Abdulla Qodiriy. Haqiqat ochib so‘zlashdadir (1922)

«Qizil bayroq» gazetasining 179-sonida «O‘zbek qardoshlarimizning diqqatlariga» sarlavhalik, «Oq jo‘l» gazetasinish keyingi sonlarining birida bosilg‘an «Toshkandni (durusti Sirdaryo oblastini) Qozog‘istong‘a qo‘shmoq» maqolasi bilan hayajong‘a kelgan o‘zbek yoshlarining (hayajonlanuvchi va nafsiga teguvchilar yolg‘uz yoshlar bo‘lmasalar kerak) yuzlariga suv sepmak niyati xolisonasi bilan boshda o‘rtoq Nazir To‘raqulov (Darvesh) bo‘lg‘anlari holda «Oq jo‘l» gazetasining idorasi tomonidan bayonnamo va uzurnamo bir narsa bosilib o‘tdi.

Garchi biz «Oq jo‘l»da yozg‘an bovurimizning «Yaxshi niyat yorti mol» yo‘lliq maqolasig‘a u daraja iltifot etmagan va ba’zi o‘zbek og‘alarimiz kabi nafsimizga tegizmagan bo‘lsaq-da bizningcha, e’tizor va bayonnomalarga arzug‘uliq bo‘lmag‘an «Halvo degan bilan og‘iz chuchri?..» maqolasig‘a bayonnomalar yozib o‘lturg‘anlari uchun bu haqda bir necha yo‘l qoralamoq majburiyati ostida qoldiq.

Bayonnoma yuqorida zikr etilgandek, nafsiga tekkan, qoni qizig‘an, kutulmagan joyda ma’yusiyat paydo qilg‘an…(qanday ma’yusiyat bo‘lsun, ajabo?!) o‘zbek yoshlarig‘a bayonnoma va tavzihot xizmatini o‘tarliq emas edi.

Bayonnomada o‘zbek yoshlarining nafslariga tekkan qo‘pol nuqtaning ikki o‘runda ekanligini kashf etib, ularning birisini «Toshkandni qozoq bovurlarg‘a bermak», ikkinchisi «Sart bovurlar» so‘zidagi «sart» ta’birida deb ko‘rsatalar. O‘zbek yoshlarining nafsiga tegib ma’yusiyatlariga bois bo‘lg‘an nuqtalarning birinchisi har qancha bayonnoma tavzihot va ko‘ngildan chiqarishlar uchun sazo bo‘lsa, ammo ikkinchisi (sart ta’biri) bayonnomalar yozub o‘lturmoq uchun arzug‘uliq bir narsa emas edi, garchi o‘zbeklarg‘a berilib kelmoqda bo‘lg‘an o‘runsiz bu ism, har bir o‘zbek bolasi uchun o‘zining yaramas achimsuq ta’sirini bermay qo‘ymasa-da, lekin biz endi aynuqsa, bovurlarimizning «hur» og‘izlaridan bu ta’birni hozirg‘i «Oq jo‘l» va o‘tkandagi boshqa qozoq matbuotida ko‘ra-ko‘ra bu to‘g‘rida sukutni xayrliroq bilib, «Qozoq bovurlar bizni sart atasa nima, o‘zbek desa nima?» degan qarorg‘a ham kelgandirmiz. Ikkinchi ibora bilan aytkanda, bovurlarning «sart» ta’birlariga biz hech bir achchig‘lanmaymiz. Bunga yaxshi ishoningiz. Shuning uchun bayonnoma va tavzihotlar yozub o‘lturishlar, bizningcha ortuq bir takalluf, cheksiz bir mehribonchiliq edi…

Bayonnoma maqolasining borliq mundarija va ruhi tag‘in shu keyingi bizningcha (qozoq bovurlarni mustasno qilg‘anda) ahamiyatsiz bo‘lg‘an nuqtaga qaratilib, birinchisi, eng ahamiyatligi go‘yo no‘l, go‘yo yo‘q hukmida qoldirilg‘an. Holbuki bayonnoma va tavzihotlar uchun (agarda ko‘ngildan chiqarmoq uchun mehribonchiliqlari qaviy bo‘lg‘an bo‘lsa) eng sazo o‘rin birinchisi edi. Lekin bu nuqtaga kishini hayron qoldirarliq darajada bir ustaliq bilan, qisqa ham ma’nosiz bo‘lmasa-da, shunga yaqinroq o‘n-o‘n besh yo‘l izohot va bayonot, boshqacha ta’birda aytkanda «Yosh bolag‘a tatti yalatish» qabilidan «Oq jo‘l»da yozilg‘an halvo…ga sharhgina bog‘langan va bunda nafsiga tekkan o‘zbeklarni tinchitarlik bir narsa ham bo‘lmay, «Oq jo‘l»da «sofdilona» yozilg‘an va o‘zbeklarni yanglish tutoqdirg‘an yanglish bir hol ustiga kerosin senish xizmatinigina o‘tagan!..

Biz bu birinchi nuqta, borlig‘i o‘n besh yo‘l bayonnomasi to‘g‘risida shunigina aytamiz: «Oq jo‘l»da yozilg‘an sofdilona halvo… o‘zimiznig birga tug‘ib, birga o‘skan qozoq bovurlarimiz tilida yozilg‘an bo‘lub, Qalmoq yo Xitoy tilida emas ediki, bunga sharhlar, izohlar, hoshiyalar yozilsun! O‘zbeklar sofdilona maqolag‘a tarjimonsiz tushunub ranjigan edilar. Shuning uchun ikki oraning boshida turg‘an o‘rtoqning tarjimonliq xizmatini o‘tashlari foydasiz bo‘lub chiqqan! O‘n besh yo‘lliq bayonnomaning oxirida: «Maqolaning harfidan, ma’nosidan boshqacha bir fikr chiqarmoq mumkin emas» deyiladir. Bu to‘g‘ri, chindan ham o‘zbek yoshlarining nafslarig‘a tekkan narsa boshqa ma’noni tushunub emas, yuqoridag‘i tarjimonning, hoshiyaning, bayonnomaning xuddi o‘zini onglab edi.

«Oq jo‘l» va muharriri o‘rtoq To‘raqulov birinchi nuqta haqida ushbu to‘rt enlik tarjima bilan kifoyalangach, butun bayonnomalarning qolg‘an o‘n besh qulochlab qismini «sart» so‘zi ustiga ko‘chiradirlar.

Bayonnomada zikr etilgan kabi biz o‘zbeklar kimlar tomonidan bo‘lsa bo‘lsun ismimizga qaysi maqsad bilandir taqilgan «sart» so‘ziga qarshi kurashdik va nagijada haqiqatparast tatar qarindoshlar, xatto o‘rus o‘rtoqlar bizning da’vomizning to‘g‘rilig‘ig‘a imon kelturub, o‘z matbuotlarida bo‘lsun va xususiy muomalalarida bo‘lsun «sart» so‘zi o‘rnig‘a «o‘zbek» deb yurita boshladilar.

(Bundan, albatga, o‘rus va tatarlarning avomlari mustasnolar). Lekin hol shunday ekan o‘z oramizdag‘i ba’zi yaqinlaramizning avomlarigina emas, hatto «mana» degan xos(xavos)larining ham nima uchundir bu quyoshdan ham yorug‘roq bir haqiqat yaqinig‘a yo‘lagilari kelmadi. Bu keyingi sinf og‘zidag‘i tiyuqsizliqqa qanoatlanmay matbuotlarida ham shu yo‘sun mensimaslik bilan mudovamat etib keladilar. Ammo bunga biz xafa bo‘lmaymiz va bo‘lmadiq. Nima uchunkim, «Oq jo‘l»ning suyagi shuning bilan qotqan. Bizning xafalanishimizga So‘fimizning: «Nasihat tinglamas dil saxti mahjub , Ko‘karmas toshga yomgur yogsa ham ko‘b», degan ma’nolik bayti sad cheksa bobolarning «Gul tikansiz, qo‘y bo‘risiz bo‘lmas», degan hikmatlik so‘zlari ham yo‘l bermaydir.

Bayonnomada buyuk bir harorat bilan o‘run berilgan «sart so‘zi» bahsi to‘g‘risida sukut etib o‘tmak asl maqsadimiz bo‘lsa ham, lekin bayonnomaning bu qismida bir-birisiga zid muammolar va haqiqatdan yiroq da’vatlar bor bo‘lg‘anliqdan ilojsiz tag‘in bir necha yo‘llarni qoralamoqqa majbur bo‘ldiq. Sayosiyot va taraqqiyot to‘g‘rilaridan dam urub kelingach, deyiladir: «Bu kun kelamizki, «sart» so‘zini biror kishi atiglab yukod etmagan. Uyg‘ur adabiyotining shoh asari bo‘lg‘an «Qutadg‘u bilik»da o‘zbek-chig‘atoy adabiyotining muhtaram va biz tomondan (qozoq tomondan) ham aziz ko‘rilgan Amir Alisher Navoiyning[1] go‘zal ash’orida, Boburning keng ruhlik, o‘z zamonig‘a ochuqfikrlik «Boburnoma»sida bu sart so‘zini ko‘ramiz».

Juda yaxshi, buni hammamiz ham ko‘ramiz. Lekin ko‘rishda ko‘rish bor. Navoiy o‘zining go‘zal ash’orida (ochuqroq «Muhokamatul-lug‘atayn» asarida) «sart» deb hozirg‘i ba’zi qarindoshlar kabi o‘zbekni ko‘rsatadirmi va yo boshqalarnimi? Mirzo Bobur «sart» deb o‘zbekni belgulaydirmi va yo o‘z oldig‘a boshqa bir urug‘ tashkil ettan xalqnimi?

Bizningcha, qayta boshdan «Boburnoma»ning va Navoiyning ash’oridan ko‘ra «Muhokamatul-lug‘atayn» tilini yaxshilab ko‘zdan kechirilsa, tadbiqot tag‘in ham go‘zalraq chiqar edi, biz bu o‘runda “Boburnoma» bilan Navoiydan dalillar kelturmakka o‘ylanib to‘xtadiq. Chunki «Oq jo‘l» idorasi va muharriri o‘rtoqning «sart» so‘zi to‘g‘risidag‘i pesh kelturgan «Qutadg‘u bilik»,«Boburnoma» va Navoiylarni qaysi muddaoda orag‘a solg‘anlarig‘a tushunolmay taraddudda qoldiq, muammo deb bildik. Chunki «Sart bovurlari» jumlasini quvvatlamak bo‘ling‘an bo‘lsa, «sart» so‘zi ma’nosining majhuliyati bilan qat’iy hukmiga «Kelajakdagi fanniy hikmatlarga» luzum qolmas edi. Agarda dunyoda «Sart degan bir qavm bor»lig‘i uchun necha va necha dalil va isbotlar kelturub mashaqqatlang‘an bo‘lsa, butun mashaqqatlar havog‘a ketdi, demakdir. Chunki o‘zbeklar hech bir o‘runda, hech bir makonda «Dunyoda sart degan mahluq yo‘q», deb da’vo etmaslar. Bu to‘g‘rida «Oq jo‘l» va uning muharriri bilan hamfikr va «yakrang» dirlar. «Asrlardan beri xalq og‘zida kelayotqan bir so‘zni uch-to‘rt kunda bitirmak mumkin emas», deydilar.

Mo‘tabar «Oq jo‘l» idorasi va uning muharriri o‘rtoqlar o‘z oramizda bo‘lsun va tatar qarindoshlar ham o‘rus o‘rtoqlar o‘rtalarida bo‘lsun endi «sart» masalasi hal etilgan hukmidadir.

Yana bu haqda fanniy tadbiqotlar ijro etmakka haqiqatparast qozoq og‘a-inilarning ishtiyoq va zavqlari bo‘lur ekan, marhamat etib yozsunlar, tekshirsunlar, haqiqat uchun bizning jonimiz qurbon.

«O‘zbekning o‘zida hozirlarda shahar xalqini hanuz sart deb to‘lub yotqan maqollar chiqarmish…»

Bayonnoma egalarining bu jumlalari ichlarida to‘lqunlanmoqda bo‘lg‘an kuchlik bir fikrning uchqunidir. Lekin bu uchqun sayosatchi og‘izlardan juda ehtiyot bilan chiqqan bo‘lsalar ham bizga haqiqat holning botinini og‘darib ko‘rsatarliqdirlar. Biz bu jumladan shaharda turg‘uchi o‘zbeklarning «sart» deb onglatilg‘an ma’noni darak etamiz. Sayosat degan narsa boshqa ishlarda qulayliq va muvafaqqiyat bersa ham, bunday masalalarda bizningcha zararlikdir. Bayonnomachi o‘rtoqlar bizga chin do‘st bo‘lsalar kashf etdiklari, haqiqatni ichda saqlab emas, garchi achchig‘ bo‘lsa ham ochib-chochib so‘zlasunlar. Mana shundagina riyosizlik, chin og‘aliq maydong‘a kelur va shundagina «Do‘st achitib so‘zlar, dushman kuldirub», degan hikmatlik so‘zga yaqinlashg‘an bo‘linur.

Yuqoridag‘i ixtiyorsiz suratda og‘izdan chiqqan so‘zdan so‘ng bu jumlaga mohirona bir ravishda «O‘zbeklar aksari tojik xalqini sart deydir», deb andava ham yuritilub qo‘yilg‘an. Usta sayosatchilarning sadag‘asi ketsang arziydir.

So‘zimiz oxirida «Bayonnoma»dagi burodarona so‘zlangan nasihatlarga biz chin ko‘ngil bilan quloq beramiz. Burodarona nasihatlar va tushundirmak yo‘llari bilan qozoq bovurlarning katta-kichiklari salohga kelsalar kerak edi, deb tilakda qolamiz.

Juboy

«Qizil bayroq» — 1922 yil, 16 iyun, 185-son, 2-3 bet

 


[1] Fazlu kamoli uchun ham Abayni aziz ko‘ramiz (Mual.).