Katta san’atkorlar merosida shunday asarlar bo‘ladiki, aynan ular sohibining butun bo‘y-bastini ko‘zguga sola biladi. Ya’ni san’atkorning mohiyatidan, uning kim ekanligidan, qanday odamligidan bizga xabar beradi. Chunonchi, Boburning “Boburnoma”, Tolstoyning “Urush va tinchlik”, Dostoyevskiyning “Telba”, Kamyuning “Begona” kabi asarlar o‘z yozuvchilarining “vizit kart”lari hisoblanadi. Xuddi shunday, Oybekning “Na’matagi” ham bu ulkan san’atkor qalbida yashirilgan asrorni boshqa barcha asarlaridan ko‘ra ko‘proq o‘zida aks ettirgan kichik bir mo‘jizadek tuyuladi menga. Chunki bu she’rida Oybek na’matak otlig‘ bir o‘simlikka qarab so‘z aytsa-da, “Viqor-la o‘shshaygan qoya labida quyoshga bir savat oq gul ko‘tarib nafis chayqalayotgan na’matak”ni kuylagandek bo‘lib tuyulsa-da, aslida shoir na’matak kabi “vahshiy qoyalarning ajib ijodi” o‘z ko‘ngli, ko‘nglidagi har qanday chirkinliklar, dahshatlar … qirg‘inidan omon qolgan go‘zal tuyg‘u haqida gapirmoqchi bo‘ladi. Buni yana boshqacha aytish mumkin. Agar Oybek ko‘nglida jamiki vahshatlarni yengib o‘z aslligiga sodiq qolishga intiluvchi oppoq his bo‘lmaganda, u dahshatli qoya bag‘rini yorib chiqib “Mana man” deya quyoshga bir savat oq gul tutib tovlanayotgan na’matakni payqamasdi. Demoqchimanki, har qanday zot o‘ziga yoqqan narsalar tushunchalar, qadriyatlar, tuyg‘ular… doirasida ish ko‘radi. Ya’ni u nimaiki qilmasin va demasin, o‘ziga singgan ana shu ruh to‘lqinining bag‘rida suzaveradi… Hatto har qanday adabiyotshunosning qanday mavzuga va qay yo‘sinda yondashishi ham shu tadqiqotchi siyratini suvratiga aylantiradi. Chunonchi, Oybek vahshiy qoyalar ko‘ksini yorib chiqqan va tog‘lar havosining feruzasidan niholi mayin tovlanib quyoshga bir savat oq gul tutgancha chayqalayotgan na’matakda o‘z ko‘nglining qandaydir parchasini ilg‘agan. Agar shunday bo‘lmaganida u “Na’matak”ni yozmasdi:
Nafis chayqaladi bir tup na’matak,
Yuksakda, shamolning belanchagida.
Quyoshga ko‘tarib bir savat oq gul,
Viqor-la o‘shshaygan qoya labida
Nafis chayqaladi bir tup na’matak…
Na’matak nozik, badani ham nafis chayqaladi. Lekin uning qarorgohi yuksakda shamolning belanchagida, viqor bilan o‘shshayib turgan qoya labida. Bu ham yetmagandek, u kimsan quyosh bilan munosabatga kirishmoqchi, kimsan quyoshning o‘ziga bir savat oq gul tutmoqchi. Uning o‘zi esa nafis va bu so‘z “yuksak”, “quyosh”, “viqor” so‘zlariga qarshi jang qilmoqda.
Mayin raqsiga hech qoniqmas ko‘ngil,
Vahshiy toshlarga ham u berar fusun.
So‘nmaydi yuzida yorqin tabassum,
Yanoqlarni tutib oltin bo‘sachun
Quyoshga tutadi bir savat oq gul!
Na’matakning o‘z go‘zalligi bir olam bo‘lsa, uning aynan vahshiy toshlarga-da fusun berib, ya’ni o‘shshaygan dahshatli qoya bag‘rida o‘sishining o‘zi yana bir dunyo! Bu nafaqat adabiyotning, balki hayotning ham azaliy va abadiy mavzularidan biri. O‘lim qoshu qaboqning o‘rtasida, ya’ni u sen bilan birga, hamnafas deyilganidek, dunyoning go‘zalligi ham uning xunukligi, dahshati… ichradir yoki yonma-yondir, hamdamdir. Sening birla chiqishmoqlik dag‘i bisyor mushkildir degan fikr Frants Kafkada ham qaytariladi: “Men sensiz ham, sen bilan ham yashay olmayman”. Ya’ni yuqoridagi tushunchalar Bobur va Kafkadagi tuyg‘u singari qorishiq: na u yog‘likdir, na bu yog‘lik. Go‘zallik ham shunday, u makon ham, zamon ham tanlamaydi. Binobarin, butun umri bosh kesish bilan o‘tgan jallod ko‘nglida shunday yashirin tuyg‘ular bordirki, ehtimol ular vaqti “gul” va “bulbul” so‘zlarini bir-biriga qofiya qilib she’r to‘qish-la kechgan bachkana shoir dilidagi chuchmal hislardan yuksakroqdir. Ya’ni go‘zallik ham odam tanlamaydi. U kutilmagan joydan hujum qilishi mumkin xuddi na’matakdek:
Poyida yig‘laydi kumush qor yum-yum…
Nafis chayqaladi bir tup na’matak.
Shamol injularni separ chashmadak,
Boshida bir savat oq yulduz chechak,
Nozik salomlari naqadar ma’sum!
Inson go‘zallikka duch kelganda shoshib qoladi, hayajonga tushadi, atrofni unutib, butun dunyosi bilan ko‘nglini rom etgan borliq poyiga kumush qor yanglig‘ tiz cho‘kadi, fikri va zikri go‘zallikni alqash bo‘ladi: “Poyida yig‘laydi kumush qor yum-yum… Aslida, yuksakda, shamol belanchagida, vahshiy qoyalarning labida boshida bir savat oq yulduz-chechak ko‘tarib ma’sum salomlar berayotgan, quyoshgacha sovg‘a tutishga haddi siqqan na’matak poyida kumush qor emas, ushbu ulug‘vor manzara qarshisida bardosh berolmagan shoir yuragi yum-yum yig‘laydi. Mayli, keling, qorning o‘zini ham yig‘latib ko‘raylik. Na’matakning bir savat oq gulni quyoshga ziyoga tutishidan, yuzida so‘nmagan yorqin tabassumdan bahor bo‘yini tuyish mumkin. Tabiiyki, bahorda qor eriydi yum-yum yig‘laydi. Chunki qorning kuni bitmoqda, endi uning qo‘li ham xuddi umridek qisqa. Endi qor ushbu vahshiy go‘zallik qarshisida ojiz, undan tubanda… unga yeta olmay, tenglasha olmay o‘tmoqda. Bu axir so‘ngsiz armon, nihoyasiz afg‘on. Shunday ekan, albatta go‘zallik poyiga tiz cho‘kib yum-yum yig‘laydi-da.
Bu qanaqasi bo‘ldi? Qorni odamdek yig‘latyapsizmi? deyishingiz mumkin.
Meningcha, bu o‘rinda qormi odammi, nima farqi bor? Axir, adabiyotga zig‘irdek aloqasi bo‘lgan kishi qorning jonini ko‘rolmasa, ko‘rgulik emasmi? Qolaversa, anchadan buyon siz bilan biz bitta gul na’matak haqida bahslashmayapmizmi? Axir, alal-oqibatda bularning barchasi insonga kelib taqalishi bugungi gap emas-ku! Bunga yana bir karra shohid bo‘lmoqchi bo‘lsangiz, biz bilan sayohatingizni davom ettiring:
Tog‘lar havosining feruzasidan
Mayin tovlanadi butun niholi.
Vahshiy qoyalarning ajib ijodi:
Yuksakda raqs etar bir tup na’matak,
Quyoshga bir savat gul tutib xursand!
Nihoyat, biz shuncha ta’rifini qilganimiz bir tup gul na’matak vahshiy bir toshning, hech kim e’tibor bermagan dahshatli bir qoyaning ijodi. Mazkur ijod xuddi bir umr kalla kesib yurgan jallodning yosh bolani ko‘rishi bilan quvonchdan hayajonlanib dovdirashi yanglig‘ ajabtovur, ulug‘vor va hatto go‘zaldir:
Vahshiy qoyalarning ajib ijodi:
Yuksakda raqs etar bir tup na’matak,
Quyoshga bir savat gul tutib xursand.
Biz-da toshning metin ko‘ksini yorib chiqqan na’matak yanglig‘ turmushning kerak-nokerak ikir-chikirlaridan iborat qobig‘ini nihoyat parchalab, qalbimizni hayajonga solgan. Borliq sari o‘z savatimizni mamnuniyat-la elta olsak armonimiz qolmasdi. Bizning ham poyimizda kumush qorlar toabad yum-yum yig‘layajakdirlar…
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 1-son