Shahrimizda sog‘liqni qaqshatish ishlari, Xudog‘a shukr, bu yil juda tartibga qo‘yila boshlandi. Hifzi sihhat bo‘lumining «beparvo falak»ligidan xalqimiz juda mamnun va sarafrozdir.
Bu yil eski shahardagi guzar hovuzlari mikrub bulog‘ig‘a aylanib qoldi. Hatto, bu hovuzlarning biridan cho‘chqa chiqqonlig‘ini ham gazetada o‘qidiq. Oshxona va kabobfo‘rushliqlarimiz bo‘lsa, «kar» madaniydir. Eski shahar osh salxonasidan ko‘knorxonalarimiz ming qatla ozoda muntazamroqdir. «Chashmai shifo» hovuzchasining oldidan o‘tmoqchi bo‘lg‘oningizda, ehtiyot uchun, albatta, burningizni tutib o‘tishga majbur bo‘lasiz.
Xulosa, shahrimiz sog‘liqni saqlash idorasini «xotirjami gov jallob» etarlik darajada toza va boshqa shaharlarg‘a namuna bo‘lurliq yo‘sunda pokizadir.
Yana bir gap qoldi: shuning bilan barobar ahli taqvo musulmonlarg‘a, xayrixohlik yuzasidan e’lon qilamizkim, yangi shaharg‘a borayotg‘onda «Sarjin bozori» ko‘chasidan zinhor o‘tmagaylar. Chunki u yerg‘a tashlang‘on necha vogun axlat ichidan hammavaqt «sunbuli sahro» isi chiqib dimog‘g‘a uradir va ro‘zani sindiradir…
Shumshuk
«Mashrab», 1925 yil, 20-son