Mana bu bir juft bayt, o‘zimizning ota-bobodan qolib kelgan halol molimizdur. Ushbuni ham kim maniki, desa boshi o‘lumda, moli talondadur. Agar qo‘ni-qo‘shnilarning ko‘z olaytirishlaridan qo‘rqmay, doirani kengaytiribroq yuborsaq bu baytdan butun Sharqni ham nasibador qila olamiz. Ammo boshqalarg‘a yo‘l-yo‘ruq yo‘qdur.
Chunonchi bu bir juft baytning ma’xazini[1] tekshirsak, tarixning quloch-quloch ichkarisiga kirib ketamiz; varaq-varaq tarix hamoqat va shaqovatidan[2] o‘quy-o‘quy nihoyat hazrat Odamga, nihoyat almisoqqa borub yetamiz. Roviylarning rivoyatiga qarag‘anda, almisoq kuni bir farishtaning qo‘lida: «Al-harakatu fal-baraka»[3], ikkinchi farishtaning qo‘lida «Man tavakkal fatasaqqal»[4] degan shiorlar ko‘tarilibdur. Shul vaqtda jarchi chaqiribdurkim: «Ey, arvohi bani Odam, ushbu ikki shiordan bittasini qabul qilishg‘a erklikdirsizlar!»
— Olha… Qarabsizki arvohi millati najib o‘zbek «Man tavakkal fatasaqqal» shiorini ushlagan farishtaning ustiga tutdak to‘kulub:
«Tavakkaltu alolloh»ni degan er: Na talqonu na qalqonning g‘amin yer!— degan baytni xo‘r bilan o‘qub yetti qat ko‘kni titratibdirlar.
Bu tekshirishimiz, da’vomizni tarix bilan isbot qilish bo‘lub, ammo dalil va isbotni xalqimiz va tirikligimizning o‘zidan olg‘anda ish yana abjaq. Kimning og‘zig‘a quloq solsang «Bo‘lsa bo‘lar — bo‘lmasa g‘ovlab ketar», «Umaralixonu Ma’dalibek, taralagijdangu taralagijdang», qahramonlar bilan bitta-bitta tanishib boqsaq tag‘in ishlar joyida.
— Muallimlarimiz: «Chalakam chatti yoram zuvalam zavzi kalam chanta?»ni[5] bilib olg‘anlar-da, narigi yog‘ig‘a bir orqa tavakkul!
— Ishchilarimiz og‘zidag‘i: «Qo‘li qadoq, peshonateri, ur kaltak — sur kaltak» so‘zi quloqlarni garang qilsa ham amalda ehe…[6]
— Xotunlarimiz: «Qozonda jiz-biz, o‘runda siz-biz» she’rini o‘quydirlar-da, natijada besh-oltita duvaraklar millat uchun hadya: ya’ni avlod, vatan, deysiz-da, qulbachchalarni!
— «Ziyolik, yosh ko‘z ochg‘an va yangi fikr» — sarlavhasidagi muammolar eshitishimizga qarag‘anda «Millatga ilm kerak, ma’rifat kerak!» deb hovliqar emishlar-da, ishka kelganda «La havla va la quvvata illa billah…»[7]
— Toshmat akamizning burunlaridan ip taqilg‘an bo‘lsa ham hamon tavakkaltu alolloh…
Bas, bu bir juft bayt har jihatdan ham biznikidir, bizning ila aljipsu va la bilimdir[8].
«Tavakkaltu alolloh»ni degan er: Na talqonu na qalqonning g‘amin yer[9].Mushtum
«Mushtum» 1923 yil, 3-son, 2-bet
[1] Ma’xaz — manba.
[2] Shaqovat — baxtsizlik.
[3] «Al-harakatu fal-baraka» — harakatda baraka bor (Hadis).
[4] «Man tavakkal fatasaqqal» — kimki tavakkalchi bo‘lsa dangasa bo‘lib, qoladi (arab maqoli).
[5] Arab alifbosi tartibini ko‘rsatuvchi sakkizta so‘z: abjad, havvaz, hutti, kalaman, za’ufas, qarashat, saxxaz, zazag‘; eski usul maktabda bolalar darsni shu so‘zlarni yozib, o‘qishdan, abjadxonlikdan boshlaganlar.
[6] Bu yerda muallif sinfiy kurash avj oldirilib, hamma kunni ishchilar sinfiga va’da qilinsa ham amalda ular qech bir ro‘shnolik ko‘rmaganlaridan kinoya qilyapti.
[7] Hech bir kuch — qudrat yo‘q, faqat Alloh nomi bilan, yordami bilan bo‘ladi (Hadis).
[8] Aljipsu va la bilim — yana bilmadim, Alloh bilguchidir.
[9] Bu shiorning mazmuni Qur’on oyatlari va hadislar bilan asoslangandir. Aslida bu shiorning mazmunida toat-ibodatda, ixlos-e’tiqodda, zuhdu taqvoda Allohning kalomi-ahkomlarini ado etib, botiniy poklanish, zohiriy riyozatlar orqali mardi xudolik maqomiga yetib, so‘ng tavakkul qilguchilar nazarda tutiladi. Bunday maqomga erishgan Allohning do‘stlarini tabiiyki duolari qabul bo‘lguvchi kishilar deyilgan, ya’ni ular avval talqonniig (rizq) qam, qalqonning (himoya) ham tadbirini olgan insonlardir.