Ahmad A’zam. Tilda machchoyi sayil

Til – shunchaki gapirish yoki yozish emas, til – odamning tiynati, dil oynasi, madaniyati, odam olgan jami tarbiyaning hosilasi. Ataylab shevada yozib (farqi yo‘q, kinofilm­da aktyorlarni gapirtiramizmi yoki televizorda o‘zimiz mahalliy vatanparvarlik qilamizmi) ma’naviy cheklanganimizni, ma’nan qashshoqligimizni ko‘z-ko‘z etamiz. O‘ylamaylikki, shu bilan tilimga tabiiylik beraman, hammahallalarimizga yaqinroq bo‘laman deb. Aksincha. Adabiy tilni buzishga jinoiy modda qo‘yilmagan, chunki bunga jazo millatning javobgar a’zosi sifatida har bir odamning o‘zi bilan.
Hozirgi adabiy tilimiz ne-ne asrlar davomida qancha minglab ijodkorlarning tinimsiz mehnati hosilasi ekanini bir o‘ylab ko‘raylik. Til tarixini gapirganda O‘rxun-Enasoy yodgorliklaridan boshlaymiz, «budun», «ulus», «qoon», «ochun»ni hali ham bilishimizdan faxr qilamiz. «Devonu lug‘atit turk»ni yaratib bergani uchun Mahmud Koshg‘ariyni til piridek xotirlaymiz. «Qutadg‘u bilig» yaratilganmi, binobarin, unga zamin – til va uni kitobga muhrlab asrash zarurati bo‘lgan. Agar tilni qo‘riqlash, uning obro‘sini jo­yiga qo‘yish, yangi martabalarga ko‘tarish ehtiyoji bo‘lmaganda, vaziri a’zamlikning mingta, she’riyatning yuz mingta ishidan vaqt ajratib, forsu arabiy tillarni suv qilib ichgan hazrat Navoiy bobomiz turkiy til sha’n-shavkati borasida «Muhokamat ul-lug‘atayn»ni yozmagan bo‘lur edilar. Kerak ekan, ona tilini qo‘riqlash, bosqinlardan himoyalash va o‘stirish uchun fidoyiliklar qilingan.
Bugungi kunda biz nima qilyapmiz? Mustaqillik dedik, tilimizni mustaqil davlat tili qilish uchun kurashdik, shu maqomga ko‘tarib oldik va… endi o‘zimizniki, nima qilsak ixtiyorimiz deb uni ham o‘z ixtiyoriga tashlab qo‘ydik. Erkinlik bo‘ldi deb tilimizning ming yillardan beri shakllangan qoida-qonunlaridan ham o‘zimizni erkin qilib oldik. Til harakati qoidalarini pisand ham etmayapmiz.
Bizni – tarqoq qavmlarning boshini birlashtirib bir butun turkiy millat qilgan, ma’naviy tiynatimizni yaratib qo‘ygan tilimizga butkul beoqibat bo‘lib qoldik. Demokratiya zamoni deb uni o‘gaylab va hatto o‘z holiga ham emas, o‘zga tillar qo‘liga tashlab qo‘yganmiz. Chet tillar esa – muloyim bosqinchi. Xalqi nechog‘lik yaxshi, xalqlarimiz orasidagi munosabat nechog‘lik samimiy bo‘lmasin, darvoza ochiq turgandan keyin, so‘ramay ostona hatlab to‘rdan joy olaveradi, hozirlarni o‘tirgan o‘rnidan surib chiqaraveradi. Darvozani esa o‘ylab-o‘ylamay o‘zimiz ochiq qoldirganmiz.
Til ekologiyasi tabiat ekologiyasiga o‘xshaydi. Maynaning mamlakatimiz qushlari to‘piga qanday g‘orat solgani va solayotganini bilasiz: qoramolda bo‘ladigan bo‘ka (so‘na, o‘qaloq, qataloq) qurtini cho‘qilab terib yer ekan deb olib kelingan bu ochofat yemishi qolib boshqa parrandalarning, kattalarining tuxumi, maydalarining palaponigacha qirishga tushdi, ilgari shahar-qishloqlarda chug‘urlab turadigan sayron qushlarimizning bir-da yarimi ovloq chet-choplarda jon saqlab qolganini aytmasak, ularni mutlaq ko‘rmay ketdik. Mayna – o‘z makonida o‘z o‘rnida bo‘lgan, lekin kushandasi yo‘q yurtimizga kelib qushlar dunyosi, nabototdagi ekologiya muvozanatiga raxna soldi. Darvoqe, tabiatning bu fojiasi bizga fojia ham tuyulmaydi, hamma yoqni qora qarg‘a bosib, faqat musicha bilan chumchuq bechora qolganiga ham beparvomiz. He, mayda gaplar bu deb qaraymiz.
Tilimizni o‘zimiz sekin-asta, ammo tubdan buzib borayotganimizga yana bir o‘xshatma misol: shahrimizga, shaharlarimizga bir razm soling, qanchalar o‘zgarib ketdi, ko‘chalar, istirohat bog‘lari, xiyobonlarda o‘zimizning tolu teraklarni ko‘rmaysiz, to‘kilib, «antisanitariya holatini yuzaga keltiradi» deb mevali og‘ochlarni jamoat joylariga ekmaymiz, ular faqat odamlarning bog‘lariga qamalgan: olmazor, o‘rikzor mahallalar barmoq bilan sanarli qolgan. Hamma yoqni Ovrupo daraxtlari egallagan. Mayli, ko‘rk, manzara uchun o‘stirilayotgan begona og‘ochlarning o‘zida ayb yo‘q, urug‘i uchib kelmagan, ba’zilarini olib kelamiz, aksarini ko‘chatdan ko‘paytiramiz. Buni o‘zimiz qilamiz va, albatta, kerakligi uchun. Shaharga, uning ko‘chayu xiyobonlariga zamonaviy ko‘rk berish kerak-ku. Lekin mehmon og‘ochlar mezbon og‘ochlarni o‘z makonidan siqib chiqarayotganligi bor gap.
Mayli, buning vahima joyi yo‘qdir (balki, zarari juda kattadir – tabiatshunoslar biladi), tilimizdagi bunaqa o‘zgarish, tub so‘zlarimiz bo‘la turib, ularning o‘rniga chet atamalarni iste’molga kiritib olganimiz – ma’naviy fojia, fikrli har bir odam, afkor omma kech bo‘lsa-da o‘ylab ko‘radigan yo‘qotishlar.
Ha, bir misol qolib ketmasin: akatsiyani bilasiz-a, lug‘atda o‘zbekcha istilohi yo‘q, «akas» deb ruschadan o‘zbekcha talaffuzga moslab olingan, xolos: qaysi o‘lkadan kerak deb keltirilgan bo‘lsa, lekin juda beor daraxt, odamga ergashib qishloqlargacha kirib borgan (ergashib deganim, ko‘chatini odamlar olib borgan-da), tomorqalargacha bosgan. Kesish juda qiyin, bolta o‘tmaydi, yog‘ochi burong‘i-bilang, faqat tomga bolorga yaraydi, kessangiz, battar bo‘ladi – tomiridan bolalab ketadi.
O‘zga atamalar bosqini ham shunday: muloqot maydonini egallab olyapti, bolalab ketyapti, o‘z so‘zlarimiz, atamalarimiz, istilohlarimizni haqsiz quloq kabi haydab chiqaryapti va bu jarayon necha-necha yillardan avjga minib kelyapti.
Til haqida gapirgandan keyin misolni maydadan – so‘zlardan olamiz-da. Lekin bu maydagaplik emas, tubi juda keng, chuqur muammo.
Yana daraxtlar misolida aytsak, «dub», «sosna», «lipa» deymiz, xuddi o‘zimizning «eman», «qarag‘ay», «jo‘ka» istilohlarimizga kuydirgi chiqqandek. Bu ham mayli, e’tiborsizlik yo qulayi ko‘zlanadi deylik, lekin bizga til o‘rgatishi lozim bo‘lgan «Ruscha-o‘zbekcha lug‘at»da (1983) «dub»ni «dub», «dubravnik»ni «dubzor», «dubrava»ni «dubzor o‘rmon» deb birinchi qo‘yib («eman», «emanzor», «emanzor o‘rmon», ha, arzimaydi degandek, muqobil sifatida oxirga qo‘yilgan), «dubravnыy» faqat «dubzor o‘rmonga oid» deb o‘girilgan. «Lipa», ma’qul, «jo‘ka» tarjimasi yozilgan, lekin ruscha aytish esdan chiqib qolmasin tag‘in deb, qavsda kiritib qo‘yilgan: «lipa – jo‘ka (lipa) daraxti». Shu lug‘atning bir joyida «eman»ga muqobil qistirilgan «bolut» istilohini esa tamoman unutib yuborganmiz.
«Beryoza taxta» deymiz, go‘yo «qayin»ni bilmaydigandek, «qayin taxta» demaymiz, go‘yo Rossiya taxtani atamasisiz bermaydi. «Lipoviy myod» ham shunday, o‘rischa oti bilan aytmasak, go‘yo toti o‘sha yoqda qolib ketadi, birga kelmaydi.
Yana tabiatdan misol: kim yo kimlardir Ovrupoga, jumladan, Buyuk Britaniyaga Amerikadan kulrang olmaxon keltirgan, balki uyida ermakka qafasda saqlash uchundir, bu yoqimtoy jonivor erkinlikka chiqib, urchib, hozir o‘rmonu xiyobonlarni istilo qilgan va Ovruponing o‘z malla olmaxonini beshafqat haydab chiqarib, makonini o‘ziniki qilib olgan. Endi kulrangini kamaytirib, mallasini tiklash katta boshog‘riq.
Yana shunday bir misol: 1859 yili Avstraliyada uyda boqishga olib borilgan quyondan 24 donasi erkinlikka qo‘­yib yuborilgan, ov uchun, 1865 yilga kelib bu yoqimtoy jonivor millionga yetgan va uning tabiatga, dehqonchilikka yetkazayotgan zararini cheklash bugun ham muammo.
Chetdan kirib kelgan atamalar «akas» kabi beor, ilang-bilang, bolta o‘tmaydi va qayishqoq, tilimizga, xususan, avom tiliga bir kirgandan keyin, o‘zi qurimasa, chiqarib bo‘lmaydi. Kulrang olmaxon kabi muhitga moslashib, mahalliylarining joyini tortib oladi. Quyon kabi urchib ketadi.
Bozordagi baliq rastasiga kiring, «som», «sazan», «tols­tolob», «karas», «shuka», «belamur» deb «import» nom bilan sotiladi. Holbuki, baliq o‘zimizning ko‘lu daryolarimizdan tutilgan, baliqfurushlar ham o‘zbek. Hech kim «laqqa», «zog‘ora baliq» yoki «tangabaliq», «do‘ngbosh», «tovonbaliq», «cho‘rtanbaliq», «oq amur» demaydi, shunday desa, go‘yo xaridor e-e, o‘zimizniki ekan-ku deb burnini ji­yiradi. Mayli, oddiy baliqfurushlar lug‘at titkilab yuradimi, lekin televideniyeda ham shunday. Misol: yaqinda ov haqida bir yaxshi ko‘rsatuv berildi, hali bu turkum bo‘lib qolsa kerak, tili ham yomon emas, lekin baliqchi yigit boshidan-oxirigacha «sazan» deb gapirdi, «bu baliq sazan…» deb qarmoqqa ilinganini ko‘rsatib, «sazan»lab ta’rifini keltiraverdi. Balki, o‘zimizda o‘zbekcha nomi («zog‘orabaliq, «tangabaliq») ham bordir degan o‘y hech kimning xayoliga kelgani yo‘q. Baliq oviga taalluqli boshqa chet atamalarni aytmayman, evida-da endi deb o‘zingizning ham g‘ashingiz keladi.
Bunaqa til buzilishlari kundalik hol bo‘lib qoldi, qulog‘imiz o‘rgandi, o‘zimiz indamay ko‘nikdik. Masalan, shu «sazan»ga o‘xshagan atamalar ham avom tilida tomir yozib, mahalliylashib olgan.
O‘zingiz tilingizda qancha chet so‘z borligini bir chamalab ko‘ring, boshingiz aylanib ketmasa, men tan. Chet atamalarni istifoda qilsak juda madaniyatli ko‘rinamiz, shekilli-da. Aslida, ona tiliga bunaqa munosabatning o‘zi katta madaniyatsizlik!
Ko‘rib-bilib turib shu ahvolni o‘zimiz yuzaga keltiramiz, chetdan o‘zimiz olib kirgan istilohlar o‘zimizdagi so‘z-atamalarni siqib chiqaradi, o‘rnini mo‘r-malaxdek bosadi.
Chaqalog‘i, jo‘juq go‘daklari bor hamma onalar «pampers» deydi, yigirma yil ichida shu istiloh tilimizga singib ketdi. Asl nomi o‘zimizda «ko‘llik» («ko‘llamoq»dan olingan, talaffuzda beo‘xshov «ko‘tlik» bo‘lib ketgan), uni hamisha istifoda qilganimiz – «taglik» desak ham bo‘ladi, lekin «pampers» demasak qoloq bo‘lib qolamiz. Yana hazil misol: «kaka» deganimiz ayni tili hali chiqib-chiqmagan bolalarning aytishidan olingan, shirinlik ma’nosidagi so‘z edi, hozir bu so‘z barcha onalar tilida nima omonimga almashib qoldi? Aytishga uncha til bormaydi. Zamon bilan birga odimlash kerak-da! Holbuki, ona tilimizning zamoni aslligi, asliday tozaligida. «Nishasta» so‘zi taomildan butkul chiqib ketdi, o‘z so‘zimizni tilimizga endi majburlab ham qaytarish mushkul, go‘yo tepadan hammamizga buyruq tushgan: «nishasta» qatag‘on, faqat «kraxmal» deyilsin degan.
Hammamiz «prostina» deb ketdik, hech birimiz «hushki» demaymiz, fors-tojikcha bo‘lsa ham «hobgoh»imiz bor, lekin uni «spalni» deymiz, «spalni»dagi «spalni mebel»da yotmasak, uyqumiz buziladi. Odat qildik shunday gapirishni!
«Malina» deymiz, «xo‘jag‘at» desangiz hech kim tushunmaydi. «Kurka», «induk» deymiz, Samarqand tomonlarda «g‘ulg‘ultovuq», «g‘ulg‘ul» uchraydi; Qashqadaryo, Zomin shevalarida, qoraqalpoq tilida «tuyatovuq» deb ham aytiladi, ammo asl nomi – «ular», «Turkiston ulari»ni «indyuk» butkul xotiramizdan o‘chirib yuborgan. Tuyatovuq bilan o‘rdakning chatishmasi – «indoutka» degan parranda bor, shuning o‘rischa istilohidan boshqa milliy atamani bilmaymiz.
Hozir juda ko‘p odamda shaxsiy mashina bor. Bir o‘ylab ko‘ring, shu mashinangizning «oyna»dan boshqa nechta uzvi, ehtiyot qismini o‘zbekcha aytasiz: «rul», «pedal», «mufta», «korobka», «bagajnik», «tormoznoy jidkost», «zajigalka», «pepelnitsa», «sidenya», «kapot», «lobovoy»… «Karbyurator», «akkumulyator», «dinamik» kabi atamalarga mayli deylik, baynalmilal istilohlar, lekin qiziq, «to‘xtatdim» demaymiz, «tormoz qildim» deymiz, «yonilg‘i quydim» emas, «zapravka qildim», «o‘t oldirdim» yoki «qo‘shdim» emas, «zavadit qildim», «ta’mirlatdim» emas, «remont qildirdim», «o‘zib o‘tdim» emas, «obgon qildim», «orqaga oldim» emas, «nazad qildim»… Aqalli eshik «ruchka»sini «dastak» desak nima qiladi? E-e, o‘rganib qolgan til buzishlarimizning sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi.
Tilimizda qadimdan kelayotgan atamalar son-mingta. Hatto Afrikada, Lotin Amerikasi tog‘-cho‘llari flora, faunasidagi o‘simlik, daraxt, jonzotu hasharotlarning nomlarigacha bor. Lekin ko‘p kitobu maqola, filmu ko‘rsatuvlarni rus tilidan o‘girganimiz bois, lug‘at varaqlashga yo o‘z so‘zlashuv tilimizga quloq solishga erinib yoxud oddiygina savodsizligimiz tufayli o‘sha chet tildan tayyorini olib qo‘ya qolamiz. Televideniye ko‘rsatuvlari, hujjatli filmlar, maqolalarda son-ming marta «kaktus» atamasiga duch kelaman, loaqal bir marta bo‘lsa ham «qumanjir»ni eshitmaganman. Holbuki, bu atama qadim zamonlardayoq o‘sha yoqlarga borib, o‘sha tikanli kaktuslarning mevasigacha ko‘rgan ota-bobolarimizdan qolgan.
Masalan, «tropik» «mador» deyilgan, «mador o‘rmoni», «mador o‘lkalar», endi adabiy tilga majburan kiritilmasa (balki, kerak ham emasdir), avom tiliga bu istiloh qaytmaydi, «tropik»ni shu qadar singdirib yubordik. Xuddi shunday atamalardan «Bahri Muhit Kabiri» (Tinch okeani), «Bahri Muhit Otlosi» (Atlantika okeani), «Bahri Muhit Hindi» (Hind okeani), «Bahri Hazar» (Kaspiy dengizi), «Shom» (Suriya) – ellik to‘qqizinchi yilgi lug‘atda hamma so‘zlari bosh harfda berilgan shu atamalar ham iste’moldan chiqib ketgan (lekin «shom» bir oz boshqa ma’noda aytilib turadi, «Bahri muhit» unda-bunda uchraydi). «Lubnon», «Majoris­ton», «Bulg‘oriston»ni «Livan», «Vengriya», «Bolgariya» deb ketdik. Endiga kelib «Habashiston», «Quddus», «Olmoniya» kabi talay jug‘rofiy atamalarni ruscha istilohini qo‘llash urfga aylandi. Yana o‘sha lug‘atda «Mongoliya» deb berilgan, «Mo‘g‘uliston» esa «tarixiy», eskirgan atama deb chetga surib qo‘yilgan. Mana, hozir o‘zimiz ham so‘zlashuvda «Mongoliya», «mongollar» deb ketyapmiz.
Noiloj, dunyoning ravishi shunday ekan, ko‘nikamiz. Ko‘nikmaslik kerak. Atamalarni eski lug‘at va boshqa adabiy manbalarga qarab tiklasa yoki yangidan qilsa bo‘ladi. Masalan, «o‘quvchi», «o‘qituvchi», «oluv», «qo‘shuv», «ishchi» kabi o‘nlab so‘zlar yasalgan, iste’moldan o‘rin olgan. Lekin «o‘ziqaynar», «o‘tomoch», «o‘ziuchar», «o‘tarava» kabi so‘zlar yasalganda eskilik sarqiti deb masxara qilingan. Xo‘sh, «pulemyot»ni «o‘qsochar» desak nimasi yomon? «Pulemyot» atamasi ham shu qurol kashf etilishi bilan yasalgan so‘z-ku. «O‘ziqaynar»ning «samovar»dan nima kami bor? O‘chirib tashlanmaganda allaqachon tilimizga singib ketgan bo‘lur edi.
Tilchi mutaxassislarimiz bu ishlarni yana o‘z qo‘llariga olishlari lozim.
E-e, buni qarangki, ming yil badalida bordi-keldilarda ota-bobolarimiz ko‘rgan-bilgan bepoyon arab sahrosi «Sahroi kabir» (katta, ulkan sahro), endi uni shovvoz tarjimonlarimiz «Saxara» deb ag‘daraveradilar. Qumtepalari ko‘p ko‘ringani uchunmi, «Saxara sahrolari» deganlariga besh ketasiz! O‘rischa «Saxara»-da. Yo‘q, besh ketmang, bu shunchaki «pustыnya Saxara»ning yantoqqa sudrab tarjima qilinishi.
Afrikaning Habashistonida cho‘l, suvsiz yaydoq biyobonlarida ko‘proq cho‘l kalamushi, sug‘urmi, yumronqoziqqami o‘xshagan jonivorni tutib kun ko‘radigan do‘lta bo‘ri (ba’zi shevalarda kattasi ham «do‘lta» deyiladi) bor, bir ko‘rsatuvda shu «Efiopiya shoqoli» deb tarjima qilinyapti. Nimaga «Efiopiya»? Axir, o‘zbek tilida mamlakat nomi necha asrlardan beri «Habashiston», keyin nimaga «shoqol», axir, bu aniq-ravshan ko‘rinib turgan cho‘l bo‘risi, sal chog‘roq, lekin aslo shoqol emas. Ha, shunday ekan, tarjimada har maqomga yo‘rg‘alayvermay, «habash bo‘risi» desa olam gulis­ton-ku. Baribir uni xalq «habashbo‘ri» deb ixchamlab oladi. Keyin, shu o‘rinda bir mulohaza: nimaga lug‘atlarga «shoqol» bo‘lib kirgan, hamma yerda talaffuz qilinishiga qarab «shog‘ol» emas? Gapirganda «shog‘ol» deymiz-ku. Yo bizdan o‘rischaga «shakal» bo‘lib borganidan qayta tarjimada shunday bo‘lib qolganmi ekan? Bilmadim, vallohi a’lam, adashayotgan bo‘lishim hech gap emas.
Tarjimonlar o‘qimaydi, lug‘at varaqlashga erinadi, birovdan so‘rashga esa bo‘yin yor bermaydi. Ruscha matnda nima deyilayotganini tusmol anglab, bizning tomoshabinga bo‘laveradi deb bosib ketaveradi. Bir kuni hujjatli filmda qulog‘i katta, ola-bula, haligi ovini galalashib «amalga oshiradigan» tubi yovvoyi it darranda ham «shoqol» deb ta’riflanyapti. Shoqol tamomila boshqa yirtqich, bizda chiya­bo‘ri ham, Amerikada koyot, lekin ko‘rsatganlari «giyenopodobnaya sobaka», ya’ni sirtlon, it sirtlon, aslo «shoqol» emas. Sekretariat degan poygachi ot haqidagi film tarjimasida otga qo‘yilgan laqabni «Malla» deb tarjima qiladilar. Filmda hech qanaqa malla emas, balki jiyron, yana ham aniqrog‘i, jiyron qashqani ko‘rib turasiz. Ruslar uni «rijыy» deydi, to‘g‘ri, «rijыy» tarjimasi «sariq», «malla», ammo bizda ot «malla» deyilmaydi, otning har bir tusining o‘z nomi bor: «saman», «to‘riq», «jiyron to‘riq», «qashqa to‘riq», «to‘riq saman», «bo‘z», «chavkar»… O‘zimiz mingan to‘rig‘imizga ekranda: «Olg‘a, Malla! Bo‘sh kelma, Malla!» deb baqirib tursak, hech bir quyushqonga sig‘mas bu! Shundoq lug‘atni ochib ko‘rsa, aniq-taniq yozib qo‘yilgan istiloh-a! «Kechadan beri ovqat yemayapti…. Bugun hamma ovqatni yedi!» – deydi film qahramoni. Filmda esa otning oldiga bir chelak suli qo‘yilgani ko‘rsatiladi. Baraka topgurlar, otning ovqati emas, yemishi bo‘ladi, ovqatni emas, yemini qoldirmay yegan bo‘ladi-da, axir! Nimaga tilimizni buzamiz?
Misollardan bosh aylanib ketadi, lekin aytmasa, mavhum gap bo‘lib qoladi. «Gepard» yugurik, yoqimtoy yirtqich, uning ohularni quvib yetishini maroq bilan tomosha qilamiz. Mushuksimonlar oilasidan kelsak, arslon pusib kelib panadan daf qiladi, o‘ljasini tutgan yerida yeydi, sirtlon galalashib tashlansa, u shuncha zo‘rligi bilan ham yemtigini tashlab qochadi. Qoplon ham o‘t-o‘langa biqinib keladi, xol-xol terisi bilan xas-xashak orasida uncha bilinmaydi ham, o‘ljani tutishi bilan zudlikda biron daraxt ustiga tortib chiqarib oladi, o‘sha yerda – bamaylixotir, u yoqqa tayyorga ayyor sirtlon chiqa olmaydi, sher tarmashadi, lekin qoplon turgan tepagacha yetolmaydi. Gepard ham shunaqa katta mushuk, lekin sipta, ingichka-uzun, nihoyatda chopqir jonzot. Yugurishi soatiga to‘qson-yuz, hatto bir yuzu yigirma kilometrgacha boradi. Tabiiyki, ovini quvlab tutadi, o‘ljani qoplonga o‘xshab daraxtga olib chiqishga kuchi yetmaydi, sher, qoplon, sirtlon hidini olib yetib kelgunicha, tutgan yerining o‘zidayoq saranjomlashga tushadi. Sirtlonni bilasiz («giyena» nimagadir lug‘atda «sirtlon», «yoldor bo‘ri» deb ikki xil o‘girilgan, «giyena» bo‘ri emas, to‘g‘ri, uning yoldor turdoshi ham bor, uni ham «yoldor sirtlon» deyish to‘g‘riroq, «yoldor bo‘ri» bo‘rining «arlon»i, ya’ni erkagi), gepardga bag‘ishlangan bir film tarjimasini ko‘rib o‘tirib angra­yib qoldim: bemalol, shuncha odam ko‘rishi, binobarin, bilishiga befarq, «gepard» «qoplon» deb tarjima qilinyapti! Tilni bilmasa nima qiladi tarjimaga yuviqsiz qo‘lini urib?
Men ham gapim tushunarli bo‘lishi uchun «gepard» de­yapman, hammamizni shu istilohga o‘rgatib qo‘yishdi, boshqa atamani bilmaymiz. Lekin lug‘atda asl turkiy nomi bor gepardning – «chita»! Afsuski, bu atama tarix qa’riga cho‘kib ketgan. Chita bir paytlari saroylarda, ovchilarning uylarida shikor uchun saqlangan, «chita» oti ham o‘sha zamonlardan qolgan.
Rus tilining qonuniyatlarini bilmagan holda tarjimada chiranishlarimiz, birinchidan, o‘z tilimiz imkoniyatlarini toraytirsa, ikkinchidan, atamalarda ham ko‘p chalkashliklar keltirib chiqaradi. Ruslarda «snejnыy bars» atamasi mavjud, tog‘larda, qorda bo‘ladi, biz buni befarq «qor barsi» yoki bilib «qor qoploni» deb o‘giramiz, avvalambor, bu o‘rinda «qor» ortiqcha, chunki ayni shu qoplon bizda shusiz ham faqat tog‘da, tog‘ qorlarida bo‘ladi, ruslarda esa mazkur qoplondan farqli o‘rmonu to‘qayda yuradigan Uzoq Sharq qoploni ham mavjud. «Qor qoploni» bizdagi qoplondan boshqa yana bir turi bor ekan degan chalkash tasavvurga olib keladi. Nimagadir 1983 yili bosilgan «O‘zbekcha-ruscha lug‘at»ga kirmagan, avomda, folklorda «ilvirs» atamasi mavjud, ellik to‘qqizinchi yili chiqqan lug‘atda esa bor: «ilvirs – snejnыy bars». Keyingi lug‘atlarda bu istilohning uchramasligi tarjimonlarni sopini o‘zidan chiqarishga majbur qiladi.
Tarjimalarning qariyb barchasida gavdasi qariyb ko‘ppakdek keladigan kaltadum qoraquloq «yovvoyi mushuk» bo‘lib ketdi, hay, o‘qib bilganlar ba’zan atamaning aslini ham qo‘llab qoladi. Tabiatda haqiqatan ham yovvoyi mushuk bor, dunyoning hamma joylariga tarqalgan; xonaki mushukning yovvoyilashgani yo teskarisi (yana buning «manul» degan turi ham bor, tilimizda nimaligini bilmayman, lug‘atlarda ko‘rmaganman). Tezkor tarjimonlar esa buni ham, qoraquloqni ham «yovvoyi mushuk» deb o‘tkazib yuboraveradilar.
Bilmaslik tufayli fikrni buzadigan o‘girishlar tarjima asarlarda bir g‘alati ustuvorlikka ega. Shunday desak salobatli ham madaniyatli chiqadi deb o‘ylaydilarmi, o‘zimizdan ruschaga o‘tgan atamalarni ham ruscha istilohida ko‘p qo‘llaymiz. Himolay tog‘i cho‘qqilari ustidan oshib o‘tadigan laylakni ilib tutadigan «berkut» degan katta qush bor ekan! «Berkut» deb alohida nom qo‘yilganmikan deb o‘ylaysiz. Axir, «berkut» ruschaga o‘zimizdan o‘tgan «burgut»-ku, tasvirda ham burgut, aynan Osiyoning Himolay burguti bo‘lgani uchun osiyocha atama qo‘llagan ruslar. Nimaga biz ham o‘z so‘zimizni o‘rischa aytishimiz kerak? O‘zbek tilida burgutning qoraqushimi, qironqorasimi, sor shunqorimi (yana talayining nomi bor tilimizda) – hammasining jam nomi «burgut», lekin «berkut burgutlari» emas-da. Agar o‘sha Himolay burguti uning qaysi turdoshi ekanini bilsangiz nomi bilan ayting, bo‘lmasa, nima qilasiz tilni buzib?
Tarjimalarda ustoz ko‘rmagan shogirdlar har maqomga yo‘rg‘alayveradi, tezkor «to‘g‘ri» tarjimalarda odam gapirmaydigan jumlalar paydo bo‘ladi. «Himolay tog‘larining balandligi yetti ming metrni tashkil etadi», «Kondor qanotlari yoyilganda uch metrni tashkil qiladi» – o‘zingiz shu tilda gapirasizmi? Xo‘sh, kim qanday «tashkil qilib» berar ekan, shuni «etti ming metrga yetadi», «uch metrga boradi» deb oddiy o‘zbekcha aytsak, otamiz urishadimi?
Rus tilini bildi degani o‘zbekchaga tarjima qilaveradi degani emas-ku!
So‘zga chechan bo‘lmagan tarjimonni asl matn qurbaqani rom etgan ilondek o‘z domida tutib turadi, erkin o‘girishiga qo‘ymaydi, u muqobil so‘zlar tanlashda ixtiyorini yo‘qotishdan tashqari tarjima etilayotgan tilning ifoda xossalarini o‘z tiliga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri, «kalka» yo‘li bilan ko‘chirishga o‘tib oladi.
Erkin o‘girishga qo‘ymaydi deganimiz, tarjimonning, avvalo, asl matndagi atama-istilohlarning ona tilidagi muqobilini bilmay, qo‘lbola, mafhuman ag‘daraverishi. «Dengiz mushugi», «dengiz arsloni», «oq dumli burgut», «oq rangli qarqara», «kul rangli qarqara», «tog‘ qo‘ylari», «tog‘ echkilari», «karibular», «kabargalar», «morjlar», «suv fillari» («-lar»ga hali to‘xtalamiz) va hokazo atamalar oldingi hamda hozirgi tarjimonlar tomonidan yasalgan, keyin bu sun’iylik lug‘atlardan ham joy olgan. Lekin ke­yingilari machchoyi tarjimada ancha ildamlab ketgan: «urg‘ochi echki», «erkak echki», «urg‘ochi qo‘y», «erkak qo‘y», «urg‘ochi yovvoyi cho‘chqa», «erkak yovvoyi cho‘chqa» (kulmang, hazillashayotganim yo‘q, har kuni televideniyeda ko‘rib, ayrim nashrlarda o‘qiyotganingiz bu), hatto mayda qushlarning ham jinsini «urg‘ochi» – «erkak» deb ayiradilar. Mayli, «sovliq»ning tubi «sog‘moq»dan, lekin qo‘yning urg‘ochisi «qo‘y», erkagi ming yildan beri «qo‘chqor» deb kelinadi-ku, «echki» deb faqat urg‘ochisi aytiladi, erkagi «taka» – shu ham aytib o‘rgatiladigan gapmi?! Cho‘chqa «megajin» – «qobon», jam nomi «to‘ng‘iz», uni «yovvoyi cho‘chqa» deyish ham «dikaya svinya»dan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kalka, ularda qadim-qadimdan cho‘chqa xonadonda boqilgan, shundan «domashnaya», «dikaya svinya» atamalari mavjud, bizda uni boqish ham, go‘shti ham harom, uyning yaqiniga yo‘latilmagan, xonakisi bo‘lmagani bois, «yovvoyi» sifati ham mutlaqo keraksiz.
Rus tilida jonzotlarning jamini umumiy qilib, jinsini ikkita so‘z – «samets» – «samka» deb deb ayiradilar, lekin o‘zbek tilida bunday emas, ko‘p jonivorlarning (albatta, asosan, o‘zimizda borlarining) jinsi alohida istilohlar, nomlar bilan ajratiladi. Parranda zotidan «tovuq» – «xo‘roz», «makiyon» – «xo‘roz», lekin tarjimalarda bu atamalar inobatga olinmaydi. Kattayu kichik qushlarga «urg‘ochi – erkak», «nar – moda» deb qo‘llanaveradi. Qarang, tilimizda bedana, chumchuq, so‘fito‘rg‘ay singari mayda qushlarning ham jinsi «mashak» – «majik» deb ajratilgan, ammo shulardan faqat «mashak» bedanavozlar tilida saqlanib turibdi, boshqa o‘rinlarda lug‘atlarga cho‘kib ketgan. Lug‘atda ham qiziq. Ularda ham chala tarjimaning tarjimasi, masalan, «gus – erkak g‘oz» deb berilgan. Har holda, kitni bir o‘rinda «urg‘ochi kit» – «erkak kit», bir o‘rinda «nar kit» – «moda kit» deyaversak, quloqqa g‘alati urilar ekan. «Samka – samets» atrofida bunaqa qo‘lbola tarjimalarning kelib chiqishi o‘zi betayinroq, lekin «moda boyqush» bilan «nar boyqush» bundan ham o‘xshamagan tuyuladi. Gap «polyarnaya sova»ning «samka»si, «samets»i haqida ketyapti, lekin o‘zimizdagi boyqush yo boyo‘g‘lining erkagiyu urg‘ochisi nima deyilgani esimizdan chiqib ketgan (turgan gap, men ham bilmayman). Nimaga shunaqa parrandalarga ham «makiyon» – «xo‘roz»ni qo‘llamaslik kerak, tushunmayman. «Urg‘ochi bo‘ri», «erkak bo‘ri» bilmaganlikdan deylik, «urg‘ochi it», «erkak it»ga nima deysiz? Bo‘rining urg‘ochisi «qanjiq», erkagi «arlon» bo‘ladi, it ham shunday: «urg‘ochi» emas, «qanjiq», erkagi «ko‘ppak» (shevada «arlon» ham de­yiladi); «urg‘ochi tuya» emas, «moya», «elmoya» «harvona», «erkak tuya» emas, «nor», «nortuya» – e astag‘firulloh, maqolayu ko‘rsatuv, filmlar tarjimasida bilmaslikdan tilimizni shu tarzda g‘ariblantirish odat tusiga kiryapti! Shunaqa payt­lari tilimizning qashshoqlanib borishiga sho‘ro zamonida va keyin bosilgan lug‘atlarimiz ham qisman sabab­chi ekaniga amin bo‘laman. Ko‘p so‘zlar sifatsiz mafhuman tarjima holida olingan. Shimoliy muz okeani bo‘ylaridagi yerlarda «ovtsebыk» degan hayvon bor, shuning nomi o‘zbek tiliga «ho‘kizqo‘y» deb ag‘darilgan, xo‘p, «qo‘y»ga mayli deylik, ruslarda ham «ovets», lekin bizda «ho‘kiz»ning ma’nosi «bыk»dan farqlanadi: u buqaning yovosh qilish, kuchini arava, omoch tortishga berishi uchun bichilgani. Bilmadim, mening gapim ham noto‘g‘ridir, har holda, bu jonivor «ho‘kizqo‘y» emas, til ham kelishmaydi, jilla qursa, «qo‘ybuqa» desak asliga to‘g‘riroq bo‘lur, lekin bu ham mafhuman o‘girish bo‘ladi. Ha-a, bir rus multfilmida muguzi Afrika buyvoli (bu tur atamasi ham «bizon», «zubr» «tur», «los» kabi rus tilidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri olingan) shoxidan nusxa olingan, beo‘xshov chizilgan bu jonzot tarjimada undan ham beo‘xshov qilib «qo‘tos», «ho‘kizqo‘y qo‘tosi» deb ta’riflandi, bu qo‘tos (yak) emas, qo‘tos – Osiyoning Turkiston tizmalari, Himolay tog‘larida bo‘ladigan pastak qoramol, Shimoliy dengiz bo‘ylari uning tushiga ham kirmaydi, menimcha.
Boshqa til, undan bilib-bilmay qilinayotgan arzonqo‘l tarjimalar ona tilimizning so‘z boyliklarini qo‘llash, ifoda imkoniyatlaridan foydalanishni cheklab-chegaralab, so‘zlashuv jarayoni va u orqali adabiy tilga ham salbiy ta’sir o‘tkazadi. U tildagi ifodalar bu tilga sun’iy ko‘chadi. «G‘or suvlari nafaqat buzg‘unchilik, balki yaratuvchilik bilan ham shug‘ullanadi» – bir qarashda hamma so‘zlar joyida, o‘zbekcha, lekin juda o‘nqovsiz, buni ruschaga qaytarib o‘girsangiz ham mantiqsiz chiqadi. Yana bir shunga o‘xshash jumla: «Bu yerda hasharotlar bemalol nektar yeyishlari mumkin», «Bu tog‘larda bo‘rilar yashashadi». Bunaqa deb bo‘lmaydi-ku deb xunobingiz oshadi, lekin shunaqa deyilyapti, shu jumlani sahna nutqidan ta’lim olgan, o‘zini nutq ustasi deb biladigan aktyor hech xijolatsiz o‘qib beryapti. Biz esa eshit­yapmiz, har kuni millionlab odam, xususan, nutqi shakllanayotgan bolayu yoshning qulog‘iga quyilyapti mazkur noto‘g‘ri gap. Keyin nimaga inshoda o‘quvchilarimizning tili bunaqa, yozuvda nimaga buncha xato qiladilar deb ajablanamiz…
Gap juda ko‘p, hali xullas deya olmaymiz. Xullasini tilchilarimiz aytishi lozim.
Darvoqe, mening hamma gaplarim to‘g‘ri, mutloq haqiqat emas, o‘z biligimcha o‘ylashga turtkilar, xolos. Zero, shu til muhitida yashayapman, uning ta’sirlaridan xoli emasman.