1916 yilda Oq podshoning Astraxan guberniyasi, Sibir va O‘rta Osiyodagi rus millatiga mansub bo‘lmagan aholini harakatdagi armiya tumanlaridagi mudofaa inshootlari qurilishiga jalb etish to‘g‘risidagi farmoni e’lon qilindi. Bu farmon urush bahonasida beqiyos oshirib yuborilgan soliqlardan tinkasi qurigan, aksariyat qismi uchma-uch ro‘zg‘or tebratayotgan Turkiston aholisini junbushga keltirdi. Avji dala ishlari qizigan, mehnatga yaroqli har bir kishining o‘rni bilinadigan payt edi. Buning ustiga farmon milliy urf-odatlarni ham oyoq osti qilardi. Sababi, shariat erkak kishining o‘z oilasini 6 oydan ortiq tashlab ketishini taqiqlardi, xotin-qizlarning dalada mehnat qilishi mumkin emas edi. Farmon kuchga kirsa, bitta yoki ikkita mehnatga yaroqli erkagi bo‘lgan oilalar o‘z boquvchilaridan ayrilib, og‘ir ahvolda qolishlari mumkin edi.
Birinchi bo‘lib 4 iyulda Samarqand viloyatining Xo‘jand uyezdi aholisi, keyin boshqa shahar va qishloqlar aholisi qo‘zg‘olon ko‘tardi. Lekin ko‘p joylarda mahalliy aholi Oq podsho farmoniga Turkiston Bosh gubernatorligining ma’muriy markazi — Toshkent mehnatkashlari qanday munosabatda bo‘larkin, deb kutib turdilar.
Toshkent aholisining norozilik harakatlari esa farmon e’lon qilinishi bilan boshlandi. Shaharning mustamlakachi ma’muriyati odamlarni mardikorlikka olish aholining qarshiligiga duch kelishini darhol his etdi.
Dastlab Toshkentning Eski shahar qismi yetti mingga yaqin mardikor yetkazib berishi kerak, deb e’lon qilingan edi. Aslida mardikorlikka olinadiganlar miqdori 13.600 kishini tashkil etdi. Shundan 12 mingi Eski shahar, qolgani Yangi shahar hissasiga to‘g‘ri keldi. Bu reja amalga oshsa, Eski shahardagi har ikki xonadonning biridan mardikorlikka odam olinar edi.
11 iyul. Olmazor mahallasidagi politsiya boshqarmasida ertalab soat 11 ga ellikboshilar majlisi tayinlangan bo‘lib, unda viloyatning sobiq harbiy gubernatori Galkin mahalliy akobirlar bilan aholini mardikorlikka olish masalasida gaplashmoqchi edi.
Lekin ertalab soat o‘nda boshqarma hovlisi oldida ayollarning katta guruhi, ular ortidan erkaklar paydo bo‘ldi. Namoyishchilar uch ming nafardan ortiq edi. Erkak va ayollar: «Bolalarimizni mardikorlikka bergandan ko‘ra, o‘zimiz shu yerda o‘lganimiz afzal! Podsho farmonini bajarmaymiz!» — deb baqira boshladilar. Olomon temir panjaradan oshib o‘tib, politsiya boshqarmasi oldiga keldi. Ularning yo‘lini to‘sishga harakat qilgan besh nafar mahalliy va bir o‘ris mirshab kaltaklandi. Odamlar bir mirshab qo‘lidagi to‘pponchani tortib olishdi. Politsmeyster vazifasini ado etayotgan 4-uchastka pristavi Mochalov, 3-uchastka pristavi Xarchev va politsiya boshqarmasi kotibi Trentovius boshqarma binosi zinasiga chiqib, aholini tinchlantirishga urinishdi. Lekin ularning harakatlari zoye ketdi, zero aholining g‘azabi ortganidan-ortib borar, boshqarma binosi derazalariga va zinada turgan ma’murlarga qarata toshlar otila boshlandi. Olomon ayollarni tinchitishga harakat qilgan tungi qorovulni yoqasidan ushlab, yerga qulatdi va politsiya amaldorlari ko‘z o‘ngida urib o‘ldirdi. Shu payt zinani qurshagan odamlar Trentoviusni ham pastga tortib, yerga qulatishdi, uning qilichini qinidan sug‘urib, o‘zini sudrashdi. Mochalov atrofdagi politsiyalarga to‘pponchalardan osmonga o‘q uzishni buyurdi. Shundan keyin olomon chekinib, Trentovius bino ichiga ochib kirishga ulgurdi.
To‘polon bo‘lartgan joyga yetib kelgan Eski shahar politsmeysteri, polkovnik Kolesnikovning qo‘zg‘olonchilarni tinchitish uchun qilgan urnnishlari ham samara bermadi. Olomon unga hamla qildi. Shunda polkovnik o‘zi bilan kelgan kazaklarga qo‘zg‘olonchilarga qarshi o‘t ochishni buyurdi. Bunga javoban olomon zinadagilarga tashlandi. Politsiya amaldorlari esa bino ichkarisiga kirib, eshikni berkitishga ulgurishdi.
Kolesnikov telefon orqali harbiy yordam chaqirdi. Oradan yarim soat o‘tgach, bir tomondan shahar boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Kochan mirshablar bilan, ikkinchi tomondan yunkerlar rotasi yetib keldi. Shundan so‘ng olomon safi siyraklashdi.
Shu kungi qo‘zg‘olonda mustamlakachilar o‘qidan 11 qo‘zg‘olonchi halok bo‘lib, 15 kishi yaralandi. Keyingi kunlarda ham shaharda ahvol tangligicha qoldi. Toshkent uyezdining qishloq joylarida aholining chor ma’muriyatiga qarshi chiqishlari boshlanib ketdi. Yangibozor, To‘ytepa, Troitskiy, Xonobod va Piskentda dehqonlarning politsiyachilar va harbiylar bilan to‘qnashuvlari sodir bo‘ldi. Qo‘zg‘olonlar Farg‘ona vodiysini ham qamrab oldi. Jizzax uyezdida katta qo‘zg‘olon ko‘tarildi.
Xo‘sh, Turkiston Bosh gubernatorligining ma’muriy markazi bo‘lgan Toshkent aholisini qo‘zg‘olonga ko‘targan kishilar kimlar edilar?
Toshkentning Eski shahar qismi sobiq politsmeysteri N. Ye. Kolesnikovning qo‘zg‘olonchilarni tergov qilish paytida bergan ko‘rsatmasida shunday so‘zlarni o‘qiymiz: «…Men 10 iyul oqshomida Shayxontohur masjidiga bordim, bu yerga ro‘za munosabati bilan ko‘p odam to‘planardi. Maqsadim aholining kayfiyatini bilish edi. Bu yerda men yaqin joyda yashovchi masjid mutavallisi Saidalixo‘ja Eshonxo‘jayevni va Beklar Beki madrasasi mutavallisi bo‘lgan sartni uchratdim. Bu kishilar menga eskidan tanish edi, ular bilan suhbatlatshib, aholi mardikorlikka odam berishni istamayotganligini bildim. Bundan tashqari, Beklar Beki masjidi mutavallisi menga aytdiki, janob Kochan Shayxontohur masjidiga kelgunga qadar, qaysi bir bosmaxonada ishlaydigan mahalliy bir kishi aholi oldida so‘zlab, ularni mardikorlikka odam bermaslikka da’vat etibdi. Olomon uning nutqini qarsaklar bilan kutib olgan.
Shu oqshom (10 iyulda) men mahalliy kishilardan Kattaxo‘ja Boboxo‘jayevni va Saidahmad Saidkarimboyevni huzurimga chaqirib: «Tillaringni tiyib yurlaring», — dedim. Sababi, men bu kishilar aholini mardikorlikka odam bermaslikka da’vat etayotganlari haqida ma’lumot olgan edim. Shayxontohurning Balandmasjid mahallasida yashovchi va shahar dorixonasida xizmat qiluvchi Musaxon Mirzaxonov haqida ham shunday ma’lumot olgan edim. Men, u ko‘pchilik oldida mardikorlikka odam bermaslik kerak, degan fikrni aytganligi haqida ma’lumotga ega edim. 10 iyul soat 3 ga yaqin men uni viloyat boshqaruvidan qaytayotib, ko‘chada uchratdim. Unga: «Men sendan bunday gaplarni kutmagandim, seni yerlik aqlli kishilardan hisoblardim», — dedim. Bunga javoban Musaxon: «Men bunday gaplarni aytmaganman», — dedi. Biroq 11 iyulda, tartibsizliklar bo‘layotgan joyga harbiy gubernator Galkin kelib, olomon orasidagi mahalliy kishilardan biriga murojaat qilib: «Nega bu yerga keldingiz?» — deb so‘raganida u: «Meni bu yerga Musaxon yubordi, «u yerda qo‘zg‘olon qilishyapti, sen ham bor dedi», — degan. Bu kishi ushlanmadi va uning kim ekanligini bilmayman» (O‘zbekiston MDA. Turkiston Bosh gubernatorligi kantselyariyasi fondi, 31-ro‘yxat, 1100-ish, 230—233-betlar).
Marhum akademik Habib Tursunov ham o‘zining 1962 yilda Toshkentda nashr etilgan «Vosstaniye 1916 godov Sredney Azii i Kazaxstane» kitobining 261-betida shunday yozadi: «Ilg‘or ziyolilar vakili — shahar dorixonasi farmatsevti, Shayxontohurning Balandmasjid mahallasida yashagan Musaxon Mirzaxonov podsho farmoniga itoat etmaslikka targ‘ib qilgan. Aynan shu kishi odamlarni qo‘zg‘olon ko‘tarishga da’vat etganlardan biri edi». Sahifa ostidagi eslatmada esa quyidagi so‘zlarni o‘qiymiz: «Musaxon Mirzaxonov Oktyabr inqilobidan so‘ng sovet tibbiyot muassasalarida rahbarlik lavozimlarida ishlagan».
Avvalo, bu o‘rinda Kolesnikov tergovda bergan ko‘rsatmada va hurmatli akademigimiz kitobida yo‘l qo‘yilgan juz’iy chalkashlikni ta’kidlab o‘tish lozim. Qo‘zg‘olonchilar da’vatkorining asl familiyasi Musa Mirzaxonov emas, balki Musa Mirzaxonovich Mirazimovdir. Ya’ni bu kishi Mirzaxon mingboshining o‘g‘li, Mirazim mingboshining nevarasi bo‘lgan. Shayxontohurning Balandmasjid mahallasida tug‘ilib, umrining oxirigacha shu yerda yashagan. Kasbi farmatsevt-shifokor bo‘lgan.
Musaxon akaning bobosini Mirazim sarkor dam deyishardi. Buning sababi, o‘ yigitlik paytida Buxoro amirining sarkori bo‘lgan. Amirning haramidagi Chikobibi ismli go‘zal tojik qizini sevnb qolib, uni tunda olib qochgan. Toshkentga kelib, chor Rossiyasi fuqaroligiga o‘tgan. Mirazim sarkor o‘z davrida amirga sadoqat bilan xizmat qilgan, uni bir-ikki marta o‘limdan olib qolgan harbiy edi. Shu bois, amir uning gunohidan kechadi, ortidan ta’qib qilmaydi.
Mirazim sarkor dastlab Beshyog‘och dahasidagi Bo‘rxobod degan joydan (Bo‘rux ismli yahudiyning bog‘i yaqinidan) hovli sotib oladi. Davlati ko‘payib, martabasi ortib, mingboshi bo‘lgach, Shayxontohurning Balandmasjid mahallasida ichkari-tashqarili, boloxonali hovli quradi. Chikobibidan to‘g‘ilgan o‘g‘li Mirzaxonni madrasada o‘qitadi. Mirzaxon ham otasi singari omadli inson bo‘lib, Chimkentda mingboshilik qiladi.
Mirzaxon aka 1892 yilda o‘g‘il farzand ko‘rib, unga Musaxon deb ism qo‘yadi. Bu o‘g‘lini avval rus-tuzem maktabida, keyin Toshkentning Childuxtoron degan joyidagi (hozirgi eski ToshMI o‘rnida) gimnaziyada o‘qitadi.
Bir yili Toshkentga podsholik topshirig‘iga binoan-ikki nafar jug‘rofiya olimi keladi. Biri sankt-peterburglik, ikkinchisi qozonlik bu olimlar zimmasiga butun Turkstonni aylanib, o‘lkaning jug‘rofiy xaritasini tayyorlash vazifasi yuklatilgan edi. Musaxon shu ilmiy ekspeditsiyada qatnashib, tilmochlik qiladi. Rus olimlari o‘zbek yigitini yaxshi ko‘rib qolishadi. Uni o‘zlari bilan olib ketib, Qozon universitetiga o‘qishga joylashtirmoqchi bo‘lishadi. Musaxon esa ularga uzrini aytib: «Hozircha sizlar bilan ketish uchun imkoniyatim yo‘q. Qulay imkoniyat yuzaga kelishi bilan Qozonga o‘zim boraman», — deydi.
Bu voqea 1910 yilda bo‘lgan. Musaxon ikki jo‘rasi bilan Balandmasjiddagi choyxona so‘risida gurunglashib o‘tirardi. Shu payt ko‘chadan otda pristav o‘tib qoladi. O‘sha paytdagi odat bo‘yicha ko‘chadan chor politsiyasi amaldori — pristav o‘tganida mahalliy kishilar darhol o‘rinlaridan turishlari, ta’zim qilib, salom berishlari kerak edi. Musaxonning jo‘ralari shu maqsadda o‘rinlaridan turishadi. Lekin shunda Musaxon ularni qo‘lidan tortib, joyiga o‘tqazib qo‘yadi. Buni ko‘rgan pristav otini tikka Musaxon tomonga burib kelib: «Rus amaldorini behurmat qiladigan senmisan?!» — deydi-da, yigitning yelkasiga qamchi bilan tushiradi. Shunda Musaxonning g‘azabi qaynab, pristavni otdan qulatadi, uni kaltaklab, suv oqadigan jarlikka uloqtirib yuboradi.
O‘sha paytda bu xatti-harakat juda yomon gunoh sanalardi. Chor politsiyasi amaldoriga qo‘l ko‘tarishga jur’at etgan kishini katorga jazosi kutardi. Musaxon Chimkentga qochadi. Chor politsiyasining qo‘li uzun, uni u yerga ham qidirib kelishlari mumkin. Shuni o‘ylab, Musaxon Qozon shahriga jo‘nab ketadi. Tanish rus olimi ko‘magida Qozon universiteti qoshidagi farmatsevtlar tayyorlash kursiga kirib o‘qiydi. Bu kursni bitirgach, Turkistonga qaytadi.
Musaxon Mirazimovning nevarasi, tibbiyot fanlari doktori, professor Botir Mirazimovning oilasi arxivida saqlanayotgan, bobosiga daxldor hujjatlar va suratlar bilan tanishdim. Mana, Musaxon Mirazimovning xizmat ro‘yxatidan bir parcha:
- 1912 yil dekabr. Bolotinning Qo‘qondagi xususiy dorixonasiga farmatsevt bo‘lib ishga kirdi.
- 1913 yil. Toshkent shahar dorixonasig‘a ishga kirdi.
- 1916 yil sentyabr. Armiyadagi front okoplari ishlariga jalb etildi. Frontdan qaytdi (1917 yil fevral inqilobidan so‘ng).
- 1917 yil. Toshkent shahar militsiya komissari yordamchisi etib tayinlandi.
- 1918 yil. Shayxontohur tuman militsiya boshlig‘i etib tayinlandi.
Botir Mirodilovichdan: «Nega bobongiz 1912 yilda Qo‘qonga borib ishlagan?» — deb so‘radim. U kishi: «B-bom bu paytda ham Toshkent politsiyasining ta’qibida bo‘lgan. Politsiyachilarning ko‘zidan nariroq yurish maqsadida Qo‘qonga borib ishlaganlar», — dedilar.
Kaltaklangan pristav Rossiya shaharlaridan biriga yangi vazifaga ko‘tarilib ketgach va Mirzaxon aka politsiya amaldorlarining «tomog‘i»ni moylab, o‘g‘lining qilmishi uchun uzr so‘ragach, Musaxon Toshkentga qaytish imkoniga ega bo‘ladi.
Biroq shunda mardikorlikka olish bilan bog‘liq to‘polonlar boshlanadi. Toshkent qo‘zg‘oloni ishtirokchilaridan 34 nafari hibsga olinib, aksariyati qattiq jazolanadi. Jumladan, namoyishchilarni politsiyachilarga hujum qilishga da’vat etgan Abdurahmon Qayumsafiyev, Mirqosim Shomuhamedovni okrug harbiy sudi osib o‘ldirishga hukm qildi. Yoqub Murodrajabov, Tojiboy Yunusxo‘jayev, yo‘lchi Ibrohimov, Murodxo‘ja Muhammadalixo‘jayev, G‘ulom Kamolovlar uzoq muddatli katorga va surgunga hukm qilindilar.
Musaxon Mirazimovning aybi qonuniy asosda isbotlanmagach, unga bir oz yengil jazo berildi. Chor ma’murlari uni shubhali shaxs sifatida Turkistondan badarg‘a qilish kerak, degan xulosaga kelib, Toshkentdan mardikorlikka olinganlarning katta guruhiga boshliq qilib jo‘natishdi. U bu surgundan 1917 yil fevral inqilobidan so‘ng qaytdi.
Aytishlaricha, Musaxon aka 1916 yil qo‘zg‘oloniga qadar ham chorizmning o‘lkadagi mustamlakachilik siyosatiga qarshi yashirin harakatda faol ishtirok etgan. Toshkentdagi hozirgi Amir Temur xiyoboniga qarab tushgan ikki g‘ishtin binoning chap tomonidagisi tomi ostida o‘sha paytda yashirin bosmaxona bo‘lar ekan. Chor politsiyachilari shu bosmaxonani fosh etishlari ma’lum bo‘lib qolganida, Musaxon aka unga o‘t qo‘yib, binoning ikkinchi qavatidan tashlab qochgan ekanlar.
1917 yil 14 noyabrda Toshkentda hokimiyat bolsheviklar qo‘liga o‘tdi. Bir necha kundan so‘ng Musaxon Mirazimovni Turkiston inqilobiy qo‘mitasiga chaqirishdi. Bu yerda u bilan Votintsev suhbatlashdi.
— O‘rtoq Mirazimov, biz bu yerda maslahatlashib, sizni Toshkent militsiyasi komissari yordamchisi etib tayinlashni lozim topdik. Shunga nima deysiz? — dedi u.
— Ishonchingiz uchun rahmat! Biroq mening uzrim bor: birinchidan, men yo‘qsil emasman, o‘ziga to‘q ziyoli oiladanman; ikkinchidan, partiyasizman, tibbiyot xodimiman.
— Biz buni bilamiz. Ammo Siz chorizm istibdodiga qarshi kurashgan odamsiz. Yangi hukumatga esa hurriyat uchun astoydil kurashadigan, xalq orasida obro‘-e’tiborli kishilar kerak. Siz inqilobiy hukumatning yuksak ishonchiga sazovor bo‘layotgan birinchi mahalliy xalq vakillaridansiz.
Shundan keyin Mirazimov yangi lavozimda ishlay boshladi. 1918 yilda u Shayxontohur tumani mnlitsiyasi boshlig‘i, 1922 yilda zsa Toshkent shahar militsiyasi komissari etib tayinlandi. U bu lavozimda hayotini xavf ostiga qo‘yib, astoydil ishladi.
1919 yilda Toshkentda fojea ro‘y berdi. Isyonchi polkovnik Osipov 14 Turkiston komissarini harbiy qal’aga aldab chaqirib, hammasini otib tashladi. O‘shanda qal’aga chaqirilganlar orasida Musaxon Mirazimov ham bor edi. Oqshom uniig uyiga xabarchi kelib, qal’adagi yig‘ilishga taklif etganida, Musa Mirazimov unga: «Ortingizdan yarim soatda yetib boraman. Uyimda mehmonim bor, shuni kuzatib qo‘yishim kerak», — deydi. Xabarchi ketadi. Mirazimovda shubha paydo bo‘ladi. U o‘zicha: «Nega yig‘ilish Turkiston Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi binosida emas, harbiy qal’ada bo‘ladi? Bu yerda bir sir bo‘lsa kerak», — deydi-da, qal’aga bormaslikka qaror qiladi. Haqiqatda uning ko‘ngli shu kuni yomon bir hodisa sodir bo‘lishini sezgan edi. Bunday sharoitda uyda qolish ham to‘g‘ri emas. U uyiga mehmon bo‘lib kelgan kuyovi (singlisining turmush o‘rtog‘i) Qoplonbek bilan paranji yopinib, mahsi-kovush kiyib, Ko‘kchadagi bir do‘stinikida yashirinadi.
Ertasi kuni shaharda 14 komissar harbiy qal’ada otib tashlanganligi haqidagi xabar tarqaladi. Sibir o‘qchi polki Toshkentga yordamga yetib kelgach, harbiy qal’aga hujum boshlanadi. Isyon bostiriladi. Aytishlaricha, shunda isyonchilar boshlig‘i Osipov ham Toshkentdan Buxoroga paranji yopinib qochgan ekan.
Musaxon Mirazimov 1917 yil Oktyabr davlat to‘ntarishini shod-xurramlik bilan kutib oldi. O‘sha yili tug‘ilgan to‘ng‘ich farzandiga Hurriyat deb ism qo‘ygan. Sababi, u ham bolsheviklarning yolg‘on shiorlariga ishongan, xalqimiz chinakam hurlikka chiqadigan, milliy masalalar oqilona hal etiladigan, sobiq chor Rossiyasining katta imperiyasidagi barcha xalqlar birodar bo‘lib, erkin yashaydigan zamonlar keldi, deb o‘ylagan edi. Lekin yillar o‘tgach, bu orzulari xom xayol ekanligini seza boshladi. O‘lkadagi chor mustamlakachilari hukumati o‘rniga undan ham makkorroq, undan ham shafqatsizroq, undan ham mustabidroq hukumat kelganligini anglab yetdi. Qilayotgan ishidan ko‘ngli sovidi.
1925 yilda Musaxon Mirazimov o‘z sevgan sohasiga qaytdi. Dastlab O‘zbekiston Dorixonalar boshqarmasiga rahbar, sal vaqt o‘tgach, respublika sog‘liqni saqlash xalq komissarining o‘rynbosari lavozimlarida ishladi. Qisqa vaqt respublika sog‘liqni saqlash xalq komissari ham bo‘ldi. Undan so‘ng Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bo‘limi mudiri lavozimiga tayinlandi. Ishlab chiqarishdan ajralmagan holda o‘qib, oliy ma’lumotli shifokor bo‘ldi.
1936 yilda xalq salomatligini saqlash sohasidagi xizmatlari uchun O‘zbekiston hukumatining farmoniga binoan Musaxon Mirazimovga Mehnat Qahramoni unvoni berildi. 1943 yilda esa O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan shifokor yuksak unvoniga sazovor bo‘ldi, qator ordenlar, faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.
Bu kishini xalq «Musa komissar», «Musa mo‘ylov» ham derdi. Respublikamizdagi dastlabki diplomli shifokorlar avlodiga mansub bo‘lgan Musa komissar o‘sha yillarda o‘lkamizda keng tarqalgan, minglab kishilarning umriga zavol bo‘lgan chechak, bezgak, qizamiq kabi kasalliklarni tugatishda, o‘lkaning umumiy sanitariya holatini yaxshilashda, respublikada dorixonalar tarmog‘ini kengaytirishda katta jonbozlik ko‘rsatgan edi. Uning bu xizmatlarini xalq bilardi va shu bois, beqiyos hurmat qilardi.
Musaxon Mirazimov 20-yillarda Eski shaharda Turkiston xalq konservatoriyasining Toshkent bo‘limini tashkil etishda ham faol ishtirok etgan.
Hozir respublika dorixonalar boshqarmasi qoshidagi farmatsevtika muzeyida Musaxon Mirazimovning katta portretini ko‘rish va uning hayot yo‘li haqidagi ma’lumot bilan tanishish mumkin. Bu kishi o‘zbeklar orasidan chiqqan birinchi provizor sanaladi.
Musaxon akani bilgan kishilar uning nihoyatda xush muomalali, tashkilotchi, odamlarga e’tiborli inson bulganligini ta’kidlashadi. M. Mirazimovning farzandlari ham otalari izidan ketishdi. O‘g‘illari Isaxon va Po‘lat Mirazimov, nevaralari Temir va Botir Mirazimovlar shifokor-olimlar bo‘lib yetishishdi.
Hozir nomi Toshkent farmatsevtika aktsionerlik jamiyatiga qo‘yilgan, shu korxonani qurgan va unga uzoq yillar rahbarlik qilgan respublika farmatsevtika sanoatining asoschilaridan sanaladigan marhum Sultonbek Islombekov, Moskva endokrinologiya institutining professori, tibbiyot fanlari doktori, Rossiya Tibbiyot fanlari akademiyasining muxbir a’zosi, Rajabbek Islombekov, tibbiyot fanlari doktori, professorlar O‘tkir Islombekov, Erkin Islombekov Musaxon Mirazimovning zurriyodlaridirlar va ular mazkur zotni o‘zlarining ustozlari deb biladilar.
Hozir respublikamizning turli sog‘liqni yeaqlash muassasalarida mehnat qilayotgan, Musaxon Mirazimovga avlod bo‘lgan diplomli shifokorlar soni 40 nafardan ortadi.
Musaxon Mirazimovning shogirdi va do‘sti, bir umr farmatsevtika sohasida mehnat qilgan faxriy, 90 yoshli Sodiq Qori To‘laganov bilan suhbat asnosida: «Nega Musaxon Mirazimov Kommunistik partiya safiga o‘tmagan?» — deb so‘radim. U kishi: «Musaxon akam jadidlarga hamfikr edilar, — dedilar. — Toshkentning «Xizmatchi» mahallasida 1929 yilda ma’muriy idoralar tomonidan hibsga olinib, otib tashlangan jadid Eshonxo‘ja Xoniyning «Hayot» maktabi bo‘lardi. Eshonxo‘ja Xoniy oilasi bilan o‘zi tashkil etgan shu maktab binosining uch xonasida yashardi. Uning uyida Toshkentning ko‘zga ko‘ringan jadidlari tez-tez to‘planib turishgan. O‘shalar davrasiga Musaxon akam ham borib turardilar. Xoniyning uyiga Fayzulla Xo‘jayev kelganligini ham ko‘rganman.
Orifxo‘ja boyning Zokir ismli tatar kucheri bo‘lardi. Uning Sharifa ismli rafiqasi Xoniyning maktabida farroshlik qilardi. Shu kishilarning G‘ali ismli, men bilan ozgina oshnachiligi bo‘lgan o‘g‘li Xoniyning uyida jadidlar to‘planishganda ularga chay tashib, xizmat qilib turgan.
1937-38 yillardagi qama-qama paytida Musaxon akam har kecha kiyim-kechaklarini yostiqlari yoniga qo‘yib, qamoqqa ketishga tayyor bo‘lib yotganlar. Ammo omadlari chopib, qamalmay qolganlar.
Sodiq Qori otaning hikoyasicha, Musaxon Mirazimov umrining oxirgi yillari Alixon To‘ra Sog‘uniy bilan do‘stlashgan. «Bir kuni Musaxon akamning uyiga borsam, mehmonxonalarida Sog‘uniy domla bilan gurunglashib o‘tirgan ekanlar, — deb esladilar u kishi. —Men kirishim bilan Sog‘uniy domla jim bo‘lib qoldilar. Shunda Musaxon akam u kishiga meni ko‘rsatib: «Bu ishonchli odam, xavotirlanmang», — dedilar. Shunda men ular zamonaning nosozliklaridan gaplashib o‘tirishganligini his etdim.
Sog‘uniy domla Musaxon akam 1957 yilda vafot etganlarida fotihaxonliklarida bir kun qatnashganlar».
Aytishlaricha, Musaxon Mirazimovning vafotini xalq katta marosimga aylantirib yuborgan. Hukumat vakillari u kishining jasadini qutiga solib, orksstr sadolari ostida, ovro‘pacha dafn etmoqchi bo‘lishganda, Balandmasjid mahallasi aholisi qat’iy norozilik bildiradi. Ular: «Bu odam musulmon oilasida tug‘ilgan, musulmon bo‘lib yashab o‘tdi; musulmoncha dafn etamiz», — deb turib olishadi. Hukumat vakillari o‘z qarorlaridan qaytishga majbur bo‘lishadi. Shundan keyin marhumning jasadini milliy odatga binoan tobutga solib, minglab odamlar yelkama-elka ko‘tarib olib borib, Ko‘kcha qabristoniga dafn etishadi.
1997 yil.

