Abdulhamid Cho‘lpon. Quturg‘an mustamlakachilar (1924)

(Bo‘lg‘an gaplardan)

Qurshob
O‘sh bilan O‘zgant orasida, mashhur O‘ttiz adirning yonida, Qurshob degan qishloq bor. Uning nomi hali ham rasman Pok­rovskiy deb ruscha atalib keladur. Undagi fuqaro tamoman ko‘chkunchi (muhojir) o‘ruslar bo‘lub, bular o‘zlarining istakli otalari va homiylari bo‘lg‘an Nekalay podshohning davrida shu munbit tuproqqa kelib joylashkanlar. Bechora qirg‘izlarning eng unumlik joylarini qozoq o‘ruslar­ning zaharlik qamchisi orqasida tortib olib, ularning o‘zlarini «to‘rt tarafing qibla» deb haydab yuborg‘andan keyin tez orada shu qadar boy bo‘lub ketgan edilarkim, ularning bu «harom davlatlari» to‘g‘risida o‘sha vaqtdag‘i turk-tatar gazetalari ham ko‘b narsa yozg‘an edilar. Yerning, tuproqning asl egasi, xo‘jayini bo‘lg‘an bechora qirg‘izlarning ko‘bi o‘sha vaqtdayoq bu «betakalluf mehmonlar»g‘a xizmatkorlikka yollang‘an edi: har bir uyi bor muhojirning eng kami 1-2 ta qirg‘iz xizmatkori bo‘lg‘uchi edi.
Qurshob qishlog‘ining o‘zi ham oz fursatda juda obod bo‘lub ketib, bir shahar rangiga kirgan. Rusiyadan kelganda ikki oyoq, ikki qo‘llaridan boshqa narsalari bo‘lmag‘an muhojirlar g‘alati imoratlar, boy xo‘jaliqlarg‘a ega bo‘lg‘anlar edi.
O‘ktyabr inqilobining avvalgi 2-3 yilida bularning tarixlari butun nomussizliq, xiyonat, jinoyat va zulmlar bilan to‘ladur. Bular inqilobning boshlarida sho‘rolar hukumatiga qat’iyan ishonmay tursalar ham, keyincha qizil qo‘shun qatorig‘a kirib olib yerlik xalqning qishloq va shaharlarini talon-toroj qilib yurdilar. Bir vaqt ozuq siyosatida sho‘rolar hukumati tomonidan razverstka va monopoliya usullari ushlangach, mashhur Madaminbekga qo‘shulub Andijon shahrini muhosara* qildilar.
Er islohoti vaqtida bularning bir qadar adablari berilgan bo‘lsa-da, inqilobkacha ular tarafidai qirg‘iz xalqig‘a berilgan «adablar»ga nisbatan hech narsa emasdur.
Eng kerakli bir ish
O‘tgan yil o‘sha atrof qirg‘izlarining mo‘tabar­laridan bir nechtasi O‘sh shahar va atrof qizil militsiyasining bosh­lig‘i Qorabekov o‘rtoqning targ‘ib va tashviqi orqasida qirg‘iz xalqi orasig‘a bilim-maorif tarqatish ishiga jiddiyat bilan kirishdilar.
Qirg‘iz xalqi orasida boshlang‘ich maktablar ochib, u maktab­larni ko‘chmanchi xalqning maishat usullariga to‘g‘rilab olib borish va buning uchun-da o‘sha xalqning o‘zidan muallimlar yetishdirish haligi maqsad yo‘lidagi eng keraklik bir chora edi. Shu chorani amalga tatbiq qilmoq uchun bir ta’lim-tarbiya Qursig‘a ehtiyoj ko‘rulib, u Qurs o‘tgan 1923 yil mazkur Qurshob qishlog‘ida ochildi.
6 oylik qilib ochilg‘an bu ta’lim-tarbiya Qursining butun ta’minoti yerlik xalq – qirg‘iz xalqining bo‘ynida edi. Andijondan 3 ta muqtadir muallim ham chaqirildi. O‘qushlar ham boshlandi, ish ham yaxshi, sevinchlik bir yo‘lga tushdi.
Mustamlakachilar quturdilar
Bu ish, bu yaxshi tashabbus Nekalayning haqiqiy o‘g‘ullarig‘a, Qurshobdag‘i o‘rus mustamlakachilariga yomon ta’sir qildi. Nimaga desangiz, ular qirg‘iz xalqining ma’rifatlik, bilimlik bo‘lub, dunyoda odam qatori yashashka istihqoq* kasb etishini sira istamaslar edi. Ular ko‘z oldilarida qirg‘iz xalqining yuksalib yotkanig‘a, yosh-yosh qirg‘iz bolalarining bilim olib, dunyoni tanib, yangi hayot maydoniga zavq bilan kirib borish­larig‘a chiday olmadilar. U yerda, u qishloqda aksariyatni o‘zlari tashkil qilg‘anliklari uchun va ham eskidan kelgan «xo‘jayinlik»larining ta’siri bilan Qursg‘a erkin-erkin hujum qilishg‘a bosh­ladilar. Har bir yo‘l, har qanday harakat bilan shu Qursga ozmi-ko‘bmi zarar berishga, bir daraja tahqir qilishg‘a kirishdilar, qursning talabalari, muallimlari, ishqilib, shu Qurschilar chiqqan vaqtlarida: «Tfuu, sart!» – degan tahqirlarg‘a juda ko‘b uchrarlar edi. Bu narsa odat bo‘lub ketdi, bunga qurschilarning o‘zlari ham ahamiyat bermadilar.
Lokin Qurshob mustamlakachilarining haddan oshib ketkan hujum taarruzlari* borkim, bularga Qurschilarg‘ina emas, butun hukumat ahamiyat bilan qarashga tegish. Shuning uchun shu haddan oshkan, ortiqcha hujumlardan 3 tasini shu yerda yozib o‘taman.
Ayniqsa, shu ortiqcha, jinoyatlik hujumlarga bir firqa a’zo­sining aralashib qo‘yushi, munga qarshi na firqa va na sho‘ro mahkamalarining mahalda hech bir chora ko‘rmasliklari yuqori firqa va sho‘ro mahkamalarining ham diqqatlarini jalb etishga tegish.
Odam ustida ot o‘ynatish
28 yanvarda kunduzi Qurshob ko‘chasida bir mast muhojir ot chopib kela boshlag‘an. Shu vaqtda bir muallim o‘rtoqning biri 5 yashar, yana biri undan kichik ikki o‘g‘li ko‘chada o‘ynab yurgan ekan. Mast muhojir katta bolaning ustidan ot irg‘ish­latib o‘tmakchi bo‘lub bolaning ustiga ot solg‘an. Barakat bersunkim, bola ot ostida qolub ketmasdan, otning yonboshig‘a to‘g‘ri kelib qolg‘an ekan, ot urib ketib, bir hafta kasal yotub, zo‘rg‘a tuzalgan. Bu bolaning ustida ot o‘ynata olmagach mast muhojir kichkina bolaning ustidan o‘tmakchi bo‘lub ot soldirg‘an. Lekin bunisi qochib qutulg‘an.
Bu to‘g‘rida ham ul ijroqo‘m raisiga og‘zaki arz qiling‘an, rais o‘rtoq: «Ana u qildim, mana bu qildim», – deb maqtang‘an bo‘lsa-da, haqiqatda haligi mastga qarshi hech narsa qilg‘an emas.
Musht bilan hujum
Qurs ochilg‘andan bir oy keyin Qursning xo‘jalik mudirini kechasi ko‘chada tutub olub urg‘anlar. Bu safargi musht hujumchilari orasida haligi o‘rtoq Kirilovning firqasiz ukalari ham bor.
Moliya mudiri shu hujumning natijasida qattig‘ kasal bo‘lg‘an, do‘qto‘rg‘a ko‘rsatilgan, do‘qto‘rdan shahodatnoma olin­g‘an. Do‘qto‘rning shahodatnomasi bilan birga bir ariza yozilib, Qurshobka ish bilan kelgan vaqtlarida muzofot firqaqo‘­mining rayosat a’zosi o‘rtoq Mirzohid Oqil bilan O‘sh shahar va uyezd ijroqo‘m boshlig‘i o‘rtoq To‘raqul o‘g‘illarig‘a berilgan. To‘raqul o‘g‘lining buyrug‘i bilan haligi urg‘anlarni qamag‘an bo‘lsalar-da, u ketgach, yana darhol chiqar­g‘an­lar…
Mustamlakachilar va mahalliy hukumat
Qurshobda har uyda desak mumkin, kishmishovka mashinasi bor va ichkilik, mastlik, ko‘chalarda mastlik bilan to‘palang qilish ishlari rivojda. Munga qarshi mahalliy hukumat hech narsa qilmaydur.
Erlik xalqning eng muqaddas bir bilim muassasasiga qar­shi qora kuch bilan hujum qilayotg‘an Kirilov va sheriklariga qarshi ham mahalliy ijroqo‘m jiddiy bir chora ko‘rub, qir­g‘iz xalqining shu ko‘z qarashini qora guruh (chernoso­tenstvo) mus­tamlakachilardan saqlashka tirishmaydur.
Bilmaymiz, buning sababi nima bo‘lsa?
Qo‘rqamizkim, haligi musallas qurg‘urning bu ishlarga ham katta ta’siri bo‘lmag‘ay (bo‘lmasa) deb.
Har holda, bu mustamlakachilar mustamlakachilik harom sanalg‘an mamlakatda tezrak yo‘q qilinishka tegish!

____________________
Maqola «Farg‘ona» gazetasining 1924 yil 12 mart sonida «Q» imzosi bilan bosilgan. Keyin «Sharq yulduzi» jurnalining 1991 yil 6-sonida (nashrga tayyorlovchi D.Quronov) qayta nashr etilgan.
«Farg‘ona» gazetasi asosida nashrga tayyorlandi.
Muhosara (arab.) – qamal, o‘rab olish.
Istihqoq (arab.) – biror narsaga haqli bo‘lish, loyiqlik.
Taarruz (arab.) – 1) tegish, taqilish; 2) qarshilik.