Ushbu sana o‘tgan aprel oyidan boshlab Andijonning ko‘b qishloqlarig‘a temiryo‘llar g‘oyat tezlik bilan ishlanub turmoqdadur.
Chunonchi:
Birinchi. Namangandan kelub, Andijong‘a, Andijondan Hazrat Ayyubga*, hazrat Ayyubdan cho‘zulub Olmota taraflarig‘a ketadur.
Ikkinchi. Andijondan bir shox chiqub Xo‘qandqishloq, Mosi, Bozorqo‘rg‘on taraflarg‘a.
Uchinchi. Andijondan O‘sh, Jalolobod, O‘zgand bilan Qitoyning Qashg‘ar hududig‘acha boradur. (O‘sh, Jalolobod, O‘zgand temiryo‘llari hozir ishlansa ham, Qashg‘ar hududi temiryo‘li bir necha yillardan keyingina ishlanmoqg‘a boshlansa kerak.) Bul yo‘llar hammasi O‘rta Osiyo temiryo‘llarig‘a tutashib, g‘oyat mukammal bo‘ladur. Bul temiryo‘llarning ko‘b ekin joylarni bosub o‘tmog‘i, masjid va xonalarni vayron qilub o‘tmog‘idek zararlari bo‘lsa ham, foydasi yana ko‘broqdur. Yo‘l bosmachilar va boshqa o‘sallarning* hujumidan qutulmoqg‘a foydasi tegar, qishloqlar yaqinlashar, obod bo‘lub ma’murlashar, arzon yerlar qiymat bo‘lur. Faqat gazeta muhiblarimiz va temiryo‘l bo‘yidag‘i baxtli qarindoshlarimiz «Sadoi Farg‘ona»ning 18-no‘merusidag‘i andijonlik Ubaydullaxo‘ja Sulaymoniy janoblarining «Turkistondag‘i va bilxossa, Farg‘onadagi musulmon qarindoshlarimizg‘a xitob» unvonlu maqolasining mazmunig‘a qarab amal qilmoqlaringiz kerakdur. Temiryo‘lning bormog‘i bilan tanobi 100 so‘mlik yerlar, albatta, 1000 so‘mgacha chiqar. Faqat, Ubaydulla afandining aytganicha, «bebaqo minglarga* qiziqmasa kerak», oqcha bitar, qadr ketar, ammo ul yerlarni topib bo‘lmas. Zamonamiz shundog‘ zamondurki, tirikchilik bilan raqobot qilmoqg‘a, maishat zulmidan qutulmoqg‘a qo‘lda yer bo‘lmoq kerakdur. Yer sotgan pulg‘a qiziqg‘anlarni maishat, tirikchilik toshqini va to‘lquni kelub urub, parcha-parcha qilmog‘ida shubha yo‘qdur. 100 so‘mlik yerimiz bora-bora obod bo‘lub, 5 – 10 ming so‘mg‘a ham chiqar, buni yaxshi o‘ylamoq kerak.
Er va tuproq sotgan bola-chaqa va naslini sotgan bilan barobardur. Bir ota yerini sotdi demoq bola-chaqa va naslini to qiyomat och va yalang‘och qoldurdi demoqdur. Vatan, tuproq shundog‘ onadurki, buni xo‘r qilduk, o‘zimizning ham xo‘r bo‘lmog‘imiz ko‘z oldidadur. Yer sotub xonavayron bo‘lganlardan ibrat olayluk! Janob Haq ikki ko‘z va aql berubdur. Ko‘zlarimiz ila ko‘rub, aqlimiz ilan o‘ylayluk! O‘zimiz dunyog‘a yalang‘och kuyuncha kelub, onamiz, vatanimiz, tuproqimiz bizni boqar, rizq berar, katta qilar, dunyoda yashatar, ul onani sotganlar, albatta, ne’matning qadrini bilmagan kufroni ne’mat qilgan bo‘larlarki, ko‘b yomon gunohg‘a botarlar.
Tuproqdan yaratilduk, demak, tuproq tanimizdur. O‘z tanimizni o‘zimiz sotsak, beaqllik emasmu? Ajabo!
Vatanimiz avval obod emas edi. Mana, temiryo‘llar kelmog‘i va solinmog‘i bilan obod bo‘lar, qishloqlarg‘a ham madaniyat kirar.
Ey qarindoshlar! Shaharliklar bo‘lduk! Bo‘lduk! Ammo qishloqlilardan katta iltimosimiz shuldurki, Ovruponing mo‘dasidan, shishasidan, buzuq axloqidan namuna olmasdan va bunlarg‘a bul jihatdan taqlid qilmasdan, balki ilm, fan, hunar, sanoatga o‘xshashlik madaniyatlaridan namuna olub, bul jihatdan taqlid qilmoqingiz lozimdur. Ovruponing mo‘dasi va buzuq axloqi sizlarni xonavayron, bevatan asir-qul qiladur. Bundan saqlaningiz!
Ovruponing maktab, madrasa, ilm, fan, san’at, hunarga o‘xshash madaniyatlari sizlarni obod, ma’mur olim qilub, johillikdan, asorat-qullikdan qutulduradur. Birodarlar, ko‘zlaringizni ochub, yaxshi o‘ylanglar!
Mana shul Farg‘ona temiryo‘lida bir suyunadurgan ish bordurki: 700 tanobcha yerga istansiya vagzal va skalad qilmoq ishini (podratini) Namangandan turub asl toshkandlik muhtaram mulla Abdulloh afandi Hamidullayev olmishdur. Vagzalni tomosha qilmoq uchun borganimizda, mulla Abdulloh afandining ukasi Abdulaziz afandi ila ko‘rushganimizda, Abdulaziz afandi taassuf qilub dediki: Shundog‘ katta muassasalarning foydasini ovrupolilar ko‘rub, onlarning qo‘llarig‘a o‘tayotganiga ichimiz achishub, «Namangan» istansiyasini bino qilmoqg‘a ham olgan edik. Endi, mana, Andijon katta istansiyasini ham oldik», – deydur. «Vagonlab tsement kelub turmoqdadur. Sementdan xishtlar qo‘yub turadurlar. Birinchi boshlab istansiyalarg‘a armani va ruslar kelub o‘turmoqdadur. Bechora musulmonlar bo‘lsa yerlarini oylik qilub bermoqdadurlar. Hozirdan ijaraga bersalar, bora-bora oz pul bilan sotub ham qo‘yarlar. Vagzalg‘a yaqin yerlarda istansiya atrofida endi g‘ayr millat ko‘rinmoqg‘a boshladi», – deydur. Mana shundog‘ gaplarni Abdulaziz afandi bilan so‘zlashib o‘lturdik.
Qarindoshlar, diqqat lozim! So‘ng pushaymon bo‘lmoqdan foyda yo‘qligi hammamizg‘a ma’lumdur. Hech bo‘lmasa, Abdulla afandidek namuna ko‘rsatg‘uchi fidokor savdogarlarimizdan ibrat olub vatanimizning boyligini, tijoratimizning foydalarini chetlar cho‘ntagiga solmasdan va bermasdan o‘z cho‘ntagimizda olub yurmagimiz kerakdur.
Bizga shundog‘ ishlarg‘a kirushmoqg‘a vaqt!..
Biz ham insonmiz, insondek yashayluk!.. Maishat to‘lquni bilan urushayluk! Qarindoshlar!.. Vaqt g‘animatdur.
«Sadoi Farg‘ona»: Aholi rizo bo‘lmaganda temir yo‘li masjid va madrasani hech bir vaqt vayron qilub o‘tmas, rizolik bilan o‘tkanda ham muning uchun katta pullar berub o‘tar.
________________________
Maqola «Sadoi Farg‘ona» gazetasining 1914 yil 6 iyun sonida «Cho‘lpon» imzosi bilan bosilgan. Keyin «Vatan» gazetasining 1994 yil 5 oktyabr sonida (nashrga tayyorlovchi Ulug‘bek Sulton), 2000 yili «Turkiston matbuot tarixi (1870 – 1917)» kitobida qayta nashr qilingan.
«Sadoi Farg‘ona» gazetasi asosida nashrga tayyorlandi.
Hazrat Ayyub nomi bilan atalgan joyning hozirgi nomlanishini aniqlay olmadik.
O‘sal – yaramas.
Bebaqo minglar – bevafo pullar ma’nosida.
Muhib (arab.) – sevuvchi, do‘st tutuvchi; gazeta muhiblarimiz – gazetxonlar ma’nosida.