Abdulhamid Cho‘lpon. Muttahid frontimizning birinchi vazifalari (1923)

Nihoyat, Toshkent yoshlari Turkistonning markazida ishlab yurgan mas’ul maorif xodimlari maorif va madaniya­timiz ustiga kelayotkan zo‘r tahlikani angladilar. Gazetamizning Yangi yil sonida bosilg‘an «Erlik xalq mao­rifida muttahid front»* sarlavhalik xitoblari bilan jaholat va taassub otliq «qora balo»ga qarshi birlashib qo‘zg‘oldilar.
Toshkand maorif oqsoqollarining bu harakatlari juda vaqtida bo‘ldi. Agar bir oz keyin bo‘lg‘anda ham kechikib qolmog‘imiz ehtimol edi. Negakim hukumatimizning kechirmakda bo‘lg‘an pul tangligini (moliya buhroni – finansovыy krizis) hali yengilgani yo‘qdir. Hukumatimiz bu tanglikdan qutulmoq uchun har nav chora va tadbirlarni ko‘rmakdadir. Mamlakatning hamma ishini bir daraja oqsotib turg‘an bu tang­likni yo‘qotmoq uchun pul-moliya ishlarini puxtalab tejash lozim bo‘lsa, bu yo‘lda maorif ishlariga zarar keltiraturg‘an ba’zi bir choralarni ham ko‘rmakka, qo‘llanmoqqa to‘g‘ri keladir. Shuning uchun maorif ishlarida biz hukumatga ortiq zo‘r umidlar bilan tayana olmaymiz. Maorif muassasalarimizning ko‘pini o‘z gardanlariga olg‘an mahalliy mablag‘larimiz esa ortiq darajada buzuq yo‘lsizdirlar. Demak, ular bilan ham biz istaganimiz natijaga hali-beri yeta olmaymiz. Shunday bo‘lg‘andan keyin endi birdan-bir yo‘l bizga «O‘zing uchun o‘l, yetim!» shiori-da qoladir.
Bizning muttahid frontchilarimiz o‘zlarining ketatur­g‘an yo‘llarida shu shiorni mahkam ushlagan ko‘rinalar; ularning xitoblarida shu haqiqatlar juda ochiq ko‘rsatmishdir. Muttahid frontni uyushtirg‘an markazdagi maorif oqsoqollari front ochilg‘andan so‘ng qilinaturg‘an ishlarga bir dam ham kechikmasdan yopishmoqlari lozimdir. Frontni ochishda kechikishdan saqlang‘an bo‘lsalar, uning birinchi vazifalarini bosh­lashda ham sira kechika ko‘rmasunlar, bu yo‘ldagi kechikish natija e’ti­bori bilan bab-barovardir.
Frontning birinchi vazifalari, bizningcha, o‘lkaga tarqalib ish boshlamoq, milliy boylig‘imiz bo‘lg‘an vaqflarg‘a yopishmoq bo‘lsa kerak. O‘lkada ishlamak, mahallalarning haqiqatan o‘lib qolg‘an maorifini go‘rdan tortib chiqarmoq vazifasi sira kechikdirilishga yaramaydir. Mahallalarda naridan-beri maorif ishlariga aralashib kelayotqan yoshlarga anglamas miyalar tomonidan qo‘l tekizilmakka bosh­lag‘ani to‘g‘risida daraklar kela boshladi. Masalan: Samarqandda maorif ishlarini yaxshi yo‘lga qo‘yib kelayotqan maorif mudiri Vadud o‘rtoqning ishdan bo‘shatilib, o‘rniga yerlik xalq maorifi bilan ko‘pda aloqasi bo‘lmag‘on kishilarning qo‘yilg‘onlig‘i to‘g‘risida «Zarafshon» rafiqimizda bir bosh maqola o‘quduk. Vadud o‘rtoq to‘g‘risidag‘i bu o‘runsiz harakat Samarqand yoshlari orasida «Mana, aytmadikmi, biz yoshlarg‘a ishlagali yo‘l bermaylar…» degan bir fikr tug‘dirg‘an. Holbuki, bu fikrning tug‘ulishi bizning muttahid frontimizg‘a qarshi biqindan yasalg‘an hujum kabidir. Bu hujum bizga o‘z kishilarimiz tomonidan bilmaslik orqasida qilinib turulg‘an hujumdir. Bizning muttahid front oqsoqollarimiz bir kamisiya yoki bir to‘da holida tezlik bilan mahallarga borib yoki markaziy hukumat bilan onglashib bu hujumni qaytarishlari, balki butkul yengib tashlashlari tegishdir.
Muttahid frontning birinchi vazifalaridan yana biri vaqf­lar masalasi deb edik. Yaqinda bu to‘g‘rida markaziy hu­kumat mahkamalarida juda yaxshi qarorlar chiqorildi. Shu qarorni darhol yuzaga chiqorish ishiga kirishmak, qaror yozilg‘an siyoh qurumasdan turub rejani chizib olmoq markazdagi maorif oqsoqollarining muhim va g‘alabaga qarata olib boraturg‘an qarzlaridur.
Yuring, o‘rtoqlar!

____________________
«Turkiston» gazetasining 1923 yil 7 yanvar sonida «Abdulhamid Sulaymon» imzosi bilan bosilgan. Birinchi marta Cho‘lpon “Asarlar”i 4-jildida qayta chop etilgan.
Muttahid front – birlashgan, yagona front.