro to‘plandi (simpozium)ga shoshilardik.

Uchoq oynagidan qo‘nalg‘aga qarayman. Yosh-yosh yigitlar qora shim, qora tufli, oq ko‘ylakda galstuklar taqishib xizmat qilishib yurishibdi. Hayron bo‘lib akademikka qaradim. U menga bu odatiy hol: «Turk qardosh o‘ta madaniyatli xalq» ekanligini tushuntirishga tushdi…

Anqara qo‘nalg‘asida Turkiya Yozarlar Birligi (Turkiya Yozuvchilar uyushmasi)ning mas’ul kotibi Safar Qutlug‘ xushkalom bilan kutib oldi. O‘, ularning xushkalomligi… Bu haqda Turkiyaga borib kelgan bir necha adiblarimiz ko‘p yaxshi so‘zlar yozishdi. Bari to‘g‘ri. Biz juda qo‘pollashib ketganmiz. Butun safarim davomida baqirish-chaqirishlarni, jerkish, so‘kish, bir-birini haqoratlashlarni, yo birov-biroviga qo‘llarini bigiz qilib gapirishlarni, tupugini sachratib og‘iz ko‘pirtirishlarni ko‘rmadim. Kattayu kichik, yoshu qari tengdek. Bir-biriga aytilgan so‘z: qonun! Yo bor, yo yo‘q. Hammasi ohista, hurmat bilan aytiladi. Lafz, va’da — qonun! Bir ishni «xo‘p» deb bajarmaslik jinoyatga teng.

Turkiya Yozarlar Birligi Bosh Boshqoni (birinchi kotibi) doktor Mahmat Do‘g‘on meni xuddi eski qadrdoniday quchoq ochib kutib oldi. Yozuvchilar Birligining boshqa barcha mas’ul kishilari: Chetin Bavdar, Ahmed Qoratemir, Mahmat Kamol, Bayram Bilda To‘qal, Ismoil Hoji Fattoh ham yuzlarini yuzlarimga qo‘yib qo‘rishdilar (ularda shunday odat bor ekan). Barchasi O‘zbekistonda mustaqillik e’lon qilinganligi bilan qutlashdi.

— O‘zbekiston mustaqilligini Turkiya tan olmayapti-ku, — dedim men. Mezbonlar hozir Turkiyaning hamma joyida, ayniqsa, ziyolilar o‘rtasida gap shu haqda ketayotganligini, qizg‘in bahslar bo‘layotganligini aytishdi. Keyingi kunlarda esa bunga o‘zim guvoh bo‘ldim.

Turkiya Yozarlar Birligining rasman 500 a’zosi bor. Ammo Turkiyada ham O‘zbekistondagi kabi yosh yozuvchilar, shoirlar, olimlar ko‘p. Ular Birlikda tez-tez yig‘ilishib turishadi. Ko‘plab anjumanlar, suhbatlar o‘tkazishadi. Faqat bizdagi yanglig‘ «yoqabo‘g‘ishlar» yo‘q. Millat, Turkiya davlati, turkiy xalqlar taqdiri to‘g‘risida ko‘p qayg‘uradilar. Kattalar yoshlarga, yoshlar kattalarga o‘ta izzat-ikrom bilan o‘z fikrlarini izhor etadilar.

Turkiya Yozarlar Birligiga O‘zbekistondan rasman tashrif buyurgan birinchi shoir men bo‘lib chiqdim. Mening borishim munosabati ila turk yozuvchilari, ziyolilari, televizon, radio jurnalistlari, gazetachilar, noshirlar, oddiy kitobxonlar yig‘ilishdi. Ular O‘zbekiston, umuman Turkiston hayoti, xalq turmushi, hozir kechayotgan milliy uyg‘onishlar bilan juda qiziqdilar. Men mezbonlarning barcha savollariga baholi qudrat javob berdim. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, yozuvchilarimiz faoliyatlari haqida, O‘zbekiston, o‘zbek-turklari to‘g‘risida so‘zlab berishga to‘g‘ri keldi.

Men bitta narsaga amin bo‘ldimki, ijodkor hamma joyda mas’ul, javobgar. U o‘z xalqining ovozi! Ijodkor hech qachon xato qilishi mumkin emas! Tabib xato qilishi — bemor o‘limi. Ijodkor, g‘oyashunos xato qilishi millat tanazzuliga sababchi bo‘lishi mumkin!

Bu fikrlar Anqara universitetidagi «Turk o‘choqlari» jamiyatidagi uchrashuvlarda ham, «Turk yurti» darg‘isining umumiy nashriyot mudiri, «Turk o‘choqlari» Anqara sho‘basi boshqoni, doktor O‘rxun Qovunchi, G‘oziyon universiteti til-adabiyot fakulteti mudiri, doktor Mustafa Esan uylaridagi shaxsiy suhbatlarda ham meni aslo tark etmadi.

Turkiya Yozarlar Birligi Bosh Boshqoni Mahmat Do‘g‘on ham uyiga taklif qildi. U 14 yildan buyon Yozarlar birligiga rahbarlik qiladi. Uning turk millati uchun qilayotgan xizmatlari beqiyos. Xususan, Turk «So‘zlik» (izohli lug‘at)i, boshlang‘ich sinflar uchun yaratilgan «Ilk so‘zlik»i, tarixga oid ko‘plab ilmiy ishlari tahsinga loyiq.

Turkiyada mamlakat tarixi juda ehtirom qilinadi. U yoshlarga jiddiy tarzda o‘qitiladi.

Turk madaniyati boshqonligi (ministrligi)ning etnografiya muzeyida bo‘ldim. Bu muzey xodimlari bilan O‘zbekistondagi tarixiy muzeylarimiz xodimlari, tarixchilarimiz, arxeologlarimiz uzviy aloqada bo‘lishlari kerak ekan, deb o‘ylab qoldim. Chunki Turkiya turklari va Turkiston turklari tarixi bitta ekanligi ushbu yerda yaqqol o‘zligini namoyon etadi. Umuman, turkiy xalqlar tarixi birgalikda yaratilishi zarur! Bu yerda juda ko‘plab nodir qo‘lyozmalar ham saqlanadi. Kim biladi, deysiz, Turkiston — O‘zbekiston tarixiga oid kitoblar ular orasida ham bordir… Anqara qal’asi — eng qadimgi Anqara. Bu qal’a ne-ne janglarning, savashlarning guvohi bo‘lgan. Ehtimol, Amir Temur ham ushbu qal’a tepasiga ko‘tarilib, butun Anqarani tomosha qilgandir, o‘zicha g‘urur tuygandir… Amir Temur va Boyazid Yildirim jang qilgan katta maydon — sayhonlikning bir qismida hozir Anqara qo‘nalg‘isi (aeroporti) joylashgan. Mashhur «fil jangi» shu yerda kechgan. Umuman, Temur nomi bilan bog‘langan joylar Anqarada anchagina. Ikki jahongir janglari haqida suhbatlashib, buyuk g‘ofil bobolarimiz, deb kulishdik.

Anqara hisoriga (qal’a) Mahmat Do‘g‘on, bulg‘or-turk shoiri Ali Bayram, Turkiya shoiri Ali Oqbosh va kamina ko‘tarilib bordik. 3 million nufuzga ega Anqara poyimizda…

Ali Bayram she’r boshladi:

Anqara, Anqara, qarodir toshing,
Qartollar yuvoshi (uyasi) egolmas boshing,
Sen bo‘lding jon uyi buyuk savashning,
Senga inonmoqqa keldik, Anqara…

Navbatni Ali Oqbosh oldi:

Anqaraning tashina boq,
Ko‘zlarimning yoshina boq.
Dushman biza bosh qoldirmish,
Shu falakning ishina boq…

She’rxonlikni men davom ettirdim… Yana bir hamrohimiz Bayram Bilg‘a To‘qal Go‘ro‘g‘li (Ko‘ro‘g‘li) dostonlaridan kuylab yubordi…

Oh, bu she’rlar, qo‘shiqlar, dostonlar, kuylar — bir butun, bir millatning jon tomirlaridir!

Bir butunlikni men hamma joyda his qildim, eshitdim, ko‘rdim. Bekorga turk dehqoni ulug‘ turkistonliklar haqida «tili-tilimga to‘g‘ri, dini-dinimga, dili-dilimga to‘g‘ri» demaydi-da!

Ana shu tuyg‘u Xo‘ja Bayram Vali ziyoratgohini tavof qilganimda ham, 50000 kishi bir paytda namoz o‘qib turib ketadigan Xo‘jatepa jomesida ilk marta namozxonlar bilan birga joynamozga bosh qo‘yganimda ham menga yo‘ldosh bo‘ldi.

Azim Suyun, Erkin Vohidov va Xurshid Davron Jaloliddin Rumiy ziyoratida. Ko‘nya. Turkiya. 1992

Bugungi Turkiyaning g‘allachilik viloyati va juda qadim madaniyatining beshigi bo‘lgan Ko‘nyoga safarim 23 oktyabrning tongidan boshlandi. Anqaradan chiqish bilanoq Qrim qirlarini, tog‘larini eslatuvchi manzaralar namoyon bo‘ldi. Yashil o‘rmon… keyin Nurota, G‘allaorol dasht adirlarini yodga soluvchi yerlar… Ammo Ko‘nyo shahri… yana mo‘jiza!

Ko‘nyo safarini har qanday sayyoh Jaloliddin Rumiy maqbara-masjidini ziyorat qilishdan boshlashi aniq. Bilmadim, men shunday qildim. Buyuk shoir maqbarasini, uning salaf-xalaflari ziyoratgohlarini, mavlavilar xonaqohlarini ko‘rish baxtiga muyassar bo‘lganimdan ko‘zlarimga yosh keldi. Jaloliddin Rumiy chashmasidan suv ichdim, «Soqoli sharif»ni (Muhammad Payg‘ambar soqolidan bir ulgi solingan sadaf sandiq, undan hamisha gul hidi taralib turadi) tavofladim.

Har bir dunyo kishisi Samarqand, Buxoro, Xiva kabi shaharlarni ko‘rishi kerak bo‘lganidek, Turkistondagi Ahmad Yassaviy qabrini ziyorat qilishi lozim bo‘lganidek, bu joylarni ham faqat ko‘rishi, ziyorat etishi kerak. Ming yozganing bilan ta’rif-tavsifini keltirolmaysan! Shoirlarning qalami ojizligi shu yerlarda bilinib qoladi!

Ko‘nyoda Turkiston mujohidlaridan Anvar poshsho sarkotibi, shoir (marhum — 1976 yil) Ahmad Xokining bir to‘rtligini yozib oldim, ya’ni ul demishki:

Men xokiyam, nor (anor) istamam,
Aldaguvchi yor istamam.
Vayrona qolsin bu ko‘ngil,
Ta’mira me’mor istamam.

Men qatnashadigan simpozium bahorga qoldirilibdi. Sababi: kutilmaganda milliy palataga deputatlar saylovi boshlanibdi. Turkiyada saylov payti har qanday anjuman, yig‘ilishlar to‘xtatilar ekan.

Darvoqe, men saylov nima ekanligini ko‘rdim. Demokratiya nima ekanligini ko‘rdim. Hozir Turkiyada olti yirik partiya mavjud. Shulardan milliy palataga 450 deputat saylanadi. Qaysi partiya 51 foiz deputat chiqarsa, o‘sha hukumat tuzib, mamlakatni boshqarishga kirishadi. Davlat boshlig‘i — prezident. U parlament a’zolaridan saylanadi, parlament qabul qilgan qonunlarni e’lon qiladi, xalqaro ishlarda Turkiya davlati nomidan ish ko‘radi. Va u oliy bosh qo‘mondonlik vazifasini bajaradi.

Saylovlarda xalqqa keng erkinlik, demokratiya berilgan. 18 oktyabr kuni, ya’ni saylovdan ikki kun oldin «To‘g‘ri yo‘l» partiyasining Anqara Bosh maydonida saylovchilar bilan bo‘lgan uchrashuvida qatnashdim.

Bir paytlar Anqara valisi bo‘lmish Navdod Tanduan nomidagi Bosh maydon odamlar bilan tirband. Hamma tarafda: binolar peshtoqlarida, daraxtlarda, mashinalarda, odamlar qo‘llarida Turkiya bayroqlari hilpiraydi.

Son-sanoqsiz joylariga nomzodlarning suratlari osilgan. Nomzodlarni tashviqot qilguvchi ro‘znomalar, varaqalar sotilmoqda. Shirin-shakar sharbatlar, suvlar, har xil yeguliklar serob. Birovning birov bilan ishi yo‘q. Hatto sakkiz, o‘n qavatli binolar ustlarida odamlar… Maydon o‘rtasiga o‘rnatilgan maxsus «so‘ri»dan nomzod va uning ishonchli vakillari joy olgan. Ular mikrofonda birin-ketin so‘zlaydi. So‘zlari Buyuk Turkiya davlati haqida, buyuk turk xalqi haqida, millat kelajagi barqarorligi haqida. Yo falak! Butun maydon ahli qo‘llarini ko‘tarishib «Yashasin buyuk Turk millati!», «Buyuk Turkiya omon bo‘lsin!» kabi kalimalarni bir zarb bilan hayqirib takrorlashadi! Ana xalq, ana millat!

Biz O‘zbekistonda xalqqa, demokratiyaga ishonishimiz kerak. Mustaqillik yo‘llarida erkinlik juda-juda zarur! Ayniqsa, so‘z erkinligi — zaruriyat!

Turkiya saylovlari haqida ko‘p o‘yladim. Har bir partiyaning o‘z dasturi bor. Har bir nomzodning-da, o‘z dasturi… Ularning barchasida xalq farovonligi uchun kurash… Holbuki, mamlakatda hamma narsa bor. Magazinlar meva-chevalar, yeguliklar bilan tirband, kiyim-kechaklar, mol-hollar oshib-toshib yotibdi, bozorlarda jondan boshqa hamma narsa topiladi.

Bu yerda inson yashashi uchun barcha qulayliklar mavjud. Uyda turib dunyoning istalgan joyi bilan istalgan paytda telefon orqali gaplashish mumkin. «Turkiston» jamiyati prezidenti, «Turkiston» darg‘isi (jurnali) muharriri mohir jarroh, do‘stim Ahad Andijon uyidan, ya’ni Istanbuldan Toshkentga — uyimga telefon qilsam, Oygulxon shoshib qoldi. U «rostdan Istanbuldan qo‘ng‘iroq qilayapsizmi?» deb qayta-qayta so‘radi. Bilmadim. Ahad Andijon ayolining ovozini eshitmaganda uning xayolidan nimalar kechardi?

Istanbul… Bu shahar haqida ko‘p o‘qigandim. U Marmara dengizi va Bosfor bo‘g‘ozining past-baland sohillarida joylashgan. Osiyo va Yevropani Bosfor bo‘g‘ozi ustiga qurilgan ikki ulkan ko‘prik tutashtirib turadi. Usmonli turklar saltanatining poytaxti bo‘lgan Istanbul bugungi kunda ham Turkiyaning eng katta mo‘jizaviy shahri hisoblanadi. Istanbulda 500 dan ortiq masjid, shuningdek, saroylar, ibodatxonalar, favvoralar mavjud. Sulaymoniya, Boyazid, Ahmadiya, Ko‘k masjid, Shahzoda masjidlari, Ayo Sofiya jome’ masjidi shular jumlasidandir. Ularning minoralari osmonni ko‘zlab tik turgan raketalarni yodga tushiradi…

Biz bugungi kunda bozordan bezillab qoldik. Afsuski, bizning bozor hali bozor emas. Istanbuldagi Boyazid bozoridan nima borligini emas, nima yo‘qligini qidirish kerak. E, voh, bizning bozorlar qachon to‘lar ekan? Ahli tijorat chayqovchilikdan qutulib, qachon haqiqiy savdo sohiblari bo‘lar ekan? Qachon?

Ahad Andijon hamrohligida butun Istanbulni aylanib yurar ekanman, ona O‘zbekistonim, uning bugungi aftoda holi aslo ko‘z o‘ngimdan ketmadi.

Ha, erk taqchilligi bor joyda hamma narsa taqchil! Hamma narsa davlatniki degan joyda xalq yupun, och, qashshoq, gado! Ha, shaxsiy manfaat bo‘lmagan joyda yuksalish, taraqqiyot yo‘q! Bugun buni barcha tushunishi kerak. Xususiyatlashtirishdan qo‘rqmaslik kerak! Turkiyada yer dehqonniki, suv dehqonniki, lekin bizdagidek faqat tilda va qog‘ozda emas! Mustafo Kamol Otaturk «Millat ulug‘i kim?» degan savolga Sulton Salim (XVI asr) so‘zi bilan «Dehqon» deb javob bergan.

Xullas, Turkiyada hamma narsaga faqat davlat emas — xalq xo‘jayin! Hozir hatto temir yo‘llarni ham davlat tasarrufidan chiqarish masalasi ko‘rilmoqda ekan.

Istanbulda ko‘plab turkistonliklar yashashadi. Hammasi o‘ziga to‘q, boy-badavlat, O‘zbekiston mustaqilligini eshitishib, boshlari osmonda.

…Zargarlik mollari sohibi Shavkat Oynural xonadoni. Bu xonadonda Jamol Kamol, To‘ra Mirzo, Tohir Qahhor, «Bahor» ansamblining bir guruh raqqosalari ham mehmon bo‘lishgan ekan. Shavkatjon ularga ko‘pdan-ko‘p salom yo‘lladi. Men Istanbulda Shavkat Oynuraldek ajoyib do‘st topganimdan quvondim.

Umuman, Turkiyada ko‘p yaxshi kishilar bilan suhbatlashdim, ko‘pchiligi bilan do‘stlashdim. Yosh adib, Turkiya Yozarlar Birligi mukofoti sovrindori Shukuri Qoracha, yugoslaviyalik turk shoiri, yozuvchi va rassom Adham Baymoq, yozuvchi Orif Oy, televizion jurnalisti Ne’mat Jamol, bo‘lajak fan doktori Yoqub Dilmurod o‘g‘li va boshqalar bilan maktublar yo‘llashib turishga ahdlashdik.

Turkiyada, ayniqsa, bitta narsadan behad sevindim. Buni o‘zimcha O‘ZLIK deb atadim. Men hamma narsada o‘zlikni ko‘rdim, hamma narsada o‘zlikni his qildim. Bu o‘zlik Turkiyani dunyoga olib chiqqan, bo‘y-bastini ko‘rsatgan. Kelajakka esh qilgan. O‘zlik, bu mahdudlik emas. Bil’aks, o‘zlik dunyoviydir!

Turkiyaning ilk poytaxti bo‘lmish Bursa shahrida Turkiya davlat rahbarlaridan biri, ya’ni janob Kanon Evren «Turkiya — dunyo turkligining so‘nggi qal’asidir!» degan ekan. Ha, Turkiya «so‘nggi qal’a» bo‘lib keldi. Ammo, inshoolloh, XX asr tongida so‘nggi qal’a bo‘lib qolmagay! Uning safiga o‘zligi bilan O‘zbekiston va butun Turkiston qo‘shilgay! Mazlum turk qal’alari qo‘shilgay! Omin!

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati», 1991 yil 8 noyabr.