Abdurauf Fitrat. Yassaviya maktabi shoirlari to‘g‘risida tekshirishlar (1928)

O‘rta Osiyo turk adabiyotining islomdan so‘nggi maktablari orasida Yassaviy maktabi[1] juda nufuzli, katta o‘rin tutadir. Bu maktab asrlar bo‘yicha bizning o‘lkada xonaqoh, ibodat adabiyoti yarata keldi. Elimizga dunyodan, hayotdan uzoqlashish, riyozat chekish fikrlari kabi buddizm qoldiqlarini islomiy bo‘yoqlar bilan bo‘yab berishga mashg‘ul bo‘ldi. Zotan, ibodat adabiyoti islomdan burung‘i turklarga yot bir odat emas edi. Milodiy o‘ninchi asrda Buxorodan Xitoyg‘a sayohat qilg‘an sayyoh Abu Dulaf[2] musulmon bo‘lmag‘an qirg‘izlarning o‘z ibodatlarida tizmalar o‘qug‘anlarin ko‘rgan edi. (Majma ul-buldon, J. 3. b. 448.)

Yassaviy tariqatining, aynuqsa, dala turklari orasida muncha keng shaklda tarqalishig‘a, bu tariqatning ularning eski ibodat shakllariga yot bo‘lmag‘anin ham katta roli bo‘lg‘an, albatta, Yassaviy maktabi adabiyotining boshida milodiy 1166 (hijriy 562) da o‘lg‘an mashhur Ahmad Yassaviy turadi. O‘rta Osiyo so‘fiyligining «yassaviya» yoxud «jahriya» qo‘lini ta’sis qilg‘an bu odam haqida «Maorif va o‘qitg‘uchi» jurnalining o‘tgan sonlarida yozilg‘an edi, yangidan bu haqda so‘zlash kerak emas. Yolg‘uz shuni aytib o‘tish lozimki, yassaviy tariqati O‘rta Osiyoda abdulholiqiylar yoxud naqshbandlar tariqati[3] bilan muvozi’ suratda davom etib kurashkan. Temuriylar zamonida yassaviylar bu kurashda muvaffaq bo‘la olmag‘an bo‘lsalar ham, o‘zbeklar huqumati zamonida raqiblarini yenga olg‘anlar. Shayboniyxonning yassaviy shayxlarining fotiha va tashviqlari bilan kelib mashhur naqshband shayxi Xo‘ja Ahrorning sevgili o‘g‘li Xo‘ja Yahyoni(ng) ukalari bobolari bilan o‘ldurilishi yassaviylarning yengishlari edi. O‘zbek Ubaydullohxon zamonida yashab, milodiy 1542 yilda o‘lg‘an Mahdum A’zami Dahbidiyning[4] naqshband bo‘lgani holda «jahriya»ni qabul qilishi O‘rta Osiyoda yassaviylik g‘alabasining xorijiy bir shohidi bo‘ldi[5]. Mana shundan so‘ng yassaviylikning O‘rta Osiyoda g‘olib sifati bilan davom qilg‘anin ko‘ramiz.

Yassaviylikning xoh g‘alabasidan burun, xoh undan keyin O‘rta Osiyoda bir ko‘b shoirlar yetishtirganini qabul etmak judayam yanglish bir harakat bo‘lmasa kerak. Lekin bu Yassaviy shoirlarining asarlari bo‘lsun, o‘zlari bo‘lsun haligacha tamoman ma’lum bo‘lmag‘an, tekshirilmag‘an! Bulardan bizga yaxshigina ma’lum bo‘lmag‘ani Ahmad Yassaviyning shogirdi, muridi Hakim Sulaymon otadir. Hakim Sulaymon ota Ahmad Yassaviyning uchinchi xalifasi bo‘lub, uning ko‘rsatishi bilan Xorazmg‘a borib shayxlik qilgan. Milodiy 1186 da (piridan yigirma yil so‘ngra) o‘lgan. Qabri Xorazmda Boqirg‘on degan joyda, qo‘limizda bo‘lg‘an «Tazkirat ul-avliyo»larning biri Ahmad Yassaviyning «Hikmat»laridan bermagani holda hammalari Hakim Sulaymon otaning ko‘b «Hikmat»lari borlig‘ini bir og‘izdan aytib turadilar.

Boqirg‘on hikmatlari «Boqirg‘on kitobi» ismi bilan 1906 yilda Qozonda bosilg‘an[6]. Bori 75 betdangina iborat bo‘lgan bu kitobchadagi she’rlarning hammasi Hakim ota she’rlari emas. Onda Hakim Sulaymon otaning yolg‘uz 36 parcha she’ri bo‘lg‘an, hammasi 1180 misradan iboratdir.

Mazkur kitobchada Hakim otadan boshqa ko‘brak she’rlari yozilg‘an shoirlar tubandagilardir:

  1. Shamsdan[7] 24 parcha, hammasi 1058 misra’.
  2. Iqoniydan[8] 19 parcha, hammasi 266 misra’.
  3. Qul Ubaydiydan 13 parcha, hammasi 334 misra’.
  4. Qul Ahmaddan 10 parcha, hammasi 238 misra’.
  5. Mashrabdan 10 parcha, hammasi 201 misra’.
  6. Xudoydoddan[9] 4 parcha, hammasi 64 misra’.
  7. Qul Sharifdan[10] 4 parcha, hammasi 70 misra’.
  8. Faqiriydan[11] 2 parcha, hammasi 28 misra’.

Bulardan boshqa Hubbiy, Qosim, Tafiy (?), Fikriy, Masihiy, G‘azzoliy, Gadoli[12], Qul Sharafiy, Shuhudiy, Behbudiy, Bobo Mochin[13], Toj[14] kabi shoirlardan biror parcha bosilg‘an.

Bu shoirlardan «Qul Ahmad», «Xoja Ahmad», «Qul Xoja Ahmad» taxalluslari bilan hikmat yozg‘ani Ahmad Yassaviyning o‘zi bo‘lgani kabi, Mashrabning ham o‘zimizning Shoh Mashrab bo‘lish ehtimolini qabul qilib, kim ekanlari tekshirilmag‘an shoirlarg‘a o‘tamiz.

Iqoniy: taxallusidan uning Farg‘onadagi Iqondan ekani onglashiladir. Yassaviy shoirlari orasida mashxur Mahdud Shayxning[15] muridi Qamol Shayx degan odam bor. «Rashahot» bilan birga butun manoqib kitoblari bu Kamol Shayxning Xoja Ahmad bilan suhbat qilg‘anin xabar bermakdalar. «Rashahot»[16] uning daqida «az kibori ashobi Mahdud shayx buda va dar viloyati Shosh minom doshta» deb Toshkandda turg‘anin bildiradir. Hijriy 1096 da buxoroli Mufti Zinda Ali[17] tomonidan yozilg‘an «Samarat ul-mashoyix»[18] otli kitobda ham «Lama’ot»da[19] bu Kamol Shayxning tarjimayi holi yozilg‘anda «laqabi eshon Iqoniy ast solho dar qariya Aliobod Samarqand budand, vafoti sharif eshon on jost», deyiladir.

Buning katta nufuzli bir shayx bo‘lub, «Ikkinchi Ahmad Yassaviy» deb atalg‘anini mazkur «Samarat ul-mashoyix» egasi qayd etadir. Xoja Ahror mundan gapirganda «Xurosondan Toshkandg‘a qaytg‘animdan so‘ng menga kelib turar edi», degan. Xoja Ahrorning hijriy 806 da tug‘ilib, 29 yasharliqda Xurosondan Toshkentga qaytg‘anini nazarga olganda Iqoniyning hijriy 835 dan so‘ngra Toshkendda bo‘lg‘anini, ondan keyin Samarqandg‘a ko‘chib, shunda vafot qilganini aytish mumkin.

«Samarat ul-mashoyix»ning mazkur Shayx Kamol haqida «va hikmati bisyor az eshon sar zada ast, mashtamil bar maorif va daqoyiqin qavm ast», deb uning so‘fiylikka oid bir ko‘b hikmatlar yozg‘anin to‘g‘risidagi ifodasini ham yuqoridag‘i ma’lumotg‘a qo‘shub qo‘ysak, Boqirg‘on kitobidagi Iqoniyning shul Kamol Shayxdan boshqa kishi bo‘lmag‘aniga shubha qolmaydi. Hijriy to‘qqizinchi asrda o‘lgan bu chig‘atoy — yassaviy shoirining butun she’rlari shul Boqirg‘on kitobida bosilg‘an 19 parchadan iborat emasdir, albatta. Shuning uchun bu 19 parcha bilangina Iqoniyning shoirlig‘i to‘g‘risida bir fikrga kelish(i) qiyin. Shunday bo‘lsa ham shul parchalarga qarab uning hayajonsiz, kuchsiz, quruq bir nazmchi voiz bo‘lg‘anig‘a hukm qilishdan boshqa choramiz yo‘q.

Shams: Boqirg‘on kitobidagi hikmatlarda buning ko‘proq Shams, bir o‘rinda Shamsiddin, bir-ikki o‘rindag‘ina Shams O‘zgandiy taxallus qo‘yg‘anini ko‘ramiz. Haligi «Samarat ul-mashoyix»ning ifodasicha, Kamol Shayx Iqoniyning Sayid Ahmad[20] degan bnr muridi bo‘lg‘an[21]. Iqoniyg‘a yigirma yil xizmat qilg‘an. Yigitlik chog‘ida Xoja Ahror bilan suhbati bo‘lg‘an. Samarqandda vafot qilgan. Qabri u zamonlar «Shayxzoda darvozasi» atalg‘an «Poyiqaboq» darvozasida ekan. Mana shu Sayid Ahmad Shayxning muridlaridan biri Mavlono Shams O‘zgandiydir. Asli, O‘zganddan, rasmiy tahsilini Hirotda bitirg‘an. Undan qaytib, Samarqandda Sayid Ahmad Shayxg‘a murid bo‘lgan. So‘ngralari yana O‘zgamg‘a borib, dehqonchilik bilan mashg‘ul bo‘lgan. Piri Sayid Ahmad Shayx o‘lgandan keyin Samarqandga qaytib, uning o‘rnini olg‘an bo‘lsa kerak. Vafoti Samarqandda bo‘lib, piri Sayid Ahmad Shayxning yoniga ko‘milgan. «Samarat ul-mashoyix» egasi muning ham hikmatlari borlig‘ini so‘ylab: «Qutbi jahon Sayid Ahmad, yo (hazrat) shayxam madad» misra’ini o‘z kitobiga ko‘chiradir. Bu misra’ning Boqirg‘on kitobidagi Shams she’rlaridan shul bizning Shams O‘zgandiyniki ekanin qat’iy suratda bildiradir. Shams O‘zgandiyning Xoja Ahror bilan munosabati to‘g‘rusida hech bir qaydg‘a uchramadik. Shuning uchun buning Xoja Ahror o‘lg‘andan so‘ng Samarqandda turub, hijriy o‘ninchi asrda vafot qilg‘anini qabul etish judayam yanglish bo‘lmasa kerak.

Qul Ubaydiy: Ubaydiy, Ubaydulloh, Qul Ubaydiy taxalluslari bilan hikmatlar yozgan bu odam, bizning fikrimizcha, mashhur o‘zbek xoni Ubaydulloh(xon)dan boshqa kishi emas. Mashhur Shayboniyning Marv tegrasida shoh Ismoil Safaviy o‘ldurulishi (1510) munosabati bilan ajib suratda tarqalgan o‘zbek askari kuchini bot fursatda yiqib, Shayboniy olg‘an o‘lkani yangidan ziyod qilg‘an. Bu odam noyib ham mustaqil bo‘lub, yigirma sakkiz yil hukumat surdi va milodiy 1539 da vafot qildi. Bu odam o‘zining hukumat ishlarig‘a qaramasdan shayxliq ham qilar edi, bu ishni o‘zining siyosati uchun lozim bilar edi. «Samarat ul-mashoyix»ning yozganiga ko‘ra, Ubaydullohxonning tariqat nisbati Avliyo Qoraxon otli bir shayx vositasi bilan Hakim Sulaymon otag‘a boradir. Yolg‘uz bu qadar bilan qolmag‘an, o‘zi uchun muridlar olg‘an[22]. Jahr majlislarig‘a ishtirok qilg‘an. Uning o‘limi bilan topilg‘an tarix moddasi «Zikr go‘» (ya’ni zikr etguchi»dir)[23]. Ubaydullohning yassaviylar bilan juda qat’iy bog‘lang‘aniga yana bir dalil, yassaviy shayxi Xudoydodning muridi Muhammadiyor No‘g‘ay otag‘a o‘z qizini berganidir. (No‘g‘ay ota 1533 da o‘lub, Samarqandning «So‘g‘d» degan mavze’ida ko‘milgan.)

Ubaydulloh shoir ham mutasavvif shoirdir. Uning forsiycha yaxshi she’rlar yozganini «Muzakkir ul-ahbob», «Majma ul-fusaho», «Tazkirat us-salotin» kabi manba’lar keng suratda bizga bildiradirlar. Uning forsiycha bir g‘azali mashhur mutasavvif Mahdum A’zam nomidan tasavvuf uslubida sharh qiling‘an (mening kutubxonamda bor). Ubaydullohning forsiycha she’rlarida taxallusi ko‘brak Ubaydiy bo‘lub, ba’zan Ubaydullohdir. Mas’alaning qorong‘i tomoni uning o‘zbekcha hikmatlar yozib yozmag‘anidir. Yuqoridan beri uning hayoti haqida berganimiz ma’lumotdan Ubaydullohning hikmatlar ham yozg‘anini gumon qilish mumkin edi. Ish bizning gumonimiz bilangina qolmadi. Yaqinda Buxoroda topilg‘an «Devon»i uning Navoiy maktabiga ergashib turkiy g‘azallar, Yassaviy maktabiga ergashib hikmatlar yozg‘anini ham ochiq isbot qilg‘an bo‘ldi.

Xudoydod: yassaviy shayhlaridan bo‘lib, Shayboniyxong‘a yordam qilmagani uchun Samarqanddan Hirotg‘a haydalg‘an Jamol Shayxning murididir, Yassaviylikning nufuzli shayxlaridan bo‘lg‘an Olim Shayx tomonidan yozilg‘an «Lama’ot» kitobi muning manoqibidir.

Milodiy 1532 nchi yilda o‘lub, Samarqand shahridan uch toshliq yo‘lda ko‘milgan. Mutasavvif shoirlardan bo‘lub, taxallusi Xudoydoddir. Forsiy she’rlaridan bir ozi «Lama’ot» kitobida bordir. Bizning fikrimizga ko‘ra, turkiy hikmatlar yozgan Xudoydod ham shuning o‘zidir.

«Boqirg‘on kitobi»dagi Qosimning Karmanadagi mashhur Yassaviy shayxi Qosim Shayx Aziron bo‘lish ehtimoli esga kelgani kabi, Qul Sharifning Buxorodag‘i qabri tunokungacha yassaviychilarning jahr o‘rni bo‘lg‘an Mavlono Sharnf bo‘lishi mumkin.

Xubbiy Hakim otaning o‘g‘li Xubbi xoja bo‘lg‘ani kabi, Mochinning Ahmad Yassaviy muridi Bobomochin ekanini qabul qilishg‘a ilmiy bir mone’ bo‘lmasa kerak.

Nasimiy mashhur ozari(y) mutasavvif shoiri Sayid Imod Nasimiydir. G‘aribiy to‘g‘rusida ochiq bir narsa ayta olmaymiz. Bizda bu ismda bir shoir bo‘lg‘ani ma’lum bo‘lsa-da, haligacha yaxshi tekshira olmaganimiz uchun bu xususda gapirmay o‘tish munosibrakdir.

«Boqirg‘on kitobi»dagi shoirlarning qolg‘an qismlari xususida hech bir narsa topa olmag‘animizni etirof qilamiz. Tekshirishlar davom qilg‘an sayin bu jihatlarning ham ko‘brak ochila borishlari ma’lum.

____________
Fitratning bu asari tasavvuf adabiyoti haqidagi qarashlari aks etgan ikkinchi maqoladir. U mantiqan «Ahmad Yassaviy» mavzusini davom ettirgani va Yassaviya tariqatiga mansub o‘nlab mutasavvif shoirlar haqida qimmatli ma’lumotlar bergani uchun ham qadrlidir. Ilmda «Boqirg‘on kitobi» deb nomlangan to‘plam faqat Hakim Sulaymon ota Boqirg‘oniy qalamiga mansub deb qaralar edi, ushbu maqolada aniqlanishicha, bu kitobga kirgan hikmatlarning ma’lum bir qismigina Sulaymon Boqirg‘oniy tomonidan yozilgan ekan…

Maqola ilk bor «Maorif va o‘qitg‘uchi» jurnalining 1928 yil 5—8 son (49—52-bet)ida e’lon qilingan bo‘lib, 1993 yili «Qalb ko‘zi» gazetasida (12-son) qayta nashr etilgan (tabdilchi H. Boltaboyev). Har ikki nashr o‘zaro qiyoslangan holda ushbu to‘plamga kiritildi.

——————

[1] Yassaviy maktabi — Fitratning adabiyot tarixiga oid ilmiy tadqiqotlaridan ma’lum bo‘lishicha, o‘zbek mumtoz adabiyoti tarixida uchta adabiy maktab mavjud bo‘lib, ulardan birinchisi Yassaviy maktabi bo‘lsa, undan keyin Navoiy va Amir Umarxon maktabi vujudga kelgan. Yassaviy maktabining boshqa adabiy maktablardan eng farqli jihati u xonaqoh, ya’ni «ibodat adabiyoti» yarata olgani bilan ham adabiyot tarixida muhim o‘rin tutadi.

[2] Abu Dulaf — asl ismi Mis’ar ibn Muxalxil al-Xazrajiy Yanbo‘ydir. Madinaga tobe hazraj qabilasidan bo‘lib, X asrning boshlarida Buxoroga kelgan va somoniylar amiri Nasr ibn Ahmad saroyida xizmat qilgan olim va shoir. Uning «Risolat ul-avval», «Risolat ul-uxro» kitoblarida O‘rta Osiyo tarixiga oid qimmatli ma’lumotlar bor. Fitrat ana shu ma’lumotlarga tayanyapti.

[3] «Abdulxoliqiylar» yoxud «naqshbandlar» tariqati — «Naqshband tariqati» degan nom bilan mashhur bo‘lgan tasavvuf tariqati dastlab «xojagon tariqati» deb nomlanib, Abdulxoliq G‘ijduvoniy tomonidan asos solingan edi. Shuning uchun Fitrat «Naqshband tariqati»ning ilk davriga nisbatan «abdulxoliqiylar tariqati» iborasini qo‘llagan.

[4] Maxdumi A’zami Dahbediy — asli ismi Ahmad ibn mavlono Jaloliddin Xojagiy Kosoniy bo‘lib, asli Farg‘onaning Kosonidan. Samarqandning Dahbedida maskan qurgani uchun Mahdum A’zam Dahbediy ham deydilar. A. G‘ijduvoniyning to‘rt vasiyatini o‘zining «Risolayn chahor kalima» asarida sharh qilgan. O‘zi «xojagiy» bo‘lgani holda «jahriya»ni ham qabul qilgan, Shayboniy sulolasidagi o‘zbek xonlardan Ubaydullohxon, Abdulaziz, Jonibek Sulton va boshqalar unga murid bo‘lganlar.

[5] So‘fiylikdan bu. Yassaviy ham naqshbandiya tariqatining harakatlari O‘rta Osiyo tarixining muhim ham juda qat’iy bir qismidir. Bugungacha jiddiy suratda tekshirilmagan bu mavzu’ga oid yaqinda «O‘rta Osiyoda tasavvuf oqimlari» unvoni bilan maqolalar nashr etajakmiz. Fitrat

[6] «Boqirg‘on kitobi»ning qayta nashri 1993 yilda amalga oshirilgan, Qarang: Boqirg‘on kitobi. T., G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti, 1993 (nashrga tayyorlovchi va so‘z boshi mulllifi I. Haqqul).

[7] Shams — to‘la nomi: Shamsiddii O‘zgandiy, «Ikkinchi Ahmad» nomi bilan mashhur Kamol Shayx Iqoniyning Sayid Ahmad ismli muridiga Shams O‘zgandiy murid bo‘lgan. Taxallusidan ma’lum bo‘lishicha, asli o‘zganlik. Hirotda o‘qigan, Samarqandda murid, so‘ngra shayxlik qilgan. Fitratning aniqlashicha, hijriy X asrda vafot qilgan.

[8] Iqoniy — Kamol Shayx nomi bilan mashhur shayxlardan. Bir necha bor Xoja Ahmad Yassaviy bilan suhbat qurgan. Turkistonning Toshkent va Samarqand shaharlarida yashagan. Samarqandda vafot etgan. Fitratning annqlashicha, Iqoniy yuqorida keltirilgan Kamol Shayx bilan bir odam bo‘lgan. Ayrim kitoblar («Rashahot…», «Lama’ot») alohida deb talqin qiladi, M. Fuod Ko‘prulu ham Fitratning gumonini tasdiqlaydi. Bu kishi Farg‘onadagi Iqon qishlog‘ida tug‘ilgan bo‘lib, uni «Ikkinchi Xoja Ahmad» deb yuritishgan. Uning she’r va hikmatlari ko‘p. Uning 266 misra’ she’ri «Boqirg‘on kitobi»ga kiritilgan. Manba: «Rashahot», «Maqomot» va F. Ko‘prulu. Turk adabiyotida ilk mutasavviflar, 97—, 108—, 114-betlar.

[9] Xudoydod — XVI asrda o‘tgan shayboniylar sulolasiga mansub Jamol Shayxning muridi bo‘lib, 1532 yilda Samarqandda vafot etgan. Xudoydod zullisonayn shoir bo‘lib, uning turkiy hikmatlari «Boqirg‘on kitobi»da aks etgan bo‘lsa, fors tilidagi she’rlaridan namunalar «Lama’ot»da berilgan.

[10] Qul Sharif — ayrim manbalarda Mavlono Sharif, Buxoroda vafot etgan. Uning nomi Fitratning «Munozara» asarida ham tilga olingan.

[11] Faqiriy — Fitratning maqolasidan boshqa manbalarda u haqda qo‘shimcha ma’lumot uchratmadik.

[12] Gadoli — ayrim manbalarda Gadoiy (mashhur o‘zbek shoiri Gadoiy emas) — Ahmad Yassaviyga taqlidan hikmat bitgan tasavvuf shoirlaridan bo‘lib, uning nomi bir necha manoqib kitoblarida tilga olingan. F. Ko‘prulu Yassaviy maktabi shoirlari haqida so‘z yuritganda bir o‘rinda uni Qul Sharifdan so‘ng va Imom G‘azzoliydan avval tilga oladi (Fitratda aksincha) va boshqa bir o‘rinda Qul Sharif, so‘ng Gadoli, keyin esa Nasimiy keltiriladi. Lekin, u haqda mukammalroq ma’lumotga duch kelmadik. U tilga olingan manba: Fuod Ko‘prulu. Turk adabiyotida ilk mutasavviflar. Istanbul, 1981), 171, 173-betlar.

[13] Bobo Mochin — Ahmad Yassaviyning mashhur muridlaridan bo‘lib «Javohir al-Abror»ning yozishicha, So‘fi Muhammad Donishmand Zarnuqi, Sulaymon Hakim otadan so‘nggi uchinchi xalifasidir, Xuroson yerlarida mashhur valiylardan ekanini F. Ko‘lrulu ham ta’kidlaydi. U Ahmad Yassaviy hazratlariga nihoyatda sodiq bo‘lib, «Arbain» va «Hikmatlar» chiqarganini hamda uning oldiga uch marta xilvatga kirganini yozadp. «Devoni Hikmat»ning Qozon bosmasi (3-nashri)dagi 47-hikmat, Istanbul nashridagi 131-betdagi hikmatlar shu kishidan so‘z yuritadi. Bobo Mochin vafot etgach, Ferket qasabasiga qo‘yilgan. Manba: «Javohir al-abror min amvoj ul-bihor»; F. Ko‘prulu. Turk adabiyotida ilk mutasavviflar, 35, 123-betlar.

[14] Toj — ayrim manbalarda Toj Xoja yoki Tojiddin — Ahmad Yassaviyning uchinchi xalifasi bo‘lib, Mansur otaning nabirasi, Abdumalik otaning o‘g‘lidir. Fuod Ko‘pruluning ko‘rsatishicha, u mashhur Zangi otaning otasidir. Vafoti hijriy 596 (milodyay 1199—1200) yil. Unnpg o‘limi haqida «Xazinat ul-asfiyo»da maxsus tarix ham berilgan. Manba: Fuod Ko‘prulu. Turk adabiyotida ilk mutasavviflar, 87-bet.

[15] Mahdud Shayx — Xoja Ahmad Yassaviy silsilasidagi shayxlardan bo‘lib, sulukda Zangi ota, Sadr ota va Shayx Alidan keyin keladi. O‘z navbatida uning «ikki xalifasi mashhur bo‘lib, biri Kamol Shayx Iqoniy bo‘lsa, ikkinchisi Xoja Ahmad bilan ko‘p muloqotda bo‘lgan Xodim Shayxdir. Fuod Ko‘prulu va boshqa turk manbalarida «Mevdud Shayx Turkistonli» unvoni bilan tilga olinadi. F. Ko‘prulu. Turk adabiyotida ilk mutasavviflar, 106, 114-betlar.

[16] «Rashahot» — to‘la pomi: «Rashahot ul ayn ul-hayot» Fahruddin Ali Safiy asari. Bu asarda xojagon tariqatidagi sakkiz rashha (tomchi) haqida so‘z boradi.

[17] Mufti Zinda Ali — ayrim manbalarda Sayyid Zinda Ali (XVIII asr). Uning Fitrat tilga olgan «Samarat ul-mashoyiq» asaridan tashqari «Ziynat ul-libos» asari ham bor.

[18] O‘rta Osiyo tasavvuf tarixi uchun juda muhim bir manba bo‘lgan bu kitobning bir nusxasi Buxoro kutubxonasida bordir. Fitrat

[19] «Lama’ot» — ayrim manbalarda «Lamahot», to‘la nomi «Lamahot min nafahot ul-quds». Muhammad Olim shayx Siddiqiy asari.

[20] Sayid Ahmad — Kamol Shayx Iqoniyning muridlaridan. Yigirma yillar chamasi unga xizmat qilgan. Mavlono Shams O‘zgandiyning piri sanaladi. Samarqandda vafot etgan. U haqda ma’lumot beruvchi manba «Samarat ul-mashoyix» hisoblanadi. Fitratning ma’lumotiga ko‘ra, uni Said Shayx nomi bilan mashhur bo‘lgan hijriy 710 yilda vafot etgan Said Ahmaddan farqlash lozim.

[21] Bu «Sayid ota» ismi bilan mashhur bo‘lib, hijriy 710 da o‘lgan Sayid Ahmaddan boshqadir. Fitrat

[22] Hasanxon murid boboxon budavi mardi Ahmadxon zi muridi viloyati mabi Ubaydulloh madrixon («Samarat ul-mashoyix»).

[23] Vali malikdin Ubaydulloh Rafi az in manzil xarob obod («Koshin ul-mulk»)

Go‘ft ba man xard zid vafot
Sharbat shimdirmak gardish tush
Mond simboy (?) biht az xush
In du torix: «Zikr gu» va «xamush»