Omiljon Ahmadjonov. Ta’lim va taraqqiyot

yoxud faxriy pedagogning o‘y-mulohazalari

Bir umrlik mehnat faoliyatim ta’lim tizimi bilan chambarchas kechmoqda. Shu bois sohaga oid mulohazalarimni yarim asr davomidagi hayotiy kuzatuvlarimga asoslanib sharhlashga harakat qilaman. Men maktabni tugatgan vaqtda (1956 yil) respublikamizdagi maktablarning bitiruvchilari (abituriyentlar) oliy o‘quv yurtlarining qabul rejasidan ozgina ziyodroq edi. Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini yildan-yilga ko‘proq o‘g‘il-qizlar bitirib chiqa boshladi va o‘z-o‘zidan institut-­universitetga o‘qishga kirolmaganlar, ya’ni konkursdan o‘tolmaganlar soni ham ortib boraverdi. Bu esa farzandlari oliy ma’lumotli mutaxassis bo‘lishini xohlaydigan ota-onalarning faollashuviga turtki berdi. Natijada tinib-tinchimagan odamlar qalovini topib, qorni ham yondirishga yeng shimardilar. O‘sha paytdagi ibora bilan aytganda, tunnel qazish illati kuchayib boraverdi. Bolalarini g‘ayriqonuniy yo‘llar bilan oliy o‘quv yurtiga kiritolgan ota-onalar o‘z xatti-harakatlaridan uyalmaydigan, hatto buni uddaburonlikka yo‘yib maqtanadigan bo‘lishdi. Jamiyat bunga ko‘nikdi, zurriyotlarining kelajagini ta’minlayotgan epchillarga havas qiluvchilar ham ko‘payib boraverdi.

Orzu-havaslar girdobiga g‘arq bo‘layotgan ba’zi amaldoru puldorlar orasida urfga aylanayotgan, lekin jamiyatimiz taraqqiyoti uchun o‘ta zararli bo‘lgan bu illat yoshlarga ham yuqa boshladi. Hamon esimda: o‘sha yillari bashang kiyingan yigitcha og‘aynisining “Qaysi institutga kirmoqchisan?” degan savoliga dona-dona qilib “KPUga!” deb javob qaytargandi. Yo‘limda davom etayotib o‘ylandim: “Agar U harfi universitet so‘zining bosh harfi bo‘lsa, K va P harflari-chi? ToshDU va SamDUni bilaman. KPU qayerda ekan?”. Keyinchalik eshitsam, KPU ruscha “kuda papa ustroyet” birikmasining qisqartmasi ekan. Ha, yigitcha uchun qaysi institut, qanday mutaxassislikda tahsil olishining ahamiyati yo‘q, otasi kirgizib qo‘ysa bo‘ldi-da. Bunday achinarli dunyoqarash bilan zaharlangan yoshlar soni ortib borardi. Brejnev epoxasi deb nom olgan davrda shunday illat urchib ketdi va lavozimi yoxud jamg‘armasi katta bo‘lgan odamning harakati tufayli oliy o‘quv yurtlarining eshiklari ochiladi, bilimning ahamiyati yo‘q mazmunidagi fikr yoshu qarilar orasida keng tarqaldi. Oliy o‘quv yurtlari pedagoglarining bir qismi bunday noxush holatning odatiy tus olmasligiga harakat qilardilar, lekin barcha sa’y-harakatlari qariyb besamar edi. Ikkinchi qismi – shaxsiy manfaatini jamiyat manfaatlaridan ustun qo‘yadigan epchillar esa davr kelsa, ur begim, davron ketsa, sur begim maqolini o‘zlariga mos tarzda tavsif etib, vaziyatdan unumli foydalanardilar.

Pedagoglarning aksariyat qismi har doimdagidek befarqlik bilan kundalik vazifalarini ado etardilar. Oliy o‘quv yurtlari faoliyatini boshqarish va nazorat qilishga mas’ul yuqori tashkilotlarning mutasaddilari esa noxush vaziyatni yo‘qotishga harakat qilayotgandek bo‘lardilar-u, lekin o‘zlari qabul komissiyasi rahbarlariga talaba bo‘lishi shart abituriyentlar ro‘yxatini norasmiy tarzda tutqazardilar. O‘quv yili boshlangach, muammolar tag‘in qatorlashardi. Tunnelchi talabalar o‘quv materialini o‘zlashtirolmasdilar va birinchi imtihon sessiyadayoq bir necha fandan qarzdor bo‘lib qolardilar. Shirin farzandlarining o‘qishini davom ettirtirish uchun ota-onalar bellarini yangitdan bog‘lab, yana harakatga tushardilar. Avval o‘g‘il-qizlarini “tunnelda yetaklagan” xaloskorlarga murojaat qilardilar. Xalos­korlarning ba’zilari shatakka olishni davom ettirardilar, boshqalari esa ahdlashuvdagi vazifasi bajarib bo‘linganini bildirardilar. Bu holda yangi xaloskor izlanar va ko‘pincha shu oliy o‘quv dargohi pedagoglari orasidan topilardi. Ular o‘qishi o‘ngmagan talabaning jonkuyar tog‘asi tarzida xaloskorlik harakatini amalga oshirardi. “Nima uchun tog‘a? Amaki emas?” deb ajablanishingiz mumkin. Gap shundaki, omadsiz talaba va uning rostakam (haqiqiy) amakisining familiyalari bir xil, tog‘a va jiyanniki esa o‘zgacha bo‘ladi. Bundan tashqari, an’analarimizga ko‘ra, tog‘a amakiga nisbatan mehribonroq keladi. Amaki dangasaligi uchun talabani jazolashi (hatto qulog‘ining tagida shavla qaynatishi) mumkin. Tog‘a esa jiyanining boshini silab yupatadi va jiyanimning muammosi – men uchun ham muammo, uni hal etish – mening burchim degan fikrni dasturilamal qilib olgan holda astoydil ishga kirishadi. Aks holda, kechqurun bechora opasi pochchasidan “Lapashang ukang yordam qilmabdi-ku!” degan dashnom eshitishi mumkin-da. Shuning uchun jonkuyar tog‘a jiyanini ergashtirib, qayta imtihon oladigan o‘qituvchini izlab topadi va omadi vaqtincha chopmagan jiyantoyi­­ga ozgina yordamlashib yuborishni, ya’ni bitta ozg‘ingina uch qo‘yib berishni yolvorib iltimos qiladi. Erkatoy talabalar o‘z muvaffaqiyatsizligidan zarracha xijolat chekmaydilar, o‘zaro suhbatlarda jonkuyar tog‘alarini tank deb ataydilar, o‘zlarini esa imtihon oladigan o‘qituvchi istehkomini majaqlab bergan tank ortidan g‘alaba bayrog‘ini (ya’ni sinov daftarchasini) mardonavor ko‘tarib borayotgan askarga qiyos qiladilar.

Tog‘alarning nozik iltimoslarini aksariyat o‘qituvchilar yo‘q demay bajarishardi. Buning birinchi sababi – hamkasbining yuzidan o‘tolmaslik. Ikkinchi sabab – oliy o‘quv yurtlarida hukm surayotgan asabiy vaziyat: mas’ul rahbarlar imtihondan o‘tolmagan talabalar soni ko‘payib ketsa, o‘qituvchiga barcha yig‘inlarda dashnom beraverishardi. Ular mahorati past pedagoglar dars o‘tgan guruhlardagina o‘zlashtirish ham past bo‘ladi, degan haqoratomuz tanbehni takrorlayverishardi. Shu bois tank o‘qituvchi qayta imtihon olayotgan o‘qituvchidan iltimos qilishni “O‘zlashtirishni ko‘tarishga yordam berish uchun keldim” qabilidagi hazil ibora bilan boshlardi.

Iltimos yoxud mas’ul rahbarlar dashnomini e’tiborga olmaydigan qaysar o‘qituvchilar ham bo‘lardi. Ularni tiz cho‘ktirish uchun turli choralar ko‘rardilar, hatto fitna ham uyushtirardilar. G‘irrom olishuvlardan butun chiqqanlar esa juda oz qolardi.

Oliy o‘quv yurtlarida chalasavod talabalar bilan parallel ravishda chalasavod pedagoglar ham ko‘payib borayotgandi. Sababi – yuqorida bayon etilgan xizmatlari evaziga yig‘ilgan in’omlarni ba’zi mutaxassislar ilmiy darajani tasdiqlovchi diplomlarni qo‘lga kiritishga sarflayotgandilar. Shunday dissertantlardan biri “himoya spektakli” tugagach, ilmiy rahbariga minnatdorlik bildiradi va: “Barcha savollarga javobni boplab tashladim-a!” deb qo‘shib qo‘yadi. Ilmiy rahbar: “Durust, lekin uchinchi savolga to‘rtinchi savol javobini va, aksincha, to‘rtinchi savolga uchinchi savol javobini gapirib yubording”, deb fikrini tugallamasidanoq dissertant tutoqib: “Bu ahmoqlar savol berish tartibini adashtirib yuborgan bo‘lsa, men aybdor emasman-ku!” deydi. Ha, bechora dissertant qiynalib ketgan-da! G‘aroyib voqeadan xabardor hamkasblar uni uzoqdan ko‘rib qolishganida bir-biriga ma’nodor boqib miyig‘ida kulib qo‘yishardi, lekin yaqin kelganida qo‘lini siqib odatiy salomlashaverardilar. Bundaylarning nomzodlik yoki doktorlik dissertatsiyasi g‘aroyib tarzda paydo bo‘lgani, ba’zilarini o‘z ixtisosligi bo‘yicha hatto oliy ma’lumotli deb ham hisoblash bahstalab ekani to‘g‘risida shivir-shivirlar bo‘lardi-yu, biror mardum ovoz chiqarib g‘ing etmasdi.

Avvaliga yasama olimchalar qing‘ir qilmish­larini nihoyatda yashirishardi, keyinchalik uyalmaydigan, hatto pul bo‘lsa, changalda sho‘rva deya maqtanib yuradigan bo‘lishdi. Achinarlisi shundaki, bunaqalarning aksariyati o‘zi dars o‘tadigan fanning asoslaridan talabalarga beriladigan hajmdagi bilimga ham ega emasdilar. Bu esa astoydil o‘qish ishtiyoqidagi talabalarning tahsil olishi yo‘lidagi jiddiy to‘siq edi. Barcha sohalar kabi ta’lim tizimidagi ko‘zbo‘yamachilik, qing‘irlik va adolatsizliklar oqibatida sho‘ro saltanati inqirozga yuz tutdi.

Mustaqil mamlakatimizda eski tuzumdan meros muammolarga barham berish, ta’lim sohasini jahon standartlariga ko‘tarish maqsadida izchil islohotlar amalga oshirila boshlandi. Kadrlar tayyorlash milliy dasturi qabul qilindi. Ta’lim tizimining strukturasi o‘zgartirildi. Majburiy ta’lim muddati – 12 yil etib belgilandi, shundan 9 yili umumta’lim maktablarida, 3 yili esa akademik litsey yoki kasb-hunar kollejlarida o‘taladigan bo‘ldi. Oliy ta’lim ikki bosqichdan – to‘rt yillik bakalavriat va ikki yillik magistraturadan tashkil topdi. Ilmiy kadrlar tayyorlash tizimida ham tub o‘zgarishlar amalga oshirildi. Qarorlar amaliyotga joriy etildi. Xo‘sh, natijalardan qoniqish hosil qilyapmizmi? Litsey va kollej bitiruvchilarining bilim darajasi qanday? Oliy o‘quv yurtlari tayyorlayotgan bakalavr va magistrlarning malakasi bugungi kun talabiga to‘la javob beryaptimi? Savollar ko‘p.

Har bir millatning har bir davrga mos dunyoqarashi bo‘ladi. Xususan, sho‘ro davrida barcha muassasa va korxonalar davlat tasarrufida edi, markazlashtirilgan boshqaruv amalda edi. Kadrlar bo‘limi asosan xizmatchining lavozimi uning ma’lumotiga, ya’ni diplomiga (o‘rtami, oliymi… mutaxassisligi, ixtisosligiga) monand bo‘lishiga e’tibor qilardi. Masalan, injener lavozimiga tayinlanish uchun oliy texnikaviy ma’lumotga egaligi haqidagi diplom, kattaroq do‘kon rahbari bo‘lish uchun esa savdo yoki iqtisod institutini tugatganligi haqida diplom lozim edi. Yanada yuqoriroq lavozimni egallaganlar orasida fan doktorlari ko‘payib borayotgandi. Qisqasi, odamlar zehniyatida durustroq lavozimga erishish uchun diplom kerak, farzandingiz kelajagini ta’minlash uchun unga diplom olib berishingiz shart, degan tushuncha o‘rnashib qolgandi.

Eskidan bozor munosabatlari hukmron jamiyatlardagi ahvolga nazar tashlaylik. Ularda ishlab chiqarish korxonalariga yoxud xizmat ko‘rsatish muassasalariga ayrim shaxslar yoki bir guruh shaxslar – aktsiyadorlar egalik qiladi. Biror mahsulot ishlab chiqarish (yoxud xizmat ko‘rsatish) tanho bitta korxona (yoki muassasa) tasarrufida bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Boshqacha aytganda, raqobat rag‘batlantiriladi. Kuchli raqobat tufayli raqobatchilar sifatliroq va arzonroq mahsulot ishlab chiqarishga, xizmat ko‘rsatish muassasalari esa raqobatchilariga nisbatan yuqoriroq saviyada xizmat ko‘rsatishga intiladi. Shuning uchun bilimdon va yuqori mahoratli mutaxassislar qadrlanadi, yoshlar o‘quv maskanlariga ushbu ta’lim dargohini bitirganligi haqida beriladigan diplomga egalik qilish ishtiyoqida emas, balki soha sirlarini egallash uchun kiradilar va chuqurroq bilim olishga tirishadilar. Ta’lim muassasalarining nufuzi esa bitiruvchilarining bilimdonligi, o‘z malakasini texnik va texnologik taraqqiyotga moslashtira olishi bilan aniqlanadi. Shunday fazilatli mutaxassislar korxonani modernizatsiyalashga, natijada raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarib, kattaroq foyda olishga ko‘proq hissa qo‘shadilar-da! Shuning uchun yirik aktsiyadorlar ham chalasavodroq zurriyotlaridan ko‘ra begona bilimdonlarni ishlatishni afzal ko‘radilar.

Xulosa shuki, bozoriy munosabatlar hukmron bo‘lgan jamiyatlarda diplom egalari bilimlariga monand ravishda qadrlanadi va obro‘ topadi, degan tushuncha boy va oligarxlarning ham, oddiy fuqarolarning ham zehniyatiga si­­ngib ketgan. Tantanali sanalarda yaqinlariga eng zamonaviy avtomashina yoxud yaxta hadya etadigan milliarder farzandi osonroq yo‘l bilan diplom olishiga ko‘maklashmaydi, bunday harakatni o‘g‘il-qizining ham, o‘zining ham oyog‘iga ataylab bolta urish deb tushunadi. Haqiqatan, barcha sohalarda kuchli raqobat mavjud jamiyatda chalasavod farzand otasidan meros qolgan mulkni ko‘paytira olmaydi, hatto uni saqlab qolishga ham qodir bo‘lmaydi-da!

Endi tabiiy ravishda tug‘iladigan “Nima uchun hanuzgacha ba’zi yoshlar va ota-onalarining g‘ayriqonuniy usullar vositasida diplomga intilishi to‘xtamayapti?” mazmunidagi savolga javob axtaraylik.

Mustaqillik tufayli yurtimizda tadbirkorlikka keng yo‘l ochildi, fuqarolar orasida mulkdorlar  paydo bo‘ldi. Lekin bizning bu boylarimiz bilan kommunistik mafkura ta’siriga uchramagan mamlakatlarning boylari orasida farq bor. Ular biror muammo vujudga kelganda “Nima uchun shunday bo‘ldi? Kelajakda yana takrorlanmasligi uchun nima qilish kerak?” qabilidagi savollar ustida bosh qotiradilar. Biznikilar esa qisqagina tarzda: “Qancha bilan hal bo‘larkan?” deyishadi. U boylarning farzandlari ta’lim maskanlarida o‘qish haqini to‘lash uchun darsdan bo‘sh vaqtlarida turli yumushlar bajarib (uyalmasdan!) pul jamg‘arishadi. Bizning boylarimizning ham, farzandlarining ham dunyoqarashi o‘zgacha. Ba’zi boyvachchalar: “Bitta og‘aynim institutga yangi “inomarka” mashina minib kelyapti, men esa hanuzgacha “Neksiya”daman”, deb o‘ksinadi. Mehribongina onasi kechqurun butun vujudi bilan achinish alomatini namoyish etgan holda: “O‘g‘lingiz anavi og‘aynisidan kammi? Hech bo‘lmasa, o‘zi­ngizning obro‘ngizni o‘ylang-da…” deb erlarini yo‘lga solish jarayonida samarali natija beradigan usullarni qo‘llaydi. Boy ota taslim bo‘ladi. Axir, obro‘ kerak-da! Shavla ketsa ketsin, obro‘ ketmasin, degan maqol bor-ku! Bu faylasuflarning turmush ongni belgilaydi iborasining amaldagi tasdig‘i. Achinishga molik mazkur holat ana shu kimsalar ma’naviyati qay darajada ekanini namoyish etadi.

Tasavvur qilaylik, bir ota tanish-bilish­lariga iltimos qilib, farzandini oliy o‘quv yurtiga kiritdi. O‘g‘li xursand, o‘zi ham osuda hayotini davom ettiraveradi, chunki uning fikricha, o‘g‘irlik, aldamchilik, muttahamlik, xiyonatkorlik, riyokorlik… kabi illatlardan nafratlanib, ijobiy fazilatlarni e’zozlab hayot kechiryapti-da! Iltimos – illatmi yoki fazilat? Bu savolga mehribon ota jo‘yali javob bera olmaydi, chunki u tanishidan “O‘g‘limga yordam berib yuboring”, deb qilgan iltimosining oqibati boshqa abituriyentlar hayotiga qanday ta’sir etishini o‘ylab ham ko‘rmagan-da. Balki uning zehniyatida mazkur iltimos “Og‘irroq buyumni avtomashinam yukxonasiga joylashga yordam berib yuboring”, deb yaqinidan o‘tib ketayotgan yo‘lovchidan ko‘mak so‘rashga o‘xshashi mumkin.

Tabiat va jamiyatdagi hodisa va voqealarni yetarlicha chuqur idrok etishga odatlangan boshqa ota esa quyidagicha fikr yuritadi: “O‘g‘limning institutga kirishiga yordam bering”, degan iltimosimni bajaruvchilar farzandimning bilimini haqiqiysidan yuqoriroq aks ettirish yo‘llarini (noqonuniy tarzda) qo‘llaydilar. Natijada o‘g‘limning familiyasi imtihon javoblari ro‘yxatida haqiqiysidan baland­roq qatordan joy oladi. Iltimos qilinmagan abituriyentlar familiyalari esa bir satr pastroqqa tushadi. Menga o‘xshagan iltimos­chilar ko‘paygan sari o‘z bilimiga ishonib ariza topshirgan oddiy abituriyentlar familiyalari yanada quyilab ketaveradi. Keyin, o‘g‘lim ikkimiz o‘g‘irlik qilgan bo‘lamiz. Ha, birovning hamyonini urgan odamni o‘g‘ri deymiz. Bizning amalimiz esa kissavurnikidan besh battar illatdir, buni muttahamlik deb atash joiz. Pulini oldirib qo‘ygan insonning hamyoni ke­­yinchalik to‘ldirilishi mumkin. Iltimos qilinmagan bechora abituriyentning taqdiri-chi? Ular ham menga o‘xshash otalarning sevimli farzandi-ku! Farqi shuki, ularning otalari iltimos qilishning uddasidan chiqa olmaganlar, xolos. Bundan tashqari, kissavur faqat bitta odamga, ya’ni hamyon egasiga ziyon yetkazadi. Iltimos tufayli talabalik martabasiga erishgan yigit oliy o‘quv yurtini bitirganligi haqida diplom olgach, chalasavod mutaxassis sifatida jamiyatimizga, yurtimiz taraqqiyotiga zarar yetkazishi ehtimolini unutmaslik kerak…”

1992 yil bahori. Ko‘chat bozorida bir qariya menga tikilib turdi-da: “Inim, kechirasiz, Siz televideniye orqali dars olib borardi­­n­­­­­­­­­­­­­­­­­­­­­­­­­­­­­­­­­­­giz-a?” deb so‘radi. Tasdiq javobini olgach, biroz gurunglashib qoldik. Suhbatdoshim teran fikrlaydigan, chuqur mantiqiy mushohada yurgizadigan xushmuomala inson ekan. U kishining fikr-mulohazalarini umumlashtirib qisqacha bayon etaman: “Bir yarim asrlik istibdoddan so‘ng bizga ham ozodlik nasib etdi. Endi mustaqillikni mustahkamlashga har birimiz baholi qudrat hissa qo‘shishimiz kerak. Faqat shundagina Vatanimiz taraqqiy etadi. Umuman, mamlakat taraqqiyotini parvoz qilayotgan aeroplanga qiyos qilsak, uning bir qanotini fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash, ikkinchi qanotini esa millatdoshlarimiz savodxonligini oshirish deb hisoblash lozim. Siz o‘qituvchilar sovet davridan qolgan salbiy meros – o‘quv dargohlaridagi poraxo‘rlik, tanish-bilishchilik kabi illatlarga chek qo‘yishdek ma’suliyatli vazifangizni unutmasligingiz kerak…”

Kuyunchak qariya bilan mazmunli suhbatimizni hanuzgacha xotirlab turaman va quyidagi fikrga kelaman: hanuzgacha o‘quv maskanlarida sodir bo‘layotgan salbiy xatti-harakatlarni tugatishning eng samarali usuli – fuqarolarimiz zehniyatida bunday noxushliklarga nisbatan jirkanish ko‘nikmasini shakllantirishdir. Darhaqiqat, ko‘pchilik ichadigan suv oqib turgan ariqqa axlat tashlash, ota-onasiga baqirish, birovning omonatiga xiyonat qilish, boylik orttirish ilinjida sotqinlikkacha borish kabi amallar nomaqbul ekanligi asrlar davomida millatdoshlarimiz zehniyatiga singib ketgani bois bunday xatti-harakatga yo‘l qo‘yganlardan hazar qilish hissiyoti vujudga kelgan-ku! O‘quv maskanlarida ba’zan sodir bo‘layotgan qoidabuzarliklar esa ulardan ham tubanroq-ku!

Yurtimizdagi barcha oliy o‘quv yurtlarida abituriyentlarni saralab olish test asosida amalga oshirila boshlangani mazkur jarayonda adolatni ta’minlash darajasini oshirdi. Birinchi yili barcha abituriyentlar bitta variant topshiriq bilan sinaldi. Bo‘lmadi, sababi – abituriyentlarning yonidagilar bilan maslahatlashib gaplashishlari va ko‘chirmakashlik. Shuning uchun ikki variantli, keyinchalik esa ko‘p variantli testga o‘tildi, ya’ni guruhdagi har bir abituriyentga alohida topshiriq beriladigan bo‘ldi… Shuncha sa’y-harakatlarga qaramay, ming afsuski, xalq orasida, bilimi yetarli bo‘lmasa-da, “kerakli” abituriyentlar talabalikka qabul etilyapti, degan gaplarni eshitamiz. Bunga e’tiroz bildiruvchilar: “Ba’zan anglashilmovchiliklar bo‘lyapti, abituriyent javoblardan birini tavakkaliga belgilasa ham, tasodifan to‘g‘ri chiqib qolishi mumkin”, deyishadi.

Mazkur bahsga oid shaxsiy fikrlarimni bayon etaman. Abituriyent erishishi mumkin bo‘lgan eng yuqori ball (ya’ni uchala fan bo‘yicha berilgan 36 tadan topshiriqning barchasida to‘g‘ri javob belgilansa),  36 x 3,1 +36 x 2,1 + 36 x 1,1 = 226,8 bo‘ladi. Har bir test savoliga to‘rttadan javob varianti berilishini hisobga olsak, tavakkalchi abituriyent topshiriqlarning bir qismini, masalan, choragini tasodifan to‘g‘ri belgilab qo‘yishi ehtimoli mavjud. Bu esa atigi 60 ball deganidir. Ya’ni, abituriyent oliy o‘quv yurtiga kira olmaydi. Shu paytgacha harbiy imtiyoz uchun, qoidaga ko‘ra, 61,24 ball qo‘shib berilsa, 120 dan yuqori ball bilan biror institutga ilinishi mumkin edi. Yaqinda amalga oshirilgan o‘zgarish – harbiy imtiyozga ega abituriyentga o‘zi to‘plagan balning yarimini qo‘shimcha tarzda qo‘shib berish tartibi mazkur jarayonda adolatni ta’minlash darajasini oshirdi. Shu o‘rinda bir mulohaza: namunali xizmat qilgan askar yigitga faqat Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi kabi tizimlar tasarrufidagi oliy ta’lim muassasalariga kirishda imtiyoz berilsa, yanada to‘g‘riroq bo‘lardi, deb o‘ylayman.

Test haqidagi bahslar davom etyapti. Shu asnoda bir tanishim, aniqrog‘i, o‘spirinlik davri Beshyog‘ochda o‘tgan chapani maktabdoshimning dashnomlarini xotirlayman: “Omil, seni fizika o‘qitish sohasidagi uslubiyotchi pedagog deb aytishadi. Ko‘pchilik taniydigan bir fizik 1 soat davomida abituriyentlarga berilgan variantdagi fizikaga oid 36 topshiriqdan atigi 11 tasini yecha oldi. Uning aytishicha, topshiriqlar juda murakkab ekan. Test markazidagilar ataylab qiyin topshiriqlar tanlashidan maqsadlari – ota-onalarni yalintirishdir. Bu sovet davrida savdo sohasidagi rahbarlarning xaridorgir tovarlar tanqisligini sun’iy tarzda vujudga keltirishini eslatyapti-da! Kunimiz shunga qoldimi?”

Maktabdoshimning achchiq gaplari meni iztirobga soldi va ko‘nglimda tugun bo‘lib yotgan fikrlarni chapaniga chapanicha javob tarzida quyidagicha ochiqladim: mehnat faoliyating savdo sohasi bilan bog‘liq bo‘lgani bois savdoga oid tamoyillar qoningga singib ketgan. Maorif sohasining esa o‘ziga xos qoidalari mavjud. Fanlar, xususan, fizika ham davlat ta’lim standartlarida qayd etilgan hajmda o‘qitiladi. Davlat test markazi bankidagi topshiriqlar majmui esa shu talablarga asos­lanib tuzilgan. Sen ardoqlayotgan fizikning 36 savoldan faqatgina 11 tasiga to‘g‘ri javob bera olganidan hayron qolmayman. Lekin uning test haqidagi safsatasi ishkomdagi uzumga harchand urinsa-da yetolmagan tulkining “Bu meva achchiq, yeb bo‘lmaydi”, deyishini eslatyapti. Davlat ta’lim standartlaridan chekinib, imtihon topshiriqlarini chalasavodlarning saviyasiga qadar tushirish mumkin. Bu holda o‘zbegim jahon andozalariga mos bilim olishga qodirmas deb millatimizni haqoratlagan va yoshlar savodxonlik darajasining o‘sishiga bolta urgan bo‘lamiz. Unutmaylik, bundan yuz yil muqaddam yozish va o‘qishni biroz o‘zlashtirgan odam savodli deb hisoblanardi. Hozir esa… Seni o‘zing ham hozir eshak arava emas, hashamatli avtomashina minyapsan-ku! Barcha sohalar kabi bilim olishda ham zamon bilan hamqadam bo‘lishimiz shart. Afsuski, millatdoshlarimizning senga o‘xshagan toifasi o‘sha fizikka o‘xshagan pedagoglarning kasbiy mahorati pastligini fahmlashni ham xohlamaydilar, chunki sizlar o‘z zurriyotlaringiz bilimini ancha yuqori baholashga ularning ko‘maklashganidan mamnun bo‘lasizlar va bu epchil pedagoglarga homiylik hamyoningizni hotamtoylarcha keng ochasizlar. Hamyon zurriyotlar bilimini oshirish yo‘lida ochilsa, foydali va savobli amal bo‘lardi. Mening padari buzrukvorim, pul topa bilganga besh baho, pulni samarali xarjlaganga esa o‘n baho, deya ko‘p takrorlardilar. Eh, birodari aziz! Senga o‘xshagan beli baquvvat otalarning o‘z farzandlarini bir amallab diplomga erishish yo‘li bo‘ylab yetaklayotganiga achinaman. Keyinroq bolangizning bilim egallash sohasidagi eng sermahsul davri besamar o‘tganini anglaysiz va afsuslanasiz. Xalqimizning “Ke­­yingi pushaymon – o‘zingga dushman” maqolini unutmang va farzandingizning ta’lim olishiga qanchalik ko‘maklashayotganingizni chuqurroq tahlil qilib ko‘ring. “Tunnel topa bildimki, o‘g‘limni oliy o‘quv yurtiga kiritdim, hozirda hojatbaror xaloskorlar yordamida uning sinov daftarchasida imzolar to‘planyapti, pirovardida nimaga erishamiz-u, nimalar yo‘qotamiz?” degan savolga ham xolisona javob qidiring. Erishadiganingiz – diplom deb ataladigan ikki varaq qog‘oz, yo‘qotadiganingiz-chi? Savolning ikkinchi qismiga ob’ektivroq javob berishingiz uchun 30 kilogramm chamasidagi yukni harchand urinsa-da, avtomashinasining yukxonasi sathigacha ko‘tara olmayotgan jismonan zaifgina yigitchani tasavvur eting. Uning 100 kilogramm vaznli yukni bemalol ko‘taradi, degan qog‘ozi borligini ham unutmang.

Millatimiz uchun nihoyatda muhim va dolzarb bo‘lgan muammo – savodxonlikni ko‘tarish uchun yoshlar ham, ularning ota-onalari ham, ustoz va murabbiylar ham asl maqsadni, ya’ni o‘quv dargohlarida yetarlicha chuqur bilim olish kerakligini anglab yetishlari va unga amal qilishlari kerak. Shu ma’noda hozirgi shart-sharoitni e’tiborga olib ta’lim sohasiga o‘zgartirishlar kiritish maqsadga muvofiq, deb o‘ylayman. Xususan, oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari mexanizmini yanada takomillashtirish mumkin, nazarimda. Qay tarzda? Shaxsan men ushbu jarayonni quyidagicha tashkil etish tarafdoriman:

Davlat test markazi 16 ta test o‘tkazish zali (jumladan, Toshkentda 3 ta, Samarqandda 2 ta, boshqa viloyat markazlari va Nukus shahrida 1 tadan) tashkil etib, har birini 100 tadan kompyuter bilan jihozlaydi.

Ta’lim tizimi rahbarlari esa litsey va kollej bitiruvchilarini test o‘tkazish zaliga olib kelish jadvalini tuzib, uni amalga oshirishni tashkil etadilar.

O‘quv dargohlarining vakillari, ta’lim tizimi mutasaddilari test o‘tkazish zaliga mutlaqo kiritilmaydi. Zalda tartibni saqlash va boshqarish DTM tomonidan ajratilgan 10-12 nafar mutaxassis-nazoratchi zimmasiga yuklanadi.

Test o‘tkazish zalidagi har bir kompyuter qarshisiga bir nafar bitiruvchi joylashadi va matematika va fizikadan 20 tadan, kimyo, biologiya, geografiya, tarix, ingliz tili, rus tilidan 10 tadan topshiriqni yechadi.

Bitiruvchilarning ona tili va adabiyot bo‘­­yicha bilimini test yoxud yozma ish usuli orqali baholashni mutaxassislarga havola qilaylik. Lekin fikrini o‘z ona tilida yozma va og‘zaki tarzda bayon qila olish ko‘nikmasi, mumtoz va zamonaviy adabiyot durdonalaridan boxabarlik darajasi qoniqarli bo‘lmagan insonni savodli deb hisoblash bahstalab ekanini unutmaylik.

Agar o‘rta maxsus ta’lim muassasalarining so‘nggi bosqichida o‘qish Navro‘z bayrami arafasida yakunlansa, 1 apreldan 31 iyulgacha respub­lika bo‘yicha 16 ta test zalida yarim milliondan ortiq litsey va kollej bitiruvchilarini sinovdan o‘tkazish mumkin.

Har bir topshiriq javobini to‘g‘ri aniqlagan bitiruvchi 1 ball bilan taqdirlanadi, noto‘g‘ri javob esa 0,25 ball bilan jazolanadi. Yig‘ilishi mumkin eng yuqori ball 100 ga teng bo‘ladi (ona tili va adabiyot bo‘yicha baholanish bunga kirmaydi). Topshiriqlarni bajarish uchun 2,5 soat beriladi. Shu vaqt tugagach, kompyuter javoblarni qabul qilishni to‘xtatadi, barcha axborotlarni xotirasida saqlab qoladi va bitiruvchi bajargan ishning natijalarini monitorda ko‘rsatadi.

Maksimal ballning 50 foizi va undan ortig‘ini to‘plagan bitiruvchilarga oliy o‘quv yurtida o‘qish huquqini beradigan attestat yoxud diplom taqdim etiladi.

50 foizdan kam ball to‘plagan bitiruvchilarga esa 3 yil davomida mazkur o‘quv dargohiga qatnaganligi haqida ma’lumotnoma beriladi. Ular mustaqil ravishda bilimini oshirib, 2 yildan so‘ng yana sinovdan o‘tish huquqiga ega bo‘ladilar. Bu sinovlar shu test zalida, lekin 1 oktyabrdan 31 yanvargacha o‘tkazilgani ma’qul.

Demak, taklif etilayotgan islohot tufayli o‘rta maxsus ta’lim muassasalari  bitiruvchilarini davlat attestatsiyasidan o‘tkazish va oliy o‘quv yurtlariga kirish sinovlari bir kunda o‘tadigan bitta imtihonga almashtiriladi. Oxirgi yillarda oliy o‘quv yurtlarida o‘qishga da’vogarlar soni yarim milliondan oshmoqda, ya’ni 20 ming guruhni tashkil etayotir. Har bir guruhga 2 nafardan nazoratchi kerak. 1 avgust kuni o‘tadigan testlarga faqat nazoratchilardan 40 ming nafari jalb etiladi. Bunday ko‘p sonli nazoratchilarning o‘zlarini nazorat qilish amri mahol. Taklif etilayotgan islohot tufayli barcha test o‘tkazish zallarida faoliyat ko‘rsatadigan xodimlar 200 nafardan oshmaydi. Bu xodimlar test o‘tkazish zallaridagi barcha jarayonlar xolis va haqqoniy bo‘lishini ta’minlashlari lozim, albatta.

Taklif etilayotgan islohotdan ko‘zlangan yutuq ikkita. Birinchisi – oliy o‘quv yurtlari talabalarining safi bilimi yuqori bo‘lgan yoshlar bilan to‘ldiriladi. Ikkinchisi – jamiyatimizda o‘qish-o‘qitish sohasiga munosabat tubdan o‘zgaradi: yoshlar oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun bilim zarurligini anglab yetadilar; ota-onalar farzandlarini astoydil bilim olishga undaydigan chora-tadbirlar ko‘radilar, jumladan, o‘qituvchilarning pedagogik mahorati bilan qiziqa boshlaydilar; o‘qituvchilar esa talabga javob bera olish uchun malakalarini oshirishga intiladilar.

Insonning bilish qobiliyati ikki komponentdan iborat. Birinchisi – ajdodlardan avlodlarga o‘tadigan irsiy qism. Ikkinchisi – tashqi sharoit va axborotlar ta’sirida, ya’ni ta’lim tufayli rivojlanib boruvchi qism. Millatdoshlarimizning irsiy bilish qobiliyati havas qilsa arziydigan darajada yuqori. Buning dalili – Turon zaminida dunyo tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan allomalarning ko‘p yetishib chiqqanidir. Ikkinchi jihatni ijobiy tomon siljitish jamiyatimiz va uning ziyo taratuvchi peshqadam vakillari – pedagoglarning muqaddas burchidir.

TAHRIRIYaTDAN: Barcha sohalar kabi bugun mamlakatimiz ta’lim tizimida ham yangilanishlar jarayoni kechmoqda. Tabiiyki, bu jarayonda har bir fuqaro, birinchi galda, tajribali o‘qituvchi-pedagoglar o‘z fikr-mulohazalari bilan ishtirok etishni istaydi. Faxriy ustoz, pedagogika fanlari doktori Omiljon Ahmadjonovning katta samimiyat va kuyunchaklik bilan yozgan maqolasini shu ma’noda chop etishga qaror qildik. Ochig‘i, maqola hajman ancha salmoqli edi – jurnalimiz imkoniyatlaridan kelib chiqib qisqartirdik. Maqola so‘ngidagi takliflarni esa yakuniy xulosa emas, fikrlashga turtki sifatida qabul qilishingizni so‘raymiz. Maqsadimiz – mavzu bo‘yicha keng jamoatchilikda fikr-mulohaza uyg‘otish, hamyurtlarimizni muhokamaga chorlash. Fikr almashinuv jarayonida bundan-da jo‘yali taklif va tashabbuslar paydo bo‘lsa, maqola muallifi faqat va faqat xursand bo‘lishini bildirdi.

«Yoshlik» jurnali, 2017 yil, 3-son

—————————
Omiljon Ahmadjonov, pedogogika fanlari doktori, professor. 1940 yili tug‘ilgan.
Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning fizika fakultetini tamomlagan.
O‘ndan ortiq darslik va o‘quv-qo‘llanmalar muallifi.