Abdulhamid Cho‘lpon. «Ko‘mak» ishlari (1924)

So‘ng vaqtda shahar va uyezd ijroqo‘m qoshida tuzilgan talabalarga «ko‘mak» hay’ati muvaffaqiyat bilan ishga boshladi.
Hay’at o‘zi yaqindagina (29 dekabr 23-yilda) ishga kirishgan bo‘lsa ham, 16 – 18 kun orasida birmuncha yordam to‘plab, talabalarimizga yaxshigina yordam berishga muvaffaq bo‘ldi.
Shaharda boshlangan bu xayrli tashabbusga keng qo‘llik yordamga yetishgan yana o‘zimizning bechora, yo‘qsil, talangan qishloqlarimiz bo‘ldi.
Qishloq – «Qaychi» mahallasi ham juda chekkada qolib ketgan, unutilgan bo‘lsa ham, ijtimoiy hayotning kam-ko‘stini to‘ldirishda katta fidokorliqlar ko‘rsatadur. Bu kun Andijonning shahar ichidagi maktablar bir qo‘lning besh barmog‘i qadar song‘a yetmagani holda, qishloq o‘z ta’minotida 40 lab maktab saqlaydur. Shaharning markazida o‘lturg‘an chiroyliq, oppoq binoga o‘rinlashkan maorif nazorati qishloq maktab­lariga hech narsa bilan yordam bera olmaydur. Bu haqiqat. Mao­rif nazoratining qishloq maktablariga bo‘lg‘an munosabati mazkur maktablarning maorif nazoratiga tobeligi bilangina o‘lchanadur.
Zahi sharaf!

* * *

Mana «Ko‘mak» hay’atiga 17 – 18 kun orasida qishloqlardan kelgan yordamlar:
Haqqulobod mahkumidan: 30 chirvon, 500 (yuz) 32 so‘m pul.
Qo‘rg‘ontepadan: 17 chirvon, 800 ming so‘m pul.
Xakent(dan): 500 (yuz) 148 so‘m pul.
Sultonoboddan: 9 chirvon, 500 (yuz) 22 so‘m pul.
Oltunko‘ldan: 7 chirvon.
Izboskantdan: 9 chirvon.
Jaloloboddan: 9 chirvon.
Bozorqo‘rg‘ondan: 12 chirvon.
Barchasi: 88 chirvon, 205 ming so‘m pul.
Bu puldan berilgan yordamlar:
Qo‘qon, Farg‘ona va Toshkant talabalariga (ko‘pi komanda Qurslari talabalari): 49,5 chirvon.
Samarqand va Maskov talabalarining yo‘l sarflariga: 12 chirvon, 10.000. 13 so‘m pul. Barchasi 70,5 chirvon, 130.000 ming so‘m pul.

* * *

«Ko‘mak» hay’ati bu safargi kirimini reja bilan yaxshilab bo‘lub bera olmadi. Muning sababi qish o‘rtasida maktab­lar ta’til qilinib, shu munosabat bilan ko‘b talabalarning Andijonga kelib shoshilish yordam so‘rashlari bo‘ldi. Mundan keyin boshqa shaharlardagi bilim yurtlari bilan to‘g‘ri aloqa bog‘lab, andijonli talabalarning rejalik ta’minotlariga kirishmakchidur.
Yordam qilg‘an qishloqlarimizg‘a qulluq, harakat qilib ishlagan hay’atga barakalla deyman.

Hozirliq qurslari
«Ko‘mak»ning harakati bilan yaqinda 30 kishilik hozirliq Qurslari ochilub, o‘rta va oliy maktablarning kelgusi tahsillari uchun talabalar hozirlanmoqchidur. Bu masala ijroqo‘mda qaralub, tasdiq qilingan.
Xotun-qizlar uchun savod qurslari
Shahrimizdagi tubjoy xalq qizlar maktabi qoshida siyosiy maorif va xotunlar shu’basining tashabbusi bilan tubjoy xalq xotun-qizlari uchun savod qurslari ochila yotubdur. Hozir 30 xotun o‘qug‘uchilikga yozilg‘an, bir muallim tayin qiling‘an.
Shahrimizda birinchi martaba qo‘yilg‘an bu yaxshi qadamni chin ko‘ngildan olqishlaymiz.

____________________
«Farg‘ona» gazetasining 1924 yil 31 yanvar –sonida «Q» imzosi bilan nashr qilingan. Birinchi marta Cho‘lpon “Asarlar”i 4-jildida qayta chop etilgan.