Abdulhamid Cho‘lpon. Ruhimiz o‘lmasun (1922)

So‘ngg‘i vaqtlarda matbuotimiz maorif masalalaridan ko‘p­gi­na bahs qilmoqqa boshladi. Ta’minot to‘g‘risidan ko‘­pin­cha xalq­ning o‘z bo‘ynig‘a yuklatilgan maktab va o‘qush ish­lari ko‘p kuch va g‘ayrat sarf qilmoq bilangina istakka mu­vofiq yurub borsa mumkindir. Yo‘q esa, avvaldan kelgan qo‘ramaslik va e’ti­borsizli­g‘imizning davom eta berishi mao­rifimizni bo‘g‘ub o‘ldurgusidir.
Maktablarni ta’min etmak vazifasi o‘z bo‘ynig‘a tushgan xalqimizning saviya fikriyasi, maktab va o‘qish-o‘qitish ishlariga nazari ma’lumdir.
Mavlud munosabati bilan Toshkentda Mahkamai ­shar’ia tomonidan yasalg‘an ulug‘ namoyishda bu e’tiborsizlikni zararli samarasi juda ochiq ko‘ruldi. Bizni yashatishga emas, o‘ldirishga sudrayturg‘an eski maktab bolalari xorlik va mas­kanatni* kuldirib turg‘an qonsiz chehralari bilan ola-bula to‘nlar ki­yib Jome’ bilan Ko‘kaldosh sahnasiga to‘lg‘an choqlarida xalqning ko‘zi yoshlar bilan to‘ldi. Xalqning ko‘zlaridan to‘kilgan u yoshlar nodonlik va taassib orqasida kelgan behuda va shuning bilan birga samimiy yoshlardir. Bu manzara qarshisida butun umrini xalqning maorifi, yangi maktabi, taraqqiy va ta’limi uchun sarf etgan kishilar bosh­qa tushuncha va boshqa o‘ylar bilan yig‘iladilar. Birmuncha vaqtdan beri maorif ishlaridan chetda yurgan eski bir maorif xodimi o‘shal manzaradan olg‘an taassurotini juda achchig‘ qilib onglatdi. Uning maorif ishlaridan chetda yurishi uchun gunohni kimning bo‘ynig‘a qo‘ya olamiz? Har holda, mavlud kunidagi hazin manzaraga shu chekkalab yurish­larning xiyla ulug‘ ta’siri bordir.
Hozir hukumat qaramog‘ida bo‘lg‘an maktablarning soni juda ozdir. Bo‘lg‘an qadarisini ham hukumat to‘la va yetarlik ravishda ta’min qila olmaydir. Yangi iqtisodiy siyosat (NEP) degan narsa bilan bu kun juda buzulib ketgan xalq ruhi mavlud kuni ko‘rganimiz kabi maskanat manbai bo‘lg‘an eski maktablarda bo‘lsa, ul maktablar bundan so‘ng, shubhasiz, kundan-kunga kuchayib borg‘usidirlar. Ularga qarshi kurashmak lozimdir. Faqat bu kurashni hech bir kuch bilan davom etdirib bo‘lmas. Buning uchun hukumat qaramog‘ida bo‘lg‘an mak­tab va internatlarni kuchaytirmak, to‘laytirmoq va har ji­hatdan mukammallashdirmak kerakdir.
Buning ustiga, yana xalq hisobig‘a ham yangi usul maktablar ochdirib, ularni ham moddiy va ma’naviy yoqlardan mukammallashdirishga butun maorif va yoshlik kuchlarini zavq etdurmak kerakdir.
Tarixning bizning uchun teskari bo‘lg‘an jarayoni natijasida kelib chiqqan shu hollarning aybini birimiz do‘lga va birimiz tegirmonga qo‘ymoq bilan faqat ahvolni og‘irlashdirgan bo‘lurmiz. Tegirmon tarafdorlari va do‘lni yoqlag‘uchilar uchun qo‘shmoq bir vazifa bor: bor qadar yangi maktab­larni har jihatdan mukammallashdirib, eski maktab tahlikasiga qarshi kurashmak!
Hozir shu maqsad bilan bolalar haftasi yasalmoqdadir. Do‘l deganlar-da, tegirmon deganlar-da ochiq maydonda o‘zlarini ko‘rsatsunlar.

_______________________
Maqola «Turkiston» gazetasining 1922 yil 4 noyabr sonida «Abdulhamid Sulaymon» imzosi bilan bosilgan. Birinchi marta Cho‘lpon “Asarlar”i 4-jildida qayta chop etilgan.
Maskanat – faqirlik, bechoralik.