Abdulla Qodiriy. Yig‘indi gaplar (1925)

O‘qug‘uchilar bilan dardlashmaganimga qariyb bir yarim oy bo‘ldi.

— Qaysi burchakda uxlab qolding? — deb so‘rama, jiyan. Bu o‘lkada nima ko‘b ekan, uxlaydirg‘an burchak va unda o‘mpayib, to‘mpayib uxlag‘uchi menga o‘xshash ovsarlar! Men senga aytsam, o‘zbekning ishchisi, dehqoni, ma’orifi, madaniyati, iqtisodi, shaltay-baltayi, xullas, barchasi ham uxlaydi. Ammo o‘choqboshini[1] xoli topqan olaqarg‘alar[2] bo‘lsa, xo‘bam bilgan noma’qulchiligini qilayapti! Qilaversin, egasiga tovoq-qoshiq kerak bo‘lsa, axir bir kun qatron-patron qilib olar-ov, og‘ayni! Ish qilib o‘lmasdan bahorga chiqib olsaq bo‘pti… «O‘psa netar, yuvsa ketar», degan ekan ota-bobo.

Men shu dunyodagi odamzodning kuydi-pishtisini temirtakda qiynab o‘ldursam deyman:

— Yerlilashdirish! O‘zbeklashdirish! Falonchining vijdoniga kuydirgi chiqg‘anmi? O‘lib bo‘ldik-ku! (To‘ng‘iz qo‘psang yo‘q dedimmi!) Yaram yangilandi! Ko‘rchipqonimni kimning oldida  yoray?! (Buvingni oldida yor!) Mahallamdan munchasi ishsiz, falonchasi och! (Och bo‘lsa kafanini hozirla!)

Ko‘chaga chiqsang ko‘ringan kishidan eshitadirgan so‘zing shu. Qulog‘ingg‘a paxta tiqmasang, boshqa iloji yo‘q!

— Voy o‘sha kuydi-pishtini yig‘ib, terib Egam chaqirsin!

Hali-ku bu og‘zaki g‘ishg‘isha. Ammo kechagi kun gazetda Oxunboboyevdek[3] bitta sarkoringdan[4] ham fe’lim aynay yozdi. Hammadan ham buniki qiziq. Madanglik[5] maorif xodimchilari qurultoyida ma’ruza o‘qib nima deydi, deng:

— «Jumhuriyatimizda har 200 murassa’[6] chaqirim yerga, yoxud har 4909 odamg‘a bitta maktab bor. Yoki o‘qish yoshida bo‘lg‘an bolalarning har (emas, xo‘tuk) 979 tasiga bir maktab to‘g‘ri keladir!»[7]

Ana bu miyasi achimaganning gapiga qarang endi! Xudog‘a shukr, qorning to‘q, qayg‘ung yo‘q, bas, tinchkina faroyizxonlik[8] qilmasdan oqsoqollig‘ingni qilaversang bo‘lmaydimi, usta Yo‘ldosh!

Tuzik, chaqirim-paqirimingga manim ham qarshilig‘im yo‘q. Rahmatlik bo‘boy: «Sakkiz chaqirim[9] bir tosh bo‘ladi, bir toshni yaxshi oting bo‘lsa bir soatda bosasan», deb aytar edi. Ikki yuz chaqiriming… hisobning kallasi minan 24 tosh bo‘lsa, haligidek oting chaman[10] bo‘lmasa, bir qo‘nib ertasiga tush chog‘ida arang yetib borasan. Uloving eshak bo‘lsa-ku, niyatni safarga qilib, ro‘zangni bahuzur yeyaver![11]

Gap qayerda edi, hali… ha, aytkandek har besh ming odamg‘a bitta maktab yoxud 979 tagina uyida enasini zeriktirgan go‘dakka bittagina ermak to‘g‘risida edi.

Shu zamonadagi ba’zi odamlarg‘a ajab hayron qolaman. Bir ming bolag‘a bitta maktab bo‘lsa nima-yu, o‘n minggiga[12] bita to‘g‘ri kelsa, sen bilan menga nima hasrat! Basharti muddao mirzaboshilarni ko‘paytirib, idoralarni yerlilashdirish bo‘lsa azbaroyi Lenin va Marks uzatkan oyoqingni yig‘ma![13] Ko‘chaga chiqsang har qadamda bitta mirzaboshi, hasratidan chang burqiydi: ish yo‘q, kuch yo‘q, o‘n to‘qquzta yerlilashkan idoradan hafta o‘tmay chirting-pirting qog‘ozini olibdir. Rostini aytsam, «Qul o‘lmas, rizqi kamimas» maqolini uncha-muncha odam to‘qib tashlamag‘an. Darhaqiqat, har besh mingiga bitta maktab bo‘lsa ham bechoralar yig‘lab, siqtab, yag‘iriga kul sepib, bir kunini ko‘rayapti. Buning ustiga kun sayin tappa-tappa kelib turg‘an beshik-belik va qadr, hurmatlik mehmonlarga ham sirrini bergani ma’lum emas[14]. Endi bir minggiga bitta maktab tushkan har besh mingning xo‘tuklari ham bir kunini ko‘rib ketar, deb o‘ylaymiz. Bitta-yarimtaning o‘chog‘iga kosov bo‘lar yoki otboqarmi, axlat qoqarmi, ishqilib bir balo bo‘lar-ku! Bas, menga qolsa, mundog‘ mayda gaplarning qayg‘usini chekish hech arzimaydir.[15]

Ensamni qotirg‘an gaplarning yana bittasi anovi kun bo‘lib kechkan madanglik maorif xodimchilarining qurultoyidir. To‘g‘risini aytkanda, ziyonlilarni foydalik qilish masalasidir. Lekin ashaddiy qaxqahamga mujib bo‘lg‘an gap ham shunisi. O‘rtoq Akmalcha Cho‘lponboyning:

Ziyolimassen ziyonli xezlardan,
Upa-elik oludasi qizlardan.
Oxund bobo o‘g‘li kabi er kerak,
Boyonlardan oling‘usi yer kerak! –

degan she’ri bilan ziyonlilarining aftiga tufurgani holda yana nima uchundir imoni susayib, «Xezlar tavba-tazarru’ qilsa, firqaning quchog‘i ularga ochiq!» deb qo‘yadir.[16] Darhaqiqat, xezlardan bittasi tavba qilib, istig‘for[17] aytsa, Akmal jindak bu tavbaga ishonadimi, yo‘qmi, hozircha uning ichiga kirib chiqg‘an maxluq yo‘q.

Biroq bunga ishonar ekan, Akmalingga aytadirgan ikki og‘iz gapim bor: Senga misol berish uchun Shayx Sa’diyning hikmatiga va yo Kalilaning Dimnasiga[18] murojaat qilib o‘lturmayman. Misolni xudda naq mutakallimdan[19] eshit:

Men har kuni Xudog‘a to‘qquz martaba osiy bo‘lib, o‘n sakkiz martaba tavba va istig‘for aytaman. Isyonim[20] bepoyon bo‘lg‘anidek, istig‘forim hadsiz va lekin isyonsiz qolg‘an soatimga juda oz uchrarman! Bas, onglag‘ilkim, ey Akmal! Tavbaga bo‘yin bukkan banda, bandalarning eng yaramasidir, qulliq bunyod qilg‘an rasvo-rasvolarning yana ashaddiy rasvosidir. O‘z butunlig‘ini saqlay olmag‘an, boshqag‘a en bo‘laoladir, degan gapni hech bir kitobda uchratolmadim. Aytmakchimanki, tavbasi boshini yesin, sen bo‘lsang ishingdan qolma, otingni chuh, de! Haqiqat oldida bo‘yin egish tovbadir, o‘zgasi g‘ovg‘adir!

Shu oralardag‘i muhum hangamalarning yana bittasi «Milliy qo‘shinning firqa kanferensiyasi» deb arz qilsam, ehtimolki, hech kimning ko‘ngliga og‘ir kelmas.

Nafsilamir, qilay desa ishi, yotay desa og‘rig‘i yo‘q yigitlarimizni basharti muvofiq ko‘rilsa va gazarmalaringiz bo‘sh bo‘lib, ko‘ngillariga gap kelmasa, qo‘llarig‘a miltiq topilmag‘anda ham bitta-bitta ketmandasta berib, qo‘ruqchilikka qabul qilish chakki bo‘lmas, deb xayol qilurmiz. Yana ra’yi o‘zlarinikidir.

Er islohoti munosabati bilan O‘zbekistonda boshqa islohotlar ham yasalar emish, deb eshitdim. Darhaqiqat, mamlakatda islohotga muhtoj masalalar ko‘bdir. Masalan, kattalarga aql va basirat[21] islohoti, muharrirlarga til va ma’no, shoirlarga ilhom va uslub (ma’no bo‘lmasa ham mayli), yoshlarg‘a axloq va kiyim, xotinlarga jabru zulm, domlalarg‘a din va salla, «Mushtum» yozishguchilarig‘a faqat shaxslarning yoqasiga yopisha berishlik va boshqa mavzular to‘g‘risida o‘ylab ham qaramaslik va hokazo islohotlarga nihoyat darajada ehtiyoj ko‘bdir.[22]

Ovsar.

«Mushtum», 1926 yil, 25 fevral, 2(27)-son, 2-3-betlar.

[1] O‘choqboshi — hukumat.

[2] Olaqarg‘a — kelgindi.

[3] Yo‘ldosh Oxunboboyev — O‘zbekiston SSR MIK raisi.

[4] Sarkor — rahbar.

[5] Madanglik — madaniy.

[6] Murassa’ — qiymatli toshlar bilan bezalgan, ma’ruzachining so‘zida bu so‘z murabba (kvadrat) deb berilgan.

[7] Yo‘ldosh Oxunboboyevning ma’ruzasi «Qizil O‘zbekiston» gazetasining 1926 yil, 4 fevral, 29-sonida bosilgan.

[8] Faroyizxonlik — hisobdonlik.

[9] Chaqirim — 1,06 kilometrga teng uzunlik o‘lchovi.

[10] Chaman ot — qirchang‘i, sekin, yuradigan ot yoki eshak.

[11] Ma’lumki, safardagi odam ro‘za tutmaydi, ro‘zangni ochaver, bari bir yetib borolmaysan, demoqchi.

[12] Mirzaboshi — bu yerda: xizmatkor, malay ma’nosida.

[13] Oyoq yig‘maslik — yo‘ldan, niyatdan qaytmaslik.

[14] Bu yerda chet ellardan va markazdan kelayotgan mehmonlar nazarda tutilyapti.

[15] Davlat boshqaruv apparatini, umuman, Turkistonda «Milliy jumhuriyatlar» hayotini milliylashtirish, o‘zbeklashtirish idora xat-hujjat ishlarini o‘zbek tilida yuritish, deganda, barcha boshqaruv apparatini yerli aholi qo‘liga topshirish degan ma’no tushuniladi. 1919 yil 12 iyulda RKP(b) MK Turkiston respublikalarining xalq komissarlariga «Erli aholini keng va mutanosib ravishda davlat faoliyatiga jalb etish zarurligi to‘g‘risida» jiddiy farmoyish bergan edi. RKP(b) MK bu masalani milliy jumhuriyatlar tuzilgandan so‘ng, chet ellik mehmonlar kelib milliy masalalar jumhuriyatlarda qanday hal etilayotganligini ko‘rib, bilib ketayotganlaridan so‘ng qayta ko‘rishga majbur bo‘ldi.

RKP(b) MK o‘zining 12-qurultoyida har bir jumxuriyatda idora ishlarini milliylashtirish masalasini qayta ko‘radi. 1924 yil 29 mart sonida «Zarafshon» gazetasining muxbiri «Mushtum», tanqiding o‘rinsiz» nomli maqolasida shunday deb yozib o‘tadi: «Hozirgi xo‘jalik ishlarimizning to‘qson foizini, balki ko‘pragi ovro‘polik o‘rtoqlarning qo‘lidadir. Shu vaqtgacha bularning oralarida sinfiy ayurma masalasi qo‘zg‘alganini ko‘rmaymiz. Balki ish nuqtai nazaridan oddiy kishilar bir tarafda tursun, xo‘jayun va oqsuyaklar qo‘yulgandir. Chunki ular o‘zlarining mutaxassisliklari orqasida ko‘b vaqt zarar o‘rniga foyda ham bera olurlar…»

Xalq komissariati qoshida ochilgan yerlilashtirish komissiyasi joylardan sinfiy mansubiyati, ijtimoiy ahvolini tekshirib, o‘lka va viloyat idoralariga tajriba uchun ko‘plab kadrlarni yig‘ib jo‘natadilar. Lekin bu tadbir ham samarasiz qolayotgani; yuborilgan kadrlarning hech biri layoqat va iste’dodi e’tiborga olinmagani, boshqarma mudirligi faoliyatini o‘rganishga qo‘yilmay muxbirlik, kassirlik, qog‘oz tikish kabi eng oddiy ishlar bilan ovora bo‘lib yurganlari haqida muxbirlar gazeta maqolalarida yozib o‘tadilar. Bolsheviklarning bu tadbirlarini Georgiy Safarov «Mustamlaka inqilobi, Turkiston saboqlari» (1921 y.) nomli kitobida «Mustamlakachilarga yerli xalqdan chiqqan haqiqiy rahbar, o‘zlari bilan bir safda turadigan teng huquqli o‘rtoq kerak emas edi. Ularga tilmochlar va ijrochi mirshablar zarur edi», deb izohlab o‘tadi.

Oktyabr inqilobining o‘n yilligi munosabati bilan Maskovga borgan frantsuz ishchi delegatsiyasining bir guruhi Turkistonga ham tashrif buyuradi va ular safarlari yakunida o‘z taassurotlari bilan deklaratsiya e’lon qiladilar. Shu deklaratsiya munosabati bilan 1928 yilda Parijda yashab turgan turkistonlik muhojir, vatanparvar Mustafo Cho‘qay o‘g‘li «Turkiston sho‘rolar hokimiyati davrida» nomli risolasini yozadi. Adib Abdulla Qodiriyning ushbu «Yig‘indi gaplar»» feletonida ko‘tarilgan ayni shu masalalarni Mustafo Cho‘qay o‘g‘li ham o‘z risolasida batafsil tahlil qilib o‘tadi.

[16] 1926 va 1927 yillarda Toshkentda O‘zbekiston madaniyat va ma’orif xodimlari qurultoyi bo‘lib o‘tadi. Bu qurultoyda bolsheviklarning mamlakatda o‘tkazayotgan bir necha xil kampaniyalaridan biri ziyolilar masalasi ko‘riladi. Unda ziyolilar ikkiga: proletar va eski ziyolilar guruhiga bo‘linadi. Eskilarga millatchi, panturkist yorliqlari osilib, ularga qarshi qattiq siyosiy hujum boshlanadi. Maxsus qarorlar qabul qilinib, eskilar san’at, adabiyot, matbuot ishlaridan, ayniqsa, rahbarlik lavozimlaridan chetlashtiriladi, ba’zilari ta’qib ostiga olinadi (arxivlarda bu ikki qurultoyga oid materiallar juda ko‘p). Kurultoyni Akmal Ikromov ma’ruza qilib ochadi, bu ma’ruza «Qizil O‘zbekiston» gazetasining 1926 yil 21 yanvar, 18-sonida bosilgan.

[17] Istig‘for — kechirim so‘rash, tavba qilmoq.

[18] «Kalila va Dimna» shahzodalarga ta’lim-tarbiya beruvchi, pand-nasihat uslubida yozilgan hindlarning «Panchatantra» kitobi. Bu yerda A. Ikromov shahzodalardek nazarda tutilyapti.

[19] Mutakallim — so‘zlovchi; notiq, o‘zimdan.

[20] Osiy, isyon — Allohning amrini bajarmaslik.

[21] Basirat — ko‘rish; ko‘zni ochish.

[22] Bu maqola bosilgach Qodiriy O‘zbekiston jinoyat qonunlari majmuasining «Aksilinqilobchi…», «Rahbar xodimlarni obro‘sizlantirish…» moddalari bilan qoralanadi, jinoiy ish qo‘zg‘atiladi, uch oylik so‘roq-tergovdan so‘ng O‘zbekiston Oliy Sudi Qodiriyni sudlaydi. Sudda Qodiriy o‘zini oqlab, uzrnamo ma’ruza so‘zlaydi.