Aleksandr Tarasov. Taqirboshlar (2000)

“Rossiya — oriylar mamlakati! Bizni turli-tuman jidlar[1] va bolsheviklar shuncha xo‘rlashgani yetar endi. Biz, oriylar, bu yerda xo‘jayinmiz. Bundan keyin ham xo‘jayin bo‘lib qolajakmiz. Hokimiyat tepasiga kelganimizdan keyin hammani devor tagida safga tizamiz-da, shunday deymiz: “Jidlar va komissarlar — bir qadam olg‘a!” Keyin barcha jid va kommunachilar uzra pulemyot o‘qlari yog‘diramiz. So‘ngra shunday deymiz: “Qisiq ko‘zlar va “keti qoralar” — bir qadam olg‘a!” Keyin barcha “qisiq ko‘z” va “keti qoralar”ni konlarga va o‘rmonlarga haydaymiz. Ishlashsin-da… Yashasin Oriy Millatining Ming yillik Buyuk Reyxi!..”

1997 yil bahorida Moskvada bo‘lib o‘tgan White Power” mitingida ismi aytilmagan taqirbosh notiq nutqidan.

Siz sochi ustarada olingan, egniga bir xildagi qora jinsi shim va yoqasiz ola-bula kurtka, oyog‘iga balandposhnali harbiy botinka kiygan, yengiga quldorlik Konfederatsiyasi bayrog‘i chatilgan yosh yigitlar guruhlariga duch kelganmisiz? Taqirboshlar yoki boshqacha qilib aytganda skinhedlar[2] aynan shular bo‘ladi. Ular o‘zlarini qisqacha qilib “skin”lar deyishadi.

Ular haqida deyarli hech narsa yozishmaydi, biroq yirik shaharlardagi o‘smirlar orasida ularning nomi dostonga aylangan. Katta yoshdagilar, ayniqsa na faqat oddiy odamlar, balki qonun vakillari ham ularni ko‘rib ko‘rmaganga olishadi. Lekin ular o‘zlarining kim ekanliklarini mana men deb ko‘rsatib turishadi va kundan-kun surbetlashib va quturib bormoqdalar. 1998 yil noyabrida Arxangelskda millatchi skinlarning bir guruhini qamashdi, ular o‘sha yilning bahorida barcha “qora tanlilar”ni Arxangelsqdan zo‘rlab haydab yuborishni maqsad qilib qo‘ygan tashkilot tuzgan edilar. Guruh a’zolari — o‘n to‘rtdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar — svastika (xoch)li bog‘ich taqib olgan bo‘lib, “oriylar onti”ni ichgan edilar… Bor-yo‘g‘i ikki hafta ichida ular “kavkazliklar”ga o‘n martadan ko‘proq qurolli hujum uyushtirgandilar (qurbonlardan biri o‘n yetti joyidan pichoq yegandi). Arxangelsk kavkaz jamoalari rahnamolari mahalliy militsiya boshlig‘i huzuriga kelishgan va agar ish shu tariqa davom etaveradigan bo‘lsa, ular o‘z hamyurtlarini ommaviy tartibsizlikdan tutib qola olmasliklarini, natijada Arxangelsk huquq-tartibot organlarida, tabiiyki, “barchaning kovushi to‘g‘rilab qo‘yilajagi”ni ogohlantirgan edilar. Militsiya boshlig‘i so‘nggi gaplardan qatgiq sergak tortgandi — guruhni tezda aniqlashgan va hibsga olishgandi. Sudda, darvoqe, barcha a’zolarga shartli muddatlar berish bilan kifoyalanilgan va faqat guruhning o‘n sakkiz yashar rahnamosi Zikovgina yetti yilga kesilgandi. Shunisi qiziqki, sud irqchi tashkilot tuzish faktini “isbotlashga muvaffaq bo‘lmadi”.

Moskvada skinhedlarning “tozalovchilar” deb atalgan yana bir guruhi qo‘lga olingan. Guruh a’zolarining barchasi o‘smirlar: eng kichigi o‘n olti, eng kattasi o‘n to‘qqiz yashar. Guruh Moskvani “poytaxt qiyofasini bulg‘ayotgan” bomjlardan “tozalagan”, millatchi skinlar hech o‘ylab-netib o‘tirmay va millatini surishtirmay ularni o‘ldirgan. O‘lganlarning aniq miqdori ma’lum emas, chunki bomjlar o‘limi odatda tadqiq etilmay qolaveradi. Hozircha tergov “tozalovchilar”ga uchta qotillik va bitta qotillik suiqasdi aybini qo‘yib turibdi.

1999 yil sentyabrida Moskvada qo‘lga olingan Mixail Noumenko ham skinhed edi, u Shahar kunida bir qancha pravoslav ehromi va sinagoglarda portlashlar sodir etishni rejalashtirishda ayblangandi…

Ish faqatgina sanab o‘tilgan dalillar bilan cheklangan taqdirda ham, yumshoq qilib aytganda, mutlaqo bezarar bu yoshlar harakatini e’tibordan chetda qoldirish mumkin emas. Biroq keltirilgan lavhalar taqirboshlar sodir etgan ko‘plab zo‘ravonlik xurujlarining bir qismiginadir, xolos. Shu boisdan ham ular haqida iloji boricha batafsilroq so‘zlash zarur.

 

ROSSIYa SKINHEDLARI KIMLAR O‘ZI?

Ular to‘qsoninchi yillarning boshida paydo bo‘ldilar. 1992 yilda Moskvada bor-yo‘g‘i o‘ntacha skinhed bor edi. Ular o‘zlarini jim tutishar va asosan shahar markazida gasht qilib yurishar edi. Bu — o‘smirlar vahshiylashuvining sof mahsuloti edi, — dastlabki skinlar qayta qurish davrida sovet ommaviy axborot vositalaridan bilgan g‘arb skinhedlariga jon-jahdlari bilan taqlid qilar edilar. O‘shanda ingliz, nemis, sal keyinroq esa chex taqirboshlari haqida hikoya qilish urf bo‘lgandi.

Biroq 94-yil boshida skinhedlar garchi ommaviy bo‘lmasa-da, ko‘psonli va ko‘zga tashlanuvchi hodisaga aylandi (nima uchun ayni shu yili sodir bo‘lgani haqida quyiroqda so‘z yuritamiz). Shundan keyin esa dumalatilgan qor kattalashib boraverdi. 1999 yil oxiriga kelib Rossiyada yigirma mingdan ortiqroq skinhed mavjud edi: Moskvada salkam to‘rt mingta, Peterburgda uch mingga yaqin va Nijniy Novgorod, Rostov-Don, Yaroslavl, Pskov va Kaliningradda ikki mingtagacha. Yana yigirmatacha shaharning har birida sal kam minggadan taqirbosh bor edi.

Skinhedlarning sakson foizi asosan yuqori sinf o‘quvchilari, PTU o‘quvchilari yoki ishsiz yoshlar edi. Ularning ko‘pchiligi turarjoylari yoki o‘qish joylarida kichik-kichik to‘dalarga birlashgan edilar va jiddiy qilib aytganda siyosiy tashkilotlar hisoblanmas edilar. Biroq Moskvada ikki siyosiylashtirilgan, jiddiy ravishda nasablashtirilgan “Skinlegion” va “Blood and Honor — Rus filiali” skinhed tashkiloti mavjud. Ularning har birida yuzdan yuz elliktagacha a’zo bor. Peterburgdagi “Rus mushti” tashkilotida va Nijegorodning “Shimol” guruhida taxminan shunchadan, Yaroslavldagi “White Bears” guruhida bundan ozroq a’zo bor. Mayda, ammo yaxshi intizomlashtirilgan va puxta tuzilmali skinguruhlari ham mavjud. Moskvadagi “Rus maqsadi” shular jumlasidan hisoblanadi (har birida qariyb yigirma beshtadan a’zo bor). Hattoki “Rus qizlari” degan millatchi skinfeminachilar guruhi ham mavjud.

Taqirboshlarning o‘z matbuoti ham bor. Masalan, 1998 yilda “Oqbuldoglar” va “Lefortov fronti” guruhlaridan yuzga yaqin skin Moskvada “Birlashgan brigadalar 88” uchinchi yirik skinlar birlashmasini tuzdi va darhol axborot jabhasida shiddat bilan faoliyat ko‘rsata boshladi. Ular “Oq qarshilik” jurnali nashr qilishadi va Internetda “Rus taqirboshlari” saytini tashkil etishdi. Bu ham yagona skin-nashr emas edi. “Nul ostida”, “Otvertka”, “Stop”, “Men — oqman”, “Street — fighter” degan jurnallar ham bor. “Yashin shu’lalari” o‘ta o‘ng aksilmadaniy jurnali ham yarim skinhedcha hisoblanadi. “Rus taqirboshlari”dan tashqari Internetda skinlarga mo‘ljallangan yana boshqa saytlar ham bor, “Stormfront” Amerika skinhedining “rus oynasi” sayti shular jumlasidandir.

Musiqali skin-madaniyat ham shiddat bilan rivojlanmoqda. Bizning taqirboshlarimiz musiqada “oy!”[3] usuliga moyil. Eng ko‘p musiqali skinguruhlar Moskvada: “Shturm”, “Kolovrat”, “Oq buldoglar”, “Radagast”, “Vandal”, “Divizion”, “Krek” va boshqalar. “Terror” pank-oy! — guruhi ham mashhur. Mana shu guruhlar ko‘pchilik e’tiborini tortib turibdi. Peterburg va Yaroslavldagi ikki guruhgina moskvaliklar bilan raqobatlasha oladi, xolos. Dastlab bu ikki guruh “Tottenkopf” degan bir xil nom bilan aytilar edi (SS diviziyasi sharafiga “O‘lik bosh” deb nomlangan). Keyinchalik yaroslavlliklar o‘z jamoalari nomini “TNF”gacha qisqartirdilar, birmuncha vaqt o‘tgandan keyin esa bu qisqartmani “Terror National Front” degan xiyla dabdabali nom bilan yoyib talaffuz eta boshlashdi.

Skin guruhlari qo‘shiqlari matni haddan tashqari tajovuzkorona bo‘lib, odatda ancha jo‘n va aytarli estetik zavq bag‘ishlayolmaydi. “Terror” guruhi repertuaridan bir qo‘shiq matnini keltiraman (muallif — Oleg Abramov (“Gastello”), “Sekston” klubining sobiq direktori, rok-tusovka va umuman “aksilmadaniy doiralar”da yaxshi tanilgan odam):

Kavkazliklar ko‘payib ketdi,
Bosh ko‘tardi negr beboshvoq.
Lekin ko‘cha-ko‘ylarimiz va —
Diskoteka qizlari uchun,
Negr hamda turklarga qarshi
Va rus xalqi borligi uchun
Xit va yoki o‘tirib chiqqan
“Vatanparvar” emas, aslida
Kurashadi taqirboshlilar!
Allaqanday qora “kelgindi”
Qarshisida taqirbosh, moxov,
Bunda masjid emas, albatga,
Aks etgaydir rus manzarasi!
Kavkaz-mavkaz deganning barin
Qirmoq kerak beayov, beshak.
Farzandlar-chun o‘rnatmoqchimiz —
Ruscha tartib-intizomni biz.

Bunday matn, albatta, JK ning 282-moddasi (“milliy, irqiy yoki diniy adovat qo‘zg‘ash”)ga to‘g‘ri kelib turibdi, biroq hech kim hech qachon biron-bir musiqali skin guruhini javobgarlikka tortishga harakat qilmadi. Darvoqe, “Gastello”ning boshqa matnlariga nisbatan bu g‘oyat mo‘tadil bo‘lib, umuman sal bo‘lmasa “yuksak adabiyot namunasi” hisoblanadi.

Kiyim-kechakda bizning skinlarimiz o‘zlarining g‘arblik maslakdoshlariga taqlid qiladilar. Quldorlik konfederatsiyasining odatda yengga yoki “bomber” kurtkasi orqasiga chatiladigan bayrog‘iga muhabbat — Rossiya taqirboshlarining xususiyati hisoblanadi. Svastika, kelt xochi, Gitler surati, 88 raqami (ya’ni “Heil Hitler”) yoki WP (“White Power”) harflari ko‘rinishidagi yonpistirmalar kamroq tarqalgan. Skinlar odatda o‘zlari bilan hech qanday qurol olib yurmaydilar (“javobgarlikka tortilmasliklari” uchun), biroq mushtlashuvlarda zilday to‘g‘ali, qo‘lga o‘rab olingan kamarlardan foydalanadilar. Skin-modaning so‘nggi “ixtiro”si — kamarni go‘yo jimjimali zanjir bilan bezashdir. Aslida esa zanjir bu ixtironi yanada xatarli vositaga aylantiradi.

Bizning taqirboshlarimizning boshlaridan nimalar kechayotganini men yozib olgan intervyudan bilib olsa bo‘ladi. Bu suhbat menda kuchli taassurot qoldirdi, o‘ylaymanki, u har qanday o‘zini bilgan madaniy odamda shunday taassurot qoldiradi. Shuni alohida ta’kidlaymanki, mening hamsuhbatlarim moskvalik skinhedlar edi, ya’ni mantiqan olib qaraganda ular ko‘proq rivojlangan, savodli va “madaniy” skinhedlardir.

Birinchi intervyuni men metroda besh yigitdan iborat guruhdan oldim, ularni o‘z savollarim bilan bir qora tanli talaba qizdan (aftidan dravid — hind qizi bo‘lsa kerak) chalg‘itdim. Shu suhbatning eng qiziqarli joyiga quloq soling-a:

— Biz mamlakatimizni himoya qilayapmiz, bilding!

Men: Yo‘q, men jiddiy so‘rayapman. Mana, masalan, Hindistondan kelgan talaba qiz — u mamlakatimizga hujum qilgani yo‘q-ku, to‘g‘rimi? Hujum qilganda ham uning bir o‘zining qo‘lidan nima ham kelardi?

— Menga qara, manovi kallamizni qotirib…

— Yo‘q, u rostdan ham obqochmayapti…

— Qisqasi, demak, gap bunday. Hammasiga bolsheviklar aybdor. Bildingizmi? Bu shunaqa yahudiycha fitna bo‘lgan. Yahudiylar butun dunyoni egallab olmoqchi. Hech narsa qilmasa-da, hammaning qonini so‘rsa. Buning uchun ular Rossiyada revolyutsiya yasashgan…

— Chunki Rossiyada ularni ko‘z ochirishmagan…

— Ha, chunki Rossiyada ularni qisib qo‘yishgan, Amerikada esa bunaqa gaplar yo‘q. Ular Amerikada hammasi millioner bo‘lib ketgan. Bizdagilar esa, xullas, bari qamoqda o‘tirib chiqqan…

— Platon, to‘xta, men gapiray! Ular, xullas, Rossiyada revolyutsiya yasashgan, maqsad — shohni ag‘darish bo‘lgan, o‘rniga, xullas, o‘zlari shoh bo‘lmoqchi bo‘lishgan. Maqsad — hamma narsa ular uchun zo‘r, qiyomat bo‘lishi kerak. Chunki hamma kommunachilar — g‘irt jidlar bo‘lgan: Karl Marks jid bo‘lgan, Trotskiy, Lenin…

— Yo‘q, Snayder, Lenin, haligi… boshqird bo‘lgan…

— O‘zing boshqird… Men aniq bilaman: Lenin jid bo‘lgan, familiyasi aytib turibdi… qip-qizil jidcha… Nimaydi, xah, esim qursin, bir nima edi-ya…[4]

— To‘g‘ri, bizga hatto tarix muallimamiz ham shu to‘g‘rida gapirgandi…

— Ana… xullas, ular revolyutsiya yasashgan va urush boshlashgan…

— Fuqarolar urushi…

— Snayder, suqilmay tur…

— …maqsad ruslarni ko‘proq yo‘q qilish… Lekin ularni u yerda ham rosa tuzlashgan, biroq ular (baribir) urushda yutib chiqqanlar. Rossiyani, xullas, o‘zgartirganlar, va “chetan” bilan to‘sganlar… Lekin Stalin bu rejaga qarshi chiqqan — ularni to‘xtatishga, Rossiyani qutqarishga qaror qilgan…

Men: Shoshma, shoshma. Stalin gruzin edi-ku…

— Stalin osetin edi. Osetinlar esa — bu oriylar. Ruslarga o‘xshab. Osetinlarni aslida alanlar deb atashgan. Bu eng qadimgi oriylar… Umuman, Stalin Leninni yo‘ldan urgan (!), Trotskiyni otdirgan (!)…

Men (chidayolmay): Marks-chi?

— Ie, og‘ayni, qanaqasiz o‘zi, biz sizga odam deb gapirsak, siz bizni lo‘q deb o‘ylayapsiz, shekilli! Marks o‘shanda chet elda edi(!), besh qo‘lday ma’lum!… Umuman, Stalin jidlarni siqqan va Rossiyani qayta tiklay boshlagan…

Men: Bir narsani tushunmayapman. Stalin kompartiya tepasida turgandi…

— U niqoblangan edi, bildingizmi? Uning uchun bu barcha kommunachilar g‘irt boshog‘rig‘i bo‘lgan, dardisarlar. Axir u jidlarni ochiqchasiga o‘ldirolmasdi-da, chunki ularning hammasi baravar tashlanishi mumkin edi: Amerika ham, Angliya ham, yana shunga o‘xshaganlari… Stalin buni darrov sezib qolgandi, bilasizmi, u qanaqa aqlli edi? Ha, qo‘rqardi ham, albatta. Chunki jidlar butun G‘arbni egallab olgandi-da. O‘shanda Amerika prezidenti kim edi, bilasizmi?

Men: Ruzvelt.

— Ana. Bu jid. G‘irt jidcha familiya. Sinagogda ularda shunaqa lavozim bor edi — u, haligi… qurbonliq rasm-rusmlarini… xullas… ho‘llaydigan bo‘lgan[5]. Shuning uchun u[6] bu ishni[7] Gitlerga topshirgan… Gitler… haliginday… sallasini desa kallasini olib keladiganlardan bo‘lgan, hech narsadan qo‘rqmagan. O‘sha yo‘q qilsin deb Stalin ataylab hamma jidlarni unga qoldirgan. Lekin Gitler haddan oshib ketgan va slavyanlarni ham yo‘q qilishga qaror qilgan… Xullas, biz uni yengdik…

— Platon, juda maydalashtirib yubording-ku o‘ziyam… O‘zim aytay. Demak, bunday: yahudiylar Stalinni yo‘ldan urishgan… “Vrachlar ishi” shunaqa bo‘lgan… Ularni hatto bir boshdan burab chiqishgan… Lekin Stalin o‘lib qolgan — xudo berdi deb bari bilganini qilgan, hammasini qo‘yib yuborishgan.

— U yerda sizlarnikidan bittasini ham qamashgani yo‘q!

— Sen jim tur, Tulip, bilmasdan gapirma. Qamashgan. Keyin bu nusxani qo‘yib yuborishgan. Meni juda go‘l deb o‘ylayapsanmi? Men buni maktabda darsda javob berganman…[8] Stalindan keyin Xrushchyov bo‘lgan, shundaymi? Uning xotini yahudiy bo‘lgan. Xrushchyov zimdan mamlakatni yemirib borgan — bolsheviklar boshda o‘ylashganiday qilib. Mana, hozir o‘sha niyatlariga yetishishdi. Endi esa ular ataylab bizga hamma qoralarni, hamma vetnamlik, xitoylik, kavkazlik, shunga o‘xshaganlarni olib kelishayapti… SPID deysanmi, giyohvandlik deysanmi, barini… Ishqilib, rus xalqi yo‘qbo‘lib ketsin, manovi qoralar bo‘lsa xuddi mahalliydek pinaklarini buzishmaydi…

Skinlarning boshqa guruhlaridan olgan ikkinchi intervyu mavzusi xiyla torroq — shaxsiy siyosiy afzallik:

Men: Siyosatchilardan qaysi biri sizga yoqadi?

— Bittasi ham yoqmaydi. Hammasi bir go‘r.

Men: Endi-da… Mana, masalan, Zyuganov.

— U kommunist-ku! Kommunistlarni bitga qo‘ymay qirib tashlash kerak…

— To‘ppa-to‘g‘ri. Ular qoralar bilan bitta, har turli negrlar bilan. Ular… nimaydi… xah, la’nati… transseksuallarga o‘xshagan…

— Internatsionalchilar… (Umumiy jonlanish).

— O! Qoyil! Kuzma so‘z topadi! (Ikkalasi baravariga qichqiradi va uchinchisining yelkasidan qoqadi). Professor!

Men: Yaxshi. Lebed-chi?

— Lebed — yomon odam emas, desantchi…

— Yiqildiyu chuvi chiqdi…

— Be, Lebed — eshshak! U chechenlar bilan til topishdi!

— Nimalar deyapsan! Lebed chechenlar bilan jang qilgan!

— Bilmasang bilib qo‘y: Lebed chechenlar bilan til topishdi!

— Shu gapingga javob berasanmi?

— Javob beraman!

Men (gap qo‘shaman): Bo‘pti-bo‘pti, qizishmanglar! Gaydar-chi, u qanaqa odam?

— Semiz k…t!

— Xalqni qiynash evaziga semirib, terisiga sig‘may ketgan — sal tegsang, tars yoriladi!

— U yahudiy-ku!

Men: Shoshmang, nega Gaydar yahudiy bo‘larkan?

— Kim bo‘lmasa?

Men: U yozuvchi Gaydarning nevarasi-ku, u esa rus edi.

— Bilmayman bunaqa yozuvchini.

— Men esa bilaman. Fuqarolar urushida komissar bo‘lgan. Juda chapdast bo‘lgan. O‘taketgan qizillardan. Biznikilarning yelkasidan yulduz o‘ydirgan, tilini sug‘urgan, ko‘ziga mil tortgan, tirnog‘i ostiga igna suqqan… G‘irt dajjolning o‘zi. Bizga Kalamush so‘zlab bergandi…

Men: Kim?

— Maktabdagi kimyo muallimamiz[9].

Men: Bo‘pti, Gaydarni bildik. Chubays-chi?

— O! (Baravariga shovqin solishadi). Malla! Anovi-da, nimaydi, vaucher!

Men (o‘zimni noqulay sezib): “Vaucher” nima degani?

— Nima deysizmi? Tampaks-da, nima bo‘lardi!

— Qanotchalari bor!

— O‘zingning qanotchalaring bor! Bu Yeltsinning suvrati tushirilgan qanaqadir qog‘oz bo‘lardi!

— Aljirama! Yeltsinning suvrati tushirilgan bironta qog‘ozni ko‘rganmisan o‘zi? Hali Klinton ham dersan?

— Dollar! (Gurr kulgi).

Men: Yeltsin-chi?

— Qo‘ysangiz-chi o‘shani! Bir oyog‘i go‘rda. Zo‘rg‘a yuradi. Prezident emish tag‘in!

— Chechenlarga urushni boy berdi!

— Kommunachilar bilan jidlar shoh oilasini otgan cherkovni portlatib yubordi[10].

Men: Limonov-chi?

— Yozuv-chiii! (o‘ta nafrat bilan).

— U o‘zi hez-ku. Amerikada u negrlarning qora qozig‘iga o‘tirgan! Bu haqda uning o‘zi yozgan. Bilaman. “Mening san’atdagi jinsiy hayotim”[11] degan kitobchasida.

Men: Lujkov-chi?

— Lujkov — durust. U “qoralar”ni Moskvada shunaqangi qisib qo‘ydiki, churq etolmay qolishdi. Mard odam.

— Qayoqda mard? Sevastopol uchun xoxollarni ozmuncha oborib-obkeldimi?

— To‘g‘ri qiladiyam! Sevastopol — bizniki!

— A-ha. Bizniki. U Sevastopolni deb bizni Ukraina bilan urush qilishimizni xohlaydi. Biz u yoqda bir-birimizning go‘shtimizni yesak, Amerika suyunganidan chapak chalsa kerak…

Men: Barkashov-chi?

— Barkashov — bu vabo. U karatechi. Undan hamma qo‘rqadi.

— Uni otishgan… Qattiqqo‘l odam…

— A-ha. Qamoqqa tiqishgan…

— U faqat rus xalqini o‘ylaydi…

Men: Siz RNE ga a’zo bo‘lib kirarmidingiz?

— Hecham. Nima — jinnimanmi? Safdan chiqmay yurishing kerak. Maktabdagiday qayoqdagi narsalarni o‘rgatishadi…

— Nima? U yerda quroldan o‘q uzishni o‘rgatishadi…

— Nimalar deb valdirayapsan? Qanaqa quroldan? Qo‘lingga mintta varaqani tutqazishadi-da, yurasan ko‘chama-ko‘cha tarqatib. Tarqatib bo‘lmaguningcha qaytib kelish yo‘q. Mana senga qurol…

— Men kirgan bo‘lardim… Agar “shmayser” berishsa. Faraz qil: anov kommunachilar jidlar bilan birgaliqda mitingga chiqishgan — anpillar deysanmi, terpillar deysanmi, baridan bor… Men esa jidlarni “shmayser”dan “paq”, “paq”, “paq” terib tashlardim…

Men: Chet el siyosiy arboblaridan sizga kimlar yoqadi?

— Qaysilarini aytayapsiz, hozirgilarimi?

Men: Yo‘q, nega endi. Tarixiy arboblari ham.

— Aleksandr Makedonskiy. U yarim dunyoni egallagan.

— Stalin[12].

Men: Nima uchun?

— Shu, qattiqqo‘l odam bo‘lgan. U barcha dushmanlarini bosh egdirib olgan. Kommunachilarni, har xil buxarinchilarni 37-yilda otdirib tashlagan. Jidlarni ham lagerga haydagan. Shundan keyin hammasi izga tushib ketgan.

— Ja gapirasan-da. Stalin bo‘lganda bizlarni ham lagerga haydagan bo‘lardi.

— Stalin o‘zi kommunachi bo‘lgan! U hamma rus dehqonlarini kolxozlarga kiritgan.

— Kiritib to‘g‘ri qilgan. Mana, hozir kolxozlar yo‘q — endi ular hech balo qilishmayapti. Hamma don chel eldan keladi…

Men (uning so‘zini bo‘lib): Bo‘ldi, bo‘ldi, tushundim. Stalindan boshqa tag‘in yana bitta-yarimtani…

—   Gitler. Erkaklarning erkagi bo‘lgan.

Men: Lekin u bizga hujum qilgan-ku…

— Ha, hujum qilib chatoq qilgan! Aslida aksi, do‘stlashishi kerak edi! Oq odamlarning yagona reyxini tuzish uchun biz bilan shartnomasi bor edi…

 

BO‘HRON VA ZO‘RAVONLIK FARZANDLARI

2000 yildan 1994 yil boshlariga qaytamiz. Bu paytda bir necha hafta ichida skinhedlar miqdori Rossiyada kam deganda ikki baravar ko‘paydi.

Tashqaridan qaraganda bu 1993 yil sentyabr-oktyabr voqealari bilan bog‘liqday edi, bu vaqtda Yeltsin har qanday bahsda eng ishonchli asos — zo‘ravonlik ekanini barchaga amalda ko‘rsatgan edi. Buni juda yaxshi o‘zlashtirib olgan o‘smirlar ham topila qolgandi. Moskva universitetlari gumanitar fakultetlarining bugungi o‘quvchi va talabalari shuni yaxshi eslashadiki, ko‘p o‘tmay skinhedlar bo‘lib qolgan ularning sinfdoshlari yoki maktabdosh og‘aynilari 4-oktyabr kuni parlamentni tanklar yaqin masofadan o‘qqa tutganini hangu mang holda kuzatib turgan bekorchixo‘jalar olomoni ichida bo‘lishgan. Moskva skinlari miqdorining o‘sishiga, darvoqe, parlamentning o‘qqa tutilishidan ko‘ra ko‘proq Moskvadagi “maxsus holat”ning keyingi davri ta’sir ko‘rsatdi. Bunda ko‘chalarda politsiya terrori hukm surardi, u juda tezlik bilan irqchilik (rasman — g‘ayrikavkaz) tusini olgandi.

4-oktyabrning o‘zidayoq armiya va OMON harakatlari goho oshkora irqchilik tusiga kirar edi. Masalan, parlament deputati, Rossiya sotsial-demokratlarining rahnamolaridan va Rossiya konstitutsiyasini ishlab chiquvchilardan biri Oleg Rumyantsev ko‘chada prezident desantchilari tomonidan qo‘lga olingan va vahshiyona kaltaklangan edi (jumladan, uning jag‘i singan va buyragi lat yegandi). Kaltaklashga rahbarlik qilayotgan desantchi zobit esa xursand holda: “A-ha, qo‘lga tushdingmi, jidvachcha!” deb qichqirgan. Xanush Fadiy va Salit Assaf degan ikki livanlik talaba esa bosh prokuraturaning 1993 yil sentyabr-oktyabr voqealarini o‘rganuvchi maxsus tergov guruhi aniqlaganidek, yuz-andomlari oriylarga aslo o‘xshamaganligi uchungina 4-oktyabr kuni OMON tomonidan kaltaklangan va otib tashlangan[13].

Maxsus holat” davrida Moskvada hech qanaqangi qonunchilik yo‘q edi, konstitutsion kafolatlarga rioya qilinmasdi, inson huquqlarining toptalishi (noqonuniy sudsiz tintuvlar, hibsga olishlar, talonchiliklar, kaltaklashlar hamda militsiya va OMON tomonidan qiynoqqa solishlar) ommaviy tus olgandi. Tashqi ko‘rinishi slavyanlarga o‘xshamagan minglab odamlar hibsga olingan, kaltaklangan, talangan va Moskvadan haydab yuborilgan edilar. Ularning barchasini yoppasiga almisoqdan qolgan “kavkaz millatidagi shaxslar ro‘yxatiga tirkab qo‘yishgandi. OMON va militsiya “kavkaz millatidagi shaxslar”ga qarashli do‘koncha va chodirlarni ishtaha bilan talar edi, Moskva bozorlarida OMON necha marotalab chinakamiga bosqinlar o‘tkazdi, ularda “kavkazliklar”ning pullarini, javohirotini va mollarini tortib oldilar, ayovsiz kaltakladilar. Kavkaz odamlari bilan bir vaqtda jabrdiydalar orasida Bolqondan, O‘rta Osiyodan kelgan kishilar, Hindiston, Pokiston, Eron fuqarolari, shuningdek, yahudiylar va arablar bor edi. Birlashgan Arab Amirliklari diplomatlarini hibsga olish, kaltaklash va talash bo‘yicha BAR elchixonasi hatto Rossiya IIVga norozilik bildirdi. Armaniston, Gruziya va Ozarbayjon elchixonalari tomonidan ham xuddi shunday noroziliklar bildirilgandi. Bir qancha ingliz gazetalari, shu jumladan “Moscow Times” ham hech o‘ylab-netib o‘tirmay ularda e’lon qilingan maqolalarga “Racist Pogroms in Moscow” deb sarlavha qo‘ygandi[14].

Bu zulmlar ustidan qilingan ko‘plab shikoyatlar hatto ko‘rib chiqilmasdi. Yagona “jinoyati” irqiy tafovut bo‘lgan jabrdiydalar sudda o‘z manfaatlarini himoya qilishdan mahrum bo‘lgan edilar. Shunday voqealardan biri — asli millati ozarbayjon bo‘lgan ikki Gruziya fuqarosining noqonuniy hibsga olinishi, talanishi, vahshiyona kaltaklanishi xujjatlar ilova qilingan holda “So‘l gazeta”da batafsil tasvirlangan edi. Sudda, keyin esa prokuraturada Gruziyaning bu ikki fuqarosi arizasini qabul qilishdan keskin bosh tortishgan. O‘sha maqolada noqonuniy qo‘lga olinganlarning ommaviy tusda vahshiyona kaltaklanishi, ayrim hollarda og‘ir oqibatlarga duchor qilinishi tasvirlangan (tojik millatidagi qo‘lga olinganlardan birining kaltaklashlar natijasida umurtqasi singan)[15].

OMONchilarning tashqi ko‘rinishi “uncha oriycha” bo‘lmagan odamlarni talaganlarini va asossiz ravishda tepkilaganlarini ko‘rib va hokimiyatlarning tegishli “vatanparvarlik” va’zlarini eshitib, qo‘shni tumanlardagi uncha yaxshi bo‘lmagan oilalarning ikkinchi o‘smirlari “taqlid uchun yaxshigina namuna”ga ega bo‘ddilar.

Birinchi Checheniston urushi va hukumat miqyosida unga hamohang bo‘lgan buyuk hokimiyatchilik, imperiyaparast, millatchilik kampaniyasi ham skinlar miqdorining oshishiga yanada yaqqolroq ta’sir ko‘rsatadi.

Skinlar bilan hech kim kurash olib bormasdi. OMON “kavkazliklar”ni “biryoqlik qilib” bo‘lguncha xiyla zaif va qo‘rqoq skinlar qurbon sifatida O‘rta Osiyodan kelgan yoki “uchinchi dunyo” mamlakatlari odamlarini, birinchi galda “qoralar” va “qisiqko‘zlar”ni ko‘z ostiga olib qo‘ydilar. Shaharlar bo‘yicha birmuncha xilma-xillik kuzatildi. Moskvada skinlar asosan afrikaliklar va hindlarga, Peterburgda afrikaliklar, nepalliklarga, xitoyliklarga, Nijniy Novgorodda — O‘rta Osiyo aholisiga, ko‘proq Tojikistondan kelgan qochoqlarga hujum qilar edilar. Hamma joyda, asosan Nijniy Novgorodda, militsiya skinlarga xiyla ko‘proq xayrxohlik bilan qarar, ularga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atishdan bosh tortar edilar. Nijniy Novgorodda tojiklar militsiyaga murojaat qilishdan umuman qo‘rqar edilar — bu “noqonuniy kelganligi uchun” hibsga olish va orqasidan pora tama qilish bilan tugardi, oladigan hech vaqosi bo‘lmasa kaltaklar va mamlakatdan haydab yuborar edilar. Bu misol shunisi bilan ko‘proq qiziqarliki, Nijegorod gubernatori o‘sha vaqtda mashhur neoliberal Boris Nemtsov edi. Ma’lumki, Nemtsov Chechenistondagi urushga qarshi million imzo to‘plagandi — shu bilan bir vaqtning o‘zida uning o‘z uyida irqchilik terrori avjga chiqqandi!

Albatta, skinhedlik harakatining barq urishiga faqatgina siyosiy voqealar ta’sir qilmagandi. Rossiyadagi yoshlar muhiti ichida skinlar tez o‘sishi va qaror topishi uchun ikki omil asos yaratdi: iqtisodiy bo‘hron va ta’lim tizimining barbod bo‘lishi.

1991 yildan boshlab halokatli iqtisodiy tanazzul Rossiyadagi millionlab odamlarni ishsizga aylantirdi. Ya’ni ko‘plab odamlar rasman ishsiz bo‘lmasalar-da, aslida ishsizlar edilar: korxonalar yo to‘xtab yotardi, yoki yollanma ishchilar yarim yillab, goho bir yillab ish haqi ololmas edilar. Ilgari boy bo‘lmasa-da, biroq mutlaqo qoniqarli holda yashab kelgan (g‘arb tasavvuricha middle middle class va low middle class[16]) aholining mutlaq ko‘pchiligi birdaniga qashshoq bo‘lib qolgandi.

Bular barchasi hatto mulkiy emas, balki psixologik halokatga olib keldi: sovet tajribasining uzoq davom etgan o‘n yilliklari davomida odamlar kafolatlangan to‘la bandlikka, ta’lim va sog‘liqni saqlashdagi davlat homiyligiga, shuningdek, boshqa ijtimoiy dasturlar sohasida — masalan, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari, bolalar buyumlari, turar-joy, kommunal xizmatlar, jamoat transporti va hokazolarning subsidiyalashgan, aksariyat ramziy narxlariga odatlanib qolgan edilar. Oddiy hayot tarzidan mahrum bo‘lgach, Rossiya aholisi juda tez yovvoyilasha boshladi: jinoyatchilik, ichkilikbozlik va giyohvandlik mamlakatni bosib ketdi. Miyalarida qanday qilib tirikchilik qilsa bo‘larkindan bo‘shamay qolgan ota-onalar bolalar tarbiyasini esdan chiqarib yubordilar. Oilaviy janjallar va oiladagi zulmu zo‘ravonlik oddiy holga aylandi. Ruhiy kasallik bilan og‘riganlar soni bir necha baravar oshdi. Sharoitlar izdan chiqqan mintaqalarda hatto ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizishga navbatda turish kerak bo‘lib qoldi — navbat muddati ham chakki emas: odamlar ikki-uch yillab kutadilar. Ochlik, kaltaklashlar va tirikchilikning chidab bo‘lmas sharoitlari tufayli uydan bosh olib chiqib ketishlar, farzandlaridan voz kechishlar ommaviy hodisa bo‘lib qoldi: hozir Rossiyada kam deganda 4 million yetim bola bor. Agar 1918-1921 yillardagi Fuqarolar urushidan so‘ng bugun Sovet Ittifoqi bo‘yicha 6 million yetim bo‘lganini esga olgudek bo‘lsak, bu haddan tashqari ko‘pdir.

Iqtisodiyotning barbod topishi bilan bab-baravar ta’lim va tarbiya tizimining ham barbod bo‘lish jarayoni davom etardi. Bir tomondan bu, albatta, iqtisodiy tanazzul oqibati edi: SSSRda butun maktab tizimi davlatniki edi va agar davlat daromadi oxirgi o‘n yilda 8-10 baravar pasaygan bo‘lsa, bu maktabni moliya bilan ta’minlashga ta’sir qilmay qolmasdi. Natijada so‘nggi yillarda moliyaviy sabablar bilan mamlakatda har yili 400-450 maktab yopilar edi va shunga munosib ravishda shu maktablar o‘quvchilarining katta qismi ta’lim olish imkoniyatidan mahrum bo‘lardi. Sibirda, masalan, 1997 yilning o‘zida harbiy komissariatlarning rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, chaqiriluvchilarning 7 dan 11 foizigacha savodsiz ekan. 1999 yilga kelib ahvol yanada yomonlashgan. Qanchalab maktab yoshidagi bolalar maktabga bormayotgani aniq emas (rasmiy ma’lumotlar yo yo‘q, yoki ular sir tutilmoqda). Biroq Rossiya IIV bo‘limi ma’lumotlariga binoan, balog‘at yoshiga yetmaganlar orasida qonunbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha maktab yoshidagi qonunbuzarning har o‘ninchisi 1999 yil bahorida hatto boshlang‘ich ma’lumotiga ham ega emasdi[17].

“Totalitarium bilan kurash” bahonasida Rossiyada tarbiyaning taqiqlab qo‘yilishidan jiddiyroq omil bo‘lmasa kerak! “Tarbiya” degan tushunchaning o‘zini nimagadir tarqatib yuborilgan, ammo o‘rniga hech qanaqa tashkilot tuzilmagan komsomol va pioner tashkilotlari bilan bog‘lab qo‘ydilar. Men qaytadan barchani zo‘rlab komsomolga va “yosh leninchilar” tashkilotiga haydab kirishga da’vat etmoqchi emasman. Ammo shu narsani esdan chiqarmaslik kerakki, ular na faqat mafkuraviy ish bilan, balki barcha boshqa yoshlar faoliyati — san’at, sport, turizm va hokazolar bilan shug‘ullanar edilar. Komsomol sport musobaqalarini, rok va folk-festivallarini tashkil etar va o‘tkazar, jihozlar sotib olar va yosh shaxmatchilar yoki aviamodelchilar to‘garaklaridan tortib to raqs va g‘orshunoslik to‘garaklarigacha bo‘lgan turli-tuman yoshlar mashg‘ulotlari uchun xonalar taqdim etar edi.

Bu yog‘ini so‘rasangiz, “maktabni mafkuradan chiqarish” bahonasida Ta’lim vazirligi o‘z hujjatlarida “tarbiya” so‘zining o‘zini taqiqlab qo‘ydi. Pedagogika didaktika (va’zgo‘ylik) darajasiga tushirib qo‘yildi. Dastavval maktab o‘qituvchilari baxtli edilar: mehnat haqi oldingidek qoldirilgan holda dars soatlarining yarmini olib tashlandi. Shunda sodir bo‘layotgan barcha ishlar bema’nilikdan boshqa narsa emasligi hech kimning xayoliga kelmagandi, chunki maktabdagi tarbiya muammosining katta qismi na sovet hokimiyati, na kommunistik mafkuraga zarracha aloqador edi, balki an’anaviy ovrupocha madaniyatning odatdagi buyumi bo‘lib, asosiy tarkiblari ham Aristotelga borib taqalardi.

Buning oqibati ikkinchi psixologik halokatga olib keldi: islohotlarning bir o‘n yilligi ichida Rossiyada yana — asotsial va anomik (ya’ni hech qanaqangi ijtimoiy axloq me’yorlari umuman mavjud emasligiga ishonch hosil qilish) avlodi yetishib chiqdi. Bu avlod an’analardan, ijtimoiy qadriyatlardan va ijtimoiy qurilmalardan butunlay uzilib qolgan. Ota-onalarning vahshiylashuvi barobarida farzandlar ham vahshiylasha bordi. Biroq vahshiylasha borgan holda ota-onalar baribir jamoaviy yashab qolish bo‘yicha (hech bo‘lmaganda oila darajasida) qandaydir vazifalarni hal qilishga uringan bo‘lsalar, kattalarning ijtimoiy tajribasiga ega bo‘lmagan holda “islohot farzandlari” tezda biologik maxluqlar podasiga aylandilar, bir-birlari bilan nomigagina bog‘liq edilar — ular axloqsiz, xudbin, muomala qilishga noqobil, hayotiy maqsadlari jo‘ndan-jo‘n, ochko‘z, yovuz va haddan tashqari go‘l maxluqlar edilar.

Tabiiyki, bu bolalar va o‘smirlar jinoyatkorligining, narkomaniyaning, toksikomaniyaning, alkogolizmning, fohishabozlikning, jinoiy yo‘llar bilan yuquvchi yuqumli kasalliklarning halokatomuz o‘sib ketishiga olib keldi[18]. Kuni-kecha tarbiyaning bekor qilinganidan boshlari ko‘kka yetgan o‘qituvchilar boshlarini changallab qoldilar — aynan shular o‘qishni xohlamaydigan, o‘qituvchini “onangni”lab so‘kadigan, juda bezor qilib yuborganda hatto uradigan yangi yoshlar axloqi bilan birinchi bo‘lib to‘qnash keldilar-da.

Biroq oddiy o‘qituvchilarning vaziyatini o‘zgartirishga bo‘lgan jur’atsiz urinishlar vazirlik amaldorlarining qattiq qarshiligiga duch keldi, ular hamma narsa joyida va voqealar to‘g‘ri yo‘nalishda rivojlanmoqda deb hisoblar edilar. Tkachenko, Kinelyov va Tixonov kabi qatorasiga uch vazir chog‘ida Ta’lim vazirligi tarbiya bilan kurash olib bordi va “variativ ta’lim” bayrog‘i ostida vazir Asmolov o‘ylab chiqargan “islohot”ni o‘tkazishga harakat qilib ko‘rdi. Bu “islohot” davlatni ta’lim tizimini moliya bilan ta’minlash mas’uliyatidan xalos etar va vazirlik amaldorlariga hech nima qilmagan va hech narsaga javob bermagan holda ish haqi olish imkoniyatini berar edi. Ish janjalgacha borib yetdi. Masalan, vazir Kinelyov unga topshirilgan soha borasida g‘ira-shira tasavvurga ega edi va bergan har bir javobida ma’lum va mashhur dalillarga qarshi o‘laroq Rossiyada ta’lim ishida yuksak muvaffaqiyatlar ko‘zga tashlanmoqda va vaziyat kundan-kunga yaxshilanib bormoqda deb qayta-qayta ta’kidlab, butun mamlakatni lolu hayron qilib qo‘ymoqda edi. Jurnalistlar orasida Kinelyov “Umringizda loaqal bir marta qishloq maktabini ko‘rganmisiz?” degan savolga hech bir iymanmasdan: “Albatta. Mana, yaqinda men Gollandiyaga tashrif buyurdim — u yerda bizni bir qishloq maktabiga olib borishdi” deb bergan javobi bilan achinarli ravishda shuhrat topdi.

Kinelyov davrida o‘qituvchilar ommaviy tusda maktablardan qochib ketdilar, qashshoqona mehnat haqiga va ish haqining yarim yillab berilmasligiga chiday olmadilar — bu bir jihatdan; ikkinchi jihatdan esa janob Asmolov “totalitarizm”dan ozod etilgan o‘quvchilar tomonidan tahqirlanishlar (shu jumladan xatti-harakatlar vositasida) va xo‘rlanishlarga bardosh berolmadilar.

Kinelyovning vorisi — vazir Tixonov davrida ta’lim tizimining “Asmolov — Tixonov islohoti” sifatida shuhrat topgan islohoti hayotga faol tatbiq etila boshladi, holbuki o‘qituvchilarning katta ko‘pchiligi, 85 foizdan ortiqrog‘i unga qarshi chiqqan edi (“Uchitelskaya gazeta” o‘qituvchilarning Umumrossiya so‘rovini o‘tkazgandi). Muxtasar ravishda u quyidagidan iborat edi: davlat ta’lim tizimini moliya bilan ta’minlashdan uzil-kesil xalos etiladi, yosh avlodni o‘qitishga ketadigan mablag‘lar uch manbadan kelib tushishi kerak: mahalliy byudjetlardan, ota-onalarning cho‘ntaklaridan va mahalliy sanoat korxonalari hisoblaridan[19]. Bu bir chaqaga qimmat narsa ekanligini islohot mualliflarining o‘zlari ham tushungan bo‘lishlari shubhasiz: Rossiyaning hamma joyidagi mahalliy byudjetlarda — dahshatli kamomad hukm surardi; mahalliy korxonalarning ko‘pchiligi yo kasodga uchragan, yoki hisoblarida bir tiyin ham puli yo‘q edi, barter bo‘yicha kontragentlariga to‘lov to‘lab, shipshiydan bo‘lishgan; ko‘pchilik bolalarning ota-onalari viloyatlarda pulsiz o‘girishardi. Rossiyaning allaqayerlarida “Asmolov — Tixonov tarxi”ning hayotga tatbiq etilishi oqibatlarini erinmay hisoblab ham chiqishgan. Ma’lum bo‘lishicha, Oltoy o‘lkasida u shunga olib kelganki, maktab ta’limini olishga bolalarning 12 foizigina muyassar bo‘lar ekan, Chelyabinsk viloyatida esa — atigi 21 foizi[20]. Bu hisob-kitoblar 1998 yilning 17 avgustiga qadar, ko‘pchilik aholining real daromadi to‘rt baravar pastga tushib ketgunga qadar ishlab chiqilgandi.

“Islohot” Rossiyaning muqarrar ravishda savodsizlar mamlakatiga aylanishiga olib keldi. Demakki, tajovuzkor millatparastlar mamlakatiga aylandi, zero allaqachon isbotlanganki, tosh asr illatidan faqatgina ta’lim va tarbiya bilan qutulish mumkin.

Yaxshiyamki, yangilikni hayotga butunlay tatbiq etishga ulgurishmadi. “Islohot” oliy maktabda qoqilib turibdi. Bu islohotga qarshi 1997 yil kuzi — 1998 yil bahorida Novosibirsk, Voronej, Yekaterinburg, Ulyanovsk, Chelyabinsk, Orenburg, Irkutskda shiddatli talabalar g‘alayoni bo‘lib o‘tdi. Shu narsa diqqatga sazovorki, markaziy ommaviy axborot vositalari bu ommaviy g‘alayonlar haqida tishini tishiga qo‘yib sukut saqlashdi.

Biroq o‘rta maktabga nisbatan “Asmolov — Tixonov islohoti”ning asosiy maqsadi — moliya bilan ta’minlashni davlat qo‘lidan mahalliy hokimiyat qo‘liga topshirish (maktabni munitsipallashtirish) — to‘la tatbiq etib bo‘lingandi. Bir vaqtning o‘zida Rossiyada sovet davrida tashkil etilgan maktabdan tashqari ta’lim va tarbiyaning tarmoqlangan tizimi — barcha “madaniyat uylari”, “madaniyat saroylari”, “pionerlar saroylari” va hokazolar tugatib yuborildi. Bir vaqtlar bu tizim maktab yoshidagi bolalarning naq chorak qismini qamrab olardi — va ozmi-ko‘pmi, barcha ijtimoiy tabaqalar orasidagi talantlarni muvaffaqiyatli ravishda aniqlab berar va ularni namoyon etilgan qobiliyatiga qarab san’at sohasiga, mutaxassislik sahnasiga, fan olamiga olib chiqib qo‘yar edi. Posyolka va kichik-kichik shaharlarda (xususan uzoq qishlar davomida hayot zerikarli kechadigan Sibir va Uzoq Sharqda) ta’limtarbiyaning bunday tizimi bolalarning ko‘pchiligini qamrab oldi.

Biroq so‘nggi o‘n yil davomida bu tizim barbod bo‘ldi. “San’at saroylari” binolari “yangi ruslar” tomonidan sotib olindi va tungi klublar, kinozallar, restoranlarga aylantirildi, ularga kirish shunaqangi qimmatki, aholining ma’lum qismigina bunga qodirdir[21]. Bolalar to‘garaklari ko‘chaga chiqarib tashlandi va yo‘q qilindi. Maktabdan tashqaridagi o‘quvchilar o‘z holiga tashlab qo‘yildi — ular yoppasiga jinoyat olami va narkomaniya qurboni bo‘ldilar. Ularning juda katta qismi mayda-mayda yoshlar to‘dalariga birlashdi va aksar hollarda skinhedlar guruhlariga aylandi — chunki bunday to‘dalarning har biri “o‘zgalar”ga qarshi (hatto qo‘shni hovliga bo‘lsa ham) qaratilgandi, har qanday qoratanli atoqli “o‘zga” hisoblanardi.

Shunday qilib, Rossiyadagi skinhedlar — milliy emas, balki ijtimoiy o‘zgarishlar mahsulidir. Bu shu narsadan yaqqol ko‘rinib turibdiki, taqirboshlar to‘dalari aynan yirik va ko‘proq taraqqiy topgan shaharlarda — asosiy boyliklar to‘plangan va ijtimoiy qatlamlar ko‘proq namoyon bo‘lgan joylarda vujudga keldi. Kambag‘al oilalarning bolalari amaldorlar va jinoyatchilar — “yangi ruslar”ning to‘satdan boyib ketishganini ko‘rib ularga havas va hasad qila boshladilar. Biroq shaxsiy qo‘riqchilar himoya qilgan boyonlarga tegishdan qo‘rqar edilar va o‘z nafratlarini osonroq mo‘ljal — “etti yot begonalar”ga yo‘naltirar edilar.

Bir narsa g‘oyat diqqatga sazovor. Odatda bir-ikki yirik sanoat korxonalari atrofida barpo etilgan va bu korxonalar barbod bo‘lishi tufayli qattiq bo‘hronni boshidan kechirayotgan uncha katga bo‘lmagan ishchilar shaharchalarida albatta yoshlar to‘dalari mavjud, ammo ularda skinhedlar oldin ham yo‘q edi, hozir ham yo‘q. Faqat so‘nggi vaqtlardagina poytaxtlarga taqlidan “birinchi qaldirg‘ochlar” paydo bo‘la boshladi va bu ham faqatgina megapolislarni qurshagan yo‘ldosh shaharchalarda, xolos… Bu shaharchalarda hamma kambag‘al, u yerda “yangi ruslar” yo‘q, u yerda havas va hasadni keltiradigan yo‘q. Bu o‘layotgan shaharlarda nafrat o‘rnini g‘azab va loqaydlik egallagan…

Yana shu narsa muhimki, o‘sha so‘nggi o‘n yil ichida Rossiyada shunday bir jarayon kuzatilmoqdaki, uni fashizmni qayta tiklash deb atashdan o‘zga iloj yo‘q. Achinarli tomoni shundaki, bu qayta tiklash bilan nafaqat o‘nglar, balki liberal ommaviy axborot vositalari ham shug‘ullanmoqda. Kommunistik ideologiya bilan kurashda liberallar 90-yillarda tayoqni ko‘proq o‘ngga qayirib yuborgan edilar, bu bilan ular konservativ va ultrakonservativ qadriyatlarni va ularning tegishli mutafakkirlari — ko‘p hollarda fashizmning Ivan Ilin, Ivan Solonich, Lev Tixomirov, Konstantin Pobedonostsev va Konstantin Leontev[22] singari o‘tmishdoshlarini o‘chakishib ko‘z-ko‘z qila boshladilar. Yoki, deylik, “qora yuzlik” mafkurachisi sifatida bolsheviklar tomonidan otib tashlangan fashist, irqchi va antisemit, XX asr boshlaridayoq hammaning esidan chiqib ketgan Mixail Menshikovni bayroq qilib chiqar edilar.

Albatta, kommunistik matbuotda emas (u Gitler ustidan qozonilgan g‘alaba bilan faxrlanishga odatlanib qolgandi), balki aynan liberallar matbuotida general Vlasovni oqlash bo‘yicha kompaniya boshlandi. General Vlasovni bir vaqtlar Ukraina, Estoniya, Latviya va Litvadan ibrat olib, bu urushning “bosh qahramoni” (“totalitarizm bilan kurashchi” sifatida) qilib ko‘rsatishga harakat qilgan edilar. Mazkur mamlakatlarda Sovet Armiyasiga qarshi SS qo‘shinlari tarkibida jang qilgan mahalliy millatchilar milliy qahramonlar deya e’lon qilingandi. Biroq Rossiyada ijtimoiy fikr bunday tashviqotga nisbatan loqayd qaramoqda va liberal hokimiyat urushining “bosh qahramoni” marshal Jukov deb e’lon qilishga majbur bo‘ldi.

Umuman, agar sovet davrida Ikkinchi jahon urushida Qizil Armiya xatti-harakatlarini sharaflash jonga tegar darajada mijg‘ovlik va qariyb vasvasa tusini olgan bo‘lsa, to‘qsoninchi yillarda bu mavzu “yaramas” va “qiziq bo‘lmagan”ga chiqarib qo‘yildi. Liberal jurnalistlar hatto shunday mavzuni muhokama qila boshlashdiki, hatto modomiki Rossiya Germaniyaga qaraganda yomon yashayaptimi, demak fashistlarni yengishning hojati yo‘q edi, degan fikrni aytmoqdalar.

Maktab qo‘llanmalarida Ikkinchi jahon urushi haqidagi mavzu bo‘yicha kelishmovchiliklar va bahslar boshlanib ketgan. Ayrim qo‘llanmalarda bosqinchi Gitler bo‘lgan edi deyilsa, boshqalarida Gitler Stalinni hujumdan ogohlantirgan edi, xolos, deb aytiladi. Yana bir xillarida Sovet Armiyasi Sharqiy Yevropa mamlakatlarini ozod qildi deyilsa, boshqalarida Stalin Sharqiy Yevropa xalqlarini asoratga soldi deyiladi. Ba’zi qo‘llanmalarda SSSR g‘arb demokratiyalari bilan birgalikda fashistik totalitarizmni tor-mor qildi deb yozilsa, boshqalarida urush Yevropada totalitarizmning kuchayishiga olib keldi deb ta’kidlanadi. Ba’zi qo‘llanmalarda “fashizm” va “stalinizm” ajratib ko‘rsatilsa, boshqalarida aksincha, ular “totalitarizm” degan umumiy nom ostida birlashtirilgan. O‘qituvchilar hangu mang. Kimdir bu mavzularni umuman chetlab o‘tar, kimdir bunisi menga ko‘proq ma’qul, unisi kamroq deb aytar edi. “Sovet hokimiyati va kommunistlarni” kaltaklash umumiy tendentsiya bo‘lgani boisidan, ko‘plab o‘qituvchilar ayrim mulohazalar tufaylidan fashistlarning jinoyatlari haqida gapirishdan ko‘ra Stalinni tinimsiz fosh etishni ma’qul ko‘rishardi. Pedagogik gazetalar sahifalarida qaysi kontseptsiya “to‘g‘riligini“ bilmay ayrim o‘qituvchilar eng yangi vatan tarixini o‘qitishdan bosh tortayotganlari haqida bir necha bor yozib chiqilgandi.

Natijada o‘smirlarning boshi butunlay g‘ovlab qolgandi.

Yaqinda Rossiya TV kanallaridan birida hikoya qilinishicha, maktab islohotidagi sa’y-harakatlari bilan maktabda Ulug‘ Vatan urushini o‘rganishga ajratilgan vaqt olti martaga qisqartirilgan va ikki-uch soatlik darsgacha keltirilgan! Natijada TV dan namoyish etilgan o‘quvchilarga savol berilganda urush haqida hech narsa bilmaganlar yoki bilib-bilmay har narsani valdiraganlar — masalan, Ikkinchi jahon urushi qahramoni… Lenin emish!

Shu tariqa urushda 35 million odamini yo‘qotgan mamlakatda fashizm ommaviy nafrat va ommaviy g‘azab mavzuidan o‘smirlar uchun sirli va maroqli hangomaga aylandi. Liberallar “qizil xavf” bilan olishishga shu qadar berilib ketishdiki, o‘z qo‘llari bilan fashizm andazasini qanday yaratganliklarini ham sezmay qolishdi. Men, masalan, RFKP va Zyuganovni “oqlash” uchun sodir bo‘lgan voqealarga liberallar javobgar ekanligini maxsus ta’kidlayotganim yo‘q. Ular ham nafaqat skinhedlik harakatining avj olishiga qarshilik ko‘rsatish uchun hech narsa qilmadilar, balki o‘zlarining millatparastlik va’zlari bilan bunga bilvosita imkon tug‘dirdilar, xolos. Lekin gap shundaki, RFKP so‘nggi yillarda hokimiyat tepasida emasdi va u bizdagi ommaviy axborot vositalari ustidan nazorat o‘rnatgan emas.

 

O‘TA O‘NGLAR “YoShLAR BILAN IShLAMOQDA”

Sodir bo‘layotgan ishlarning barchasi o‘ng radikal hamda fashistik partiya va tashkilotlarga qo‘l keladi, ulardan bir qismi skinlarga o‘zlarining zahirasi va “ijtimoiy bazasi”dek qaraydi. Moskvada taqirboshlar bilan Rus milliy uyushmasi (RMU) faol ish olib bormoqda. Uning organi — “Shturmovik” gazetasi ham “milliy va irqiy adovat va nazoratni avj oldirgan”ligi uchun taqiqlab qo‘yilmagunga qadar millatchi skinlarining sevimli matbuoti bo‘lgan edi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, mana ikki yildirki, skinlar nashri “Pod nol” RMU mablag‘iga chiqmoqda. Boz ustiga, bu uyushma qoshida skinlar bilan ish olib borish bo‘yicha maxsus “departament” tuzildi, “ishni boshqarish” uchun mas’ullar tayinlandi. “Skinlegion” rahnamosi Guskov muntazam ravishda RMU mitinglarida nutq so‘zlaydi. 1998 yil oxirida RMUdan ajralib chiqqan, o‘zini “Rossiyaning imperiya partiyasi” deb atagan guruh ham Moskva skinlariga ta’sir o‘tkazishga harakat qilmoqda.

Moskva skinlari orasida faol ishlayotgan yana bir o‘ng radikal tashkilot bu “Milliy front”dir. U so‘nggi vaqtda o‘zini goh “Serkovyu Navi”, goh “Klan Navi”, goh “Yagona Oq Irqning Muqaddas Cherkovi” deb atamoqda. Peterburgda skinlar bilan Rossiya Milliy-respublika partiyasi, Povolje va Krasnodar shaharlarida — Rus Milliy Birligi (RMB) ishlab turibdi.

Eng so‘nggi vaqtlarda skinhedlar orasida eng faol ishlar bilan Xalq Milliy partiyasi (XMP) mashg‘ul bo‘ldi. Ayniqsa, 1999 yilda milliy adovatni avj oldirishda ayblanib hibsga olingan uning rahbari Aleksandr Ivanov — Suxarevskiy “Rus maqsadi” skin guruhi rahbari Semyon Tokmakov bilan bitga kameraga tushib qolganidan keyin bu ish yanada faollashib ketdi. Ushbu satrlar yozilayotgan vaqtda Ivan — Suxarevskiyga qarshi ish hali yopilmagan edi, biroq u Davlat dumasi deputatlariga hamkorlik bo‘yicha boshqa shaharlarga chiqmaslik to‘g‘risidagi tilxat ostida dastlabki hibsdan ozod etilgandi va “Iymon, shoh va vatan uchun” saylov blokining birinchi uchligiga kirgan edi. Ushbu blokning mintaqaviy ro‘yxatlarida qariyb o‘ntagacha skinhed bor edi. (Blok davlat qaydnomasidan o‘gmagandi, chunki qonunda belgilangan muddatda bankda hisob raqami ochishga ulgurmagandi.)

Skinhedlar orasida XMP ishining xususiyati shundan iboratki, ushbu tashkilot taqirboshlarni partiyaga safarbar etishdan ko‘ra ko‘proq ular orasida Ivanov — Suxarevskiy kashf etgan “rusizm” mafkurasini yoyish bilan mashg‘ul bo‘lmoqda. Bu xiyla g‘aroyib o‘ng radikal mafkura hisoblanadi, buning ustiga u har qanday oddiy skinhed uchun maqbul va tushunarlidir. Deylik, mudom provaslaviyaga moyilligini ta’kidlab kelishiga qaramay, rusizm oriylar majusiyligiga xayrxohlik bilan qaraydi (milliy-sotsializm ruhida), chunki “irq iymondan afzaldir” va “qon birlashtiradi, din esa ajratadi”. Rusizm revolyutsiyagacha bo‘lgan provaslav monarxizmi bilan milliy-sotsializm orasiga ko‘prik tashlaydi: rusizm qonunlari bo‘yicha, XX asrda “ikki buyuk oriy qahramoni” bo‘lgan edi — Nikolay II va Adolf Gitler, buning ustiga Gitler “bolsheviklar va jidlar tomonidan Nikolay II ning diniy marosimiga qurbonliq qilingani uchun” qasos olgan va “jidlar qulga aylantirgan Rossiyaga Xoch-Svastika” taqishga harakat qilgan edi.

Moskva, Peterburg va Voronejda skinlarga ta’sir qilish ishida o‘ta o‘nglar bilan Eduard Limonovning Milliy bolshevistik partiyasi (MBP) musobaqa qilmoqda.

Biroq hozircha u ushbu musobaqani boy bermoqda. To‘g‘ri, MBP Peterburgda ayrim muvaffaqiyatlarga erishdi, bu yerdagi partiya tashkilotida bir yarim yil avval parchalanish sodir bo‘lgandi, “yangilangan rahbariyat” yuzlab taqirboshni safarbar etgandi — o‘shalar ham hozir “Gitler kaput!” degan qichqiriqlar bilan millatchi-skinlarni ta’qib qilgancha shahar ko‘chalari bo‘ylab quvlab yurishibdi, quvib yetganlarini xumordan chiqquncha do‘pposlab, kaltaklashmoqda.

Darvoqe taqirboshlar orasidagi neofashistlar muvaffaqiyatlarini ko‘pirtirishning hojati yo‘q. Taqirboshlar avvalboshdanoq irqchi bo‘lganlar. Pivo (yoki aroq)ga bo‘kib olish va ko‘cha yoki metroda bironta qoratanli talabani ovlagani chiqish ularning vaqt o‘tkazishlari uchun eng sevimli mashg‘ulot bo‘lib qolgan. Intizom ular uchun yot narsa. O‘ta o‘ng tashkilotlarga kiruvchi skinlarning ko‘pchiligi saldan keyin uni tashlab ketishadi: mast-alast sandiroqlab yurishdan keyin partiya yig‘ilishlariga borish, fashistik “klassiklar” ta’limotini o‘rganish, toqat bilan gazetalar sotish va hokazolar ular uchun chidab bo‘lmas mashaqqatga aylanadi. Biroq baribir o‘zgarishlar bo‘lmay qolmaydi. Agar ilgari skinlar amerikaliklar yoki osiyoliklarni “mavhum ravishda” — terisining rangi uchun va ular “bizga SPIDni yuqtirganligi” va “giyohvandlik moddalari sotganligi” uchun kaltaklashgan bo‘lsa, endi esa har bir oddiy skin “jidlar yo‘q qilgan rus millati”, “jahon sionistik fitnasi” va “Buyuk Rossiyaning kelajakdagi uyg‘onishi” haqida uncha savodli bo‘lmagan, ammo jo‘shqin mitti ma’ruza o‘qishga tayyor.

Shunisi e’tiborga molikki, bizning o‘ta o‘nglarimizning ko‘pchiligi skinlar o‘zlarining g‘arb “hamkasabalari”dan bu boradagi tegishli yo‘l-yo‘riqlarini olib bo‘lishgandan keyingina ular bilan ishlashni boshladilar. So‘nggi uch-to‘rt yil ichida AQSh, Germaniya va Avstraliyadan bir necha bor neofashistik guruhlarning vakillari qadam ranjida qildilar, ular yosh taqirboshlar bilan ish “tajribasini o‘rtoqlashdilar”. Jumladan, AQShdan Ku-kluks-klan va NSDAP/AO dan “taqirboshlar bilan ish olib borish bo‘yicha mutaxassislar”, Germaniyadan — “Viking yoshlari” (GFR da taqiqlangan), Nemis xalq uyushmasi, “Po‘lat niqob” (bu ham GFRda taqiqlangan), Milliy xalq fronti, “O‘nglar uyushmasi” va boshqa guruhlardan “mutaxassislar” tashrif buyurdilar. German neonatsistlari bizning o‘ta o‘nglarimiz va skinlarimizni Estoniya, Latviya va Litvadagi Kayt-seliyt, “Omakoyse”, ayzsarg kabi o‘ta o‘ng va paramilitar tashkilotlar orqali, qator qotilliklar munosabati bilan Latviya hokimiyat organlari taqiqlaguncha esa “Pernokrust” fashistik tashkiloti orqali adabiyotlar, ekipirovkalar, audiokassetalar va “kiyim-boshlar” bilan ta’minlab turdilar va ta’minlamoqdalar. O‘sha yerning o‘zida, Latviya va Esgoniyada Gitlerning “Mayn Kamf” va Alfred Rozenbergning “XX asr miflari” asarlari rus tilida chop etildi. III Reyx marshlari yozilgan audiokassetalar o‘sha joyda ko‘paytirilmoqda.

Rossiya taqirboshlarining o‘zlari ham g‘arblik maslaqdoshlari bilan faol hamkorlik qilmoqdalar. Moskvaga g‘arb skin-oy! — guruhlari, shuningdek taqirboshlarning shunchaki delegatsiyalari ham bir necha bor kelib ketdilar. Darvoqe, qator hollarda bular rostdan ham “sof” taqirboshlar edimi yoki niqoblangan neonatsistlar edimi, aniq aytishning iloji bo‘lmasdi.

 

TAQIRBOShLAR TERRORI

Bizning taqirboshlarimiz bilan chet el taqirboshlarini bir-biriga taqqoslasa, qator gaplar yuzaga chiqib qoladi. Eng birinchi taqirboshlar oltmishinchi yillarning oxirida Angliyada paydo bo‘lgan edi. Taqirboshlarning bugungi qiyofasi — bezori bolakay, to‘nka irqchi, fashist va antisemit degan narsalardan ularda nom-nishon yo‘q edi. Ko‘proq buning aksi bo‘lgandi.

Taqirboshlarning birinchi to‘lqini Britaniya ishchi tumanlarining o‘ziga xos madaniyat tarzi bo‘lib, u ham rasmiy burjuaziya madaniyatiga, ham o‘sha yillardagi aksilmadaniyatga qarshi norozilik bildirgan yosh sinfiy madaniyat sifatida yuzaga kelgan. Ishchi tumanlarning o‘smirlari britaniya aksilmadaniyatiga “o‘rta sinf” oilalari va boy oilalardan chiqqan “ona suti og‘zidan ketmagan” bolakay deb qarar edilar — bu aksilmadaniyat ularni burjua jamiyatiga qarshidek qilib ko‘rsatuvchi boy bekorchixo‘jalar uchun ermak bo‘lgan.

Boshqa g‘arb mamlakatlaridagi isyonkor yoshlar faoliyatidan farqli o‘laroq, keksa va oqko‘ngil Angliyadagi bugun yoshlar noroziligi “suvga urib ketdi”. Angliyada hech qanaqangi ommaviy yoshlar harakati yoki ommaviy tashkilot paydo bo‘lmadi. Men Frantsiya yoki Italiyadagi barrikadalar yoki shahar partizanlari haqida gapirib o‘tirmayman. Hammasining o‘rniga rok-sahna, “Bitlz”, “Rolling Stounz”, “Xu” va muvaffaqiyat sari intilgan butun boshli rokguruhlar qo‘shini keldi. Angliyadagi xippi va baykerlar haqiqiy emasdek bo‘lib ko‘rinardi — aslida ham shunday edi: ular okean ortidagilarga taqlid qilishdan boshqani bilmasdi. Angliya xippilari asosan “plastik xippi”lar, ya’ni “xonaki”, faqat uik-end (haftaning so‘nggi kuni)dagina xippilashadigan, haftaning barcha qolgan kunlarida odatdagi tashvish-tadoriklar bilan yashaydigan xippilar edi. Baykerlar (ularni o‘shanda “rokerlar” deyishardi) ham alohida “dahshatli” madaniyat sari intilmagandilar: ular high middle class dan chiqqan bolalar bo‘lib, og‘ir mototsikl sotib olish uchun boyliklari yetarli edi. Ular bu mototsikldan yilda bir marta, yozda, Britaniya rokerlari” dengiz bo‘ylari — Brayton, Istborn, Bornmut tumanlariga va boshqa kurort joylariga chiqib ketadigan ta’til davrlaridagina foydalanar edilar.

To‘g‘ri, Angliyada 50-yillar oxiri — 60-yillar boshida ikki “xonaki” yoshlar “tusovka”si — tedlar va modalar[23] paydo bo‘ldi. Lekin ular ko‘p sonli emasdi^ Ular ham, bular ham “ishchi zodagonlar”dan yoki “o‘rta sinf”ning “quyi uchligi”dan kelib chiqqanlar, ular uchun asosiy narsa ularning kiyimlari edi — qimmatbaho va ohangjamali bo‘lgan (har birida atigi bir juftdan bo‘lgan). ‘Umumiy iste’mol” bolalari boylarga haddan tashqari hasad ko‘zi bilan qarar edilar va juda bo‘lmaganda dam olish kunlarida uydagi muammolar, zerikarli ishlar haqida o‘qitishga va boy bekorchixo‘jalardek bo‘lib ko‘rinishga harakat qilar edilar. Har ikkala tusovka ham bir-birini jinidan yomon ko‘rar va qachon qarasang mudom ommaviy mushtlashuvlar uyushtirib turar edilar.

Taqirboshlar ularni ham, bularni ham yomon ko‘rar edilar — “o‘z sinfiy nufuzlarining xoinlari” der edilar. Ularni aynan “xoinlar”dek kaltaklar ham edilar. Ularning sinfiy mansubliklarini ta’kidlash uchun taqirboshlar o‘z kiyim usullarini ishlab chiqdilar: bu “donki” deb atalardi — issiq jun kurtka yoki teri burmali kalta palto (dokerlar kiyimi), qalin matoli shim, uzunligi tizzadan keladigan “zut” pidjagi va quruvchilar va dokerlar kiyadigan og‘ir, balandposhnali botinka. “Ona suti og‘zidan ketmaganlar”ning ohangjamali sochlariga qarshi o‘laroq taqirboshlar sochlarini kalta qilib oldirar, unda-munda tutamlari bo‘lar edi — o‘sha paytdagi uzun sochli yoshlar ularni kalaka qilib taqirboshlar deb chaqirar edilar. Taqirboshlar esa keyinchalik aynan shu nomni o‘zlariga laqab qilib olganlar.

Eng qiziq joyi shundaki, “birinchi to‘lqin” taqirboshlari qoratanlilarni yaxshi ko‘rar edilar. Ular Vest-indiya va Yamaykaning ska, reggey va rok-steddi “qora musiqasi”ni jon deb tinglardilar. Klub va kontsertlarda taqirboshlar mulatlar va negrlar bilan og‘iz-burun o‘pishib ketar edilar — to‘qnashuv to‘g‘risida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emasdi. Vest-Indiyadan kelib chiqqanlar o‘sha mahallalarda yashar, o‘sha zavodlarda ishlar, o‘sha maktablarda o‘qir, o‘sha “kokni”da[24] gapirar edilar… 70-yillar atrofida taqirboshlarning rokerlar bilan bo‘ladigan ayovsiz mushtlashuvlarida qoratanli vest-indiyaliklar anglosakslar va irlandiyaliklar bilan yelkama-elka turib ishtirok etar edilar: ishchilarning bolalari burjuaziyaning bolalariga qarshi jang qilardi.

Ko‘p o‘tmay taqirboshlar g‘oyib bo‘ldilar: avlod balog‘atga yetdi, oila qurdi, bola-chaqali bo‘ldi, bunday hollardagi til bilan aytganda, “ola xurjun bo‘yinga tushdi”. “Ikkinchi to‘lqin” yetmishinchi yillar oxirida yuzaga keldi. Ishsizlarning bolalari, ishsizlarning o‘zlari, hayot tarzi buzilgan mintaqalardan chiqqan o‘smirlar hech qanday istiqbolni ko‘rmas edilar — ular ish yo‘qligi va bo‘lmasligini, pul yo‘q va bo‘lmasligini bilar edilar. Ular o‘zlariga o‘xshaganlar — ammo qo‘shni tumandagilar bilan mushtlashishni yagona ko‘ngilochar vosita deb tushunardilar. Taqirboshlar kiyimlaridagi yangicha tarzu tarh ana shu tariqa qaror topdi. Bu kiyimdagi hamma narsa “stritfayting” — ko‘cha mushtlashuviga mos qilib ishlangan: qalin qora jinsi shim, arzon, puxta, ularda kir va qon yuqlari aytarli bilinmaydi; zalvorli, bog‘ichli harbiycha botinka, tagcharmi ham naqd ikki enlik qalinlikda, yugurishga ham qulay, mushtlashuvda tayyor yaroq ham, sochi ustarada olingan yoki “pod nol” qilib olingan bosh ham raqib yoki politsiya sochidan tutamlab ololmasligi uchun qulay… Boshqacha qilib aytganda, “birinchi to‘lqin” taqirboshlari bilan “ikkinchi”si o‘rtasida nomdan boshqa hech qanday umumiylik yo‘q edi.

70-yillarning oxirida Buyuk Britaniyada taqlid qilgani taqirboshlar uchun tezda ibrat bo‘lgan neofashistlar faollashdilar. Boshqa tomondan, neofashistlar ham taqirboshlar orasida g‘ayrat bilan ish olib bora boshladilar. Fashistlar skin-klublar ochgani pul berar edilar. Havaskor skin-guruhlar oshkora irqchilik matnlaridagi qo‘shiqlarni kuylay boshladilar. Taqirboshlarning eng sevgan shiori “Britaniyani oppoqligicha saqlab qolamiz!” shiori bo‘ldi. “Natsi-skin” tushunchasi shakllandi. Natsi-skinlarda o‘zlarining sof taqirboshcha “oy!” uslubidagi musiqasi paydo bo‘ldi. Shu orada o‘z xonadonlari ichidan “birinchi to‘lqin” taqirboshlari yetishib chiqdi, ular ommaviy axborot vositalari tomonidan “yaxshi nomlari”ning “fashistlar” deya haqorat qilinishidan g‘azabga mindilar. Britaniya shaharlari ko‘chalarida “xip” va “yangi” taqirboshlar o‘rtasida ayovsiz mushtlashuvlar avj oldi. Britaniya ommaviy axborot vositalari bunda juda xunuk ish qilib qo‘ydi, ular bu to‘qnashuvlarni “natsi-skinlarning bir-biriga qarshi to‘dalari o‘rtasidagi urush-to‘polon” deb ko‘rsatishga zo‘r berib urindilar. Umuman, shov-shuvlar qidirib topish ishtiyoqida yongan britaniya mass mediasi natsi-skinlarni shu qadar keng reklama qila boshladiki, Angliyadagi bironta ham yoshlar harakati bunday sharafga muyassar bo‘lmagandi.

“Eskilar” va “yangilar”ning bu ko‘cha to‘qnashuvlari natijasi o‘laroq ikki skin-harakati paydo bo‘lishiga olib keldi — bir tomondan natsi-skinlar (“yangilar”), ikkinchi tomondan “red-skinz”, “qizil skinlar” (“eskilari”). “Red-skinz”lar natsi-skinlarning yangi, xiyla o‘ng‘ay kiyimlarini tuliq qabul qilganlar va tashqi ko‘rinishi bilan ulardan Lenin, Che Gevara, Nelson Mandela suratlari yoki o‘zlari mo‘ljal qilgan o‘z tashkilotlari va so‘lchi guruhlar nomlari bo‘lgan nishonlar bilan farq qilar edi. “Red-skinz”lar bugungi kunda Angliya, GFR, Frantsiya, AQSh, Polsha, Ispaniya (Basklar mamlakati)da faol amal qilmoqdalar. “Red-skinz”larning juda yirik xalqaro birlashmalari vujudga keldi. Biroq g‘arb ommaviy axborot vositalari ular haqida lom-mim demayapti, natsi-skinlar haqida esa ko‘p va tez-tez gapirmoqdalar va yozmoqdalar.

Saksoninchi yillarning oirinchi yarmida natsi-skinlar Skandinaviya, Gollandiya, GFR, Avstriya, AQSh, Kanada, Avstraliya, so‘ngroq Frantsiya, Belgiya, Daniya va Shveytsariyada paydo bo‘ldi.

AQShdagi harakat tarixi diqqatga sazovor. Birinchi taqirboshlar bu yerda yetmishinchi yillarda urchiy boshlagandi. Ular irqchilar emasdi — taqirbosh oqlar, taqirbosh negrlar, taqirbosh-puertorikaliklar, taqirbosh yahudiylar, taqirbosh lotin amerikaliklardan tashqari aralash irq tarkibli guruhlar ham mavjud edi. Barchalari ahil-inoq umrguzaronlik qilaverishdi va uzoq vaqtgacha nima uchun ommaviy axborot vositalari skinlar haqida fashistlar to‘g‘risida so‘zlayotgandek so‘zlashlarini tushunolmay keldilar. Biroq 1984 yilga kelib AQShda ham natsi-skinlar guruhlari paydo bo‘ldi. Amerika tadqiqotchilari bir ovozdan ta’kidlaydilarki, AQShdagi natsi-skinlarni amerikalik ommaviy axborot vositalarining o‘zlari yuzaga keltirganlar, ular Britaniya taqirbosh fashistlarining “jasoratlari”ni zo‘r berib reklama qilganlar. Bu borada, ayniqsa, televideniye, yoshlar jurnallari, shuningdek “Boston glob” va “Vashinggon post” gazetalari ayanchli rol o‘ynagan.

Evropada natsi-skinlar harakatining oldingi safida GFR turadi. Agar Britaniya yoki Amerika natsi-skinlari qoratanli va osiyoliklarni kaltaklash bilan shuhrat qozongan bo‘lsalar, nemis taqirboshlari qotilliklar bilan nom chiqarganlar. Ularning qurbonlari odatda turklar va kurdlar — gastarbayterlar, xorijiy ishchilar bo‘lgan. Tunisliklar, lo‘lilar, tamillar va pokistonliklarni o‘ldirgan hollar ham uchraydi. Bavariyada hatto italyan kishiga hujum qilishgan — skinlar unga benzin sepib, yoqib yuborganlar. Turk va kurd madaniyat va yoshlar markazlari, barlari va qahvaxonalariga hujum qilish muntazam tus olgan. Shunisi qiziqki, natsi-skinlar turk fashistik Milliy harakat partiyasining mahalliy bo‘limiga hech qachon hujum qilmaganlar.

“Sharq bloki” inqirozga uchragandan keyin taqirboshlar Polsha, Chexiya, Vengriya, Xorvatiya, Sloveniya, Bolgariyada paydo bo‘ldi. Ayniqsa natsi-skinlar Chexiya va Xorvatiyada ko‘p uchraydi. Bu yerlarda odatda lo‘lilar terror qurboni bo‘ladilar. Chexiyada taqirboshlarning lo‘lilar ustidan zo‘ravonlik qilishlari ijtimoiy hayotning doimiy manzarasi bo‘lib qolgan. Bir kuni natsi-skinlar hatto lo‘lilar ustiga yopirilib hujum qilganlar, yigirmata lo‘li esa dahshatli ajal bilan o‘lgan — ustlaridan benzin quyib, tiriklay yoqib yuborishgan. Xorvatiyada ish shu darajaga borib yetdiki, taqirboshlar terroridan jon saqlash niyatida mamlakatdan deyarli barcha lo‘lilar chiqib ketgan (darvoqe, Xorvatiyada natsi-skinlarga o‘zining fashizmga moyilligi bilan tanilgan prezident Tujman homiylik qilgan.)

 

JAMIYaT KO‘Z YuMMOQDA

G‘arb natsi-skinlari haqida nelar ma’lumligi nuqgai nazaridan, mamlakatimizda taqirboshlarning paydo bo‘lishi garchi hokimiyatlarni bo‘lmasa-da, hech bo‘lmaganda jamoatchilikni tashvishga solishi kerak edi-ku. Biroq boshqa mayda-chuyda mafkuralashgan yoshlar bachkilaridan farqli o‘laroq (xippilar, baykerlar, breykerlar, tresherlar, “ishqorchilar” va hokazolar, ular bilan mamlakatimizda yo kurash olib bordilar, yoki hech bo‘lmaganda matbuotda batafsil va keng yoritib berdilar) Rossiyadagi taqirboshlar “katta yoshlilar” olami uchun noma’lum va aftidan so‘zlash mumkin bo‘lmagan mavzu bo‘lib qolmoqda. Nafaqat matbuot ular haqida yozmaslikka harakat qilmoqda, balki vatan akademik fani ham ularni o‘rganishni istamayapti. Deylik, Angliyada, taqirboshlar mamlakatida ular haqida uch yuztacha kitob va minglab maqolalar yozildi. AQSh da “red-skinz”lar o‘rniga natsi-skinlar kelishga ulgurmay turib o‘sha zahoti mukammal tadqiqot e’lon qilindi va bu tadqiqot hukumat tomonidan mablag‘ bilan ta’minlandi va politsiya hamda boshqa federal xizmatlar uchun maxsus kitob qilib chop etildi. Bizning mamlakatimizda taqirboshlar sezilarli va mohiyatan ommaviy hodisaga aylanishiga qaramay hech kim ular bilan shug‘ullanmayapti.

Bir tomondan, bu mutlaqo tushunarli. Bizning sotsiologlarimizning ko‘pchiligi o‘rta yoshdagi ayollardir, ular taqirboshlarga yaqin borishga qo‘rqadilar: skinlar — o‘zlashtirilgan yoshlar guruhlari ichida eng tajovuzkorlari bo‘lib, ularga “Nima uchun sizlar negrlarni yomon ko‘rasizlar?” deb savol bergudek bo‘lsangiz, basharangizga musht tushirishlari hech gap emas… Tirikchilik uchun allaqachon o‘zlashtirilgan ish — Rossiya bozori xususiyatlarini aniqlashga harakat qilayotgan g‘arb firmalari buyurtmalari bo‘yicha fokus-guruhlar o‘tkazish tayyor turganda “dala tadqiqotlari” bilan shug‘ullanishni kim qo‘yibdi?

Yoshlar muammolari bilan astoydil shug‘ullanayotgan olimlar, masalan, Yoshlar instituti olimlariga taqirboshlar haqida savol bersangiz, ko‘zlarini olib qochadilar, uh tortadilar va tadqiqotga pul yo‘qligini tushuntirmoqchi bo‘ladilar — davlat pul bermaydi, turli jamg‘armalar esa bu mavzuga nimagadir grant ajratmaydilar. “Sovet davrida bizga xippilar kimligini aniqlashga farmoyish berishganda…” — deya o‘ychan holda eslab ketdi… Yoshlar insgituti qoshidagi Ilmiy-tadqiqot markazining bir xodimi…

Hokimiyat ham, xususan, matbuot ham uzoq vaqt taqirboshlar terrorini umuman so‘zlamaslikka harakat qildilar. Boz ustiga, shunday taassurot tug‘iladiki, militsiya ham, hokimiyat ham taqirboshlarning tarafini olmoqda. Moskvada o‘qiyotgan Janubiy Koreya Assotsiatsiyasi prezidenti Choy Yun Shik va Xorijiy talabalar Moskva Assotsiatsiyasi prezidenti Gabriel Kotchofa bir ovozdan ta’kidlaydilarki, Moskva militsiyasi o‘n martalab, balki yuz martalab skinlar qurboni bo‘lgan xorijiy talabalarning jinoiy ish qo‘zg‘ash haqidagi talablarini rad etganlar. Jamoatchilik bilan aloqa qilish FXX Markazidan polkovnik Mixail Kirilin va IIShB matbuot xizmatidan Vladimir Vershikov “Moscow Times” gazetasi muxbiriga bir ovozdan aytdilarki, ularning xizmati skinlarda biron-bir xavfli narsani ko‘rishmaydi. Ehnimol, skinlarning bo‘lishi kimlargadir foydalidir, chunki uyushmagan taqirboshlarga o‘z jinoyatlarini to‘nkash mumkin-da. Masalan, 1997 yil may oyidagi Podmoskoveda tojik qochoqlari lageriga qilingan hujum aynan skinlarga to‘nkalgandi (o‘shanda bir go‘dak o‘ldirilgandi), holbuki lagerga mutaxassis jinoyatchilar hujum uyushtirgandi.

Turli nashrlar (“Vek”, “Delovoy vtornik”, “Tribuna” gazetalari) taqirboshlar haqidagi maqolani e’lon qilishdan bosh tortganligiga ko‘plab misollarni keltirish mumkin, ular taqirboshlarni “odam qatorida” sanamas, hodisani “tasodifiy hol”, mavzuni esa — “bo‘rttirilgan shov-shuv” deb baholagan edilar.

Biroq hokimiyatlar taqirboshlar terrorini hisobga olishga, liberal matbuot esa to‘qnashuvlarni yoritishga majbur bo‘lgan paytda ham natsi-skinlarning irqiy zo‘ravonligi oshkora va hayratomuz tarzda “oddiy bezorilik”ka aylanadi. Deylik, 1998 yil 17 oktyabrida taqirboshlar guruhi Gvineya-Bisau Respublikasi elchisining o‘g‘lini vahshiyona kaltaklaydilar. Ularni o‘tkinchilar to‘xtatib qoladilar, ularning yordamida ikkita — o‘n olti va o‘n sakkiz yashar skin qo‘lga olinadi. Biroq militsiya bu kaltaklash jabrdiydaning terisi rangi bilan bog‘liq emas deb aytgan, “Moskva komsomoli” gazetasi esa “Gvineya-Bisau elchisining o‘g‘lini irqiy ma’noda kaltaklashmagan” degan chiroyli sarlavha ostida maqola e’lon qildi…

Skinlarga nisbatan sukut saqlash (va zimdan qo‘llab-quvvatlash) siyosati taqirboshlarning begunohligi to‘g‘risidagi fikrga olib keldi. 1998 yil aprelida Moskva gazetalari tahririyatlariga fakslar tarqatdilar, ularda Gitler tug‘ilgan kunni navbatdagi nishonlash chog‘ida ular “har kuni bittadan negrni o‘ldirajaklarini” aytganlar, gazetalarning ko‘pchiligi bu ogohlantirishga e’tibor bermadi, “Nezavisimaya gazeta”ga o‘xshab munosabat bildirganlari esa buni qandaydir ajib, ammo jiddiy bo‘lmagan voqea deb qabul qildilar. Aslida o‘sha bahorda Moskvada Rossiya skin-hamjamiyati tarixida birinchi marta harakatlar birligining xalqaro tashvishga sabab bo‘lgan muvofiqlashtirilgan kampaniyasi o‘tkazildi — JAR, Benin, Sudan, Hindiston va Nigeriya elchixonalari taqirboshlar terrori munosabati bilan RF TIVga rasmiy norozilik notalari yubordilar. Biroq vatan ommaviy axborot vositalarida bu kampaniya ko‘lamini baholashga hech kim harakat ham qilmadi — bu orada esa Xorijiy talabalar Assotsiatsiyasi hisob-kitoblari bo‘yicha faqat qoratanli talabalarga 20 apreldan so‘ng bir oy davomida o‘rtacha kuniga to‘rt jinoyat sodir etilgan. Bir negr o‘ldirilgandi va uning jasadi Danilov bozori tumanidagi kanalizatsiya lyukiga tashlab yuborilgandi. Militsiya bu hodisani taqirboshlar “oyligi” bilan bog‘lashni istamagandi.

Bunday bog‘liqlikni ko‘rmaslikka bu qadar tirishish kerakmidi? Pokistonlik diplomatlar oilalaridan ikki xotin o‘sha kunlari Arbatda yigirmata taqirbosh tomonidan ayovsiz kaltaklandi. O‘sha tumanda o‘sha vaqtda militsiyaning sovuqqonligi bilan skinlar tomonidan Hindistonning ikkiqat ayoli vahshiyona kaltaklandi, oqibatda ayol bola tashlab qo‘ydi. Nihoyat, may oyida Filida AQSh elchixonasi qorovullaridan qoratanli dengiz piyoda askari Uilyam Jefferson kaltaklangan va kasalxonaga yotqizilgandi. AQSh — “uchinchi dunyo” mamlakati emas. Birinchi marta militsiya tezkorlik ko‘rsatish va aybdorni tutishga majbur bo‘ldi. U “Russkaya tsel” skin-guruhi rahbari yigirma ikki yoshli Semyon Tokmakov edi (darvoqe supermen bo‘lib ko‘rinishga harakat ham qilmasdi u). Keyin skinlar guruhi ma’ruza o‘qish uchun Moskvaga kelgan Buyuk Britaniya Sotsialistik partiyasi Bosh sekretari Piter Taffga hujum qildi. Sotsialistik partiya bu hodisa haqida butun jahon ommaviy axborot vositalariga fakslar tarqatdi. Janjal ko‘tarildi. Skinlar haqida “Moskou tayms” gazetasi yozib chiqdi va Stanislav Kucher TV-6 dagi dasturida hikoya qildi. Endi Moskvadagi irqiy terror voqealari haqida sukut saqlab bo‘lmas edi.

Ha, S.Tokmakov voqea sodir bo‘lgan joyga yetib kelgan TV suratga olish guruhiga o‘zi intervyu bergani uchungina qo‘lga olingandi. Intervyuda Tokmakov o‘zining irqchilik qarashlari haqida hikoya qilgandi va negrlar — bu “kasofat” degandi. Hatto bu yozuvga ega bo‘lgan holda militsiya Tokmakovni rosa ikki kun “qidirdi” va shundan keyin uzoq vaqtgacha hodisaning irqchilik xarakterini inkor etishga harakat qildi.

“Tokmakov ishi” yana shu narsaga imkon berdiki, taqirboshlar o‘zlarining “haqligi” va begunohligini isbotlaganlar: vatan ommaviy axborot vositalari “ish”ga juda oz e’tiborni jalb etdilar, lekin g‘arb jurnalistlari Tokmakov va “Rus maqsadi” guruhini nafaqat eng mashhur Rossiya taqirboshlari qilib ko‘rsatishdi, balki skin-hamjamiyati guruhi obro‘yini g‘oyat ko‘tarib ham yubordi. Bu shu bilan tugadiki, “Rus maqsadi” a’zolari faqat dollar evazigagina g‘arb jurnalistlari fikriga qo‘shildilar.

S.Tokmakov ustidan sud haddan tashqari uzoq — 1998 yil 9 sentyabridan 1999 yil 27 sentyabrigacha davom etdi va shu narsa bilan tugallandiki, u shartli ravishda qamoqqa olindi va sud zalining o‘zidayoq ozod qilib yuborildi. Yangi tug‘ilgan “qahramon” Barkashovning “o‘zi” boshchiligidagi “Spas” saylov birlashmasining mintaqaviy ro‘yxatiga tushdi (ma’lumki, ro‘yxat Adliya vazirligi sa’y-harakati bilan janjallar ostida qayddan chiqarib tashlangan edi).

O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, bular barchasi qanday tamom bo‘lishi kerak bo‘lsa, o‘shanday tamom bo‘ldi: skinlar “qora”larga hujum qilishdan endi “oq”larga ham hujum qilishga o‘tishdi. Piter Taff bilan bo‘lgan haligi voqea birinchi va oxirgisi emasdi. Taqirboshlarning dastlabki qurbonlari so‘llar va eng avvalo natsi-skinlar yoshlar orasida mudom “raqobatchilar” sifatida to‘qnashib yuradigan anarxistlar bo‘ldi. So‘nggi ikki yil davomida Rossiyaning turli shaharlarida skinlar ko‘chalarda ham, uylarda ham ularga muntazam ravishda hujum qilib kelmoqda edilar.

Atigi ikkitagina misol keltiramiz. 1998 yil bahorida o‘ntacha skin “Ishchi Internatsional uchun Qo‘mita” trotskiycha guruh tomonidan o‘tkazilgan ochiq ma’ruzaga Mayakovskiy muzeyiga keldi va eshikdan turib: “Kim yahudiy bo‘lsa, bu yoqqa chiqsin!” deb qichqirdi. Javoban ularga hamma baravariga: “Bu yerda hammamiz yahudiymiz!” — deb qichqirdi va baravar oyoqqa turdi. Kuchlar tengligini chamalab ko‘rgach — zalda oltmishtacha odam bor edi — taqirboshlar g‘oyib bo‘lishdi.

O‘sha yilning yozida skinlar Che Gevara surati solingan “Rage Agains The Machine”[25] rok-guruhi diskasi muqovasi tasvirlangan mayka kiyganligi uchungina moskvalik o‘quvchi Ilya Budraytskisni metroda kaltaklaganlar. “Ha maraz! — qichqirgan taqirboshlar. — La’nati kommunist Che Gevarani kiyib olibsanmi! “ Rage Agains The Machine”da ham kommunistlar, u yerda negr raqs tushyapti!” Asli litvalik bo‘lgan Budraytskisning o‘zi quyib qo‘ygandek oriylarga o‘xshardi, lekin baxtga qarshi unga siyosiy jihatdan g‘oyat savodli skinlar ro‘para kelib qolgandi.

Biroq bu mavzu ham vatan matbuotida taqiqlab qo‘yilgandi. Bir qancha nashrlarda men bir xil vaziyatlarga duch keldim. Bir tahririyatda taqirboshlar haqidagi mening maqolamni qayta ishlashimni talab qilishdi, chunki unda hozirgi hokimiyatlarning Rossiya taqirboshlariga nisbatan sovuqqonlik qilayotganlari haqida so‘z yuritilardi (“demokratik hokimiyat”ni haqorat qilish mumkin emas ekan, bu “kommunistlar tegirmoniga suv quyish” bo‘larkan), shuningdek, taqirboshlarning so‘llarga hujumlari haqida gapirilardi (bu ayniqsa tahririyatga yoqmasdi). “G‘oyaviy jihatdan mo‘rtlarni” hisobdan chiqarib tashlash ko‘zda tutilgandi. Sovet tarzidagi mafkuraviy tsenzuraga men rozi bo‘lmadim. Maqola chiqmadi. Boshqa bir nashrda skinlar haqidagi uncha katta bo‘lmagan sharh maqoladan so‘llarga qarshi natsi-skinlar terrorining barcha misollari obdon terib olib tashlangandi. Afsuski, tsenzuraning bu aralashuvi haqida men maqola chiqqandan keyin bildim, xolos. O‘sha tajribadan keyin beixtiyor shunday andishaga borasanki, bizning ayrim liberallarimiz taqirboshlarning borligidan manfaatdorlar, hozircha taqirboshlar so‘llarni kaltaklayaptilar va ularning o‘zlari, ya’ni liberallarga tegishmayapti.

Mamlakatimizdagi voqealar xuddi Chexiya va Polshadagidek rivojlanmoqda. U yerda ham natsi-skinlar avval “qora”lar (lo‘lilar)ni urgan edilar, keyin anarxistlarni savalashga tushib ketishgandi, endi esa ular “faoliyatidan” xunobi oshgan odam borki, oq kaltak-qora kaltak qilmoqdalar. Biroq Chexiyada natsi-skinlarga mahalliy anarxistlar qarshi turishadi, ular, bizdagidan farqli o‘laroq, “qattiq” va o‘ch olishda tezkordir. Bir yarim yil avval qovoqxonada skinlar hujumga duch kelgan bir chex anarxisti shartta to‘pponchasini chiqargan-da, ikkita taqirboshni otib tashlagan, shundan keyin, tabiiyki, qamalgan. Polshada esa natsi-skinlarga “red-skinz”lar qarshi turadi.

Rossiyada “red-skinz” deyarli yo‘q. Ularning kichik-kichik guruhlari yaqinda Belgorod va Voronejda paydo bo‘ldi. Krasnodar anarxistlari sa’y-harakatlari bilan tashkil etilgan “red-skinz” guruhi mahalliy natsi-skinlarni boplab urgan, biroq 1998 yil kuziga kelib “muvaffaqiyatlardan boshi aylanishi” sababidan barham topgan. Boshqa misollar yo‘q.

Hokimiyatlar esa natsi-skinlar bilan kurash olib bormaydi. Taqirboshlarga qarshi targ‘ibot ham yo‘q. Hukumat televideniyesi so‘nggi yillarda shaxtyorlarni, amerikaliklarni, kommunistlarni, vahhobiylarni — ko‘ngliga kelgan har kimsani qoraladi-yu, faqat fashistlashib borayotgan taqirboshlardan og‘iz ochmadi. Maktab tarbiyasi yo‘qligi haqida yuqorida gapirib o‘tdik. Menda shunday tasavvur paydo bo‘ladiki, hokimiyatlar bilib turib yoki bilib-bilmay o‘smirlarning ko‘r-ko‘rona fashistlashuvi bilan kurash olib bormayotir.

Nahotki, hokimiyat tepasida turgan bizning liberallarimiz G‘arbiy Yevropadagi 20-yillarda ular maslakdoshlari yuragini qamragan “buyuk qo‘rquv”dan dag‘-dag‘ titrayotgan bo‘lishsa? Buning oqibati yomon bo‘lgandi. Asrning birinchi yarmidagi italyan va nemis liberallarining kechikkan shikoyatlarini bir necha bor o‘qigan edim — mana qarang-a, biz bu fashistlar kommunistlarni savalaydi, ularni yer tishlatadi, “qizil xavf”dan qo‘shimcha himoya bo‘ladi, shuning uchun biz ularning “jasoratlari”dan ko‘z yumgan edik, shuning uchun biz ularga pul bergan edik, ular esa, noinsofdirlar…

Taqirboshlar terrori bilan bevosita munosabatda bunday kechikkan oh-vohlar Polsha va Chexiyada ham quloqqa chalinmoqda. Mana, masalan, “Solidarnost”ning o‘tmishdagi ko‘zga ko‘ringan arbobi Anjey Slovik shunday noliydi: “Mafkuralashtirilgan gumanitar fanlarni o‘qitishni tugatishga muvaffaq bo‘lganimizda biz to‘g‘ri ish qilayotganimizga imonimiz komil edi: yangi darsliklar yo‘q edi, yangi, nokommunistik kontseptsiyalar ishlab chiqilmagandi. Hammasini cherkov egallab olishini biz tush ko‘ribmizmi? Tag‘in qanaqa cherkov deng — odamlari o‘rta asr ongidagi o‘ta o‘ng kuchlar! Bolalarimiz sochlarini oldirib tashlaydilar, Otto Skortseni tarjimai holini qiroat qiladilar, svastikali charm kurtka kiyadilar va “Polyak katolikdir!” deb hayqirgancha lo‘li va ukrainlarni savalaydilar deb kimning xayoliga keluvdi?”

Chexoslovakiyadagi “baxmal revolyutsiyasi” faoli Frantishek Kvasnichka unga hamohang ravishda nido qiladi: “Biz jamoatchilik ongi dastagini o‘ngga keskin burib yubordik. Bizga so‘l g‘oyalarga daxldordek bo‘lib ko‘ringan hamma narsani jon-jahdimiz bilan nari haydadik, bu xoh ruhiy teng huquqlik g‘oyasi bo‘lsin, xoh shunchaki “birdamlik” so‘zi bo‘lsin, qarab o‘tirmadik. Urush tarixini (Ikkinchi jahon urushi — A.T.) va okkupatsiyani eng kam darajagacha qisqartirdik, boy g‘arb qo‘shnimizni (Germaniyani — A.T.) ranjitgimiz kelmadi, guschilar urushini o‘rganish — kommunistlar ularni sharaflashni sevar edilar, maktabda musgamlakachilik bosqinchiliklari haqida gapirmay qo‘ydilar, binobarin negr va hindlar ham biz, yevropaliklar kabi odamlar ekani to‘g‘risida gapirmay qo‘ydilar… Kokildorlarni (taqirboshlarni — A.T.) biz o‘zimiz yuzaga keltirdik, lo‘lilar ustiga qilingan hujumlar va yigirmata lo‘lining o‘lib ketishi uchun biz o‘zimiz aybdormiz (taqirboshlar tiriklayin yoqib yuborgan chex lo‘lilari ko‘zda tutilmoqda. — A.T.)”

Aftidan, bizning liberallarimiz o‘zgalar tajribasini o‘rganishni istamaydilar, shekilli.

 

ROSSIYa FAShIZMI: AFSONA VA HAQIQAT

1994 yil yozida Rossiya matbuotida bugun bo‘lmasa ertaga hokimiyat tepasiga fashistlar keladi degan navbatdagi vasvasa avj olganda men “Yangi kundalik gazeta”da “Fashistik Rossiya” haqida afsona” maqolamni e’lon qilgandim, unda yaqin kunlarda fashistlar hech qanaqasiga g‘alaba qozonolmaydilar va bunday bo‘lishi mumkin ham emasligini aytib o‘tgandim, bunga quyidagi sabablarni ko‘rsatgandim:

Qiyosiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, fashizm g‘alabasi uchun ko‘pgina omillar talab etiladi:

fashizmning ijtimoiy bazasi — “o‘rta sinf” mavjudligi, uzoq davom etgan siyosiy bo‘hron mavjuddigi;

revolyutsion vaziyatlar mavjudligi (bonapartizmga o‘tish bosqichida yoki boshqa hollarda — revolyutsion diktatura o‘rnatish xavfi bosqichida);

ommaviy fashistik harakatlar mavjudligi (yuz minglab va millionlab miqdorda), ular o‘z qurolli otryadlariga ega bo‘lishi, jamiyatda ommaviy-siyosiy terrorni avj oldirilishi, armiya va yoki politsiya tomonidan qurol bilan ta’minlab turilishi va qo‘llab-quvvatlanishi;

yirik xususiy sanoat va moliyaviy mablag‘ bilan ta’minlanishi.

Fashizm g‘alabasi uchun fashistik harakatlar yagona mafkurani ishlab chiqqan bo‘lishlari talab etilardi, boz ustiga bu mafkura allaqachon sinov bosqichidan o‘tgan va keng ommaga yoqqan bo‘lishi kerak. Yana nufuzli demokratiyaning axloqiy jihatdan o‘zini obro‘sizlantirib qo‘yishi, jamiyatda militaristik g‘oyalarni, urushqoq millatchilikni, elitarizm va madaniy inqirozni keng tarmog‘i lozim bo‘ladi.

O‘shanda Rossiyada bu barcha omillar yo‘q edi. Siyosiy terror keltirib chiqaruvchi qurolli otryadlari bo‘lgan yagona ommaviy fashistik harakat o‘rniga ko‘plab mayda-chuyda, bir-birining go‘shtini yeydigan fashistik va fashistparast mazhablar bor edi, ular ommaga hech qanday ta’sir ko‘rsatolmaydilar, na faqat rahnamolar va shiorlar darajasida, balki turli fashistik (fashistparast) mafkuralar darajasida musobaqalashishdan o‘zgaga yaramaydilar. Irqchi, ijtimoiy-darvinchi, geopolitik va hokazo g‘oyalarni keng targ‘ib qilish yo‘q edi. G‘arb tushunchasidagi “o‘rta sinf” yo‘q edi — uning sovetcha ko‘rinishi esa iqtisodiy islohotlar zarbalari ostida chirpirak bo‘lib uchib ketgandi. Rossiyada o‘shanda yirik sanoat va moliyaviy xususiy mablag‘ yo‘q edi, nimagadir u fashistlar qo‘llab-quvvatlashidan manfaatdor edi. Fashistlarning armiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga misollar yo‘q edi, jamiyat militaristik targ‘ibotga salbiy nazar bilan qarardi (aksincha, armiya doimiy tanqid mavzui bo‘lardi), rasman rag‘batlantiriladigan (yoki hech bo‘lmaganda rasman bardosh beradigan) urushqoq millatchilik yo‘q edi va hokazo va hokazo.

2000 yilga kelib vaziyat o‘zgardi. Birinchidan, mafkuraviy jihatdan turli fashistik va fashistparast tashkilotlar va guruhlar yaqinlashuvi yorqin tus ola boshladi. Barcha o‘ta o‘nglar uchun maqbul bo‘lgan g‘oyalar doirasi ishlab chiqildi: buyuk hokimiyatchilik, imperiya shaklidagi rus millatchiligi, antikommunizm, antiliberalizm, antiamerikanizm, provaslaviya, antisemitizm va irqchilik (“oriy” variantida).

Ikkinchidan, Rossiyadagi nufuzli demokratiya halokatli darajada o‘z obro‘yini boy berdi, “demokrat” so‘zi haqorat bo‘lib qoldi, sal bo‘lmasa “o‘g‘ri” so‘zining ikkinchi ko‘rinishi tusini oldi, jamiyatda militarizm qayta jonlandi, armiyani ko‘klarga ko‘tarib maqtala boshlandi, uni tanqid qilinmay qo‘ydi; bir vaqtning o‘zida geopolitika va ijtimoiy darvinizmni qayta tiklash sodir bo‘ldi (afsuski, ijtimoiy-darvincha g‘oyalarni “muvaffaqiyat genlari”, “ishbilarmonlikka nisbatan biologik joylashuv” va hokazo haqida ommaviy so‘zlashga kirishib ketgan neoliberallar qalqon qilib ko‘tarib chiqdilar). Elitarizm va madaniy inqirozga kelganda, dastlabkisi jamiyatga “aligarxlar” tomonidan tiqishtirilgan o‘yin qoidalari bilan shakllantirilgan edi, endi esa 80-yillar oxiri — 90-yillar boshidagidan farqli o‘laroq (“ommaviy demokratik harakatlar” davri) tabaqachilik va elitar mahdudlik olqishlanmoqda va sharaflanmoqda (bu esa jamiyatda tenghuquqlilik g‘oyasi o‘rniga elitalar almashuvi qaror topdi degani); madaniy inqiroz esa tuturiqsiz matbuotlar, TVdagi “sovun ko‘pikli operalar” va sahnadagi “popsa”lar bilan ta’minlanadi.

Uchinchidan, fashistlarda pul paydo bo‘lib qoldi. Qayerdan — bu fashistlarning obdon qo‘riqlanadigan siri. Faqat RNE gina bu savolga javob beradi: ishlab topishgan — va o‘zlarining ko‘plab muhofaza qilinadigan korxonalariga suyanishadi. Qolganlar istar-istamas iqror bo‘lishga majbur bo‘lishadi: pulni biznesmenlar berishayapti. Bu ham Gitlerga va Mussoliniga beriladigan pullardan emas, biroq bu endi boshqacha vaziyat: Rossiyada fashistlarni moliya bilan ta’minlaydigan xususiy kapital paydo bo‘lgan.

To‘rtinchidan, hokimiyatlar fashizmni himoya qilib chiqa boshladilar. Hozircha bu faqat olis viloyatlarda yaqqol ko‘rinadi (Krasnodarda, Voronejda, Saratovda, Samarada va hokazo) — va har doim ham viloyat rahbariyati darajasida emas, balki ko‘pincha unga bo‘ysunadigan tuzilmalar darajasida (odatda huquq-tartibot organlarida, bu, masalan, Voronejda yaqqol ko‘rinadi). Shu narsa diqqatga sazovorki, shunday simbioz (ikki xil vaziyat) haqida so‘zlovchi markaziy gazetalarning ko‘plab maqolalari hech qanday oqibatga olib kelganicha yo‘q, holbuki neoliberallarning “Yangi Izvestiya”sidan tortib kommunistparast “Sovet Rossiyasi”gacha bo‘lgan turli gazetalarda o‘nlab maqolalar e’lon qilindi.

Beshinchidan, birinchi Checheniston urushi davrida davlat darajasida imperiyacha g‘oya va buyuk davlatchilik millatchiligi qayta uyg‘ondi, bu esa fashistlarga juda qo‘l keldi. G‘arb “bizga doim yordam beradi” degan xomxayolning barbod bo‘lishi ham buyuk davlatchilik va millatchilik kayfiyatining o‘sishiga imkon tug‘dirdi. Rossiyaning “uchinchi dunyo” mamlakati darajasiga tushib qolishi va birinchi Checheniston urushida mag‘lub bo‘lishi bunday kayfiyatni tag‘in-da jo‘shdirib yubordi. “Milliy g‘oya” yaratish borasidagi hukumat tutgan yo‘l yoki “Mustaqillik kuni”ning “Rossiya kuni”ga almashtirilishi xuddi shunday ruhdagi voqealar sirasiga kiradi. Yugoslaviya tufayli G‘arb bilan kelishmovchilikka borish va ikkinchi Checheniston urushi vaqtidagi rasmiy buyuk davlatchilik da’volari o‘sha yo‘nalishdagi navbatdagi va oshkora qadamlardir. 1999 yil kuzidan boshlab barcha o‘ng radikal nashrlar bir ovozdan premer ministr Putin hozir ular bir necha yil muqaddam yozgan narsalarni gapirmoqda deya ko‘kraklariga urib maqtanishlari tasodifiy emas-da!

Oltinchidan, armiya milliy-vatanparvarlik, fashistparast tashkilotlar — kazak birlashmalari (Rossiya janubida) bilan bevosita aloqaga kirishib ketgani ma’lum bo‘ldi. Bu harakatdagi armiya urushqoq millatchi tashkilotlarni o‘qitgan, kiyim-kechak bilan ta’minlagan va qurollantirgan ayni o‘sha ma’lumu mashhur voqeadir.

Nihoyat, yettinchidan, fashistlar o‘z “ijtimoiy asos”larini topdilar   — bu yoshlardir. Bu nafaqat taqirboshlaru kazaklarning bolalari. Barcha o‘ng radikal tashkilotlar tarkibi keskin yoshardi, yoshlar hisobiga ularning soni haddan tashqari ortib ketdi. Maktablarda tarbiya mutlaqo taqiqlab qo‘yilgan, ta’lim tizimi barbod topayotgan, ishsizlik o‘sayotgan, industrlashtirish izdan chiqqan, qashshoqlik avj olgan, umumiy mafkuraviy va axloqiy bo‘hron davom etayotgan, yoshlar kelajakdan mahrum bo‘lgan bir vaqtda ular juda osonlik bilan fashizm o‘ljasiga aylanishga mahkum etilgan. Buning ustiga fashizmga eng yomonlar bormaydi. Bular “ignada” yoki qamoqhonada o‘tiradilar. Fashizm huzuriga borganlar, garchand g‘oyat jo‘n darajada bo‘lsa-da, qandaydir katga maqsadlarni ko‘zda tutgan bo‘ladilar.

Mutaxassis sifatida fashizmni miridan-sirigacha o‘rganish bilan mashg‘ul bo‘lgan mendek odamni g‘arb fashistlarining Rossiya fashistlariga keng miqyosda yordam ko‘rsatayotgani tashvishga solmay iloji yo‘q. Bu haqda aytib o‘tgan bo‘lsam-da, yana takrorlashga majburman. Rossiyaga AQSh va GFRdan bizning o‘ta o‘nglarimizni yoshlar bilan ishlash” malakasiga o‘rgatadigan emissarlar muntazam tanda qo‘yib turibdi. Tajriba almashayotgan nemis neofashistik tashkilotlarining birgina ro‘yxati kishini hangu mang qilib qo‘yadi: Kombat-18-Doychland; “Nemis faol guruhi”; “Doyche-Rusishe Gemaynshafg”; Milliy-demokratik partiya; “Shtayner o‘rtoqlik korporatsiyasi”; “Viking”lar yoshlari”; “Po‘lat niqob”; Nemis xalq uyushmasi; Milliy xalq fronti… Nemis neofashistlari o‘z g‘oyalarini yoshlar orasida — xususan Germaniyaning sharqiy yerlarida targ‘ib qilishda katta muvaffaqiyatlarga erishganlar. Ularning o‘z rossiyalik maslakdoshlariga aytadigan gaplari ko‘p.

Albatta, bu hali fashizm pishib yetildi degan gap emas. Avvalgidek fashistlar g‘alabasi uchun zarur bo‘lgan ko‘plab omillar yetishmaydi. Biroq fashistik harakatlarning Rossiya siyosiy maydonida jiddiy va uzoq vaqtgacha qaror topishiga imkon beruvchi vaziyat mana men deb turibdi — u kurashning parlament uslubiyotini nazar-pisand qilmasdan ham muvaffaqiyatli ravishda rivojlana borishi hech gap emas. Eng xavfli tomoni shundaki, fashistlar aynan yoshlar muhitida o‘z ta’sirlarini kuchaytirmoqdalar. Bugungi kunda Rossiyada yoshlarning kamida to‘rt foizi siyosatga faol va ongli ravishda qiziqadi. Ularning yarmidan ko‘prog‘i aynan fashizmga yon bosadi. Agar ish shu taxlitda davom etaversa, Rossiya davlati yoshlarimizning bir tomondan, siyosiy ko‘r va nashavand ko‘pchilikka, ikkinchi tomondan, siyosiy jihatdan faol fashistlashayotgan ozchilikka bo‘linib qolishiga guvoh bo‘lmog‘i tayin.

Bundan keyin noma bo‘lishini o‘ylasa, kishining yuragi orqasiga tortib ketadi.

1998 yil 27 yanvar1999 yil 14 dekabr.

“Drujba narodov” jurnalining 2000 yil fevral sonidan olindi.

Amir Fayzulla tarjimasi.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2000 yil, 5-son

________________________________

[1] Jidlar — yahudiylar (juhudlar — jargon).

[2] Skin head (ingl.)— sochi olingan, taqirbosh (barcha izohlar muallifniki).

[3] Ushbu nom Angliyadan kelgan. Bu bizdagi orqadan turib, “Hoy, yigit!” deb chaqirgan xitobga o‘xshaydi.

[4] “Ulyanov” emas, “Blank” familiyasini ko‘zda tutayotgan bo‘lsa kerak, lekin nima uchun uning “qip-qizil jidcha” bo‘lishiga aqlim yetmadi.

[5] Ey xudo, kimni nazarda tutayotibdi o‘zi? Nahotki xatnachi bo‘lsa?

[6] Albatta, Stalin.

[7] Albatta, yahudiylarni qirishni.

[8] Hozir Moskva maktablarida g‘alati narsalarni o‘qitishyapti-da!

[9] G‘alati kimyo muallimalari bor-da!

[10] Bu aftidan, anglashilmovchilik: skinhedlar “Ipatev uyi”ni Iso Masih ehromi bilan almashtirgandi.

[11] Ilfning Limonov mavzuiga bostirib kirishi meni lol qoldirdi, o‘lay agar.

[12] Stalin — u ham “chet ellik siyosatchi”mi?

[13] Moskva Apokalipsisi. “1993 yil 21 sentyabr — 5 oktyabrdagi fojiali voqealarning ma’naviy-axloqiy, axloqiy-huquqiy va iqtisodiy mohiyati va ularning Rossiya uchun oqibatlari Parlament o‘quvi xhujjatlari. M. 1996. 72, 75 b. Yana qarang: “Erkin fikr” 1997 №10 109-6.

[14] Moskvada irqiy bosqinlar (ingl.)

[15] So‘l gazeta. 1993. №16.

[16] “o‘rtacha” o‘rta sinf va “quyi” o‘rta sinf (ingl.)

[17] Izvestiya, 24. 03. 1999.

[18] Ijtimoiy musibatning haqiqiy ko‘lami haqida rasmiy tuzilmalar va markaziy ommaviy axborot vositalari churq etmasdilar. Deylik, Moskvada YuNESKO o‘tkazgan tadqiqot ma’lumotlariga ko‘ra tadqiq etilgan yuqori sinf o‘quvchilarning 100 foizi giyohvandlik bilan tanish ekan. Moskva ostonalaridagi Vidnoye shaharchasida tadqiq etilgan yuqori sinf o‘quvchilarining 98 foizi giyohvandlik moddalarini muntazam iste’mol qilar ekan. Oltoy o‘lkasining Qozog‘istonga tutash to‘rt tumanida ham shunday o‘quvchilarning 100 foizi nashavand ekan. Giyohvandning o‘rtacha yoshi bugungi kunda 13 yoshgacha kichraygan. Notabiiy o‘lim (qotillik tufayli o‘lgan, o‘z joniga qasd qilib o‘lgan, ichkilik va giyohvandlik tufayli o‘lgan) 25 yoshgacha bo‘lgan yosh toifasida populyatsiya bo‘yicha shunday ko‘rsatkichlardan 16-25 baravarga ortadi, nashavandlar miqdorining qayd etilgan o‘sishi — 6,5 dan 11,5 gacha, ichkilikbozlarniki — 80 dan 160 foizgacha, SPID niki — 12,5 dan 18 martagacha, zaxm bilan og‘riganlarniki — 26 dan 28 margagacha, so‘zak bo‘lganlarniki — 12,5 dan 32 martagacha ortgan.

[19] Qarang. “Uchitelskaya gazeta”. 1997. №37.

[20] Alfavit. 1998. №1. 80-yillardayoq Lotin Amerikasi olimlarining hisoblashlaricha, bugungi kunda mamlakat iqtisodiy va madaniy taraqqiyotining qo‘lga kiritgan darajasini jo‘ngina saqlab turish uchun aholining kamida 25 foizi oliy ma’lumotga ega bo‘lishi talab etilarkan!

[21] Kichik misol. Moskvadagi Pravda ko‘chasi boshida bir-biridan 500 metr narida ikki Madaniyat Uyi — Chkalov MU va “Yava” fabrikasi MU joylashgan edi. Ularda hammasi bo‘lib 60 dan ortiq bolalar to‘garaklari va studiyalar ishlardi. Hozir ularning har ikkalasi ham — kazino.

[22] Tahririyat muallif bahosiga tuzatish kiritishni maqbul deb topmadi va bu ishni uning vijdoniga havola qiladi (Tahr. izohi).

[23] Aslida “teddi-boyz” va “teddi-gyolz”, Teddydan — Edvard ismining kichraytirilgan shakli; Britaniya qiroli Edvard VII (1901-1910 yillarda hukmronlik qilgan) nazarda tutiladi; tedlar qirol Edvard zamonidagi kiyimlar modasiga taqlid qilganlar.

[24] Ommalashib ketgan mahalliy lahja tili.

[25] Mashinaga qarshi isyon (ingl.)