Abdulla Qodiriy. Saylovmi, bosqunchilikmi (1917)

Aynan

Ulamo va boylarimiz ittifoqga kelmovlari ila barobar saylovni zo‘r tartibsizlik ila o‘tqazdilar. «Sho‘roi islom»ga tovush beruvchiga takfir qiluvlardin va boshqa zo‘rlik ila o‘z no‘mirlarini xalqqa taratuvdin, uchunchi no‘mirni olmay o‘nunchiga tovush beruvni xohlaganlarni mahalladan chiqarmoq, o‘luk-tirigig‘a kirmaslik ila tahdid qildilar. Saylov kuni nizomg‘a xilof o‘laroq, har kimni o‘z tarafig‘a kuchlab undadilar. Masalan bizning «Besh og‘och» dahasina tobe’ «Xo‘ja Nuriddin» mozorida shunday voqi’alar bo‘ldi: erta bilan saylovga bormoq qasdi ila ko‘chaga chiqdim. Katta sallalik mullalar, zo‘r qorinlik boylar qo‘llarinda dasta-dasta o‘z saylov no‘mirlarin olib, baland ovoz ila o‘tkan-ketkanlarga o‘z no‘mirlarin targ‘ib qilmakda, hattoki «Uchunchini olmagan kofir! O‘nunchini xohlagan badmazhab!» deb qichqirmakda edilar. Bu zotlarning hadlaridan buncha tajovuz qilganlarig‘a taassuf chekib, uchastka eshikig‘a yetdim.

Bu yerda qo‘llarinda uchunchi no‘mir qog‘az ushlagan mullalar va mahalla imomlari dastalab bo‘lib, kontro‘l ravishinda tekshirib, agarda uchunchi tarafdori bo‘lsa xo‘b, o‘nunchi bo‘lsa necha xil mazammat ila qo‘lidan konvertin olib, o‘z qo‘llarindagi uchunchi joylangan konvertni bermakda edilar. Saylov butun bosqunchilik holin olgan edi.

Bu holni ko‘rgach, militsiyaga murojaat qildim. «Maat-taassuf, mullalardan qo‘rqaman!» degan javobni eshitdim. Raisga bildirmoq bo‘lib edim, tig‘izliqdan uyga kirmoq mumkin bo‘lmadi. Hayron bo‘lib turib edim, bir tanishim yonimga kelib: «Bu yerda o‘nunchidan dam ura ko‘rmang, mullalarning tarafidan qo‘yulgan maxsus kishilar bor, agarda mullalarga yetkuzsalar snzga hujum qiluvlari ehtimol», dedi. Voqi’an hujum qiluvlarin o‘zimda sezgan edim. Chunki ba’zi mullalarning va boylarning o‘z og‘zidan: «Har kim o‘nunchiga targ‘ib qilsa to‘b-to‘g‘ri urib o‘ldirish», deganlarini halidan hali eshitmakda edim. Bu hollarni ko‘rgach, butun hushim boshimdan uchdi.

Boyagi eshik kontro‘llari oldiga qaytib olarning siyosatlariga qarab turib edim, qora kuch tarafdorlarindan bir maxdum menga o‘qraydi. Bu muhtaram zot-bobarakot maxdumning xo‘mrayuvin darrov sezdim va dedimki: «Maxdum afandi, men xalqni tahdid va takfir ila qo‘rqutib «Sho‘roi islom» ispiskasig‘a targ‘ib qilmayachiqmin. «Sho‘roi islom» bu ishni har bir kishining insof vijdonina topshirmishdir. Ammo siz muhtaram maxdumning ulamo-boyon jamiyatingiz tarafidan bilmadim na uchundir nizom va qonung‘a xilof harakatlar ko‘rulmakdadir. Menga o‘qraymang! Haqsizlik qayu tarafda bo‘lsa shu tarafka o‘qraying!», dedim.

Shu asnoda atrofimni haligi maxdumga o‘xshash zotlar chulg‘ab olmish, go‘yoki maxdumning buyrug‘ini kutmaqdalar, toki menga hujum keltursunlar. Maxdum rangi bo‘zargan holda manim yonlarimga va qo‘ltug‘im orasiga qaranur edi. Toki o‘nunchi no‘mirdan bo‘lsa tortib olsun hamda do‘stlariga buyurib urdirsin. Menda hech narsa yo‘g‘ligini bilib boshqa tarafka yo‘naldi.

Hamon boyagi bosqunchilik hukm surmakda, o‘nunchini yirtib, uchunchini bermoq davom etmaqda, balki borgan sayin rivojlanmakda edi. Takfir va tahdidlar…

Shul orada yoshlardan mulla Zayniddin afandi Husainov qora kuch tarafindan qattig‘ ravishda qiynaldi. Bu hollarni ko‘rgach, qora xalq orasinda turmakni xavflik sanab, uchastkadan chiqdim. Manim ila barobar ko‘b kishilar uchunchiga ovoz beruvga vijdonlari qabul qilmay, o‘nunchiga bermoqqa mullalardan qo‘rqib, saylovdan mahrum bo‘lib ketdilar. Binoan alayhi bu saylovimiz yashirin, tekiz, har kishining xohishicha bo‘lmay, ulamo, boy va maxdumlar bosqunchiligi ostinda ijro etildi. Bunga taassuf etmaska mumkin tugil. Chunki uchunchi ispiskada hurriyat va huquqg‘a shul qadar qarshi eskilik tarafdori qora guruhlar borki, bular hokim bo‘lg‘anda na bir tartibli maktab va na boshqa islohot ko‘rurga mumkin tugil[1].

Mazlum (Eski shaharlik)

«Ulug‘ Turkiston»[2] — 1917 yil, 4 avgust, 20-son, 4-bet


[1] Maqola shahar dumasiga qayta saylov munosabati bilan yozilgan. Dumalar hay’atining uchdan ikki qismi xristianlar va uchdan bir qismi musulmonlardan iborat bo‘lgan.

1917 yil 30 iyulda Toshkent shahar dumasiga navbatdagi qayta saylov bo‘lishi belgilanadi. Bu saylovda asosan eskilikni yoqlovchi «Ulamo» jamiyati, taraqqiyparvar «Sho‘roi islomiya» jamiyati va bolsheviklar orasida nomzodlik uchun keskin kurash ketadi. Saylov kunidan bir muncha ilgariyoq ruslar bu safargi dumaga saylovda musulmonlarning qo‘li baland kelishini sezib «Shaharning yangi qismi uchun alohida duma saylaymiz», deb Toshkent dumasini ikkiga bo‘lish taklifini ko‘tarib chiqadilar. Bu holning oldini olish uchun «Sho‘roi islomiya» jamiyati — agar rus tilini bilmagan, siyosiy ma’lumoti bo‘lmagan «Ulamo» jamiyatining nomzodlari saylovda g‘olib kelsa, dumada rus nomzodlari bilan birgalikda ish yurita olarmikanlar, agar yurita olmasalar, dumaning ikkiga bo‘linishini aniq bilib, oqibatda mahalliy muxtoriyat, mustaqillik olishga g‘ov bo‘lishlarini, yana mustamlaka holida qolib ketishlarini bilib, iloji boricha o‘z jamiyatlaridan duma nomzodligiga ozmi-ko‘bmi ruscha ma’lumotli, yangicha tarbiyasi bo‘lgan yurist, doktor, komissar, muallim, ziyoli savdogar, ruscha ma’lumotli prikazchik, ochiq fikrli ulamolarni ko‘rsatadilar. Lekin «Ulamo» jamiyati Eski va Yangi shahar avom xalqi orasida «Sho‘roi islomiya» jamiyatining nomzodlari badmazhab kafkazli, dinsiz tatarlardan ularga ovoz bermanglar deb tashviq qiladilar. Natijada avom xalq mullalar va boylar jamiyati «Ulamoining nomzodlariga ovoz berib, ulardan 62 nomzod o‘tadi, taraqqiyparvar ziyolilardan esa faqat 11 kishi saylanadi… Dumaning ishlarida bu «Ulamo» jamnyatining nomzodlari «Muvaqqat maktab komiteti» hay’atiga nomzod saylashda hatto Munavvarqori va Sodiq Abdusattorovga ovoz bermaydilar. Va boshqa tashkiliy ishlar hay’atiga ovoz berishda ham o‘sha o‘n bir taraqqiyparvar o‘rniga ruslarga ovoz beradilar… Baxtga qarshi Toshkent dumasi bolsheviklarning zo‘rligi bilan 1917 yil 2 dekabrdagi farmoniga binoan tarqatib yuboriladi.

Yozuvchi Habibulla Qodiriy «Otam haqida» kitobida Abdulla Qodiriy va uning mahalladoshi, Zayniddin Husayn o‘g‘lining o‘sha yilgi shahar dumasiga bo‘lgan saylovda qatnashganlarini va ularning boshndan o‘tgan voqeani yozib o‘tadilar. Yozib o‘tilgan xotira yuqoridagi maqolaning ruhi va mazmuniga mos kelgani uchun bu maqolani Qodiriy qalamiga mansub, deb to‘plamga kiritdik.

[2] «Ulug‘ Turkiston» — Toshkentdagi tatar burjuaziyasi gazetasi. Fevral revolyutsiyasidan keyin nashr etilgai, millatchilik qarashlarini ilgari surgan, muharriri Kabir Bakir.