Abdulhamid Cho‘lpon. Haqiqiy inqilob (1922)

Biz bir necha yildan beri inqilobning eng qaynag‘an muhitida turamiz.
Biz inqilobning eng kuchaygan asrida yashaymiz.
O‘ktabr o‘zgarishidan beri bizning har bir harakatimiz, har bir qimirlashimiz inqilobga tomon, o‘zgarishga qarab yasaldi. Chirigan, buzulg‘an hayotimizni tuzatmak uchun har yo‘l bilan o‘zgarib, boshqalanib ko‘rdik. Lokin bunlarning ko‘bi, aksarisi ergashish yo‘li bilan, taqlid usuli bilan borar edi.
Shuning uchun shu 5-4 yil ichida ko‘zga ko‘rungundek o‘zgarganimiz ko‘rulmadi. Miyamizda, hayotimizning chuqur burchaklarida boshqaliq, yangilik bo‘lmadi. Bizga kiyimda, sahnada, yurush-turushda yasalg‘an o‘zgarishlardan ko‘ra ortig‘roq o‘zgarish qilinaturg‘an yerlar bor edi. Endi unlarga sira ahamiyat bermadik. Boshqalar oldida o‘zimizni qizartaturg‘an qancha yomon odatlarimiz bo‘la turub, ul odatlarni xalq «qilmasa gunoh bo‘lmadi» e’tiqodi bilan qila turub, biz bunga indamadik, unlar bilan kurashmadik.
Biz faqat yasan-tusanga ortiq ahamiyat berdik.
5 yil ko‘purub, qaynab, o‘zimizni har tomong‘a urub qara­g‘andan so‘ng, endigina haqiqiy inqilobning lozim nuqtasi­ni topib kelamiz, shekillik. San’atda G‘arb yo‘li bilan emas, o‘z yo‘limiz bilan, shuni tuzatib, isloh qilib ketish ke­rak degan fikr yaqindan beri gazetamiz betlariga chiqa bosh­ladi.
Maktablarimizda ham shakldan, ko‘rinishdan, tashqi yaltiroqliqdan ko‘ra ma’noga, ichki puxtalikka ko‘brak diqqat qiling‘anlig‘i ko‘ruladir.
Gazetalarda o‘z hayotiy masalalarimiz ko‘brak yozilib, yangi chiqayotkan majmualarimizda o‘z hayotimizni tekshirishlarga ortiq ahamiyat berila boshlag‘anlig‘i bilinadir.
G‘arb muzikasi ostida sekin-sekin yo‘qolib, ko‘mulub borg‘an cholg‘ilarimizning o‘qutish, o‘rgatish, ta’lim yo‘li bilan yana jonlana borg‘anlig‘i, uning uchun maktablar ochilg‘anlig‘ini eshitamiz.
Mana bunlar bizning bir qadar sergaklanmakka boshlag‘animizni ko‘rsatalar.
Bu kunlarda Toshkent mahkamai shar’iasi Toshkentning mo‘tabar ulamolari bilan birga butun mahalla imomlarini to‘p­lab bir majlis boshlag‘an. Ul majlisda xalq orasida necha yuz yillardan beri davom etib, bir odat va savob bir odat qatorig‘a kirgan ko‘b xurofotlarni bitirmakka qaror qiling‘an va ul qarorni yuzaga chiqarmoq uchun maxsus muxtasiblar belgilanib, jiddiy choralarig‘a kirishilgan. Ul majlisda man qiling‘an yomon odatlarimiz orasida o‘likka yettilik, yigirmalik, qirqliq va yillik oshlar qilish, xotunlarning yig‘lashi, tobutning oldida yig‘lash, qora kiyish kabi bizni boshqalar oldida masxara qilaturg‘an zararlik rasmlar ham bordirkim, bu – xalq hayotining eng qora burchak­larida yasalg‘usi o‘zgarishdir.
Mana buni olqishlamoq, buni yuzaga chiqarishda qo‘ldan kelgan qadar tirishmoq hammamizning eng o‘tkur vazifamizdir.
Bitsun xurofot!

_________________________
«Turkiston» gazetasining 1922 yil 22 oktyabr sonida «A.Sulaymon» imzosi bilan bosilgan. Birinchi marta Cho‘lpon “Asarlar”i 4-jildida qayta chop etilgan.