Asad Asil. Tadbirkor fermer yoki “mehmon” ovchilar (1999)

Tabiatni muhofaza qilish Toshkent viloyati qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Muxtor A’zamov bilan Bo‘stonliq tumaniga yo‘l oldik. To‘laboy Yunusov bizni yaxshi kutib oldi. Xonasida atrof-muhit tozaligi xususida suhbatlashib o‘tirardik. Shu payt eshik shaxd bilan ochilib, yoshi oltmishlardan oshgan, jussasi pishiq kishi xonaga kirib keldi.

– Gaplaringiz hali-veri tugamaydiganga o‘xshaydi, mening esa vaqtim ziq, kechgacha Ispayga yetib olishim kerak, beruxsat kirdim…

– Ey-y, Mirzarayim aka, keling, keling, suhbatimizga qo‘shilsangiz, mamnun bo‘lamiz, – dedi To‘laboy Yunusov u odam bilan samimiy ko‘risha turib bizga tanishtirar ekan. – Bu otaxon tumanimizning yuqori mintaqasida yuzlab gektar bog‘-rog‘lar yaratgan Mirzarayim Abdurahmonov bo‘ladilar.

Cuhbatimiz atrof-muhit muhofazasi haqida borayotganidan voqif bo‘lgan Mirzarayim aka g‘ayratlanib o‘rnidan turdi.

– Bunday muhim masalani bu joyda emas, dalaga chiqib hal qilish kerak, ne-ne mashaqqatlar bilan tiklagan ko‘prigimiz xavf ostida turibdi, buniyam ko‘rasizlar…

Burchmulla, Bog‘iston, Nanay kabi tog‘lar oralig‘ida joylashgan qadimiy qishloqlar huzurbaxsh jozibasi bilan kishini o‘ziga tortadi. Bu serfayz maskanlarda shirinsuxan, mehnatsevar, tanti va azamat insonlar yashaydi. Ayniqsa, ularning bir fazilatiga qoyil qolasiz, har yili hovli va ko‘chalarni tartibga solish, ariqlarni tozalash singari hasharlarda kattayu kichik astoydil ishtirok etadi. Bunday qutlug‘ kunda halim pishiriladi, hashar bayram tusini oladi. Katta va salmoqli ishlar bajarilishi birobarida hammayoq chinnidek tozalanadi. Hatto shunday xonadonlar borki, ular butun hovlisi sahnini sip-silliq qilib suvab ham qo‘yadilar. Ko‘chalarda go‘ngtepa yoki biron-bir xunuk chiqindi va tashlandiqlarni uchratmaysiz. Ariqlardan sharqirab zilol suvlar oqib turadi. Tog‘lardan kelayotgan bu zilol chashmalardan bemalol hovuchlab ichaverishingiz mumkin. “Oqar suv – Alloh jamoli, uni bulg‘ash gunohi azimdir!” – deb qo‘yishadi ular. Hozirgi kunda qishloqlarda suv quvurlashtirilgan. Vodoprovod tarmoqlari hovlilarga kiritilgan. Bular ham asosan hashar yo‘li orqali amalga oshirilgan. Bunday pokizalik, saranjom-sarishtalik va hamjihatlikni ko‘rgach, albatta, kayfiyatingiz ko‘tariladi, dilingiz ravshan tortadi.

Ispay qishlog‘iga ko‘pchiligimiz ilk daf’a qadam ranjida qilmoqda edik. Pskom yo‘lidan o‘ng tomondagi keskin qiyalikka burilib, Pskom daryosi ustiga o‘rnatilgan ko‘prikdan o‘tdik. Hashar yo‘li bilan ispayliklarning o‘zlari tiklagan bu ko‘prikdan har qanday yuk mashinasi bemalol o‘ta oladi. Ko‘prik yuzga yaqin xonadonni katta hayot bilan bog‘lab turuvchi yagona vosita ekan. Ushbu inshootga sersuv Pskom daryosi chindan ham xavf sola boshlabdi. Mirzarayim akaning tashvishi o‘rinli, ko‘prikka olib tushadigan yo‘llar ham ta’mirtalab bo‘lib qolibdi.

Mirzarayim aka kabi o‘tyuraklar ko‘prik qurilishida jonbozlik qilgan bo‘lsalar, Ispay qishlog‘ining to‘liq suv quvuri bilan ta’minlanishida esa shu yerli xalq farzandi Mirsaid Abdurahmonov haqiqiy fidokor va tashkilotchi ekanligini amalda isbotlagan. Shuning uchun ham ispayliklar Mirsaid Abdurahmonovni mahalla qo‘mitasiga rais etib saylashgan.

Xullas, o‘z-o‘zini chinakamiga boshqarish, xalq kuchi bilan tog‘ sharoitidagi mashaqqatlarni daf etish an’analarini bundan keyin ham sira-sira bo‘shashtirmaslik lozim. Aksincha, bu yo‘lga yanayam faol va jipslashib kirishmoq kerak.

Oliy Majlisning XIV sessiyasida o‘z-o‘zini boshqarish asosiy masalalardan biri sifatida kun tartibiga qo‘yilgani ham bejiz emas.

Mirzarayim aka xonadonidamiz. Xonadon gavjum. Hamma ish bilan band. Bu xonadonda yil davomida bir zum ham tinim bo‘lmaydi. Chunki Mirzarayim aka chinakam fermer. Jamoa xo‘jaligi bilan tuzilgan shartnomaga ko‘ra besh gektar yerga besh ming tup olma ko‘chati ekib parvarishlayapti. Atrofiga esa ikki ming tup terak qalamchalarini qadab chiqqan. Yaroqsiz yerlarda ham besh yuz tup olxo‘ri, uch yuz tup yong‘oq o‘stirilmoqda. Olma ko‘chatlari yosh bo‘lganligi uchun ularning oraliqlarini yaxshilab haydab, bir gektarga bug‘doy, ikki gektar yerga kartoshka, no‘xat va boshqa ekinlar ekib qo‘yibdi. Xullas, qo‘lidagi yerning bir qarichini ham bekor qoldirmagan. Ayniqsa, qiyalik hamda yaroqsiz yerlarda changalzor bo‘lib yotgan yovvoyi olmalarga Mirzarayim akaning o‘ziga xos uslubi bilan yaxshi navlar payvand qilinib, madaniylashtirilganini ko‘rgan har qanday ko‘z quvonadi. Qisqa qilib aytadigan bo‘lsak, go‘zal odamlarning zahmatli mehnatlari evaziga chiroyli hayot uchun tamal toshi qo‘yilmoqda.

– Bu vohada ahvol juda og‘ir, – dedi mezbon odatiga ko‘ra ochiqchasiga ko‘chib. – Yovvoyi hayvonlar qirilib bitish arafasida turibdi. Masalan, atrofimizdagi tog‘larda, mening taxminimcha, kiyiklar va ayiqlarning ko‘pi bilan besh foizga yaqini hozircha saqlanib turibdi. Yovvoyi cho‘chqalar-ku, bir foiz bordir, bo‘lmasa, u ham qolmagan. Yil-o‘n ikki oy davomida beto‘xtov otilavergandan keyin baraka qolarmidi?! – chinakamiga qizishib ketdi Mirzarayim aka. – Faqat tog‘dagi parrandayu darranda hisobiga kun kechirayotganlar qanchadan-qancha! “Mehmon” ovchilarning qilmishlari-ku, dard ustiga chipqon bo‘lmoqda. E, quruq gaplardan ne foyda!

– Menimcha, tog‘ yo‘llarining asosiy nuqtalarida, boshqa tomonlardan aylanib o‘tib bo‘lmaydigan joylarida maxsus postlar tashkil etish va ularda faqat chin fidoyilar navbatchilik qilishlarini yo‘lga qo‘yish zarur, – deb taklif kiritdi Muxtor A’zamov.

– Hamma gaplaringiz to‘g‘ri, lekin ko‘pincha gap gapligicha qolib ketyapti-da, – og‘ir-vazmin odatiga xilof ravishda qizishibroq gap jilovini tutdi To‘laboy Yunusov. – Xo‘p, biz qo‘limizdan kelgan ishlarni qilaylik, ammo tabiat muhofazasiga daxldor boshqa tashkilotlar ham astoydil kirishmasalar, tayinli biror natijaga erishib bo‘larmikan? Buni qarang, O‘gam-Chotqol milliy bog‘i nazoratchilariga karabinlar berib qo‘yilibdi! Bu qurol bilan ular o‘zlarini brakonerlardan himoya qilishar emish! O‘z-o‘zini himoya qilish uchun mundayroq qurol ham kor qilar. Ularning o‘sha kuchli qurollardan boshqa maqsadlarda foydalanmasliklariga kim kafolat beradi?! Xuddi shu tashkilot hududida o‘rmon xo‘jaliklari ham butunlay mustaqil ravishda faoliyat ko‘rsatayotganiga nima deysiz? Menimcha, bu ikki tashkilotdan biri qolishi yoki biri ikkinchisiga bo‘ysunishi kerak. Aks holda, bitta joydagi sho‘rlik tabiat ikki xo‘jayin tomonidan qo‘riqlanadimi yoki xomtalash qilinadimi?! Bu muammolar qancha tez hal etilsa, shuncha yaxshi…

“Bunday muammolarni albatta juda tezlik bilan hal etish kerak!” – degan to‘xtamga keldi davra ishtirokchilari. Hayajonli bu suhbatlar mustaqil Vatanimizning sof vijdonli har bir vakili qalbida aks-sado berishi va har birimizni amaliy ishga otlantirishi lozim. Eng avvalo, tabiat muhofazasiga daxldor rahbarlar aniq chora-tadbirlar belgilab, ularning ijrosini albatta ta’minlashlari zarur.

Shu o‘rinda hamma joylardagi fuqarolar yig‘inlari va mahalla qo‘mitalari raislarining tabiat muhofazasiga oid mas’uliyatlarini ham alohida eslatib o‘tish lozim. Axir kim nima ish bilan shug‘ullanayotganini ular hammadan ko‘ra yaxshiroq bilishadi-ku!

“O‘zbekiston ovozi” gazetasi,

1999 yil 1 iyun soni.