Abdulla Qodiriy. Toshkand xabarlari (1924)

Toshkand va tevaragida maorif oyi bilan birga yog‘mur oyi ham e’lon qilindi. Chakkaning o‘tishi chakkidir, negaki, Eski shahar xalqi suvda suzish ilmidan bahrasizdir, vaqtdan isti’foda qilub har bir oila o‘rdak boqsun, hozirga bir yuz yetmish uy yiqilub, kattalardan uch yuz kishi shahid va go‘daklardan besh yuztasining gunohsiz qonini arang dumaxona o‘z zimmasiga oldi. Yana besh yuzlab uy ruku’da[1] yiqilg‘anlar sujuddadir[2].

Yog‘mur agar ebida yog‘sa ma’lumki, obi rahmat, ya’ni manba’i hayot deymiz, illo, halokati tabiiyotning eng kuchligi ham yog‘murdir desak, shoyad yanglishmag‘an bo‘lurmiz. Nachukkim, hazrati Nuhning[3] balosi to‘fon bilan edi. Bu xabarlarni yozar ekanmiz, qo‘rqunch bir haqiqat ko‘z o‘ngimizda edi. Ajabo, biz musulmonlar irtidodda[4] qavmi Nuh darajalariga borib yetdikmi?

Kechirmakda bo‘lg‘animiz kunlarni biz yavmin-nahsdan[5] hisoblaymiz. Shuning uchun har kimga bilib oyoq qo‘ymoqqa, chakka balosidan, shaboblik[6] kasofatidan emin[7] bo‘lmoqqa tavsiya qilamiz. Ayniqsa, «Baladiya bo‘limi hech narsa demadi-ku» deb eski tom ostida o‘lturmangiz, o‘ltursangiz ham tom qisirlashdi deguncha qochub qolingiz-ki, hamma najot shundaginadir.

Xususan, Eski shahar rastalariga tushib, Mallaxondan[8] qolg‘an osori atiqa lafkalarning yonidan o‘tishdan, albatta, albatta, hazar qiling, o‘tar bo‘lsangiz, ushbu duoni o‘qungiz: «Ollohumma ihfazni min falakotil inqilobi hozad-do‘kkona va nas’aluka an tursilanna jami’a baloika va qazoika alash-sho‘batil-baladiyati»[9].

Ushbu duo ko‘b barakatlik duodir. Man shakka faqat kafara[10]. Bu duoni bir qog‘ozga yozib, dumaxonaning viveskasiga bog‘lasangiz, xosiyati oshkor bo‘lg‘ay!

Muxbir Sovrinboy.

Ilova: Zahiriddin a’lamdan fatvo so‘raymizki, basharti katta ko‘chadagi bir imorat yoki devor o‘tkunchilardan bir nechasini bossa, ularning xunini kim to‘laydir? Uy egasimi yoki dumaxonami? Fatvo kitobingizda, albatta, buning bir hukmi bordir.

«Mushtum», 1924 yil, 8 mart, 24-son, 6-bet.

[1] Ruku’ — namozda ikki bukilib turish; egilish, bu yerda: chala yiqilgan.
[2] Sujud — namozda boshni yerga qo‘yish; yiqilish, bu yerda: to‘la yiqilgan.
[3] Nuh miloddan avval yashab o‘tgan payg‘ambar, odamlar yo‘ldan ozganligi uchun Tangri ularga jazo qilib to‘fon yuborgan, Nuh qavmini xalok qilgan ekan. Nuh payg‘ambar esa oldindan ogoh qilingani uchun o‘z yaqinlarini va barcha jonivorlardan bir juftdan olib kemada jon saqlab qolgan ekan.
[4] Irtidod — dindan qaytish.
[5] Yavmin nahs — yomon kun.
[6] Shaboblik — yoshlik, beboshlik.
[7] Emin — xavfsiz, tinch.
[8] Mallaxon — Xudoyorxonning o‘gay akasi, 1856-1858 yillarda Toshkent hokimi bo‘lgan.
[9] Ey Alloh, meni bu do‘konning ag‘darilish falokatidan saqlagil va jamii balo va qazolaringni sho‘bai baladiya (ya’ni shahar hokimiyati bo‘limlari) ustiga yuborishingni so‘rayman.
[10] Kim shak keltirsa, kofir bo‘ladi.