I
«Mushtum»![1]
Huzuringdan chiqar chog‘imda manga bergan vakolating hamon bo‘ynimda tumordir. Biroq siporishingni[2] qaysi yo‘sun bilan bajarishka hayronman. Chunki Maskovning barcha ishlari olipta, sanga yararliq yerini tutib berish qiyin; ko‘z tinib, bosh aylangan, miya ishlamaydir.
San bundagi uzoq yaqindan bir oz chaq-chaq qilmoqchi eding, shekillik? Lekin bir oz yanglishkan ekanmiz; negaki, Maskovning o‘zi juda serchaqchaq odamlar emas. Ozg‘ina aybingni tutib, kula boshlaydilar. Ishtoni yo‘q tizzasi yirtiqdan kulgan… bu to‘g‘ri gap: bir chorakupa, o‘n paysa[3] elik[4], bir plako‘n atir, bo‘yningga paytava, otasi g‘ij-g‘ijdan, onasi jim-jimdan kelgan, shovdirama engil kiyib, dovdirama bo‘lib ko‘chaga chiqmasang ish kashal[5]. Aks holda moyliq kiyimingni modmozelga, qadoqliq qo‘lingni baringa tegizib bo‘lmaydir. Ishchi xalq ustida chaq-chaq bo‘lishi mumkin emas. Chunki ul san aytmasang-da, zavod ham fabrik, tutun va chiriklari bilan hozirga qorayg‘an, vaqtincha kayfu safoni bu oxirat kishilariga topshirib, o‘zi shu go‘rso‘xtalarga qabr qazish bilan ovora.
Sanga nimalardan yozib yuborishg‘a hayronman. Chunki Turkistondan kelib bu yerda to‘ralikka o‘qub yotqan og‘a-inilarga yaqinlashish, ya’ni «Mahrami asror»[6] bo‘lmoq uchun anchagina bordi-keldi kerak. Maskov markaz, uning binolari ham yetti-sakkiz qavat, osmoni keng, manga o‘xshash tuprog‘i yengil kishilar hash-pash deguncha «ayraplon» bo‘lib uchadir! Man yuqorida «Bordi-keldi kerak» degan edim. To‘g‘ri, ularga yaqinlashish uchun, albatta, vasiqa[7] kerak. O‘zing yaxshi bilsang kerakki, faqiring vasiqasizlardan. Jilla qurig‘anda, ular bilan aloqa bog‘lash uchun eng ozi besh yillik «staj» lozim. Baxtka qarshi kaminangda bu qurg‘ur ham yo‘q. Shuning uchun bu tovarishlaring bilan to‘rt og‘iz gaplashib olmoq ham mushkul. Unga maynabozliq kerak bo‘lsa-ku, xayr; ensasi qotib turg‘anni ustidan chiqg‘an bo‘lsangmi, ehe… so‘zingizni qaytarib olishg‘a to‘g‘ri keladir. Nima qilay, tanqa burunlaringning yonig‘a yo‘lolmay, chet-chetda «qo‘nqaboy» bo‘lib yuribman-da!
Kecha to‘satdan o‘sha «burodaroni istajo‘vlar»ning to‘rttasining majlisi ustidan chiqib qolibman. Darrov odamizodning yovvoyisini ko‘rish bilan hol o‘zgachayu sitam bo‘lakcha bo‘ldi. Go‘yoki faqiring bir chelak sovuq suv bo‘lib yonib turg‘an olovg‘a sepildim… Oyim-oyimga boqar, oyim tuynukka boqar[8]; undan keyin sanda pichir, manda pichir… pis etdi-da, puvvakdan dam ketdi; shuv etdi-da, akang qarag‘ayni nam bosdi! O‘g‘ul-qizning maslahati ekan-da, deb o‘yladim.
Aytchi o‘zing, bu stajfurushlaringning maqsadi nima, axir? Yoki maning o‘t-betimda pesim bormi, Xudo haqi tushunsam! Nima, manda o‘g‘ul-qiz yo‘qmi, manga kengash kerak emasmi?
So‘zni nimadan boshlab yozishg‘a hayronman: Maskovning «Mirzaqiron chillaki»larining savdosi bilan umrguzaronliq qilg‘uchi ba’zi bir o‘qug‘uchilarimizning «Biri bit, biti sirka» bo‘lolmag‘anidan yozaymi, undan bunga savdo-sotiq uchun kelib, qayoqdag‘i tuturiqsiz shilingpocha[9] go‘zallardan shatta yeb, Maskov ko‘chalarida salang‘lashib yurgan kammersant akalarimizning hayotidan yozaymi?
Har holda, miyam o‘zimga kelguncha kutib tur-chi.
Julqunboy, Maskov.
«Mushtum», 1924 yil, 1 avgust, 7 (27)-son, 2-bet.
II
Goho Turkiston va Buxorodan bu yerga savdo uchun kelgan sudratma chopon, yopma salla[10] akalarga uchrab qolishlar ham bor. Salla-chopon, kavsh-mahsi, belboqqa qistirilg‘an kir yovliq[11], ayniqsa, mahsining qo‘njig‘a havsala qilg‘an keng kovul ishton[12], bularning ustiga qo‘ldagi qahrabo tasbih… hammasi ham joyida!
Akamning o‘zlaricha aytkanda, «chin musulmon», o‘zimga qo‘yib bersangiz «tirik namoyish» bu afandini ko‘rish bilanoq yeganim og‘zimda, yutkanim bo‘g‘zimda qoladir. Va esimga Turkiston va Buxoro tushib, go‘yoki araqqa yangi o‘rgangan boybachchadek bir seskanib ham yuboraman. Balki anuvlardan uyalib seskanarsan, dersiz. To‘g‘ri, lekin qisman. Chunki aksimni ko‘zguda ko‘rub oynaga tuflashni ahmoqliqdan sanab yurmagan bo‘lsam edi… Shuning uchun bu yerda seskantiraturgan omilning kattasi boshqa gap.
Boshni cho‘lg‘ab olg‘an salla bilan yer supirib yurgan to‘n ostida bilasizmi, qanaqa lash-lush bor? Eshakka teskari mingan dangaldor taassub!!![13] Hozirgi kunda tilga olishkina emas, oyoqqa bosish ham uyat bo‘lg‘an bu akamning fikricha, ko‘b kishilar kiyim o‘zgartirib dindan chiqib ketdi, a, buning o‘zi bo‘lsa, alhamdulilloh eskicha, ya’ni dindan chiqg‘an emas. Nega desangiz, sallasi hamma vaqt boshida, to‘ni bo‘lsa, yer supiradir. Agarda ul shundan boshqa fikr bilan salla o‘rag‘anda edi, to‘n kiyganda edi, aytingiz-chi, uni kim ayblay olur edi, ayb qilishg‘a kimning haqqi bor edi?
Evropa odamlari o‘rta asrdan qolma asarlarga juda qiziqib qaraydirlar, ularning bo‘sh vaqtlari muzalarga[14] munhasir[15]. Tasodifni qarang, ko‘chada o‘rta asrdan qolma bir siymo… Xalq o‘rta asr osorini ko‘b ko‘rgan ko‘rishka, lekin shuning bilan birga bunda-ko‘chada mujassam jonlik o‘rta asrning bir siymosi… tekin, mashaqqatsiz tomoshadan kim zerikadi, deysiz? Hammaning ko‘zi shu maymunda… taajjub, muhokama, istehzo, iljayish…
Maskovda bo‘lg‘an kishiga aytkuligi yo‘q; Sevet, Tever va… bulvarlari[16]. Ayniqsa, «Sevtino‘y bulvar» haqiqatan, ahli dardning[17] yorug‘liq jahoni![18]
Qosh qorayg‘andan so‘ng shu bulvarlar bo‘yincha insonlar dengizi oqadir. Bu dengizni o‘zimizning turmishga olib tasvir qilish o‘xshatish qiyin. Lekin o‘qug‘uchi mandan kulsa ham, o‘zimning kechagi o‘xshatishimni aytmay ketmayman. Siz yoshlik chog‘ingizda onangizga ergashib «kelin tushdi»ga borg‘anmisiz? Unda (kelin tushdida) bola-baqra, xotin-qiz, yigit-yalang, bo‘g‘oz-qisir xalqning qiy-chuv va bordi-keldisini ko‘rganmisiz? Ana shu «kelin tushdi»da kishiga allaqanday bir sezgu hosil bo‘lur edi. Bulvarni ham kecha shunga o‘xshatayozdim, lekin manovi yoqdan «kelin tushdi»ning soddaligi, pokligi bor! Kecha bir soat chamasi shu bulvarlarning birida daf’i dilgirlik[19] qilib yurdim, bulvar qorong‘i edi. Yaqing‘inada ishchilar tomonidan yiqitilg‘an qora turmishning bulvar va resto‘ranlardagina qolg‘an qora iziga tabiat ham qovog‘ini solib qarag‘andek havo bulut, oydinsiz tun edi. Yashil yog‘ochlar orasidan tushkan tevarakdagi binolarning milt-milt yoruqlig‘i, ham bog‘ning odim-odim yeridagi ichkuluk do‘konlarining chirog‘i, boshqa ro‘shnolik yo‘q. Qisqasi, bulvar-bulvarchilarning nax ko‘nglidek. Ichkuluk do‘konlarining biriga yaqinlashqan edim, shu vaqt uzoqdan chirog‘da allaqaysi bir hamvatanim ko‘zimga issig‘-issig‘ ko‘rinmasinmi? Hovliqqancha oldig‘a yugurdim. Yanglishmag‘an ekanman. Haqiqatan, hamvatan bo‘lg‘an boyag‘i buxorolik musulmoni komil, lekin boshda toji shari’at[20] yo‘q, uzun to‘n ustidan bel bog‘lang‘an, qo‘ltug‘dag‘u… (tavba!) jajmondekkina bir xotun! «Astag‘firulloh» deb qo‘ydim.
Hamvatan yoki millati najib[21] bilan tanish edim, ko‘rishdik, hol-ahvol so‘rashdiq. Mandan iymandi, shekillik xotundan qo‘lini olmoqchi bo‘ldi. Biroq xotun qo‘ymaydir, go‘yoki o‘zingiz bilgan eshikning oshiq-moshig‘i! Sharmandavozliq… Bu musulmoni komilni xotun bilan ko‘rgandayoq boshimg‘a bir fikr kelgan edi.
— Maskovdan uylandingizmi? — deb so‘radim. Kutilmagan joyda imonlik qulning rangi o‘chdi, yuzida ivir-g‘ivir o‘zgarish sezildi va yonidag‘i yonqozuq bo‘lub turg‘an xotunchaga qarab oldi.
— Xi… — dedi va qiynalib davom etdi, — musofirchilik, aybka qo‘shmaysiz…
— Ihim… — dedim.
Manim, qo‘ndoqda tekkan deysizmi yoki onadan tug‘ma deysizmi, ishqilib, bir adabsiz yaramas qilig‘im bor. Ya’ni payravi kelganda rioya, andisha degan gaplarni esimdan chiqarib, cho‘rttaki bo‘laman-qolaman: Ey o‘qug‘an besh vaqt namozing jigaringdan ursin! dedim va davom etdim: Ey tutkan ro‘zang, o‘girgan tasbihing luchchangdan[22] ursin! dedim.
— Ibi, hi…
— O‘l, hi, — dedim va ketaberdim.
— Ibi, beri qarang mullo… axi o‘zingiz ham musofir-ku…
— O‘l, ku!
— Ahi…
Julqunboy, Maskov, 30 iyul.
«Mushtum», 1924 yil, 26 avgust, 8-son, 2-3-betlar.
Kechikib keldi
III
Bu kun Turkistondan gazetalar oldim. Qo‘ltug‘imda «Farg‘ona», «Zarafshon» ham «Turkiston» gazetalari; yo‘l bo‘yicha o‘qub boraman. «Turkiston» ko‘z ko‘rib, qo‘l tutkundek (O‘ratepaning sufrasidek deyishka og‘zim bormaydi) baynalxalq[23] katta bir gazeta bo‘libdir. (Mundagi «baynalxalq» istilohini[24] «baynalmilal» deb tushinmog‘ingizni o‘tinaman. Mehrobdagi domla imom pochchani behalovat qilg‘an Afandi, o‘zining javobida «Hikmatini orqamdag‘idan so‘ra» degan ekan. Unga o‘xshash siz ham bu istilohning hikmatini egasidan so‘rangiz!)
«Turkiston»ning 327-sonini og‘darish-to‘ntarish qilar ekanman, ko‘zim Elbek o‘rtoqning «Tekinxo‘rlarg‘a» degan she’riga tushdi. Shoir bu o‘rinda juda ham to‘lib-toshib tekinxo‘rlarg‘a xitob qiladir.
Talab olmoq sizlarga ko‘bdan qolma odatdir,
Ammo talab yeguchi, bizcha, yolg‘iz bir itdir.
Kimki talab tep-tekin yesa, bilgil, haromdir;
Haromnida yeguvchi yana yolg‘iz bir itdir…
Elbekning yolqinliq bu xitobig‘a qarshi talag‘uchi tilidan shunday javob berilsa bo‘ladir:
So‘ksang so‘kgil, ursang urgil, yolg‘iz saning itingman.
Kirlik taningga kirgan bo‘rdoqidek bitingman.
Harom tanga harom bit, avatiga chavati;
Qichinmangiz, sabchimang, tinchroq turing, bir so‘ray!
Alqissa, shu son «Turkiston»ning boshqa qismlarini ham kuzdan kechira bordim. Kelib-kelib ko‘zim «G‘ayratiy»[25] otliq yosh shoirimizning imzosiga tushib qolmasunmi? Yurak oshiqindi, yosh shoirning she’r bozorimizdag‘i yangi hunarini tomosha qilmoqchi bo‘ldim:
«EHTIYoT BO‘LISh KERAK!
Yangi shahar bozorlarida har xil gazlama ko‘tarib sotib yurg‘uchi o‘ris, tatarlar bor; bular 2-3 gaz gazlamani qishloqilarg‘a 5-11) gaz deb aldab sotib ketadirlar. Bechora qishloqi chapak chalib qoladir. Ehtiyot bo‘lish kerak. G‘ayratiy»
Bu imzo ustidagi gapni she’r vazniga solib ko‘rmakchi bo‘lg‘an edim, lekin uxdasidan chiqib bo‘lmadi. So‘ngra shoirning dard va samimiyatiga tahsin o‘qub qo‘ydim.
194-nchi son «Farg‘ona» gazetasini ochdim. «Kapirasiya ham uning ahamiyati» bosh maqola: «Jahon urushi ham so‘ngg‘i vatandoshlar urushi orqasida Sho‘rolar hukumati tuzilishi bilan barobar, bu sho‘ro mehnatkashlar hokimiyatini kelgusida saqlab qolmoq ham mustahkam bir yo‘lg‘a qo‘ymoq uchun bizga kerak edi. Qaysi yo‘l bilan bo‘lsa ham, xo‘jaliq ishlarimizni tuzatmak, vayronaga aylangan ro‘zg‘orimizni to‘g‘ri yo‘lg‘a solmoq uchun bu to‘g‘rida turli choralarga kirishmak lozim edi…».
Ko‘nak aravaga[26] teskari o‘lturg‘anda, boshim aylanib, qusaturg‘an odatim bor. Bu maqolani o‘quy boshlashdanoq shu holga uchrab darhol mutolaani «valazzolin»ga yetkuzib[27], imzoni tomosha qildim: lolaqizg‘aldoqqa o‘xshash bir narsa ko‘zga arang-arang ilinar edi… Gazetaning ichkarisini ochdim, Shokir Sulaymonning «So‘zim…» degan she’ri yag‘rin tashlab yotar edi. Bunda shoir kimgadir xitob qiladir:
Erkin bog‘larda sen chechak otding,
Qaro izlarni ko‘rmading, ketding,
Umid, amalga keng quloch ochding,
Qayg‘u alamga yondoshmay qochding…
degach, shoir o‘zining bu qochishg‘a bo‘lg‘an rizosizlig‘ini izhor etib:
Unitsa bo‘lmas mahzun kunlarni,
Unitmak mushkil qonli tunlarni…
deydir.
Faqir, bundagi «Qaro izlarni ko‘rmaguchi» to‘g‘risida uzoq tafakkurga ketib «Tibbi Yusuf»[28] va «Tibbi Akbar»larni[29] ochib nihoyat shunday gap topdim: «Tibbi Akbar»ning aytishiga qarag‘anda, agar bir kimarsa yorug‘liqni tark etib, ammo qorong‘uliqni imtiyoz qilmasa, ul odam «shabko‘r»dir. Va yana yangi tibni ko‘rdim. Buning aytishiga qarag‘anda, agarda bir kimarsa yig‘i o‘rnida qahqaha qilsa, unday odam «isterika» degan asabiy og‘riqqa mubtalodir. Bas, bu taftishotdan ma’lum bo‘ladirkim, inson sihatining mezoni e’tidoldir[30]. Zamonamizdagi e’tidollarini yo‘qotg‘uchilarg‘a belanchakdan tushmagan yosh bola hukmini berish to‘g‘ri bo‘lur deb o‘ylayman. Vallohi a’lam bissavob[31].
«Zarafshon» gazetasini ochdim. Sadag‘ang ketay, ish juda katta. Bu gazetamiz kattalikda Yevropa gazetalaridan sira qolishmaydir. Ma’no jihatidagi fikrimni so‘rasangiz, o‘ylashib javob beraman; chunki, hozirgi maqsadim uning tili ustida. Har bir son «Zarafshon»ni qo‘lg‘a olg‘ach, bir muncha tojik kaltagini yeb usta bo‘lg‘an o‘zbek tilini uchratmay mumkin emas. Bu gazetada o‘zbek tilining salmog‘i (ohangi) va uyg‘unliq ham ochikdig‘i ko‘pincha tojik kudinggini[32] yeb, belangi bo‘lib chiqadir.
«Jahon muhorabasining ko‘b qatorida Sharq xotunlarig‘a ham ko‘b zararlar ketirishi «Ko‘mmunist» gazetasida noshir J.Ivanova o‘rtoqning «Sharq xotuni va muhoraba» ismlik bir maqolasida ochiq ko‘rsatiladir» («Sharq xotuni va muhoraba» degan maqola «Zarafshon» 173-nchi son). Yana; «Angiltara[33] vakillari sho‘ro qarzini ta’min qilish va’dasi sabablik loyihaning og‘ur («og‘ir» bo‘lsa kerak burodarlar!) lashtirilg‘anlig‘ini so‘zladilar!» (shu sonda). Tag‘in: «Mo‘pirning xitobasi»[34] (marhum «Mulla Nasriddin» tiriklik kunlarida «xitobnomasi» deb o‘qur va yozar edi!) va boshqalar. Undan keyin «skidka»ni «guzasht» deydir, «chegirish» degan bilan tili kesilib qoladir, deb eshitdim.
Endi bu uch gazetamiz imlosi ustida dasti darozliq[35] qilayliq: Lo‘lining lozimini ko‘rganingiz bormi? Ko‘rgan bo‘lsangiz ish oson. Yana sizga bir hikoya:
Surnaychilardan bittasi mashq qilib turg‘an ekan, shul vaqt savili[36] ham qo‘shilishib yuboribdir. Bu bemaza mashqdan achchig‘lang‘an surnaychi, surnayini qo‘lig‘a olib:
Yo san chal va yo man chalay! degan.
Shunga o‘xshash bizning imlolarimizning «Unisi qolsinu va yo bunisi!» Shu choqqacha bu to‘g‘rida so‘z aytkuchi birorta bemaza mardikor yo‘qlig‘i ajoyib bir hodisadir.
Hozirgi gazetalaringizdan olg‘an taassurotim shugina, boshqa gaplar boshqa vaqtg‘a.
Ha, aytkandek, bir gap esimga tushdi, bu yerga yozish bu gapning o‘rni bo‘lmasa ham, nima bo‘lg‘anda ham, kitobka kirib qolsun, deb o‘yladim. Toshkanddagilardan bittasi yozadir:
«Mashhur falonchi oshnang deydi, xotuni ustiga olg‘an yosh mahbuba xotunchasini, deydi, o‘z rizo va ixtiyori bilan, deydi, o‘z uyida bir botavfiq[37] yigitka nikohlab berdi, deydi. Bu to‘g‘ri gapmi?
Zerikkandir va yo yangisi topilg‘andir, deb o‘yladim.
Julqunboy, 22 avg‘ust.
«Mushtum», 1924 yil, 18 sentabr, 10-son, 2-3-bet.
IV
MADHAL[38]: TUMOV VA UChUNIQ FALSAFASI
Tibbi jo‘gining[39] aytishiga qarag‘anda, tumovning mansha’i[40] uchdir: birinchi bodi muxolif[41], ikkinchi suvdan yasalgan holva, uchunchi tuzsiz osh. Ammo uchuniq to‘g‘risida hukamoi qadim[42] tumovning mansha’i bo‘lg‘an haligi uch unsurning insonga birdan yopishg‘an holi debdirlar. Baharhol bu nazariyalar garchand asr diydalardirlar[43] va lekin hukamoi asr hoziraning[44] fikrlariga ham uncha muxolif emasdirlar.
Ammo faqirul-haqir, xodimul-hukamo va muhibbul-atibbo[45], garchi ustodlarning aqli salimlariga qarshi borishdan hazar qilurman, illo tumov va uchuniqqa bo‘lg‘an o‘z nazariyot va kashfiyoti jadidalarimni[46] bu yerda arz qilmasdan ham o‘tolmayman. Shuni ham aytib qo‘yayinkim, faqirning kashfiyotim mahzi[47] tajriba asosiga mabni[48], ko‘rib-kechirganlarimning aynidir.
Ojizingizcha, Maskovdagi «Buxoro bilim yurti»dek bo‘yining qarish bo‘lg‘anig‘a qaramasdan soqolining ikki qarish bo‘lmoqlig‘i; bitta yashchik bilan to‘rtta prikashchik yollanmog‘i; usti yaltirag‘ani bilan ichining qaltiramog‘i; sanog‘i bo‘lg‘ani bilan salmog‘ining yo‘g‘lig‘i mana bularning har birisi yangi zamon tumov va uchunig‘ining omillaridandir. Bu hollar birma-bir tajriba va sinashlardan o‘tkazilib, so‘ngra arzi bandalikka[49] qo‘yiladirlar. Vallohi a’lam bissavob.
MUQADDIMA: QARI QIZ, PEShONANGGA YIG‘LA
Bu kun ham tuni bilan bel va boldirlarim sirqirashib, og‘rib chiqdi. Sim karavatning cho‘kurtaklari poxol to‘shakdan turtib chiqib, haligi sirqirashlar bilan birgalashib menga hujum qilg‘anda, faqir mahbubasi to‘g‘risida o‘ylab ko‘ziga uyqu kelmagan oshiqlardek bilong‘lab to‘lg‘anar edim. Bilong‘lay-bilong‘lay bir oz uyqug‘a borg‘ach, ko‘z o‘ngimdan ba’zi turkistonlik akamlarning nutqig‘a o‘xshash tuturig‘i yo‘q tushlar yasov torta boshladi. Va bu orada qilobxon to‘ram[50] jizz etib allaqaysi yerimni o‘pib olg‘an edilar, ko‘zim moshdek ochilib ketib, qorovul chaqirg‘animni o‘zim ham sezmay qoldim. Xullas, har kundagidek bu kun ham mijja qoqish qiyin, to‘lg‘anish oralarida bir necha qayta karavatdan ham yumalab yerga tushdim. Zarari yo‘q, biron yerim qaltis-paltis yemadi.
Ertalab boshim laqillab suvga tushkan nondek bo‘lib, ensam qotqani holda uyg‘ondim. Kichkinagina kulbamiz muzdakkina sovig‘an, badanimdan ba’zi o‘runlari bir muncha mo‘g‘orlag‘ansumol edi. Og‘zimni kappa-kappa ochib rutubat miqro‘blaridan uch-to‘rt yuzini nahorga tanovul qilg‘ach, ustidan qir-qir qilib yo‘talib ham qo‘ydim. Ba’dazon yuzimni qiblaga qaratib Maskovning shunday bolonishin[51] yeridan uy olib, menga o‘xshag‘an nimjonlarni ramaqijonlik[52] darajasiga yetkuzishga tavajjuh qilg‘an[53] vakolatxonamiz haqig‘a duoyi xolis uchun qo‘limni ochdim.
Asnoyi duoda negadir, pol tegidan cho‘l qurbaqa ham churillab yubordi, qo‘limni yuzimga surtishim bilan sho‘rlab yotqan devordan shitir-shitir qilib bir-ikki hovich turpoq yerga to‘kildi. Mazmuni, duo qabul bo‘ldi shekillik!
Imirsib-g‘imirsib, ihrab-sihrab karrido‘rga chiqg‘animda bir burchakka besh-o‘ntasi yig‘ilishib «boychechak»[54] aytishib turar edilar. Ularning yonig‘a siltong‘lab man ham bordim.
Baxay?[55] dedim.
Ular ham manga o‘xshash voyvoyagi bola ochqanlardan emish; qaysisi belangilik dardiga mubtalo bo‘libdir, kimi oyoqidan ayrilayozibdir va qaysisi nohina tumov[56] va hokazo va alohozal-qiyos[57].
Biz turkistonliklarning mahrimizga barobar sahni bilan o‘n bir yog‘ochliq uy, to‘qquz yog‘ochliq ayvon va amloki ro‘zgor[58], sariq sigir, yassi qozon, qaqir-quqir degandek qayin otamizning chorvog‘idan, ya’ni Maskovi firdavs monandning[59] gadoy topmas ko‘chasidan tushkan. Qari qiz, peshonangga yig‘la, deyarsiz, albatta; haqqingiz bor…
Haligi voyvoyagi bola ochqanlarg‘a Ayubi sobirning[60] sabrini tilagach, kulbai ahzondan[61] chiqib jo‘nadim.
XOTIMA: EShAGIDAN TUShOVI QIYMAT
Manzil uzoq, rohila oz degandek, manzilga yetib olish uchun ikki tromvoyga minish kerak, ammo rohila oz…
Siltong‘lanib botmonu dahsar yo‘l yurgach, yo‘l ustida bo‘lg‘an Buxoroyi sharif bilim yurtlariga yetdim.[62] Silla qurig‘an, bir oz nafasni rostlab olish taqozo qilur edi.
Buxoro bilim yurtiga burildim. Bo‘sag‘ada Buxoroning amirzodalari deyayinmi, o‘qug‘uchilari deyaymi, haytovur, ikkining birisi; olipta kiyim, puff-puff, soch taralg‘an, batinka moylang‘an, og‘izda sovnarko‘mskiy popiris, buralib-buralib chiqg‘an tutun, ko‘z o‘tkan-ketkan allakimlarda… Ensa qotish kasalim qo‘zg‘alon qilib La havl… bilan bu birinchi tilsimotdan o‘tdim. Nariroq borib bir vaqt qarasam, tevaragimni ona suti og‘zidan kelgan yosh go‘daklar o‘rab olib man bilan hoyduqi o‘ynamoqchi bo‘ladirlar. Bolalari tushkir zerikib qolg‘an ekanlar shekillik, biravi to‘nimdan, biravi pochamdan yulib-yulqib sakkiz tomong‘a torta ketdilar. Ba’zi bir sut qo‘msag‘anlari meni allakimlari fahmlab ko‘kragimga tirmasha boshlag‘an edilar, uzr aytib arang unatdim. Bo‘lmasa, sharmandavozliq desangizchi! Shundan so‘ng bolalar bilan manim holimga chetdan kulib, tomosha qilib turg‘an bir Tursunboydan so‘radim:
— Bular qayerda tug‘ilg‘an bolalar, Buxorodami, Maskovdami?
— Buxoroda.
— Qochon kelganlar?
— Yo‘rgaklarida.
— Nima qilmoqchilar?
— O‘qumoqchilar.
— Onalari ham birgami? — dedim va oyoqim ostida chuvalashib yotqan bolalarni aldab-suldab chetlatgach, ilgari yurdim. Eshik oldig‘a yetishim bilan shu orada o‘lturgan yetti-sakkizta qiz birdan bor tovushlarini qo‘yib «Yig‘lama yorim»ni kuylab yubordilar. Quloq solmoqchi bo‘lg‘an edim, ensam qotinqirag‘andek bo‘lib, darhol o‘zimni ichkariga oldim.
Kattakon zol; to‘g‘rig‘a yursangiz bog‘, chapga yursangiz darsxona, o‘ngga burilsangiz qulub va qiroatxona, ya’ni to‘rt tarafingiz qibla, shaqshaqa maydonu umbila baytal. Man qiroatxonag‘a kirdim. Bilim yurtidagi bolakay o‘qug‘uchi o‘rtoqlarimdan bittasi o‘zining kattalarcha aqli bilan so‘rashish o‘rniga manga popiris tutdi. Rahmat aytib oldim. Popirisni sasitib, ko‘b qismini pashsha chaynagan gazeta va kitoblar ichidan yangilik oxtara boshladim. Ko‘b mashaqqatlar nihoyatida Buxoro bilim yurtining yaqing‘inada chiqg‘an «Yubiley majmuasi»ga ko‘zim tushdi. Man ham yubileyga ishtirok etib, bir putu o‘ttuz yetti yarim qadoqliq havsala bilan majmuani o‘quy ketdim.
Bir yillik yubileyga atalib yozilg‘an rango-rang maqolalar, hayto-hayt shiorlar, shakardan totliq, asaldan laziz obi rabbano[63] nusxa «Ol ketti!» umidlar, haybarakalla tantanalar o‘ruschaga tarjumasi bilan mavjud edi. Undan keyin so‘ng mo‘dada tushirilgan rasmlar, ayniqsa, «Yubiley kuni ziyofatka yig‘ilg‘an mehmonlardan bir qismining choy ichib o‘lturgan vaqtlari» va o‘zgalar kishiga ajab bir maroq bag‘ishlar, yubiley kuni ajoyib tantana bilan o‘tkazilgani onglashilar edi. Tekkanga to‘y, tekmaganga tafarruj[64] degandek, ba’zi o‘rtoqlarg‘a to‘ydan to‘qquz-to‘qquz tegib, rasmda qayta-qayta qo‘nqayibdirlar.
Majmuani ko‘zdan kechirishim hamono badanimda bir uyushkanlik, ensamda burishkanlik his etdim. Buning bilangina qolmay bir necha qayta atsam voqe’ bo‘ldi, ya’ni kutilmagan joyda baytalmon tumov tekkan edi.
Hapshu!..
Julqunboy.
«Mushtum», 1924 yil, 15 oktabr, 12-son, 1-2-betlar.
V
Behad va behisob salom va payomlardan[65] so‘ng boshlab har jihatdan tom huquqlik meros boybachchasi O‘zbekiston Sho‘rolar Jumhuriyatini yangi ro‘zgor va yangi hovli bilan tabrik qilaman. Va qo‘shkan qo‘shog‘i bilan dunyo turguncha turib, bolaliq-chaqaliq, uvalik-juvalik bo‘lg‘ay edi. Oqni qoradan, foydani zarardan ajratib ro‘zgor tebratkay edi, deb qo‘lni yuzimga surtaman![66]
So‘ngra ojizlaridan hol so‘rasalar, Tangriga shukr, o‘ynab-kulib yuribman va yana hamma vaqt barchalarining duoyi jonlari bilan mashg‘uldirman. Bu yerdagi bolalari ahvollaridan so‘rasalar, alhamduliloh, ular ham erkagu urg‘ochi, bo‘g‘ozu qisr degandek, o‘ynab kulib yuriydirlar.
Subhi shom balki aladdavom[67] tahsili ulum[68] ko‘yidadirlar. Ammo bolalaringiz orasida beg‘oya va beomol[69] oshiq o‘ynab, it urishdirib, ko‘ynak-ishton yirtib yurganlari yo‘q, deb ayta olmasam ham, lekin bor, deyishka ham tilim bormaydir.
Yolg‘onchini Tangri dushmanim, degan ekan: bor desam yo‘q chiqsa; yo‘q desam, bor chiqsa tongla[70] ro‘zi mahsharda[71] nima deb javob beraman?
Qisqasi, so‘z shulki, ularning ichiga oralashib, azmoyish[72] qilib ko‘rganim yo‘q. Basharti janoblari bul ma’nini bilishka orzumand bo‘lsalar va yana to‘rt enlik nos qog‘ozni darig‘ tutmay ishoratini qilsalar, kamari xizmat beldadir (uch-to‘rt kunim sadqai azmoyish ketsin!)
Va yana maxfiy qolmag‘aykim, ma’rifat isini olib Maskovga chopqan birmuncha iskavichlaringiz azbaroyi maktablarning tiqilinchligi sababidan, soni[73] ilgarigi o‘zingiz ko‘rgan katta tollarning kesilib ketkanligi[74] jihatidan ko‘cha-ko‘ylarda sarson va sargardon bo‘lib qoldilar. Bularning fikrini qilib, biror aybini o‘zingiz ko‘rmasangiz ahvol ko‘b parishondir.
«Ozig‘ini topib berolmagach, iskavich ko‘paytirishning nima hojati bor?» deb, Ovsar maxzumingiz marhamat qiladirlar. Aybga qo‘shilmasin!
«Elakka kirgan oyimning elli og‘iz gapi bor» degandek, bir-ikki kalima ezmalik qilaturg‘an bo‘lsam, boshlab Maskovga yuborg‘an ba’zi bir… tutallaringiz ahvollarini yozmasdan o‘tib bo‘lmaydir. Shundoqki, ulardan qaysilari to‘ppa-to‘g‘ri Xo‘jaboy xalfaning xaltasidan chiqg‘an suzma qurtdek mazaliq ekanlar va yana «Yurt ko‘rgan el ko‘rgan» degandek, uch-to‘rt kun Maskovda anqayishib yurdilar, so‘ngra palovni sog‘ing‘andek bo‘lib alang‘lashg‘a boshlag‘an edilar, haytovir biz talabalaringizdan ba’zi biravlarimiz ikki yorti bir butun bo‘lishib ularni palov jihatidan mamnun qilishdik. Uyog‘-buyog‘dan qilib, degandek palov oldidan «qizilcha»[75] ham o‘tilib turildi, shekillik…
Shu anqovlaringiz to‘g‘risig‘a ba’zi biravlar barishnami-ey, marjami-ey, ishqilib, allanarsa balolarni qo‘shib, so‘zlashib yurgan edilar, ammo ojiz ishoninqiramadim, chunki shari’atda ru’iyat e’tibor[76], degan so‘zni eshitkanim bor edi.
Muhiddin qori ashulachingiz keldi. Bechoraga choychaqani oz berganga o‘xshaysiz, pulsizlikdan «befarzand arvoh»dek chirqirab yuribdir[77], go‘yo Maskovni tinchitkandek, endi Italiyag‘a bormoqchi emish.
Ovsar maxzumdan bu to‘g‘ridag‘i fikrini so‘rag‘an edim: «Otang nechilik bo‘zchilik, sanga kim qo‘yibdir bu noma’qulchilikni» degan javobni berdi (o‘zi ham juda cho‘rttaki-da!). No‘yabr o‘tayozg‘an bo‘lsa ham, hali og‘ir oyoqingiz Maskovdan qimir etkani yo‘q. Yoz bor, qish bor, degandek «yov quvdi» deb o‘ylaysizmi? Bo‘lsa bo‘lar, bo‘lmasa g‘ovlab ketar, savil qolg‘uri!
Qochiqlaringiz[78] birin-sirin kelishib turishibdirlar. Xotirjam’ bo‘lursiz. Ovsar maxzumingiz bo‘lsa ular to‘g‘risida tullakdan chiqsalar odam bo‘lib ketarlar, deb yuriydir. Ha, aytkandek, shu kecha-kunduzlarda bolalaringizning ovqat vajhidagi ahvollari juda tang bo‘lib, ko‘b umirlari Turkpredsedatelingizning eshigida o‘ta boshladi.
Pulni vaqtida yubormas emishsiz. O‘ldim-o‘ldim, deganda bir so‘m, ikki so‘m yalatib ko‘yadirlar. Bechoralaringiz pul kutib, saboqni bilmay domladan kaltak yeb, juda dovdirashib qolishdilar. Qish bo‘yiga ham shu mujmallig‘ingizni davom etdirsangizmi? Ha, deya uch-to‘rt qanor paxta-maxtadan sotib bo‘lsa ham shularingizni tinchitib qo‘ying, dada! Paxta pishib qoldi-ku, axir.
O‘zim bo‘lsa bir-ikki haftadan beri uydan eshikka chiqmay tuxum bosqandek tinchkina yotibman. Maskov ko‘chalaridek sertashvish joylarda sanqiy berib nima qilay? Xudoy ko‘rsatmasin, xaptamabil-maptamabilning tegida qolsam-a…
Ojizdan ul yerdagi qiltiriq xo‘ja, jimildiriq so‘fi, tuzoquzar maxsim, olbosti to‘ra va boshqa anvo’i turlik cho‘b-xas, sharabaralarga salom aytarsiz, deb qalam tebratguchi:
Julqunboy, 20 noyabr.
«Mushtum», 1924 yil, 30 noyabr, 18-son, 2-3-betlar.
[1] Qodiriy 1924 yilning yozida Moskvaga ketib, Valeriy Bryusov nomidagi SSSR Davlat Jurnalistlar institutida bir yil o‘qib qaytadi. Kuyidagi «Maskov xatlari» o‘sha yerdan tahririyatga yo‘llangan edi.
[2] Siporish — topshiriq.
[3] Bir paysa — taxminan 50 gramm.
[4] Elik — krem.
[5] Kashal — chatoq.
[6] «Mahrami asror» — sirdosh.
[7] Vasiqa — lavozim tasdiqlaydigan hujjat.
[8] Bu maqol bir-birini ko‘rolmaydigan, zimdan adovatda yuruvchi, bir-birini ko‘rsa, ensasi qotib chetga qarovchi xotinlarga nisbatan aytiladi.
[9] Shilingpocha — oyog‘i ochiq.
[10] Yopma salla — do‘ppining o‘rniga o‘zidan chiqarib o‘raladigan salla.
[11] Yovliq — dastro‘mol.
[12] Kovul ishton — og‘i keng ishton.
[13] Taassub — fanatik.
[14] Muza — muzey.
[15] Munhasir — bog‘liq.
[16] Svetnoy, Tver bulvarlari.
[17] Ahli dard — oshiqlar.
[18] Bulvarlarni suiiste’mol qilg‘uchilar to‘g‘risida hukumat tomonidan qattig‘ choralar ko‘riladir deb eshitdim (Mual.).
[19] Daf’i dilgirlik — ziqlikni, noxushlikni tarqatish.
[20] Toji shari’at — salla.
[21] Najib — hurmatli, e’tiborli.
[22] Luchcha — lucha, lab.
[23] Baynalxalq — xalqaro.
[24] Istiloh — atama.
[25] G‘ayratiy —Abdurahim Abdullayev (1905—Toshkent— 1976) O‘zbekiston xalq shoiri, ko‘plab she’riy kitoblar muallifi.
[26] Ko‘nak — aravaga ko‘nka, ot qo‘shilgan tramvay.
[27] «Valazzolin»ga yetkuzib «Fotiha» surasining oxirgi so‘zi; bu yerda o‘qishni tezda nihoyasiga yetkazish ma’nosida.
[28] «Tibbi Yusuf» muallifi Yusuf al-Xiraviy Navoiyning zamondoshi, Boburning shaxsiy tabibi, shoir va olim, tibbiy asarlar muallifi.
[29] «Tibbi Akbar» muallifi Muhammad Akbar binni Mirxoja Muqim Muhammad, xalq og‘zida Arzoniy nomi bilan mashhur tabib. Avrangzeb davrida yashagan, bir necha tibbiy asarlar muallifi.
[30] E’tidol — o‘rtacha.
[31] Vallohi a’lam bissavob — Ulug‘ Tangri yaxshiroq biladi.
[32] Kuding — matoga, qog‘ozga ohor berish hunari.
[33] Angltara — Angliya (usmonli turkchada).
[34] MOPR Mejdunarodnaya organizatsiya pomoщi bortsam revolyutsii — Inqilob kurashchilariga xalqaro yordam uyushmasi 1922 yilning sentabr oyida Moskvada keksa bolsheviklar tashabbusi bilan tashkil topgan. Uyushma fashizmga, milliy zulmga qarshi kurashuvchilarga moddiy va ma’naviy yerdam berish, terror qurbonlarini himoya qilish xalqaro kompaniyalarini uyushtirish masalalari bilan shug‘ullangan.
[35] Dasti darozliq — qo‘li uzunlik, kuch ko‘rsatish.
[36] Savil — orqa, ket.
[37] Botavfiq — insofli.
[38] Madhal — kirish.
[39] Tibbi jo‘gi — jo‘gi (hindcha), yo‘g odamni ruhiy va jismoniy usul bilan chiniqtirib davolash, xalq orasida bu so‘z firibgar, aldamchi ma’nosida ham ishlatiladi.
[40] Mansha’ — kelib chiqish joyi.
[41] Bodi muxolif — shamolning teskari esishi.
[42] Hukamoi qadim — qadim hakimlari.
[43] Asr diydalar — bir asrni yashaganlar.
[44] Hukamoi asr hozira — hozirgi asr hakimlari.
[45] Muhibbul atibbo — tabiblarning do‘stlari.
[46] Kashfiyoti jadida — yangi kashfiyot.
[47] Mahz — faqat.
[48] Mabni — qurilgan.
[49] Arzi bandalik — o‘z holini bayon qilish.
[50] Qilobxon to‘ra — klopa, burga.
[51] Bolonishin — baland.
[52] Ramaqijon — juda ozgan, to‘zgan.
[53] Tavajjuh qilgan — harakat qilgan, yuzlangan.
[54] Boychechak — bekorchilik.
[55] Baxay — baxayr, bemorni yoki biror baxtsizlikka uchragan kishini ko‘rganda ko‘ngil so‘rash uchun aytiladigan undalma.
[56] Nohina tumov — ot shamollaganda burun katagidan o‘simta o‘sib chiqishi; odamda shamollab burundan suv kelishi.
[57] Alo hozal — qiyos shunga o‘xshash.
[58] Amloki ro‘zgor — ro‘zg‘or anjomlari.
[59] Jannatga o‘xshash Moskva shahri.
[60] Ayubi sobir — islomiyatdan avval o‘tgan Ayub payg‘ambar tanidagi jarohatlarning azobiga 73 yil sabr bilan toqat qilgan ekan.
[61] Kulbai ahzon — g‘amlar uyi.
[62] Bu bilim yurti Buxoro Respublikasi hukumati hisobidan tashkil etilgan edi.
[63] Obi rabbano — Parvardigorimiz suvi, bu yerda: toza, sof mazmunida.
[64] Tafarruj — tomosha.
[65] Payom — xabar.
[66] 1924 yil 27 oktabr SSSR MI Komitetining 2-sessiyasida Turkiston, Buxoro va Xorazm Respublikalari hududida yangidan milliy davlat chegaralarini o‘tkazish hamda yangi sovet sotsialistik respublikalari va viloyatlarini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilingan edi. 1925 yil 13-17 fevralda O‘zbekiston SSR Sovetlarining 1-sezdida O‘zbekiston SSR tuzulganligi e’lon qilindi.
[67] Subhi shom balki aladdavom — ertayu kech balki doimo.
[68] Ulum — ilmlar.
[69] Beomol — maqsadsiz.
[70] Tongla — qiyomat kuni (turkiyda).
[71] Ro‘zi mahshar — qiyomat kuni (forsiyda).
[72] Azmoyish — surishtirib bilish.
[73] Soni — ikkinchi.
[74] U davrlar o‘tib ketgan.
[75] «Qizilcha» — konyak.
[76] Shari’at xukmicha avval ko‘rib, keyin xulosa qilinadi.
[77] «Befarzand arvoh» aytishlaricha, farzand qoldirmagan odamning arvohi duoga umidvor bo‘lib doim chirqirab yurar emish.
[78] Qochiqlar — biron bir sabab bilan kelisholmay, Maskovga boshpana istab qochganlar nazarda tutilyapti.