Abdulla Qodiriy. Eshonlarimiz (1924)

I

Ehtimolki, sarlavhani o‘qug‘aningizda tasfiyai nafs[1], tazkiyai qalb[2] qilg‘uchi va qildirg‘uchi, nur ichiga cho‘milgan, riyozat[3] bilan cho‘pustixon, tamom foniy, faqir va ehtiyoj bilan hamnishin[4] bo‘lg‘an vujudlarni ko‘z o‘ngimizga kelturarsiz. Lekin har kimning ko‘rishi har turlukdir.

Eshonlarimiz!..

Mana, manim ko‘z o‘ngimga kimlar kelib ko‘rindi: taxbis nafs[5] va talbis qalb[6], sulukiga solik[7], ikki dunyoda ham yuzlari qob-qora, tekinxo‘rlik bilan chib-chirdak[8], o‘g‘b-o‘g‘mbak, tamom semiz, davlati shahriyori bilan musallah[9], faqiru fano bilan yov, o‘yun-kulgi, ayshu tarab[10], nozanin xonimlar, parivash mahramlar g‘oyai a’mollari[11] bo‘lg‘an vujudlar… Bas, bu ikki turluk ko‘rishdan shu narsa kelib chiqadir: yo siz ko‘r va yo man! Yo sizning ko‘zingizga oq tushkan va yo manim!

Jurnalimizning shu sonidan boshlab birinchi galda eshonlarimizning, ikkinchi galda ulamolarimizning tarjumai hollarini yozmoq fikridaman. Biroq sizning aytmog‘ingiz mumkindirki, «Ko‘rishing bu bo‘lsa, yozishing qalay bo‘larikin?» deb. Ammo man sizga shuni aytamanki, tarjumai hol degan gap shamoldan yoki havodan olinmaydir, ahvoli bayon qilinaturg‘an shaxsning o‘z hayotidan olinadir. Qozonda nima bo‘lsa, cho‘michqa ham shu narsa chiqadir. Man ham shu qonundan chetka chiqmasman, qozonda moshova pishkan bo‘lsa, albatta, palov suzmasman. Ikkinchi shulki, «Eshonlarimiz» bobida Toshkandning yigirma chog‘liq avliyolarining manoqiblari[12] so‘zlanadir. Ulardan (albatta, ularning o‘luk-tiriklaridan) umid shuldurki, haqiqat otig‘a[13], deb yozg‘an tarjumai holimizdan ranjimaslar va haqiqat otig‘a garchi badhazm bo‘lsa ham, hazm qilg‘aylar!

Eshonlarimizdan birinchisi: Izzat sirisht[14] va saodat sarnavisht[15] nekukirdor[16] orifullo[17] Said Maxdixon binni Said Boqixon binni Abulqosimxon eshon binni qutbul-aqtobxon[18] To‘raxon eshon alaviy[19] naqshbandiydirlar. Ammo biz bu silsilaning tarjumai holini Abulqosimxon eshon marhumdan boshlamoqchimiz. Shundoqki, Abulqosimxon eshon o‘z zamonining qutbi edi. Uning valoyatiga[20] Toshkandgina emas butun Turkiston, hatto Nekalay I ham g‘oyibona qoyil edi. Abulqosimxon eshonni Rusiya istibdodiga tanitqan kishilarning birinchisi uning Toshkand muridlaridan bo‘lg‘an mashhur Saidazimboy bilan Sharafiyboy (tatar)dir. Ul vaqtlarda Turkiston xonlar qo‘lida bo‘lub, hali Rusiya istibdodiga o‘tmagan, shuning uchun ulug‘ oq podshoh qutbi zamonimiz bo‘lg‘an Abulqosimxon eshonning valoyatlaridan umidvor edi. Bu janob ham o‘zlarining yugurdaklari bo‘lg‘an Saidazim va Sharafiylar orqaliq oq podshohga g‘oyibona husni tavajjuhlarini[21] yuborib turar erdilar.

Vaqtiki Abulqosimxon to‘ramning duolari ijobat hadafiga[22] tegib, Chernayef[23] Toshkandni fath qildi; do‘stlar shod, dushmanlar g‘amgin bo‘lub, to‘ramning o‘zlari ulug‘ jondorol go‘barnato‘r Chernayefning oldida guldek ochilg‘an edi. Ko‘ngil tinchib oradan biror yil chamasi o‘tkach, jondorol go‘barnato‘r fathu nusratda[24] ulug‘ fidokorlik ko‘rsatkan avliyolarni o‘z huzuriga ziyofatka chaqirg‘an, ustol atrofi Sharafiy, Abulqosimxon eshon, Hoji Alim, Hakimxo‘ja[25] kabi oq sallalik go‘llar bilan to‘lg‘an, dasturxonda to‘ng‘uz go‘shtidan boshqa har narsa muhayyo qiling‘an edi. Vaqtiki, ziyofat xitomig‘a[26] yetub, ba’daz fotiha adyutant tomonidan qahramonlarg‘a in’om ulashiladir. Jumladan, Abulqosimxon eshonning oldig‘a bir kumish samovor, Hakimxo‘janing oldig‘a kumish patnus qo‘yiladir. Bu vaqt Hakimxo‘ja qozi patnusni samovorning o‘rniga qo‘yub, samovorni o‘z oldig‘a tortadir… Bu holdan voqif bo‘lg‘an adyutant samovorni eshonning oldig‘a olub, Hakimxo‘jag‘a aytadir:

«Sizni tanig‘animizg‘a yolg‘uz birgina yildir. Ammo eshon bizning hukumatga o‘n besh yildan beri xizmat qilub keladir!» Hakimxo‘ja qozining dami kesiladir. Shu vaqtda majliska onglashiladirkim, eshon uncha-muncha odam emas…

Bas, oq podshohning navkarlari bo‘lg‘an jondorollardan shunchalik izzat, hurmat, in’om, ehson ko‘rguchi bir buzrukvor eshong‘a butun xalq murid kesiladir, karomat, valoyat ortadir.

Kaufman[27] Turkistonga voliyi umumiy[28] bo‘lub kelgach, karomat kamayadir emas, balki, yuz qat yana ortadir.

1884 yilda fon Kaufman o‘ladir. Uning tag‘ziyasiga chiqg‘an bizning Abulqosimxon eshonimiz butun Toshkand musulmonlarini hayratda qo‘yub, Kaufman ruhiga «Taborak…»ni tilovat qilub bag‘ishlaydirlar…

Shu ahvolda bu dunyoning barcha baxt-saodatlarini kechirib, nihoyat (1309 hijriya, 1891 melodiyada) millionlab muridlarni zor yig‘latib, barcha yig‘ub-terganlaridan umid uzolmag‘anlari holda dunyodan ko‘chadirlar. Eshonning tirikliklarida to‘yolmay qolg‘an xalq tobutni ertadan kechkacha qo‘lma-qo‘l ko‘tarishib yuradirlar. Eng oxirda tobutni burda-burda qilub, o‘zora taqsim qilishg‘ach, tinchiydirlar (Eshon buzrukvorning qabr toshlari: «In marqadi[29] munavvar murshidi komili mukammal shayxulislom val muslimin hofizi kalom rabbul olamin muhibbul ulamo va maljaul-g‘urabo[30] hazrati eshon Abulqosimxon binni qutbul-aqtob hazrat eshonxon To‘raxon alaviy naqshbandiy» deb bitiklikdir).

Marhum eshonning ba’zi bir xislatlari: Ul zot aksar avqotlarini[31] yosh, ma’sum o‘g‘lonlarning suhbatida kechirar edilar. Haqqi taolo diydorining aksini shu o‘g‘lonlar yuzida mushohada qilar va bir o‘g‘lonning qo‘lidan ichilgan bir piyola choyni kavsar suvidan[32] behroq[33] hisoblar edilar. O‘zlaridan so‘ng o‘n parlab nozanin yosh xotun va cho‘rilar sochlarini yoyib qoldilar.

Ul zotdan Said Boqixon otliq bir xalaf[34] qolib, ota qadrdoni bo‘lg‘an oq podshohning himoyasiga sig‘inadirlar. «Egasini siylag‘an itiga suyak tashlar» deganlaridek, Said Boqixon otasining tufayli bilan Beshog‘och qozilig‘ig‘a belgulanadirlar va shu masnadda[35] yigirma yillab davr suradirlar.

Bir tomondan qoziliq tushimi, ikkinchi tomondan eshonlik kasbi bilan otalaridan qolg‘an bog‘, sholikor, hovli, mol, objuvoz, tegirmon va boshqa amloklar yonig‘a yana o‘n qayta boyliq izofa[36] qiladirlar. Shu yo‘sunda bu janob ham dunyoga vido’ qilub, barcha yig‘ub-terganlarini maxdumlari bo‘lg‘an Maxdixon eshong‘a omonat qoldiradirlar.

Endi Maxdixon eshon tarjumai holig‘a o‘taylik.

Jiyan.

«Mushtum», 1924 yil, 8 aprel, 25-son.

 

II

Maxdixon eshon ana shu Abulqosimxon eshon marhum nabirasidir. Bu zotning ham mansab va dunyo suyishda bobolaridan qolishaturg‘an o‘rni yo‘qdir. Nekalay zamonida bu janobning ko‘ngliga ota merosi bo‘lg‘an qoziliq orzusi tushib, bir necha vaqt nufuzlik, hukumatga yaqin boylarning eshigida yig‘lab yurdi. Bir tomondan boylarning ko‘magi, ikkinchi jihatdan pristaf va elliboshilarg‘a kanvert orqaliq ulashilgan «badal»lar yordami bilan tuppa-tuzuk «Qoziyi islom» ham bo‘lub oldi. Biz qornini yorg‘anda alif o‘rniga loaqal kaltak chiqmayturg‘an dardisarning qoziliqqa nechuk o‘lturib olish yo‘sunini shunda ko‘rdik. «Bir deganda to‘rt tomondan» degandek eshonlikka tushaturg‘an nazru niyoz ham qoziliqqa tushib turg‘an uncha-muncha choychaqalar barakasida uzoq tarixdan tortilib kelgan davlat qappayg‘andan-qappaydi; yerga yer, molg‘a mol qo‘shula bordi.

Said Maxdixon pochchamiz 1911 yillar orasida shari’at kursisiga o‘lturgan bo‘lsa, to 1917 yilgacha Mochalof-Pochaloflarning qo‘lig‘a suv quyib «otam, onam» bilan qiltillab kela oldi. Ammo charxi kajraftor davrasini teskaridan olub, shartta inqilob degan kasofat yuz ko‘rsatkan edi, shilq etib bizning Maxdixonimiz ham shari’at kursisidan qulab tushdi.

Lekin bizning jasur eshonimiz bunday muvaffaqiyatsizliklardan umidsizlanib o‘lturmadi. Hamon ishning tomirini qidirg‘andan qidira borib, nihoyat, «Ulamo» jamiyatidan teshib chiqdi va bu jamiyatning o‘rta qo‘ldek «mana» degan ayg‘irlaridan bo‘ldi. Hatto shu jamiyatning tavajjuhi soyasida qayta boshdan qoziliq o‘rnig‘a minmak ehtimoli ham chiqub qolg‘an edi. Biroq bir ketkan baxt ikkinchi qaytub kelmas ekan. Bu orada bolshevik degan kofirlar bosh ko‘tarib, «Ulamo» jamiyatining surobini to‘g‘rilab qo‘ymasunmi. Shuning ila bizning tog‘amiz darhol o‘zining boshqa hamqurblari[37] bilan Buxorog‘a qochdi. Buxoroda ikki yillab riyozat chekib, ko‘b balolarg‘a yo‘liqub, nihoyat Toshkandga qaytub kelsa ham lekin uydan eshikka chiqolmayturg‘an bo‘lg‘an edi. Va o‘sha kundan boshlab ko‘bchilikni «yakamoxov» qilub, o‘zi obro‘sizlik va amalsizlik balosiga giriftor bo‘ldi. Barakat bersunki, ota-bobodan qolg‘an eshonlik, ham muridlar bor ekan. Yo‘qsa, allaqachon sil kasaliga mubtalo bo‘lub, bu dunyoi foniydan vido’ qilg‘an bo‘lur edi.

Butun yurtni «yakamoxov» qilub, «Ulamo» jamiyatidan hasipni sovitib chiqg‘ach, bir qancha yillardan beri saktalikka[38] uchrag‘an eshonlik kasbiga chinlab kirishdi, g‘am-anduhni keng sahroda tarqatmoq va shu bahona bilan murid ovlamoq qasdida sayohatga chiqdi. Eshonning ota-bobodan meros tariqasida qalamro‘yig‘a[39] o‘tkan muridlar; Avliyo ota[40], Turkiston, Qarnoq[41], Chimkand; Toshkanddan Kalas, Chinos, Nishbosh, Xumson va shunga o‘xshash yerlardir. Mana shu yerlarning minglab go‘sxo‘r[42] muridlari ichida ham sayohat, ham tijorat qilub, g‘am-anduhni tarqatish bilan birga necha yuzlab qo‘y, ellik-oltmishlab qoramol, ming putlab don, yuzlab to‘n, qoplab oqcha ortdirib qaytdi. Ammo mundan so‘ngg‘i asosiy kasb eshonliq; xonagi ermak dahaga o‘lturish[43]; tijorat eshonlikdan tushkan yuzlab qo‘ylarni bo‘rdoqi qilub sotish; majlis, ya’ni gapu gashtak kal Abdulqodir, Imom shayton, Ibrohimxon va shunga o‘xshash haftafahm, paytavaquloq boylar bilan bo‘lmog‘ig‘a qaror berilgan edi.

Bir vaqtlarda eshonning o‘rdadek maktabbob hovlisi internatga oling‘an bo‘lsa ham, lekin bu balodan «anov-manov»lar bilan arang qutulib olindi.

Endi tarjumai holni to‘xtatib, eshonga shuni aytamiz: Abulqosimxon eshon bobongizning o‘z umrida yaxshi ish qilg‘ani bo‘lsa, ul ham xalqdan oqcha yig‘ub, o‘z otig‘a madrasa solg‘ani va unda bolalar o‘qitg‘ani edi[44]. Ammo sizning bo‘lsa hozirgi davlatingiz, mulki ashyongiz mundayin madrasa va maktablardan bir qanchasig‘a ham yetadir. Nima qilasiz? Birorta xayr ishka qadam ranjida qilasizmi? Yoki shu ko‘yi suv quyg‘andek bo‘lub keta berasizmi?

(Eshonning shu yaqinda bo‘lg‘an bir mojarosi haqida Xumson qishlog‘idan olg‘an bir maktubimiz bo‘lsa ham, u narsani bu o‘runga kirgizib o‘lturmadik).

Eshonlarimizdan ikkinchisi janobi Shamsiddin maxdum binni G‘iyos maxdum binni Ahmad maxdum. Ammo Ahmad maxdumni shaksiz karomat sohibi edi, deb rivoyat qilg‘uchilar bor. Lekin ul kishi to‘g‘risidag‘i rivoyatlarga aniq ishonilsa ham bo‘laturg‘an ko‘rinadir. Zeroki, Ahmad maxdum o‘zlarining karomat va mo‘jizalarig‘a munkir[45] kelguchi bag‘zi bir shakkoklarga dalil o‘rnida «Ya’ti min ba’di ismuhu Ahmad» oyatini[46] o‘qub, mudofaa qilur va o‘krab yig‘lar ekanlar. Mazkur oyatdagi «Ahmad»ning sarih[47] shu Ahmad maxdum bo‘lg‘anlig‘ig‘a ulamo baynida[48] bir ittifoq borlig‘i Toshkand xalqining ma’lumi bo‘lsa kerak. Har holda marhumning Qur’onda xabar berilgan «Ahmad» bo‘lishida shubha yo‘qdir. Demak, onglashilg‘an bo‘lsa kerakki, haqida so‘z yuritmakchi bo‘lg‘animiz Shamsiddin maxdum shunday bir zotning farzandidir. Bu kishini loaqal o‘sha bobolari hurmatiga tanish va e’tiqodni mahkam qilish har bir mo‘min-musulmon bo‘lg‘an kishiga farzi ayndir.

Bu zotning o‘zlari ham g‘oyatda nozik tab’, ziyoda alloma, ham takallufsiz bir murshiddirlar[49]. Har holda ulug‘ zotning farzandi desak, komil bir madh qilg‘an bo‘lurmiz.

Shamsiddin maxdum Toshkanddan tortib to Samarqandgacha murid tarbiya qiladirlar. Tushim vajhi[50] chakki bo‘lmasa ham, ammo bu zot doim mirquruq bo‘lub yuriydirlar. Chunki ishlab topilg‘an mol nafis kiyimlarga, laziz taomlarga arang yetub turadir. Boshqa eshonlarimiz nechoqliq isqirt, qancha mumsik[51] bo‘lsalar, bu kishi ularning ziddiga shuncha sermaishat va serzavqdirlar. Uylarida durust maishat kechira olmag‘anlari fursatlarda tuzukrak kishilarnikiga «Aytmagan joyg‘a, yo‘nmagan tayoq» ham bo‘lub oladirlar. Bu murshidning zavqlarini shundan ham onglasa bo‘ladirkim, aksar yig‘in, ya’ni zikr samo’ kezlarida bir tomonda tavajjuh bo‘lsa[52], ikkinchi tomonda milliy orkestr chalib, milliy ashulalar aytilib turadir.

Janobning ziyofatlarda jum’a va tavajjuh asnolarida aytaturgan so‘ngg‘i so‘zlari shul: «Zamona og‘ir, shu og‘ir zamonlarda bir murshidi komilga topshirilmag‘an musulmon farzandining holig‘a voy!..»

Mahdum pochchaning irshodlaridan[53] o‘tub yaqing‘inada «Qo‘shquloq mahdum» degan bir xalfa ham yetishdi. Bu Qo‘shquloq ham o‘z oldig‘a suluk tebratib, ko‘b musulmonlarni rohi rostga[54] solmoqdadir.

(Yana bor)

Jiyan.

«Mushtum» 1924 yil, 20 may, 2 (27)-son.

[1] Tasfiyai nafs — nafsni poklash.

[2] Tazkiyai qalb — dilni poklash.

[3] Riyozat — mashaqqat.

[4] Tamomi foniy, faqir va ehtiyoj bilan hamnishin — o‘tkinchi dunyodan butunlay kechgan, faqirlik va muhtojlikni ixtiyor qilgan.

[5] Taxbis nafs — nafsi buzuq.

[6] Talbis qalb — ko‘ngli shayton.

[7] Sulukiga — solik o‘z yo‘lida sobit yurgan.

[8] Chib-chirdak — o‘rangan.

[9] Davlati shahriyori bilan musallah — kuch-qudrati bilan qurollangan.

[10] Tarab — xursandchilik, ayshu ishrat.

[11] G‘oyai a’mol — maqsad.

[12] Manoqib — sifatlar, fazilatlar.

[13] Haqiqat otiga — haqiqat uchun.

[14] Izzat sirisht — azaldan izzat egasi.

[15] Saodat sarnavisht — azaldan peshonasiga baxt bitilgan.

[16] Nekukirdor — yaxshi fe’l-atvorli.

[17] Orifullo — Allohni tanigan.

[18] Qutbul-aqtob — pirlar piri.

[19] Alaviy — sahoba Alining avlodi.

[20] Valoyat — hokimlik.

[21] Husni tavajjuh — yaxshi munosabat.

[22] Ijobat hadafi — nishon.

[23] Chernyayev Mixail Grigorevich — (1828-1898), (Belorussiya, Mogilyov vil.) general-leytenant, dvoryan oilasida tug‘ilgan, harbiy akademiyani bitirgan. Orenburg bosh gubernator shtabi boshlig‘i, 1865 yili Chernyayev qo‘shinlari Qo‘qon xonligiga qarashli Avliyo ota, Chimkent, Toshkentni bosib oldi. 1865-66 yillarda Turkiston viloyat harbiy gubernatori, 1882-84 yillarda Turkiston bosh gubernatori, 1886 yil iste’foga chiqqan.

[24] Fathu nusrat — g‘alaba qozonish.

[25] Hakimxo‘ja 1865 yillardagi Toshkandning qozisidir. Ul vaqtlarda Toshkand qozisi yolg‘uz bir kishidan iborat bo‘lur edi (Mual.).

[26] Xitom — xotima, nihoya.

[27] Kaufman Konstantin Petrovich — (1812-1884 — Toshkent, 4 may) Turkiston general gubernatori (1867-82) u Buxoro amirligini (1868), Xiva xonligini (1873), Qo‘qon xonligini (1876) istilo qildi. O‘rta Osiyoni mustamlaka holida saqlovchi, Rossiyaning xom ashyo manbaiga aylantiruvchi «Turkiston o‘lkasini boshqarish nizomi»ni joriy etgan.

[28] Voliyi umumiy — viloyat hokimi.

[29] In marqadi — bu nurli go‘r.

[30] Maljaul-g‘urabo — kambag‘alparvar.

[31] Avqot — vaqtlar.

[32] Kavsar suvi — jannat bulog‘i.

[33] Beh — yaxshi.

[34] Xalaf — farzand; o‘rinbosar.

[35] Masnad — martaba.

[36] Izofa — qo‘shimcha.

[37] Hamqurb — yaqin do‘st.

[38] Saktalik — turg‘unlik, chalajon; tuxtab qolgan.

[39] Qalamro‘y — qo‘l ostidagi yerlar.

[40] Avliyoota — Jambul shahri.

[41] Qarnoq — Turkiston shahriga yaqin qishloq.

[42] Go‘sxo‘r — laqma, go‘l.

[43] Xonagi ermak dahaga o‘lturish — bekorchilikdan ibodat qilish.

[44] Hozirgi Xalqlar do‘stligi maydonidagi Abulqosimxon madrasasi.

[45] Munkir — inkor etish.

[46] Iso binni Maryam: «Ey Bani Isroil, albatta, men Allohning sizlarga (yuborgan) payg‘ambaridirman. (Men) o‘zimdan oldingi Tavrotni tasdiqlaguvchi va o‘zimdan keyin keladigan Ahmad ismli bir payg‘ambar haqida xushxabar berguvchi bo‘lgan holda (yuborildim)», degan edim. Qur’on, «Saf» surasi, 6-oyat.

[47] Sarih — aniq.

[48] Bayni — orasi.

[49] Murshid — to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatuvchi; pir, eshon.

[50] Vajh — xizmat haqi, daromad.

[51] Mumsik — xasis.

[52] Tavajjuh — Allohga iltijo.

[53] Irshod — to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatmoq.

[54] Rohi rost — to‘g‘ri yo‘l.